Nodiraning taxmis yaratish mahorati

Adabiyot tarixida bir syujet asosida bir qancha ijodkor tomonidan yaratilgan asarlarni uchratish mumkin. Bir syujetning koʻplab ijodkorlarning asarlarida uchrashiga nisbatan qoʻllanadigan sayyor syujet tushunchasi mavjud. Sharq xalqlari adabiyotida sayyor syujet asosida yaratilgan asarlarga nisbatan nazira-tatabbuʼ istilohi ishlatiladi. Tatabbuʼda tatabbuʼ qilinadigan asarning shakl va mazmuni yangi yozilayotgan asarda oʻz aksini topishi kerak boʻladi. Tatabbuʼlar yirik epik asarlar bilan birga lirik asarlar asosida ham yozilishi mumkin. Shuni ham aytishimiz mumkinki, bir shoirning biror bir gʻazaliga taxmis bogʻlashini ham tatabbuʼning bir koʻrinishi deyish mumkin.

Taxmis (arabcha – beshtalik qilish, beshtaga yetkazish) – muxammasning bir turi. Taxmis bandlari ham muxammas singari 5 misradan iborat; ular bir shoirgagina tegishli boʻlmay, balki 2 shoirning misralaridan tashkil topadi: dastlabki 3 misra taxmis yozayotgan shoir qalamiga, keyingi 2 misra esa taxmis yozilayotgan shoir gʻazaliga mansub boʻladi. Taxmisda har ikkala shoirning bir bandni tashkil etayotgan misralari mazmun va shakl jihatidan oʻzaro mos boʻlishi talab etiladi. Taxmisni, odatda, falonchi shoirning gʻazaliga muxammas, deb taʼkidlab yozganlar (faqat bir shoirning misralaridan iborat boʻlgan muxammaslarga baʼzan “taʼbi xud” – oʻziniki, oʻzining taʼbi, deb qushib yozganlar). Taxmislar shoirga yoqqan gʻazallarga yozilishi sababli birgina gʻazalga bir necha taxmis qilinishi mumkin… Taxmis yozish shoirdan katta mahorat talab etadi, chunki taxmis yaratuvchi shoirlar oʻzidan avval yashab ijod kilgan shoirlarning yetuk gʻazallarini rivojlantirganlar, anʼanalarini davom ettirganlar. Taxmisning soʻnggi bandida shoirlarning taxalluslari eslatib oʻtiladi[1].

“… oʻzga shoir gʻazaliga bogʻlangan muxammas taxmis deb yuritilib, u taxmischi shoirning oʻzga shoir gʻazalidagi har bir baytga oʻzidan yana uch misra qoʻshish orqali yaratiladi. Bunda taxmis bogʻlayotgan shoirning oʻsha gʻazal mazmuniga putur yetkazmasligi, qoʻshilayotgan misralarning gʻazal vazni, qofiyasi, radifi va boshqa jihatlariga mos boʻlishi talab etiladi”[2].

Yuqorida taxmisga berilgan taʼriflarga yana shuni ham qoʻshimcha qilish mumkinki, baʼzida bir shoirning biror gʻazalining boshqa bir shoir taxmisi tarkibida ayrim baytning tushirib qoldirilganligi yoki biror soʻzning oʻrniga boshqa soʻz qoʻllanganligini koʻramiz. Baytning tushirib qoldirilishiga sabab taxmis bogʻlovchi shoirga tanlangan gʻazalning umumiy mazmuni maʼqul kelsa ham, tushirib qoldirilgan baytiga mos misralar topa olmaganligidir. Bundan tashqari, baytning tushirib qoldirilishiga bayt taxmis bogʻlovchi fikrlarini davom ettirishga xalal berganligi ham sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, taxmis bogʻlash uchun tanlangan gʻazal taxmis qiluvchi foydalangan manba nuqsonli boʻlishi ham mumkin. Bunday nuqsonlar kotibning oʻz bilim darajasida matnga “ijodiy” yondashishi yoki taxmischi foydalangan manbaning noqulay sharoitda saqlanishi natijasida zararlangan boʻlganligidan kelib chiqadi. Shu bois, taxmis uchun tanlangan gʻazal matni birlamchi manbadagi matndan farq qiladi.

Mumtoz adabiyot anʼanalarini davom ettirgan Nodira sheʼriyatida Navoiyning quyidagi gʻazaliga bogʻlangan taxmis uchraydi:

 

Koʻngul jon birla bordi, hamrohingmen dard ila turdum,

Sanga jon birla koʻnglumni, seni tengrita topshurdum.

Nishondur tiyra boʻlgʻon axtari baxtim savodidin,

Tugonlarkim, firoqing oʻtidin gʻam shomi kuydurdum.

Yigʻoch birla boshoqkim, tanda qolmish uldurur marham,

Junundinkim, firoqing oʻqlarin jismimda sindurdum.

Tutoshti shamʼdek har barmogʻin hijron sharoridin,

Ilik marham qoʻyay deb chun koʻngul chokiga yetkurdum.

Chu ul kofir chiqar koʻz solmagʻaysiz, ey musulmonlar,

Ki men bechora koʻnglumni boqib turgʻuncha oldurdum.

Qotibdur koʻzlarimkim ne yopilmoq, ne taharruk bor,

Qiyo boqqaymu bir deb, azm etarda baski telmurdum.

Yuzin koʻrgach boshimgʻa tushti mushkin zulfi savdosi,

Figʻonkim, bir boqishda yuz balo boshimgʻa kelturdum.

Koʻngul tinmasqa qolmish erdi, har navʼ orzu birla,

Rizo koʻyida to qoʻydim qadam koʻnglumni tindurdum.

Makon gulxan kulin qildim, Navoiy, telbadek yaʼni

Junun torojidin oxir qaro tufroqqa oʻlturdum[3].

 

Navoiyning Nodira taxmis uchun tanlagan gʻazali yuqorida koʻrinib turganidek, aslida toʻqqiz baytdan iborat. Nodira taxsimida uning oltinchi bayti uchramaydi. Biz gʻazal matnini “Xazoyin ul-maʼoniy”ning nashri, OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 164,459 va 698 raqamli qoʻlyozmalari matni bilan solishtirganimizda ayrim soʻz va misralarning tahrir qilinganligini koʻramiz. Masalan, ikkinchi baytning ikkinchi misradagi “Tugonlarkim” soʻzi, 164 (516-bet), 459 (223b-varaq), 698 (139a-varaq) raqamli qoʻlyozmalarning barchasida bir xil tarzda “Tugunlarkim” shaklida berilgan. Toʻrtinchi baytning ikkinchi misrasidagi “chokiga” soʻzining oʻrniga 698 raqamli qoʻlyozmada “xokiga” soʻzi yozilgan. Oltinchi baytning birinchi misrasi 164 va 459 raqamli qoʻlyozmalarda “Qotibdur koʻzlarimkim ne yummoq bor, ne taharruk” tarzida berilgan. 164 va 459 raqamli qoʻlyozmalarda uchinchi va toʻrtinchi baytlarning ikkinchi misralari oʻrin almashgan. Bu singari oʻzgarishlarning ayrimlari mantiqiydek tuyuladi. Masalan, uchinchi va toʻrtinchi misralarning quyidagi kabi koʻrinishda berilishi misralararo poetik fikrning bogʻlanishini taʼminlagan:

 

Yigʻoch birla boshoqkim, tanda qolmish uldurur marham,

Ilik marham qoʻyay deb chun koʻngul chokiga yetkurdum.

Tutoshti shamʼdek har barmogʻin hijron sharoridin,

Junundinkim, firoqing oʻqlarin jismimda sindurdum.

 

Oltinchi baytning birinchi misrasidagi “Qotibdur koʻzlarimkim ne yummoq bor, ne taharruk” deb tahrir qilinganligi ham toʻgʻri deb oʻylaymiz. Chunki, soʻzlashuv nutqida ham, adabiy tilda ham “koʻzim yopilmadi” emas, balki “koʻzim yumilmadi” deyiladi. Oʻz navbatida keyingi tahrir misraning musiqiyligi va mazmun taʼsirchanligini ham oshirgan.

Shuningdek, gʻazal 164 va 459 raqamli qoʻlyozmalarda “Badoyeʼ ul-vasat” tarkibida berilgan boʻlsa, 698 raqamli qoʻlyomada “Gʻaroyib us-sigʻar”ga kiritilgan.

Navoiy gʻazali yoridan ajralib hijronda qolgan oshiq tilidan bayon etilgan. Unda firoq, ayriliq onlarining shiddati, oshiqning sevgilisiga yetishish uchun oʻzini har kuyga solganligi, turli xil orzular ogʻushida boʻlganligi tasvirlangan. Gʻazal lirik qahramon orzularining amalga oshmasligini bilgach, taqdirga tan berganligini bildirishi bilan yakun topgan. Navoiy gʻazalidagi aynan ana shu firoq bilan bogʻliq motivlar shoiraning sevimli yori – Amir Umirxondan ayrilgan judolik, firoqda kechirayotgan ruhiy holatiga hamohang kelganligi taxmis bogʻlanishiga turtki bergan. Shunga koʻra uni Nodiraning “Firoqnoma” sheʼrlari qatoriga qoʻshish mumkin:

 

Soʻrogʻingda biyobonlar kezib be pou sar yurdum,

Quyundek charx urub jismim gʻuborin koʻkka sovurdum,

Sen azm aylab ketargʻa, men boʻlub bemor, qaygʻurdum,

Koʻnglum jon birla boʻldi hamrohing, men dard ila turdum,

Senga jon birla koʻnglumni, senig tengriga topshurdum.

Vidoingni qilurda kuydi jonim xayrbodidin,

Falak saqfi qarordi dudi ohimni midodidin,

Jahon zulmat saroyi dudi ohim imtidodidin,

Tuganlarkim, firoqing oʻtidin gʻam shomi kuydurdum.

Qoshing yosi tamannosidadur payvasta qaddim xam,

Yurak zaxmigʻa marham istab etmasman taraddud ham,

Koʻngul novaklaringni zaxmidin rohat topar har dam,

Yogʻoch birla boshoq kim tanda qoldi ul erur marham,

Junundin kim firoqing oʻqlarin jismimda sindurdum.

Giribon chok eturman subhi visoling intizoridin,

Qarongʻu boʻldi shomim dudi ohimni gʻuboridin,

Shararligʻ shuʼlalar bosh chekti koʻksum xor-xoridin,

Tutashti shamʼdek har barmogʻim hijron sharoridin,

Ilik marham qoʻyay deb chun bagʻir chokigʻa yetkurdum.

Koʻrub ul butni zunnor olmagʻaysiz, ey musulmonlar,

Meningdek yuz balogʻa qolgʻaysiz, ey musulmonlar,

Salomat kunjidin qoʻzgʻolmagʻaysiz, ey musulmonlar,

Chu ul kofir chiqar koʻz solmagʻaysiz, ey musulmonlar,

Ki men bechora koʻnglumni boqib oʻtkuncha oldurdum.

Meni lol etti guftori labi xomushi goʻyosi,

Ushatti qandu shakkar qimmatin laʼli shakarxosi,

Na dilkash husn erur koʻrgan sari ortar tamannosi,

Yuzing koʻrgach boshimgʻa tushti mushkin zulfi savdosi,

Figʻonkim, bir boqishda yuz balo boshimgʻa kelturdum.

Seni topmoq base mushkul koʻrundi justujoʻ birla,

Firoqing dardigʻa taskin tilarmen guftugoʻ birla,

Gahi paymona birla shugʻl etib, gahi sabu birla,

Koʻngul tinmasqa qolmish erdi har nav orzu birla,

Rizo koʻyigʻa to qoʻydum qadam koʻnglumni tindurdum.

Zarar qilmas muhabbat ahligʻa agʻyorni taʼni,

Erur badxohlarning guftugoʻyi barcha bemaʼni,

Bu kun, ey Komila, boshdin qoʻyub toji murassaʼni,

Makon gulxan kulin qildi Navoiy telbadek yaʼni,

Junun torojidin oxir qaro tufroqqa oʻlturdum.

 

Qayd qilinganidek, Navoiy gʻazali aslida toʻqqiz baytdan iborat. Uning matlasidagi tasvirlardanoq lirik qahramonning yori tirik, lekin yetishish imkoni yoʻq darajada uzoqda ekanligini bilish mumkin. Birinchi va ikkinchi misralarda lirik qahramon oʻzining bir goʻzalga oshiqligi, unga jonu koʻnglini berganligi, ayni paytda hijron azobida sevgilisiga yetisha olmay qiynalayotganligini aytadi. Uchinchi baytdan sakkizinchi baytgacha oshiqning maʼshuqasining goʻzalligi, hech kimga oʻxshamasligi, unga yetishish uchun oʻzini har tomonga urganligini bayon qiladi. Sakkizinchi va toʻqqizinchi baytlarda esa, yor diydoriga yetishish orzularining amalga oshishi mushkulligini anglab, taqdir ishiga tan berganligi, endi oʻzini bu orzulardan chetga torganligini yozadi. Nodira matladan boshlab bu tasvirlarga oʻzining ayriliq, judolik alamlari bilan bogʻliq ruhiy kechinmalarini qoʻshish bilan Navoiy gʻazaliga yangicha ruh bagʻishlagan. Enda gʻazal taxmis tarkibida oʻqilsa, Nodira va Navoiyning taqdiri bir xildek degan tasavvurni uygʻotadi.

Bular bilan birga Nodira boshqa ijodkorlar singari taxmis qilish uchun tanlangan gʻazalga ayrim oʻzgartirishlar kiritgan. Chunonchi, Navoiy gʻazalining ikkinchi baytning birinchi misrasi (“Nishondur tiyra boʻlgʻon axtari baxtim savodidin”) taxmisida shoiraning poetik fikri izchilligiga mos tarzda “Jahon zulmat saroyi dudi ohim imtidodidin” deb oʻzgartirilgan. Beshinchi bandning Navoiy gʻazali baytining ikkinchi misrasi “Ki men bechora koʻnglumni boqib oʻtkuncha oldurdum” tarzida tahrir qilingan. Aytilganidek, Navoiy gʻazalining oltinchi baytiga band hosil qilinmagan. Bazningcha, bunday boʻlishiga sabab, bu baytda lirik qahramon oldidan qaramay oʻtib borayotgan yorining bir bor qarab qoʻyishidan umidvorligini aytmoqda. Undagi ana shu jihatlar Nodiraning Amir Umarxondan ayrilgan, uni qayta koʻrishdan umidini uzganligi bilan bogʻliq ruhiy kechinmalarini tasvirlashga qaratilgan fikrining mantiqiy davomiyligiga monelik qiladi. Shu bois shoira bu baytni tushurib qoldirishni lozim topgan. Gʻazalning bir bayti tushirib qoldirilgan boʻlsa ham, Nodira taxmisining keyingi baytidagi misralardagi tasvirlar bilan uzviylik hosil qilgan.

Xulosa qilib aytganda, Nodira ham taxmis yaratishda mumtoz adabiyot anʼanalariga qatʼiy amal qilgan. Shu bilan birga oʻzining badiiy mayllariga moslashtirish uchun taxmis uchun tanlagan gʻazali matniga tahrir kiritishga ham jazm qila olgan. Bu bilan taxmis uchun tanlagan gʻazalidagi baytlararo poetik fikr uzviyligiga putur yetkazmagan.

 

Surayyo ESHONQULOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

Manba: navoimuseum.uz sayti

 


[1] Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi.  8-jild. –B. 302

[2] http://quronov.narod.ru/dkitk3.html

[3] Navoiy Alisher. Xayzoyin ul-maʼoniy. Gʻaroyib us-sigʻar. Birinchi tom. –T.: OʻzSSR Davlat Adabiyot nashriyoti, 1963. –B. 290.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/nodiraning-taxmis-yaratish-mahorati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x