MUHAMMAD ALIXON

MUHAMMAD ALIXON (taxm. 1803/ 06—1842, Qoʻqon) — Qoʻqon xoni (1822—41). Umarxon va Nodiranmng oʻgʻli. Otasi Umarxon vafotidan keyin 17 yoshida taxtga oʻtirgan. Hukmronlik davrida xonlik hududini kengaytirishga uringan. Jan. Olay togʻ etagidagi tojiklar boʻysundirilgan. Qorategin butunlay, Darvoz, Shugʻnon, Roshan, Vohon faqat nomigagina zabt etilgan. 1829-y. Qashqarga yurish qilgan. Uning bu harakatidan foydalangan Qashqar musulmonlari xitoylarga qarshi bosh koʻtargan. Magʻlub boʻlgan uygʻurlardan 70 mingi Muhammad Alixon bilan birga qaytib, Qoʻqon xonligidagi shaharlarga (jumladan, Toshkentga) joylashtirilgan. M. A. Qashqarga qilgan qaytaqayta hujumi natijasida Sharqiy Turkiston shaharlaridan boj yigʻish hukuqini olgan. Muhammad Alixon hukmronligi davrida sugʻorish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent yaqinida Xonariq qazilgan. Toshkent hokimi Lashkar qushbegi M. A. ning yaqin maslahatchisi boʻlib qolgan. Rossiya bilan savdo va diplomatik aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. 1828-y. Qoʻqondan Sankt-Peterburgga elchilar boradi va ular yaxshi kutib olinadi. 1830-y. Qoʻqonga Rossiya elchisi xorunjiy Potanin keladi.

Muhammad Alixonning hukmronlik davrida Qoʻqon—Buxoro munosabatlari keskin yomonlashadi. Ular orasida boʻlib oʻtgan urushlar natijasida Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqon qoʻshinini tormor qiladi. Muhammad Alixon oʻzini noiloj amirning noibi deb eʼtirof qiladi. Oradan ikki yil oʻtgach, 1841-y. okt. da Qoʻqonda xon zulmiga qarshi xalq qoʻzgʻoloni koʻtariladi.

Muhammad Alixon ichkilikbozlik va axloqsizlikka beriladi. Buxoro—Qoʻqon oʻrtasidagi munosabatlar yemonlashuvi va tez-tez takrorlanib turadigan harbiy toʻqnashuvlar shunga olib keldiki, Muhammad Alixon 1841-y. noyab. da ukasi Sulton Mahmud foydasiga taxtdan voz kechadi, shunday boʻlsa ham 1842-y. apr. da Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni zabt etdi va Muhammad Alixon NI, ukasi Sulton Mahmudxonni, onasi Nodira begimni qatl ettiradi.

Muhammad Alixon gʻazallar yozgan, uning buyrugʻiga binoan, xattotlar Alisher Navoiy asarlarini miniatyuralar bilan bezatib koʻchirishgan, koʻplab tarixiy asarlar fors va arab tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Muhammad Alixon davrida maktab va madrasalar qurilgan (mas, Madalixon madrasasi), Qoʻqonning eski oʻrdasi taʼmirlangan.

Ad.: Mirzoolim Mushrif, Qoʻqon xonligi tarixi, T., 1995; Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Nabiyev R. N., Iz istorii Kokandskogo xanstva, T., 1973.

Haydarbek Bobobekov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x