Oʻzbek degan xon soʻzning jarangida yuribman

Oson emas

 

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik.

ChOʻLPON

 

Bitta yulduz bilan osmon boʻlmaydi,

Bitta aytim bilan doston boʻlmaydi.

Ming karvon tortolmas bir xalqning yukin,

Xalqim deganlarga oson boʻlmaydi.

 

Har sodiqman degan emasdir Shiroq,

Yonma-yon yuradi mard bilan nomard.

Sen daryo, dunyoday keng boʻlib biroq,

Yaxshi-yomoniga chidamogʻing shart.

 

Baʼzan tikanakdan gullar kutasan,

Axir, gulu tikan oʻzingnikidir.

Baʼzan togʻdek aybni ichga yutasan,

Axir, ayb oʻgʻlingmi, qizingnikidir.

 

Sevilib, jamlansa, xalqdir matonat,

Sevilmay, sochilsa, gʻofil olomon.

Sevilib, jamlansa, xalqdir adolat,

Sevilmay, sochilsa, toʻfon, gʻalayon.

 

Avval paypaslab koʻr yurakjoyingni,

Xalqqa degan sevging butun, buyukmi?

Sinib ketmaysanmi munkib, toyinib,

Yelkangga olganda xalq ortgan yukni?

 

Uyqu ichida ham uygʻoq oʻxshaysan,

Borar yering doim boʻston boʻlmaydi.

Bir oʻzing ming, million boʻlib yashaysan,

Xalqim deganlarga oson boʻlmaydi.

 

* * *

Ajdodlarda ajdodlarning

qaybir hujayrasi uygʻonar emish.

 

Tamagirga ters qaragan,

Gar soʻrasa bir yurt soʻragan –

Sulton hujayramiz uygʻonsin!

 

Quvvat kutsa, elidan kutgan,

El shaʼniga bilagin tutgan –

Polvon hujayramiz yygʻoncin!

 

Xiyonatga qilich sermagan,

Xoinlarga hayot bermagan –

Sobit hujayramiz uygʻonsin!

 

Shaytanatdan dars tushmagan,

Iymoniga darz tushmagan –

Obid hujayramiz uygʻonsin!

 

Gʻofillarga chiroq tutarli,

Kiborlarga qirgʻoq tutarli –

Oqil hujayramiz uygʻonsin!

 

Kam koʻnglini butun etguvchi,

Qaddi yoyni ustun etguvchi –

Odil hujayramiz uygʻonsin!

 

Qul boʻlmagan dor ostida ham,

Sinmay chiqqan yov dastidan ham –

Botir hujayramiz uygʻonsin!

 

Aytsa, xalqning soʻzini aytgan,

Tangri – Haqning soʻzini aytgan –

Shoir hujayramiz uygʻonsin!

 

 

Zuhro oʻtinchi

 

Koʻzda yoshim munchoq-munchoq tizildi.

Dostondan

 

Koʻzda yoshim munchoq-munchoq tizildi,

Ishq quvonchim jon joyidan uzildi,

Yor ketgani qish zahriday sezildi,

Daryo, eshit kuyrab aytgan soʻzimni,

Gʻamsuv sepib, soʻldirma gul yuzimni.

 

Toʻlqin kokillarim suvga otaman,

Toʻlqiningga yo oy boʻlib botaman,

Behush yotgan Tohirni uygʻotaman,

Oʻt boʻladi suvga sochsam dardimni,

Daryo, olib ketma mening mardimni.

Oʻz yurtingning shamlari quyosh boʻlar,

Oʻzga yurtning tuproqlari tosh boʻlar,

Gadosi ham boshga chiqib bosh boʻlar,

Gʻarib etma, mute etma Tohirim,

Yigit myte boʻlsa, zamon oxiri.

 

Tomchi-tomchi uchsa, dengiz quriydi,

Chirik tushsa, chamanzorlar chiriydi,

Eranlari ketgan el tez qariydi,

Lochinimni quzgʻunlarga yem etma,

Osmon koʻnglin qora yerga teng etma…

 

Bir uchqundan gohi dunyo oʻt olar,

Goh bir yigit bir yurt yukin koʻtarar,

Bir yigitdan gohi bir el koʻkarar,

Yorim qaytsin, qoʻlida oʻq-yoyi yoʻq,

Yurtim uning joyi, oʻzga joyi yoʻq…

 

…Koʻzda yoshim munchoq-munchoq tizildi…

 

 

Javob

 

“Qayerda yuribsan?”

Oʻrtogʻim shunday SMS yozibdi.

 

Qorni yoqqan yolqinlar –

Boychechaklar uyiga

Mehmonga bordim bir kun.

 

Jimitday jonidagi

Jasorati haqida

Sheʼrlar yozdim bir turkum.

 

Soʻngra “Ushshoq” kuyining

Bagʻriga boshim qoʻyib,

Sevgini sevib qoldim.

 

Ishqsiz olamga chiqib,

Ishqsiz qolishdan qoʻrqib,

Oʻzim ham “Ushshoq” chaldim.

 

Soʻng yurt deb shahid ketgan

Oʻgʻlon qabriga borib,

Majnuntolday egildim.

 

Soʻng bulutga qoʻshilib,

Suvsiragan yerlarga

Yomgʻir boʻlib toʻkildim.

Soʻng orzular izidan

Shamolday chopib yurgan

Bolalar bilan chopdim.

 

Men ham orzumni aytib,

Sumalakni kovladim:

Uchmi, toʻrtta tosh topdim.

 

Soʻng roʻmolim silkitib,

Oybarchin ovozida

Alpomishni chorladim.

 

Soʻng xayolchan koʻzlarga

Nur bilan birga qoʻnib,

Porillatdim, porladim.

 

Qayerda ham yurardim,

Ulugʻlar yurib oʻtgan

Yoʻl changida yuribman.

 

Quvonchim ham, baxtim – shu:

Oʻzbek degan xon soʻzning

Jarangida yuribman.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/ozbek-degan-xon-sozning-jarangida-yuribman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x