Kitob – bebaho sovgʻa

14 fevralda shoh va shoir Mirzo Bobur tavallud topganini deyarli barcha yurtdoshlarimiz biladi. Lekin 14 fevralda nishonlanadigan yana bir bayram borki, eʼlon qilinganiga koʻp vaqt boʻlmaganiga qaramay, xalqaro miqyosda tez ommalashmoqda. Yaʼni, bu sanani “Xalqaro kitob sovgʻa qilish kuni” sifatida nishonlash xalqdan chiqqan. Amerikalik oddiy ayol – AQSHda bolalar kitobi sayti (International Book Giving Day) asoschisi Emmi Brodmur bunga bosh sababchi boʻlgan.

Emmi Brodmurdan oʻgʻli “Nega odamlar bir-biriga kitob sovgʻa qilish kuni yoʻq?”, deb soʻraydi. Bu gap onani oʻylantirib, keyin hayajonga soladi va muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi bayramning dunyoga kelishiga turtki boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali tanish bloggerlari bilan bogʻlangan Emmi ularga 2012 yildan boshlab 14 fevralni “Kitob sovgʻa qilish kuni” sifatida nishonlash haqida murojaat qiladi.

Yosh bolaning birgina savoli va ona tomonidan koʻrsatilgan faol tashabbus dunyo ahli tomonidan shunchalar keng qoʻllab-quvvatlandiki, bu sananing xalqaro kun sifatida nishonlanishiga olib keldi. Bugunga kelib, 14 fevral bolalarga, shuningdek, ayrim sabablar bilan kitob oʻqish imkoniyati cheklangan bolalarga kitoblar sovgʻa qilish kuniga aylandi. Albatta, kitob oʻqishni faqat bolalar yoqtirmaydi. Baxtimizga kitobni faqat moddiy emas, maʼnaviy boylik sifatida qarovchi katta yoshdagi insonlar koʻp va ular kitob oʻquvchilarga hadya etadigan his-hayajonlarni juda qadrlashadi.

“Samarqand kitob olami” savdo majmui ham 14 fevralda “Xalqaro kitob sovgʻa qilish kuni” aksiyasini oʻtkazishni rejalashtirgan. Shu kuni majmuaga tashrif buyurganlar xarid qilgan kitoblari qiymatiga chegirma joriy etiladi hamda maʼlum bir kitoblarning mualliflaridan dastxat olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

 

Xurshid NURULLAYEV,

“Samarqand kitob olami” maʼnaviy-maʼrifiy majmuasi direktori

 

Manba: zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitob-bebaho-sovga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x