Yorugʻlik orzusi

* * *

 

Tongga peshvoz chiqdi ona tabiat,

Yomgʻir yogʻar edi mayin, bejirim.

Tomirida kezib yashnoq bir niyat,

Maysalar boshini silkitadi jim.

 

Solih banda kabi qiroat etib,

Shivirlar musofir, gʻarib shamollar.

Xotiralar uzra mahzun bosh egib,

Fursatni titkilar sargʻish xayollar.

 

Quyosh goh berkinib, goho nur sochib,

Kechayu kunduzni bir-bir varaqlar.

Mehnatkash qoʻllarin duoga ochib,

Bomdodni qarshilar moʻmin daraxtlar.

 

Ayriliq izlari qolgan koʻchalar

Yurakka ulaydi yoʻlning soʻnggini.

Yer rahmat suviga bagʻrin boʻshatar,

Bulutlar boʻshatar toʻlgan koʻnglini.

 

* * *

 

Sadoqat –

quvonchdir!

Titragan dil, lab,

Mehr-muhabbatga erishmoq, visol.

Sadoqat shundayki, milliard yillab

Qorni quchib turgan choʻqqilar misol.

 

Sadoqat –

ishonchdir!

Yoʻqlamas qinni,

Hayotning rang-barang nafasi, taʼmi.

Sadoqat shundayki, ona zaminni

Oʻrab, avaylagan azon qatlami.

 

Sadoqat –

bahordir!

Gullar erta-kech,

Insonning begʻubor bolaligiday.

Sadoqat koʻngildan ayrilmaydi hech,

Et bilan tirnoqning oraligʻiday.

 

Sadoqat –

quyoshdir!

Samo gulxani,

Nuridan ungan yer tuprogʻi, toshi.

Sadoqat goʻyoki toʻlgan oy kabi,

Tugab borayotgan yerning bardoshi.

 

* * *

 

Fursat kifti uzra dunyo qalqinar,

Bir lahza qamrovi bilmagay hudud.

Milliard yildirki, senga talpinar,

Bir soniya ichra paydo jon-vujud.

 

Tinimsiz sudralar olam bemajol,

Million yil oʻrmalar adlu xiyonat.

Bir lahzada ostin-ustundir xayol,

Bir lahzada sodir boʻlgay omonat.

 

Milliard yildirki, foniy dunyoda

Umr yoʻllaridan oʻzga marza yoʻq.

Soat millaridek qisqa masofa,

Soat millaridek uzun narsa yoʻq.

 

* * *

 

Har kim oʻz topganin aylaydi roʻkach:

Kimdir maqom, kimdir molu mulkini.

Kimlardir bir umr bilgusidir ganj

Qattiq iymon bilan goʻzal xulqini.

 

Tong chogʻi porlagan yorqin Zuhroda

Kimdir surur topgay, kim topgay anduh.

Azaldan bir kam, begʻam dunyoda

Hamdard topolmagan yuraklar –

majruh.

 

Bir ogʻiz shirin soʻz topilmas, nahot,

Qadrdon boʻlmasa ahd birlan amal?

Yomonlar topishib ketar shul zahot,

Yaxshilar bir-birin yoʻqotgan mahal.

 

Koʻngilning koʻchasi qolmagay boʻm-boʻsh,

Har nechuk tirik jon axtarar hamroh.

Yorugʻlik orzusi dilda ursa joʻsh,

Zulmat soʻnggida ham topilgay panoh.

 

Har kimning bor erur oʻz nasibasi,

Haq koʻngil mulkini aylagandir keng.

Bu foniy dunyoning bor xazinasi

Ulugʻlar sabriga kelolmagay teng.

 

Sarobga aylandi topganlarim goh,

Yurak nadomatdan oʻrtanar tokay?

Sabr ato ayla, oʻzingdan – Olloh,

Oʻzligimni topay,

Oʻzimni topay!

 

* * *

 

Fasllar eshigin ochadi bahor,

Barg yozar dilimga sigʻmagan bir his.

Men tagʻin boʻlarman oshiq –

beqaror,

Bahor goʻzal,

Bahor bu –

aldamchi qiz.

 

Sahih tuygʻularning ortidan behol,

Ishonch bogʻlarida kezib yuribman.

“Ishq boʻlib keldim”, der ertangi bahor,

Tagʻin aldayapti.

Sezib turibman.

 

* * *

 

Suv quygandek jimjit, sokin tun,

Hayot bir zum qolgandek toʻxtab.

Osmonda oy suzadi beun,

Choʻkayotgan qayiqqa oʻxshab.

 

Borliq koʻzdan boʻlgandek pinhon,

Chaqmoq kabi porlab bir muddat,

Bir parcha nur ortidan giryon

Sudraladi qontalash zulmat.

 

Tarqaladi noxush bir xabar,

Koʻkda yulduz uchayotgan kez.

Ammo, xayol uchqur shu qadar,

Yorugʻlikning tezligidan tez.

 

Titrab-qaqshar yurakdagi sir,

Masofalar choʻzilar uzun.

Qogʻoz uzra toʻkilar bir-bir,

Suv quygandek jimjit, sokin tun.

 

Shavkat JOʻRABEK

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/yoruglik-orzusi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x