* * *
Boʻlgan ekan bir oʻlka,
Bizning yurtdek chiroyli.
Keksalari donishmand,
Yigitlari yurakli.
Qiz-juvoni chevaru,
Kampirlari gilamchi.
Mamlakatda yoʻq ekan
Bironta ham tilamchi.
Ahil ekan, doʻst ekan
Atlaschi-yu doʻkondor,
Sarkarda-yu etikdoʻz,
Boʻzchi, hofiz va meʼmor.
Chopqir ekan soylari,
Togʻ-qirlari sersavlat.
Boʻliq ekan yerlari,
Dehqonlari badavlat.
Kishilari tanti deb,
Toʻkin deya bozorlar,
Havas qilib ketarkan
Hindu uygʻur, ozorlar.
* * *
Bunda har bir yoʻl, soʻqmoq
Boqqa borib tutashar.
Shu boisdan bu yurtni
Bogʻli deya atashar.
Bogʻlilarga bosh edi
Oʻttiz yoshli Durbekshoh.
Neki umid qilsa el,
Hammasidan u ogoh.
Yoqmas edi xoqonga
Maishatlar, bazmlar.
Yolgʻon-yashiq maqtovu
Va ortiqcha taʼzimlar.
Dono sanab oʻzini
Qilmasdi koʻp nasihat.
Tinglab katta-kichikni,
Ish koʻrardi hamjihat.
Shohning yori Oyxon ham
Oqil, rahmdil edi.
Ammo farzand koʻrmasdan,
Yurak-bagʻri zil edi.
Tengsiz suluv boʻlib u,
Qilmas edi hech pardoz.
Ovni juda xushlardi,
Edi tengsiz chavandoz.
Malikani sevar shoh,
Yotlar hurmat qilardi.
Duoga qoʻl ochib el,
Unga farzand tilardi.
* * *
Nogʻoralar bong urdi,
Minoralar zirqirar.
Bozorlarda jarchilar
Xaloyiqqa qichqirar:
– Chumchuq otgan ovchilar,
Qiz poylagan sovchilar,
Eshak mingan bobolar,
Echki soqqan momolar,
Oʻsma qoʻygan kelinlar,
Chapani oʻspirinlar,
Eshitmadim demanglar,
Uyda ovqat yemanglar!
Shoh qasrida bugun toʻy,
Ming pud guruch,
Besh ming qoʻy,
Qozonlarga bosildi,
Dasturxonlar yozildi!
Oʻgʻil koʻrdi Durbekshoh,
Malikamiz omon-sogʻ.
Shahzoda oq yoʻrgakda –
“Pish-pish”uxlar,
Goʻdak-da!
Doʻstlar, toʻyga marhamat,
Qimiz iching, yeng ovqat.
Qorin toʻygandan keyin,
Birga tushamiz oʻyin!
* * *
Azim togʻlar ortida
Davron surar Sharmonshoh.
Atrofdagi ishlarni
Kuzatar u misli zogʻ.
Boqib “Topqir oyna”ga
Kekbu degan jodugar,
Olamda ne yuz bersa,
Xoqonga qilar xabar.
Qancha-qancha oʻlkalar
Tobe edi Sharmonga.
Yengolmasdan Durbekni,
Yurar hanuz armonda.
U bogʻlilar ustiga
Qoʻshin tortib ikki bor,
Har ikkala jangda ham
Boʻlgan edi toru mor.
Shundan beri xoqonning
Yuragida dard-alam.
Boplab qasos olmoq-chun
Kutib yurar qulay dam.
* * *
Boqib bir kun jodugar
Oʻsha “Topqir oyna”ga,
Sharmonshohga javradi,
Oʻxshab choʻgʻkoʻz maynaga:
– Bogʻlilarning yurtida
Bugun katta tantana.
Durbek taxtda iljayib –
Oʻtiribdi,
Hu, ana.
Doshqozonlar ostida
Baland yonar olovlar.
Yosh-qarining lunjida
Manti, kabob, palovlar.
Dutor chertar yalpayib,
Tegirmonchi bir bobo.
Oʻyin tushar oʻrtada
Qalam qoshli hurliqo.
Sut emizar malika
Toʻlpoqqina goʻdakka.
Beshik bezab enaga,
Upa surtar sumakka.
Shahzodaga Hurbek deb
Ism qoʻymish el shodon.
Payti kelib bu goʻdak
Boʻlar mashhur pahlavon.
Fildek basti bilan u
Buzib oʻtar gʻovlarni.
Tirqiratar quyondek,
Manman degan yovlarni.
Qoʻporadi togʻni ham,
Kelib qolsa xonasi…
Uni magʻlub etolgay
Faqat tuqqan onasi.
* * *
Jodugarning soʻzidan
Dili boʻlib sim-siyoh,
Tunda Hurbek haqida
Oʻylab yotdi Sharmonshoh.
Huzuriga ertalab
Chorlab ayyor Kekbuni,
Oʻta razil bir ishga
Daʼvat qildi shoh uni:
– Saltanatning taqdiri
Qisman senga bogʻliqdir.
Aytganimni bajarsang,
Oʻnov panjang yogʻliqdir.
Tark etasan bugunoq
Tuz ichgan bu shahringni.
Tengdan ishga solasan
Toʻqson toʻrt ming makringni.
Farmon shuki,
Hurbekni –
Tirik keltir oʻzimga.
Hech boʻlmasa, murdasin –
Koʻrsatursan koʻzimga.
Kekbu magʻrur tirjaydi:
– Vazifa koʻp qiyindir.
Ammo mendek makkorga
Bu ish oddiy oʻyindir.
Bir yumalab jodugar,
Shum burgutga aylandi.
Qanotlarin silkitib,
Uzoq yoʻlga shaylandi.
* * *
Burgut boʻlib jodugar,
Oshib oʻtdi togʻlikni.
Kaptar boʻlib kezdi soʻng
Tinch va obod Bogʻlini.
Shoh saroyi yonida
Oʻralashdi it boʻlib.
Oxir kirdi ichkari,
Mittigina bit boʻlib.
Zarar qilmas
Avval u
Ahvol bilan tanishsa.
Barbod boʻlar hamma ish,
Agar picha yanglishsa.
Xayol surib tun boʻyi,
Qilar ishni rejalab,
Toʻtiqushga aylandi
Qallob Kekbu ertalab.
* * *
Oʻz taxtida Durbekshoh
Oʻtirardi vaqti xush.
Shu payt
Marmar darchaga
Kelib qoʻndi toʻtiqush.
Odob bilan bosh egib
Chiroyli bu parranda,
Dedi:
– Salom, ulugʻ shoh,
Olamdagi zoʻr banda!
Bundan zavqi joʻshgan shoh
Kulib qoʻydi vazirga.
Vazir qahqah urgancha,
Boqdi barcha nozirga.
Hiringlashdi nozirlar,
Qizil kirib betiga.
Shoh darchaga oʻgrilib,
Hazillashdi toʻtiga:
– Juda ochga oʻxshaysan,
Quyuq salom deb qolding.
Pardoz-andoz qilvolib,
Qaysi goʻrdan kep qolding?
Toʻti dedi:
– Men asli
Tugʻilganman Bombeyda.
Qoʻldan-qoʻlga oʻtdimu,
Boʻldim juda koʻp joyda.
Oxir meni Eronda
Sotib oldi bir dargʻa.
Men shoʻrlikdan durustroq
Yashar edi poʻmqargʻa.
Yotar edim och-nahor,
Egam chilim chekkanda.
Qizarardim nomusdan
Meni aynib soʻkkanda.
Fursat poylab
Bir kuni
Qochdim siniq qafasdan.
Toleimga shukurki,
Qutuldim u nokasdan.
Kulib dedi Durbekshoh:
– Qoʻy, oʻksinma,
Dono qush.
Bu saroyda senga ham
Topiladi biron ish.
* * *
Qushni qoʻlga qoʻndirib,
Durbek kirdi xonaga.
Goʻdakchani papalab
Oʻtirardi enaga.
Qushni koʻrgach,
Kampirni –
Bosdi birdan tahlika…
Taʼzim qilib,
Xoqonni –
Qarshi oldi malika.
Soʻng chiroyli toʻtini
Zavqi joʻshib kuzatdi.
Silamoq-chun patlarin,
Qoʻlin asta uzatdi.
Shoh dedi:
– Bu dono qush
Tortmish juda koʻp alam.
Endi sizning mehringiz
Boʻlsin unga sal malham.
U hattoki oʻxshatib –
Kuylay olar “alla”ni.
Uxlab qolsa enaga,
Ovuntirar bolani.
Dedi shunda enaga:
– Shohim, sizdan iltimos,
Bu toʻtini qafasga
Solib qoʻysak, boʻlur soz.
Qush tortadi asliga,
Qancha oqil boʻlmasin.
Shoʻxlik qilib,
Hurbekning
Yuz-koʻziga qoʻnmasin…
Tomoq qirib Durbekshoh,
Oʻylandi-yu bir nafas,
Javob qildi:
– Ha, mayli,
Buyuramiz zar qafas.
* * *
Chiqib ketgach Durbekshoh,
Kampir boqdi Oyxonga:
– Quloq soling, malikam,
Bir marta men nodonga.
Bu qush menga nechundir
Koʻrindi-da shubhali.
Sovuq boqdi goʻdakka,
Kirib kelgan mahali.
Tevarakni kuzatdi
Diqqat bilan u nuqul.
Menimcha, bu toʻtidan
Uzoqroq yurgan maʼqul.
Jilmaydi yosh malika,
Yuzi oʻxshab oftobga:
– Shohning gapin qaytarmoq
Toʻgʻri kelmas odobga.
Balki chindan haqdirsiz
Koʻpni koʻrgan Siz qari…
Biz toʻtini
Qafasdan
Chiqarmaymiz tashqari.
* * *
Oyxon oʻgʻlin emizib,
Uxlab qoldi toʻshakda.
Onajonin achomlab,
“Chup-chup”emar goʻdakcha.
Yelkadagi ogʻrigʻi
Kuchayganda zirqirab,
Jajji Hurbek dod soldi
Tipirchilab, chirqirab.
Koʻzin ochib malika
Uyqusirab boqqan on,
Qoʻlga oldi goʻdakni
Enagasi girgitton.
Koʻrib goʻdak yelkasin,
Chaqnab ketdi naq koʻzi.
Oppoqqina yoʻrgakdan
Sizar edi qon izi.
Kampir dedi:
– Voy, qarang,
Yoʻrgakda qon qotibdi.
Uzugingiz Hurbekning
Yelkasiga botibdi!
Oʻgʻlin quchdi malika,
Olam unga tor edi…
Uning nikoh uzugi
Uch qirrali zar edi.
Malham bilan
Tez kunda
Bitib ketdi bu yara.
Lek baribir yelkada
Tamgʻa qoldi uch qirra.
***
Shinam xona.
Yarim tun.
Hamon uygʻoq toʻtiqush.
Sokin uxlar chaqaloq,
Koʻryotgandek shirin tush.
Tugab kunlik yumushi,
Orom kirib tanaga,
Chaqaloqning yonida
Mudrab yotar enaga.
Oyni yamlab yutgan choq
Ajdarsimon koʻk bulut,
Makkor qushning koʻzida
Yalligʻlandi bir umid.
Roʻyi zamin uyquda,
Borliq goʻyo gung va kar.
Pashsha boʻlib,
Qafasdan –
Uchib chiqdi jodugar.
Soʻng burgutga aylanib,
Changalladi yoʻrgakni.
Uchib chiqdi darchadan,
Koʻtargancha goʻdakni.
Chaqaloqning yigʻisi
Birdan buzdi sukutni.
Kampir choʻchib uygʻonib,
Koʻrdi oʻgʻri burgutni.
Notinch qildi saroyni
Enaganing faryodi.
Eh, qaniydi kampirda
Boʻlsa lochin qanoti!
* * *
Makkor Kekbu kerilib,
Kirib keldi qasrga.
Mamnun boqdi Sharmonshoh
Yoʻrgakdagi asirga.
Dedi, qoʻlga olarkan
Koʻzi oʻynoq goʻdakni:
– Pahlavon deb oʻylaysan
Nahotki shu soʻtakni?
Uning soʻzi tugamay,
Bola nogoh musht urdi.
Singan tishin Sharmonshoh
Gilamchaga tupurdi.
Gʻazablanib dedi soʻng:
– Koʻrmagan-da tarbiyat.
Bu battolni yotlarga
“Oʻgʻlim”deyish ham uyat.
Uning katta achasi
Menga xola, desammi?
Yoki oʻgay opamdan
Qolgan bola, desammi?
Hiringladi jodugar:
– Oʻzingizda ixtiyor,
Siz “itimsan”desangiz,
Yotlar bundan baxtiyor.
* * *
Quyosh botdi,
Oy chiqdi,
Suvlar oqdi oʻn besh yil.
Bu orada Durbekning
Yurak-bagʻri boʻldi chil.
Qattiq sanchsa koʻkragi,
Bogʻni kezar u behol.
Sutga tashna goʻdakni
Eslatadi navnihol.
Qutulmoq-chun gʻashlikdan
Ovga chiqsa goh-gohi,
Oʻxshab ketar Hurbekka
Qochayotgan yosh ohu…
Durbek rosa oʻn besh yil
Kuydi farzand dogʻida.
Unutmadi oʻgʻlini
Kasalida, sogʻida.
* * *
Boqib “Topqir oyna”ga,
Irgʻishladi jodugar.
Sharmonshohga shu zahot
Olib kirdi xushxabar:
– Suyunchidan choʻzsinlar,
Saodatli ey, xoqon.
Bugun Durbek tanasin
Tugalay tark etdi jon.
Chol-kampirlar azador,
Qiz-juvonlar motamda.
Yamoqchi-yu zargarlar,
Qoʻychivonlar motamda.
Koʻzyosh toʻkar yasovul,
Yigʻlab turar sipohi.
Eshitilar saroydan
Malikaning oh-vohi…
Shodon qarsak urdi shoh:
– Xazinalar ochilsin,
Jodugarning boshidan
Oz-moz oltin sochilsin!
* * *
Navroʻz kelib,
Dehqonlar –
Yerga urugʻ sochgan choq,
Bogʻlilarning yurtiga
Bosib kirdi Sharmonshoh.
Ketmon qoldi uvotda,
Toʻxtab qoldi qoʻsh-omoch.
Yosh-qarining qoʻlida
Qilich yana yalangʻoch.
Binafshalar toptaldi,
Jilgʻalardan oqdi qon.
Yakson boʻldi oʻtovlar,
Yondi don va tegirmon.
Oʻn kecha-yu oʻn kunduz
Davom etdi qirgʻin, jang.
Bosqinchilar toʻdasin
Holi oxir boʻldi tang.
Sichqonlardek tirqirab,
Yovlar ortga chekindi.
Joni omon qolganlar
Qir ortiga berkindi.
* * *
Rangi oʻchgan Sharmonshoh
Kirib keldi chodirga.
Xomush boqdi
Koʻrpada –
Yotgan Xashpash botirga.
Botir oʻxchib yoʻtalib,
Tomogʻini oʻradi.
Taʼbi xira xoqondan
Xavotirli soʻradi:
– Adashmasam, jang-jadal
Oxiriga yetgandir?
Qaysarpadar mamlakat
Qoʻlimizga oʻtgandir?
Qoʻl siltadi Sharmonshoh:
– Rasvo boʻldi hammasi.
Betobliging dushmanga –
Qoʻl kelyapti, chamasi.
Oʻn besh yoshli botirning
Jahli chiqdi bu gapdan.
Dedi:
– Aytgan edim-ku,
Kuting deya bir hafta…
Soʻng qichqirdi gʻijinib:
– Bering qilich-sovutni.
Dushmanlarim oʻziga
Tayyorlasin tobutni!
Shoh quvonib tirjaydi:
– Yaxshiyamki sen borsan.
Axir oʻgay opamdan
Qolgan yolgʻiz yodgorsan.
Xashpash yechib koʻylagin,
Tashlar ekan sandiqqa,
Yelkasini siypalab,
Qarab qoʻydi chandiqqa.
Kiyib qizgʻish libosin
Va paxtali kamzulin,
Mis sovutga burkandi,
Yalangʻochlab shamshirin.
* * *
Dubulgʻali malika
Turar oʻtov yonida.
Ingrab keldi bir chopar,
Belangancha qoniga:
– Ahvolimiz juda tang,
Holdan toydi yigitlar.
Ulardagi soʻnggi kuch –
Ona aytgan oʻgitlar.
Qirgʻin soldi bizlarga
Xashpash degan bir botir.
Uni magʻlub etishga
Bilmam,
Qaysi dev qodir…
Mard va jasur malika
Laʼnat oʻqib sur yovga,
Janggoh sari otildi
Minib uchqur bedovga.
* * *
Xashpash betob boʻlsa ham,
Shiddat bilan jang qildi.
Koʻk maysalar ustini
Qondan qizil rang qildi.
Kirgan sayin chuqurroq
Yot lashkarning ichiga,
Charchoq ketib, goʻyoki –
Kuch qoʻshilar kuchiga.
Dosh berolmay bogʻlilar,
Chekingani choq dashtga,
Yon tomondan bir otliq
Hujum qildi Xashpashga.
Jadal kelib chavandoz
Unga qilich tortgan on,
Xashpash botir qoʻlidan
Uchib ketdi mis qalqon.
Ikki qilich havoda
Toʻqnashdi-yu ikki bor,
Goʻyo botir bilagin
Tark ayladi kuch-mador.
Qilich uning sovutin
Oʻtgan chogʻda timdalab,
Xashpash botir tulpordan
Tushdi yerga yumalab.
* * *
Olgʻa yurdi bogʻlilar,
Bu yutuqdan ruhlanib.
Chodirida Sharmonshoh
Yotar titrab, burkanib.
Otdan tushdi chavandoz,
Yakun yasay deb jangga.
Bir turtishda Xashpashni
Qapishtirdi xarsangga.
Qilich qadab malika
Oʻz oʻgʻlining boʻgʻziga,
Borliq gʻazab-nafratin
Sochdi uning yuziga:
– Yov lashkari qirilsa,
Elim uchun qasos bu!
Burdalansa Sharmonshoh,
Erim uchun qasos bu!
Ichsam sening qoningni,
Bolam uchun qasos bu!
Jazo tortsa bosqinchi,
Olam uchun qasos bu!
Tushunmagan boʻlsa-da
Bu soʻzlarni yosh polvon,
Raqib ayol ekani
Qildi uni lol-hayron.
Qilich tigʻi kuchliroq
Niqtalgan payt boʻgʻziga,
Ayol taqqan zar uzuk
Shuʼla sochdi koʻziga.
Xashpash botir ayolning
Koʻzlariga boqdi tik.
Yelkadagi chandiqning
Aksi edi bu uzuk!
Garchi magʻlub boʻlsa ham
Magʻrur turgan yosh polvon,
Qildi qoʻqqis iltijo
Vujudida titrab jon.
Tinmay
“Man-u-u, manu!” – deb,
Takrorlardi bir soʻzni.
(Oʻz tilida “ona”deb,
Yoshlar edi u koʻzni).
Jahli soʻnmay,
Malika –
Kinoyali jilmaydi:
– Oʻldirishni bilasan,
Biroq oʻlging kelmaydi.
Quloq solib dodingga,
Kechirsam sen yirtqichni,
Demak, dushman qoʻliga
Qaytarurman qilichni.
Yigit battar zorlanib,
“Man-u-u!” – deya boʻkirdi,
Yirtib tashlab sovutin,
Yelkasini oʻgirdi.
Oyxon unga qilichin
Sanchmoq boʻlib turgan on,
Koʻrib tanish chandiqni,
Qalqib ketdi nogahon.
* * *
Boya ular yov edi,
Endi yigʻlab, oʻpishar.
Ona quchar bolani,
Bola unga yopishar.
“Manu, manu”deb
Hurbek –
Malikaga suykanar.
Ona unga termilib,
Taʼna bilan kuykanar:
– Nahotki, oʻz tilingdan
Yiroq boʻlsang shuncha ham?
Hech yoʻq, “ona”deyishni
Bilmading-a, jon bolam.
Yaxshiyamki yelkangda
Bor ekan shu nishona,
Yoʻqsa, seni oʻz onang
Qilardi shoʻr peshona.
Kirganing-chun janggohga
Yurtdoshingga gʻov boʻlib,
Tugʻilgan oʻz yeringga
Koʻmilarding yov boʻlib.
Hech kimsaning shafqatin
Uygʻotmasdi koʻzyoshing.
Jasadingni tepalab
Oʻtar edi qondoshing…
* * *
Onaga xos mehr-la
Oʻgʻlin quchib malika,
Iltijoli tovushda
Nido qildi falakka:
– Hech bandani,
Ey, Tangrim,
Judo qilma elidan,
Farzandlarni onadan
Hamda ona tilidan!
* * *
Bu hikmatni bogʻlilar
Tugib olib diliga,
Shundan “ona tili”deb
Nom qoʻymishlar tiliga.
Ertaklarda koʻpincha
Oʻzgaradi nom va joy.
Oʻsha jasur bogʻlilar
Bizga ajdod, hoynahoy.
Chunki, biz ham oʻshanday
Boy oʻlkada yashaymiz.
Tilimizni eʼzozlab,
“Ona tili”ataymiz.
Sevib yurak-yurakdan
Yurtimizni bizlar ham,
Uni yovdan qoʻrishga
Dilda ichganmiz qasam…
* * *
Kechirgaysiz,
Oshnalar,
Ketib qolsam xushlashmay.
Ushbu ertak haqida
Bahslashinglar mushtlashmay.
Anvar OBIDJON
https://saviya.uz/ijod/nazm/ogirlangan-pahlavon-haqida-ertak/