Amir Temur va Hofiz Sheroziy

Hofiz Sheroziy (Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad) (1326–1389) nomi va ijodi oʻzbek oʻquvchilariga yaxshi tanish. Uning gʻazallari turli yillarda olim va shoirlar tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan.

Turonzaminda har bir ziyoli oʻzbek, fors va arab tilini mukammal bilgan. Fors sheʼriyatining eng yaxshi namunalari, shu jumladan, Hofiz gʻazallari ham sevib mutolaa qilingan.

Amir Temur Hofiz ijodi bilan yaxshi tanish boʻlgan. Ayniqsa, uning “Agar on turki Sherozi ba dast orad dili moro, ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo” (“Agar koʻnglimni rom etsa oʻshal Sheroz jononi, qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni”) deb boshlanadigan gʻazali koʻpchilik orasida mashhur edi. 1387 yili Sherozni egallagan Sohibqiron shaharning mashhur shaxslari qatori Hofiz Sheroziyni ham suhbatga chaqirishni buyuradi. Bu paytda shoir ancha keksayib, moddiy jihatdan ham qiynalib qolgan edi. Uni bukchaygan va yupun kiyingan holda Sohibqiron huzuriga olib keladilar. Shunda Amir Temur hazillashib: “Men butun dunyo boyligini sarflab, Samarqand va Buxoroni obod qilsamu siz ularni bir goʻzalning qora xoliga berib yubormoqchimisiz,” deydi. Hozirjavob shoir: “Ana shu saxiyligim tufayli hozirgi ahvolga kelib qoldim-da”, deb javob beradi. Bundan zavqlangan Sohibqiron shoirni katta sovgʻa-salomlar bilan kuzatib qoʻyadi…

Avvalo, Samarqand va Buxoro tilga olingan oʻsha mashhur gʻazal haqida. Tarjimada “turki Sherozi” jumlasi oʻzbek tiliga “Sheroz jononi” deb oʻgirilgan. Toʻgʻri, “turk” soʻzining bir maʼnosi “goʻzal” demakdir. Ammo matlaʼda gap aniq turk goʻzali haqida ketmoqda.

Oʻsha davrda Sherozda forslar bilan birga turklar ham yashagan. Hozir ham Eron aholisining yarmini turkiy xalq va elatlar tashkil etadi. Hulokuxon davridan boshlab (1256–1265) Eron hukmdorlari va saroy aʼyonlarining koʻpchiligi turkiy xalqlar vakillari edi. Shoir ular bilan doimiy muloqotda boʻlgan, baʼzilari bilan yaqin doʻstona munosabatlar oʻrnatgan. Devondagi bir qitʼa ana shunday doʻsti bilan judolik tufayli qalamga olingan:

 

Quvvati shoirai man sahar az farti malol

Mutafarriq shuda az banda, gurezon meraft.

Naqshi Xorazmu xayoli labi Jayhun mebast,

Bo hazoron gila az mulki Sulaymon meraft.

Meshud on kas, ki juz oʻ joni suxan kas nashinoxt,

Man hamedidamu az kolbadam jon meraft.

Chun hameguftamash: “Ey munisi derinai man!”

Saxt meguftu dilozurdavu giryon meraft.

Guftam: “Aknun suxani xush ki bigoʻyad bo mo,

K-on shakarlahchai xushxoni xushilhon meraft!”

Loba bisyor namudam, ki: “Marav!” Sud nadosht,

Z-on, ki kor az nazari rahmati sulton meraft.

Podshoho, zi sari lutfu karam bozam xon,

Chi kunad? Soʻxta az gʻoyati hirmon meraft.

 

Mazmuni: Shoirlik quvvatim sahar payti behad malol chekib, mendan ajralib, yugurib ketdi. Xorazm manzarasiyu Jayhun xayoli bilan ming xil ginaxonlik arz etib, Sulaymon mulkidan ketdi. U shunday kishiki, undan boshqa odam soʻzning jonini bilmaydi, men uni koʻrib turibmanu badanimdan jon ketdi. Men unga dedim: “Ey mening qadimiy munisim!” Menga qattiq gapirdiyu dili ozor chekib, yigʻlab ketdi. Dedim: “Endi bizga yaxshi gaplarni kim aytadi? Chunki shakarlahja, soʻzi va ovozi yaxshi ketdi!” “Ketma” deb koʻp iltijo qildim, foydasi boʻlmadi. Chunki, gʻisht qolipdan koʻchgan edi. Ey, podshoh, lutfu karamingni koʻrsatib, yana daʼvat qil, ne qilay? Bunday katta yoʻqotishdan dilim yonib ketdi.

Shoirning sheʼrlarini yaxshi tushunadigan hamfikr doʻsti Vatani Movarounnahrga qaytib ketgan. Bu yoʻqotish shoirni qattiq hayajonga solgan. Tasavvuf istilohida “yor” soʻzi Xudoni, gohida esa maʼshuqa yoki yaqin doʻstni anglatgan. Shu sababli, bu yerda gap ayol kishi haqida ketayaptimi, yoki doʻst haqidami, aniq aytish qiyin. Lekin bu voqea shoir qalbini qattiq larzaga solgan. Shoir bir ruboiysida shunday yozadi:

 

Ne qissai on shamʼi Chigil bitvon guft,

Ne holi dili soʻxtadil bitvon guft.

Gʻam dar dili tangi man az on ast, ki nest

Yak doʻst, ki bo oʻ gʻami dil bitvon guft.

 

Mazmuni: U Chigil shaʼmi qissasini aytolmayman, kuygan dilim holini ham bayon qilolmayman. Dilimdagi gʻamlarimning sababi shuki, dil gʻamini izhor qiladigan biror doʻst yoʻq.

 

Chigil qabilasi Sharqiy Turkiston hududida yashagan. Bu qabila oʻzlarining goʻzalliklari bilan shuhrat topgan. Mumtoz adabiyotda “Chigil” soʻzi goʻzallikni va turklarga xoslikni bildiradi. Bu ruboiyda ham shoir oʻzining hamdardi va sirdoshi ketib qolganligidan, dilidagi dardlarini aytadigan biror doʻsti yoʻqligidan shikoyat qiladi. Boshqa bir gʻazalida ham oʻsha “Chigil shaʼmi” hajrida yonganligini aytar ekan, endi aniq tarzda u “Samarqandlik turk” ekanligini aytadi.

 

Soʻxtam dar chohi sabr az bahri on shamʼi Chigil,

Shohi turkon forigʻ ast az holi mo, ku Rustame?..

Xez, to xotir bad-on turki Samarqandi dihem,

K-az nasimash: “Boʻi joʻye Moʻliyon oyad hame”.

 

Mazmuni: Oʻsha Chigil shaʼmi hajrida sabr chohida qolib, kuydim. Turklar shohi holimizdan bexabardir, Rustam qayerda?(Firdavsiyning “Shohnoma”sidagi voqealar esga olinmoqda). Oʻrningdan tur, samarqandlik turkni xotirlaylik, uning shabadasidan “Moʻliyon arigʻining ifori keladi”(Rudakiy misrasi).

Bu satrlar shoirning forsiy va turkiy adabiy merosni puxta egallaganligi, garchi kelmagan boʻlsa ham Movarounnahr shaharlarini yaxshi bilganligidan xabar beradi.

Devondagi bir soqiynomada shoir foniy dunyoning oʻtkinchiligi haqida mushohada yuritar ekan, buyuk turk hukmdori Afrosiyob va turk lashkarboshilarning nomini yod etadi:

 

Hamon manzil ast in jahoni xarob,

Ki didast ayvoni Afrosiyob.

Kujo royi Pironi lashkarkashash?

Kujo Sheda – on turki xanjarkashash?

Na tanho shud ayvonu qasrash ba bod,

Ki kas daxma nizash nadorad ba yod…

Na xush guft Jamshedi bo toju ganj,

Ki: yak jav nayarzad saroi sipanj.

 

Mazmuni: Bu xarob jahon Afrosiyobning ayvonini koʻrgan manzildir. Lashkarboshi Pironning oʻy-fikrlari qayda qoldi? U xanjarkash turk Sheda qayerda? Ularning ayvonu qasrlari yer bilan yakson boʻldi, odamlar ularning daxmalari qayerda ekanini ham bilmaydi… Toju ganjli Jamshed qanday yaxshi aytganki, bu muvaqqat saroy bir dona arpaga ham arzimaydi.

 

U “xanjarkash turk” deganda Gʻarbiy turk xoqonligi hukmdori Sheguy xoqonni (milodiy 610-618 yillar) nazarda tutgan, chunki u Sosoniylar ustidan yirik gʻalabaga erishib, Eron hududini egallab olgan edi. Bu misol shoirning Eron va Turon tarixini ham yaxshi bilganligini koʻrsatadi.

Mumtoz oʻzbek sheʼriyati namoyandalari uchun Hofiz sheʼriyati oʻziga xos mahorat maktabi boʻlgan. Sayfi Saroyi, Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira, Amiriy, Munis, Ogahiy singari turli davrlarda yashagan oʻzbek shoirlari Hofiz sheʼriyatini oʻzlariga namuna deb bilganlar. Jumladan, Alisher Navoiy Hofiz gʻazallarini nihoyatda sevgan, ularni doimo mutolaa qilgan va shoirning badiiy mahoratiga yuksak baho bergan. “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Hofiz haqida bunday deydi: “Alar lison ul-gʻayb va tarjumon ul-asrordirlar. Baso asrori gʻaybiya va maoniyi haqiqiyyaki, surat kisvatida va majoz libosida ado qilibdurlar”. Yaʼni, Navoiy Hofizni ilohiy sirlarning tarjimoni, ilohiy ishqni dunyoviy ishq koʻrinishida (haqiqat maʼnilarini majoz libosida) bayon etgan shoir hisoblaydi.

“Devoni Foniy”da Hofizning 211 gʻazaliga tatabbu (nazira) yozilgan. Naziralardan biri oʻsha Samarqand va Buxoro tilga olingan mashhur gʻazalga yozilgan. Uning matlaʼi quyidagicha:

 

Gar on turki xitoyi noʻsh sozad jomi sahboro,

Naxust orad sui mo turktozu qatlu yagʻmoro.

 

Tarjimasi:

Agar ul Chinli turk sipqorsa alvon rangli minoni,

U avval boshlagay bizdan azobu qatlu yagʻmoni.

(Muallif tarjimasi)

 

Qashqadaryoda boʻlganimda doʻstlarimdan biri Qarshi rayonida Sheroziy qabri borligini aytib qoldi. Albatta, bu menda katta qiziqish uygʻotdi. Beshkent yaqinida Nukrobod degan qishloq bor. Qishloq oqsoqollarining aytishicha, bu nom ilgari Ruknobod boʻlgan va keyinchalik oʻzgacha talaffuz qilingan. Hofiz gʻazallarda kuylangan Ruknobod arigʻi vasfi esga tushdi:

 

Bideh, soqi, mayi boqi, ki dar jannat naxohi yoft

Kanori obi Ruknobodu gulgashti Musalloro.

 

Mazmuni: Ey soqiy, boqiylik mayini keltir, Ruknobod suvi qirgʻoqlari va Musalloda gul saylini jannatda ham topolmaysan.

 

Qishloqdan ilgari shu nomda ariq ham oʻtgan. Bu yerda kichikroq masjid va Sheroziyning qabri ham bor. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Hofiz Movarounnahrga kelmagan va Sherozdagi oʻzi sevgan Musallo bogʻida dafn etilgan. Keyinchalik temuriyzoda Abulqosim Bobur shoir qabrini yana-da obod qilgan. Hozirgi paytda Hofiziya nomli mazkur bogʻ va undagi shoir maqbarasi katta ziyoratgohga aylangan. Nukrobod qishlogʻidagi qabr esa shoir muxlislari tomonidan tiklangan yoki asli sherozlik boshqa bir shaxsning qabri boʻlsa kerak. Bu qishloq nomi va qabr xalqimizning shoir ijodiga katta muhabbati belgisi deyish mumkin. Umuman, Sheroz bilan Qashqadaryo vohasi oʻrtasida qadimda bordi-keldilar koʻp boʻlgan. Yakkabogʻ tumanidagi Sherozi qishlogʻi ham bejiz bu nom bilan atalmagan.

Sohibqiron 1393 yili bosh koʻtargan Fors hukmdori Shoh Mansur ustiga yana qoʻshin tortadi va shiddatli janglardan keyin Sherozni egallaydi. Bir oyga yaqin shaharda turib qoladi. Soʻngra Iroq sari yurishini davom ettiradi va oʻgʻli Umarshayxni Fors viloyatida qoldiradi. Umarshayx taxt talashishlardan vayronaga aylangan joylarni obod qiladi, bir yilga yaqin hokimiyatni adolat bilan boshqaradi. Sohibqiron uni Bagʻdod sari yurishga chaqiradi. Umarshayx askarlari bilan Kurdistondagi Xarmotu qalʼasi yaqinidan oʻtayotganida, nogahoniy otilgan kamon oʻqi boʻyniga kelib tegadi va shu zahoti halok boʻladi. Uni vaqtincha Sheroz shahrida dafn qiladilar. Sal keyinroq jasadi xotinlari va oʻgʻli amirzoda Iskandar hamrohligida Shahrisabzga joʻnatiladi. Fors viloyatini boshqarish esa Umarshayxning katta oʻgʻli, oʻn yashar Pirmuhammadga topshiriladi. Pirmuhammad to 1410 yilgacha Fors hukmdori boʻlgan. Umarshayx yoki Pirmuhammad Hofizning qabri tuprogʻidan oʻz Vatanlariga yuborgan boʻlsalar ajab emas. Chunki Sohibqiron Amir Temur oʻzi zabt etgan hududlardan avliyolar va ulugʻ zotlarning xoklarini Turon tuprogʻiga olib kelganligi yaxshi maʼlum.

Hofiz Sheroziy oʻz davridayoq katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan. Uni bir qator podshohlar oʻz saroylariga chorlagan. Rivoyatlarga koʻra, Sohibqiron ham shoirni oʻzi vasf etgan Samarqand va Buxoroni kelib koʻrishga taklif qilgan. Ammo, shoir keksaligi va uzoq safarni koʻtarolmasligini aytib, uzr soʻragan. Sherozda u Qurʼon tilovat qilish va xattotlik bilan kun kechirgan. Chunki u shoirlikdan tashqari Qurʼoni Karimni oʻn toʻrt usulda qiroat bilan oʻqiydigan qori va chiroyli husnixat sohibi edi. Amir Xusrav Dehlaviyning Hofiz qoʻli bilan koʻchirilgan ikki dostoni bugungi kunda Oʻzbekiston Sharqshunoslik institutining Qoʻlyozmalar markazi xazinasida saqlanmoqda.

Amir Temur bilan Hofiz Sheroziy oʻrtasida boʻlib oʻtgan tarixiy muloqotga keladigan boʻlsak, u Sohibqironning adolatpeshaligi, adabiyot va ilm ahlini qanchalar ulugʻlaganini koʻrsatuvchi yorqin bir misoldir. Shu sababli bu voqea solnomachilar eʼtiboridan chetda qolmagan va tarix zarvaraqlariga muhrlangan.

 

Nosir MUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/amir-temur-va-hofiz-sheroziy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x