Navoiy va tabobat ilmi

Respublikamiz va chet el matbuoti sahifalarida buyuk shoir, davlat arbobi Alisher Navoiyning serqirra ijodi va faoliyati haqida koʻplab bahs-munozaralar yuritilmoqda. Alloma haqidagi bilimlarimiz yildan-yilga boyib bormoqda.

Navoiy tabiblar va tabobat ilmi haqida ham koʻplab gʻazal, tuyuq, ruboiy va hikmatlar bitgan. Bu bejiz emas. Chunki oʻsha davrlarda inson salomatligini muhofaza qilish, bemorlarni davolash juda ogʻir ahvolda boʻlgan. Oqibatda odamlar arzimagan kasallik tufayli uzoq vaqt toʻshakka mixlanib yotgan yoki vafot etgan. Bobokalonimiz imkoni boricha xalqqa yordam berishga intilgan. Hirot shahrida oʻz mablagʻi hisobiga “Dorushshifo” davolash uyini bunyod etgani fikrimizga dalil boʻladi. Unda oʻsha davrda tajribali tabiblar bemorlarni qabul qilib, muolaja bilan shugʻullangan. Shuningdek, bu yerda ishlayotgan tabiblar vaqti-vaqti bilan Navoiy tomonidan moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib turilgan.

Alisher Navoiy tabobat ilmiga oid amaliy va nazariy masalalarni nihoyatda chuqur tushungan.

 

Sarsab erur hamisha bu gulshanda sarvdek,

Ozodaiki boʻlsa mijozida eʼtidol.

 

Bu misra orqali Navoiy kishida mijoz moʻtadil boʻlsa, u hamisha sarv daraxtidek nuqsonsiz va kamchiliksiz oʻsadi hamda salomat boʻladi. Bordi-yu, moʻtadillik buzilsa, kasallik yuz berishi mumkin, demoqda.

 

Har taʼbki zoti oʻlsa mahrur,

Oz hirkat etar tanini ranjur.

 

Demak, kishining mijozi issiq boʻlsa, ozgina issiq ovqat ham uni kasallikka chalintirishi va isitmasini oshirishi mumkin.

Navoiy bobomiz baʼzi shifobaxsh oʻsimliklarning inson organizmi uchun foydasi haqida ham koʻp misralar bitgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Navoiy oʻsha davrda dovrugʻi dunyoga ketgan Mavlono Abdulhay kabi tabiblar bilan mustahkam aloqa oʻrnatib, ularning tabobat ilmiga oid suhbatlaridan bahramand boʻlib turgan. Mavlono Abdulhay Alisher Navoiy bunyod ettirgan “Dorushshifo”da faoliyat yuritgan va aynan shu yerda qontomirlar tuzilishi, ulardagi kasalliklarni davolash usullariga doir ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirgan.

“Karam va muruvvat ota va onadurlar” degan maqolga amal qilgan Navoiy bor mol-mulkini ilm-fan ravnaqiga sarflaganki, bu barcha zamonlarning badavlat insonlari uchun saboq boʻlgan va hozirgi zamon uchun ham ibratdir.

 

Muhiddin JAVODBEKOV,

Samarqand shahri

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-va-tabobat-ilmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x