Vanya togʻa

Anton CHEXOV

 

(Qishloq hayotidan olingan toʻrt pardali pyesa)

 

QATNASHUVCHILAR:

 

Serebryakov Aleksandr Vladimirovich – isteʼfoga chiqqan professor.

Yelena Andreevna – uning xotini, 27 yoshda.

Sofya Aleksandrovna (Sonya) – Serebryakovning birinchi xotinidan boʻlgan qizi.

Voynitskaya Mariya Vasilyevna – maxfiy sovetnikning tul xotini, professorning birinchi xotinining onasi.

Voynitskiy Ivan Petrovich – uning oʻgʻli.

Astrov Mixail Lvovich – vrach.

Telegin Ilya Ilich – kambagʻal boʻlib qolgan pomeshchik.

Marina – qari enaga. Xizmatkor.

 

Voqea Serebryakovning qoʻrgʻonida oʻtadi.

 

BIRINCHI PARDA

 

Bogʻ. Uy va ayvonning bir chekkasi koʻrinib turadi. Qari terak ostidagi xiyobon oʻrtasiga choy uchun stol tayyorlangan. Skameyka da stullar. Skameykaning birida gitara yotibdi Stoldan cal narida haynchoq. Soat uchlar chamasi. Havo bulut.

Marina (qarib munkillab qolgan kampir, samovarning yonida paypoq toʻqib oʻtiribdi) va Astrov (uning yonida u yoqdan-bu yoqqa yurmoqda).

 

M a r i n a (stakanga choy quyadi). Ol, ich, otaxon.

A s t r o v (istar-istamas stakanga qoʻl choʻzadi). Negadir koʻnglim tortmaydi.

M a r i n a. Balki aroq ichishni istarsan?

A s t r o v. Yoʻq. Men kunda aroq ichmayman. Buning ustiga havo juda dim boʻlib turibdi.

 

Pauza.

 

Enaga, tanishganimizga necha yil boʻldi?

M a r i n a (oʻylab). Necha yil boʻldi deysanmi? Esim qursin. Sening bu yerga, bizning tomonlarga kelganingga qancha boʻldi ekan?.. Sen kelganingda Sonyaning onasi, Vera Petrovna hayot edi. Sen u hayotligida ikki qish qatnagan eding… Xullas, oʻn bir yilcha oʻtibdi. (Oʻylab.) Balki, bundan ham koʻproqdir…

A s t r o v. Oʻshandan beri juda oʻzgarib ketdimmi?

M a r i n a. Juda oʻzgarib ketding. Sen u vaqtlarda yosh, chiroyli yigit eding, endi boʻlsa qarib qolding. Chiroying ham soʻndi. Buning ustiga aroq ham ichasan.

A s t r o v. Ha… Oʻn yil ichida boshqa odam boʻlib qoldim. Bunga nima sabab? Ish yeb tashladi, enaga. Ertadan to qora tungacha yurganim-yurgan, dam olish nimaligini bilmayman, kechasi oʻrnimda yotganimda ham, tagʻin bitta-yarimtasi kasalning oldiga sudrab qolmasin, deb qoʻrqaman. Sen bilan tanishganimdan beri birorta boʻsh kunim boʻlmadi. Bu ahvolda qarimay boʻladimi? Buning ustiga turmushning oʻzi ham zerikarli, bachkana va iflos… Turmush oʻz girdobiga tortib ketadi. Atrofga qarasang, seni tentak odamlar qurshab olganini koʻrasan, ularning bari tentak; ular bilan bir-ikki yil yashasang bormi, tentak boʻlganingni oʻzing ham sezmay qolasan, kishi. Bu qismatdan qochib qutulolmaysan. (Uzun moʻylovini buraydi.) Koʻrdingmi, moʻylovim qanday uzun… Bachkana moʻylov. Men tentak boʻlib qoldim, enaga… Hali aqlimni yeb qoʻyganimcha yoʻgʻ-a, xudoga shukur, miyam joyida, lekin tuygʻularim oʻtmaslanib qolganga oʻxshaydi. Hech qanday istak yoʻq, koʻnglim hech narsani xushlamaydi, hech kimni sevmayman… Yolgʻiz seni yaxshi koʻraman desam boʻladi. (Uning boshidan oʻpadi.) Bolaligimda mening ham xuddi senga oʻxshagan enagam boʻlardi.

M a r i n a. Balki biror narsa yeging kelayotgandir?

A s t r o v. Yoʻq. Roʻzaning uchinchi haftasida men Malitskoye qishlogʻiga epidemiyaga bordim… Terlama kasali… Xonadonlarda choʻzilib yotganlarning sanogʻi yoʻq… Iflos, sassiq, tutun, yerda bemorlar bilan birga buzoqlar yotibdi… Choʻchqa bolalari ham shu yerda… Kun boʻyi ovora boʻldim, oʻtirishga qoʻlim tegmadi, ogʻzimga ushoq ham olmadim, uyimga kelsam, nafasimni rostlab olishga ham qoʻyishmadi – temir yoʻldan strelkachini olib kelishgan ekan: operatsiya qilmoqchi boʻlib stolga yotqizdim, keyin xloroform hidlatgan edim, oʻlib qolsa boʻladimi… Kerak boʻlmagan paytda, tuygʻularim uygʻonib ketdi, men uni qasddan oʻldirgandek vijdon azobida qoldim… Oʻtirib oldim, mana shunday koʻzimni yumib, xayol surib ketdim; yuz – ikki yuz yil bizdan keyin yashagan kishilar, ularning yashashlari uchun biz yoʻl ochib berayotganimizni bilisharmikin, yaxshi soʻz bilan eslasharmikin? Eslashmas-a, enaga?

M a r i n a. Odam bilmasa xudo biladi-ku.

A s t r o v. Rahmat kampir, yaxshi aytding.

 

Voynitskiy kiradi. Voynitskiy (uydan chiqadi; u nonushtadan keyin uxlagan va koʻrinishi soʻlgʻin; skameykaga kelib oʻtiradi, oʻzining olifta galstugini tuzatadi).

 

Shunday…

 

Pauza.

 

Shunday…

A s t r o v. Kalla pishdimi?

V o y n i s k i y. Ha… Rosa. (Esnaydi.) Professor oʻz rafiqasi bilan bu yerda yashay boshlagandan buyon turmushimiz oʻz qolipidan chiqib ketdi… Oʻz vaqtida uxlamayman, nonushta va tushda maza-matrasiz ovqatlarni yeyman, vino ichaman… Bu yaxshilik alomati emas! Ilgarilari bir minut ham qoʻlimiz boʻsh turmas edi, Sonya ikkovimiz ishlardik – nimasini aytasan; endi-chi, yolgʻiz Sonyaning oʻzi ishlaydi, men uxlayman, yeyman, ichaman… Yaxshi emas!

M a r i n a (boshini tebratib). Xoʻp tartiblar rasm boʻldi-da! Professor uyqudan soat oʻn ikkida turadi, samovar boʻlsa azondan qaynab yotadi, hamma uning turishini kutadi. Bular kelmasdan ilgari, odamlarga oʻxshab soat birda ovqatlanar edik, endi boʻlsa soat yettida. Professor kechasi bilan oʻqib, yozib chiqadi, soat ikkilarda toʻsatdan qoʻngʻiroq jaranglab qoladi deng… Nima boʻldi, taqsir, deb yugurib borasan. Choy buyuradi. Uni deb hamma odamni uygʻotasan, samovar qoʻydirasan… Zap tartiblar boʻldi-da!

A s t r o v. Ular bu yerda hali uzoq turishmoqchimi?

V o y n i s k i y (hushtak chalib). Yuz yil. Professor bu yerda muqim turib qolmoqchi.

M a r i n a. Mana hozir ham samovar ikki soatdan buyon stolda, ular boʻlsa sayr-tomosha qilgani ketishdi.

V o y n i s k i y. Kelishyapti, kelishyapti… Tashvishlanma.

 

Ovozlar eshitiladi; bogʻning ichkarisidan sayr-tomoshadan qaytayotgan Serebryakov, Yelena Andreevna, Sonya va Teleginlar kiradilar.

 

S ye r ye b r ya k o v. Ajoyib, ajoyib… Goʻzal manzaralar.

T ye l ye g i n. Gʻoyatda goʻzal, janobi oliylari.

S o n ya. Biz ertaga oʻrmonga boramiz, dada. Xohlaysanmi?

V o y n i s k i y. Janoblar, choyga oʻtiringlar!

S ye r ye b r ya k o v. Doʻstlarim, malol kelmasa, menga choyni kabinetimga olib kelinglar, mening hali qiladigan ishlarim bor.

S o n ya. Oʻrmon senga juda yoqadi…

 

Yelena Andreevna, Sonya va Serebryakov uyga kiradilar; Telegin stolga yaqin borib, Marinaning yonidan joy oladi.

 

V o y n i s k i y. Kun issiq, havo dim-u, bizning ulugʻ olimimiz boʻlsalar, palto, kalosh kiyib olibdilar, qoʻllarida qoʻlqop, zontik koʻtarib yuribdilar.

A s t r o v. Oʻzini asrasa kerak-da.

V o y n i s k i y. Yelena qanday goʻzal-a! Qanday goʻzal! Umrim bino boʻlib bundan goʻzalroq xotinni koʻrmaganman.

T ye l ye g i n. Dalada ketayotganimda ham, Marina Timofeevna, salqin bogʻda aylanib yurganimda ham, mana bu stolga nazar tashlaganimda ham, men taʼrifga sigʻmaydigan lazzat olaman! Obi havo juda maromida, qushlar sayragan, hammamiz tinch va totuv yashaymiz, bundan ortiq yana nima kerak bizga? (Stakanni olib.) Gʻoyat minnatdorman!

V o y n i s k i y (xayol surib). Koʻzlarini ayt… Ajoyib xotin-da!

A s t r o v. Biror narsa gapirib bersang-chi, Ivan Petrovich.

V o y n i s k i y (istar-istamas). Nima gapirib beray?

A s t r o v. Yangiliklardan yoʻqmi?

V o y n i s k i y. Hech bir. Hammasi eski. Men ilgari qanday boʻlsam hozir ham xuddi shundayman, rosti, bir oz yomonroq boʻlib qoldim, sababi dangasa boʻlib ketdim, sira ish qilmayman, faqat chollarga oʻxshab vaysaganim-vaysagan. Mening qari zagʻcham, tatap, xotin-qizlar ozodligi toʻgʻrisida sayragani-sayragan: bir koʻzi bilan goʻrga qarasa, ikkinchi koʻzi bilan oʻzining aqlli kitoblaridan yangi hayot tongini axtaradi.

A s t r o v. Professor-chi?

V o y n i s k i y. Professor boʻlsa avvalgiday ertalabdan to yarim kechagacha oʻz kabinetida oʻtirib, yozgani-yozgan: “Aql tarang, yuz xoʻp tirishgan, yozganimiz nuqul qasida, na oʻzimiz, na qasidaga sira boʻlmas maqtov nasiba”[1]. Shoʻrlik qogʻoz! U oʻz tarjimai holini yozib chiqsa durustroq boʻlar edi. Shuning oʻzi qanday ajoyib syujet! Isteʼfoga chiqqan professor, tushunasanmi, qari mijgʻov, xoda yutgan olim… Podagra, bod, mudom bosh ogʻrigʻi, rashk hamda hasaddan jigari shishib ketgan dardi-bedavo… Mana shu xoda yutgan olim birinchi xotinidan qolgan yer-mulkda yashaydi, bundan boshqa iloji yoʻq, chunki shaharda yashashni hamyoni koʻtarmaydi. Oʻz baxtsizligidan noligani-noligan, aslida esa oʻzi gʻoyatda baxtiyor. (Asabiy.) Baxt boʻlganda ham qanaqa baxt degin-a! Kimsan, oddiy bir soʻfining oʻgʻli, ruhoniylar maktabining bir talabasi edi, endi olimlik unvoniga hamda kafedraga ega boʻlib oldi, janob oliylari boʻldi, soʻng senatorga kuyov boʻldi, hokazo va hokazo. Lekin bularning menga ahamiyati yoʻq. Sen mana buni eshit. Bu odam rosa yigirma besh yildan buyon sanʼat toʻgʻrisida leksiya oʻqiydi va yozadi-yu, lekin oʻzi sanʼatga mutlaqo tushunmaydi. U yigirma besh yildan buyon birovlarning realizm, naturalizm va shunga oʻxshagan ming xil tuturuqsiz narsalari haqidagi fikrini chaynab keladi; yigirma besh yildan buyon aqlli odamlarga allaqachonlar maʼlum boʻlgan, ahmoqlarga esa sira qizigʻi yoʻq narsalar haqida oʻqib va yozib keladi, demak, u yigirma besh yildan buyon quruq aravani olib qochib yuribdi. Yana oʻzini katta olib yuri-shini aytmaysanmi! Takabburligini koʻrmaysanmi! U isteʼfoga chiqqan, lekin uni birorta mahluq tanimaydi, u mutlaqo nomaʼlum odam, demak, u yigirma besh yil birovning oʻrnini egallab kelgan. Yurishini qara-ya, sovlatidan it hurkadi!

A s t r o v. Havasing kelyapti, shekilli?

V o y n i s k i y. Ha, havasim kelyapti! Xotinlar orasida qozongan shuhratini aytmaysanmi! Birorta Don-Juan bunchalik shuhrat qozongan emas! Uning birinchi xotini, mening opam, mana shu koʻm-koʻk osmon singari goʻzal va musaffo, yuvosh, olijanob va mehribon xotin edi. Unga shaydo boʻlganlarning soni erining talabasidan koʻproq edi, u buni shu qadar sevar ediki, yolgʻiz farishtalargina oʻzlari singari pok va goʻzal farishtalarni shunchalik sevishlari mumkin. Mening onam, professorning qaynanasi, buni hali ham yeru koʻkka ishonmaydi, bu odam haligacha onamning koʻziga avliyodek boʻlib koʻrinadi. Uning ikkinchi xotini goʻzal, aqlli xotin, hozir oʻzingiz koʻrdingiz. Kelib-kelib shu qarigan cholga erga tegdi, unga oʻz yoshligini, chiroyini, erkini, butun borligʻini bagʻishladi. Nima uchun? Nega?

A s t r o v. U professorga sodiqmi?

V o y n i s k i y. Afsuski, ha.

A s t r o v. Nega endi afsuski?

V o y n i s k i y. Chunki bu sodiqlik boshdan-oyoq qalbaki. Bu sodiqlikda koʻr-koʻronalik koʻp-u, mantiq yoʻq. Yomon koʻrgan qari erga xiyonat qilish – axloqsizligu, oʻzining bechora yoshligini va jonli tuygʻularini xazon qilish – axloqdan emish.

T ye l ye g i n (yigʻloqi ovoz bilan). Vanya, sen shunday desang men yoqtirmayman. Rost, azbaroyi xudo… Kimki, oʻz xotiniga yoki eriga xiyonat qilarkan, demak, u odam sofdil emas, unday odam oʻz Vataniga ham xiyonat qilishi mumkin!

V o y n i s k i y (ranjib). Bemaʼni gaplarni gapirma, Patir!

T ye l ye g i n. Ruxsat et, Vanya. Mening xotinim aftim xunuk boʻlganligi uchun toʻyimizning ertasigayoq oʻz sevgan kishisi bilan qochib ketgan. Shundan keyin ham men oʻz burchimni buzmadim, men shu vaqtgacha uni yaxshi koʻraman va unga sodiqman, unga qoʻlimdan kelgancha koʻmaklashib turaman, oʻz mol-mulkimni xotinimning yaxshi koʻrgan odamidan ortdirgan bolalari tarbiyasiga berdim. Baxtdan mahrum boʻldim-u, lekin gʻururligim qoldi. Xoʻsh, u-chi? Yeshligi utib ketdi, tabiat qonunlarining taʼsiridan chiroyi soʻldi, yaxshi koʻrgan odami oʻlib ketdi… Endi uning nimasi qoldi?

 

Sonya bilan Yelena Andreevna kiradilar; bir ozdan soʻng kitob koʻtargan Mariya Vasilyevna kiradi; u oʻtirib kitob oʻqiydi; unga choy uzatadilar, u boʻlsa, kitobdan koʻzini uzmay, choy ichadi.

 

S o n ya (enagasiga tez gapiradi). Enagajon, mujiklar kelishdi, anovi yerda turishibdi. Bor, gaplash, choyni oʻzim quyaman… (Choy quyadi.)

 

Enaga ketadi. Yelena Andreevna oʻz chashkasini olib, haynchoqda oʻtiradi-da, choy ichadi.

 

A s t r o v (Yelena Andreevnaga). Axir men eringizni koʻrgani kelgan edim. Siz uni juda ogʻir kasal, bod yana allanima deb yozgan edingiz, vaholanki, u soppa-sogʻ ekan.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Kecha kechqurun betob edi, u oyogʻining ogʻrishidan shikoyat qilgan edi, bugun tuzuk…

A s t r o v. Men boʻlsam oʻttiz chaqirim joydan ot yeldirib kelibman-a. Xayr mayli, bu birinchi marta emas, endi ertagacha sizlarnikida qolaman, loaqal, bir toʻyib uxlab olaman.

S o n ya. Juda yaxshi. Siz biznikida juda kamdan-kam yotib qolasiz. Siz hali ovqat ham yemagan boʻlsangiz kerak?

A s t r o v. Yoʻq, yemadim.

S o n ya. Shu bahona bilan mehmon ham boʻlasiz. Biz endi soat yettida ovqatlanadigan boʻlganmiz. (Ichadi.) Choy sovub qolibdi-ku.

T ye l ye g i n. Samovarning oʻti ancha pasayib qolibdi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Hechqisi yoʻq, Ivan Ivanich, biz sovugʻini ham ichaveramiz.

T ye l ye g i n. Kechirasiz… Ivan Ivanich emas, kamina Ilya Ilich boʻladilar… Ilya Ilich Telegin, yoki yuzim choʻtirligidan baʼzilar meni Patir deb ataydilar. Men bir vaqtlar Sonechkani choʻqintirganman, janob oliylari, sizning eringiz, meni juda yaxshi biladilar. Men hozir sizlarnikida yashayman, shu yerda… Agar payqagan boʻlsalar, men har kuni sizlar bilan birga ovqatlanaman.

S o n ya. Ilya Ilich bizning koʻmakdoshimiz, oʻng qoʻlimiz boʻladilar. (Mehribonlik bilan.) Keling, amakijon, tagʻin choy quyib beray.

M a r i ya V a s i l ye v n a. Ax!

S o n ya. Nima boʻldi, buvi?

M a r i ya V a s i l ye v n a. Aleksandrga aytishni unutibman… esim qursin… Bugun Xarkovdan, Pavel Alekseevichdan xat olgan edim… u oʻzining yangi kitobchasini yuboribdi…

A s t r o v. Qiziqarlimi?

M a r i ya V a s i l ye v n a. Qiziqarli-ku, lekin bir oz gʻalatiroq. Bundan yetti yil ilgari yoqlab chiqqan narsalarini hozir oʻzi inkor etyapti. Bu dahshat-ku!

V o y n i s k i y. Dahshat-pahshatli joyi yoʻq. Choyingizni iching.

M a r i ya V a s i l ye v n a. Axir men gapirmoqchiman!

V o y n i s k i y. Ellik yildan beri gapirganimiz-gapirgan, kitob oʻqiganimiz-oʻqigan. Endi tugatsak ham boʻlar deyman.

M a r i ya V a s i l ye v n a. Men gapirsam negadir senga yoqmaydi. Kechirasan Jan, sen soʻnggi bir-ikki yil ichida juda oʻzgarib ketding, senga hech tushunolmay qoldim… Sen aniq eʼtiqodlarga, yorqin fikrga ega boʻlgan odam eding.

V o y n i s k i y. O, albatta! Men yorqin fikrli odam edim, lekin hech kim mendan yorugʻlik koʻrmadi…

 

Pauza.

 

Men yorqin fikrli odam edim… Bundan zaharroq gap topish qiyin! Men qirq yetti yoshga kirdim. Oʻtgan yilga qadar men ham siz singari chinakam hayotni koʻrmaslik uchun joʻrttaga oʻz koʻzlarimni sizning mana shu quruq safsatalaringiz bilan bogʻlab keldim va ezgu ish qilyapman deb oʻyladim. Endi-chi, endi siz bilsangiz edi! Men alamimdan, jahlimdan, umrimni bekorga oʻtkazib yuborganimdan kechalari uyqim kelmaydi. Men hamma narsaga ega boʻlishim mumkin edi, endi boʻlsa qariligim bu narsalardan meni mahrum qilmoqda!

S o n ya. Vanya togʻa, jonga tegdi-ku!

M a r i ya V a s i l ye v n a (oʻgʻliga). Sen oʻzingning avvalgi eʼtiqodlaringni bir nimada ayblaganday koʻrinasan… Lekin eʼtiqodlaring emas, oʻzing aybdorsan. Quruq eʼtiqodning oʻzi puch gap, jonsiz harf ekanligini unutib qoʻygansan. Ish qilish kerak edi.

V o y n i s k i y. Ish deysizmi? Sizning janobi professoringiz singari har kim ham hammaga maʼlum narsani yozavermaydi-ku.

M a r i ya V a s i l ye v n a. Bu bilan nima demoqchisan?

S o n ya (yolvorib). Buvi, Vanya togʻa! Oʻtinaman sizlardan!

V o y n i s k i y. Xoʻp, jim boʻldim. Gapirmayman, kechirim soʻrayman.

 

Pauza.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bugun havo qanday yaxshi-ya… Issiq emas…

 

Pauza.

 

V o y n i s k i y. Bunday havoda osilib oʻlish yaxshi…

 

Telegin gitarani sozlaydi. Marina uyning oldida yurib, tovuqlarni chaqiradi.

 

M a r i n a. Tu, tu, tu…

S o n ya. Enagajon, mujiklar nimaga kelishibdi?..

M a r i n a. Yana oʻsha gap, quruq yotgan yer toʻgʻrisida. Tu, tu, tu…

S o n ya. Nimani chaqiryapsan?

M a r i n a. Chipor tovuq joʻjalari bilan ketgan edi… Kalxatlar koʻtarib ketmasin deb xavotirdaman… (Ketadi.)

 

Telegin “Polka”ni chaladi; hamma jim quloq soladi; xizmatkor kiradi.

 

X i z m a t k o r. Doktor janoblari shu yerdamilar? (Astrovga) Marhamat, Mixail Lvovich, sizga kelishibdi.

A s t r o v. Qayerdan?

X i z m a t k o r. Fabrikadan.

A s t r o v (achinib). Qulluq, minnatdorman. Na chora, joʻnash kerak… (Koʻzlari bilan furajkasini axtaradi.) Jin ursin, alam qilyapti…

S o n ya. Juda koʻngilsiz ish boʻldi-da, rost… Fabrikadan chiqib ovqatlanishga kela qoling.

A s t r o v. Yoʻq, kech boʻladi. Haligi… Qayoqda edi… (Xizmatkorga.) Menga qara ogʻayni, qani, bir ryumka aroqdan keltir-chi.

 

Xizmatkor ketadi.

 

Haligi… qayoqda qoldi… (Furajkasini topadi). Ostrovskiyning allaqanday bir pyesasida moʻylovi uzun, fahmi kalta bir odam bor edi… Oʻsha odam men. Xoʻp, yaxshi qolinglar janoblar… (Yelena Andreevnaga.) Mabodo biror kun Sofya Aleksandrovna bilan bizning tomonlarga yoʻlingiz tushib qolsa, gʻoyat xursand boʻlaman. Mening kichkinagina yer-mulkim bor, bor-yoʻgʻi oʻttiz tanobcha keladi. Bordi-yu qiziqsangiz, oʻrnak boʻladigan bogʻim va koʻchatzorim bor, bunday bogʻni tevarak-atrofdan ming chaqirim yurib qidirganingizda ham topolmaysiz. Bogʻimning yonida oʻrmon bor… Oʻrmonchi qarib qolgan odam, kasaldan boshi chiqmaydi, aslini surishtirsangiz, butun ishlarni men olib boraman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz oʻrmonni juda yaxshi koʻrishingizni menga aytishgan edi. Turgan gap, bu ish katta foyda keltirishi mumkin, biroq bu sizning asli vazifangizga xalaqit bermaydimi? Axir siz doktorsiz-ku.

A s t r o v. Bizning asl vazifamiz nima ekanligini yolgʻiz xudoning oʻzi biladi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ishingiz qiziqarlimi?

A s t r o v. Ha, juda qiziqarli.

V o y n i s k i y (kesatib). Gʻoyatda.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (Astrovga). Siz hali yoshsiz, koʻrinishingizdan oʻttiz olti-oʻttiz yetti yoshga kirgansiz… u ish siz aytkanchalik qiziqarli boʻlmasa kerak. Nuqul oʻrmonning oʻzi ekan. Oʻylaymanki, zerikarli boʻlsa kerak.

S o n ya. Yoʻq, bu gʻoyatda qiziq. Mixail Lvovich har yili yangi-yangi oʻrmonlar ekadilar, bu kishiga bronza medal bilan diplom ham yuborishdi. Ular eski oʻrmonlar qirib bitirilmasin deb harakat qilib yuribdilar. Agar siz bu kishining gaplarini eshitsangiz, hamma fikrlariga butunlay qoʻshilasiz. Bular, oʻrmonlar yerga xusn, zeb beradi, insonni goʻzallikni tushunishga oʻrgatadi va unga ulugʻvor ruh bagʻishlaydi, bahrini ochadi deydilar. Oʻrmonlar sovuq iqlimni yumshatadi. Iqlimi mayin mamlakatlarda tabiat bilan kurashuvga kuch kamroq sarf boʻladi, shuning uchun ham u yerdagi odamlar muloyimroq va nazokatliroq boʻladilar; u yerdagi odamlar kelishgan, har bir ishga koʻngli moyil, oʻtkir hissiyotli boʻladilar, ularning tili chiroyli, harakatlari viqorli boʻladi. Ularning fan va sanʼati gullagan, falsafasi esa qaygʻuli, gʻamgʻin falsafa emas, xotinlarga munosabatlari olijanob nazokatga toʻla, deydilar…

V o y n i s k i y (kulib). Ofarin, ofarin!.. Bu gaplar juda yoqimli, biroq ishontirarli emas, shuning uchun (Astrovga.) doʻstim, menga oʻtinni pechkalarga yoqaverishga va yogʻochdan omborlar qurishga ruxsat et.

A s t r o v. Sen pechkaga torfii yoqishing, omborlarni toshlardan qurishing mumkin. Xoʻp, biror ehtiyojdan oʻrmonlarni qirqsang bir sari, lekin ularni nima uchun qirqib bitirish kerak? Rus oʻrmonlari bolta zarbidan zor-zor qaqshamoqda, milliardlarcha daraxtlar nobud qilinmoqda, hayvonlarning uyasi, qushlarning ini vayron boʻlmoqda, daryolar sayozlashmoqda va qurib ketmoqda. Goʻzal manzaralar abadiy yoʻqolib ketmoqda, shularning barchasiga sabab, erinchoq insonning engashib yerdan yoqilgʻini koʻtarib olishga aqli yetmasligidir. (Yelena Andreevnaga.) Toʻgʻri emasmi, xonim? Shunday goʻzallikni pechkaga yoqish, oʻzimiz yarata olmaydigan narsani barbod qilishimiz, oʻtaketgan ahmoqlik, vahshiylik-ku. Inson oʻziga berilgan boyliklarni koʻpaytirish uchun unga aql-idrok va ijodiy kuch berilgan, biroq u shu vaqtgacha ijod qil-may, barbod qilib keldi. Urmonlar borgan sari kamaymoqda, daryolar qurimoqda, qushlar yoʻq boʻlib ketdi, iqlim buzildi, kundan-kunga yer faqirlashib va xunuklashib ketmoqda. (Voynitskiyga.) Mana sen menga istehzo bilan tikilib turibsan, mening gapirgan hamma gaplarim senga arzimagan narsadek tuyulyapti va… ehtimol bu gaplarim chindan ham tentaklikdir, biroq men qirgʻindan saqlab qolgan dehqon oʻrmonlari yonidan oʻtganimda yoki oʻz qoʻllarim bilan ekkan yosh oʻrmonning shamoldan shildirashini eshitganimda, iqlim bir oz boʻlsa ham mening hukmimda deb tushunaman, bordi-yu inson ming yildan keyin baxtiyor boʻlsa, men ham bunga jindak oʻz ulushimni qoʻshgan boʻlaman. Men qayin daraxtini ekkan chogʻimda, soʻng uning koʻkarayotganini va shamoldan tebranganini koʻrgan vaqtimda koʻnglim faxrlanib ketadi va men… (Patnusda bir ryumka arok keltirgan xizmatkorga koʻzi tushib.) Biroq… (Ichadi.) Endi boray. Ehtimol, bu gaplarning hammasi bemaʼnilikdir. Yaxshi qolinglar! (Uy tomonga yuradi.)

So n ya (uni koʻltiklab olib, birga ketadi). Endi biznikiga qachon kelasiz?

A s t r o v. Bilmadim.

S o n ya. Tagʻin bir oydan keyinmi?..

 

Astrov bilan Sonya uyga kirib ketadilar; Mariya Vasilyevna bilan Telegin stol yonida qoladilar; Yelena Andreevna va Voynitskiy ayvonga qarab yuradilar.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz, Ivan Petrovich, tagʻin odob doirasidan chiqib ketdingiz. Mariya Vasilyevnaning jigʻiga tegib, nima qilardingiz? Bugun ham nonushta paytida Aleksandr bilan bahslashdingiz. Bu bachkanalik!

V o y n i s k i y. Men uni yomon koʻrsam-chi!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Aleksandrni yomon koʻradigan tomoni yoʻq, u hech kimdan qolishmaydi, uning sizdan kamligi yoʻq.

V o y n i s k i y. Oʻz yuzingizni, oʻz harakatlaringizni koʻrolsangiz edi. Shu qadar beshavq, behafsala yashaysizki! Eh, shunday behafsalasizki!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, hayotim ham zavqsiz, ham zerikarli! Hamma erimni koyiydi, hamma menga achinadi: shoʻrlik, eri qari, deydi! Menga bu qadar achinishlarining maʼnosini juda yaxshi bilaman! Mana hozirgina Astrov aytganidek, hammangiz oʻrmonlarni nodonlarcha nobud qilyapsiz va hademay yer yuzida hech narsa qolmaydi. Xuddi shunga oʻxshash siz ham odamni oʻylamay-netmay nobud qilyapsiz, hademay sizning sharofatingiz tufayli yer yuzida na sadoqat, na sofdillik, na oʻzini fido qilish degan narsalar qolmaydi. Nega sizniki boʻlmagan xotinga beparvo qarab turolmaysiz? Chunki, – haligi doktor haq, – har biringizning koʻnglingizda shayton oʻtirib olib, hamma narsani buz deydi. Sizlarni na oʻrmonlarga, na qushlarga, na xotinlarga va na bir-biringizga rahmingiz kelmaydi.

V o y n i s k i y. Bu falsafa menga yoqmaydi!

 

Pauza.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Doktorning chehrasi horgʻin, asabiy koʻrinadi. Yuzi chiroyli. Aftidan, u Sonyaga yoqsa kerak. Sonya uni sevadi, men bu qizning dardiga tushunaman. Men kelganimdan buyon bu yerga uch marta keldi, lekin men tortinchoqman, u bilan biror marta boʻlsa ham suhbatlasholmadim, unga mehribonlik koʻrsatolmadim. U meni badjahl xotin ekan, deb oʻylagan boʻlsa kerak. Siz bilan men, Ivan Petrovich, lanj va zerikarli odamlar boʻlganimiz uchun bunchalik doʻst boʻlsak kerak! Lanj! Menga bunday qaramang, men buni yoqtirmayman.

V o y n i s k i y. Men sizni sevganimdan keyin boshqacha qarashim mumkinmi, axir? Siz mening baxtim, hayotim, mening yoshligimsiz! Bilaman, muhabbatingizdan umid qilmasam ham boʻladi, umidim puch, lekin menga hech narsa kerak emas, faqatgina sizni koʻrib yurishga, sizning ovozingizni eshitishga ruxsat etsangiz boʻlgani…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Sekinroq, ovozingizni eshitib qolishlari mumkin!

 

Uyga yuradilar.

 

V o y n i s k i y (orqasidan keta turib). Oʻz muhabbatim toʻgʻrisida gapirishga ruxsat eting, meni yoningizdan haydamang, shuning oʻzi men uchun eng ulugʻ baxt boʻladi…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Qanday azob bu…

 

Ikkovi uyga kiradi.

Telegin torlarni chertadi, “Polka”ni chaladi; Mariya Vasilyevna kitob sahifalarining chetiga nimalarnidir yozadi.

 

P a r d a.

 

 

IKKINCHI PARDA

 

Serebryakovning uyidagi ovqatlanadigan xona. Tun. Bogʻdan qorovulning shaqildogʻi eshitiladi. Serebryakov (ochiq deraza oldida kresloda mudrab oʻtiradi) va Yelena Andreevna (uning yonida oʻtirib, u ham mudramoqda).

 

S ye r ye b r ya k o v (uygʻonib). Kim bu! Sonya, senmisan?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Menman.

S ye r ye b r ya k o v. Senmisan, Lenochka… Ogʻrigʻiga hech chidab boʻlmayapti!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Odeyaling yerga tushib ketibdi-ku! (Oyogʻini oʻrab qoʻyadi.) Aleksandr, derazani yopib qoʻyaman.

S ye r ye b r ya k o v. Ioʻq, isib ketyapman… Hozir koʻzim ilinibdi-yu tush koʻribman, tushumda chap oyogʻim birovniki emish. Qaqshab ogʻrishidan uygʻonib ketdim. Yoʻq, bu bod boʻlsa bodki, podagra emas. Soat necha boʻldi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Oʻn ikkidan yigirma minut oʻtdi.

 

Pauza.

 

S ye r ye b r ya k o v. Ertalab kutubxonamizdan Batyushkovni ahtarib koʻr-chi. U bizda boʻlsa kerak.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. A?

S ye r ye b r ya k o v. Ertalab Batyushkovni axtarib koʻr. Bir koʻzim tushganday boʻluvdi. Uh, nega bunchalik nafas olishim qiyin boʻlyapti-ya?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Charchagansan. Ikki kechadan beri uxlamaysan.

S ye r ye b r ya k o v. Aytishlaricha, Turgenev podagradan nafas qisish kasaliga mubtalo boʻlgan ekan. Menda ham shunday boʻlmasa deb qoʻrqaman. Laʼnati, bemaʼni qarilik. Padariga laʼnat bu qarilikni! Qariganimda oʻzimga oʻzim yomon koʻrinyapman. Sizlarga ham oʻlarcha yomon koʻrinayotgan boʻlsam kerak.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Qariligingdan nolishingga qaraganda, goʻyo qariligingga biz aybdordek-a.

S ye r ye b r ya k o v. Hammadan senga yomon koʻrinaman.

 

Yelena Andreevna uzoqroqqa borib oʻtiradi.

 

Ha, albatta, sen haqlisan. Ahmoq emasman, aqlim yetadi. Sen yoshsan, sogʻlomsan, chiroylisan, sening ham yashaging keladi, men boʻlsam cholman, deyarli murdaman. Ne chora? Tushunmaydi deb oʻylaysanmi? Shu vaqtgacha yashab kelishimning oʻzi ham, turgan gap, bemaʼnilik. Shoshmanglar, yaqin orada hammangiz qutulasiz. Oz qoldi, uzoqqa choʻzilmaydi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Jonimga tegdi… Xudo haqi, jim boʻl.

S ye r ye b r ya k o v. Demak, men hammaning joniga tegibman, hamma mendan bezor. Men tufayli hammaning yoshligi hazon boʻlyapti, yolgʻiz men hayotdan lazzatlanaman, mamnunman. Albatta, shunday!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Jim boʻl! Meni qiynab yubording-ku.

S ye r ye b r ya k o v. Men hammani qiynab yubordim. Albatta!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (koʻziga yosh olib). Ortiq chidab boʻlmaydi! Gapir, mendan nima istaysan?

S ye r ye b r ya k o v. Hech nima.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Boʻlmasa, jim boʻl. Oʻtinaman.

S ye r ye b r ya k o v. Tovba, Ivan Petrovich yoki haligi jinni kampir Mariya Vasilyevna gapirsa, hech gap-soʻzsiz hamma quloq soladi, men bir ogʻiz gapirdimmi, hamma oʻzini baxtsizdek seza boshlaydi. Hatto ovozim ham yoqmaydi. Xoʻp, mayli, men hech kimga yoqmayman, xudbinman, johilman deylik, nahotki qarigan chogʻimda bir oz boʻlsa ham xudbinlikka haqim boʻlmasa? Nahotki shunga ham arzimasam? Nahotki qariganimda halovatda yashashga, odamlar eʼtiborini qozonishga haqim yoʻq, qani ayt-chi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Sening huquqingni hech kim tortib olayotgani yoʻq-ku.

 

Shamoldan deraza taqillaydi.

 

Shamol turdi. Derazani yopib qoʻyaman. (Yopadi.) Hozir yomgʻir yogʻadi. Hech kim sening huquqingni tortib olmoqchi emas.

 

Pauza; bogʻda qorovul shaqildogʻini shaqillatadi va ashula aytadi.

 

S ye r ye b r ya k o v. Butun umringni fanga bagʻishlasang, oʻz kabinetingga, auditoriyaga, hurmatli oʻrtoqlarga oʻrganib qolgan boʻlsang-u, toʻsatdan hech gapdan-hech gap yoʻq, mana bu maqbaraga kelib qolsang, kun sayin bu yerda ahmoqlarni koʻrsang, tuturiqsiz gaplarni eshitsang… Men yashashni istayman, shon-shuhratga ega boʻlishni, dovruq solishni sevaman, bu yerda-chi, bu yerda surgunga surilganga oʻxshayman. Minut sayin oʻtmishni sogʻinish, oʻzgalarning shuhratini kuzatib borish, oʻlim dahshati… Chidolmayman! Madorim qolmadi. Buning ustiga mening qariligimni kechirishni ham istamaydilar.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Oshiqma, sabr qil, besh-olti yildan keyin men ham qariyman.

 

Sonya kiradi.

 

S o n ya. Dada, oʻzing doktor Astrovga odam yubording, u kelganda qabul qilishni istamaysan. Bu ayb boʻladi. Uni bekorga ovora qilganimiz qoldi, xolos…

S ye r ye b r ya k o v. Astrovingni boshimga uramanmi? Men astronomiyaga qanchalik tushunsam, u ham meditsinaga shunchalik tushunadi.

S o n ya. Sening podagrangni davolash uchun butun meditsina fakultetini chaqirtiraylikmi endi.

S ye r ye b r ya k o v. Men u jinni bilan gaplashishni ham istamayman.

S o n ya. Bilganingni qil. (Oʻtiradi.) Menga baribir.

S ye r ye b r ya k o v. Soat necha boʻldi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Birga yaqinlashdi.

S ye r ye b r ya k o v. Dimiqib ketdim… Sonya, menga stoldan dorini olib ber.

S o n ya. Hozir. (Dorini beradi.)

S ye r ye b r ya k o v (gʻijinib). Uh, bunisini emas! Hech narsa soʻrab boʻlmaydi!

S o n ya. Injiqlik qilma, bu qiligʻing baʼzi birovga yoqsa-yoqar, ammo meni bundan xalos qil, xudo xayringni bersin! Men buni yoqtirmayman. Mening vaqtim yoʻq, mey ertaga vaqtli turib pichan oʻrdirishim kerak.

 

Voynitskiy kiradi, u xalat kiygan, qoʻlida sham.

 

V o y n i s k i y. Momaqaldiroq boʻladiganga oʻxshaydi.

 

Chaqmoq chaqadi.

 

Ana koʻrdingizmi! Sonya, boringlar uxlanglar, men sizlarning oʻrningizga keldim.

S ye r ye b r ya k o v (qoʻrqib). Yoʻq, yoʻq! Meni bu bilan qoldirmanglar! Bu miyamni qoqib qoʻlimga beradi.

V o y n i s k i y. Axir bular ham birpas damini olsin. Ikki kechadan beri uxlashmaydi.

S ye r ye b r ya k o v. Borib uxlashaversin. Biroq sen ham ketaver. Minnatdorman. Oʻtinaman sendan. Ilgarigi doʻstligimiz hurmati, yoʻq dema! Vaqti-soati bilan keyin gaplashamiz.

V o y n i s k i y (miyigʻida kulib). Ilgarigi doʻstligimiz hurmati… Ilgarigi…

S o n ya. Gapirma, Vanya togʻa.

S ye r ye b r ya k o v (xotiniga). Azizim, meni bu bilan tashlab ketma! Gapiraverib holi-jonimga qoʻymaydi.

V o y n i s k i y. Gaplaringga odamning kulgisi qistaydi.

 

Shamni koʻtargan Marina kiradi.

 

S o n ya. Yotsang boʻlardi, enagajon, vaqt allamahal boʻldi.

M a r i n a. Samovar hali stoldan yigʻishtirilgani yoʻq. Haliveri yotib boʻladimi.

S ye r ye b r ya k o v. Hech kim uxlamaydi, hamma bezovta, yolgʻiz men rohatdaman.

M a r i n a (Serebryakovning oldiga kelib, erkalab). Xoʻsh, otajonim! Ogʻriyaptimi? Mening ham oyoqlarim biram zirqiraydi, biram zirqiraydiki… (Odeyalni toʻgʻrilab qoʻyadi.) Bu kasal sizda azaldan bor. Rahmatli Vera Petrovna, Sonyaning onasi, kechalari uxlamasdi, shunday kuyib-pishardiki… Sizni juda yaxshi koʻrardi…

 

Pauza.

 

Qariganda odam xuddi yosh bolaga oʻxshab qoladi, koʻngli erkalashni, unga achinishni qumsaydi, lekin qarilarga hech kim achinmaydi. (Serebryakovning yelkasidan oʻpadi.) Turing, otaxon, oʻringa yotasiz… Yuring, nuridiydam… Men sizga lipa choyidan damlab beraman, oyoqlaringizni isitaman… Siz uchun xudoga sigʻinaman…

S ye r ye b r ya k o v (taʼsirlanib). Yur, Marina.

M a r i n a. Mening ham oyoqlarim biram zirqiraydi, biram zirqiraydiki!. (Sonya bilan birga qoʻltiqlab keta turib.) Vera Petrovna qattiq kuyib pishardi, yigʻlagani-yigʻlagan edi.,. Sen, Sonyushka, u vaqtlarda yosh eding, tentak eding… Yuring-yuring, otaxon… (Serebryakov, Sonya va Marina chiqadilar.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. U meni juda qiynab yubordi. Darmonim qurib ketdi.

V o y n i s k i y. Sizni u qiynab yuborgan boʻlsa, men oʻzimni-oʻzim qiynayapman. Mana uch kechadan beri uxlamayman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu xonadon notinch. Onangizning professor-u oʻz kitoblaridan boshqani koʻrgani koʻzi yoʻq. Professor tajang, menga ishonmaydi, sizdan qoʻrqadi; Sonya otasidan ham, mendan ham xafa, ikki hafta boʻldi men bilan gaplashmaydi; siz erimni yomon koʻrasiz va onangizdan ochiqdan-ochiq nafratlanasiz. Mening qonim qaynab yuribdi. Bugun yigirma martacha yigʻlagim keldi… Bu xonadon notinch.

V o y n i s k i y. Falsafani qoʻyib turaylik.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz, Ivan Petrovich, oʻqigan va aqlli odamsiz, tushunishingiz kerak, dunyo oʻgʻri-muttahamlardan, yongʻinlardan xarob boʻlayotgani yoʻq, balki ichi qoralikdan, dushmanlikdan, ikir-chikirlardan xarob boʻlayotir… Sizning vazifangiz nolish emas, hammani yarashtirish.

V o y n i s k i y. Eng avval meni oʻzim bilan oʻzimni yarashtirib qoʻying! Azizim… (Qoʻlini oʻpmoqchi boʻladi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Qoʻying! (Qoʻlini tortib oladi). Keting.

V o y n i s k i y. Hozir yomgʻir quyib oʻtadi. Tabiatda nimaiki boʻlsa, hammasi yashnab musaffo boʻlib ketadi va toʻyib-toʻyib nafas oladi. Momaqaldiroq yolgʻiz mening koʻnglimnigina musaffo qilmaydi. Hayotim bekorga oʻtib ketdi degan fikr meni kunu tun boʻgʻmoqda. Oʻtgan umrim endi qaytib kelmaydi, u bemaʼni, foydasiz narsalarga sarflangan, hozirgi hayotim esa puchligi bilan dahshatlidir, mana sizga mening hayotim va sezgim: men ularni nima qilay, qayerga qoʻyay! Mening tuygʻularim oʻraga tushgan quyosh nuriday soʻnib ketmoqda, oʻzim ham halok boʻlmoqdaman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz menga oʻz sevgingiz toʻgʻrisida soʻzlasangiz aqlim ishlamay qoladi va nima deyishimni bilmay qolaman. Kechirasiz, men sizga hech narsa deyolmayman. (Ketmoqchi boʻladi.) Xayrli kech.

V o y n i s k i y (yoʻlini toʻsib). Shu xonadonda mening hayotim bilan bir qatorda boshqa bir kishining hayoti – sizning hayotingiz ham halok boʻlyapti degan fikrdan naqadar azob tortayotganimni bilsangiz edi! Nimani kutyapsiz? Qanday bir laʼnati falsafa sizga xalaqit beryapti? Tushuning, axir, tushunsangiz-chi…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (qattiq tikilib). Ivan Petrovich, siz mastsiz!

V o y n i s k i y. Ehtimol, ehtimol…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Doktor qayerda?

V o y n i s k i y. Anavi yerda… mening xonamda yotibdi. Ehtimol, ehtimol… Hammasi boʻlishi mumkin!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bugun ham ichdingizmi? Nega shunday qilasiz?

V o y n i s k i y. Har qalay hayotga oʻxshaydi… Menga xalaqit bermang!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ilgari siz sira ichmas edingiz va bunchalik koʻp gapirmas edingiz… Boring, uxlang! Men siz bilan qolsam zerikaman.

V o y n i s k i y (qoʻlini oʻpmoqchi boʻlib). Azizim… Goʻzalim!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (xafa boʻlib). Tinch qoʻying meni. Bu gaplar juda jonimga tegdi. (Ketadi.)

V o y n i s k i y (yolgʻiz). Ketdi…

 

Pauza.

 

Bundan oʻn yil muqaddam men buni marhuma opamning uyida uchratardim. Oʻshanda u oʻn yetti, men 37 yoshda edim. Nega men oʻshanda uni sevib qolmadim, unga uylanishni taklif qilmadim? Bu esa juda boʻlishi mumkin ish edi! Hozir u mening xotinim boʻlgan boʻlar edi… Ha… hozir ikkimiz momaqaldiroqdan uygʻonib ketardik; u momaqaldiroqdan choʻchirdi, men uni bagʻrimga bosib: “Qoʻrqma, men yoningdaman” deb qulogʻiga pichirlardim. Oh, shirin xayollar, qanday yaxshi, men hatto kulyapman… ammo, ey xudoyim, fikrlarim chuvalashib ketdi… Nega men qariman? Nega u mening dardimni anglamaydi? Uning dunyoni halok boʻlayotganligi haqidagi dabdabali, behuda gaplari, bemaʼni, tuturiqsiz fikrlaridan qattiq nafratlanaman.

 

Pauza.

 

Oh, men naqadar aldandim! Men mana shu professorni, mana shu ayanch mijgʻovni yaxshi koʻrardim, unga xoʻkizday ishlardim! Sonya bilan men mana shu yer-mulkni siqib suvini oldik. Biz xuddi baqqoldek zigʻir yogʻ, nuxat, suzma sotib keldik, oʻzimiz yemasak ham bir tiyinni tugib-chatib, unga ming-minglab pul yuborib turdik. Men u bilan va uning ilmi bilan faxrlanardim, nafas olardim, yozgan asarlari va aytgan soʻzlari menga dohiyona boʻlib tuyular edi… E, tangrim, endi-chi? Hozir u isteʼfoga chiqib, hayotining oqibati koʻrindi: oʻzidan keyin bir varaq ham asar qolmaydi, uni hech kim tanimaydi, u puch odam! Sovun koʻpigi! Men esa aldandim… Koʻrib turibman, qattiq aldandim…

 

Syurtuk kiygan, jiletkasiz va galstuksiz Astrov kiradi: u shirakayf; orqasida qoʻlida gitara ushlagan Telegin.

 

A s t r o v. Gitarangni chal!

T ye l ye g i n. Hamma uxlayapti-ku!

A s t r o v. Chalaver!

T ye l ye g i n ohista chaladi. (Voynitskiyga.) Yolgʻiz oʻzingmisan? Xonimlar yoʻqmi? (Oʻynab, ohista ashula aytadi.) “Oʻynar pechka, oʻynar uy, uy egasi uxlolmas…” Meni momaqaldiroq uygʻotib yubordi. Yomgʻir rosa quyyapti. Soat necha boʻldi ekan?

V o y n i s k i y. Kim biladi deysan.

A s t r o v. Qulogʻimga Yelena Andreevnaning ovozi chalinganday boʻldi-ya.

V o y n i s k i y. Hozirgina shu yerda edi.

A s t r o v. Latofatli xotin-da. (Stol ustidagi dorilarni koʻzdan kechiradi) Dorilar. Ming xil retsept. Xarkov, Moskva, Tula retseptlari… U oʻz kasali bilan hamma shaharlarning joniga tegdi. U chinakam kasalmi yoki oʻzini kasallikka soladimi?

V o y n i s k i y. Kasal.

 

Pauza.

 

A s t r o v. Bugun muncha gʻamginsan? Yo professorga achinyapsanmi?

V o y n i s k i y. Meni tinch qoʻy.

A s t r o v. Yoki professorning xotinini sevib qoldingmi?

V o y n i s k i y. U mening doʻstim.

A s t r o v. Darrov-a?

V o y n i s k i y. “Darrov-a” deganing nimasi?

A s t r o v. Xotin kishi erkak kishi bilan avval tanish, keyin oʻynash, undan soʻnggina doʻst boʻla oladi.

V o y n i s k i y. Bachkana falsafa.

A s t r o v. Nima? Ha… Iqror boʻlishim kerakki, bachkanalashib ketyapman. Koʻrdingmi, men mastman. Odatda oyida bir marta shunday mast boʻlaman. Shunday paytlarda men oʻtaketgan qoʻpol va dagʻal boʻlaman. Dunyoni suv olib ketsa, toʻpigʻimga chiqmaydi! Hatto eng qiyin operatsiyalarni ham gʻoyat ustalik bilan qilaman, mana shunda men oʻzimga-oʻzim tentak boʻlib koʻrinmayman, insoniyatga juda katta… juda katta foyda keltirayotganimga ishonaman! Ana shunday paytlarda men oʻz falsafamni ishga solaman va siz, ogʻaynilar, hammangiz menga qumirsqa… mikrob boʻlib koʻrinasiz (Teleginga.) Patir, chal!

T ye l ye g i n. Doʻstim, senga jon-jon deb chalib berardim-u, lekin tushun, hamma uxlayapti.

A s t r o v. Chalaver!

 

Telegin ohista chaladi.

 

Ichsak boʻlardi. Yur, nazarimda konyagimiz qolganday boʻluvdi. Tong yorishi bilan menikiga joʻnaymiz. Haymi? Mening bir feldsherim bor, hech “xoʻpmi” demaydi, nuqul “haymi” deydi. Oʻzi oʻlarcha muttaham odam. Xoʻsh, haymi? (Kirib kelayotgan Sonyani koʻrib.) Kechiring, men begalstukman. (Tez ketadi, orqasidan Telegin ham chiqadi.)

S o n ya. Vanya togʻa, sen doktor bilan tagʻin ichibsan-ku. Topishib qolibsizlar, lochinlar. U-ku hamisha shunaqa-ya, senga nima boʻldi? Bu qiligʻing yoshingga yarashmaydi.

V o y n i s k i y. Bu yerda yoshning dahli yoʻq. Chinakam hayot boʻlmaganidan keyin sarob bilan yashar ekan kishi, hech narsa boʻlmagandan koʻra, shu yaxshiroq-da.

S o n ya. Pichan oʻrilganicha qolib ketdi, har kuni yomgʻir, chirib ketyapti, sen boʻlsang, qayoqdagi saroblarni gapirib yuribsan. Xoʻjalikni butunlay tashlab qoʻyding… Men bir oʻzim ishlayapman, kuchdan toldim… (Qoʻrqib.) Togʻa koʻzlaringda yosh koʻrinyapti!

V o y n i s k i y. Qanaqa yosh? Hech narsa yoʻq, bekorchi gap. Sening menga hozirgi qarashing xuddi marhuma onangga oʻxshab ketdi. Mehribon opam. (Qoʻlini, yuzini oʻpib), opajonim… Qani endi u? Agar u bilsaydi! Oh, u bilsaydi!

S o n ya. Nimani? Togʻa, nimani bilsaydi?

V o y n i s k i y. Ogʻir, qiyin… Hechqisi yoʻq… Keyin… Hechqisi yoʻq… Men ketdim… (Qetadi.)

S o n ya (eshikni taqillatib). Mixail Lvovich! Uxlaganingiz yoʻqmi? Birpasga bu yoqqa chiqing?

A s t r o v (eshik orqasidan). Hozir! (Bir ozdan soʻng chiqadi; u jiletini kiyib, galstugini taqib olgan.) Xoʻsh, xizmat?

S o n ya. Agar koʻnglingiz tortsa, oʻzingiz iching-u, lekin oʻtinaman, togʻamga ichirmang. Unga ziyon qiladi.

A s t r o v. Xoʻp. Biz boshqa ichmaymiz…

 

Pauza.

 

Men hozir uyimga joʻnayman. Qaror qilindi va qoʻl qoʻyildi. Otlarni qoʻshguncha tong ham yorisha boshlaydi.

S o n ya. Yomgʻir yogʻyapti. Ertalabgacha kuting.

A s t r o v. Momaqaldiroq chetlab oʻtyapti, hademay yomgʻir tinib qoladi. Joʻnayman. Xudo xayringizni bersin, bundan keyin meni otangizning oldiga chaqirmang. Men unga kasalingiz podagra desam, u menga bod deydi; yoting desam, oʻtiradi. Bugun boʻlsa, men bilan gaplashgisi ham kelmadi.

S o n ya. Erka boʻlib qolgan. (Bufetni timiskilaydi.) Biror narsa totinmaysizmi?

A s t r o v. Mayli, bering.

S o n ya. Men kechasi ovqatlanishni yaxshi koʻraman. Bufetda bir narsa borga oʻxshaydi. Aytishlariga qaraganda, u yoshligida xotinlar orasida muvaffaqiyat qozongan ekan, xotinlar uni erkalatib yuborishgan. Mana pishloqdan oling.

 

Ikkovi bufet oldida turib, yeydilar.

 

A s t r o v. Bugun men hech nima yemadim, nuqul ichdim. Otangizning feʼli ogʻir. (Shkafdan butilka oladi.) Mumkinmi? (Bir ryumka ichadi). Bu yerda hech kim yoʻq, shuning uchun toʻgʻrisini aytish mumkin. Bilasizmi, menga shunday tuyuladiki, men sizlarning uyingizda bir oy ham yashay olmas edim, bu havoda boʻgʻilib ketardim… Otangiz boʻlsa oʻz kasalidan noligani-noligan, kitobdan boshini koʻtarmaydi, Vanya togʻangizning boʻlsa qovogʻidan qor yoqqani-yoqqan, buvingiz, nihoyat, oʻgay onangiz…

S o n ya. Oʻgay onamga nima boʻpti?

A s t r o v. Odamning hamma narsasi: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikrlari ham goʻzal boʻlishi kerak. Shubhasiz, u chiroyli xotin, ammo… uning yeyish, ichish, bekor yurish, oʻz chiroyiga bizlarni maftun qilishidan boshqa ishi yoʻq. U hech qanday majburiyatni sezmaydi, uning uchun boshqalar ishlaydi… Axir, shunday emasmi? Bekorchilikda kechgan hayotni pok hayot deb boʻlmaydi.

 

Pauza.

 

Balki, men juda keskin mulohaza qilayotgandirman. Men ham sizning Vanya togʻangiz singari hayotga qonmagan odamman, biz ikkimiz borgan sari tajang boʻlib ketyapmiz.

S o n ya. Siz hayotdan rozimasmisiz?

A s t r o v. Umuman hayotni yaxshi koʻraman, lekin bizning uyezd hayotini, rus obivatellari hayotini koʻrgani koʻzim yoʻq, butun joni-jahdim bilan undan nafratlanaman. Mening shaxsiy turmushimni olsak, xudo haqi, aytarli yaxshi yeri yoʻq. Bilasizmi, qorongʻi kechada oʻrmon ichida ketayotganingda oldingda oʻt miltillab tursa, charchash nimaligini, qorongʻilikni va yuzlaringga urilayotgan tikanli shox-shabbalarni sezmaysan… Men ishlayman, bu sizga maʼlum, bu uyezdda hech kim menchalik mehnat qilmaydi, taqdir meni toʻxtovsiz savalaydi va baʼzan qattiq azob tortaman, ammo mening olisda yonib turgan oʻtim yoʻq. Endi men hayotdan hech narsa kutmayman, odamlarni yomon koʻraman… Koʻpdan beri hech kimni sevmayman.

S o n ya. Hech kimni-ya?

A s t r o v. Hech kimni. Faqat sizning enagangizga bir oz koʻnglim moyilligini sezaman, bu ham oʻtmish xotirasi bilan. Mujiklarning hammasi bir xil, saviyasi past, iflos yashashadi, ziyolilar bilan bir fikrga kelish qiyin. Ular odamni zeriktiradi. Bu baraka topgurlarning hammasi sayoz fikr yuritadi, sayoz his qiladi, burnidan sal naridagi narsani koʻrolmaydi – qisqasi, bari tentak. Aqllirogʻi va pichoqqa ilinadiganlari boʻlsa, oʻlardek asabiy, ularni refleks, analiz yeb tashlagan… Ular noligani-noligan, bir-birini koʻrolmaydi, oʻlib-tirilib gʻiybat qilgani-qilgan, odamga bir yoqlama baho berishadi. Koʻz qirini tashlab, “O, bu jinni!” yoki “Bunisi mahmadana!” deb shartta baho berib qoʻya qoladilar. Mening peshonamga qanday tamgʻa bosishni bilmay qolganlarida “Bu gʻalati odam, gʻalati” deydilar. Men oʻrmonni yaxshi koʻraman – bu gʻalati, goʻsht yemayman – bu ham gʻalati emish. Tabiatga, odamlarga toza, xolisona va erkin qarash yoʻq… yoʻq, yoʻq! (Ichmoqchi boʻladi.)

S o n ya (unga xalaqit beradi). Yoʻq, oʻtinaman, yolvoraman, endi ichmang.

A s t r o v. Nega?

S o n ya. Bu sizga sira yarashmaydi. Siz nozik odamsiz. Ovozingiz shunday yoqimli… Hatto men bilgan odamlar orasida siz eng goʻzalisiz. Nega siz ichadigan, qarta oʻynaydigan toʻpori odamlarga oʻxshashni istaysiz? Qoʻying, bu ishni qilmang, oʻtinaman. Siz doim, odamlar oʻzlari hech narsa yaratmaydilar-u, xudo yaratgan narsalarni barbod qiladilar, deb gapirasiz. Nega, nima uchun siz oʻz-oʻzingizni barbod qilyapsiz? Bunday qilmang, zinhor bunday qilmang, yolvoraman, oʻtinib soʻrayman.

A s t r o v (Sonyaga qoʻlini choʻzi). Boʻldi, ichmaganim boʻlsin.

S o n ya. Menga vaʼda bering.

A s t r o v. Xudo haqi.

S o n ya (qoʻlini qattiq qisib). Tashakkur, minnatdorman.

A s t r o v. Bas Xushyor tortdim. Mana koʻrdingizmi, men butunlay hushyorman va hayotimning oxirigacha shunday qolaman. (Soatga qaraydi.) Xoʻsh, davom etdiraylik. Sizga aytsam, yoshim ham oʻtib qoldi, endi kech. Qarib qoldim, ish ezib tashladi, puturdan ketdim, butun his-tuygʻularim oʻtmaslashib qoldi va menga shunday tuyuladiki, endi men hech kimga koʻngil qoʻyolmasam kerak. Men hech kimni sevmaganman va endi sevolmayman. Meni birgina goʻzallik maftun qilishi mumkin. Men goʻzallikka beparvo qarab turolmayman. Nazarimda, agar Yelena Andreevna istasa, bir kunda mening boshimni aylantirib qoʻyishi mumkin edi… Biroq bu sevgi ham emas, koʻngil moyilligi ham emas. (Koʻzlarini qoʻllari bilan berkitadi, seskanadi.)

S o n ya. Sizga nima boʻldi?

A s t r o v. Oʻzim… Roʻza kuni operatsiya vaqtida bitta kasalim oʻlib qolgan edi.

S o n ya. Buni endi unuting.

 

Pauza.

 

Menga ayting-chi, Mixail Lvovich… Bordi-yu, mening bir dugonam yoki singlim sizni… aytaylik, sevib qolgan boʻlsa va siz buni bilsangiz, nima derdingiz?

A s t r o v (elkasini qisib). Qaydam. Hech nima demasam kerak. Men unga uni sevolmasligimni bildirgan boʻlardim… Kallam ham boshqa narsalar bilan band. Hamon ketadigan boʻlsam, endi boray. Xayr, azizim, bu yoʻsinda gapimiz ertalabgacha ham tamom boʻlmaydi. (Qoʻlini qisadi.) Agar ruxsat bersangiz, men mehmonxonadan oʻtib ketaman. Tagʻin togʻangiz ushlab qolmasin deb qoʻrqaman. (Ketadi.)

S o n ya (yolgʻiz). U menga hech narsa demadi… Uning qalbi ham, koʻngli ham hali menga yopiq, lekin nima uchun men oʻzimni juda baxtli sezyapman? (Baxtiyorligidan sevinib kuladi.) Men unga siz goʻzalsiz, olijanobsiz, ovozingiz juda yoqimli dedim… Bu soʻzlarim oʻrinli chiqmadimi? Uning ovozi titraydi, erkalaydi… Uning ovozi quloqlarim ostida eshitilmoqda… Men unga singlim toʻgʻrisida gapirganimda tushunmadi… (Qoʻllarini ezgʻilab.) Oh, qanday dahshat, men xunukman! Qanday dahshat! Men xunukligimni bilaman, bilaman, bilaman… Oʻtgan yakshanba kuni butxonadan chiqib kelayotganimizda mening toʻgʻrimda nimalar deyishganini oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Bitta xotin: “Oʻzi juda mehribon, olijanob qiz-u, lekin afsuski xunuk-da” dedi… Xunuk qiz…

 

Yelena Andreevna kiradi.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (derazani ochadi). Momaqaldiroq oʻtib ketdi. Havo qanday musaffo-ya!

 

Pauza.

 

Doktor qani?

S o n ya. Ketdi.

 

Pauza.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Sofi!

S o n ya. Nima deysiz?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Tokaygacha menga araz qilib yurasiz? Biz bir-birimizga hech qanday yomonlik qilganimiz yoʻq-ku? Yov boʻlib nima qilamiz? Yetar endi…

S o n ya. Men ham shuni aytmoqchi edim… (Uni quchoqlaydi.) Arazni yigʻishtiraylik.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Juda soz.

 

Ikkovi hayajonda.

 

S o n ya. Dadam yotdimi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Yoʻq, mehmonxonada oʻtiribdi… Bir-birimiz bilan haftalab gaplashmaymiz, sababini xudo biladi (Bufet ochiqligini koʻrib.) Bu nima?

S o n ya. Mixail Lvovich ovqatlandi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Vino ham bormi deyman… Keling, brudershaftga ichamiz1.

S o n ya. Boʻpti.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bitta ryumkadan ichamiz… (Quyadi.) Bu juda yaxshi boʻladi. Xoʻsh, shunday qilib senmi?

S o n ya. Sen.

 

Ichadilar va oʻpishadilar.

 

Men koʻpdan beri yarashmoqchi edim-u, lekin uyalib yurgandim… (Yigʻlaydi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Nega yigʻlaysan?

S o n ya. Shunday, oʻzim.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Boʻldi, boʻldi… (Yigʻlaydi.) Tentak qiz, men ham yigʻlab yubordim…

 

Pauza.

 

Sen meni otangga sevib emas, goʻyo bir manfaat koʻzlab tekkan deb mendan xafa boʻlib yuribsan… Agar qasamga inonsang, qasam ichib aytamanki, men uni sevib tekkanman, men uning olimligini, mashhur odamligini sevib qolgandim. Sevgim chinakam sevgi boʻlib chiqmadi, sevgim sunʼiy ekan, lekin oʻsha vaqtda sevgim menga chinakam boʻlib koʻringan edi. Men aybdor emasman. Sen boʻlsang toʻyimizdan beri maʼnoli, shubhali koʻzlaring bilan meni qiynab kelasan.

S o n ya. Boʻldi, yarash-yarash! Bu gaplarni unutaylik.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bunday oʻylash kerak emas, bu senga yarashmaydi, odamlarga ishonish kerak, boʻlmasa yashash qiyin boʻladi.

 

Pauza.

 

S o n ya. Doʻst sifatida menga rostini ayt-chi, sen baxtlimisan?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Yoʻq.

S o n ya. Men buni bilardim. Yana bitta savolim bor. Ochigʻini ayt, ering yosh boʻlishini xohlarmiding?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Hali juda yosh qiz ekansan. Qalin doʻst boʻlib, bir-birini sansirashga oʻtish belgisi-ku. Albatta xohlardim-da. (Kuladi.) Yana biror narsa soʻra, soʻrayver…

S o n ya. Senga doktor yoqadimi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, juda yoqadi.

S o n ya (kuladi). Men xunukman… toʻgʻrimi? Mana u ketgan boʻlsa ham men uning ovozini, qadam tashlashini eshityapman, mana bu qorongʻi derazaga qarasam, koʻzimga uning yuzi koʻrinadi. Shoshma, gapimni tamom qilay… Men qattiq gapirolmayman, uyalaman. Yur, mening xonamga kiramiz, oʻsha yerda gaplashamiz. Men senga tentak boʻlib koʻrinmayapmanmi? Rostingni ayt… Uning toʻgʻrisida menga biror narsa gapirib ber…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Nimani gapiray?

S o n ya. U aqlli… Uning qoʻlidan har nima keladi, u har qanday ishning uddasidan chiqadi… U kasallarni davolaydi, oʻrmonlarni parvarish qiladi…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Gap oʻrmonda ham, meditsinada ham emas… Tushun, jonginam, bu talant! Sen talantning nimaligini bilasanmi? Bu gʻayrat, jasorat, oʻtkir zehn, ulugʻ maqsad… Bitta daraxtni ekadi-yu, ming yildan keyin oʻsha daraxtning qanday boʻlishini koʻradi, uning koʻz oʻngida insoniyatning baxti gavdalanadi. Bunday odamlar kamdan-kam uchraydi, ularni sevmoq lozim… U baʼzida ichadi, qoʻpol gapiradi, na chora! Rossiyada talantli odam illatsiz boʻlmaydi. Oʻzing bir oʻylab koʻr, doktorning hayoti nimalardan iborat! Yurib boʻlmaydigan buzuq va batqoq yoʻllar, qahraton qish, qor boʻronlari, uzundan-uzoq masofalar, xalq qoʻpol, yovvoyi, borib turgan qashshoqlik, kasalliklar, bunday sharoitda kunu tun ishlayotgan va kurashayotgan kishi qirq yoshida oʻzini hushyor va illatsiz saqlab qolishi mushkul gap… (Sonyani oʻpadi.) Men butun qalbimdan senga baxt tilayman, sen bunga arziysan. (Oʻrnidan turadi.) Men boʻlsam dilxasta, oʻtkinchi bir shaxsman… Muzikada ham, erining uyida ham, barcha romanlarda ham, xullas hamma yerda menga oʻxshagan odam oʻtkinchi shaxs boʻlib qoladi. Ochigʻini aytganda, Sonya, oʻylab koʻrsang, men juda, juda baxtsizman! (Sahnada hayajonlanib yura boshlaydi.) Bu dunyoda mening baxtim yoʻq! Yoʻq! Nega kulyapsan?

S o n ya (yuzini qoʻllari bilan bekitib kuladi). Men juda baxtliman… baxtliman!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Mening royal chalgim kelyapti… Hozir biror narsa chalib berardim-da.

S o n ya. Chal. (Uni quchoqlaydi.) Uyqum kelmayapti… Chal!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Hozir. Otang uygʻoq. Kasalligida unga muzika yoqmaydi. Bor, soʻrab kel. Agar mayli desa chalib beraman, bor.

S o n ya. Hozir. (Ketadi.)

 

Bogʻdan qorovulning shaqildogʻi eshitiladi.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Koʻpdan beri chalganim yoʻq. Chalaman-da, yigʻlayman, tentaklarday yigʻlayman. (Deraza orqali.) Taqillatayotgan senmisan, Yefim?

Q o r o v u l n i n g o v o z i. Men.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Taqillatma, xoʻjayin kasal.

Q o r o v u l n i n g o v o z i. Hozir ketaman. (Hushtak chaladi.) Juchka, Malchik! Juchka! Ma, ma.

 

Pauza.

 

S o n ya (qaytib keladi). Ruxsat bermadi!

 

P a r d a.

 

 

UCHINCHI PARDA

 

Serebryakovning uyidagi mehmonxona. Uch eshik: oʻngda, chapda va oʻrtada. Kunduz kuni. Voynitskiy, Sonya (oʻtiribdilar) va Yelena Andreevna (nimanidir oʻylab, u yokdan-bu yoqqa yuradi).

 

V o y n i s k i y. Professor hazratlari hammamizni shu mehmonxonaga soat birda yigʻilishimiz uchun oʻz xohishlarini bayon qildilar. (Soatga qarab) Chorak kam bir. Jahonga birorta gap aytmoqchi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ehtimol, birorta ishi bordir.

V o y n i s k i y. Uning hech qanaqa ishi yoʻq. Yozgani safsata, oʻlarcha tajang, rashk qiladi. Bor-yoʻq ishi shu.

S o n ya (tanbih ohangida) Togʻa!

V o y n i s k i y. Xoʻp, xoʻp. Tavba qildim. (Yelena Andreevnani koʻrsatib.) Qarang: bekorchilikdan qoʻli boʻshamay yurgani-yurgan. Qanday yaxshi! Ajoyib-gʻaroyib.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz uzzukun gʻoʻngʻillaganingiz-gʻoʻngʻillagan, joningizga tegmaydimi? (Gʻamgin.) Men zerikib oʻlay deyapman, nima qilishimni bilmayman.

S o n ya (elkasini qisib). Qilaman desang ishdan koʻpi yoʻq! Faqat xohish kerak.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Masalan?

S o n ya. Xoʻjalikka qarash, bolalarni oʻqit, kasallarni davola, ish kammi? Mana sen bilan dadam yoʻqliginglarda men Vanya togʻam bilan bozorga borib un sotardik.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Qoʻlimdan kelmaydi. Qizigʻi ham yoʻq. Bir xil romanlardagina mujiklarni oʻqitadilar, davolaydilar, qanday qilib men tomdan tarasha tushganday, ularni borib oʻqitaman, davolayman?

S o n ya. Oʻqitmayman deyishingga hech tushunolmaymap. Sabr qil, sen ham koʻnikib ketasan. (Uni quchoqlaydi.) Zerikaverma jonginam. (Kulib.) Sen zerikyapsan, oʻzingni qoʻygani joy topolmaysan. Zerikish va bekorchilik yuqumli kasalga oʻxshagan narsa boʻladi. Qaragin: Vanya togʻam hech bir ish qilmay, soya singari orqangdan yurgani-yurgan. Men ham oʻz ishimni tashlab sen bilan gaplashgani keldim, erinchoq boʻlib qoldim, qoʻlim ishga bormaydi. Doktor Mixail Lvovich ilgarilari biznikida juda kamdan-kam – oyda bir marta boʻlardi, keling deyaverib esimiz ketardi, endi boʻlsa har kuni keladi, oʻrmonlarini ham, meditsinasini ham tashlab qoʻydi. Nima balo, jodugarmisan deyman.

V o y n i s k i y. Nega zerikasiz? (Qizishib.) Azizim, zebi-ziynatim, qoʻying, aqlingizni yigʻing! Tomirlaringizda suv parisining qoni oqmoqda, shunday ekan, suv parisi boʻling-da! Jilla boʻlmasa umringizda bir marta oʻzingizga erk bering. Hayyo-hay deng-u, birortasini jon-jahdingiz bilan seving-da, bosh-moshingiz bilan girdobga kirib keting, professor hazratlari bilan bizlar angrayib qolaylik!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (gʻazab bilan). Meni oʻz holimga qoʻying! Kishini buncha qiynaysiz! (Ketmoqchi boʻladi.)

V o y n i s k i y (ketishga qoʻymaydi). Xoʻp, xoʻp, jonginam, kechiring… Uzr. (Qoʻlini oʻpadi.) Yarash.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Farishtaning ham sabr-toqati qolmasdi, xoʻp deyavering.

V o y n i s k i y. Tinch va totuv yashashimiz isboti uchun bir dasta atir gul keltiraman; ertalab sizga atab uzgan edim… Kuzgi gullar – chiroyli, maʼyus gullar… (Ketadi.)

S o n ya. Kuzgi gullar – chiroyli, maʼyus gullar…

 

Ikkovi derazaga qaraydi.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Mana sentyabr ham keldi. Qishni bu yerda qanday oʻtkazar ekanmiz?

 

Pauza.

 

Doktor qani?

S o n ya. Vanya togʻamning xonasida. Nimanidir yozib oʻtiribdi. Vanya togʻamning ketganiga sevindim, sen bilan gaplashmoqchiman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Nima toʻgʻrisida?

S o n ya. Nima toʻgʻrisida deysanmi? (Boshini uning yelkasiga qoʻyadi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Qoʻy, qoʻy… (Sochini silab.) Qoʻy endi.

S o n ya. Men xunukman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Sening soching juda chiroyli.

S o n ya. Yoʻq! (Oynaga qaramoqchi boʻlib, atrofga koʻz tashlaydi.) Yoʻq! Xunuk xotinga hamma vaqt: “Sizning koʻzingiz juda chiroyli, sizning sochingiz juda goʻzal” deydilar. Men uni olti yildan beri sevaman, uni oʻz onamdan ham kuchliroq sevaman, men har nafasda uning ovozini eshitaman, qoʻl qisishini sezaman, ikki koʻzim eshikda – kutganim-kutgan, nazarymda hozir kirib kelayotganday. Mana oʻzing koʻrib turibsan-ku, oʻshaning toʻgʻrisida gaplashish uchun doim oldingga kelaman. U biznikiga har kuni keladigan boʻldi, lekin menga qaramaydi, meni koʻrmaydi… Buni qanday azobligini bilsang edi! Mening hech qanday umidim yoʻq, yoʻq, yoʻq! (Maʼyuslanib.) Ey, xudoyo xudovando, oʻzing madad ber… Men butun kechasi bilan ibodat qildim… Koʻpincha oldiga oʻzim boraman, gap boshlayman, koʻzlariga tikilaman… Endi menda gʻururlik qolmadi, oʻzimni tutib turishga ortiq kuchim yoʻq. Kecha oʻzimni tiyolmadim, Vanya togʻamga uni sevaman dedim… Sevishimni hamma xizmatkorlar ham bilishadi, hamma biladi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. U-chi?

S o n ya. U menga parvo qilmaydi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (oʻychan). Gʻalati odam… Menga qara. Mayli desang, men u bilan gaplashib koʻraman… Ehtiyotkorlik bilan, yotigʻi bilan soʻrayman…

 

Pauza.

 

Axir, qancha vaqt bunday arosatda yashash mumkin… Maylimi?

 

Sonya boshi bilan maʼqul degan ishorani qiladi.

 

Juda soz. Sevish-sevmasligini bilish qiyin emas, jonginam, tashvish qilma, men uni juda ehtiyotkorlik bilan soʻroq qilaman, oʻzi ham sezmay qoladi. Ha yoki yoʻqligini bilsak boʻldi-da!

 

Pauza.

 

Agar yoʻq desa, bu yerga kelmasin, shundaymi?

 

Sonya boshi bilan maʼqul degan ishorani qiladi.

 

Koʻrmasang yengilroq boʻladi. Gapni choʻzib yurmay tushdayoq soʻrab qoʻya qolamiz. U menga qandaydir chizgan rasmlarini koʻrsatmoqchi edi… Bor, men uni koʻrmoqchi ekanligimni ayt.

S o n ya (kuchli hayajonda). Sen menga bor haqiqatni aytasanmi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, albatta. Menimcha, har qanday haqiqat ham mavhumlikday qoʻrqinchli emas. Menga ishonaver, jonginam.

S o n ya. Xoʻp, xoʻp… Men unga chizgan rasmlarini koʻrmoqchi boʻlganingni aytaman… (Keta turib eshik oldida toʻxtaydi.) Yoʻq, mavhumlik yaxshiroq. Har qalay umidvor boʻlasan.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Nima deding?

S o n ya. Yoʻq, oʻzim. (Ketadi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (yolgʻiz). Birovning sirini bilsang-da, unga yordam berolmasang, bundan yomoni yoʻq. (Oʻylab.) U Sonyani sevmaydi – bu turgan gap, biroq uylansa boʻlmaydimi? Sonya chiroylimas, lekin ancha yoshga kirgan qishloq doktori uchun juda munosib xotin boʻlar edi. Aqlli, biram mehribon, sofdil… Yoʻq, bu yerda boshqa gap bor.

 

Pauza.

 

Men bu shoʻrlik qizning dardiga tushunaman. Oʻlarcha zerikarli bu muhitda, odamlar oʻrniga atrofda allaqanday ola-qura dogʻlar daydib yurgan va yeyish, ichish, uxlashdan boshqa narsani bilmaydigan kezlarda, gaplari tuturiqsiz bu odamlar orasida goho u paydo boʻlib qoladi. Ularga oʻxshamaydi u, chiroyli, kelishgan, dilkash, goʻyo zulmat kechada toʻlin oy suzib yurganday… Shunday odamga maftun boʻlsang, dunyoni unutsang arziydi… Men oʻzim unga bir oz mayl sezyapman shekilli… Ha, usiz men zerikaman, uning haqida oʻylar ekanman, quvonib ketaman… Vanya togʻa aytishicha, tub tomirlarimda suv parisining qoni oqar emish. “Jilla boʻlmasa umringizda biror marta oʻzingizga erk bering” deydi. Nima qilay? Balki shunday qilish kerakdir… Qani endi erkin qush boʻlsam-u, uchib ketsam, sizlarning uyqu bosgan basharalaringizni koʻrmasam, soʻzlaringizni eshitmasam, dunyoda sizlar bor ekaningizni unutsam… Biroq men qoʻrqoqman, uyatchanman. Men vijdon azobida qolaman… Bu yerga u har kuni keladi, kelishining sababini ham payqayapman, halitdan oʻzimni aybdor sezyapman, Sonya oldida tiz choʻkishga, kechirim soʻrashga, yigʻlashga tayyorman.

A s t r o v (kartogramma bilan kiradi). Salom! (qoʻlini qisadi.) Siz chizgan rasmlarimni koʻrmoqchi boʻlibsiz.

Ye l yen a A n d r ye ye v n a. Kecha oʻz ishlaringizni koʻrsatishga vaʼda bergan edingiz… Boʻshmisiz?

A s t r o v. O, albatta. (Lomber stoliga kartogrammani yoyadi va knopkalar qadaydi.) Siz qayerda tugʻilgansiz?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (unga koʻmaklaishb). Peterburgda.

A s t r o v. Qayerda oʻqigansiz?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Konservatoriyada.

A s t r o v. Unday boʻlsa buning sizga qizigʻi yoʻq.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Nega? Toʻrri, men qishloqni bilmayman, lekin qishloq haqida koʻp oʻqiganman.

A s t r o v. Bu uyda mening oʻz stolim bor… Ivan Petrovichning boʻlmasida. Juda charchagan vaqtlarimda, gangib qolganimda bor-yoʻq ishimni tashlayman-u, shu yerga yuguraman, bir-ikki soat mana shu narsa bilan mashgʻul boʻlaman… Ivan Petrovich bilan Sofya Aleksandrovna choʻt qoqishadi, men ularning pinjida, oʻz stolim oldida boʻyoq boʻyab oʻtiraman – ham issiq, ham rohat, churuldoq churullaydi. Lekin bu rohatdan koʻp bahramand boʻlavermayman, oyida bir marta, xolos… (Kartogrammani koʻrsatib.) Endi bunga qarang. Bu uyezdimizning bundan ellik yil burungi manzarasi. Toʻq yashil va och yashil ranglar oʻrmon belgisi; butun uyezd maydonining yarmisi oʻrmon. Yashil rang ustidagi qizil boʻyoq bilan qilingan toʻrlar – bu yerlarda kiyiklar, yovvoyi echkilar yashaganligining alomati… Men bu yerda oʻsimliklar va boʻlak hayvonlarni ham koʻrsatib oʻtganman. Mana bu koʻlda gʻozlar, oʻrdaklar, oqqushlar yashagan, qariyalarning tili bilan aytganda, turli-tuman qushlar koʻk yuzini qoplab olgan ekan, bamisoli bulut deyavering. Qishloq hamda ovullardai tashqari, koʻrib turibsizki, unda-bunda yangi xonadonlar, qoʻrgʻonchalar, ibodatxonalar, suv tegirmonlari bor… Qoramollar va otlar juda koʻp boʻlgan. Koʻk rangdan koʻrinib turibdi. Masalan, mana bu volostda koʻk rang quyuq, chunki bu yerda toʻda-toʻda yilqilar boʻlgan, har bir xonadonga uchtadan ot toʻgʻri kelgan.

 

Pauza.

 

Endi pastga qaraylik. Bu yigirma besh yil burungi manzara. Endi oʻrmon hamma maydonning uchdan bar qismini qoplagan. Echkilar yoʻq, lekin kiyiklar bor. Yashil hamda koʻk ranglar suyuqlashgan va hokazo va hokazo, Uchinchi qismiga oʻtaylik – bu uyezdning hozirgi koʻrinishi. Yashil rang yamoq singari onda-sonda qolgan; kiyiklar ham, oqqushlar ham, qushlar ham yoʻqolib ketgan. Avvalgi yangi xonadonlar, qoʻrgʻonchalar, suv tegirmonlaridan nom-nishon ham qolgan emas. Xullasi kalom asta-sekin tadrijiy yemirilish manzarasini koʻramiz, bu manzara toʻla-toʻkis boʻlmogʻi uchun oʻn-oʻn besh yil qoldi xolos. Balki siz, madaniyat taʼsiri, eski hayot yangi hayotga oʻz oʻrnini berishi tabiiy bir hol, dersiz. Qani endi, kesilgan oʻrmonlarning oʻrniga yangi tosh koʻchalar, temir yoʻllar, zavodlar, fabrikalar va maktablar qurilsa edi – xalq sogʻlomroq, badavlatroq, aqlli-maʼrifatliroq boʻlar edi, biroq bu yerda bulardan asar ham yoʻq! Uezdda oʻsha-oʻsha botqoqlar, bezgak chivinlarn, oʻsha-oʻsha buzuq va loy yoʻllar, qashshoqlik, tif, difteryat, yongʻin olishlar… Biz bu yerda tirikchilik uchun nihoyatda ogʻir kurash natijasida paydo boʻlgan yemirilishni koʻrib turibmiz; bu yemirilishning asosiy sababi eskilik-jaholati, bilimsizlik, oʻz kuchiga butunlay ishonmaslikdir; sovqotgan, och, kasal odam qolgan umrini qutqarmoq niyatida, oʻz bolasini qutqarib qolmoq niyatida, qorin toʻydirmoq, isinmoq uchun ertani oʻylamay ixtiyorsiz, ongsiz ravishda koʻziga koʻringan narsaga jon-jahdi bilan tashlanadi… Deyarli hammasi buzilgan, ammo evaziga hech narsa yaratilgan emas. (Sovuq.) Yuzingizdan koʻrib turibmanki, bu sizni qiziqtirmayapti.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Men bu masalada juda kam tushunaman.

A s t r o v. Tushunmaydigan yeri yoʻq, sizga qiziq emas, vassalom.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ochigʻini aytsam, mening xayolim butunlay boshqa narsa bilan band. Kechiring. Men sizni jindek soʻroq qilmoqchiman, shuning uchun xijolatdaman, nimadan boshlashimni bilmay turibman.

A s t r o v. Soʻroq?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, soʻroq, lekin… butunlay begʻaraz. Oʻtiraylik! (Oʻtiradilar.) Bu ish bir qizga taalluqli. Biz doʻstlarcha, vijdonan, ochiq soʻzlashamiz. Gaplashib boʻlib, bu gapni unutib yuboramiz. Xoʻpmi?

A s t r o v. Xoʻp.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu mayeala mening oʻgay qizimga tegishli. U sizga yoqadimi?

A s t r o v. Ha, men uni hurmatlayman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Xotin sifatida yoqadimi?

A s t r o v (bir ozdan soʻng). Yoʻq.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Yana ikki-uch ogʻiz gap, keyin tamom qilamiz. Siz hech narsani payqadingizmi?

A s t r o v. Hech narsa payqamadim.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (qoʻlidan ushlaydi). Siz uni sevmaysiz, buni koʻzingizdan koʻrib turibman… U azobda… Ahvolini tushuning va… endi bu yerga kelmang.

A s t r o v (turadi). Yoshim oʻtib qoldi… Qoʻlim ham tegmaydi… (Yelkasini qisib.) Qanday qilib vaqt topay? (Xijolatda qoladi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. E, juda xunuk gap boʻldi-da! Yuragim shunday uryaptiki, goʻyo ming pud yuk koʻtarib kelgandayman. Uh, xudoga shukur, boʻldi. Hech narsa gaplashmagan kishilardek unutib yuboramiz… Endi… keting. Siz aqlli odamsiz, tushunasiz…

 

Pauza.

 

Men hatto qizarib ketdim.

A s t r o v. Bu gapni bir-ikki oy ilgari aytganingizda edi, unda men oʻylab koʻrgan boʻlardim, endi boʻlsa… (Yelkasini qisib.) Agar u azob chekayotgan boʻlsa, albatta… Faqat bir narsaga tushunmay turibman: bu soʻroq sizga nima uchun kerak boʻldi? (Koʻziga qaraydi, barmogʻi bilan tanbihlab.) Siz – mugʻombirsiz!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu nima deganingiz?

A s t r o v (kulib). Mugʻombirsiz! Sonya azobda deyaylik, men bunga ishonaman, lekin bu soʻroq sizga nima uchun kerak boʻldi? (Uni soʻzlashga qoʻymay, tez.) Ruxsat eting, yuzingizda taajjub alomatini yasamang, men bu yerga har kuni nima uchun va kimni deb kelishimni juda yaxshi bilasiz. Lochinim, menga bunday qaramang, men eski tullakman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (tushunmay). Lochinim? Tushunolmadim.

A s t r o v. Goʻzal lochinim… Sizga qurbonlar kerak! Mana bir oydan beri bor-yoʻq ishimni yigʻishtirib qoʻyib, zoʻr berib sizni qidirganim-qidirgan, bu sizga gʻoyatda yoqadi, gʻoyatda… Nima ham deyman? Men yengildim, buni siz soʻroqsiz ham bilardingiz. (Qoʻl qovushtirib, boshini egib.) Taslimman! Mang, yeng!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Esingizni yeb qoʻyibsiz!

A s t r o v (tish orasidan kulib). Siz uyatchan ekansiz-ku…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. O, men siz oʻylaganingizdan koʻra tozaroq va yuqoriroqman! Ont ichaman. (Ketmoqchi boʻladi.)

A s t r o v (yoʻlini toʻsib). Men bugun ketaman, bu yerga kelmayman, biroq… (Qoʻlidan ushlaydi, atrofga qaraydi.) Qayerda uchrashamiz? Tezroq ayting, qayerda? Bu yerga bitta-yarimta kirib qolishi mumkin… (Ehtiros bilan.) Qanday goʻzalsiz, latofatlisiz… Bitta oʻpay… Sumbul sochlaringizni bir marta oʻpay…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ont ichaman…

A s t r o v (soʻzlashga qoʻymay). Ont ichib nima qilasiz? Ont darkor emas. Ortiqcha soʻzning hojati yoʻq… O, qanday goʻzalsiz! Oh, qanday nozik qoʻllar! (Qoʻlidan oʻpadi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bas, haddingizdan oshmang… keting. (Qoʻlini tortib oladi.) Siz oʻzingizni unutib qoʻydingiz.

A s t r o v. Gapiring, axir tezroq gapiring, ertaga qayerda uchrashamiz? (Belidan quchoqlaydi.) Oʻzing koʻrib turibsanki, bu muqarrar – biz uchrashishimiz lozim. (Oʻpadi; shu paytda bir dasta atir gul koʻtargan Voynitskiy kiradi, eshik oldida toʻxtab qoladi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiyni koʻrmay). Rahmingiz kelsin… Meni tinch qoʻying… (Astrovning koʻksiga boshini qoʻyadi.) Yoʻq! (Ketmoqchi boʻladi.)

A s t r o v (belidan ushlab). Ertaga oʻrmonga kel… Soat ikkilarda… Xoʻpmi? Kelasanmi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiyni koʻrib qoladi). Qoʻyvoring! (Qattiq uyalib, deraza tomon ketadi.) Bu yaxshi emas!

V o y n i s k i y (gullarni stulga qoʻyadi, hayajonda roʻmolchasi bilan yuzini va boʻynini artadi). Durust… Ha… Durust…

A s t r o v. Bugun, hurmatli Ivan Petrovich, havo juda joyida. Ertalab yomgʻir yogʻadigandek oomon bulut edi, endn boʻlsa oftob… Insof bilan aytganda, kuz ajoyib keldi… Kuzgi ekinlar ham joyida. (Kartogrammani oʻrab oladi.) Faqat shunisi borki, kunlar qisqarib qoldi… (Ketadi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiy oldiga tez kelib). Siz bor kuchingizni ishga soling, erimni koʻndiring, men hamda erim shu bugunoq bu yerdan ketaylik! Eshitdingizmi? Shu bugunoq.

V o y n i s k i y (yuzini artib). Labbay? Ha, shunday. Yaxshi… Men, hammasini koʻrdim, hammasini…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (asabiy). Eshitdingizmi? Men shu bugunoq bu yerdan joʻnab ketishim kerak!

 

Serebryakov, Sonya, Telegin va Marina kiradidar.

 

T ye l ye g i n. Men ham, janobi oliylari, oʻzimni xayla betob sezyapman. Ikki kundan beri mazam yoʻq. Boshim ham allaqanday…

S ye r ye b r ya k o v. Boshqalar qani? Shu uyni yomon koʻraman-da. Labirintga oʻxshaydi. Yigirma oltita xonasi bor, hamma tarqalib ketsa, hech birini ahtarib topolmay xunob boʻlasan kishi. (Qoʻngʻiroq chaladi.) Bu yerga Mariya Vasilyevna bilan Yelena Andreevnani chaqiringlar!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Men shu yerdaman.

S ye r ye b r ya k o v. Marhamat, janoblar, oʻtiringlar.

S o n ya (Yelena Andreevna yoniga kelib, sabrsizlik bilan.) Xoʻsh, nima dedi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Keyin…

S o n ya. Nega qaltirayapsan, hayajondasan? (Yuziga qattiq tikilib.) Tushundim… U bundan buyon bu yerda boʻlmayman dedimi, shundaymi?

 

Pauza.

 

Shundaymi?

 

Yelena Andreevna boshi bilan “ha” degan ishorani qiladi.

 

S ye r ye b r ya k o v (Teleginga). Betoblik mayliku-ya, boʻlganicha boʻlar, ammo shu qishloq hayotini koʻrsam jinim qoʻzib ketadi. Men oʻzimni yerdan begona bir planetaga tushib qolganday sezaman. Oʻtiringlar, janoblar. Sonya!

 

Sonya eshitmaydi, boshini quyi solib, gʻamgin holda turadi.

 

Sonya!

 

Pauza.

 

Eshitmaydi-ya. (Marinaga.) Enaga, sen ham oʻtir.

 

Enaga oʻtirib, paypoq toʻqiydi.

 

Janoblar, sizdan iltimos, quloqlaringizni diqqat qozigʻiga ilib qoʻyinglar. (Kuladi.)

V o y n i s k i y (hayajonda). Ehtimol, mening keragim yoʻqdir? Ketsam boʻladimi?

S ye r ye b r ya k o v. Yoʻq, sen bu yerda hammadan keraksan.

V o y n i s k i y. Xoʻsh, mendan nima istaysiz?

S ye r ye b r ya k o v. Siz… Nega jahling chiqyapti?

 

Pauza.

 

Birorta aybim boʻlsa, oʻtinaman, kechir.

V o y n i s k i y. E, bu gapingni qoʻy. Ishga oʻtaylak… Senga nima kerak?

 

Mariya Vasilyevna kiradi.

 

S ye r ye b r ya k o v. Mana volida ham keldilar. Janoblar, boshlayman.

 

Pauza.

 

Sizlarni chaqirishimdav maqsad, janoblar, aytib oʻtmoqchiman, bizning tomonga revizor kelyapti. Hazilni yigʻishtirib turaylik. Ish jiddiy. Janoblar, sizlarni toʻplashimdan maqsadim, sizlarning yordam va maslahatingizni olmoqlikdir, chunki men sizning doimiy mehribonligingizni bilaman va sizlarning yordam va maslahatingizni olishdan umidvorman. Men olim odamman, kitobiy odamman va hamisha turmushning amaliy masalalarida noʻnoq boʻlib kelgan odamman. Bilgan kishilarning maslahatini olmay ilojim yoʻq. Sendan, Ivan Petrovich, mana sizdan, Ilya Ilich, sizdan volidai mehribon – iltimos qilaman… Gap shundaki, hammamiz ham xudovandi karimning bandasimiz; men qarib qoldim, kasalmandman, shu sababli mol-mulk masalalarini bartaraf qilmoq vaqti keldi deb bilaman, chunki bu masala mening oilamga taalluqlidir. Mening hayotim tugab boryapti, men oʻzimni oʻylamayman, biroq mening yosh xotinim, boʻyi yetgan qizim bor.

 

Pauza.

 

Endi qishloqda yashab qololmayman. Bizlar qishloq uchun yaratilgan emasmiz. Bu yer-mulkdan olib turgan daromad bilan shaharda ham yashash mumkin emas. Bordi-yu, faraz qilinsin, oʻrmonni sotaylik, bu horiqulodda chora, undan doimiy foydalanib boʻlmaydi. Shunday bir yoʻl topmoq kerakki, u bizga doimiy ravishda kelib turadigan daromadning miqdorini aniq taʼmin qilsin. Men shunday bir yoʻlni oʻylab topdim va buni lutfan sizlarning muhokamangizga qoʻymoqchiman. Tafsilotlarga oʻtmay gapning loʻndasini aytib qoʻya qolay. Yer-mulkimiz yiliga oʻrta hisob bilan ikki protsentdan ortiq daromad bermaydi. Men uni sotishni taklif qilaman. Pulini protsentlik qogʻozlarga aylantirsak, toʻrt bilan besh protsent oʻrtasidagi daromadga ega boʻlamiz, men oʻylaymanki, ortib qolgan bir necha mingga Finlyandiyadan kichikroq bir bogʻ olsak boʻladi.

V o y n i s k i y. Toʻxta… Qulogʻim yaxshi eshitmay qoldi. Qaytarib gapir-chi, nima deding?

S ye r ye b r ya k o v. Pullarni protsentlik qogʻozlarga aylantirib, ortib qolganiga Finlyandiyadan bogʻ olsak deyman.

V o y n i s k i y. Finlyandiyani emas… Sen yana allanima deding-ku.

S ye r ye b r ya k o v. Men yer-mulkni sotishni taklif qilaman.

V o y n i s k i y. Ha, barakalla, mana endi oʻzingga kelding. Sen yer-mulkni sotmoqchisan, juda olijanob, juda oʻtkir fikr… Xoʻsh, kampir onam bilan meni va Sonyani qaysi goʻrga tiqmoqchisan?

S ye r ye b r ya k o v. Vaqti-soati bilan buni ham muhokama qilamiz. Hammasi birdan boʻlmaydi-ku.

V o y n i s k i y. Oshiqma. Demak shu yoshga kirib mening tariqcha ham aqlim yoʻq ekan-da. Men shu paytgacha bu yer-mulk Sonyaniki deb oʻylab, ahmoq boʻlib yurgan ekanman-da. Marhum otam opamning sepiga qoʻshmoq uchun buni sotib olgan edi. Men shu kungacha sodda ekanman, qonunlarni turkchasiga tushunmay, yer-mulk opamning oʻlimidan keyin Sonyaga oʻtdi deb xom oʻylab yurgan ekanman-da.

S ye r ye b r ya k o v. Shunday, mulk Sonyaniki. Hech kim meniki deyayotgani yoʻq. Sonyaning roziligisiz buni sotishga jurʼatim yetmaydi. Men bu ishni Sonyaning foydasini koʻzlab qilyapman.

V o y n i s k i y. Yoʻq, bu aqlga sigʻmaydi, aqlga sigʻmaydi! Yoki men jinni boʻlganman, yoki… yoki…

M a r i ya V a s i l ye v n a. Jan, Aleksandrning gapini qaytarma. Ishon, u oq-qorani sen-mendan yaxshiroq biladi.

V o y n i s k i y. Yoʻq, menga suv beringlar! (Suv ichadi.) Nima desangiz deyavering, gapiravering!

S ye r ye b r ya k o v. Tushunolmay qoldim, nega sen qizishasan. Mening loyiham har jihatdan mukammal deyotganim yoʻq. Agar hamma maʼqul topmasa, men zoʻrlamayman.

 

Pauza.

 

T ye l ye g i n (uyalib). Men, janobi oliylari, fanni izzat-ikrom qilishimdan tashqari, qalbimda unga qarindoshlik tuygʻusini sezaman. Akam Grigoriy Ilichning xotinining akasi, ehtimol tanirsiz, Konstantin Trofimovich Lakedemonov, magistr edi. U…

V o y n i s k i y. Toʻxtab tur Patir, biz ish toʻgʻrisida gaplashyapmiz. Shoshma, keyin… (Serebryakovga.) Sen mana bundan soʻra. Bu yerni buning togʻasidan sotib olingan.

S ye r ye b r ya k o v. Uh, soʻrab nima qilaman! Nima hojati bor?

V o y n i s k i y. Bu mulk oʻsha vaqt puli bilan toʻqson besh mingga olingan. Otam yetmish mingini toʻlagan, yigirma besh mingi qarz boʻlib qolgan. Endi bu yogʻini eshitinglar… Men opamni juda yaxshi koʻrardim. Men oʻz merosimdan opamning foydasiga voz kechmaganimda, bu yer qoʻlga kirmagan boʻlar edi. Buning ustiga men oʻn yil eshakday ishladim, hamma qarzni uzdim.

S ye r ye b r ya k o v. Bu gapni boshlaganimga afsuslanaman.

V o y n i s k i y. Yer-mulk qarz-qurzdan holi, yolgʻiz mening mehnatim tufayli buzilib ketmadi. Endi kelib, qarigan chogʻimda meni haydab chiqarmoqchi emish!

S ye r ye b r ya k o v. Maqsadingga tushuna olmay turibman.

V o y n i s k i y. Men yigirma besh yil mobaynida bu yerni boshqarib keldim, ter toʻkdim, eng sodiq prikazchik singari senga pul yuborib turdim, shularning barchasiga biror marta boʻyasa ham rahmat demading. Men umrim boʻyi – yoshligimda ham, hozir ham – sendan yiliga besh yuz soʻmdan maosh olib keldim, buni katta pul deb oʻylaysan shekilli! Shuncha vaqt oʻtib maoshimga bir soʻm qoʻshib qoʻyish hatto esingga ham kelmadi.

S ye r ye b r ya k o v. Ivan Petrovich, men qayoqdan bilib oʻtiribman? Men turmush masalalarida noʻnoqman; kerakligicha oʻzingga-oʻzing qoʻshib qoʻysang boʻlar edi.

V o y n i s k i y. Nima uchun oʻgʻirlab qolmadim? Nega hammangiz oʻgʻirlab qolmaganim uchun mendan nafratlanmaysiz? Adolatli ish boʻlardi, men ham endi kelib gado boʻlmas edim.

M a r i ya V a s i l ye v n a (qatʼiy). Jan!

T ye l ye g i n (hayajonda). Vanya, doʻstim, kerakmas, kerakmas… Men qaltirab ketyapman… Orani buzishning nima hojati bor? (Oʻpib.) Kerakmas.

V o y n i s k i y. Yigirma besh yil shu onam bilan koʻr kalamushdek toʻrt devor ichida oʻtirib keldim… Bizning fikri-zikrimiz, muhabbatimiz senga bagʻishlangan edi. Uzzukun sening toʻgʻringda, ishlaring haqida gapirib, otangiz ogʻrimasdi, sen bilan faxrlanardik, nomingni ehtiromsiz tilga olmas edik; kechalarni kitob va jurnallarga qurbon qilardin, endi men ulardan butun qalbimdan jirkanaman.

T ye l ye g i n. Bas Vanya, bas… Toqat qilolmayman…

S ye r ye b r ya k o v (gʻazab bilan). Tushunmadim, nima kerak senga?

V o y v i s k i y. Sen biz uchun eng olijanob bir kishi eding, sening maqolalaringni yod qilib, olgan edik… Endi koʻzim ochildi! Men hammasini koʻrib turibman! Sen sanʼat haqida yozasan-u, lekin oʻzing sanʼatga mutlaqo tushunmaysan! Asarlarning sariq chaqaga ham arzimaydi! Sen bizni laqqilatib kelding!

S ye r ye b r ya k o v. Janoblar! Buni tiyib olinglar, axir! Men ketaman!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ivan Petrovich, jim boʻlishingizni talab qilaman! Eshitdingizmi?

V o y n i s k i y. Jim boʻlmayman! (Serebryakovning yoʻlini toʻsib.) Toʻxta, hali gapimni tamom qilganim yoʻq! Sen mening hayotimni barbod qilding! Men yashamadim, yashamadim! Sening sharofating tufayli yosh umrimni, eng yaxshi yillarimni xarob qildim. Sen mening eng ashaddiy dushmanimsan?

T ye l ye g i n. Men chidolmayman… chidolmayman… Men ketaman… (Kuchli hayajonda chiqib ketadi.)

S ye r ye b r ya k o v. Mendan nima istaysan? Men bilan bunday ohangda gaplashmoqqa nima haqing bor, bu tubanlik! Yer-mulk seniki boʻlsa, olaver, men zor emasman.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Men hozirning oʻzidayoq bu doʻzaxdan joʻnab ketaman! (Baqirib.) Men ortiq chidolmayman!

V o y n i s k i y. Hayotim tamom boʻldi! Men isteʼdodliman, aqlliman, dovyurakman… Men ham odam singari hayot kechirganimda, mendan Shopengauer, Dostayevskiy chiqishi mumkin edn… Men behuda gaplarni gapirib yubordim! Men jinni boʻlyapman, onajon, men jonimdan toʻydim! Onajon!

M a r i ya V a s i l ye v n a (qatʼiy). Aleksandrning gapiga kirgin.

S o n ya (znaga oldiga tiz choʻkib). Enagajon, enagajon!

V o y n i s k i y. Onajon! Nima qilay? Kerakmas, gapirmanglar! Nima qilishni oʻzim bilaman! (Serebryakovga) Xax senimi! (Oʻrta eshikdan chiqib ketadi.)

 

Mariya Vasilyevna ketidan chiqadi.

 

S ye r ye b r ya k o v. Janoblar, axir bu nima degan gap? Vu jinnini mendan nariga olinglar! Men u bilan bir uyda yasholmayman! (Oʻrta eshikni koʻrsatib), yana shu yerda, men bilan yonma-yon yashaydi-ya… Qishloqqami, bogʻ chekkasidagi hovligami koʻchib ketsin yoki men ketaman, bu bilan bir uyda qololmayman…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (eriga). Biz yuu bugunoq bu yerdan ketamiz! Hozirning oʻzidayoq, buyruq qil!

S ye r ye b r ya k o v. Tuban inson!

S o n ya (tiz choʻkib, otasiga oʻgiriladi; asabiy, koʻzida yosh). Rahmdil boʻlish kerak, dada! Men va Vanya togʻam baxtsizmiz! Rahmdil boʻlish kerak! Esingga ol, yoshroq vaqtingda Vanya togʻam bilan buvim kechalari senga kitoblar tarjima qilishardi, xatlaringni koʻchirishardi… Butun kechasi bilan-a, butun kechasi bilan. Vanya togʻam ikkalamiz dam olish nimaligini bilmay, oʻzimizga bir tiyin ham sarflamay, hamma pulni senga yuborardnk… Biz nonimizni tekin yemadik! Men gapimdan adashib ketdim, lekin sen tushunishing kerak, dada. Rahmdil boʻlish kerak!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (hayajonda, eriga). Aleksandr, xudo haqi, bor, u bilan gaplash… Oʻtinaman.

S ye r ye b r ya k o v. Xoʻp, xoʻp, gaplashaman… Men uni ayblamayman, undan xafa emasman, lekin uning bu qiligʻi gʻoyatda beburd! Ruxsat eting, men u bilan gaplashaman. (Oʻrta eshikdan chiqib ketadi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Unga qattiq gapirma, uni tinchlantir… (Orqasidan ketadi.)

S o n ya (enagani quchoqlab). Enagajon, enagajon!

M a r i n a. Qoʻyaver, qizim. Bu gʻozlar gʻa-gʻalashadi-yu, tinchishadi.

S o n ya. Enagajon!

M a r i n a (boishni silab). Sovuq qotgan odamday qaltirayapsan! Qoʻy, qoʻy, qoʻzichogʻim, xudoning rahmi kelsin! Issiq malinali choy ichsang bosilib qoladi. Xafa boʻlma, yetimchaginam. (Oʻrta eshikka qarab, jahl bilan.) Ovjiga chiqishganini qara-ya bu gʻozlarning, hu ovozlaring oʻchgurlar!

 

Sahna orqasida oʻq tovushi eshitiladi; Yelena Andreevnaning baqirib yuborgani eshitiladi; Sonya choʻchib tushadi.

 

Hu, xudo koʻtarsin senlarni!

S ye r ye b r ya k o v (qoʻrqqanidan gandiraklab yugurib kiradi). Ushlanglar uni! Ushlanglar! U esini yeb qoʻyibdi!

 

Yelena Andreevna bilan Voynitskiy eshikda olishadilar.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (revolverni tortib olmoqchi boʻlib). Menga bering! Menga bering deyapman sizga!

V o y n i s k i y. Qoʻyvoring, Qoʻyvoring meni! (Qoʻlidan chiqib yuguradi, koʻzlari bilan Serebryakovni axtaradi.) Qani u? A, mana! (Unga otadi.) Mana!

 

Pauza.

 

Tegmadimi? Tagʻin-a? (Gʻazab bilan.) Eh, shayton… jin ursin… (Revolverni yerga otadi, holdan tolib stulga oʻtiradi. Serebryakov dang qotib qolgan. Yelena Andreevna hushidan ketadi, devorga suyanib qoladi.)

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Meni bu yerdan olib ketinglar! Olib ketinglar, oʻlsam ham bu yerda qolmayman!

V o y n i s k i y (jahl bilan). O, men nima qilyapman! Nima qilyapman!

S o n ya (ohista). Enaga, enagajon!

 

P a r d a.

 

 

TOʻRTINCHI PARDA

 

Ivan Petrovichning xonasi; yotoqxonasi ham, yer-mulkning kontorasi ham shu yerda. Deraza oldidagi katta stol ustida kirim-chiqim daftari, turli qogʻozlar, kontorka, shkaflar, torozi. Kichikroq stol, bu Astrovniki; stol ustida rasm chizadigan asboblar, boʻyoqlar, yonida papka. Mayna solingan qafas. Devorda Afrikaning xaritasi, aftidan, buni hech kimga keragi yoʻq. Kleyonka bilan qoplangan kattakon divan. Chapda – yotoqxonalarga olib chiqadigan eshik; oʻngda – dahlizga chiqadigan eshik; oʻngdagi eshik ostonasiga mujiklar kirganda oyoq artish uchun sholcha tashlangan. Kuz oqshomi. Jimlik.

Telegin va Marina (bir-birlarining roʻparasida oʻtirib olib, paypoq uchun yigirilgan jun ipni oʻramoqdalar).

 

T ye l ye g i n. Tezroq boʻla qoling, Marina Timofeevna, hozir xayrlashgani chaqirib qolishadi. Otlarni qoʻshinglar deb buyruq qilishdi.

M a r i n a (tezroq oʻrashga urinib). Oz qoldi.

T ye l ye g i n. Xarkovga joʻnab ketishyapti. Oʻsha yerda yashashar emish.

M a r i n a. Shunisi ham tuzuk.

T ye l ye g i n. Qoʻrqib ketishdi… Yelena Andreevna: “Bir soat ham bu yerda qolmayman… ketaman-chi, ketaman, Xarkovda yashaymiz, orqa-oʻngimizni yigʻishtirib olib, buyumlarni olib ketamiz” dedilar. Yengil-yelpi joʻnab ketishyapti. Bundan chiqadiki, bu yerda yashash, Marina Timofeevna, peshonalariga yozilmagan ekan-da, yozilmagan ekan… Taqdiri azal.

M a r i n a. Shunisi tuzuk. Toʻs-toʻpolon koʻtarishdi, oʻq otishdi, turgan-bitgani uyat-nomus!

T ye l ye g i n. Haq gap, Ayvazovskiy boplab chizadigan voqia boʻldi.

M a r i n a. Koshkiydi shularni koʻrmagan boʻlsam.

 

Pauza.

 

Tagʻin avvalgidek yashaymiz. Ertalab soat yettida nonushta, oʻn ikkida tushki ovqat, kechqurun yana avvalgidek. Hamma narsa oʻz tartibida, oʻz maromida boʻladi, hamma odamlar singari, xristianchasiga… (Xoʻrsinib.) Koʻpdan beri men shoʻrlik uvra oshi yemadim.

T ye l ye g i n. Rost, ugra oshi qilmaganingizga talay vaqt boʻldi.

 

Pauza.

 

Talay vaqt boʻldi… Bugun ertalab, Marina Timofeevna, qishloqdan oʻtib kelayotsam, baqqol orqamdan: “Ey, sigʻindi!” desa boʻladimi! Biram alam qildiki!

M a r i n a. Pinagingni buzma, otaxon. Hammamiz ham xudovandi karimga sigʻindimiz: sen ham, Sonya ham, Ivan Petrovich ham bekor oʻtirayotganingiz yoʻq, hammamiz mehnat qilyapmiz! Hammamiz! Sonya qayoqda?

T ye l ye g i n. Bogʻda. Doktor bilan Ivan Petrovichni qidirib yuribdi. Oʻzini-oʻzi bir narsa qilib qoʻymasin deb qoʻrqishyapti…

M a r i n a. Toʻpponchasi qayerda?

T ye l ye g i n (shivirlab), Men uni yertoʻlaga yashirib qoʻydim!

M a r i n a (istehzo bilan), Tavba, oʻzingga tavba! Hovlidan Voynitskiy bilan Astrov kiradilar.

V o y n i s k i y. Meni tinch qoʻy. (Marina va Teleginga.) Bu yerdan ketinglar, jilla boʻlmasa bir soat oʻz holimga qoʻyinglar! Men vasiylikni yomon koʻraman.

T ye l ye g i n. Hozir, Vanya. (Oyoq uchida chiqib ketadi.)

M a r i n a. Erkak gʻoz: gʻa-gʻa-gʻa! (Ipini yigʻishtirib, chiqib ketadi)

V o y n i s k i y. Oʻz holimga qoʻy meni!

A s t r o v. Jonim bilan, men allaqachon bu yerdan joʻnab ketishim kerak edi, biroq takror aytamanki, mevdan olgan narsangni qaytarib bermaguningcha ketmayman.

V o y n i s k i y. Men sendan hech narsa olganim yoʻq.

A s t r o v. Gapim jiddiy – meni ushlama. Men allaqachon ketishim kerak edi.

V o y n i s k i y. Sendan hech narsa olganim yoʻq.

A s t r o v. Shundaymi? Xoʻp, tagʻin birpas kutaman, undan keyin, kechirasiz, zoʻravonlik qilishga toʻgʻri keladi. Qoʻl-oyogʻingni bogʻlab, tintib koʻramiz, gapim mutlaqo jaddiy.

V o y n i s k i y. Bilganingni qil.

 

Pauza.

 

Ahmoq boʻlsa menchalik boʻlar-da, ikki marta oʻq uzib, bittasini ham tegizolmasam-a! Bu aybimni hech qachon kechirolmayman!

A s t r o v. Hamon otmoqchi ekansan, oʻz peshonangdan qoʻymaysayami?

V o y n i s k i y (elkasini qisib). Qiziq, Men odamga suiqasd qilsamu, hech kim meni qamamaydi, sudga bermaydi. Demak, meni jinni deb oʻylashar ekan-da. (Asabiy kulib.) Professorlik, buyuk olimlik niqobi ostida oʻz nodonligini, befahmligini, tengsiz tosh yurakligini yashirganlar jinni emas-u, men jinni emishman, cholga erga tegib, keyin hammaning koʻz oʻngida uni aldaganlar jinni emas-u, men jinni emishman. Sen uni quchoqlab turganingni oʻz koʻzim bilan koʻrdim-ku, axir!

A s t r o v. Ha, quchoqladim, mana senga. (Burnini koʻrsatadi.)

V o y n i s k i y (Eshikka qarab). Yoʻq, hanuz sizlarni koʻtarib turgan yer jinni!

A s t r o v. Bu gaping oʻtaketgan ahmoqlik.

V o y n i s k i y. Mayli, chunki men jinniman, aqldan ozganman, bemaʼni gaplarni gapirishga haqim bor.

A s t r o v. Bu qiliqlaring allaqachon choʻntagimizdan tushib qolgan. Sen jinni emassan, tentaksan, qip-qizil masxarabozsan. Men ilgarilari tentaklarni yarim kasal, aqliga qusr yetgan deb oʻylardim, endi shunday xulosaga keldimki, tentaklik – bu odamning rasmona holati ekan. Sen mutlaqo sogʻsan.

V o y n i s k i y (yuzini qoʻllari bilan bekitib). Uyat! Nomus! Qanday uyalayotganimni bilsang edi! Bu nishtardek oʻtkir uyat tuygʻusi hech qanday dard bilan tenglasholmaydi. (Alam bilan.) Chidolmayman! (Stolga engashadi.) Nima qilay? Nima qilay?

A s t r o v. Hech nima.

V o y n i s k i y. Biror narsa ber! Ey, xudoyim. Mea qirq yettiga kirdim. Bordi-yu, oltmish yoshgacha yashasam, tagʻin oʻn uch yil bor, muncha uzoq! Bu oʻn uch yilni qanday qilib oʻtkazaman? Nima qilaman, men shuncha vaqtni nima bilan toʻlgʻazaman? O, tushunasanmi… (Astrovning qoʻlini jon-jahdi bilan qisadi.) Tushunasanmi, qani endi qolgan umrimni bir balo qilib yangicha yashab oʻtkazolsam… Qani, endi oppoq sokin tongda uygʻonsang-u, yangicha hayot boshlanganini, oʻtmish unutilganini, tutundek tarqalib ketganini sezsang. (Yigʻlaydi.) Yangi hayot boshlash kerak… Ayt, qanday boshlay… nimadan boshlay…

A s t r o v (zarda qilib). E, seni qara-yu! Yangi hayot deganing nimasi? Bizning aqvolimiz – seniki ham, meniki ham najotsiz.

V o y n i s k i y. Shundaymi?

A s t r o v. Imonim komil.

V o y n i s k i y. Biror narsa ber… (Yuragini koʻrsatib.) Mana bu yerim yonyapti.

A s t r o v (jahl bilan baqirib). Bas qil! (Yumshab.) Bizdan yuz-ikki yuz yil keyin yashovchi, shunday ahmoqona, shunday bemaʼni umr kechirganimiz uchun bizdan nafratlanuvchi kishilar, ehtimol, baxtiyor boʻlish chorasini axtarib toparlar, biz boʻlsak-chi… Sen bilan bizda faqat birgina umid bor, xolos. Umidimiz shuki, oʻz qabrlarimizda jimgina yotganimizda farishtalar kelar, balki yaxshi tushlar koʻrarmiz. (Xoʻrsinib.) Shunday, birodar. Butun uyezdda faqat ikkita insofli ziyoli bor edi: sen va men. Biroq bizni nafratli, jirkanch hayot arzimagan shu oʻn yil ichida oʻz girdobiga tortib ketdi; u oʻzining sassiq mogʻorlari bilan qonimizni buzdi, bizlar ham boshqalardek pastkash odamlarga aylanib qoldik. (Qizishib.) Lekin sen gapni aylantirma, olgan narsangni ber.

V o y n i s k i y. Men sening hech narsangni olganim yoʻq.

A s t r o v. Sen mening yoʻl aptechkamdan morfiy solingan bankachamni olgansan.

 

Pauza.

 

Menga qara, juda oʻzingni-oʻzing oʻldirmoqchi boʻlsang, oʻrmonga borib, oʻzingni ot. Morfiyni bu yoqqa ber. Boʻlmasa har xil boʻlmagʻur gap-soʻzlar, mish-mishlar, gumonsirashlar boshlanadi, senga men berganman deb oʻylashadi… Menga sening jasadingni yorish ham yetar… Sen bu ishni juda maroqli deb oʻylaysan shekilli?

 

Sonya kiradi.

 

V o y n i s k i y. Meni tinch qoʻy.

A s t r o v. (Sonyaga.) Sofya Aleksandrovna, togʻangiz mening aptechkamdan morfiy solingan bankachamni olib qoʻyib, bermayapti. Bunga siz ayting – bu qiligʻi aqldan emas axir. Mening ham vaqtim yoʻq, joʻnashim kerak.

S o n ya. Vanya togʻa, morfiyni oldingmi?

 

Pauza.

 

A s t r o v. Olgan, imonim komil.

S o n ya. Qaytarib ber. Nega bizni qoʻrqitasan? (Erkalab.) Qaytarib ber, Vanya togʻa! Ehtimol, men sendan koʻra baxtsizroqdirman, lekin umidsizlanayotganim yoʻq. Men bardosh berib kelyapman, hayotim oʻz-oʻzidan tugamagunicha yana bardosh beraman. Sen ham bardosh ber.

 

Pauza.

 

Qaytarib ber. (Qoʻlini oʻpadi.) Mehribon, qadrdon togʻajonginam, azizim, qaytarib ber! (Yigʻlaydi.) Sen rahmdilsan, bizga rahming kelsin, qaytarib ber. Bardosh qil, togʻa! Bardosh qil!

V o y n i s k i y (stol yashigidan bankacha olib, Astrovga beradi). Ma, ol! (Sonyaga.) Lekin tezroq ishlash kerak, birorta ish bilan shugʻullanish kerak, boʻlmasa yuragim yoriladi…

S o n ya. Ha, ishlash kerak. Ketayotganlarni kuzatib qoʻyamiz-u, ishga tutinamiz… (Stoldagi qogʻozlarni asabiy yigʻishtirib.) Hamma ishni tashlab qoʻydik.

A s t r o v (bankachani aptekaga joylab, qayishlarini tortadi). Endi yoʻlga tushsam boʻladi.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (kiradi). Ivan Petrovich, shu yerdamisiz? Biz ketyapmiz. Aleksandrning yoniga chiqing, sizga gapi bor ekan.

S o n ya. Bor, Vanya togʻa. (Voynitskiyni qoʻltiqlab.) Yur. Dadam bilan sen yarashishlaring kerak. Yarashishlaring zarur.

 

Sonya bilan Voynitskiy ketadilar.

 

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Men ketyapman. (Astrovga qoʻl choʻzadi.) Xayr.

A s t r o v. Darrov-a?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Otlar qoʻshildi.

A s t r o v. Xayr!

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu yerdan ketishga bugun menga vaʼda bergan edingiz.

A s t r o v. Esimda. Hozir joʻnayman.

 

Pauza.

 

Qoʻrqib ketdingizmi. (Qoʻlidan ushlab.) Bu ish shunchalik qoʻrqinchlimi?

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha.

A s t r o v. Boʻlmasa qolarmidingiz! A? Ertaga oʻrmonga…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Yoʻq… Ahd qildim… Ketishimiz aniq boʻlgani uchun ham koʻzingizga tik qarayapman… Sizdan bitta iltimosim bor: mening haqimda yaxshiroq oʻylang. Meni hurmat qilishingizni istardim.

A s t r o v. E! (Sabri chidamay.) Qoling, iltimos qilaman. Iqror boʻling, bu yorugʻ dunyoda qiladigan ishingiz yoʻq, maqsadingiz yoʻq, oʻz diqqatingizni nimaga jalb qilishingizni bilmaysiz, baribir ertami-kechmi, oʻz hissiyotlaringizga berilib ketasiz – bu turgan gap. Shunday boʻlgandan keyin, bu Xarkovda ham, Kurskda ham emas, shu yerda, tabiat ogʻushida boʻlgani yaxshi… Har qalay bu yerning manzarasi juda goʻzal… bu yerda oʻrmonlar, Turgenev dididagi yarim xaroba qoʻrgʻonlar bor…

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz gʻalati odamsiz… Men sizdan xafaman, lekin shunga qaramay sizni albatta xotiramda saqlayman. Siz ajoyib, boshqalarga oʻxshamaydigan odamsiz… Biz bundan soʻng mutlaqo uchrashmaymiz, shuning uchun yashirishning nima hojati bor? Men hatto sizga bir oz koʻngil qoʻyib qoldim. Qani keling, bir-birimizning qoʻllarimizni qisib, doʻstlarcha ajralamiz. Meni yomonlab eslamang.

A s t r o v (qoʻlini qisib). Ha, mayli, keting… Bir qaraganda siz yaxshi, oq koʻngil odamga oʻxshaysiz, bir qaraganda, sizning turish-turmushingizda gʻalati bir narsa borga oʻxshaydi. Mana siz bu yerga eringiz bilan keldingiz-u, bu yerdagi har kuni mehnat qilayotgan, biror narsa yaratayotgan, urinib-surinib yurgan odamlar oʻz ishlarini tashlab, butun yoz boʻyi eringizning kasali va siz bilan shugʻullanishga majbur boʻlishdi. Ikkovingiz – u ham, siz ham – bizlarga oʻz bekorchiligingizni yuqtirdingiz. Men sizga berilib ketib bir oy ishlamadim, bu vaqt ichida odamlar kasal boʻldi, mujiklar mening oʻrmonlarimda oʻz molini boqdi… Shunday qilib, qayerga bormang eringiz bilan sizning oyogʻingiz tekkan yer xarob boʻladi. Men hazillashyapman, albatta, lekin har qalay… qiziq, mabodo sizlar qolsangiz bormi, juda katta xarobalik yuz bergan boʻlardi. Men ham halok boʻlardim. Sizning ham holingiz yomon boʻlardi. Mayli, keting.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (uning stolidan qalamini olib, tez yashiradi). Bu qalamni esdalik uchun oʻzimga olaman.

A s t r o v. Juda gʻalati-ya, tanish edik, endi esa toʻsatdan negadir hech qachon uchrashmaymiz. Bu dunyoda hamma narsa shunaqa… Hozir bu yerda hech kim yoʻqligida, Vanya togʻa bir dasta gul bilan kirib qolmasdan burun, ruxsat eting… sizni bir oʻpay… Xayrlashishga… soʻnggi marta… Maylimi? (Yuzidan oʻpadi.) Shunday… juda soz.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Sizga eng yaxshi tilaklar tilayman. (Alanglab.) Umrda bir marta boʻlsa boʻlar! (Uni quchoqlaydi va shu ondayoq bir-birlaridan nari ketadilar.) Joʻnash kerak.

A s t r o v. Tezroq keting. Otlar qoʻshilgan boʻlsa joʻnangiz.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu yerga kelishayotganga oʻxshaydi.

 

Ikkovi quloq soladi.

Serebryakov, Voynitskiy, qoʻlida kitob bilan Mariya Vasilyevna, Telegin va Sonya kiradilar.

 

S ye r ye b r ya k o v (Voynitskiyga). Oʻtgan ishga salavot. Shu bir necha soat ichida sodir boʻlgan voqiadan men shu qadar taʼsirlandimki, shu qadar koʻp oʻyladimki, nazarimda kelajak avlodlarga ibrat boʻlishi uchun qanday yashamoq haqida traktat yozishim mumkindek tuyulyapti. Men zoʻr qoniqish bilan sening uzrlaringni qabul qilaman va meni ham kechirishingni soʻrayman. Xayr! (Voynitskiy bilan uch marta oʻpishadi.)

V o y n i s k i y. Sen ilgari qanday daromad olib turgan boʻlsang, bundan keyin ham muntazam ravishda shunday olib turasan. Hammasi eskichasiga qolaveradi.

 

Yelena Andreevna Sonyani quchoqlaydi.

 

S ye r ye b r ya k o v (Mariya Vasilyevnaning qoʻlini oʻpib.) Matap…

M a r i ya V a s i l ye v n a (uni oʻpib). Aleksandr, suratga tushib menga rasminglarni yuboringlar. Menga qanchalik aziz ekaningizni bilasiz-ku.

T ye l ye g i n. Xayr, janobi oliylari! Bizlarni unutmang.

S ye r ye b r ya k o v (qizini oʻpib.) Xayr… hammaga xayr! (Astrovga qoʻl berib.) Koʻngilli ulfatchilik uchun sizdan minnatdorman… Men sizning fikr yuritishingizni, orzu-havaslaringizni, intilishlaringizni hurmatlayman, biroq xayrlashuv soatlarida men qariyaga bir narsani qayd qilib oʻtishga ruxsat etgaysizlar. Janoblar, ishlamoq kerak, ishlamoq kerak, ishlamoq. (Hamma taʼzim qiladi.) Yaxshi qolinglar! (Ketadi, ketidan Mariya Vasilyevna, Sonya chiqadilar.)

V o y n i s k i y (Yelena Andreevnaning qoʻlini qattiq oʻpib). Xayr… kechiring… Endi hech qachon koʻrishmaymiz.

Ye l ye n a A n d r ye ye v n a (koʻngli boʻshab). Xayr, azizim. (Boshidan oʻpib, chiqib ketadi.)

A s t r o v (Teleginga). Patir, borib aytgin, bir yoʻla menga ham ot berishsin.

T ye l ye g i n. Xoʻp boʻladi, doʻstim. (Ketadi.)

 

Astrov bilan Voynitskiy qoladilar.

 

A s t r o v (stoldagi boʻyoqlarni chamadonga joylaydi). Nega sen kuzatgani chiqmaysan?

V o y n i s k i y. Oʻzlari ketaversin, men… kuzatolmayman. Menga ogʻir. Tezroq biror narsa bilan oʻzimni ovutishim kerak… Ishlash kerak, ishlash! (Stoldagi qogʻozlarni titkilaydi.)

 

Pauza; qoʻngʻiroq ovozi eshitiladi.

 

A s t r o v. Ketishdi. Professor oʻlarcha xursand boʻlsa kerak. Endi uni boshidan zar quysang ham bu yerga kelmaydi.

M a r i n a (kiradi). Ketishdi. (Kresloga oʻtirib paypoq toʻqiy boshlaydi.)

S o n ya (kiradi). Ketishdi. (Koʻzlarini artib.) Eson-omon yetib olishsin. (Togʻasiga.) Qani, Vanya togʻa, biror ish qilamizmi?

V o y n i s k i y. Ishlash kerak, ishlash…

S o n ya. Bu stolda birga oʻtirmaganimizga ancha boʻldi. (Stoldagi lampani yoqadi.) Siyoh ham qurib qolibdi. (Siyohdonni olib, shkaf oldiga borib, siyoh quyadi.) Ular ketganidan koʻnglim gʻash boʻlib qoldi.

M a r i ya V a s i l ye v n a (shoshilmay kiradi). Ketishdi! (Oʻtirib, kitobga berilib ketadi.)

S o n ya (oʻtirib kontora daftarish varaqlaydi). Hammadan oldin, Vanya togʻa, schyotlarni yozib chiqamiz. Ularni juda tashlab qoʻydik. Bugun ham schyotga odam yuborishibdi. Yoz, sen bittasini yozsang, men boshqasini…

V o y n i s k i y (yozadi.) “Schyot… janoblariga…”

 

Ikkovi jimgina yozadilar.

 

M a r i n a (esnab). Uyqu bosyapti…

A s t r o v. Jimjit, qogʻozlar ustida perolar qirtillamoqda, churuldoq chirillamoqda. Issiq, rohat… Bu yerdan ketgim kelmaydi.

 

Qoʻngʻiroqlar eshitiladi.

 

Mana, otlarni qoʻshyaptilar… Sizlar bilan, doʻstlarim, oʻz stolim bilan xayrlashish fursati keldi, soʻng hayyo-hay. (Kartogrammalarni papkaga joylaydi.)

M a r i n a. Muncha oshiqmasang? Oʻtiravermaysanmi.

A s t r o v. Qololmayman.

V o y n i s k i y (yozadi). “Eski qarzdan qolgani ikki soʻm yetmish besh tiyin…”

 

Xizmatkor kiradi.

 

X i z m a t k o r. Mixail Lvovich, arava tayyor.

A s t r o v. Eshitdim. (Unga aptechkasini, chamadonini va papkasini beradi.) Mana bularni ol. Ehtiyot boʻl, papka ezilmasin.

X i z m a t k o r. Xoʻp boʻladi. (Ketadi.)

A s t r o v. Qani… (Xayrlashgani yuradi.)

S o n ya. Endi qachon koʻrishamiz?

A s t r o v. Yozdan ilgari iloji boʻlmasa kerak. Qishda, qaydam endi… Mabodo biror narsa yuz bersa, xabar qilinglar, albatta kelaman. (Qoʻlini qisib.) Bergan osh-nonlaringiz uchun, mehribonliklaringiz uchun… qisqasi, barcha yaxshiliklaringiz uchun rahmat. (Enaganing yoniga bbrib, boshidan oʻpadi.) Xayr, kampir.

M a r i n a. Choy-poy ichmay quruqdan-quruq ketaverasanmi?

A s t r o v. Hech narsani koʻnglim tortmaydi, enaga.

M a r i n a. Balki aroq ichishni istarsan?

A s t r o v (ikkilanib). Mayli…

M a r i n a ketadi.

(Pauzadan soʻng.) Negadir otim oqsoqlanib qoldi. Kecha Petrushka sugʻorgani olib ketayotganda sezdim.

V o y n i s k i y. Yangi taqa qoqtirish kerak.

A s t r o v. Yoʻl-yoʻlakay Rojdestvenniyda taqachiga kirib oʻtishga toʻgʻri keladi. Boʻlak ilojim yoʻq. (Afrika kartasining oldiga kelib, unga tikiladi.) Mana bu Afrikada hozir rosa jazirama boʻlsa kerak-a, qanday dahshat!

V o y n i s k i y. Ha, shunday boʻlsa kerak.

M a r i n a (qoʻlida patnus bilan kiradi, patnusda bir ryumka aroq, bir burda non). Ichib ol.

 

Astrov aroqni ichadi.

 

Salomat boʻl, otaxon. (Taʼzim qilib.) Ustidan non yevorsang boʻlardi.

A s t r o v. Yoʻq, menga shundoq ham boʻladi. Endi, yaxshi qolinglar. (Marinaga.) Meni kuzatma, enaga. Kerakmas. (Ketadi. Sonya uning ketidan kuzatgani sham ushlab chiqadi; Marina oʻz kreslosiga oʻtiradi.)

V o y n i s k i y (yozadi). “2-fevralda 20 qadoq zigʻir yogʻ… 16-fevralda yana 20 qadoq zigʻir yogʻ… Qorabugʻdoy krupasi…

 

Pauza. Qoʻngʻiroq eshitiladi.

 

M a r i n a. Ketdi.

 

Pauza.

 

S o n ya (qaytib kelib, shamni stolga qoʻyadi). Ketdi… Voynitskiy (choʻtda hisoblab, yozadi). Jami… oʻn besh… yigirma besh…

 

Sonya oʻtirib yoza boshlaydi.

 

M a r i n a (esnab). Oʻzingga tavba, tavba…

 

Oyoq uchida yurib Telegin kiradi, eshik oldida oʻtirib, ohista gitarasini sozlaydi.

 

V o y n i s k i y (Sonyaga, uning sochlarini silab). Jigargoʻsham, menga na qadar ogʻir! O, menga qanchalik ogʻir ekanini bilsang edi!

S o n ya. Iloj qancha, yashamoq kerak!

 

Pauza.

 

Biz, Vanya togʻa, yashaymiz. Birin-ketin keladigan qator-qator kunlarni, uzundan-uzoq kechalarni oʻtkazamiz; taqdir yuborgan har qanday sinovlarni sabr-toqat bilan koʻtaramiz: hozir ham, qariganimizda ham orom nimaligini bilmay boshqalar uchun mehnat qilamiz; vaqti-soatimchz bitganda itoatgoʻylik bilan jon beramiz, narigi dunyoga borganimizda, biz qiynalgan edik, biz yigʻlagan edik, hayotimiz achchiq boʻlgan edi deymiz, shunda xudovandi karimning bizgʻa rahmi keladi. Sen bilan biz, Vanya togʻa, porloq, goʻzal, mukammal hayotni koʻramiz, biz sevinamiz va hozirgi baxtsizliklarimizga rahmdillik bilan, jilmayib nazar tashlaymiz va orom olamiz. Men ishonaman, togʻa, butun qalbimdan, astoydil ishonaman. (Uning oldida tiz choʻkib, boshini uning qoʻllariga qoʻyadi; horgʻin ovoz bilan.) Orom olamiz!

 

Telegin gitarani ohista chaladi.

 

Orom olamiz! Biz farishtalarning ovozini eshitamiz, biz butun osmonni olmosga toʻlganini koʻramiz, yer yuzidagi yomonliklar, bizning azob-uqubatlarimiz xayr-ehsonlarga koʻmilib ketganini koʻramiz, u butun olamni toʻldirib yuboradi va bizning hayotimiz erkalash singari tinch, nozik, shirin boʻladi. Men ishonaman, ishonaman… (Roʻmolchasi bilan togʻasining koʻz yoshlarini artib.) Shoʻrlik, shoʻrlik, Vanya togʻam, sen yigʻlayapsan… (Koʻz yoshi aralash). Sen oʻz hayotingda shodlik nimaligini bilmading, ammo sabr qil, Vanya togʻa, sabr qil… Biz orom olamiz… (Uni quchoqlaydi.) Orom olamiz!

 

Qorovulning shaqildogʻi eshitiladi.

Telegin ohista chalmoqda, Mariya Vasilyevna kitobchasining varaqlariga yozmoqda, Marina paypoq toʻqimoqda.

 

Orom olamiz!

 

Asta-sekin parda tushadi.

 


[1] I. Dmitriyevning «Begona aql» degan satirasidan bir satri. (1794 y.).

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/vanya-toga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x