Mushtoq nigohlar

Qishlogʻimizda bir chol-kampir yashaydi. Ularning yolgʻiz oʻgʻli Sherali shaharda oʻqib kelib, qishloqda ikki yil ishladi-da, xotini va bola-chaqasini olib shaharga koʻchib ketdi.

Odamlarning aytishicha, unga shaharda moʻmay daromadli ish taklif qilishibdi. Oʻshandan beri hayhotday hovlida chol-kampir yolgʻiz yashaydi.

Bir kuni uyimizda yigʻin boʻldi. Onam bir kosa ovqat va non oʻrab, Sheralining keksa ota-onasiga olib borib berishimni aytdi. Borsam, chol-kampir ayvonda oʻtirishar, Qahramon bobo goʻyo havo yetishmayotgandek chuqur-chuqur nafas olardi. Uning yonida oʻtirgan Tursunoy aya nimalarnidir hovliqib unga koʻrsatardi. Ular meni koʻrib, xursand boʻlib ketishdi, oʻz davrasiga taklif qilishdi. Qarasam, xontaxta ustida bir dunyo fotosuratlar, barchasi farzandi Sheralining yoshligida tushgan rasmlari ekan. Qahramon boboning uzoq vaqt bir suratga tikilib turganini koʻrib, men ham oʻsha rasmni koʻrishga qiziqdim. Suratda Qahramon boboning yelkasida oʻgʻli Sherali, Tursunoy aya esa ularning yonida kulib turibdi. Shu payt bobo ovozida qandaydir toʻlqinlanish bilan:

– Onasi, esingdami, oʻshanda Sheralijon endigina maktabga chiqqan edi. U vaqtlar oʻgʻlimiz shaharga borib oʻqishni, askar boʻlishni niyat qilib, bizni ham olib ketishini koʻp aytardi. Mana, niyati xolis ekan, shaharlarda yuribdi, boshi omon boʻlsin, – deb koʻzida yiltillagan yoshini yaktagining uzun yengi bilan artdi.

– Otasi, oʻgʻlimizni tushunsa boʻladi, ishi koʻpligidan kelishga vaqt ajratolmayotgan boʻlsa kerak-da. Baʼzan oʻylab qolaman, oʻzimiz borib kelsak qanday boʻlarkan-a? – dedi sochilib yotgan rasmlarni yigʻishtirib olayotgan Tursunoy aya.

– E, onasi, endi yoʻlga yararmidik. Biz qayerda-yu, Toshkent qayerda. Sabr qilaylik, oʻgʻlimiz albatta keladi. Axir, bir yildan oshdi-ku, u ham bizni sogʻingandir, – deya Qahramon bobo xoʻrsinib qoʻydi.

Farzand mehriga muhtoj kishilarning bu suhbatini tinglab, uzoq qolib ketganimni anglamabman ham. Darvoza ochilib, jiyanim Charosxon meni onam chaqirayotganini aytdi. Tursunoy aya jiyanimni yoniga olib:

– Otasi, buning koʻzini qarang, Sheralijonimning qizining koʻziga oʻxshaydi-ya, quyib qoʻygandek oʻzginasi, – dedi, yana uni bagʻriga bosib, koʻziga yosh oldi.

Biz bu nuroniy bobo-buvi bilan xayrlashib, darvozadan chiqib ketar ekanmiz, Qahramon boboning: “Kelib turinglar, qizim, jiyanlarni ham olib kelinglar”, deyishi, tabassum bilan boqib turgan, lekin ortida gʻam yashiringan chehrasi bir umr xotiramga muhrlanib qoldi.

Ertasi kuni uyqudan uygʻonsam, onam shoʻrva qaynatayotgan ekan. Ertalabdan ovqatga unnaganining sababini soʻrasam, dadam bilan Qahramon boboni koʻrishga kasalxonaga borayotganini, u ogʻir ahvolda yotganini aytdi…

Oradan ikki kun oʻtib, boboning oʻgʻli oilasi bilan uyiga keldi. Tushda esa odamlar Qahramon bobonikiga janozaga toʻplanishdi.

 

Javhar TURSUNOVA

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/mushtoq-nigohlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x