Oʻz zamoni bilan oʻtgan zamonni tarozu qilib

Bu zamin ulgagʻaytirgan yirik alloma, mutafakkir, shoiru adiblarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini gapirib ado qilolmaymiz. Birgina, Namanganning oʻzi qanchadan qancha ulugʻ zotlar – Maxdumi Aʼzam, Mavlono Lutfullo Chustiy, Boborahim Mashrab, Fazliy Namangoniy, Nodim Namangoniy, Muhammadsharif Soʻfizoda, Isʼhoqxon toʻra Ibrat, Chustiy domla, Usmon Nosir, Zafar Diyorga beshik boʻlgan. Ularning barchasi elni maʼrifatga yetaklagan.

Isʼhoqxon toʻra Ibrat 1862 yilda Namangan yaqinidagi Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida dunyoga kelgan. Onasi Huribibi maktabdor boʻlgan, uning maktabida qishloq qizlari oʻqish, yozish, husnixatdan taʼlim olishgan. Ibratning ham ilk savodi onasining qoʻlida chiqdi. Shu bois, bir umr oʻz asarlarida volidai muhtaramasini birinchi ustozi sifatida ehtirom bilan eslab oʻtadi.

Ibratni XIX asr boshlarida Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga berishadi. Madrasa tahsili yillarida u Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Nodim, Haziniylar bilan yaqin muloqotda boʻladi. Sharqu gʻarb olimlari asarlarini mutolaa qiladi. Rus va oʻzbek tillarida chop etilgan “Turkiston viloyatining gazeti” hamda Ismoilbek Gaspiralining “Tarjimon” gazetasi bilan muntazam tanishib boradi. U madrasani tugatgach, oʻz qishlogʻida maktab ochadi. Maktab yangicha taʼlim asosida faoliyat yuritgani uchun mahalliy hukmdorlar qarshiligiga uchrab, tezda yopiladi.

Keyinchalik Ibrat domla onasi bilan haj ziyoratiga joʻnaydi. Onasi Jidda shahrida vafot etadi. Onasini dafn etib, Haj ziyoratini oʻtagach, safarini davom ettiradi. Istanbul, Sofiya, Afina, Rim kabi Yevropa shaharlarida boʻldi. Jidda, Kobul, Bombey, Kalkutta shaharlarida yashaydi. Shu tariqa u arab, fors, turk, hind-urdu, ingliz, rus tillarini mukammal oʻrganadi. Sharq va Yevropa xalqlari madaniyati, sanʼati, umuman olganda, hayoti bilan tanishib kelajakda yoziladigan asarlari uchun maʼlumotlar toʻplaydi.

Ibrat domla qayerda boʻlmasin, oʻsha yerlik olimu ulamolar bilan tanishadi. “Har bir zavvor va ahli fazl kishini koʻrsam, kayfiyat va taʼlimot maollarini andin soʻradim”, deb yozadi keyinchalik bu haqda oʻz esdaliklarida.

Jahongashta olim safar davomida sharq va gʻarb mamlakatlaridagi ilm-fan, ilgʻor texnika yutuqlaridan bahramand boʻlib, ularni xalqimizga ham ilinadi. Uning yangicha oʻquv uslubiga ega maktab, kutubxona, bosmaxonalar tashkil etgani yuqoridagi fikrimizni isbotlaydi. Sayohatlar, ilmu hunar oʻrganishga boʻlgan gʻayrat-shijoat Isʼhoqxon toʻra Ibratni zamonasining eng peshqadam maʼrifatparvar shoiri, olimi, ilgʻor maorifchisi, publitsisti boʻlib yetishishiga sabab boʻldi.

Ibrat domla tarixchi olim sifatida “Tarixi Fargʻona”, “Tarixi madaniyat”, “Meʼzun ul zamon” asarlarini yaratdi. Bu asarlarni yaratishdan oldin Sharqu gʻarb tarixnavislari asarlarini sinchiklab oʻrgandi. Eʼtiborli jihati, u haqqoniylik matlabi bilan yozdi. Muarrix tarixiy voqealarning faqat hikoyachisiga aylanib qolmasdan har bir hodisaga oʻz munosabatini bildiradi. Shuningdek, oldin yozilgan tarix kitoblaridagi bir yoqlamachilik, asossiz maqtov yoxud tanqidlarga nisbatan qarashlarini ifoda etdi. Olimning oʻz soʻzlari bilan aytadigan boʻlsak, “Tarixi Fargʻona” asari “izhori hunar yoki musanniflar qatoriga kirmak” uchun emas, balki “oʻz zamoni bilan oʻtgan zamonni tarozu qilib, vaznini bilsun uchun” yozganligini darj etdi. Tarixiy asarlarga bunday munosabatda boʻlish xalq hayotini haqqoniy aks etishiga mezon boʻlib xizmat qiladi.

Oʻquvchi “Tarixi Fargʻona” asari orqali Nodira, Muhammad Alixon, Fazliy Namangoniy, Gulxaniy, Maxmur, Hoziq kabi qator tarixiy shaxslar hamda ular bilan bogʻliq voqealardan ham boxabar boʻladi. Ibrat geograf olim sifatida Fargʻona vodiysining geografik tavsifnomasini ham beradi. Vodiyning togʻlari, daryolari, hayvonot va nabotot olami, iqlimi, tabiati, yerlik aholi, ularning kasbu korlari – hunarmandchilik, bogʻdorchilik, savdo-sotiq ishlari xususida batafsil hikoya qilingan. Shuningdek, muarrix joy nomlari bilan bogʻliq aniq maʼlumotlar ham berib oʻtadiki, bu ham oʻquvchi eʼtiborini oʻziga jalb etadi. Masalan, Namangan va Toʻraqoʻrgʻon joy nomlarini olaylik.

Hamma ham bu joy nomlarining asl oʻzagi – maʼnosini bilmaydi. Asardan bir parcha keltiramiz: “… Namangon asli namangon emasdur. Forsiy lafzi birla namakon – namak kondur. Muning maʼnisi shul ekanki, bizni Chigʻatoy tilida asli gon yoʻq, bu shevai forsiydur. Chigʻatoyda “kon” yoki “gʻon” yo “qon” boʻladur. Bu lafzi “gon” “kon”ni oson qilib, “gon” deydur. Yoki forsiylar ixtiloti va ham bu boniy lafzi forsiy uchun “gon” deb mashhur va bu lafzda mazkur boʻldi.” Yana bir iqtibos keltiramiz, “… Toʻraqoʻrgʻon deb mashhur boʻlmogʻi boniy Shigʻayxonning (Shigʻayxon nomi bilan mashhur boʻlgan dashti qipchoq xonlaridan Ahmadxon nazarda tutilgan. – izoh oʻ. M) Yaʼqub toʻra va Yusuf toʻra degan ikki oʻgʻli. Bu qalʼa xonga qoʻrgʻon qilgan jihatdin Toʻraqoʻrgʻon deb nisbat boʻlgan. Asl ismi Qalʼai xondur, turkiysi – Toʻraqoʻrgʻon”. Anglashiladiki, bu jihatdan Ibrat domla ulugʻ temuriyzoda alloma Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub “Boburnoma” asari anʼanalarini oʻziga xos tarzda davom ettirgan.

“Tarixi madaniyat” va “Meʼzun ul zamon” asarlarida taʼlim, maktablar faoliyati haqida soʻz yuritdi. Shahar va qishloqlarda erkak va ayol, oʻgʻil va qiz bolalar maktabi ochish dolzarbligini bildirdi. Taʼlim-tarbiyaga oid yangi-yangi darsliklar, risolalar yozish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Gazeta va jurnallar chiqarib xalqning ongu shuurini oshirish ishlari uning diqqat markazida boʻldi. U bu fikrlarini ilgʻor mamlakatlarda koʻrgan-bilganlari bilan uygʻun holda ifoda etdi. Qiyos va takliflar mushtarakligida yozilgan asar har qanday kitobxon eʼtiborini tortadi. Ushbu asarlar orqali Ibrat domla bu yurtni va uning ahlini jahon sahnida aytadigan soʻzi boʻlishiga katta umid bogʻladi.

Tilshunoslik sohasida faoliyat yuritish, lugʻat tuzish ishlari juda murakkab. U kishidan katta mehnat, bilim va tajribani talab etadi. Isʼhoqxon toʻra Ibratning “Lugʻati sitta al-sina” (“Olti tilli lugʻat”) hamda “Jomeʼ ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asarlari ana shunday mashaqqatlarga qilingan sabru toqat mevasidir. “Lugʻati sitta al-sina” – oʻzbekcha, arabcha, forscha, turkcha, hindcha, ruscha soʻzlarni oʻz ichiga olgan. Bu kitob sharq va gʻarb tillarini mukammal bilgan olimdan munosib tuhfa deyish mumkin. Isʼhoqxon toʻra Ibratning lugʻati jonli tilda qoʻllaniladigan faol soʻzlardan tarkib topgani sabab, farzandlarini yangi maktabga bergan kishilar uchun gʻoyat muhim qoʻllanma boʻlgan. Shu bois, u nashr etilishidan avval qoʻlyozma tarzida koʻchirilib, el orasiga tarqalgan. Ana shundan keyin tilshunos uni nashr etishga harakat qila boshlagan. Bu kitob 1901 bosmadan chiqqan.

Misr firʼavnlaridan biri oʻgʻliga shunday mazmunda maktub qoldirgan ekan: “Oʻgʻlim, temirchilar ogʻir mehnat ostida kun kechiradilar. Kosalari oqarmaydi. Etikdoʻzlar etik tikib, roʻshnolik koʻrmay oʻtib ketadilar. Tosh yoʻnuvchilar tinmay ishlasalar ham kambagʻallikdan boshlari chiqmaydi. Shuning uchun sen xat yozishni oʻrgan, savodli boʻl, xat yozishni bilgan odam baxtli boʻladi.” Xat-savod chiqarish oʻsha davrda ham, bugun ham dolzarb. Piktografik yozuvlardan soʻnggi davr yozuvlariga qadar boʻlgan jarayon, tarix barcha uchun qiziqarli mavzu. “Jomeʼ ul xutut” (“Yozuvlar majmuasi”) asari esa yozuvlar tarixiga bagʻishlangan bebaho risoladir.

Ibrat domla 1908 yil Orenburgdan litografik jihozlar toʻplamini olib kelib, “Matbaai Ishoqiya” bosmaxonasiga asos soldi. Fargʻona vodiysi matbaachiligining ilk korxonasi boʻlmish bosmaxonada tashabbuskorning asarlari, darsliklaridan tashqari gazetalar chop etish yoʻlga qoʻyildi. Ibrat domla davrning eng ilgʻor publitsisti ham boʻlgan. Uning maqolalari, sheʼrlarining asosiy qismi “Turkiston viloyati gazeti” sahifalaridan eʼlon qilingan. Shuningdek, jurnalist sifatida u “Sadoi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” nashrlarida oʻz ijodi bilan muntazam qatnashib turdi.

Ibrat domlaning yana bir ulugʻ xizmati u yangi uslublarda saboq berishga asoslangan maktab ochdi. Unda shu yerlik bolalar bepul taʼlim oldilar. Oʻz uyida ochilgan ushbu maktab parta, stol-stul, doska, globus kabilar bilan jihozlangan. U maktabda bir haftalik dars jadvali joriy etgan. Darslik sifatida “Ustodi avval”, “Adabi avval”, “Muallimus soniy” darslik-qoʻllanmalar hamda oʻzining “Sanʼati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy”, “Lugʻati sitta al-sina” asarlaridan foydalandi. Ulugʻ maʼrifatparvar kutubxona tashkil etib, uni “Kutubxonai Ishoqiya” deb nomladi. Ushbu ziyo maskani maktab oʻquvchilari bilan bir qatorda, vodiy kitobxonlarining sevimli dargohiga aylandi.

Isʼhoqxon toʻra Ibrat oʻz sheʼrlarini jamladi va uni “Devoni Ibrat” deb atadi. Uning “Koʻrgoni keldim sogʻinib”, “Xush keldingiz”, “Qalaysizlar”, “Chaman ichra”, “Ado qilasiz”, “Gazeta xususida”, “Qarz”, “Turkiston ahliga xitob” kabi manzumalari mavzu koʻlami, badiiy jihatdan mukammalligi bilan alohida eʼtiborga molik. “Gazeta xususida” sheʼrida shunday misralar bor:

Gazet koʻrmagan, bexabar xalqlar

Misli oʻlgandur va yo uxlagan.

Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Kishilarning axborotlarga boʻlgan ehtiyoji borgan sari ortib bormoqda. Shu maʼnoda, gazet soʻzini internet degan gap bilan ham bogʻlash mumkin. Mavzuga ana shu jihatdan yondoshsak, bu misralar bugunimiz uchun ham ahamiyatli. Shoirning bunday maʼrifatparvarlik ruhida yozilgan asarlari koʻp.

Ulugʻ maʼrifatparvar shoir, olim, pedagog, publitsist, sayohatchi, bir soʻz bilan aytsak, qomusiy bilimlar sohibi boʻlgan alloma Isʼhoqxon Ibrat butun hayot va faoliyatini zahmatkash, mehnatkash xalqiga bagʻishladi. Mustaqillik orzusi bilan yashadi. Bu elni, yurtni ozod va obod koʻrish istagi uning har bir asarida aks etdi. Biroq umrining soʻnggi yillarida 75 yoshni qoralagan keksa donishmandni “xalq dushmani” sifatida hisbga olishdi. Qamoqdagi jismoniy va ruhiy azoblar bu ulugʻ zotning dunyoni tark etishiga sabab boʻldi.

Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrif buyurgan chogʻida u zotning shaxsiyatiga alohida eʼtibor qaratgani, bu yerda maxsus Ibrat maktabi ochish zarurligi va bu maktabga nafaqat viloyat, balki mamlakatimizning barcha hududlaridan eng iqtidorli yoshlarni oʻqishga jalb qilish kerakligini taʼkidlagani bejiz emas. Shoir, noshir, muarrix, muallim, publitsist, lugʻatshunos, elshunos, tabiatshunos va eng avvalo, millatparvar inson Isʼhoqxon toʻra Ibratning hayot va ijod yoʻli yillar oʻtgan sari xalqimizga ibrat maktabi boʻlib qolaveradi.

 

Gʻayrat MAJID

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/oz-zamoni-bilan-otgan-zamonni-tarozu-qilib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x