Mudom yuksalgaydir parvozlarimiz

FIFA referisi Ravshan ERMATOVning futbolchilik faoliyatini qanday tugatgani va hakamlikka qanday qadam qoʻygani haqida lavha

 

– Uka, inson irodali boʻlishi kerak, – deydi shifokor yosh yigitning yuziga tushkunlik ina boshlaganini koʻrgach. – Sen hayotingni endi boshlayapsan. Futbol oʻynamaslik fojia emas, nasib etsa, futboldan ham boshqa biror sohani tanlab, koʻp muvaffaqiyatlarga erishasan hali. Mana, koʻrasan…

Oʻshanda u yigirmaga ham toʻlmagan yigitcha edi.

Bu yoshda kishining orzulari osmon boʻladi. Hech kim bu orzularining kelgusida orzuligicha qolib ketishiga ishonmaydi, nimaga intilayotgan boʻlsam, yetishaman, deb oʻylaydi. Umid – odamning eng dilbar yoʻldoshi. Alloh ato etgan ulugʻ neʼmat. Bolaligidan zoʻr futbolchi boʻlishi mumkin, deya isteʼdodi yuksak baholangan, oʻzi havas qilgan Birodar Abdurayimov, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin kabi futbolchi boʻlaman, deb niyat qilib yurgan oʻspirin faoliyatining dastlabki yillaridanoq ogʻir jarohat olishini, oqibatda futbolchilik faoliyatini yakunlashini bilganida nima boʻlardi?.. Holbuki, Yaratgan uning dilidan umidni olmadi, gʻayrat-shijoatdan qismadi, mehnatsevar qildi…

Kutilmagan jarohat (bolaligida shikastlanib, soʻng tuzalgan oyogʻi futbolchilik davrida yana jarohatlanadi) uning kelgusi faoliyatiga taʼsir etdi. Bu – oʻn toʻqqiz yashar yigitcha uchun ogʻir zarba boʻldi. Axir, qancha orzu-umidlari bor edi uning. Jahon chempioni boʻlmoqchi edi. Nahot, u yuksak orzulardan voz kechsa! Nahotki, umid olovini birgina sovuq soʻz soʻndiradi? Bu shunchalik osonmi?

– Yoʻq, – deydi u oʻziga-oʻzi qatʼiy. – Yoʻq! Men taslim boʻlmasligim kerak…

Karavotda yotar ekan, derazadan quyoshning zarrin nurlari kirib, xonasini nurafshon etayotganini koʻradi.

“Kechasi bilan uxlamabman-a, – xayolidan oʻtkazadi u, – tong ham otibdi, oftob chiqibdi. Men boʻlsam… Mijja qoqmabman…”

Siniq jilmayadi. Biroq bu jilmayishda allaqanday umid va yaxshi niyatning bilinar-bilinmas uchquni bor edi.

– Bugun bu oddiy dardga yengilsam, magʻlubiyatlarga koʻnikuvchan boʻlib qolmaymanmi? – deya oʻziga-oʻzi pichirlaydi u. Shu onda xonasiga kimdir ohista qadam tashlab kelayotganini sezadi.

“Oyim, – deydi koʻngli bebaho bir haroratni tuyib. – Oyijonim! Adam ikkovlarini koʻp qiynab yubordim-da. Kecha-kunduz parvona, jim yotishimni koʻrib, uxladi deb oʻylagan boʻlsalar kerak… Mehribonlarim…”

U tun boʻyi miriqib uxlagan qilib koʻrsatish uchun oʻzini dadil tutishga urinadi.

– Yaxshi dam oldingmi, bolam?

– Zoʻr, oyijon, oʻzingiz-chi…

Anisa aya oʻgʻlining koʻzlariga termiladi:

– Bugun ham uxlamabsan-da, Ravshan?..

 

Fasl tanlamaymiz. Hammasi bahor,

Qovjiraydi faqat yolgʻon-yashiqlar.

Biz abadiy nekbin. Mangu umidvor.

Biz – koʻngli sovishni bilmas oshiqlar.

 

Qishlar va bahorlar, yozlar va kuzlar,

Biz uchun barobar yangroq torlardir.

Yerga yogʻa olmay yongan yulduzlar

Bizlar qalovini topgan qorlardir.

 

Togʻdek toqatlardan moʻmiyodek sirqib,

Doʻstlarga atalgan dil rozlarimiz.

Qanotimiz poʻlat. Hech boʻlmas qirqib.

Jaranglab turadi parvozlarimiz.

(Matnazar Abdulhakim, “Iroda”)

 

2000 yilning qishi. Futbol jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrish asnosida turli musobaqalarda, oʻrtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishar, oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻygan 23 yashar bir yigit ham navbatdagi mavsumga hozirlik koʻrardi. Shu orada uni Qashqadaryoda futbol boʻyicha viloyat hokimi kubogi musobaqasida hakamlik qilish uchun chaqirib qolishdi. Mamlakat chempionati oliy ligasida qanot hakami, ikkinchi ligada esa bosh hakam sifatida faoliyat olib borayotgan yosh yigit uchun bu ajoyib chorlov edi. Omadi kulib, final uchrashuvini boshqarish unga ishonib topshiriladi.

Oʻyin qizgʻin kechayotgan bir pallada, viloyatda mehmon boʻlib turgan, ushbu uchrashuvni bevosita stadionda kuzatayotgan taniqli murabbiy, futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasini 1994 yilgi Osiyo oʻyinlari gʻoliblik shohsupasiga olib chiqqan Rustam Akramov yonidagi sheriklaridan “Bu yigit kim?” deb soʻraydi maydondagi hakamga imo qilib. Mashhur futbol mutaxassisining bu yangligʻ eʼtibor berishi, alohida qiziqishi uchun jiddiy sabab boʻlishi kerak edi.

– Yosh sudyalarimizdan, Ravshan Ermatov… Hali juda yosh-da, – deydi bir kishi oʻzlari tashkil etgan musobaqada hakamlik qilayotgan yigitning xatti-harakatlarini goʻyo “oqlayotgandek” ohangda. – Rustam aka, nima, u qandaydir… xato qilib qoʻydimi-a?

– Qayerda hakamlik qiladi? – hamon oʻsha alfozda soʻraydi Rustam Akramov.

– Ikkinchi ligada.

– Bunday saviya bilan u “oliy”da ishlashi kerak…

– Yoshligimda jarohat olib, olti oy davolanishimga qaramay, futbolchilik faoliyatimni yakunlashga majbur boʻlganman. Bundan qattiq qaygʻurganman, – deydi jarohat olgan yillari, soʻng yana katta futbolga qaytgan damlari haqida Ravshan Ermatov. – Ana shunday kunlarimda menga oilam suyanch boʻldi. Agar yaqin insonlarim, otam, onam, opalarim, jiyanlarim boʻlishmaganda, oʻzim sevgan sohadan butunlay ketishim mumkin edi…

U hikoya qilar ekan, birorta soʻzini qoldirmasdan daftarimga yoza boshlayman. Mana, u bolalik yillari, futbolchi boʻlish orzusi, uning amalga oshmagani, hakamlikdagi ilk qadami haqida gapirayapti. Qoʻlim bu soʻzlarni qogʻozga tushirayapti, ammo xayolimning bir chekkasida boshqa bir manzara: toʻp tepayotgan bolalar, “Oshir! Qani, boʻl, tep!” deya shovqin solib, qiyqirishib futbol oʻynayotgan oʻspirinlar, maydonning bir chekkasida oʻtirgancha, ularga havas bilan boqayotgan oʻn toʻqqiz yashar yigitcha. Ana, atigi bir necha kun oldin oʻzi bilan bir jamoada toʻp surgan doʻsti. Bugun ham maydonda jon-jahdi bilan oʻynayapti. Bu esa… Lablari kulaman deydi-yu, koʻzlari jiqqa yosh… U endi futbolchi boʻlolmaydi…

– Men uchun hammasi tugagandek edi, – deya davom etadi Ravshan Ermatov. – Hatto oʻsha kunlari futboldan butunlay voz kechish haqida oʻylay boshlaganman. Umidsizlikdan yomoni boʻlmas ekan. Bilasizmi, shunday vaziyatlarda hammasiga qoʻl siltaydiganlar ham boʻladi. Baʼzi toʻsiqlarni, omadsizliklarni “orzular chegarasi” deb biladigan, intilishdan toʻxtaydigan yoshlarni koʻrganman. Men ham shulardek boʻlishim mumkin edi…

Oʻgʻlining qalbida nimalar kechayotgani Anisa aya bilan Sayfiddin akaga maʼlum edi. Jigarbandini bu qorongʻu damlardan olib chiqish uchun ular eng yaxshi chorani qoʻllaydilar. Yuzlab bolalar va oʻsmirlarni tarbiyalagan tajribali murabbiy, mohir pedagog Sayfiddin Ermatov oʻgʻlini murabbiylik kurslariga qatnashga koʻndiradi.

– Murabbiylik avvaliga zerikarli koʻrindi, – degancha kulib eslaydi referi. – Yaqindagina oʻzim maydonda yugurib yurardim. Bugun bolalarni shugʻullantirish… Dam olish kunlari Toshkentdagi “Chigʻatoy” stadionida oʻsmirlar oʻrtasida shahar birinchiligi oʻtkazilardi. Otam murabbiy, men u kishiga yordamchi edim…

Buyogʻi juda tez rivojlanadi. Qaysidir oʻyinga hakam kelmay qoladi. Kimdir uning ishini bajarishi kerak edi. Bu ish yordamchi murabbiylardan biriga – Ravshan Ermatov zimmasiga yuklanadi.

– Ravshan, oʻyinni oʻzing boshqarasan!

Otasining bir soʻzli ekanini bilgan qahramonimiz bu “hukm”ga qarshi borolmaydi.

– Futbolchilik paytlarim hakamlarni yomon koʻrardim, – deydi Ravshan aka jilmayib. – Adamning qistovlari bilan oʻzim “sevgan” ishni noiloj bajarishga kirishdim.

Xatti-harakatlaridan hech kim bu ishni u birinchi marta qilayapti, deb hech kim oʻylamasdi. Hamisha hakamlardan norozi boʻladigan ota-onalar, murabbiylar oʻyinni jim kuzatishadi. Ularda eʼtiroz tugʻdiradigan birorta vaziyat sodir boʻlmaydi.

– Bilasanmi, oʻgʻlim, harakatlaringni kuzatib, sendan juda yaxshi sudya chiqarmikan, deb oʻylab qoldim, – deydi uylariga qaytishar ekan, yoʻlda Sayfiddin aka. – Boshqalar ogʻzidan ham shu gapni eshitib xursand boʻldim, oʻgʻlim…

Qattiqqoʻl, qatʼiyatli, uncha-munchaga maqtayvermaydigan Sayfiddin akaning bu eʼtirofidan Ravshanning koʻngli koʻtariladi. Biroq otasining salobati boismi, farzandlik andishasi tufaylimi, nima deyishni bilmas, ichida quvonib tursa ham, uni bildirolmas edi. Kulimsirar ekan, “Bilmadim, ada…” deya oladi arang.

Gohida shunday holatlar boʻladiki, bir ogʻiz soʻz inson hayotini butkul oʻzgartirib yuboradi. Bolalarni sunnat qilib qoʻyuvchi samarqandlik usta Tangriqul Boboqulov yoshligida bir oqil raisning ishonchi bilan shu qutlugʻ kasbni egallab, hayotida baraka topganini oʻzi aytgan, yaqin doʻstim oʻspirinligida bir odamning “sendan advokat chiqarmidi, holingga qarab niyat qilsang-chi”, degan achchiq gapidan soʻng ancha paytgacha oʻziga kelolmay, oʻqish-yozishni tashlab qoʻyganini aytib bergan, ularni eshitib, soʻzning qudratiga ming karra amin boʻlgan edim.

Otasining dalda bagʻishlovchi bu eʼtirofidan koʻngli togʻdek yuksalgan Ravshan Ermatovda endi yangicha ishtiyoq, baland choʻqqilar sari undovchi shijoat paydo boʻladi.

Professional hakamlik bilan shugʻullanayotgan yigitning Qashqadaryodagi futbol oʻyiniga taklif etilganini, uni odilona boshqarganini, ehtimol, “shunday boʻlishi tabiiy edi” yoxud “bu oddiy tasodif-ku”, “yoʻq, shunchaki omad nishonasi boʻlgan” qabilida izohlash mumkindir. Biroq haqiqat shuki, u mana shu darajaga yetishi uchun hayotining eng quvnoq, begʻubor, goʻzal onlarini qurbon qilgan, aziz orzusini – futbolchilikni hakamlikday sermashaqqat, balki gʻavgʻoli ishga almashtirgan edi.

– Bunday saviya bilan u “oliy”da ishlashi kerak, – deydi Rustam Akramov, maydonda qatʼiylik bilan qaror chiqarayotgan, yoshligi shundoq koʻrinib turgan, biroq katta yoshli futbolchilarga-da oʻz qarorlarining haqligini isbotlab bera olayotgan istarasi issiq yigitdan koʻzini uzmay.

– Oliy ligada bosh hakam boʻlish uchun yoshi yetmaydi, reglamentda shunaqa, – luqma tashlaydi kimdir.

Biroq hammasi isteʼdodli hakam uchun ajoyib yakunlanadi. Ushbu musobaqadan soʻng unga oliy liga oʻyinlarini boshqarish huquqi beriladi.

Shoirning:

Yaxshilarning mehri unutilar, lekin

Unutilmas ular oldidagi qarz…

misrasi aynan mana shu holat uchun ijod etilgandek, nazarimda.

Futbolni tushunadigan, isteʼdodlarni payqay oladigan fidoyi insonlarning yaxshiligi bilan Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatidagi eng katta va zalvorli qadamni qoʻygan edi.

Meni hamisha shunday savol qiziqtirib kelgan: “Nima uchun bolalikdagi pokiza orzularning koʻpi amalga oshmaydi?”. Buni kimdir ijtimoiy hayot bilan bolaning orzulari oʻrtasidagi nomutanosiblik, isteʼdod, bilim, qobiliyat va boshqa “obʼyektiv-subʼyektiv” sabablar bilan tushuntirib berar. Ammo, menimcha, oʻsha turli-tuman faktorlarni boshqarib turadigan, insonni ichki va tashqi xavfli omillardan saqlab, faqat olgʻa boshlaydigan, butun salohiyati, ruhiy-maʼnaviy quvvatini bir maqsad yoʻlida safarbar etadigan uchta tuygʻu bor. Bular – muhabbat, iroda va ishonch.

Osiyoda toʻrt marta yilning eng yaxshi hakami deb tan olingan, jahon chempionati, Olimpiya oʻyinlari va qitʼa kubogi musobaqalarida hakamlik qilib kelayotgan FIFA referisi, yurtdoshimiz Ravshan Ermatov yoshligidan ana shu tuygʻularni qalbiga mustahkam jo qila olgan, ularning qatʼiy maqsad yoʻlida qanday kuchga aylana olishi mumkinligini his etgan edi.

Biz koʻpincha mashhur sportchilar, siymolar haqida gapirganimizda, oddiy odam emas, qandaydir oʻzga sayyoralik bir zot haqida soʻzlayotgandek gapiramiz. Shundayki, goʻyo ulardek boʻlish ilojsiz; shundayki, ular erishgan martabaning manzili bizning Ona Yerimizda emas, allaqanday sayyorada; shundayki, ularda bunday mavqega erishish uchun oʻzgacha qobiliyat, odam zotiga xos boʻlmagan xususiyat bor… Vaholanki, ular ham siz bilan menga oʻxshagan odamlar. Ular ham bola boʻlishgan, oʻsmirlik, yoshlik damlarini oʻtkazishgan. Farqi shundaki, ular maqsad yoʻlida sobitqadam boʻlganlar, beqaror emas. Ular orzu qilishni ham, orzu yoʻlida intilishni ham bilishgan. Yoʻlida uchragan toʻsiqlarni sabr-toqat, matonat, iroda bilan yengib oʻtishgan. Yarim yoʻlda “boʻldi endi, shunisi ham menga yetadi” deya qolib ketishmagan.

“Hech bir yosh yigit oʻzining iqtidoridan shubha qilmasligi kerak” degan ekan psixolog Vilyam Jeyms.

Millionlab futbol muxlislari mehrini qozongan (hakamlikda shunday mavqega ega boʻlish hazil gap emas), bolalarning sevimli kumiri Ravshan Ermatov ham oʻz iqtidoriga zarracha shubha qilmagan edi. Uning yutuqlarida oʻziga boʻlgan ana shu ishonch ham muhim oʻrin tutganiga shubha yoʻq.

Zero, isteʼdodli odamlar hamisha oʻziga ishonib yashaydi.

 

Elmurod NISHONOV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

 

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/mudom-yuksalgaydir-parvozlarimiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x