Navoiy va Bobur

Navoiyning ideal hukmdor haqidagi orzulari Bobur faoliyatida muayyan darajada aks etgan. Bobur oʻzi tuzgan “Buyuk imperiya”da islohotlar oʻtkazgan va mafkurasini mustahkamlagan. Buning nazariy asoslarini yaratish maqsadida diniy‑falsafiy asarlar, harb ishiga oid kitoblar yozgan. “Mubayyin” va qator risolalari bunga dalildir.

Alisher Navoiygacha ham oʻzbek yozma adabiy tili muayyan darajada shakllangan, sheʼriyatda ham anʼanalar mavjud edi. Alisher Navoiy oʻzining turli mavzuga bagʻishlangan sheʼriy va nasriy asarlari orqali oʻzbek adabiy tilini rivojlantirdi. U buning uchun oʻzbek tili shevalari imkoniyatlaridan foydalandi, mavjud adabiy maktablarning anʼanalarini oʻzlashtirib va umumlashtirib, yagona oʻzanga soldi. “Navoiyning oʻzbek tilida yozish haqidagi tashviqot va targʻibotlari oʻz davrida u kutgan darajada muvaffaqiyat qozonmagan boʻlsa ham, ammo oʻzbek adabiyotining bundan keyingi taraqqiyotida juda katta ijobiy rol oʻynadi”[1]. Zahiriddin Muhammad Boburning sheʼriy va nasriy asarlari shundan dalolat beradi.

Bobur Navoiyning “oliy uslub”iga taqlid qilmagan, u oddiy turkona uslubda asarlar bitgan. Navoiy oʻz asarlarida zamonaning juda muhim ijtimoiy va falsafiy masalalarini koʻtargan. Navoiy va Bobur ijodi bir davrda turli usullar mavjud boʻlishining yorqin namunasidir. “Boburnoma” juda sodda, ravon til bilan yozilgan. Bu fikrni Bobur sheʼriyati xususida ham aytish mumkin.

Bobur oʻziga ustoz deb bilgan Navoiy ijodini chuqur ixlos bilan oʻrgangan, koʻpgina gʻazallarini yod olgan. “Boburnoma”ning 1499–1500 yillarga bagʻishlangan bobida ruhiyatida vujudga kelgan bezovtalik haqida bunday yozadi: “Gohi telbalardek yolgʻuz pushta va dashtqa borur edim. Gohi bogʻot va mahallotni koʻcha-bakoʻcha axtarur edim. Ne yurumoqta ixtiyorim bor edi, ne oʻlturmoqta, ne bormoqta qarorim bor edi, ne turmoqta.

Sheʼr:

 

Ne borurgʻa quvvatim bor, ne turargʻa toqatim,

Bizni bu holatqa sen qilding giriftor, ey koʻngul”.

 

Ushbu misralar Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi (385-raqamli) gʻazalning uchinchi baytidir. Ruhiyatiga mos kelgan baytini eslagani Bobur bu gʻazalni toʻliq yod olganini bildiradi. Bobur Navoiy ijodini chuqur bilgani uning lirikasida ham aks etgan:

 

Oshiq oʻlgʻoch koʻrdum ul shamshod qaddin yuz balo,

“Olloh, Olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish”.

 

Bobur gʻazalidagi ikkinchi misra tazmin sanʼati asosida Navoiyning quyidagi baytidan olingan:

 

Oshiq oʻldim bilmadim yor oʻzgalarga yor emish,

Olloh, Olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.

 

Maʼlumki, Navoiyning koʻpgina gʻazallari aniq bir mavzuga bagʻishlangan va ular kompozitsion jihatdan yaxlit. Shoirning ushbu gʻazali voqeabandlikka qurilgan. Bobur ijodida ham Navoiy sheʼrlari taʼsirida yozilgan bunday gʻazallar koʻplab topiladi.

Navoiy gʻazallari mavzu va mazmun eʼtibori, voqeabandlik darajasiga koʻra har xil. Bobur gʻazallari xususida ham shunday deyish mumkin.

Navoiy nimaga eʼtibor qaratmoqchi boʻlsa, asar davomida oʻquvchi diqqatini bot-bot oʻsha nuqtaga jalb qiladi, ana shu maqsadga yetkazadigan soʻzlardan qayta-qayta foydalanadi. Shunday holat Bobur gʻazallarida ham mavjud. Bunga quyidagi gʻazal misol:

 

Quyoshim har sorigʻa azm qilsa, zarraye qolmon,

Ne uchunkim, agar ayrilsam ondin, kun koʻra olmon.

 

Oningdek boʻlmisham hayron quyosh yangligʻ yuzungakim,

Quyoshdek nayzalar tegsa koʻzumga koʻz ola olmon.

 

Agarchi yor ishqi notavon koʻnglumgʻa oʻt soldi,

Vale, men notavon ul yor ishqida koʻngul solmon.

 

Ibodat vaqti boʻlsa, har necha mehrob oʻtrumda,

Qoshin naqshin tasavvur qilmagʻuncha, yerga bosh cholmon.

 

Iroqu Forsa gar yetsa sening bu sheʼring, ey Bobur,

Ani hifz etgusi Hofiz, musallam tutqusi Salmon.

 

Gʻazalda shoir quyosh, yor ishqi kabi soʻzlarni qayta‑qayta ishlatadi. Gʻazaldan quyidagicha maʼno anglashiladi:

Quyoshim (yaʼni yorim) qay tomon yurar boʻlsa, men undan zarra ham ortda qolmayman, nega desangiz, agar undan ayrilar boʻlsam, kun koʻrolmayman.

Quyosh yuzingga shunchalar hayron boʻlganmanki, quyosh nurlari goʻyo nayza boʻlib koʻzimga sanchilsa ham undan koʻz uzolmayman.

Yor ishqi notavon koʻnglimga garchi oʻt soldi, ammo men notavon yor ishqida koʻnglimni xotirjam qila olmayman.

Ibodat vaqti boʻlsa-yu, mehrob qarshisida tursam yor qoshining naqshini tasavvur qilmaguncha, sajda uchun bosh qoʻya olmayman.

Ey Bobur, agar bu sheʼring Iroq va Eronga yetib borsa, Hofiz uni yod olib, Salmon eʼzozlaydi.

Gʻazal misralari mazmunan bir-biri bilan mustahkam bogʻlanib, oldingisi navbatdagisiga yoʻl ochgan. Shoirning boshqa gʻazalida ham shunday manzara mavjud:

 

Bu kecha kulbamgʻa keldi ul quyoshim yoshurun,

Qarnlarda kelmadi hargiz muningdek kechqurun.

 

Ogʻzidek tor fursat vasli, vale, hajri tuni,

Ul muanbar sochi yangligʻ ham qorongʻu, ham uzun.

 

To xayoli orazing tushti koʻngulga, ey quyosh,

Boʻldi koʻnglum bir yonar oʻtu soʻngaklarim – oʻtun.

 

Boʻldi koʻnglumda girihi hasrat aning tor ogʻzidin,

Bor magar jismim mening toru koʻngul anda tugun.

 

Olgʻali jonimni hijrongʻa havola qildi yor,

Qoʻyma hijrongʻa, ajal, jonimni ol, tengri uchun!

 

Sarvdek qaddi firoqida figʻonimdur baland,

Gul kibi ruxsori hajrida yoshimdur lolagun.

 

Ishq ila devonaligʻda boʻlmisham sohib kamol,

Ishq ahli, emdi Boburni degaysiz zufunun.

 

Bu kecha quyoshim (yaʼni yorim) kulbamga yashirin keldi, shuncha zamonlar hech bunday kechqurun kelmas edi.

Vasl fursati ogʻzidek tor, hajr tuni esa anbar boʻyli sochi kabi ham qorongʻi, ham uzun.

Ey quyosh, orazing (yuzing) xayoli koʻngilga tushgach, koʻnglim yonar oʻtu suyaklarim oʻtin boʻldi.

Tor ogʻzidin hasrat tuguni koʻnglimda boʻldi, jismim toru koʻngil undagi tugun.

Yor jonimni olgani hijronga topshirdi, ajal, hijronga qoʻyguncha, tangri yoʻlida jonimni ol.

Sarvdek qaddi firoqida ohu faryodim yuksakka oʻrlaydi, gul kabi ruxsori hajrida koʻzyoshim lolarang.

Ishq devonaligida sohib kamol boʻldim, ishq ahli, endi Boburni zufunun deysizlar.

Boburning boshqa sheʼrlaridagi kabi ushbu gʻazalida ham arabcha-forscha soʻz va iboralar nisbatan kam.

Gʻazaldagi qofiyadosh soʻzlar: yoshurun – kechqurun – uzun – oʻtun – tugun – uchun – lolagun – zufunun oʻsha davr sheʼriyati uchun ohorli qofiya sanaladi.

Boburning “Koshki” radifli gʻazali bor. Lutfiy ham, Navoiy ham xuddi shunday radifli gʻazal yozgan.

 

Navoiy gʻazalida:

 

Ochmaygʻay erdi jamoling olam aro koshki,

Solmagʻay erdi bari olamgʻa gʻavgʻo koshki,

 

deyilgan boʻlsa, Bobur gʻazalida yangi fikr-mulohaza, oʻzgacha hissiyot – armon-pushaymonlik hissi ifodalanadi:

 

Koʻrmagay erdim jamoli olam oro koshki,

Boʻlmagʻay erdim bari olamgʻa rasvo koshki.

 

Ixtiyor et oʻzga ish, Boburki, hosil boʻlmagʻay

Ishqu vaslu aysh ila ishratdin illo, koshki.

 

Navoiyda ham, Boburda ham yor yogʻligʻi (roʻmoli) haqida gʻazal bor. Muallif aytilmasa-da, ular ketma-ket oʻqilsa, sheʼrshunos boʻlmagan kishi ham gʻazallarning qaysi biri Navoiyga, qaysi biri Boburga tegishli ekanini aniq ajrata oladi. Bunga, avvalo, soʻz va iboralarning tanishligi; fikrning aniq va loʻnda ifodalanishi; qoʻllangan badiiy-tasviriy vositalari imkon beradi. Albatta, bu ijodkorning mahoratidan dalolat beradi. Boburning yogʻliq haqidagi gʻazalida yorning roʻmoli oshiqqa “jon rishtasi”dan toʻqilganga oʻxshab koʻrinishi taʼkidlanadi. Lirik qahramon maʼshuqaga “roʻmoling jonlarning rishtalaridan toʻqilgan”, deydi. Shoir: “Xasta jonlar rishtasidindur magar har tor anga?” deb savol berar ekan roʻmolga nisbatan havaslanib:

 

Evrulur boshinggʻayu gohi yuzunga yuz qoʻyar,

Bu jihatdin ot emish “gulpechu” gah “gulzor” anga,

deydi.

Bu baytdan shoir yashagan zamonda roʻmolning “gulpech”, “gulzor” degan turlari boʻlgani anglashiladi. Bizningcha, “gulpech” – durra, “gulzor” esa roʻmol maʼnosida kelmoqda.

Gʻazaldagi soʻnggi ikki bayt koʻngilga xitoban aytilgan. Ularning birida:

 

Ey koʻngul, yuz pora qilsa yor tigʻi, gʻam yema,

Lutf etib gar bogʻlar oʻlsa yogʻligʻini yor anga, –

 

deb koʻngilga tasalli beradi.

 

Maqtaʼda bu fikr yana ham kuchaytiriladi:

 

Koʻnglum istar yogʻligʻingni, balki andin bir nasim

Yetsa Boburgʻa erur jon birla minnatdor anga!

 

Bobur gʻazalda yogʻliqni baytma‑bayt tadqiq qiladi va uning toʻlaqonli obrazini gavdalantiradi.

Bobur gʻazallari xususidagi fikrlarni uning ruboiylariga nisbatan ham aytish mumkin. Chunki Bobur ham oʻz ruboiylarida Navoiyning odob-axloq va insoniy komillik mavzularini davom ettirgan. Masalan, Boburning ijtimoiy-siyosiy ahvoli bilan bogʻliq, “Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi” deb boshlanadigan ruboiysi Navoiyning “Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysiga maʼno va mazmunan ohangdosh. Yoki Bobur: “Raftoriyu qaddigʻa ravonim sadqa, Bir boqishigʻa ikki jahonim sadqa”, – deganda, Navoiyning shu monand misralari esga tushadi. “Koʻzum ichra yor tutub, koʻnglumda manzil qilgʻudek” misrasi esa “Qaro koʻzum…”ning oʻzgacha talqinidir. Bulardan kelib chiqib Bobur ijodi Alisher Navoiy ijodiga oʻxshaydi, deb ayta olmaymiz. Lekin adabiy taʼsir masalalari doirasida Navoiy va Bobur ijodi oʻrganilsa adabiyotshunoslikda yangilik boʻladigan bir qator toʻxtamlarga kelish mumkin.

 

Xosiyat BEKMIRZAYEVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–2

 


[1] Hayitmetov A. Navoiyning adabiy tanqidiy qarashlari. – Toshkent, 1959. – B. 95.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-va-bobur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x