Navoiy tarjimai holiga doir yangilik

Alisher Navoiy tarjimai holini ilmiy oʻrganish borasida akademik Vasiliy Vlidimirovich Bartoldning “Mir Alisher va siyosiy hayot” nomli risolasi alohida ahamiyatga egadir.

Bartold oʻz risolasida Mirzo Boburning “Bilmon, ne jarima bila Sulton Abu Said Mirzo Hirotdin ixroj qildi” degan soʻzlariga asoslanib, Navoiy Abu Said tomonidan Samarqandga surgun qilingan deb yozgan edi. Boshqa bir muarrix Mirxond “Rafzatus-safo”da: “Amir Alisher Abu Said Mirzo Sultonning zamonasida Xuroson dorussaltanasigʻa borib, bir necha kunini ul iqbol uyi ostanasining mulozamatida oʻtkardi, ammo oʻzining xoligʻa yarasha rioyat va tarbiyat topolmadi. Shul vajh bila Xurosondin behisht monand Samarqandga bordi” deb maʼlumot beradi. Koʻrinib turibdiki, har ikki manbada ham voqea sodir boʻlgan yillar aniq koʻrsatilmagan. Shuningdek, Mirxondda surgun haqida gap yoʻq. Bartold Abu Said davrida Samarqandga oʻqish uchun kelmas edilar va mintaqa madaniy tanazzulga yuz tutgan degan mulohazadan kelib chiqib surgun talqiniga moyil boʻlgan. Biroq Navoiyning oʻzi “Majolis un-nafois” asarida “Faqir tahsil uchun Samarqandga borgʻanda…”, “Faqir ikki yil aning qoshida sabaq oʻqub erdim” deb qayd etadi. Yana olim Navoiy Samarqandda Abulays Samarqandiy qoʻlida oʻqigan degan ikkinchi bir fikrni ham aytgan edi. Shoirning Samarqand safarini mantiqiy asoslash maqsadida turli xil talqinlar bildirilgan. Olim Sharafutdinov “Alisher Navoiy” kitobida yozgan edi: “Alisherdan gumonsiragan Abu Said Mirzo 1467 yili uni Samarqandga surgun qildi”[1]. Lekin shoirning Samarqandga kelgan yili aniq emas, Hirotga qaytgan yili esa aniq.

Ushbu masalani maxsus oʻrgangan akademik Vohid Abdullayev 1948 yili “Alisher Navoiy” toʻplamida chop etilgan “Alisher Samarqandda” nomli risolasida bir qator eʼtiborga molik mulohazalarni bayon etgan: birinchisi, Bartoldning Abu Said davrida Samarqand madaniy tanazzulda edi degan fikriga eʼtiroz bildirib, Samarqand Mirzo Ulugʻbek vafotidan keyin ham uzoq davrlarga qadar oʻz madaniy mavqeini saqlab qolganini (“Majolis un-nafois”ga tayanib) isbotlaydi; ikkinchisi, shoirning Samarqandda yashagan davrini 1465–1469 yillar deb yangi farazni ilgari suradi; uchinchisi, Mirzo Bobur soʻzlariga asoslanib, Navoiy Samarqandga surgun qilingan degan fikrga qoʻshiladi va uning sabablari xususida oʻz mulohazalarini bayon etadi.

Navoiyshunos Abduqodir Hayitmetov “Navoiyning Sayid Hasan Ardasherga sheʼriy maktubi” maqolasida asarni chuqur tahlil etib, yozilish sabablariga toʻxtalib oʻtadi. Uning fikricha, maktub Samarqandda yozilgan boʻlib, shoirning Hirotdan ketish sabablarini oydinlashtiradi. Biroq bizni uning mavzuga aloqador jihatlari koʻproq qiziqtiradi va u bu haqda shunday yozadi: “Aslida esa Navoiy rasmiy ravishda surgun qilinmagan, balki oʻz boshiga tushishi muqarrar boʻlgan kulfatlarning oldini olib, ziyraklik bilan oʻziga-oʻzi podshohning koʻzidan uzoqda turishni maʼqul koʻrgan”.[2] Olimning fikricha, shoir Samarqandga 24-25 yoshlarida borgan. Demak, Abduqodir Hayitmetov mulohazasiga koʻra, Navoiy Samarqandga oʻz ixtiyori bilan borgan.

Akademik Izzat Sulton “Navoiyning qalb daftari” kitobida shoir asarlaridan kelib chiqib, qolaversa, tarixiy manbalarga tayanib ushbu masalaga oid fikrlarni ilgari surgan; birinchidan, u surgun versiyasini maʼqullaydi; ikkinchidan, shoirning oʻz qaydlaridan kelib chiqib Navoiy Samarqandga bilimini oshirish maqsadida kelgan deb yozadi. Shuningdek, “Munshaot”dagi maktublaridan birini tahlil etib xat Samarqanddan Sulton Boyqaroga yoʻllangani xususida shunday yozgan edi: “Navoiyning bu davrda har doimgidek Husayn Boyqaroning hayoti va ishlaridan xabardor turganini, uning muhim ishlarida bevosita ishtirok etganini, unga maslahatlar berib turganini va hatto taxt olishga faol ragʻbatlantirib borganini, oʻz doʻstining gʻalabaga erishuviga astoydil ishonganini ushbu xatdan fahmlash qiyin emas”.[3] Navoiy, albatta, Husayn Boyqaroning hokimiyatni egallashidan manfaatdor edi. Biroq yuqoridagi talqin maktub matniga asoslangan tarixiy manbalarda bu xususida maʼlumot mavjud emas. Bundan tashqari, maktub 1496 yili Badiuzzamonga yoʻllangani navoiyshunos Suyima Gʻaniyeva tomonidan isbotlab koʻrsatilgan.[4] Olimning quyidagi mulohazalari yetarli darajada asoslanmagan va munozaralidir: “Bu kitobda bundan keyin keltirilgan hujjatlardan Navoiyning shu davrda Samarqandda boʻlmasdan, kelib va ketib turgani ayon boʻladi”.[5]

Keyingi yillarda Alisher Navoiy tarjimai holi borasidagi tadqiqotlar ichida Shuhrat Sirojiddinovning “Alisher Navoiy” nomli monografiyasi shoir biografiyasini oʻrganishda muhim oʻrin tutadi. Olim Navoiyning Samarqand safari oʻz ixtiyori bilan amalga oshgan degan fikrga qoʻshiladi va manbalarga asoslanib bir qator mulohazalarni ilgari suradi. Monografiyada, ayrim munozarali oʻrinlar ham yoʻq emas.

Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirib yagona bir maxrajga keltiradigan boʻlsak quyidagicha manzara hosil boʻladi: “Navoiy Abu Said tomonidan Samarqandga surgun qilingan”, “oʻz ixtiyori bilan yoʻl olgan”, “Samarqandga tahsil uchun borgan”. Bunday talqinlarning yuzaga kelishiga, birinchidan, tarixiy manbalarda (shoirning oʻz asarlarida ham) bu xususidagi maʼlumotlarning kamligi va boz ustiga ziddiyatlar mavjudligi boʻlsa, ikkinchidan, masalaga yondashgan har bir tadqiqotchi imkoniyati doirasida mantiqiy yechimga intilganidadir. Biz buni muayyan bir fan tarixidagi tabiiy hol deb bilamiz.

Ayni shu masalaga Ergash Rustamov 1963 yili rus tilida eʼlon qilingan “Stranitsiʼ iz biografii Alishera Navoi” nomli maqolasida toʻxtalgan.[6]

Olim Navoiyning oʻz soʻzlaridan kelib chiqib hamda Mirzo Boburning Samarqandga ketish sabablarini koʻrsatmaganini eʼtiborga olib surgun talqinini qatʼiy ravishda rad etadi va yangi mulohazalarni ilgari suradi. Uning fikricha, Navoiy Samarqandda ikki marta boʻlgan. Dastlabki safar 1458–1459 yillarda tahsil maqsadida amalga oshirilgan. Bunda sharqshunos olim shoirning “Majolis un-nafois” asaridagi ikkinchi majlisida keltirilgan quyidagi soʻzlariga asoslanadi: “Ul jamoati azizlar zikridakim, faqir alardin baʼzining mulozamatigʻa kichiklikda yetibmen va baʼzining suhbatigʻa yigitlikda musharraf boʻlibmen”. Ushbu majlisda shoir yoshligida uchrashgan Sharofiddin Ali Yazdiy, Abulays Samarqandiy, Shayx Sadriddin Ravosiy, Kamol Turbatiy, Mavlono Lutfiy va u Samarqandda tanishgan shoirlar zikr etilgan. Bundan tashqari, Sulton Husayn Boyqaro 1458 yili Astrabodni egallab, Abu Said bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatgan va uning nomi bilan tilla tanga zarb qilgan. Muarrix Abdurazzoq Samarqandiy esa Abu Said tomonidan elchi boʻlib, Astrabodga Husayn Boyqaro huzuriga borgan.[7] Bu davrda shoir 18 yoshlar atrofida boʻlib Abu Said uchun hech qanday xavf tugʻdirgan emas. Ushbu dalillardan kelib chiqib, olim Navoiy Samarqandga dastlab 1458–1459 yillari tahsil uchun borgan degan yangi mulohazani bildirgan edi.

Biz yuqoridagi fikrlarga qoʻshimcha ravishda ayrim dalillarni keltirmoqchimiz. Bartold yuqoridagi risolasida 1457–1469 yillar voqealari xususida soʻz yuritib, Alisherning otasi Gʻiyosiddin kichkina tarixchi Mirxondning otasi va boshqalar bilan birga 1458 yili temuriyzoda Mirzo Ibrohim tomonidan Balx shahriga Abu Said huzuriga elchi sifatida borgan deb yozgan edi.[8] Holbuki, navoiyshunoslikda Gʻiyosiddin kichkinaning 1452–1453 yillari vafot etgani koʻp bora taʼkidlangan. Masalan, “Oʻzbek adabiyoti tarixi”da oʻqiymiz: “Gʻiyosiddin kichkina Navoiy taxminan 12 yoshlarda ekanida hayotdan koʻz yumadi. Otasidan yosh yetim qolgan Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kiradi”.[9] Bartold Gʻiyosiddin kichkina bilan bogʻliq maʼlumotni Xondamirning “Habib us-siyar” tarixiy asaridan olgan. Oʻsha davr tarixchisi Abdurazzoq Samarqandiy esa kitobining “Islom mashoyixlarining sulh tuzish uchun Balx tomonga borganliklari zikri” qismida voqeaga batafsil toʻxtaladi, biroq nima uchundir Alisherning otasi ismini koʻrsatmaydi.

Yuqoridagi mulohazalarni umumlashtirib aytish kerakki, Alisher otasi hayotlik chogʻida va uning koʻmagi bilan Samarqandga tahsil uchun yoʻl olgan. Ergash Rustamov fikrlariga ikkinchi qoʻshimcha sifatida shuni aytish mumkinki, Gʻiyosiddin kichkina Abu Saidning mulozimi boʻlgan. Bu haqda “Latoyifnoma” muallifi Faxriy Hirotiy shunday yozadi: “Mirning tarjimai holidan xabardor moʻysafid tarixchilar va toʻgʻri soʻzli dunyo koʻrganlar oʻz asarlarida shunday keltiradilarkim, Mirga amirlik mansabi merosiydir. Uning otasi Amir kichkina Sulton Abu Saidning xizmatida edi. Garchi muhru mansabi boʻlmasa ham katta hurmatga ega edi. Ona tomonidan bobosi Amir Shayx Abu Saʼid Chang Mirzo Boyqaro xonadonida amir ul-umaro edi”.[10] Aynan shunday maʼlumotni ikkinchi bir manba, Som Mirzoning “Tuhfai Somi” asarida ham uchratamiz.

Sharqshunos Ergash Rustamov soʻzlariga koʻra, Navoiyning Samarqandga ikkinchi safari 1467–1468 yillarda amalga oshgan. Bu davrda Sulton Abu Said Badaxshonni egallab, hukmdor Laʼliy va uning oʻgʻlini oʻldiradi. Navoiyning ular bilan munosabati yaxshi boʻlib, Abu Saidda shubha uygʻotmaslik maqsadida hamda yoshlik yillari mehr-muruvvat koʻrgan shaharga panoh izlab boradi. Olimning mulohazalariga qoʻshimcha sifatida ayrim dalillarni keltiramiz. Birinchidan, 1460 yildan soʻng Abu Said bilan Husayn Boyqaro munosabatlari gʻoyat keskinlashgan, Alisherning togʻasi Mir Said Husayn Boyqaroning ishonchli kishilaridan biri edi. 1461 yili Abu Saidning buyrugʻi bilan Saraxs viloyatida oʻldiriladi. Har ikki tomon oʻrtasida afv etish boʻyicha shartnoma boʻlishiga qaramay faqat Mir Saidgina qatl etiladi. Tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy shunday yozadi: “Onhazratning koʻzi Sayid oqogʻa tushgach humoyun xotirda ilgari undan ranjish boʻlganligi tufayli darhol uni qatl etishga farmon berdi. Boshqalarga nisbatan shafqat koʻrsatdi”.[11] Keyinchalik Mir Saidni oʻldirgan Abu Saʼid uning ukasi Muhammad Alini ham oʻldiradi.

Ikkinchidan esa, Mirzo Bobur Navoiyning Samarqanddagi hayoti xususida: “Mir Alisher Navoiy Hiriydin Samarqandga kelgan fursatlar Ahmad Hojibek bila boʻlur edi… Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviysi erdi”, deb yozgan. Ahmad Hojibek 1464 yili Samarqand hokimi etib tayinlanadi, bundan 10 yil muqaddam esa (1455–1464) u Hirot shahri hokimi boʻlgan. Demak, shoir Ahmad Hojibekni homiy bilib Samarqandga yoʻl olgan. Bundan tashqari, Navoiyning Sayid Hasan Ardasherga yozgan maktubidagi quyidagi baytlarni yodga olsak, shoirning bu davrda tushkun ahvolda boʻlganligi oydinlashadi:

 

Ki boʻlmoq vatan ichra dushvor edi,

Koʻngulga jalo dafʼi ozor edi.

Safar tushti olimgʻa beixtiyor,

Qazo amrida elga ne ixtiyor.

 

Bildirilgan mulohazalardan koʻrinib turibdiki, Ergash Rustamov ilgari surgan fikrlar asoslidir. Biroq masalani uzil-kesil hal qilish uchun esa izlanishlarni manbalarga tayanib davom ettirish lozim. Tarixiy manbalarning birortasida ham Navoiy haqidagi maʼlumotlar tartib bilan izchil berilmagan.

Xulosa qilib aytganda, Navoiy hayoti, umuman ijodi xususida soʻz yuritganda, mantiq ila birlamchi manbalarga qaytib ish koʻrish har taraflama samaralidir.

 

Abdurasul ESHONBOBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

 


[1] Sharofutdinov A. Alisher Navoiy, T., 1948 y., 37 b.

[2] Hayitmetov A. Navoiy dahosi. T., 1970. 62-b.

[3] Sulton I. Navoiyning qalb daftari. T., 1969. 210-b.

[4] Qarang: Oʻzbek adabiyoti tarixi. 2 t. T., 1976. 407-b.

[5] Oʻsha kitob. 157-b.

[6] Rustamov E. Stranitsiʼ iz biografii Alishera Navoi//Kratkiye soobshʼeniya INA, viʼpusk 63, Moskva, 1963, 80-86 s.

[7] Qarang: Abdurazzoq Samarqandiy. Matlai saʼdayin va majma ul-bahrayn. T., 2008 y.

[8] Bartold V.V. Yuqoridagi kitob. 223 s.

[9] Oʻzbek adabiyoti tarixi, 2 tom, T., 1978., 44-b.

[10] Iqtibos Sh. Sirojiddinovning yuqoridagi kitobidan olindi. 33-b.

[11] Yuqoridagi kitob 519-b.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiy-tarjimai-holiga-doir-yangilik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x