Oilalarni ajratayotgan uchinchi qoʻl

 – Sherzod, ikki kundan beri nega maktabga bormayapsan? Yoki darslar yoqmayaptimi?..

Avvaliga u biroz jim qoladi, savolga javob bergisi kelmaydi. Lekin yana nimadandir tashvishlanib, boshini egganicha sekin gap boshlaydi:

– Yoʻq… Men ustozlarimni yaxshi koʻraman. Har kuni maktabga borgim keladi. Ammo… men yoʻgʻimda dadam oyimni urishi mumkin-da. Oʻtgan kuni maktabdan kelsam, oyim yigʻlab oʻtiribdilar. Dadam oyimni yana kaltaklabdilar… Endi biz alohida yashar ekanmiz. Oyim aytdilar…

Bu gaplarni eshitib dong qotib qoldim. Bu toʻrtinchi sinf – ayni bilim olishga ishtiyoqmand bolaning soʻzlari.

 

2019 yilning 11 oyi davomida 277,4 mingta nikoh qayd etilganiyu ajralishlar soni 28,7 mingtaga yetgani oʻtgan yilning soʻnggi hayratomuz xabarlaridan biri boʻldi men uchun. Avvalo, davlat rahbari bu boradagi vaziyat juda achinarli ekanini aytib oʻtgan edi. Bu shunchaki oddiy statistika emas. Uning ortida qanchadan-qancha farzandlar tirik yetim boʻlib qolyapti. Oilaviy ajrashishlarga qarshi davlat miqyosida qancha kurashilsa-da, u xuddi pechak oʻt singari bizni qamrab olyapti. Eng achinarlisi bir-birini tushunmaslik, qaynona-kelin munosabatlari, uchinchi bir tomonning aralashuvi kabi arzimas narsalar bir qoʻrgʻonning vayron boʻlishiga sabab qilib koʻrsatilmoqda.

“Ajrashishlar soni oʻsishda davom etmoqda. Hamma jim… saylovlar, saylovoldi uchrashuvlarda ham bu masala koʻtarilmadi. Nima, bu hech kimga taalluqli emasmi?” – deb taʼkidlagan edi Prezidentimiz 2019 yil 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan oʻtkazilgan uchrashuv davomida.

Haqiqatan ham oilaviy ajrashishlar yil sayin koʻpayib bormoqda. Misol uchun, Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2017 yilda nikohdan oʻtish va ajrashishlar soni 306,2 mingga 31,9 mingni, 2018 yilda 311,3 mingga 32,3 mingtani tashkil etgan. Xoʻsh, oilalarning buzilishi bunday tez surʼatda oʻsib borishiga sabab nima?

 

“Gender tenglik” targʻiboti toʻgʻrimi?

– Jamiyatdagi gender tengligi yaʼni erkak va ayolning teng huquqli ekanini notoʻgʻri tushinish va uni oilaga nisbatan notoʻgʻri tatbiq qilish ham oilaviy ajrimlarni keltirib chiqarmoqda, – deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqituvchisi Barkamol Rafiqov. – Oqibatda ikki tomon ham baravariga oʻz soʻzini oʻtkazishga harakat qilishi yuzaga keladi. Toʻgʻri, jamiyatda hamma teng huquqli, oʻz oʻrniga ega. Ammo mentalitetni unutmaslik, oʻzbekona qadriyatlarni, er-xotinning oʻzaro bir-biriga nisbatan kerak boʻladigan hurmatni esdan chiqarmasligimiz shart. Misol uchun ayol kishi rahbar boʻlgan taqdirda ham buni oilaga koʻchirib boʻlmaydi. Qadimdan ota-bobolarimiz erkak kishi oila ustuni, ayol esa shu roʻzgʻor egasi, shu xonadonni harakatlantiruvchi kuchi sifatida koʻrgan. Erkak kishining bir necha pogʻona ustunligi bu aslo huquqiy jihatdan emas. Bu erkak kishiga hech qachon ayolni kamsitishga yoki “aytganim aytgan, deganim degan” qabilidagi rahbarlik huquqini bermaydi. Aksincha, erkak masʼuliyatini oshirib, ayol kishiga erining yonida doim yelkama-yelka turib, uni doim qoʻllab-quvvatlash vazifasini yuklaydi.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Koʻpchilik ayollar ishni ham, oilani ham birdek olib boradi. Biroq besh qoʻl barobar emas. Uyda oʻtirganlari-chi? Ular nima bilan band? Hamma narsa bekorchilik va zerikishdan kelib chiqadi-ku, aslida.

 

Nikoh – muqaddas, uning buzilishi esa…

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Baxtiyor oila” kitobida keltirilishicha, Alloh taoloning barcha anbiyo alayhimussalomlarini birlashtirib turuvchi sunnatlardan biri nikohdir. Bu ish eng muqim sunnatlardan hisoblanmaganida, Alloh taolo uni hamma Paygʻambarlariga ravo koʻrmas edi. Bu esa, oʻz navbatida nikohga alohida ahamiyat berish lozimligini bildiradi. Hanafiy mazhabining eng yirik ulamolaridan boʻlgan Ibn Obidin rohimahulloh aytadilar: “Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha ibodat qilib belgilangan hamda oxiratda jannatda ham davom etadigan amal ikkitadir: iymon va nikoh”.

Koʻrinib turibdiki, nikoh tuzish va uni saqlab qolish har bir insonning oʻz oldidagi eng katta burchi hisoblanadi. Nikoh qanchalik muqaddas ekan, demak uni buzish ham Alloh oldida shunchalik nomaqbul ish hisoblanadi.

 

“Homilador boʻlishni xohlamayman…”

Oilaviy ajrashishlarga yana iqtisodiy ehtiyojlarning ortib borishi va yigitlarimizning oilaga nisbatan masʼulyatsizligi ham sabab boʻlmoqda.

– Yaqinda yangi kelinchak bilan tanishib qoldim, – deydi Chust tuman Oila markazi rahbari Moʻtabar Aripova. – Oila qurganiga atigi ikki oy boʻlibdi. Negadir xomush. Oʻzimga yaqin olib koʻngliga qoʻl soldim. “Homilador boʻlishni xohlamayman, opajon” dedi. Nima deyishni bilmay qoldim. “Bu xonadonga endi moslashyapman”, soʻzida davom etdi kelinchak. “Xoʻjayinim bilan sovchilar orqali tanishganmiz. Hali bir-birimizni yaxshi bilmaymiz. Qaynotam aytdi toʻydan anchagina qarz bilan chiqishibdi. Shuning uchun homilador boʻlishim bilan xoʻjayinim Rossiyaga ishlashga ketmoqchi ekan. Hali tanishib ulgurmasimizdan ketib qolsalar, men yangi oilada, yangi muhitda qanday yashayman? Homiladorlikda har xil holat boʻlarkan. Qaynonamga qanday aytaman…”

Ana, xolos! Yoshlarning masʼuliyatsizligi deymizu ammo kattalar-chi, ortiqcha dabdaba deb ularning oʻzi farzandlarni qiynab qoʻymayaptimi? Mana shunday holatlar oila qoʻrgʻoniga darz yetkizmayaptimi?

 

Farzandsizlik – bosh sabab emas

“Turmush qurganimga toʻrt yil toʻldi, – deydi Zarnigor Ergasheva. – Er-xotin Allohdan chin dildan farzand soʻrab duo qildik. Avvaliga uydagilar beparvo boʻlishdi. Bir yil oʻtishi bilan qaynonam oʻgʻliga ajrashish haqida tez-tez ayta boshladi. Turmush oʻrtogʻim esa mendan koʻngil uzolmadi. Qaynonam boʻlsa, meni yomon koʻrsatish uchun turli bahonalar oʻylab topardi. Oxiri xoʻjayinim ham taqdirga tan berib, sudga ariza topshirdi. Sabab – farzandsizlik. Ishonasizmi, sudga chaqirishgan kun boʻyimda borligini bilib qoldim. Oʻzimda yoʻq xursand edim. Endi hayotimiz oʻzgaradi, mening ham farzandim boʻladi, deya dunyolarga sigʻmadim. Bu yangilikni qay yoʻsinda aytishni bilmay tilim lol edi. Xoʻjayinim ham juda xursand edi. Endi ular bilan ketaman, deb oʻyladim. Ammo qaynonam bunga yoʻl qoʻymadi. Xoʻjayinim ikki oʻrtada nima qilishini bilmay sarson boʻldi. Mana, farzandimni ham qoʻlimga oldim, 6 oylik boʻldi, biroq hali ham ota uyimdaman. Gap-soʻzlardan eshitishimcha, aslida qaynonamga ota-onamning oldi-berdilari yoqmagan emish. Bayramlar ham sovgʻalarsiz oʻtayotgan ekan. Nahotki, mol-dunyo farzand taqdiri va baxtidan ustun tursa. Allohim ham ajrashishimizni xohlamay bizga oliy neʼmat – farzandni inʼom etdi-ku, axir! Ammo… molingizni, joningizni oʻrtaga qoʻyib, yangi bir oila barpo etasizu arzimagan injiqliklar sabab parokanda boʻlganda juda alam qilar ekan odamga.

Oilaviy ajrimlar faqat bir oilaning muammosi emas. Qachonki, biz jam boʻlib harakat qilsak, keyingina aniq maqsadga erishamiz. Bu borada yaqinda faoliyatini boshlagan yangi tuzilma – Mahalla va oila masalalari vazirligi tizimli ish olib borishi zarur, nazarimda. Chunki, bitta-ikkita oilani yarashtirib qoʻyish bilan ish bitmasligini hammamiz bilamiz. Muammoni quyidan boshlab oʻrganish hamda kompleks ravishda bartaraf etish zarurati allaqachon yetib kelgan. Ayniqsa, yoshi ulugʻ keksalarimizning yoʻl-yoʻriqlari, ming yillik tutumlarimiz bu yoʻlda juda asqatadi.

Oldinlari qizlar haqida gap ketganda “buvisining tarbiyasini olgan” degan taʼrifning oʻzi yetarli edi. Bunday qizlar tejamkor, odobli, esli-hushli, buvisidan koʻp narsalarni oʻrgangan deyishardi. Qani endi qizlarimiz shunday buvijonlar qoʻlida kamol topsa.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza: Qaynonalar maktabi loyihasini rivojlantirish lozim. Ayrim qaynonalar borki, toʻkis baxtga oʻzi bilib-bilmay raxna soladi, endi barpo boʻlayotgan oilaga putur yetkazib qoʻyadi. Bu oqila ayollarga sira ham yarashmaydi. Afsuski, yuqorida keltirilgan qahramonimiz taqdiri bunga yaqqol misoldir. Jamiyatda ajrashishlarning oldi olinishida maʼrifatli qaynonalar ham katta koʻmak bera oladi. Faqat buning eng muqobil yoʻllarini tatbiq etish lozim, deb oʻylayman.

Joriy yilda “Yilning barchaga oʻrnak yosh oilasi” respublika tanlovini oʻtkazish taklif etildi. Oʻylaymanki, bu bejiz emas. Bu totuv oilalarni koʻpaytirishga harakatning debochasi boʻlsa, ajab emas.

 

Dilfuza TILLAYEVA

 

od-press.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x