“Ilmdan oʻzga najot yoʻq”

Bu otashin kalomni aytgan, hayotida unga ishonib, tajribasi bilan tasdiqlagan moʻtabar zot Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hazratlari 810 yil 20 iyulda Buxoroi sharifda tavallud topdi. Otasi Xoʻja Ismoil oʻz davrining yirik olimlaridan boʻlib, hadis ilmi bilan shugʻullangan. Muhammad ikki yoshida otasi vafot etadi va akasi Ahmad bilan onasi tarbiyasida qoladi. Ular yashagan Buxoro yaqinidagi Poykent qasabasida ham ilmiy muhit shakllangan boʻlib, bu joyda allomalar dars oʻqitardi. Muhammadni maktabga berdilar. U bolaligidan hayron qolarli darajadagi quvvai hofizasi bilan hammani lol qoldirardi. Goʻyo “Odam bir marta eshitgan gapin nechun unutar”, degan hikmat unga nisbatan aytilgandek, oʻqigan kitoblari magʻzini chaqib, bilimini muttasil oshirib borardi. Ayniqsa, hadislarga muhabbati kuchli edi va maktabdayoq bir necha ming hadisni yod oldi. Hatto ustozlaridan biri hadis roviylarini chalkashtirib yuborganda xatoni toʻgʻrilashga jurʼat etdi. Ustoz:

– Sufyon oʻz navbatida Abu Zubayrdan hadis rivoyat qilgan, Abu Zubayr esa Ibrohimdan, – dedi. Muhammad:

– Hech qachon Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan, – deya eʼtiroz bildirdi. Ustoz jahli chiqib, tanbeh berdi. Shunda Muhammad:

– Agar qoʻlingizda asl manba boʻlsa, oʻshanga qarang, – dedi.

– Unda toʻgʻrisi qanday boʻladi? – deb ustoz soʻradi.

– Aslida Abu Zubayr emas, Zubayr. Zubayr bilan ibn Aʼdiy bir kishi, demak, ibn Aʼdiy Ibrohimdan hadis rivoyat qilgan.

Asl manbani koʻrgach, ustoz:

– Sen haq ekansan, – dedi va yozganlarini toʻgʻrilab qoʻydi.

Oʻshanda Muhammad oʻn bir yoshda edi. Oʻn olti yoshga kirganda esa Muborak Marvaziy, Mulayh Roziy singari oʻsha paytda eng mukammal deb tan olingan mutafakkirlar kalomlarini toʻliq yodlab olgan, Buxoro ilmini toʻliq kashf etgan edi. Kuch-qudratga toʻla tafakkur esa yangi kengliklarni qoʻmsardi. Bu niyat ham amalga oshdi. Yaratganning irodasi bilan volidai muhtarama ikki oʻgʻilni qanotiga olib, haj safariga jazm etdi. Bu voqea 825 yilda roʻy beradi.

Haj ibodatini bajargandan soʻng, Muhammad ibn Ismoil onasi va akasi bilan Makkada xayrlashadi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hadislarini toʻplash niyatida Arabistonda qoladi. Ezgu amalga bel bogʻlab, hadisi shariflar boʻyicha sahih asar jamlash uchun islom olamining yirik markazlari – Makka, Madina, Bagʻdod, Basra, Kufa, Damashq, Qohira, Nishopur, Hirot kabi shaharlarni kezib chiqadi. Keyinchalik Imom Buxoriy: “Men bir ming saksonta roviydan hadislar yozib olganman, ularning ichida hech boʻlmasa bittagina hadis aytganlari ham bor”, – degan edi.

Hadis – Rasulullohning (s. a. v.) aytgan gaplari, feʼl-atvorlari va takrirlaridir. Hadislar Rasululloh (s. a. v.) hayot davrlarida qogʻozga tushirilmadi, yaʼni yozilmadi, faqat, taʼbir joiz boʻlsa, ummatning qalbiga yozildi. Rasululloh (s. a. v.) vafotidan soʻng hadislar sahobalar tomonidan aytib yurildi. Diyorlar fath etilib, islom dunyosi kengayib borishi bilan, tabiiyki, din dushmanlari tomonidan mavzuʼ (yolgʻon) hadislar koʻplab toʻqildi. Shu tufayli hadis ilmiga eʼtibor bilan qarash zarurati paydo boʻldi. Ulamolar tomonidan hadislarni sahihlash (tozalash) davri boshlandi. Muhammad ibn Ismoil Imom Buxoriy shu davrning peshqadam ulamolaridan biri boʻlib tanildi.

Oʻlkalarni kezib, roviylardan hadislarni yozib olar ekan, Imom Buxoriy ularni saralashning maʼlum tamoyillarini joriy qildi. U ilmda “Shurutul-Imomil-Buxoriy” (“Imom Buxoriy shartlari”) deb nomlanadi. Unga koʻra, albatta, hadisning mazmuni (matni) bilan birga sanadi (manbasi, aytgan roviy) koʻrsatilishi shart va uning toʻgʻriligi boshqa eʼtiborli manbalar bilan qiyoslangach, tasdiqlansa, sahih (toza) hadis sifatida qabul qilinadi. Imom Buxoriy sahih hadis boʻyicha birinchi boʻlib oʻziga xos maktab yaratdi. Undan keyin faoliyat koʻrsatgan buyuk muhaddislar Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja va boshqalar u zotni oʻzlarining ustozi sifatida qabul qilib, yuksak ehtirom koʻrsatdilar. Imom Buxoriy joriy qilgan shartlar sahih hadislar boʻyicha asosiy meʼyor sifatida asrlar osha amalda qoʻllanib kelindi.

Mislsiz jiddu jahd va ulkan kuch-gʻayrat bilan Imom Buxoriy tomonidan 16 yillik izlanishlardan soʻng yozilgan “Sahih ul-Buxoriy”da (“Al-Jomiʼ as-Sahih”) 9082 ta hadis toʻplangan. Ularning ayrimlari bir necha roviylar tomonidan aytilgan yoki takror manbalardan topilgan. Shunday qilib, takrorlanmaydigan hadislar 7397 ta. Ular Imom Buxoriy tasnifi asosida 600 000 hadisdan chiqarib olingan. Albatta, oddiy raqamlar bu asarning dunyoga kelishidagi jami zahmatlarni ifodalay olmaydi. Ularni eng ishonchli va hamma tomonidan tan olinadigan darajada toʻgʻri boʻlishini taʼminlash uchun ulkan mehnatdan tashqari afsonaviy darajadagi quvvai hofiza (xotira) va oʻz ishiga mislsiz muhabbat lozim edi. Har holda, vatandoshimiz Imom Buxoriy Olloh ato etgan isteʼdod bilan bu vazifani muvaffaqiyatli ado etdi va oʻz vaqtida “Hadis ilmining sultoni” deb tan olindi.

Qariyb 40 yillik musofirchilikdan soʻng Imom Buxoriy vataniga qaytganida odamlar faxrli yurtdoshlarini kutib olish uchun bir farsah (6-7 km.) joygacha peshvoz chiqdilar. Chodirlar tikib, ulugʻ zot sharafiga dasturxonlar yozildi. Bu qaytish daryoning sahroga obi hayot olib kelishidek gap edi. Ammo dastlab madrasalarda ustozlik qilib yurgan alloma bilan Buxoro hokimi Abdullo ibn Xolid oʻrtasida ixtilof paydo boʻladi. Ilm qadrini baland tutgan buyuk muhaddis saroyga borish haqidagi taklifni rad etib, qishloqqa chiqib ketadi va shu joyda faqirona yashay boshlaydi. Baxil, ichi qora odamlar tuhmatlaridan, hukmdorlar kalondimogʻligidan qalbi ogʻrigan olim: “Olloh taolo menga ato etgan neʼmatga bu odamlar hasad qildi”, deb taassuf bildirgandi. Goʻyo Yaratgan oʻzi siylagan zotning qalbi majruh kimsalar safida xoʻrlanishini joiz bilmadi. Ramazon hayiti oqshomi Samarqand ahlidan kelgan taklifni qabul qilib, yoʻlga otlanayotganlarida bandalikni bajo qildi. Bu voqea 870 yil 1 sentyabrda (hijriy 256 yil), yorugʻ olamda oʻn uch kuni kam oltmish ikki yil umrguzaronlik qilganlarida roʻy berdi.

Albatta, hadislarni toʻplash, ularni tekshirish va tozalash ilmi uzoq tarixga ega, juda koʻp allomalar bu borada oʻzlarining imkoniyatlarini sinab koʻrganlar. Islom tarixida muhaddislar koʻp boʻlgan. Ayniqsa, Muslim ibn Hajjoj, Hofiz ibn Hajar Asqaloniy tomonidan tuzilgan “Sahiyh”lar juda shuhrat qozongan. Imom Buxoriy asarining benazirligiga dalil shuki, alloma Xatiyb Bagʻdodiy “Sahih Buxoriy”ning roviylaridan biri boʻlgan Abu Zayd Marvaziydan rivoyat qilib shunday yozgan: “Kunlardan bir kun men rukn (ustun) bilan maqomi Ibrohim oʻrtasida uxlab yotgan edim, tushimda Rasululloh sollohu alayhi vasallamni koʻribman. Rasululloh menga:

– Yo, Abu Zayd! Qachongacha Shofeʼiyning kitobidan saboq berib, mening kitobimni oʻqitmaysizlar? – dedilar. Men:

– Yo, Rasululloh! Sizning kitobingiz qaysi? – degandim, Paygʻambar alayhissalom:

– Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahih”i, – dedilar”.

Umuman, solih tush koʻrish paygʻambarlikning qirq olti juzʼidan biri hisoblanadi. Ulugʻ zotlar paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.) hamda Imom Buxoriy bilan bogʻliq koʻplab tushlarini qayd qilib qoldirganlarki, bu hol ham behikmat emas, xossatan, buyuk muhaddisning maqomi naqadar yuksak ekanini tasdiqlovchi isbotdir. Masalan, Firabriyning soʻziga eʼtibor beraylik: “Men Imom Buxoriyning kotibi Muhammad ibn Abu Hotam: “Tushimda Imom Buxoriyni koʻrdim, u kishi Paygʻambar alayhissalom ortidan ergashib ketar edilar. Rasululloh (s. a. v.) yurib borar ekan, har safar oyoqlarini koʻtarganlarida Abu Abdulloh Buxoriy qadamini ayni oʻsha joyga qoʻyardi”, deganlarini eshitganman”.

Yana: “Xatib Bagʻdodiy Abdulvohid ibn Odam Tavovisiyga tayangan holda shunday hikoya keltiradi: “Tushimda Rasulullohni (s. a. v.) koʻribman. Ul zoti sharifning yonlarida bir guruh sahobalari ham boʻlib, bir joyda tik turardilar. Men salom bergach, alik oldilar. “Ey Rasululloh, bu joyda nega turibsiz?” deb soʻradim. “Muhammad ibn Buxoriyni kutib turibman”, dedilar. Bu voqeadan bir necha kun oʻtgach, Imom Buxoriy vafoti haqida xabar yetib keldi. Hisoblab koʻrsam, Rasulullohni tushimda uchratgan tunda Imom Buxoriy vafot etgan ekan…” (Shayx Abdussalom Muborakfuriy. “Imom Buxoriy”).

“Sahih Buxoriy” (“Al-Jomiʼ as-Sahih”) islom taʼlimotida Qurʼoni Karimdan keyingi ikkinchi oʻrinda turadi. “Bu xususda Arabu Ajam ham, Hijozu Shom ham, Iroqu Hind ham bab-baravar, bir xil fikr qiladilar” (Shayx Abdussalom Muborakfuriy). Uni oʻrganish, mutolaa qilish har bir muslim uchun sharaf. Musulmon mamlakatlarida bu borada turli amallar urfga kirgan. Masalan, Livanning Tarablus degan shaharchasida har yili Ramazon oyi munosabati bilan odamlar uch oy (rajab, shaʼbon, ramazon) mobaynida bu asar mutolaasi bilan shugʻullanganlar va hadislardagi gʻoyalarni oʻz hayotlariga qoʻllaganlar. “Sahih Buxoriy” xatmi bilan bu tantanalar yakunlangan. Marokashda harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlar qasamyod qabul qilayotganlarida oʻng qoʻllarini Qurʼoni Karimga, chap qoʻllarini Imom Buxoriy “Sahih”iga qoʻyar ekanlar. Azaldan bor bu qoida hozirgacha davom etib keladi.

Koʻp arab mamlakatlarida oynai jahon orqali muntazam ravishda “Imom Buxoriy saboqlari” (“Durusul-Imamil-Buxoriy”) nomli telekoʻrsatuv haftaning muayyan kunlarida namoyish etiladi. Bu koʻrsatuvlarda taniqli olimlar Imom Buxoriyning ibratli hayoti, boy ilmiy, diniy merosi, hadis ilmi rivojidagi hissasi bilan birga muborak islom dini tamoyillarining turli dolzarb masalalari haqida jahon ahliga maʼruzalar qiladilar.

“Al-Jomiʼ as-Sahih” asarining bunchalar shuhrat taratishi, bemisl eʼtiroflarga sazovor boʻlishi bejiz emas. Faxrli bobokalonimiz betakror fidoyiliklari, jiddu jahdlari bilan dinlar tarixida uchramaydigan qahramonlikni sodir etganlar. Bu jasoratning mohiyati shundan iboratki, boshqa dinlar tarixida ham ulugʻ paygʻambarlar hayoti va faoliyati, turmush tarzi va naqllari, ibratlari va shariatlarini oʻrganish va toʻplashga harakatlar boʻlgan. Afsuski, bu saʼy-harakatlar tamomila oxiriga yetkazilmay qolgan. Bu yumushni qoyilmaqom qilib uddalaydigan, taʼbir joiz boʻlsa, Imom al-Buxoriyga oʻxshagan fidoyi olim topilmagan…

Imom Buxoriy fidoyiligi bilan paygʻambarimiz Muhammad (s. a. v.) shariatining barcha jihatlarini oʻrganish va tahlil qilish imkoni tugʻildi. Dinimizda, deylik, merosning miqdori-yu, taloqning shartlariga oʻxshash umumiy masalalardan tortib, qachon tirnoqni olish xayrli yoki soch-soqol oʻstirishning sunnatlariga oʻxshash xususiy amallargacha yechim bor. Bu hol butun insoniyat axloqi, umuman, madaniyati, demak, tarixiga qoʻshilgan bebaho hissadir.

Imom al-Buxoriyning hayoti va boy bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini faqat Sharq, musulmon olami emas, balki Gʻarb olimlari ham katta qiziqish bilan oʻrganib kelishmoqda. Uning hayoti va faoliyati haqida Oʻrta asrlarda ham qator asarlar yaratilgan. Soʻnggi davrlarda dunyoga kelgan eʼtiborga molik asarlardan biri sifatida hindistonlik olim Shayx Abdussalom Muborakfuriyning “Siyratul-Imomil-Buxoriy” (“Imom Buxoriyning hayot yoʻli”) asarini koʻrsatish mumkin. 160 dan ortiq manbalarga tayanib yaratilgan bu qimmatli asar buyuk muhaddis haqida eng mukammal, qimmatli manba hisoblanadi. Shu bois ham bu asar urdu, ingliz va oʻzbek tillariga tarjima qilingan. Oʻzbek tilidagi tarjimasi 2008 yilda taniqli sharqshunos olim Ubaydulla Uvatov tomonidan amalga oshirilib, Toshkentda nashr etilgan edi.

Darhaqiqat, hadis ilmining sultoni, butun dunyo imomi va boshqa qator yuksak taʼriflarga sazovor boʻlgan Imom Buxoriy hazratlari, to qiyomatgacha biz oʻzbeklarning boshimizni baland koʻtarib ketdilar. Shu boisdan ham yer yuzining qay burchagiga bormaylik, bizni buyuk Imom Buxoriy avlodlari deb bilib, kamoli ehtirom va havas bilan qarashadi.

Butun dunyoning turli burchaklarida yashovchi islom ahli Imom Buxoriyning tabarruk qabrlarini ziyorat qilishni orzu qiladilar. 1956 yilda Livandan sobiq shoʻro hukumatining taklifiga binoan Moskvaga rasmiy tashrif bilan kelgan olim Nadim Jisrning ziyorati bilan bogʻliq mashʼum manzaralar koʻpchilikka maʼlum.

Bu ulugʻ zot shoʻro tuzumi davrida oʻzlariga munosib eʼtirofni koʻrmadi. Mustaqilligimiz sharofati bilan Imom Buxoriyga munosib hurmat koʻrsatildi. 1998 yilda Imom Buxoriy hazratlari tavalludining hijriy hisobda 1225 yillik yubileyi jahon miqyosida nishonlandi. Hazratning Samarqand viloyatida joylashgan maqbaralari oʻrniga zamonaviy yodgorlik majmuasi bunyod etildi. Bu majmuaning rasmiy ochilish marosimi 1998 yil 23 oktyabrda boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistoning Birinchi Prezidenti: “Imom Buxoriy hazratlari nafaqat oʻzbek xalqi, balki butun musulmon olamining faxr-iftixoridir. Ul tabarruk zotning hayoti tom maʼnoda ilmiy va insoniy jasorat, soʻnmas eʼtiqod, bukilmas iroda timsolidir”, deb buyuk allomaga taʼrif bergan edilar.

“Ilmdan oʻzga najot yoʻq, boʻlmaydi ham” – betimsol maʼrifat jasorati bilan olam ahlini hamon hayratga solib kelayotgan zot (dunyodagi bir ilmiy tashkilot Imom Buxoriyni odamzod tarixidagi xotirasi eng kuchli inson, deb tan oldi va eʼlon qildi) butun hayotiy tajribalarini jamlab, chiqargan xulosasi va hukmi shunday, kelajak nasllarga pand-nasihati shunday. Zero, dunyodagi jami ezguliklar ilmdan, maʼrifatdandir. Bilʼaks, insoniyat chekiga tushgan barcha falokatlarning ibtidosi – jaholat, jaholat esa ilmsizlik, maʼrifatsizlik hosilasidir. Binobarin, bugun, XXI asrda ham inson zurriyodini qiynoqlarga solib turgan muammolarning boshi ham shunda. Zero, dunyo ilmdan, uning manbai KITOBdan yuz burib, aql bovar qilmas, oʻnglanmas fojialarga giriftor boʻldi.

Ilohiy darajada koʻrku kamol kasb etgan faxrli ajdodimiz oʻgitlariga quloq tutaylik, vaziyatdan chiqish yoʻlini ilmdan – kitobdan izlaylik. Zero, bundan oʻzga toʻgʻri yoʻl yoʻqdir.

 

Hakim SATTORIY

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ilmdan-ozga-najot-yoq-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x