Qir ustidagi ayol

Togʻlarga sel keldi. Keng oʻzanlar oʻrtasida koʻz ilgʻar-ilgʻamas kumush kamardek yaltirab oqib yotgan Surxon shovqin-suron bilan shovullab kelgan loyqa suvni bir seskanib bagʻriga oldi. Pishqirgan suv oʻzanlardan toshib, qay bir chaqqon dehqon daftar chizigʻidek egat tortib qoʻygan paykallarni ham yuvib ketdi. Havo birdan sovidi. Jahl otiga minib, pishqirib oqayotgan Surxonni yoqalab, Robiya xolaning hovlisi tomon kuyov navkarlar oʻtganda poyonsiz osmon oʻrtasida hayron yiltillab turgan quyosh ham qayoqqadir gʻoyib boʻldi.

Robiya xola bir umr faol boʻlib oʻtgan: birgad boʻlgan, deputat, delegat boʻlgan, hamisha el ustida, elning oldi boʻlib yurgan, hech topmaganda ham shapaloq bilan yuz qizartib, katta-kichikning izzatiga yetgan ayol edi. Kuyovning oyoqlari ostiga lovullab turgan xonatlas bilan oqlik toʻshab, poyondozni qoʻshqavat qildi. Egniga buxorocha zarbop toʻn soldi. Dasturxonida anqoning tuxumidan boʻlak hamma narsa bor edi. Hammasi koʻngildagidek boʻldi, faqat kunchiqarda paydo boʻlgan qoramtir bulut hamma yoqqa sargʻimtil soya tashlab olgani yuragini siqdi. Kelin kiyinayotgan xona bilan qudalar oʻtirgan xona oʻrtasida yugurib yurarkan, har zamon – har zamon osmonga qarab qoʻyardi. Aksiga olib, qora bulut muzaffar qoʻshindek tobora shiddat bilan osmonni egallab borardi. Qayerdadir qargʻalar ham qagʻilladi. Shohistaga otasi duo berayotgan payt birdan shamol turdi. Qiz ota duosini olib, yon-atrofi rang-barang shoyi tasmalar, sharlar bilan bezatilgan mashinaga oʻtirguncha shamol bolasini izlayotgan telba onadek uvillay boshladi. Bir pasda yer-u osmon chang-toʻzon bilan qoplandi. Bir qadam narida turgan narsani koʻrishning iloji yoʻq edi. Birin-ketin yoʻlga chiqqan mashinalar kuppa-kunduz kuni tungi chiroqlarini yoqib olishdi. Oradan bir chovgum suv qaynaydigan fursat oʻtmay, shatir-shutur yomgʻir yogʻa boshladi, izidan qor uchqunladi. Kelin kuyovning uyiga yetib kelganda hamma yoq oppoq qor edi:

– Bu Aziz momo! – dedi kelin-kuyov oʻtirgan mashinani boshqarib kelayotgan oʻrta yashar kishi. – Toʻqson, bir kunimcha yoʻqsan, der ekan. Haqiqatan ham toʻqson kunlik qishda shu qahrning oʻndan birini koʻrganmidik? Lekin chatoq boʻldi. Hamma narsa uygʻonib qolgan edi. Bu yil bodom yili boʻldi, deb yurgan edik hammamiz.

– Bir yil bodom yemasangiz, yemabsiz, aka! – orqada kelinning yonida oʻtirgan yanga kuldi. – Eng muhimi, Aziz momo kelinning yoʻliga poyondoz toʻshadi.

Haydovchi peshoynadan yangaga birrov hayron va norozi qarab qoʻydi-da, soʻng oʻziga oʻzi aytayotganday soʻzlandi:

– Ha-a… Elning rizqi edi-da…

Kuyov tomon mashinani qiy-chuv bilan kutib oldi. “Aziz momo”ning kutilmagan qahridan shoshib qolgan katta-kichik oyoq ostida loyga aylanayotgan ola-chalpoq qor ustida diydirashib, kelin-kuyov oʻtirgan mashinani oʻrab olishdi. Mashina eshiklari birin-ketin ochilib, haydovchi, kuyov, kuyovjoʻra mashinadan tushdi. Kelin yanga esa oʻzlari tomondagi eshikning tutqichiga mahkam yopishib, kelinga qoʻl uzatgan kuyovning yoʻlini toʻsdi:

– Oldin haqini bering!

Kuyov choʻntagidan besh-oltita ming soʻmlik chiqardi.

Yanga ishva bilan bosh chayqadi:

– Bu kam!..

Bu safar kuyovning yonida turgan joʻrasi choʻntak kavlab, yangaga pul uzatdi:

Yanga pulga qarab, mazax qilganday kuldi:

– Yaxshi yigit, men sizdan saqich puli soʻrayotganim yoʻq. Men kelin olib keldim, xoʻrozqand emas.

Kelin xijolat tortib, yangasining biqiniga qattiq turtdi. Yanga bir siltanib, yana eshik tutqichiga yopishib oldi:

– Toʻgʻri-da, qoʻlidan kelgan yigit uylansin!

Kuyov oq-sariqdan kelgan rangpargina yigit edi, duv etib qizardi.

Kuyovjoʻra mashina eshigiga engashib, yangaga piching qildi:

– Oʻzingizning narxingizni ham ayting, yanga, koʻtara savdo qilamiz.

Atrofda yengilgina kulgi koʻtarildi. Poyondoz ushlab, kelinning tushishini kutib turgan ayol pastki labini tishlab, yerga qaradi: “Yashshamagur, qudaning izzatini qilmadi!”

– Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi, yigit! Qoʻlingdan keladigan ishni gapir! – qarzdor boʻlib qolishni istamagan yanga ham kuyovjoʻrani masxara qildi.

Yigitlar qiyqirib yubordi: “Tamom boʻlding, Hamdam!”

Hamdam, aftidan kuyovjoʻraning ismi shunday edi – nimadir demoqchi boʻlib unga tomon yurayotgan edi, kuyovning imosi bilan ikki yigit uni qoʻltigʻidan tutib, nari olib ketishdi.

Kuyovning oʻzi choʻntagidan bir dasta pul chiqarib, yangaga berdi. Yanga pulni zanjirlari yaltiroq sumkachasiga solib, mashina eshigini ochdi. Soʻng gʻolibona pastga tushib, tor kiyimdagi kelishgan qaddi-qomatini koʻz-koʻz qilgancha davraning qoq oʻrtasidan kesib oʻtib, darvoza oldiga borib turdi. Yigitlar Hamdamning biqiniga turtishdi.

– Zoʻr narsa ekan! Koʻtara savdo qilsang, pulingga kuymas ekansan.

Hamdamning quyuq qoshlari chimirildi:

– Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning oʻgʻli emasman.

U shunday deb olov aylanayotgan kelin-kuyovni tomosha qilib turgan “yanga”ga tikildi. Biroz oʻtib “yanga” uning oʻtli nigohlarini his etdimi, yalt etib, unga qaradi. Hamdam dastlabki gʻalabadan sevinib ketdi. Qoshlarini chimirib turgan xushroʻy juvonga maʼnodor tikilib, koʻzlarini qisib qoʻydi. Juvon avvaliga hayron boʻldi, soʻng yigitning oshkora shilqimligidan qahrlanib, zarda bilan yuzini burdi. Ammo Hamdamning oʻz “mashgʻulot”ini toʻxtatish niyati yoʻq edi. Juvon ham qiziquvchanlik tufaylimi, qahrini bosa olmaganidanmi, yana unga qaradi. Hamdam esa kulib, yana koʻz qisdi. Yanga endi astoydil qahrlandi, unga butunlay orqa oʻgirib, kelinni ham kutib turmasdan, hovliga kirib ketdi: “Tarbiyasiz!”

Tantiq yanga qaysidir maʼnoda haq edi. Hamdam olti qizdan soʻng tilab-tilab olingan Tilovmurod, aytgani qonun, istagani muhayyo, ushlagani oʻziniki boʻlib oʻsgan yigit edi. Yanganing u uzatgan pulni masxara qilib, yana sensirab gapirgani uning hamiyatiga tegdi. Toʻyxonaning oʻzidayoq bu oyimchaning kimligidan tortib, telefon raqamigacha aniqlab oldi.

– Biz endi boja boʻlamiz, – dedi kuyovning yelkasiga maʼnoli qoqib.

Ahmad oshnasining feʼlini yaxshi bilar edi. Nimaga shaʼma qilayotganini darrov tushundi:

– Oshna, sen bunday gaplarni qoʻy. Eri juda yaxshi yigit. Buyogʻi biz bor. Bir ahmoq xotinning kaltafahmligini deb…

Hamdam uzr soʻrayotganday qoʻlini koʻksiga qoʻyib, kuldi:

– Oshna-a!.. Oshnachilik oʻz yoʻliga, lekin har kimning oʻz hisob-kitobi bor. Bilasan, men qarz boʻlib yurishni yomon koʻraman. Ayniqsa, ayol kishidan!..

 

* * *

Toʻy kuni yoqqan qor shu kuniyoq erib ketgan boʻlsa-da, hali havoning zahri sinmagan, hamma joy zax va nam, allaqachon yoʻlga chiqqan qish nimasinidir unutib qoldirgani uchun ortiga qaytgan besarishta xotindek ivirsib yurardi.

Ular yuzochdidan tushga yaqin qaytishdi. Toʻyda ishlatilgan stol-stullar ayqash-uyqash boʻlib yotgan hovlida hech kim yoʻq edi. Ayvon derazasida turgan telefon dunyoni boshiga koʻtarib jiringlab yotardi.

– Nozima, anavini ol, oʻzini yeb yotibdi, – tugun koʻtarib oshxona tomon ketayotgan Robiya xola keliniga buyurdi. – Bobong qayerga yoʻqolgan…

– Allo-o, eshitaman, – Nozima derazadan telefon goʻshagini olib, qulogʻiga tutdi. – Da-a!

– Nozimaxon, oʻzingizmi?

– Ha, menman. Oʻzingiz kimsiz? – u javobni eshitmasdan ovoz egasini tanidi. – Biron ishingiz bormidi?

– Bir ahvol soʻray, dedim sizdan. Toʻy tashvishlari bilan charchamadingizmi? Yana… Sizdan uzr soʻramoqchiman. Kecha biroz kayfim bor edi. Odobsizlik qilgan boʻlsam, kechiring.

– Shundaymi? Ha, mayli, sogʻ boʻling.

– Nozimaxon, bilasizmi, men baʼzan toʻylarda qoʻshiq aytaman. Kecha yangi qoʻshiq oʻrgandim. Bir eshitib koʻring, – yigit shirali ovozda qoʻshiq xirgoyi qila boshladi. – “Qalbimda oh urar, ohlarim unsiz, senga talpinaman kechayu kunduz. Balki sen yasharsan, jonginam, mensiz. Men qanday yasharman dunyoda sensi-iz?..” Qalay, yoqdimi?

Tugunlarini joylashtirib, oshxonadan chiqqan Robiya xola unga qaradi:

– Kim ekan? Kimni soʻrayapti?

Oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushgandek, Nozimaning rangi oqarib ketdi. Hamon quloqlariga bosib turgan goʻshakka:

– Siz aytgan odam bu yerda yashamaydi. Sizga notoʻgʻri telefon berishibdi, – dedi, soʻng qaynonasiga yuzlandi. – Normurod degan yigitni soʻrayapti.

Bir oz vaqt oʻtib, telefon yana jiringladi. Bu safar Nozima ayvon ichkarisida edi. Indamay telefonning simini uzib qoʻya qoldi. Xonasiga oʻtayotib, devordagi baland toshoynaga qaradi: sarvdek qaddi-qomat, shuncha toʻy tashvishlaridan keyin ham lovullab turgan qoshu koʻz, tim qora sochlar koʻnglini toʻldirdi: “Qandingni ur, Nozi! Ikki bolali boʻlsang ham, bir koʻchaga chiqsang, izingdan oʻn yigit yuragini changallab qoladi”. Beixtiyor kuyovjoʻra aytgan qoʻshiqning soʻzlari yuragidan qaynab chiqayotganday boʻldi: “Men qanday yasharman dunyoda sen-si-iz?..” Shu qoʻshiq xirgoyisi bilan kiyim almashtirdi. Tor-tanqis kiyim-bosh, turli tasmalar iskanjasidan ozod boʻlgan tanasi yengil nafas oldi. Keng-moʻl paxtalik koʻylagini kiyib, divanga choʻzildi. Oyoqlarini uzatgandan soʻng juda charchaganini his qildi. Bir qarashda yordamchi koʻp: ovsinlar, amma-xolalar, jiyanlar! Ammo hech bir ish Nozimasiz bitmaydi. “Nozi, dasturxon kerak!”, “Nozi, sochiq kerak”, “Nozi, mehmon keldi”, “Nozi!..” U shu katta xonadonning bekasimi, choʻrisimi, harqalay hamma narsaning joyini faqat u biladi va faqat u topib berishi kerak. Albatta, qaynonasi turganda unga bekalik tegarmidi? U xizmatkor, maoshsiz ishlaydigan, hech qachon rahmat eshitmaydigan xizmatkor! Ayniqsa keyingi kunlarda unga juda alam qildi. Qaynonasi kenja qizining sepiga bor bisotini toʻkib soldi. Eshikdan kim kelsa, qizining sepini bir-bir koʻrsatib maqtanadi: “Borgan joyida tili qisiq boʻlib yurmasin. Bizda faqat oʻgʻilni oʻylashadi. Axir qiz ham farzand, birovning eshigiga boradi. Esi bor ota-ona qizga oʻgʻildan ikki baravar koʻproq qilishi kerak”: Bu gaplar, uning ismi qoʻshib aytilmayotgan boʻlsa-da, suyak-suyaklaridan oʻtib ketaverardi. “Ha, uning onasi buncha sep qilmagan. Qayerdan ham qilsin, oʻzi oddiy muallima boʻlsa… Buyogʻi joʻjabirday jon, har yili bir bolasini uylaydi”.

Nozima anchadan beri olmos koʻzli uzuk bilan zirakka pul yigʻib yurgan edi. Bu jamgʻarmaga baʼzan eri ham ulush qoʻshib turardi. Ozgina qolgan edi, yozda taʼtil pulini olsa, boʻldi edi. Toʻydan uch kun avval eri “Sen picha shoshmay tur. Pulingni oʻzim qilib beraman”, deb bor pulini onasiga chiqarib berdi. Uning tili tanglayiga yopishib qoldi. Onasi oʻgʻlini alqab-alqab, oʻzidan ozroq pul qoʻshib, qayinsinglisiga xuddi u orzu qilganday olmos koʻzli uzuk bilan zirak olib keldi. Yana “Iching kuyib, oʻl!” deganday ona va qiz biri olib, biri qoʻyib, xaridlarini unga koʻrsatib, maqtanishardi: “Tovlanishini bir koʻring, har qirrasida yuz xil rang bordek goʻyo!”. Nozima harchand oʻzini beparvo tutishga urinmasin, uddasidan chiqa olmadi. Tomogʻiga nimadir tiqilib, ikki chekkasidagi tomirlarda issiqqina nimalardir vijir-vijir qilib, koʻzlari tomon oqib kela boshladi. U zoʻrgʻa “Ha-a, ha, yaxshi, juda chiroyli ekan!” dedi-yu, ortiga burilib yotogʻiga chiqib ketdi. Biroz hovri bosilgach, oʻzini urishdi: “Arzimas bir taqinchoq uchun oʻzingga achchiq gap sotib olishning nima keragi bor? Hozir bir nima deydigan boʻlsang, sening ham onang qilsin edi, deyishi aniq. Siz qizingizga mening necha yildan beri yigʻib yurgan pulimga qilayapsiz. Bu pul men uchun onamning sutidek halol edi, desinmi? Nima foydasi bor?”

Ayniqsa erining bezdek boʻlib, pulni indamay onasiga chiqarib berishi unga juda alam qildi. Oʻzi bu erkak qachon unga yolchitib biron narsa olib bergan?! Odamlarning eri xotiniga ota-onasidan yashirib pul bersa, bu!.. Qachon boʻlsa, moʻltirab onasining koʻziga qarab turadi.

Bir achchiq bilan bolalarini yetaklab, onasinikiga ketib qolay, dedi. Yana shaytonga hay berdi. Yaxshiyam ketmagan ekan, biroz charchagan boʻlsa ham toʻy bahona qancha qarindosh-urugʻlarini koʻrdi, yedi-ichdi, oʻynab-kuldi. Kuyov tomon ham zoʻr toʻy berdi. Kuyovjoʻrasi tushmagur koʻzi bilan yeb qoʻymadi, qoʻymadi.

Endi koʻzi ilingan ekan, kimdir yelkasiga qattiq turtdi, choʻchib koʻzini ochdi. Boshida qoshlari norozi chimirilgan eri turardi:

– Turib, onamga qarashsang boʻlmaydimi? Yetmishga kirgan kampir muzlab, idish-tovoq yuvib yotibdi, sen boʻlsang, yalpayib!..

Xona ancha salqin edi, ustiga hech narsa olmay yotib qolgan ekan, biroz mizgʻiganigami, eti junjikdi. Erining yuziga bir qarab, kerishib oldi. Soʻng oʻrnidan turib oʻtirdi:

– Buncha vahima qilasiz? Qiz tugʻib, qiz uzatgan boybicha ishlaydi-da. Ichingiz achiyotgan boʻlsa, oʻzingiz yuving oʻsha idish-tovoqlarni.

– Hey-y! Oʻzingdan ketma, xotin! – xotini janjal istab turgan boʻlsa-da, oʻzini bosdi. – Choy-poy qil, mehmon keldi.

– Uf-f! – Nozimaning rostakamiga jahli chiqib ketdi. – Yana mehmonmi? Bu uyda tinchlik bormi oʻzi? Kechagi mehmondorchilikning joyini tozalab ulgurmasingdan yangisi kirib kelaveradi. Toʻyib ketdim hammalaringdan!

– E-ey! Menga qara! – Sardorning jahli chiqib ketdi. – Senga oʻzi umuman odam isi yoqmaydi. Yesang, yotsang, sollanib koʻchama-koʻcha yursang! Kun boʻyi telefonga osilib, onang bilan gʻiybatlashsang! Dangasa!

– Onamni tinch qoʻying, onamga til tekkizmang!

– Onang bilan qoʻshmozor boʻl! – Sardor jahl bilan xonadan chiqib ketdi.

Nozima ancha vaqt oʻziga kelolmay oʻtirdi. Zarda bilan toʻshakka choʻzilib ham oldi, ammo uyqusi buzilib boʻlgan, charchogʻi ham bir qadar yozilgan edi. Hech kim uni yoʻqlab kelmasligiga koʻzi yetgach, oʻtirib-oʻtirib oʻrnidan turdi-da, oshxonaga oʻtdi. Qaynonasi javrab-javrab qozon kavlar, eri piyola artar edi. U beixtiyor eshik ortida turib qoldi: “Mayli, bolam, mayli. Ikki bolasi bor. Indama. Bir kun roʻzgʻor oʻziga qolsa, odam boʻp qoladi”. “E-e, shumi? Hech qachon oʻzgarmaydi. Oʻzgarsa, shuncha yildan beri oʻzgarardi-da. Siz oʻlib ketsangiz, bu eshikdan na bir oshnam, na bir qarindoshimni olib kira olmasam kerak. Chivinini qoʻrishga erinadigan jonivor. Shu ikki bola siyaman desayam baloga qoladi. Goʻdakkinalar qoʻrqqanidan sizning oldingizga keladi. Oʻzining bolasi yoqmagan odamga siz bilan mening mehmonim yoqarmidi?”. “Mayli, bolam, mayli. Hozircha oʻzim bor. Men oʻlib ketsam, mehmonlaringni restoranlarda kutaverasan. Topmay oʻtirgan joying yoʻq”. “E-e, ona, qirqqa kirsam ham shuningizni haydab, boshqa uylanaman”. “Tavba de-ye! Gulday bolalaringning boshiga oʻgay ota, oʻgay ona zulmini solmoqchimisan? Xotining hali yosh, birov toʻqqizida bosh boʻlar, birov oʻttizida ham yosh boʻlar. Boʻladi-da. Qilmaydi emas, qiladi. Bir itfeʼli bor, bir umr hamma narsadan norozi boʻlib yuradi. Biroz noshukr, shuncha yil yashab, bundan keyin ham bir umr yashashi kerak boʻlgan uyga hech mehr qoʻymadi. Faqat “onamnikiga” deb turadi. Shunisiga dogʻman, bolam, mayli, insof-tavfigʻini bersin!”

“Ha-a, uylan! Iloyo, uylan! Men ham sening yuvindingga zor boʻlib oʻtirganim yoʻq. Ikki bolamni oydinda oyogʻim bilan boqaman. Shu bolalarning ust-boshidan ham qizgʻanib, yigʻib yurgan pullarimni singlingga hadya qilib yubording. Ablah!”, u shartta ortiga burilib, hovliga chiqdi. Namxush havo lovullab qizib ketgan yuzlariga urildi. Oʻpkasi toʻlib, yigʻlagisi keldi. Hovlining adogʻiga qarab yurdi. Qaynonasi uni derazadan koʻrib qoldi, shekilli, chaqirib qoldi.

– Nozima-yuv!

“Xuddi hech narsa boʻlmaganday, hech narsa demaganday!”

– Ha? – norozi toʻngʻilladi u.

– Soat toʻrt boʻldi, bolalar ham bogʻchada ilhaq boʻlib oʻtirishgandir. Shularni olib kel, bolam.

Qaynonasi har doim shunday qiladi. Bir umr elni boshqargan ayol-da. Tulki! Bir gap aytsa, eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan qilib aytadi. Hozir “Kelin degan ham shuncha yotadimi?” deganda, haqqi bormi-yoʻqmi, bir bobillab, xumordan chiqardi. Bu “bolalaringni olib kel” deyapti.

Bunga nima deydi? Bola oʻziniki boʻlsa! U indamadi, lekin baribir iziga qaytmadi. Indamay hovlining adogʻiga oʻtdi. U yerda qaynotasi yaxshi koʻradigan joy bor. Bolta oʻtmaganidan koʻp yillardan buyon daraxtlar orasida koʻndalang boʻlib yotgan oʻrik tanasi. Qaynotasi koʻpincha oʻsha yerda oʻtirib chekadi, hovlini tomosha qiladi, nevaralariga oʻyinchoqlar yasab beradi. Bu yerni Nozima ham yaxshi koʻradi, hovlini yigʻishtirib, supurganda, shu yerni ham supurib qoʻyadi. Quyuq daraxt shoxlari orasidan bu yerda oʻtirgan odam koʻrinmaydi, ammo u yerda oʻtirib, ham bogʻni, ham hovlini bemalol tomosha qilish mumkin. Uning biroz eti junjikdi, bogʻning ichi salqin edi, yoqalarini koʻtarib, qoʻllarini koʻkragi ustiga qovushtirib oldi. Koʻngli juda gʻash edi. Erining gaplari quloqlari ostidan hech ketmasdi. “Ablah!” Toʻydan oldin ham xafa qilgan edi: “Buncha yopishding shu brilliantga! Brilliant taqib yurgan boyvachchaning qizimisan?!”

Yuziga tarsaki tortib yuborganday boʻldi. Bularning har gapi ikki boshli toʻqmoq. Toʻqmoqning bir uchi uning boshiga tegsa, bir uchi, albatta, onasining boshiga moʻljallangan boʻladi. Toʻgʻri, uning onasi olmos tugul, yoqut ham taqmagan. Lekin, onasining yoʻli boshqa, zamoni boshqa. Sakkiz bola bilan qanday ham oʻziga qarardi shoʻrlik? Bu esa shuncha oylikchining ichida yashayapti. Ozgina erkinlik berishsa, hamma narsa olishi mumkin. Ammo qaynonasi hammaning pulini hisob-kitob qilib, hali taʼmir boshlab yuboradi, hali gilam koʻtarib keladi, hali sigir savdo qiladi. Uning kichkinagina maoshi ham shu katta-katta xarajatlar ichida qumga singan suvdek singib yoʻq boʻlib ketadi. Shu xarajatlardan qisib-qimtib yigʻib yurganini!

– Nozi, Nozima-yuv-v!

Qaynonasi yana uvillay boshladi. “Uf-f!..” Aftidan boqqa kirib ketganini koʻrgan, shekilli. U indamay oʻrnidan turib, darvoza tomon yurdi. Endi bormasa, qoʻymaydi.

…Bolalarning oldidagi kosachalarning ovqatlarini bidonga yigʻayotgan bogʻcha opa uni koʻrib, gʻalati boʻlib ketdi. Xijolat boʻlganini sezdirmaslik uchun kulib, oʻzini oqlashga tushdi:

– Hammasi deng, boyvachchaning bolasi. Bogʻchaning ovqatini yemaydi. Yemasanglar, yemanglar, dedim. Tovuqlarim bir mazza qilsin.

Ayolning yaltoqlanishi gʻashini keltirdi. Bir gap qilib, chaqib olay, dedi-yu, yana indamadi. Yoʻlda oʻgʻlidan soʻradi:

– Nima ovqat berishgan edi?

Oʻgʻil burnini jiyirdi:

– Guruchli ovqat. Guruchlarining orasida choʻplari, toshlari ham bor. Yegimiz kelmadi.

– Men yedim, qornim rosa ochqab ketgan edi. Hammasini yeb qoʻydim, – dedi qizchasi onasining maqtovidan umidvor boʻlib.

– Qanday yeding, choʻplari, toshlari boʻlsa?

– Choʻplariniyam yeb qoʻydim. Men choʻplarni ham yeya olaman, – yana maqtandi qizcha.

“Shuginalarimni tovuqlarga beriladigan xoʻraklarga teng qilib ishlayman. Topgan pulim kimlarning kuniga yaraydi”.

Yonlaridan gʻizillab oʻtgan mashina yoʻl oʻrtasidagi koʻlmak suvini shaloplatib, ularning ustiga sachratib oʻtib ketdi. Yap-yangi xalatiga loyqa suv chaplandi. Yana erini yozgʻirdi: “Besh daqiqalik yoʻl! Mehmonlarining ogʻziga qarab oʻtirmasdan, bolalarni mashinada olib kelsa boʻlardi! Yoʻq, u onasini xafa qilishi mumkin emas. Xotini, bolalari nima boʻlsa, boʻlsin. Onasining dili ranjimasa, boʻldi!”

Qaynonasi mehmonlarini kuzatib boʻlgan shekilli, qoʻllarini beliga tirab, darvoza oldida turgan ekan.

– Bogʻchaga ketgan-ketmaganingni bilmay, endi oʻzim borsammi, deb turgan edim.

Bolalar momosiga yopisha ketdi.

– Momo-a! Ammam keldimi?

– Ammam uydami?

– Endi ammangning uyi boshqa yoqda. Endi oʻsha yoqda yashaydi.

– Nega, nega?! Nega ammam bizni tashlab ketadi? Men ham ammamnikiga boraman! – Sanjar yerga choʻnqayib oʻtirib olgancha, yigʻlay boshladi.

– Tur-e, tentak! – Nozima bolasining qiligʻidan achchiqlanib, kostyumining yelkasidan tortdi. – Tur, bor, kiyimlaringni almashtir!

Sanjar oʻrnidan turib, onasiga yopishib, yumdalay ketdi:

– Hammasi sizni deb boʻldi. Siz ammamni yomon koʻrardingiz, u shuning uchun ketib qoldi.

– Nima? Nima deding?! – Nozima oʻgʻlining yuziga qars etkizib, tarsaki tortib yubordi. Bola muvozanatini yoʻqotib, chayqalib ketdi. Qoʻrqqanidan boshini bilaklari orasiga yashirib, oʻtirib oldi. Nozima uni bir tepib, hovliga oʻtib ketdi: “Yuzing qursin, senday bolaning!”

Robiya xola turgan joyida taxtadek qotib qoldi: “Bu kelin chindan ham quturibdi”. Sanjarning mittigina vujudiga har zarba tekkanda xuddi oʻzining yelkalariga qamchi tushgandek bir seskanib, izillab yigʻlab qolgan bolani bagʻriga olguncha qaltirab qoldi:

– Hay, esi yoʻq bolam-a, nima qilasan onangga gapirib? Shu ammang yoʻq boʻlib ketmaydimi? Senga amma nima kerak?

Boshqa nima ham desin? Bir narsa desa, bu kelinning hamisha tuguni tayyor. Onasi ham beoʻy xotin. Hech qachon, “Ikki bolali boʻlding, endi sabrli boʻl” demaydi. “Kel, bolam, tor qornimga siqqan, keng uyimga ham sigʻasan” deydi. Buyogʻi oʻgʻil ham toʻnini teskari kiyib turibdi. Hozir bir narsa desa, hech oʻylab oʻtirmaydi: “Ona, oldini qaytarmang, ketsa, yoʻqolsin. Qachongacha shunday yashash mumkin? Unga na siz yoqasiz, na biron qarindosh-urugʻim. Faqat men boʻlsam. Men ham tilsiz-jagʻsiz, kunduzi pul topib, kechqurun idish-tovogʻini yuvi-ib oʻtirsam! E-e!.. Charchab ketdim, ona!”

Ayvonda yana telefon jiringladi. Kimdir simini ulab qoʻygan shekilli. Yana Nozima toʻgʻri keldi. Darvoza oldidagi mojaroning qahri bilan oʻqdek uchib xonasiga oʻtib ketayotgan edi, atrofga xavotir bilan bir qarab olib, qoʻrqibgina goʻshakni oldi:

– Allo, eshitaman.

Goʻshakdan qoʻshiq eshitildi:

– Endi men koʻnglimni uzolmayman, hijronli kunlarni choʻzolmayman…

Zim-ziyo koʻngil uyining darchasidan bir qatim nur sizib kirganday boʻldi. Atrof yorishib ketdi. Huzur qilib chuqur nafas oldi, ammo bu qoʻshiqni oxirigacha eshita olmaydi. Afsus… U bir soʻz demay, goʻshakni oʻrniga qoʻydi. Bolalarini ergashtirib, xonasiga kirib ketgan qaynonasining eshigiga kibrli qahr bilan bir qaradi-da, telefonning simini uzdi. Soʻng hovliga chiqdi. Gʻarbga qarab ogʻib borayotgan bahor quyoshi ham uning kayfiyatiga monand besaranjom hovliga mayin nur sochib turardi. Oshxonaga kirib, yuvuqli-yuvuqsiz idish-tovoqlar uyulib yotgan stolning yonboshiga osigʻlik turgan peshbandini olib, oldiga bogʻladi. Gaz oʻchoqda bir chovgum suv qaynab turgan ekan. Hamma idish-tovoqlarni avval ishqorlab, soʻng issiqqina toza suvda yuvib-artib, taxmonlarga joyladi. Soʻng stollarni, gaz oʻchoqni yaltillatib artib, oshxonani ham supirib chiqdi. Hovlini supirib boshlaganda, eri uydan chiqib, stol-stullarni bir chetga taxlay boshladi.

Quyosh soʻnggi nurlari bilan ufqni lola rangga boʻyaganda bedapoyaga oʻrnatilgan qozon-oʻchoqlardan qolgan kul izlarini aytmasa, hovli yana osoyishta holiga qaytgan edi. Eru xotin birga ishlashgan boʻlsa-da, bir-biriga bir ogʻiz ham gap tashlamadi, bunga har ikkalasida ham zarracha ragʻbat, xohish yoʻq edi. Nozima har-har zamon qandaydir intiq xavotir bilan telefon turgan ayvon derazasiga qarab-qarab qoʻyardi. “Ishqilib, birontasi yana telefonni ulab qoʻymasin-da. Bu yigit meni qiz bola deb oʻyladimikin? Topgan qoʻshiqlarini qarang”. Shunday xayollar bilan gʻimirsib yurib, baʼzan eriga koʻzi tushib qolar, uning uyulgan qovoqlarini koʻrib, yana asabi buzilardi: “Ha, hamma mening erimdek soqov qargʻa emas-da! Onam ham oʻlsin, “boy-boy” deb shularga berdi. “Boy” emish, qachon qarasang, “voy-voy”. Shuning ham koʻngli bor, deb, biron narsa qilib berishning oʻrniga, “Hali oylik olmadingmi?” deb oʻtirishadi”. Bolalarning usti-boshi, bogʻchasi-ku, toʻliq uning yelkasida. Maosh tekkan kuni indamay bolalarini bozorga olib chiqadi-da, bosh-oyoq kiyintirib qaytadi. Qaynonasi urishmaydi-ku, lekin bir toʻngʻillaydi: “Bolalarning eski-tuski ichida katta boʻlgani yaxshi, koʻz-poʻz tegmaydi. Hali katta boʻlishsa, kiyaverishadi”. Baʼzan oʻzicha xijolat ham boʻlib qoʻyadi: “Bolam, roʻzgʻor degan hech toʻlmaydigan gʻor boʻlarkan. Bir umr er-u xotin tashib-tashib toʻldira olmagan edik. Endi Sardor bilan sen qoʻshilding. Xarajat-u orzu-havaslar ham shunga yarasha ortdi. Mayli, bolam, Shohistani uzatib, eson-omon egasiga topshirib olaylik, keyin topganimiz oʻzimizniki. Yeymiz-ichamiz. Qimmatbaho kiyimlar olamiz. Sanatoriylarga boramiz”, deb qoladi. Nozima bu gaplarga sira ishonmaydi. Shu kampir tirik tursa, hech qachon eshkakni ularning qoʻliga berib qoʻymaydi. Hali u, hali bu harajatni oʻylab topaveradi. Har yili nimadir quradi, keyin oʻzi faxrlanib yuradi.

“Oʻshanda ham bir narsa chiqib qoladi”, deb toʻngʻillaydi Nozima. Kampir esa kuladi: “Tirik odamning orzu-havasi tugarmidi? Bir kun oʻlib ketsam, men tejab-tergab qurdirgan bu hovli-joylarda mazza qilib yashaysizlar. Oʻshanda meni eslamaysizlar ham”. “Kim avval oʻlishi yolgʻiz Allohga ayon. Odamzod bugunini oʻylab yashashi kerak”, yana toʻngʻillaydi u. Uning bu uydagilarning raʼyiga qaramay qoʻyganiga koʻp boʻlgan. Boshida hammaning koʻziga qarab turardi. Ichi yigʻlab tursa ham, jilmayib yurardi. Bu juda ogʻir edi. Shu yaponlar bir umr tabassum bilan, tavoze bilan yurib, qiynalib ketsa keragov, deb oʻylar edi oʻz holiga oʻzi achinib. Shu mingʻir-singʻir kampir bilan shu qozon-tovoq umrbod boʻyniga tuzxalta qilib osilganini anglab yetgan kun juda siqilib ketdi: “E-e, bor-e!” dedi va yuzidagi tabassumni keraksiz buyum misol ilib otdi. Bu yoqda onasi ham bir narsa desa: “Bolam, kambagʻalman deb, xoʻrlashlariga yoʻl qoʻyma. Hech ikkilanmay qaytib kelaver. Qoʻlingda diploming boʻlsa, bolalaringga oʻzim qarayman. Hech zamonda xor boʻlmaysan”, der edi. Odamzod gapi qoʻr yeyishini, atrofdagilarning nozik joyini bilsa, istasa ham oʻng gapini ayta olmay qolar ekan. Bu miyangʻi kampir esa nevaralarini juda yaxshi koʻradi, chin toʻlganda bir toshmasa, jim!.. Hatto oʻgʻliga ham bir ogʻiz bir nima demaydi. Shunday boʻlgach, uning oʻzini yigʻishtirib olishga harakat qilishi shartmi? Oʻzi umuman olganda, hayot uning uchun juda yoqimsiz mashgʻulotga aylandi: na uyda roʻshnolik bor, na ishda! Odamlarning uyi gʻurbatxona boʻlsa, ishga borib, koʻnglini yozib, yayrab keladi. Bularning maktabi ham jinnixonaning oʻzi! Hamisha yuragi zirqillab, ishga boradi, bir amallab darsini tugatgach, yana yuragi zirqillab, uyga qaytadi.

 

* * *

Odatda toʻy oʻtkazganlar ishga chiqqanlarida toʻy dasturxonidan qatlama-patir, qand-qurs, issiq-sovuq ichimliklar deganday, bir tugun qilib borardi. U ham hech boʻlmasa oʻzining “tilchi”lariga ul-bul qilib boray, dedi-yu, yana yuragiga sigʻmadi. U ishga borganda, oʻqituvchilar xonasida hech kim yoʻq edi. Gir tevaragiga qingʻir-qiyshiq oʻrindiqlar terib chiqilgan katta xonaning oʻrtasida beoʻxshov qoʻqqayib turgan uzun stolning boshida, unga yopilgan siyohrang yopinchiqqa bir zum tikilib turdi-da, jurnalni ham olmasdan xonadan chiqdi: “Ishga chiqdim, deb oʻrinbosar xonimga bir ogʻiz aytib qoʻyay”.

Qabulxonada kompyuterga tikilib oʻtirgan kotib yigit uni koʻrib, sapchib oʻrnidan turdi:

– Keling, opa!

Nozima ovoz chiqarmasdan direktorning xonasiga ishora qildi: “Shu yerdami?” Kotib esa oʻrinbosarning xonasini koʻrsatdi: “Bu yoqda”. “Uff!..” Bir umr shunday!.. Qachon qarasang, birga oʻtirishadi. Muammongni ham, uzringni ham birga eshitishadi!“Indamay ortiga burilgan edi, ichkaridan “Ki-im?” degan shangʻillagan ovoz eshitildi. Kotib “Ilojsizman” degandek unga bir qarab, ichkariga tovush berdi:

– Nozima opa kelgan edi.

– Kirsin.

Opa – eti qochgan qop-qora yuzining yarmini yaltiroq gardishli koʻzoynak yopib olgan oʻrinbosar ayol, xonaning toʻrida bir uyum qogʻozlar ortida chiroyli finjonda bugʻlanib turgan xushboʻy qahva xoʻplab oʻtirardi. Qahva shunchalar totlimidi yo hamsuhbatidan biron shirin soʻz eshitganmi, uning koʻzlari masrur suzilib turardi:

– Kel, Nozima!

Opadan quyiroqda oʻtirgan direktor unga qarab ham qoʻymadi, indamay qahvasini ichaverdi: “Xonimchasidan qoʻrqdi!”

– Keldim, – bemahal kirib qolganidan xijolat boʻldi u. – Ishga chiqdim, deb bir ogʻiz aytib qoʻyay, degandim.

– Yaxshi, toʻylarni oʻtkazib olgan boʻlsang, endi gʻayrat qilib ishla. Bugun maktabimizga vazirlikdan odam kelarkan, – uning koʻzlariga sinovchan tabassum qalqdi. – Bir chiroyli dars oʻtib bermaysanmi?

Nozimaning rangi oʻchib ketdi: “Hatto konspekt ham yozgani yoʻq. Koʻrgazma haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Bir haftadan buyon toʻy tashvishlari bilan yurib, jurnallar ham toʻldirilmagan. Bu… narxini oshirish uchun joʻrttaga qarmoq tashlayapti. Yalinib, jilpanglashini istayapti!” U zoʻrgʻa qahrini ichiga yutdi. Hamon iljayib turgan Opaning koʻzlariga iltijo bilan qaradi:

– Roziman, faqat boshqa safar! – birdan ich-ichida nimadir uzilib ketganday boʻldi. Na oʻzining, na atrofdagilarning hurmatini qila olmagan bir yengiltak ayolning oldida chorasiz, ojiz odamga aylanganidan uyaldi. – Bir haftadan beri toʻy tashvishlari bilan yurib…

– Aybini boʻyniga oladi ham, yaxshi! – boyadan beri gapga qoʻshilmay oʻtirgan direktor unga qahr bilan bir qarab, chaqib oldi.

Nozima indamadi.

“Opa” maʼnodor tanglay qoqib, bosh chayqadi:

– Mayli, boraver.

Qabulxonada gʻaznabonga duch keldi:

– Berdiqulova! Kak raz sizni izlab yurgan edim. Siz toʻylab yurgan kunlaringizda biz uchta komissiyani kuzatdik. Bugun yana komissiya kelar ekan. Ikki ming soʻmdan sakkiz ming soʻmga qoʻl qoʻying.

U uzundan-uzoq roʻyxatning boshi-oxiriga qarab ham oʻtirmadi: “Kafanliklaringga buyursin!” Gʻaznabon koʻrsatgan joyga indamay imzo chekdi.

– E-e, rahmat opa! Hamma sizday mard boʻlsa ekan. Arzimagan ikki ming uchun yotib yoqalashadi-yey odamlar…

Birinchi soati 7“a” ga edi. Bu sinfga hamma oʻqituvchilar hayiqibroq kiradi. Chunki bu sinfga faqat badavlat odamlarning bolalari yigʻilgan. Ularga har yili eng yaxshi sinfxona, eng muloyim va tajribali oʻqituvchilar ajratiladi. Ammo oʻsha yaxshi oʻqituvchilar ham ularga hech qachon oshiqcha gap qila olishmaydi, aksincha ota-onasidan qoʻrqib, baʼzilari durustroq sovgʻa-salom umidida ularga ochiqdan ochiq xushomad qilishadi. Chunki hokimning ham, prokurorning ham, bozorqoʻmning ham bolasi shu sinfda. Bu bolalar uchun duppa-durust bir muallimni badnom qilish yoki oradagi tafovutni unutib, yaltoqlanib tashakkur bildirar darajada qimmatbaho sovgʻa keltirish hech gap emas. Nozima esa ulardan sira qoʻrqmaydi, sovgʻa ham kutmaydi, olib kelishganda ham olmagan: “Ordona qolsin!” Faqat bir parcha bolalarning egnidagi eng soʻnggi urfdagi qimmatbaho kiyimlarga qarab, ichi yonib ketar edi. Oʻzi kamxarj oilada oʻsgan edi, endi boy oilaga tushib ham oʻquvchilaricha kiyina olmasa. Sinf uni odatdagidek shovqin-suron bilan qarshi oldi, ularning savollarga koʻmib tashlashlari uchun jindekkina bahona kerak:

– Malim, toʻy yaxshi oʻtdimi?

– Shohista opa chiroyli kelin boʻldimi?

– Nechta mashina keldi?

– Kuyov chiroyli yigit ekanmi?

Nozima sinf jurnalini koʻksiga bosgancha bir ogʻiz bir narsa demasdan qoshlarini chimirib, doska yonida bolalarning tinchishini kutib turaverdi.

Doʻstona muloqotga erisha olmasliklariga koʻzi yetgan bolalar asta-sekin tinchib qoldi. Shunda ham orqa partada oʻtiradigan bir-ikki betamiz, “Nega kayfiyating yoʻq, a?”, “Seni kimdir xafa qilganga oʻxshaydi, ayt, kim xafa qildi?” deb bir-birlariga piching otishdi.

Nozima bu pichinglarni eshitmaganga oldi: “Nima ham deydi bu betamizlarga?!”

Dars boshlandi.

– Xoʻsh, oʻtgan darsda qanday mavzu oʻtilgan edi?

– Men aytay, – oʻrnidan sapchib turdi birinchi partada oʻtirgan bozorqoʻmning oʻgʻli.

– Qani, Mirzayev?

– Oʻtgan darsda toʻy boʻlgan edi, – u javobni doʻndirgandek mutlaqo jiddiy ohangda gapirdi.

Sinfda duv etib, kulgi koʻtarildi.

Faqat Nozima kulmadi.

– Oʻtir, Mirzayev, yana bir marta shunday qoniqarsiz javob bersang, bahoing jurnalga ham tushadi. Xoʻsh, sizlarning eslaringdan chiqqan boʻlsa, men sizlarga qarashib yuboraman. Toʻygacha boʻlgan darsimizda “Ravish” mavzusida gaplashgan edik. Qani, Jahongir, – hali yuzidagi mamnuniyat ifodasi tarqalmagan bozorqoʻmning oʻgʻlini doskaga chiqardi. – Ravish deb nimaga aytiladi? Ikkita gap tuzib, tarkibidagi ravishni topib ber.

Jahongir biroz kalovlanib qoldi:

– Malim, men bu mavzuga oʻtgan darsda tayyorlanib kelgan edim. Bugun esimdan chiqib ketdi.

– Kecha oʻqigan narsamiz bugun yodimizdan chiqib ketsa, oʻqiganimizdan nima foyda? Siz shunday oʻqishingiz kerakki, oʻrganganlaringiz bir umr esdan chiqmasin. Oʻtir, ikki! – u jurnalga ham “2” qoʻyib qoʻydi.

– Sayfiddinov, – endi prokurorning oʻgʻlini doskaga chiqardi – qani, ravishning qoidasini sen ayt-chi!

Bola biroz yerga qarab turdi-da, soʻng muqarrar jurnalga tushadigan “2”ning oldini olmoqchi boʻldimi, oʻzicha isyon koʻtardi:

– Malim, men huquqshunos boʻlmoqchiman. Menga ravishning qoidasi umuman kerak boʻlmaydi.

– Juda yaxshi, Sayfiddinov, sen huquqshunos boʻlaver. Ammo shuni bilib qoʻyki, huquqshunoslik institutiga topshiradigan shahodatnomangda oʻzbek tili fanidan ham baho boʻlishi kerak. Bu baho esa shu fandan olgan bilimingga qarab qoʻyiladi. Ravishni bilmaysanmi, oʻtir, “ikki”!

Sinfga suv quygandek jimlik choʻkdi. Har doim kimnidir masxara qilishga shay chehralarda qovoqlar uyuldi, qoshlar chimirildi: “Shoshmay tur, hali koʻrasan!”, “Xudoga shukr, mendan soʻramadi”, “Bugun haqiqatan ham kayfiyati yoʻq. Eri bilan urishganmi?”, “Direktordan gap eshitgan boʻlsa kerak”…

– Xoʻsh, darsga tayyorlanib kelgan biron odam bormi? Yoʻq! Demak, qolganlarga ogʻzaki “2”, yanagi darsda bu bahoni toʻgʻirlashlaring kerak. Aks holda, bu “2”lar jurnalga tushadi. Endi, yangi mavzuga oʻtamiz…

Nozima bu sinfning unga nisbatan “chegara”ni bosib oʻtishiga hech qachon yoʻl qoʻymagan. Bolalar ham hamisha haddini bilishardi. Bugun Nozimaning ruhiyatidagi tushkunlik, bolalarning kayfiyatidagi bahoriy koʻtarinkilik toʻqnashib, ana shunday dilxiralikni keltirib chiqardi.

Katta tanaffusda hovliqib Mastura dugonasi keldi.

– Opa shu yil bir toʻyib sumalak yemadim, debdi. Navroʻzda ham oʻtirmagan edik. Sumalak qilinar ekan, har bir kishidan yigirma ming soʻmdan yigʻishtirishmoqchi. Qoʻshilasanmi?

– Oʻ, tavba, – Nozima yoqasini ushladi. – Yigirma mingdan yuz oʻqituvchining puli ikki million boʻladi. Ikki xalta un yuz ming boʻlsa, qolgan bir million toʻqqiz yuz ming soʻm pulni nima qilar ekan bu yeb toʻymaslar?! Birovning haqqidan hech hazar qilishmaydi-ya, noinsoflar!

– Qoʻysang-chi, osmondan tushganday gapirasan-ey. Axir sumalak bir kecha-kunduz qaynaydi. Kechki payt bazm dasturxoni yozilar ekan. Tandir, kabob, kola, fanta, deganday.

Bazmni eshitib, Nozimaning battar orqasi tutdi:

– Qoʻy, dugona! Oʻsha davrada oʻtirib, yana bir marta xoʻrlanishni sira ham istamayman.

– Nozima, qoʻysangchi! Men oʻsha katta ogʻiz boylar bilan ularning laganbardorlariga umuman eʼtibor qilmayman. Mushtdekkina qornim bor, bir boʻlak pishloq bilan bir likop salat yesam ham toʻyib qolaman. Keyin mazza qilib oʻynayman. Sen bunday boʻlma. Hamma narsadan kir axtaraversang, oʻzing ham kirlanib qolasan.

Nozima chuqur xoʻrsindi:

– Men boshqacha boʻla olmayman, beixtiyor oʻsha boyvachchalarga, ularga alohida tashilayotgan sergoʻsht, yogʻli-yogʻli taomlarga qarayveraman. Ularning toʻrda oʻtirib olib, bizning rizqimizni ye-yeb, yana bizga bepisandlik bilan qarab oʻtirishlarini koʻrgani koʻzim yoʻq. Hatto, ularning dasturxoniga qoʻyiladigan idish-tovoqlar ham biznikidan boshqacha, qimmatbaho boʻladi.

Aslida Nozima yuz karra haq edi. Bu maktabda odamga erining martabasi, usti-boshiga qarab muomala qilishar edi. Shunga qarab muallimlar guruhlarga boʻlingan. Amaldor, puldor kishilarning xotinlari bir guruh, dunyoni suv bossa toʻpigʻiga chiqmaydigan yoshlar bir guruh, Nozima bilan Masturaga oʻxshash oʻrtamiyonalar bir guruh. Shubhasiz, hamisha, har qanday davraning toʻri, eʼtibori boyvachcha xonimlarniki edi. Direktor va oʻrinbosar opa, yana bir-ikki yoshi oʻtib qolgan “zakunchi” muallimalar ham ularning yonida edilar. Ularga hammani muhokama qilish, hammaga tanbeh berish huquqi berilgan. Hamma ulardan qoʻrqadi, hamma ularga xushomad qiladi. Bir kuni Nozima toʻrtta uzuk taqib kelgan edi. Eri Ichki ishlarda qandaydir katta lavozimda ishlaydigan toshkentlik oyimcha uni atay yoniga chaqirib, tanbeh berdi:

– Nozimaxon, bu nima yurish? Hamma yogʻingiz tilla boʻlib ketibdi-ku. Bu yer toʻyxona emas, maktab! Siz esa otarchi emas, oʻqituvchisiz, – ayolning chimirilgan payvasta qoshlari, kishiga oʻqdek qadaluvchi surmali koʻzlari, baqbaqalari ham zeb boʻlib turgan ajinsiz oppoq yuzlari, xullas, butun turqi tarovatidan chak-chak etib, zahar tomib turardi. Nozima beixtiyor uning kattakon olmos koʻzlari lovullab turgan ziragi bilan uzugiga qaradi.

– Bunday uzuklar kimda yoʻq, balki menda bir hovuchi bordir. Bor, deb, borimizni barmogʻimizga ilib, oʻquvchilarning oldida yaltir-yultir qilib yurishimiz shartmi?

Ayolning qahrli koʻzlari olmosdan ham oʻtkir edi, Nozima qip-qizil yoqut koʻzlari baqrayib turgan uzuklar taqilgan qoʻllarini tizzalari orasiga oldi. Uning nooʻrin kattachiligidan qahri keldi, ammo oʻzi necha yillardan beri intilib yeta olmagan taqinchoqlar quloq va barmoqlarida yaltillab turgan ayolga oʻtkazib biron narsa deya olmadi.

Oʻsha kungi muloqotdan soʻng necha payt oʻziga kela olmay yurdi. Oʻsha “tergov” esiga tushsa, haliyam mazasi qochadi.

…– Yoʻq, dugon, men bu bazmga qatnashmayman.

– Qatnashsang, qatnashmasang, oylikdan yigirma ming ushlab qolaveradi. Undan koʻra qatnashaylik. Yeb-ichib, oʻynab-kulib…

– Men baribir qatnashmayman.

Uning bunchalar kayfiyatsiz ekanligiga dugonasi hayron boʻldi:

– Nima boʻldi? Yana qaynonang bilan jiqillashib qoldingmi?

– E-e… yoʻq! Oʻz-oʻzimdan siqilib ketayapman.

– Sen oʻzing tilchi boʻlsang, boshqalarga nisbatan tarbiyaviy narsalarni koʻproq oʻqiysan. Shukr qilishni oʻrganish kerak. Nima deydi, hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, gʻurbat izlaganga, gʻurbatdir dunyo. Boshingda ering boʻlsa, bolalaring boʻlsa! Qasrdek uy-joying bor. Qaynonang ham yomon xotin emas.

– Jonimga tegib ketgan hammasi. Ming yaxshi xotin boʻlsa ham har kun peshonangdan bir kishi qarab tursa, toʻyib ketasan. Har kuni bir xil hayot: ish-uy, uy-ish, supur-sidir, pishir-kuydir, yuv-chay, dars, konspekt – jonimga tegdi hammasi. Hech tinmaysan, lekin hech biring ikki boʻlmaydi. Oʻrni kelganda, bir oʻquvchingcha kiyina olmaysan.

– E-e, qoʻy-ye! – dugonasi uni astoydil urishdi. – Bugun chap yoning bilan turib kelgansan, shekilli. Shukr qil, dugon. Qanoatda gap koʻp. Mana men, diq-diqlab erimni Rossiyaga joʻnatdim, endi yeganim ichimga tushmaydi. Yuborayotgan pullariyam koʻzimga koʻrinmaydi. Ayniqsa, kechqurun ovqat mahali bolalarimning koʻziga qarashga uyalaman. Hammasi sogʻingan. Pulimiz oshib-toshib yotmasa ham bosh egamiz bor edi, bagʻrimiz butun edi. Oʻylab qarasam, erimning qorasiyam qora togʻ ekan. Endi “Sogʻmikin? Tinchmikin?” deb diqillab umrim oʻtayapti. Bir qoʻngʻiroq qilib qolsa ham dunyo topgan tentakdek suyunib qolamiz.

– Lekin erim pul topaman, deb Rossiyaga ketsa, men sira xafa boʻlmas edim!..

Darslari tugagach, ikki dugona birga chiqishdi. Ayni peshin boʻlgani uchunmi, havo isib ketgan, “Aziz momo”ning uch kun oldingi qahridan nom-nishon qolmagan. Biroz kechikibroq gulga kirgan bodomlar yana toʻy sarguzashtlarini, qoʻshiqchi kuyovjoʻrani yodga soldi. Mastura yotoq mebeli olgan ekan. “Bir koʻr-chi”, deb uyiga boshladi. Choqqina hovlidagi sokinlikka havasi keldi:

– Qanday mazza! Uyingda oshiqcha odam yoʻq. Xohlasang, yotasan, xohlasang, turasan. Qaynona-qaynota emas, erimni ham koʻrgim kelmayapti. Bizning uy-shtab! Birovini kuzatsang, ikkinchisi “assalomu alaykum” deb kelib turadi. Shunday charchab ketdim-ki! Bolalarim qoʻshnining bolasini ergashtirib kelsa ham yoqmaydigan boʻlib qolgan. Qani, ikki xonaligina uyim boʻlsa!.. Yotsam, tursam, oʻzim istagan ishni qilsam!.. Birov mening kun tartibimni tuzib bermasa!

– Buning hech iloji yoʻq. Bandalarining kun tartibi bir umrlik qilib Alloh tomonidan tuzib qoʻyilgan boʻladi. Masalan, tong otadi, birov “tur” demasa ham, oʻzingning ehtiyojlaring uchun turasan. Qorning ochadi, ovqat qilasan. Ovqat qilish uchun masalliq kerak, masalliq topish uchun esa qayerdadir ishlash kerak. Xullas, oʻsha qaynona-qaynota boʻlmasa ham, tirik ekansan, tirikchiligingni qilaverasan.

– Baribir!.. Hech boʻlmasa, birovning nazoratida emas, oʻzing uchun, oʻz ixtiyoring bilan qilsang, u boshqacha boʻladi.

– Qoʻy-e, dugon, dushmanlaring haqida gapirganday gapirma.

Masturaning mebeli juda chiroyli ekan. Qoʻshnisi bolalarini bogʻchadan olib kelib berdi, u ovqat qildi. Hech uyiga qaytgisi kelmadi, shu yerda kechgacha qolib ketdi. Qaynonasi bilganini qilsin, oʻgʻlining qayta uylangisi kelib yotgan boʻlsa, ovqatini ham oʻzi qilib yesin. Bolalarni qaynotasi olib keladi.

Ertasi kuni birinchi soatdan direktor chaqirtirayotgani aytishdi. Kecha aytgan gapi yodiga tushib, koʻngli behalovat boʻldi: “Menga komissiya olib kirmang”, deb durustroq iltimos qilsam boʻlar ekan”.

Odatdagidek, direktor Opaning yonida ekan. Har doimgidek salomiga alik ham olmadi. Opa esa birdan bobillab ketdi:

– Ey, sen nima qilib yuribsan? Butun boshli sinfga “2” qoʻyishga nima haqqing bor? Oʻzingga ham baho qoʻygansanmi? Butun sinfdan biron bolaga “2” dan ziyod bilim bera olmagan muallimning bahosi “1” boʻladi, bildingmi? Senlarning shuncha komissiyalaringga pesh boʻlib yurganim kamlik qilganday, endi prokurorning oldida tik turib, soʻroq berishim kerak.

Nozima koʻzlarini chaqchaytirib, ogʻzidan tupuk sachratib baqirayotgan Opaga qarab, qoʻrqib ketdi. 7 “a” ga qoʻyilgan “2” lar anchadan soʻng yodiga tushdi:

– Opa, u sinf… – sinfning uni qanday masxara qilganini aytib, oʻzini oqlamoqchi edi, Opa gapini boʻldi:

– Oldimga tush, seni prokuror chaqirayapti!

Uning oyoqlaridan joni chiqib ketganday boʻldi, lekin birdan qaysarligi tutdi:

– Mening darsim bor, bolalarni tashlab keta olmayman.

– Hey! – sumkasini qoʻltigʻiga qisib, oldinga tushgan Opa ortiga qarab, bir oʻshqirdi. – Oldimga tush, deyapman senga!

Endi taysallashning foydasi yoʻq edi. Sinfxonaga kirib, sumkachasini olib chiqdi.

Prokuror – sochlariga oq oralagan, lekin loʻppi yuzlaridan hali qirqqa ham kirmagani koʻrinib turgan yoqimtoygina kishi ekan. Yam-yashil gilam toʻshalgan keng xonasida nozik hidli farangi atirning xushboʻy isi kezib yurardi.

– Xoʻsh, muhtarama Berdiqulova siz boʻlsangiz kerak-a? – birinchi boʻlib unga qoʻl uzatdi, qoʻllari ham yumshoqqina edi. – Qani, oʻtiringlar-chi? Ahvollar yaxshimi? Bizning bolalar sizni qiynab qoʻymayaptimi?

– Yoʻgʻ-e, Abdurashid aka, sizning bolalaringizdek bola bormi maktabda? Sizning bolalaringiz maktabimizning faxri-ku. Ular buni emas, bu nooʻrin talabchanlik bilan bolalarni qiynab yuradi baʼzan, – uning oʻrniga jagʻi-jagʻiga tegmay yaltoqlana ketdi Opa. – Oʻziyam qilgan ishidan pushaymon, kechirim soʻragani keldik.

Prokuror opaga mamnunlik bilan bir qarab qoʻydi-da, yana Nozimaga yuzlandi.

U yonboshda turgan temir shkafni sharaqlatib ochdi-da, qora yelim qogʻozga oʻrogʻlik mushtumday narsani olib, Nozimaning sumkasiga solib qoʻydi.

– Siz… nima qilayapsiz? – hayron boʻldi Nozima.

– Kecha yigitlar bir ayolni ushlashgan ekan. Oʻsha ayolning sumkasidan chiqdi bu qora ajal. Koʻrsangiz binoyiday ayol… Oʻzini qamoqqa olishdi, buni ashyoviy dalil sifatida olib qoʻygandim.

– Men uni nima qilaman?

– Siz?.. – kuldi prokuror. – Hozir ikkita militsionerni chaqirib, sizni tekshirib koʻrishlarini soʻrayman. Sumkangizdan manovi matoh chiqadi. Opangiz esa jinoiy harakatni asoslab yozilgan bayonnomaga qoʻl qoʻyadi. Oʻqituvchi, ayol, ona ekanligingiz inobatga olingan taqdirda ham sizning barcha orzularingiz, kelajagingiz barbod boʻladi

– Ie, men!.. – Nozima shoshib sumkasiga yopishdi.

Prokuror uni ohistagina nari surib qoʻydi, uning qoʻllari juda baquvvat edi:

– Shoshmang! – keskin buyruq berdi u, soʻng sumkaga solingan tugunchani olib, yana temir shkafiga soldi. – Endi oʻtiring, mana sumkangiz.

Nozima sehrlangandek boʻlib oʻrindiqqa choʻkdi. Prokurorning oʻtkir nigohlariga dosh bera olmay, yerga qaradi.

– Lekin men bunday qilmayman. Men har qanday insonning orzusini hurmat qilaman, qoʻlimdan kelgancha oʻsha orzusiga yetishishiga yordam beraman, hech boʻlmasa, halaqit bermayman. Bolalarimizning ota-onalariga qiladigan eng zoʻr sovgʻalari bu ularning baholaridir. Mening oʻgʻlim yetti yildan beri biron marta “4” baho olib koʻrmagan edi, oʻzicha menga qizil shahodatnoma sovgʻa qilishni orzu qilib yurgan ekan. Sizning kayfiyatsizligingiz bir murgʻak qalbning begʻubor orzularini chilparchin qildi.

– Yoʻq, Abdurashid aka, uni toʻgʻirlaymiz. Yangi jurnal olib, qaytadan yozib chiqamiz, – shoshib-pishib topagʻonlik qildi Opa.

Prokuror Opaga qaramadi ham.

– Xoʻsh, murabbiy sifatidagi mana shu harakatingizni nechaga baholash mumkin? Qani, oʻzingizga ham baho qoʻying-chi? Siz oʻqituvchisiz, siz bolaning qalbida yangi orzular tugʻilishiga sababchi boʻling, bor orzular tomiriga bolta urmasdan. Shunday oʻqituvchilar bor – kattaning bolasi deb, faqat xushomad qiladi, natijada bolani taltaytirib yuboradi. Yana bir toifa oʻqituvchilar bor – amaldorlarning bolalariga ota-onasining havosi bilan burni koʻtarilgan deb, nafratlanib qaraydi. Xushomad ham, nafrat ham kerak emas. Bola – kimning farzandi boʻlishidan qatʼiy nazar – oʻquvchi. Unga siz bilimdan avval mehr bering. U bilan, men oʻqituvchiman, deb, masofa saqlab gaplashmang, aksincha, doʻst boʻling. Men juda qattiqqoʻl prokurorman, lekin bolalarimga dilkash doʻstman. Qizim ham men bilan bemalol sirlasha oladi. Agar men huquqshunos boʻlmaganimda, albatta yaxshi oʻqituvchi boʻlar edim.

Xonaga yoqimsiz jimlik choʻkdi. Anchadan soʻng bu jimlikni yana prokurorning oʻzi buzdi.

– Ha, yana bir gap: oʻquvchim prokuror otasiga shikoyat qilibdi, degan xayolga bormang. Men kechagi darsning tafsilotlarini yana bir “2” olgan bolaning otasidan eshitdim. Kattachilik qilib, idorasiga chaqirdi, deb ham oʻylamang. Prokuror Berdiqulovani urishgani kelibdi, degan xayolga borishlaridan saqlandim. Endi boraveringlar…

– Uzr, ming bor uzr, – Opa qoʻlini koʻksiga qoʻyib, qayta-qayta kechirim soʻrardi. – Oʻzim boshida turib hammasini toʻgʻirlataman, oʻgʻlingizga ham oʻqituvchining xato qilganini tushuntiraman. Faqat siz bizdan xafa boʻlmasangiz boʻldi.

– Rahmat… – Nozima boshqa hech narsa deya olmadi. Xonadan chiqayotib, burchakda qaqqayib turgan oppoq temir shkafga qoʻrqibgina bir qarab qoʻydi, soʻng sumkachasini qoʻltigʻiga yanada mahkamroq qisib oldi.

Opa maktabga borguncha javrab bordi:

– Xudoga shukr qil, Sayfiddinov zolotoy odam. Boshqa boʻlganda, javobgarlikkka torttirib yuborishi hech gap emas edi. Prokuror uchun bir odamning taqdiri nima degan gap? Koʻzingga qarab yursang boʻlmaydimi? Senga qilmasa, eringgami, akanggami, bir tuhmatni yopishtiradi. Ming pushaymon boʻlasan, ammo keyin foydasi yoʻq. Sayfiddinovni chaqirib gaplashasan, kechirim soʻraysanmi, xushomad qilasanmi, nima qilsang, qil, lekin koʻnglini top. Yangi bir jurnal beraman. Ertadan boshlab, 7 “a”ning jurnaliga oʻtirasan. Hammasini birma-bir koʻrib chiqasan.

Boshqa payt boʻlganda, hech boʻlmasa, oʻz huquqini daʼvo qilib, oʻzini taroziga solib koʻrardi. Ammo bugun… Opaning yoshi oʻtib qolgan boʻlsa-da, juda tez-tez yurar, uning dakkilarini indamay eshitib borayotgan Nozima unga yetish uchun izidan deyarli yugurib borardi. Shu shoshqin holatida ham koʻz oʻngidan boyagini sumkaga kirib chiqqan yelim qogʻozga oʻralgan tuguncha sira ketmas, qoʻltigʻiga mahkam qisib olgan sumkachasini damba-dam ushlab-ushlab qoʻyardi.

Shuncha oʻylasa ham anglay olmadi: Bu odam kim edi? Jon ogʻritgan doʻst boʻlmas, deyishadi. Uning koʻngliga solgan qoʻrquv yuraklarini tilka-pora qilib tashladi. Bu doʻstning ishimi? Ammo unga hech narsa qilmadi, na urishdi, na soʻkdi. Faqan tushuntirdi. Murabbiylardek. Murabbiy, lekin sabogʻi juda achchiq murabbiy edi u. Gapning indallosini aytganda, prokuror batamom haq edi. Uning bu bolalardan nafratlanishi ham rost. Shuning uchun ham ularning erkaliklari, hazillari juda malol keladi. Shuning uchun ham ular bilan doʻst boʻla olmaydi. Ularning bola ekanligini unutgan edi Nozima. Eng katta xatosi ham shu edi.

 

* * *

Olloqul aka tabiatan boʻyni boʻsh odam. Uning otasi shunday edi. Otasi biroz qotaysin, deb armiyaga yubordi, institutda oʻqitdi. Lekin sut sogʻuvchi onasidan keyin kolxoz raisining soʻzini yerda qoldirolmay, xotini birgad boʻlib ketdi-yu, besh yil oʻqib, erishgan kasbini esdan chiqarishga majbur boʻldi. Bir umr xotinning yetovida yurdi, uning xizmatini qildi. Onasi hech qoʻymas edi: “Xotiningni izidan qolma, menga “falonchining kelini ana unday, mana bunday” degan gaplar kerak emas”, derdi. Aslida shu odam boʻlmasa, Robiya xolaning birgad boʻlib, bir nimalarga erishishi koʻp dushvor edi. “Dadasi, traktor kerak”, “Dadasi, bu kecha suv navbatimiz ekan, quloqning boshidan ketmang”, “Dadasi, kombayn kerak”… Avvaliga uzukning koʻzidek ayolini har joyda har kimga sargʻaytirmaslik uchun yurdi, keyin yoshlari oʻrta boʻlgach, “horimasin, tolmasin”, deb yurdi. Xullas, brigadirlikning nomi Robiya xolaniki boʻlsa ham, bor tashvishi Olloqulboyniki edi. “Er emas, yugurdak” deb kulganlar ham boʻldi. Lekin koʻpchilik “Gulday xotinni vaqti-bevaqt yolgʻiz qoʻymagan maʼqul-da. Shu birgadning oti Robiyaniki boʻlsa ham, daromadi Olloqul boynikiga kirgandan keyin yuraversin-da”, der edi.

Haliyam shu. Nima gap boʻlsa, shu ayolning ogʻziga qarab turadi. Robiya xola unday emas, bunday dedimi, tamom, u aytganday boʻladi. Oʻsha kuni Robiya xola kun boʻyi yoʻq boʻlib ketdi. Vaqt asrdan oshganda shoshib yetib keldi. Yuz-koʻzlaridan shodumonligi koʻrinib turardi.

– Ha, lotareyangga moshin chiqdimi, kampir? – dedi Olloqulboy yaxshi bir gap umidida.

– Moshindan ham zoʻr narsa chiqdi, dadasi.

– Nima gap? Odamning ichini qizitmay, tezroq aytsang-chi?

– Haj!.. Dadasi, bugun hokimiyatga borgan edim, navbatlaringiz keldi, tayyorgarliklaringizni koʻraveringlar, dedi. Qarang, biz baribir Allohning suygan bandalari ekanmiz, oxirgi farzandni ham uyli-joyli qilib, egasiga topshirgandan soʻng, navbatimiz yetib turganini qarang. Allohga shukr, ming shukr!

Olloqulboy ham masrur jilmaydi:

– Ha, Allohga shukr, boʻlmasa sen namozingni oʻqi, men borib bolalarni olib kelay. Yoʻl-yoʻlakay momosi bilan kelisharmikin, deb indamay oʻtirgandim.

Bu yangilik kechki ovqatning ustida hammaga eʼlon qilindi:

– Endi, bolalarim, oxirgi qarzdan ham qutuldik, kenja qizni egasiga topshirdik, – odatda bunday vazifalar Robiya xolaning zimmasiga tushardi, bu safar ham ich-ichidan toshib kelayotgan quvonchni oilasiga oʻzi yetkazishni istadi, – Anchadan beri orzu qilib yurgan edik. Bolalarning hammasini joylashtirsak, hajga boramiz, deb. Mana, hammalaringni uyli-joyli, diplomli, kasbli-hunarli qildik. Endi, Sardorboy oʻgʻlim, otang bilan menga teginmaysan. Roʻzgʻorning aravasini oʻzing tortasan. Biz, nasib etsa, kelgusi yil hajga boramiz. Besh yil avval ariza tashlab qoʻygan edim. Borib uchrashsam, keyingi yilga navbatimiz kelib turgan ekan. Rosa suyundim. Alloh nasib qilgan boʻlsa, umrning qolganini toat-ibodatga bagʻishlayman.

Sardor negadir shoshib qoldi, biroz rangi oʻchdi. Aftidan uning ham roʻzgʻordan boshqa qandaydir rejalari bor edi. Ammo ona hajga boraman, deb turganda, nima deydi? “hajda nima bor? Mana bu yerda oʻtirib, mening oilamni boqing”, deya olmaydi-ku. “Eh, tinchimagan kampir!.. Har kun bir narsa oʻylab topib turadi”. Ammo Sardor sir boy bermadi. Ogʻzidagi luqma tomogʻiga tiqilib qolayozdi, bir amallab yutdi.

Nozima indamadi: “Bu uyda hamisha kimningdir orzu-havasi uchun yashash, ishlash kerak. Endi butun oila haj safariga, hoji toʻylarga pul yigʻadi!”

Robiya xola yon-atrofidagilarga qarab, aytgan gapi hech kimga maʼqul tushmaganini koʻrdi. Ochigʻi, dili ogʻridi, nimalardir alam qildi. Bolam deganing ham bekor ekan. Bir umr bola-chaqa deb yashadi, yelkasidan roʻzgʻor xalta tushmadi. Eru xotin ikki qizni toʻrt qizning sepi bilan uzatdi, toʻrt oʻgʻilga toʻrt uy qurib berdi, toʻrt mashina olib berdi. Endi qarigan chogʻida ham topganini shularga yedirib-ichirib oʻtirsa!..

Yeb oʻtirgan ovqatiga pashsha tushgandek koʻngli xijil boʻldi. U tabiatan juda qaysar edi, oʻgʻlining befarqligi kayfiyatini tushirgan boʻlsa, hamon koʻngli quvonchiga bir mahram izlardi. Xonasiga kirib, katta akasiga qoʻngʻiroq qildi.

– Akajon, meni tabriklang.

– Ha, tinchlikmi?

– Men hajga ketayapman. Bugun deng, tavakkal qilib, hokimiyatga borsam, shundaygina navbatim kelib turgan ekan. Tayyorgarligingizni koʻravering, kelgusi yil boruvchilar roʻyxatining boshida turibsiz, deyishdi, – u yangilikni aytar ekan, yana hayajonlandi, yurak yutib, ikkinchi tomondan. “Oʻ-oʻoʻ!” deganday hayratli quvonchlarga toʻla xitobni kutdi.

– Ha-a, yaxshi, – akasining ovozidagi sovuqqina ohangda na quvonch, na xayrixohlik bor edi.

Robiya xola shu yerda akasiga yoqmagan mavzuga nuqta qoʻysa boʻlar edi, ammo u oʻzini toʻxtata olmadi:

– Cholu kampir bir yillik nafaqamizni yigʻsak, bemalol yetar ekan.

– Yaxshi!

Shu bilan “yangiliklar” tafsiloti ham, ehtiyoji ham tugadi. Yaxshi koʻrgan oʻyinchogʻini sindirib qoʻygan boladek shumshayib qolgan Robiya xola ogʻringanini bildirmaslik uchun gapni yangaga, bolalarga burdi:

– Yangam ham yaxshi yuribdilarmi? U kishiga gap yoʻq, shu yoshida tinib-tinchimaydi.

– Ha-a, xudoga shukr. Qoʻy endi, desam ham, “Bolalarni joylashtirib boʻlaylik”, deydi. Boʻlmasa, oltmishdan oshgan ayolning ikki joyda ishlashi osonmi?

Aka xotinining fazilatlari haqida gap boshlagach, ochila qoldi.

Robiya xola ijirgʻandi: “Bularning xotinini maqtab tursang, sendan yaxshi odam yoʻq. Ey, koʻngil uchun, “Oʻ-oʻ! Malades, singlim. Zoʻr ish boʻpti, tabriklayman. Alloh yoʻlingni ochgani rost boʻlsin”, deb qoʻy! Bir ogʻiz xayrixohlik shunchalar qimmatmi?”

Ertasi kuni onasining yoniga bordi. Bolaligi oʻtgan qadrdon hovli-joy yillar oʻtishi bilan toʻkilib, xuddi keksa onasi kabi mungʻayib, yerga qapishib borayotgan boʻlsa ham, Robiya xolani hamisha ohanraboday chorlab turar, darvoza oldidagi kichkinagina xonada qachon borsa, tikish mashinasining yonida nimanidir tikib oʻtiradigan kampir onasini koʻrganda koʻngli kengayib ketganday boʻlardi. Borishi bilan “Charchadim, onajon” deb oʻzini onasining karavotiga tashlar, onasi esa tikishini davom ettirardi. U yotgan joyida onasiga gap berar, dardu hasratlarini aytar, onasi “Ha, hmm” deb ishini qilaverar, bekordan bekor uning vaqti oʻtib ketaverar, keksa onasi esa bu vaqtda nimanidir bitirar edi. Baʼzan Robiya xolaning achchigʻi kelar edi: “Shu yoshingizda ikki bukilib, tikish qilishning nima keragi bor?”. Onasi uning qahriga parvo ham qilmaydi: “Bu mashina mening oltmish uch yillik dugonam. Hovli supira olmasam, yer chopa olmasam, shu mashina bilan vaqt oʻtganini bilmayman. Kecha Xolbibi kelgan ekan, qizining sepiga deb, yettita yelpugʻich berdim. Bechora xursand boʻlib, yana oʻnta tikib berasiz, deb, oʻttiz besh ming soʻm berib ketdi. Oʻn besh ming qoʻshdim-da, bir qop un olib keldirdim”.

“Voy, ona-yey, saksonga kirib ham, shu bolangizning nonini koʻtaring. Siz zerikkaningiz uchun emas, non tashvishi bilan tikish qilasiz”.

“Unisiyam, bunisiyam. Men ham shularning dasturxonidan non yesam, qarab oʻtiramanmi?”

Robiya xola bu munozarada koʻpincha onasiga yon beradi. Nima boʻlganda ham onasi haq. Bu kampir sakkiz bola tugʻib, qatorga qoʻshgan. Hammasi oʻqigan, toparmon-tutarmon, lekin birontasi yilda bir marta bir qop un yoki ikki kilogina goʻsht olib, onamning koʻnglini olay, demaydi. Hammasining oʻz tashvishi oʻziga ziyoda. Robiya xolaning oʻzidan qiyos, hali toʻy qiladi. hali uy qiladi. Baʼzan yolchitib onasining koʻnglini ololmayotganidan kuyinib ketar edi: “Onajon, roʻzgʻor aravasi juda ogʻir ekan, diq-diq tinmayman, lekin hech oʻzimdan orttira olmayman. Iltimos, siz oʻlmay turing, oʻzimdan ortib, sizga nimadir qila oladigan kunlarga yetgunimcha, oʻlmang. Maylimi?”

“Mayli”, der edi kampir tishsiz ogʻizlarini kamshaytgancha kulib, xuddi qachon oʻlish uning ixtiyorida ekandek.

Endi qarasa, u oʻzidan orttirib, onasiga nimadir qilgunicha, onasining oʻzi ketmasa ham, havaslari, ehtiyojlari tugab borar edi: “Yoʻq, yogʻli ovqat yeya olmayman, ichimni surib yuboradi”, “Yoʻq, juda shirin ekan, kerak emas”, “Yoʻq, sunʼiy kiyim badanimga yoqmaydi. Menga paxtalikkinasi yaxshi…”

Xullas, bu kampirga endi koʻp narsa kerak emas edi. Shunday boʻlsa-da, Robiya xola iltimos qilaveradi: “Onajon, oʻlmay turing”. Boisi, bu dunyoda bemalol dardini ayta oladigan yagona inson shu kampir edi.

Kampir har doimgidek tikish qilib oʻtirgan edi. Xonadan achchiq ter va rutubat hidi anqib turardi. Robiya xolaning hayfi keldi: “Qarisang menday boʻl, qora yerday boʻl”, deganlari shu-da. Qanday ozoda ayol edi onaginam. Endi… oʻtirgan joyida ham non, ham koʻngil topadi, lekin vaqti bevaqt hovli adogʻidagi hammomga birgina borib, yuvinib kela olmaydi”.

Robiya xola koʻnglidagi tugunlarini bir-bir yechib, avval yangiligini aytdi, soʻng oʻgʻlidan, akasidan hasrat qildi: “Koʻngil uchun, e-e, zoʻr boʻpti”, deb qoʻymadi-ya”. Kampir uning gaplarini eshitib, na suyundi, na kuyundi, oldidagi tikishdan koʻzini uzmay:

– Ha, binoyi boʻpti, – deb qoʻydi.

Shu bilan ancha vaqt jim qoldi. Tikayotgan narsasining nimasidir yoqmadimi, igna tagidan chiqarib olib, goh u yogʻini agʻdarib, goh bu yogʻini agʻdarib tekshirdi, soʻng chokini soʻkishga tushib ketdi. Kampirning bu harakati Robiya xolaning yuragini siqib yubordi.

– Uf-f, ena-yey! Oyda-yilda bir kelaman. Shunda ham “ha bolam, darding nima?” deb soʻramasdan, tikishingizga yopishib yotasiz-a? Nimaga keldim oʻzi?

– Qulogʻim bekor, hamma gapingni eshitib oʻtirgan boʻlsam, nimaga oʻpkalaysan, – momo qizining koʻzlariga qaradi. – Kechagina “dod-voy” qilib qiz chiqarding. Hajning xarajati kattagina deyishadi-ku. Bir roʻzgʻordan ikki kishi ketmoqchi boʻlsalaring, qanday eplaysizlar? Soʻradingmi, necha soʻm kerak ekan?

Xarajatni eshitib, kampirning rangi gezarib ketdi:

– Eh-he! Bu axir bir qop pul, degani emasmi? Shuncha pulni bir oʻzingning hoji boʻlishing uchun sarflamoqchimisan? Atrofingda qancha beva-bechora, kasalmand-kamxarj odamlar bor. Tentak puling koʻp boʻlsa, shularga boʻlib ber. Ana, senga hojilik savobi. Voy-voy, bolam-yey, esing yoʻq ekan-ku sening. Oʻn olti yoshimdan beri tiq-tiq roʻzgʻorning tashvishi bilan tinmayman, qaynona-qaynota, qayinsingil, qayinuka, er, bolalar!.. Yoshlikda namozni oʻrganishga vaqt topmadim, qariganda yodlay olmadim, xullas, shunday katta savobdan bebahra qoldim. Yaqinda bir oʻqimishli otinchadan soʻradim: “U dunyoda odamning roʻza-yu namozlari soʻralar ekan, men endi nima javob aytaman?” dedim. Haligi otincha “Momo-yov, bir odam hech bir foydali ish qilmay, butun umrini joynamoz ustida oʻtkazishi mumkin, yana birov bola-chaqa tashvishi bilan oʻsha ibodatni qila olmasligi mumkin. Mening bilishimcha, oʻsha bola-chaqa tashvishi bilan yashab, namoz oʻqiy olmagan inson jannatga koʻproq haqli. Chunki u oʻzini oʻylamadi, farzand oʻstirdi, erining, bolalarining xizmatini qildi, umrini joynamoz ustida oʻtkazgan odam esa faqat oʻzini oʻyladi, jannatga tushish niyatida faqat namoz oʻqish bilan mashgʻul boʻldi va bu mashgʻulotidan oʻzidan oʻzga hech kim manfaat koʻrmadi, dedi.

– Ena-a! – uning kampirni eshitgisi kelmay qoldi.

– Nima, ena! – kampir oʻqimagan, omi ayol boʻlsa ham, hech gapini oldirmagan qaysargina edi. – Toʻgʻrisiyam shu-da. Odam faqat oʻzini oʻylamasligi kerak, umringdan bir kun qolgan boʻlsa ham, odamlarga foydang tegsin. Ilgari bir odam haj uchun yiqqan pulini ilojsizlikdan harom oʻlgan molning goʻshtini bolalariga yedirib oʻtirgan qoʻshnisiga “Mening hajim shu boʻlsin” deb, inʼom qilib yuborgan ekan. Hayitdan soʻng doʻkonida kovush yamab oʻtirsa, bir tanishi kelib, “E-e, hoji, siz qanday qilib bizdan oldin keldingiz? Siz ham biz bilan baravar haj qilib yurgan edingiz-ku”, debdi. Shunday qilib, yamoqchi uyda oʻtirib, hoji boʻlgan ekan. Nahotki sening bir yamoqchicha aqlu farosating, himmating yoʻq boʻlsa?!

Robiya xola angrayib qoldi. Odam keksayganda shunday beshafqat, beandisha boʻlib qoladimi yoki onasining kayfiyati yoʻqmidi, bir dalda, tasalli, olqish umid qilib kelgan Robiya xolani it olgan tulkiday tit-pit qilib tashladi. Onasi allakimlardan eshitib, chala-chulpa qilib aytib bergan rivoyatlarni u ham oʻqigan, biladi. Ammo yamoqchi bilan uning vaziyati butunlay boshqa-boshqa. Shuncha farzandni tugʻib-oʻstirib, ulgʻaytib, hammasini uyli-joyli qilib, nahot oʻzining bir yillik daromadiga oʻzi arzimasa? Shu uzoq umri davomida u ham necha kishiga yamoqchi qilgancha yaxshilik qilgandir. Ammo oʻzi, oʻz oyogʻi bilan Allohning uyiga borib, uning muborak baytida sajdaga bosh qoʻyishni orzu qildi. Buning uchun birovdan bir soʻm soʻramadi, bir soʻm tilamadi, lekin uning orzusi hammaga, hatto tuqqan onasiga ham malol keldi! Lekin u onasiga hech narsa demadi, aytganlaringiz maʼqul ham demadi, nomaʼqul ham demadi, kelin yozgan dasturxonga ham qaramadi. Koʻngliga kelganlarni gapirib-gapirib, yana tumtaygancha tikish mashinasining ustiga muk tushib olgan onasining yonida biroz shumshayib oʻtirdi-da, soʻng oʻrnidan qoʻzgʻaldi:

– Xoʻp, men boray.

– Yaxshi bor, Olloqulni soʻra.

“Yiqqan pulimni bir qop qilib, rivoyatdagi yamoqchiga oʻxshab, shu kampirga olib kelib bersam!.. Kampir uning yarmini ovi yurganda ham dovi yurmaydigan kenja oʻgʻliga bersa, yarmini bir uy bola-chaqa qilib qoʻyib, oʻzi ichkilikdan boʻshamaydigan ukasiga bersa!.. Goʻyo birining ishyoqmasligi, ikkinchisining nafsini tiya olmaydigan piyonistaligi uchun Robiya aybdor! Oʻgʻli bilan keliniga yomon koʻrinib, yemay-ichmay, bir tiyinlab yigʻsa-yu, oʻlib yiqqanini bir ishyoqmas bilan piyonistaga berib, “Mening hajim shu” deb oʻtiraversa. Alloh ham soʻrar, kimga berding, nimaga berding, deb? Voy, enam tushmagur-yey, mening ham bolasi ekanligim yodidan chiqib ketgan, shekilli!”

Kechga yaqin onasining qishlogʻida yashaydigan singlisi keldi. U ham allaqachon yangilikdan xabar topgan edi. Robiya xola bunisining ham bir narsa deb dakki berishidan qoʻrqib, indamay turgan edi, singil opasini bagʻriga bosib, qutlay ketdi:

– Iloyo, niyatlaringizga yeting, opajon. Shuncha yil tuproq kechib, kesakka surinib, oftobda jizziqday kuyib, shu bola-chaqa deb bir kun orom nimaligini bilmadingiz. Endi oʻzingizni ham, oxiratni ham oʻylaydigan vaqt keldi. Goʻr, goʻr, tanho goʻr, ishonmasang, borib koʻr, deyishgan. Bir kun oʻlar boʻlsangiz, hech kim sizga qoʻshilib goʻringizga kirmaydi, Munkar-Nakirning gurzisiga boshini tutib bermaydi. Shunday ekan, niyat qildingizmi, pulini topdingizmi, halolingiz boʻlsin: boring, koʻring, farzingizni ado etib keling.

Robiya xolaning koʻngli boʻshashib ketdi. Kutilmaganda qoʻshilishib quvonadigan bir mehribon topganidan hamma xoʻrliklari yodiga tushib, koʻzlari namlandi, baqirib yigʻlab yuborgisi keldi:

– Bilmasam, biri u deydi, biri bu deydi. Bu yoqda onam, u yoqda akam…

– E-e, opajonim, hech kim bilan ishingiz boʻlmasin. Birovidan bir soʻm soʻrayotganingiz yoʻqmi? Boʻldi-da. Kecha yangam bilan gaplashgan edim. Ikki yilda ikki toʻy qilish oson emas, bilaman. Ammo bola oʻstirayotgan ona tomogʻidan, kiyim-boshidan qiyib, bir soʻm, ikki soʻm yigʻib yurishi kerakmidi? Choʻntagida bir soʻm puli yoʻq, bir boyning qiziga sovchi qoʻydi. Ular rozi boʻlishgach, shoshib qolishdi. Toʻy toʻliq qarz-qavola bilan oʻtdi. Toʻyni ham boy qudaga kulgi boʻlmaslik uchun juda katta qilib yubordi. Uyam mayli, lekin qarzlardan qutilmasdan qizga non ushatishning nima keragi bor edi? “Yaxshi joydan chiqdi” emish. Hozir oʻgʻil uylantirishdan qiz chiqarish qiyin boʻlib ketgan. Qudalar “Mebelni tuzuk qilsin, bir umrlik buyum” deyishibdi. “Falon doʻkonda bir yaxshi mebel koʻrdik, oʻshani borib bir koʻrishsin” debdi. Endi qanday qilib boʻlsa ham oʻsha mebelni olish kerak. Bularning esa bir tiyini yoʻq. Yangam “Robiya hajga borib yurguncha, jiyanining mebelini koʻtarsin. Ana haj! Duo qilamiz. Savob boʻladi” dedi. “Yangajon, mebelni qiz tuqqan boybichcha qiladi. Shu yoshingizda oʻn sakkiz yoshli qizday boʻlib yaltir-yultir kiyinib yurguncha, avval boshdan gʻamlab qoʻying edi”, deyin dedim-u, akamdan baloga qolaman, deb indamadim.

Robiya xola xoʻrlangan boladek yerga qaradi, negadir oʻzini juda behol his qildi. Oʻpkasi toʻldi, singlisi yana bir ogʻiz gapirsa, yigʻlab yuborardi:

– Oʻ, tavba! Boy topsa, qulluq boʻlsin, kambagʻal topsa, qayerdan olding, deganlari shuda? Men shoʻrlik oʻz pulimga hajga bormoqchi boʻldim-u, baloga qoldim. Biri u deydi, biri bu!..

Singil yupatdi, dalda berdi:

– Hech kimga qaramang, hech kimning gapiga quloq solmang. Pul sizniki, uni istagan joyingizga ishlatasiz.

– E-e!.. – endi u hajga borayotganligi uchun quvonish oʻrniga xijolat torta boshlagan edi.

Kechga yaqin Olloqul aka koʻchadan tajang holda kelib, ayvonga kirib ketdi. Telefon turadigan tokchaning oldida biroz gʻimirsib turdi-da, soʻng hovliga chiqib, Sardor bilan kelinga baqirdi:

– Qaysi biring telefonning simini uzib qoʻyaverasan, men ulab sarsonman, bir pas oʻtib qarasam, yana uzilib turgan boʻladi.

Taxta supaga joy tashlayotgan Nozimaning qovogʻi uyuldi:

– Kimdir oʻynataverdi, ulanib tursa, faqat telefonga chopib yurish kerak.

Bu gapni eshitib, oʻgʻli bilan oʻynab oʻtirgan Sardor sergak tortdi:

– Kim, qachon oʻynatadi? Opridelitel-ku, nomerini bermaysan-mi, oʻynatmasday qilib qoʻymaymanmi?

Nozima indamadi.

Olloqul aka supaga tashlangan koʻrpachaga borib, oʻtirdi.

– Kampir, kami koʻstingni ayt, erta sahar bir bozorlik qilib kelay. Toshkentdan mehmon keladi.

Hamma yalt etib, xabarchining ogʻziga qaradi. Bu xabar hech kimga yoqmagan edi. Bu xonadon eskidan karvonsaroy edi, birov ketsa, ikkov kelib yotardi. Robiya xola ishda boʻlsa, koʻzi ojiz qaynona bilan bolalarning oʻzi kutib, oʻzlari kuzatib oʻtirishaverardi. Endi Robiya xolaning belidan mador ketib, supir-sidir, pishir-kuydirdan chiqib qolgandan buyon odatdagi betashvish kunlarda ham tumtayib yuradigan kelinning koʻzlariga qaraydigan boʻlib qolgan. Kelinga esa odam yoqmaydi. Buni nafaqat qaynona, qaynota ham, er ham, hatto qoʻshnilar ham biladi.

– Kim kelar ekan, – hammaning nomidan Robiya xola soʻradi.

– Jumanazar akaning yaqin odami ekan. Asli tojikistonlik, lekin koʻp yillardan buyon Toshkentda ishlar ekan. Oʻsha odamning amakilari Termizda qamoqqa tushib qolibdi. Shulardan xabar olib turish uchun sud oʻtib boʻlguncha sizlarnikida turib tursin, dedi. Necha kundan beri telefon qilaman, hech tusha olmayman, deydi. Oxiri Eshquvvatga qoʻngʻiroq qilib, shu Olloqul bor boʻlsa, menga bir telefon qilsin, debdi, – Olloqul aka anqayib turib qolgan keliniga qaradi. – Ikkinchi telefonni uzib qoʻyuvchi boʻlmanglar.

Kelin odatdagiday na “ha” dedi, na “yoʻq”, indamay nari ketdi. Robiya xola ogʻir bir soʻlish oldi. “Sudi oʻtguncha! Oʻh-hu, u sud qancha vaqtda oʻtadi! Bir necha oylab koʻriladigan ishlar boʻladi. Shuncha vaqt begona birovni uyda saqlash… Bu uyda oʻzim oshiqchaga oʻxshayman baʼzan. Endi bu kelin oʻzini osib qoʻysa kerag-ov…” Ammo eriga sir boy bermadi:

– Binoyi, dadasi. Mehmon kelar eshikdan, rizqi kelar teshikdan. Odam bor joyga odam keladi-da. Jumanazar akaning bizga qancha yaxshiliklari oʻtgan, shu odamning orqasidan bolalarimiz oliy maʼlumotli boʻldi, – u bu gaplarni Jumanazar akadan juda minnatdor boʻlgani uchun emas, kelinining qovoq-tumshugʻini biroz ochish uchun aytayotgan edi, ammo kelin uni eshitmadi ham, zipillab ichkariga kirib ketdi.

– Kampir, Qalandar degan advokatni taniysanmi?

– Taniyman, enamlarning mahallasida yashaydi. Ilgari milisada ishlar edi, milisadan urilgandan soʻng advokat boʻlib ketdi. Uni nimaga surishtirayapsiz?

– Jumanazar aka, oʻsha odam bilan gaplashib beringlar, deyapti. Sudlanayotgan odamning advokati ekan oʻsha Qalandarboy deganlari.

– Dadasi, oʻzi nimaga qamalgan ekan, – xolaning koʻngliga xavotir tushdi. Bu tojikistonliklar hech tek yurishmaydi. Bir yomon ishga aralashib qolmaylik yana…

– Bilmasam, telefonda bijillatib oʻtirmaysan-ku. Tuhmat, dedi, egasi kelsin-chi, surishtiramiz-da. Vahima qilaverma.

– Qiziqsiz, dadasi. Bilishimiz kerak-da uyimizdan kimga joy berayotganimizni. Boshqa davlatning odami ekan, davlatga qarshi biron ish qilganmi? Qora dori bilan qoʻlga tushganmi? Ishqilib bu afgʻon bilan tojik ham boshga bitgan balo boʻldi.

Xotinining tergayverishi Olloqul akaga yoqmadi, hali oʻzi bir tayinli gap bilmaydigan odamlar haqida nima ham deya oladi:

– Kampir, oʻzingni bos. Kim boʻlsa ham, har kim oʻz ishi uchun oʻzi javob beradi. Oq qoʻyni ham, qora qoʻyni ham oʻz oyogʻidan osadilar.

– Ha, shunday boʻlsin-da. Ishqilib, odamgarchiligimiz qimmatga tushmasa boʻldi. Oʻrmonga oʻt ketsa, hoʻlu quruq baravar yonishini ham unutmang. Kim bilan gaplashgan, kim bilan yurgan, kimning uyidan boshpana topgan, degan gaplar ham boʻladi.

– Uf-f! Qonimga tashna qilma, kampir. Nima qilay? Jumanazar akaga nima deyin? Bolalaring oʻqishga kelganda men kerak edim, endi kerak boʻlmay qoldimmi, desa, necha pullik odam boʻlasan?

– E-e, qoʻying, eski yaralarimni tirnamang. Mening bolalarim oʻqishga oʻz bilimi bilan kirdi. U kishim oʻrtada turib, pul ishlab oldi, xolos.

– Nima boʻlganda ham oʻsha pulni yalinib-yolvorib, oʻzing olib borib bergansan. U sening oldingga kelib, “Shu pulni bersang ham berasan, bermasang ham, berasan”, deb turib olgani yoʻq!

Shu bilan munozaraga nuqta qoʻyildi. Holbuki uni istagancha choʻzish mumkin edi. Ammo qancha choʻzilmasin, Robiya xolaning alami bosilmasdi: “Esiz, oʻli-ib topgan shuncha pulim! Ol, insof bilan ol! Yoʻq, bu kishim alifni kaltak deguvchilardan ham, mening bolalarimdan ham bir xil oladi. Esi boʻlsa, aralashganiyam yoʻqdir. Bor-yoʻq qilgan ishi bizdan pul shilish boʻlgan!..”

U bu gaplarni ming marta, baqirib-baqirib aytgan, ammo foydasi nima? Oʻzi qoʻsh qoʻllab olib borib bergan pullarni birov qaytarib berarmidi? Endi araz-durazlarni bir chetga qoʻyib, u kishimning mehmonini kutib olish kerak. Nevaralar ham hali zamon oʻqishga borishi kerak, balki endi yordami tegib qolar. Bu tojikistonliklar nima karomat koʻrsatishgan ekan? Ishqilib, xudo beobroʻ qilmasin.

Jumanazar akaning odami qirq yillik qirgʻindan qolgandek ozgʻin, rangi zahil, katta-katta koʻzlari ich-ichiga kirib ketgan, sochlari qansharigacha toʻkilib ketganidan yuzining yarmi peshonadan iboratdek koʻrinadigan oʻrta yoshdagi kishi edi. Kelgan vaqti ayni peshin edi, izn soʻrab namozni oʻqib oldi. Boshidagi doʻppisiga, yoʻl xaltasidan chiqargan ixchamgina joynamoziga qarab, Robiya xolaning koʻngli biroz taskin topdi: “Moʻmingina odamga oʻxshaydi”. Yana qoʻrqib ketdi: “Vahobiylardan boʻlmasin yana!”.

…Oshdan soʻng dasturxonga issiqqina choy bilan qand-qurs, ikki-uch xil murabbo qoʻyildi. Robiya xola eriga, “Ovqatdan keyin qarindoshlari qanday ayblov bilan qamalganini soʻrang”, deb tayinlagan edi. Mehmon oshni tuzuk yemadi. Olloqulboy xotini tayinlagan gap butunlay yodidan chiqib ketganday, mehmonga choy quyib, bamaylixotir oʻzi ham hoʻrillatib choy hoʻplab oʻtirardi, oxiri Robiya xola dasturxonni tartibga keltirish bahonasida eri tomonga oʻtib, erining biqiniga yaxshilab bir turtdi. Olloqulboy kutilmagan zarbadan choʻchib, xotiniga qaradi: “Ha?”. Xotin unga javoban qovogʻini uydi. Olloqulboy shundan soʻng topshiriq yodiga tushdimi, gap boshlashga majbur boʻldimi, mehmonga yuzlandi:

– Qani, mehmon, yaqindan tanishaylik. Kimsiz, nima tashvishlar bilan yuribsiz? Bizlardan qanday yordam kerak?

Choynakning qopqogʻiga bogʻlangan ola ipni goh eshib, goh boʻshatib oʻtirgan Robiya xolaning butun vujudi quloqqa aylanib, mehmonga qaradi. Mehmon nimagadir biroz ikkilandi, choydan boʻshagan piyolasiga tikilib, ancha vaqt jim qoldi. Uzoq davom etgan yoqimsiz sukunatdan soʻng, chuqur xoʻrsindi:

– Shu-u… aka, yoʻq joydan ogʻir savdolarga qolib ketdik. Togʻamning uch oʻgʻli birikib, bir “Kamaz” olib edi, shu moshin bilan Rossiya, Qozogʻiston tomonlarga yuk tashib, roʻzgʻor qilishar edi. Oxirgi marta “Limon bor” deb, buyurtma berishibdi. Yuk ortilib boʻlgach, mijozlar “Qutilarning tagida anavindan bor. Eson-omon olib borsang, bir umr yeb oʻtishingga yetadigan haq olasan. Birov yarimga sotadigan boʻlsang, bola-chaqang bilan qirib yuboramiz”, deyishibdi. Jon shirin, ortida hayoti garov boʻlib, bola-chaqa qolayapti, majbur boʻlib yoʻlga chiqibdi. Surxondaryoda qoʻlga tushishibdi. Sakkiz yuz yetmish kilogramm geroin ekan…

Mehmon yerga qarab gapira-gapira, gapi tugaguncha yerga singib ketganday boʻldi. Mezbonlarning ham nafasi ichiga tushib ketdi.

– Sakkiz yuz yetmish kilogramm, deysizmi? – anchadan soʻng qoʻrquv va hayratga toʻla koʻzlari katta-katta boʻlib ketgan Olloqulboy mehmondan qayta soʻradi.

– Ha.

– Axir bu salkam bir tonna, degani-ku! Buncha zahar bilan butun boshli mamlakatni giyohvand qilib tashlash mumkin-ku.

– Shunday.

– Siz oʻzingiz oʻsha togʻavachchalaringizning “majbur boʻlishgani”ga ishonasizmi? Balki ular hamtovoqlardir, – ich-ichini yondirib borayotgan alanga boʻgʻziga tiqildi, butun dunyosi yonib ketganday boʻldi. “Bu xotinning koʻngliga solgan ekan-da, kechadan beri jovillaydi-ya”. – Endi, mehmon, hech kim shuncha pullik “mol“ini birinchi uchragan haydovchiga, buning ustiga “olmayman”, deb turgan begona bir odamga majburlab topshirmaydi. Bu bir “Kamaz” pulni daryoga oqizish bilan baravar-ku, axir.

Mehmon xuddi oʻzi aybdorday boshini yanada quyiroq egdi:

– Men u bolalarni yaxshi bilaman, aka. Birga oʻsganmiz, birga haj qilib kelganmiz. Ular hoji odamlar. Majbur qilishmasa, bu ishni boʻyinlariga olishmas edi.

Bu bahona hech kimga maʼqul tushmadi: “Hoji odamlar” emish, Robiya xolaning-ku, tamom mazasi qochdi. Mehmon esa yerga qaragancha, gapida davom etdi: “Kelishga keldi. Endi muddaosini aytmasa, boʻlmaydi!”

– Endi, birodarlar, xudo yoʻliga bir koʻmak soʻrab keldim. Yigitlar hali yosh, hali onalarining koʻzlari tirik, bu yogʻi bola-chaqa, deganday. Bir tuhmatning qurboni boʻlib ketmasin, deyman-da. Bu shahar kichkinagina shahar, bu yerda hamma bir-birini taniydi, bir-birining soʻzini yerga tashlamaydi. Qarindoshlar “Chiqmagan jondan umid. Bir borgin”, deyishdi. Advokati ham qarindoshlaring bir kelib menga uchrashsin, debdi.

“Obbo, Qalandar mesh-ey! Bekorga odamlar unga “mesh” deb ot qoʻyishmagan ekan-a. Shuncha zahri qotilni yashirib ketayotgan odamlarni muqarrar oʻlim kutayotganini qonundan umuman bexabar kishi ham yaxshi biladi. Bu boʻlsa, umidvor qilib, “qarindoshlaring uchrashsin”, debdi. Nafsing qursin. Bular qoʻrqmaydi ham, hazar ham qilmaydi. Indamasang, oʻlikning kafanligini ham yechib olishadi”, Robiya xola eriga qaradi: “Koʻraverasiz endi”.

Olloqulboy yerga qaradi. Iloji boricha mehmonning koʻnglini ogʻritmaslikka urindi:

– Toʻgʻri, mehmon, Termiz kichkina shahar. Advokatingiz yangangizning onasi bilan bir mahallada turadi. Uchrashtiramiz, xafa boʻlmang-u, ammo bu vaziyatda Xudodan boshqa hech kim yordam bera olmaydi, deb oʻylayapman. Salkam bir tonna narkotik! Men hali buncha narkotik olib yoʻlga chiqqan odamlarni eshitmaganman. Ularga eng ogʻir jazo – oʻlim jazosi berishlari aniq.

Mehmon keskin bir shahd bilan boshini koʻtarib, mezbonning koʻzlariga norozi tikildi:

– Aka! Oʻlim Xudoning ishi. Bandasi bandasining jonini olishga haqqi yoʻq.

Olloqulboy nooʻrin gap aytib, mehmonning koʻngliga tegib qoʻyganidan xijolat tortdi. Robiya xolaning achchigʻi keldi, ammo mehmonning izzatini qilib, koʻnglidagilarni ichiga yutdi: “Millionlab kishini ogʻulab, zaharlash, yoʻldan urishga bandasining haqqi bormi? Bu ogʻu qanday baloi ofat ekanligini Termizda yashaganing-da, bilar eding! Afgʻondan oʻtgani ham, Tojikistondan oʻtayotgani ham shu yerda bir toʻxtab, bir qism zaharini pullab ketadi. Oʻzi ham u bir umr dalada yurgan ayol, ammo shu bolalarini oʻylab bir umr yurak hovuchlab yashadi. Bir kunda yigirma marta uyiga qoʻngʻiroq qilar edi: “Mansur maktabdan keldimi?”, “Mahmud nima qilayapti?”, “Sardor repititordan keldimi? Telefonga chaqiring, bir gaplashay”. Kechqurun uyga qaytgach, uxlab yotgan bolalarini bir-bir hidlab chiqar edi, xuddi qoradorining hidini biladiganday. Ularning xonalarini, gʻaladon, sumkalarini, choʻntaklarini titkilashdan sira erinmas edi. Qoʻshnisining xalqaro tanlovlarga qatnashib yurgan oʻgʻli giyohvand boʻlib qolganini eshitib, battar yuragi yorildi. Hech kimga gap bermaydigan Uldona chevarning oʻgʻli ham giyohvand boʻlib qolibdi. Qaynonasining aytishiga qaraganda, Mahmuddan uch-toʻrt marta pul olgan ekan. Mahmud qarzini qistasa, shu arzimagan pul uchun muncha tirgʻalding, yur, shu pulingning haqqiga bir mazza qildirib kelaman, deb fohishaxonaga olib bormoqchi boʻlibdi. Oʻshanda Mahmud endi toʻqqizinchi sinfda oʻqir edi. Bu gapni eshitib, Robiya aqldan ozay, dedi. Nima qilishini bilmas edi. Borib, Uldona bilan gaplashay, desa, oʻgʻli qasdlashib bolalarimni giyohvand qilib qoʻysa-chi, deb qoʻrqdi. Bir chora qoʻllamasa, chevarning bekorchi oʻgʻli ertadan kechgacha darvozalarining oldiga qoʻyilgan yogʻoch oʻrindiqdan tushmaydi, oʻtganning oʻrogʻini, ketganning ketmonini olib, hammani gapga tutib oʻtiraveradi. Shu koʻchadan koʻchib ketmasa, bu falokatdan qutilishning iloji yoʻq edi. Shahardagi sharoitlardan bahramand boʻlaylik deb, qishloqning shaharga tutash hududidan yer olib, kenjasiga atab uy koʻtargan edi. Endi ming pushaymon yeyapti, oʻsha adir ustidagi pastakkina kelinlik uyi ming marta afzal edi.

Uchinchi oʻgʻli har erta stadionda yuguraman deb uydan chiqib ketadigan odat chiqardi. Tabiatan tanbalroq boʻlgan bolaning yarim kechasigacha televizor koʻrib, yana soat beshda turib, stadionga ketishi unda shubha uygʻotdi. Bir kun ertalab turib, oʻgʻlining izidan stadionga bordi. Hamma joyini yantoq bosib yotgan stadionda hech kim yoʻq edi. Tiramohning muzdek shabadasi yuzlariga urildi, u bor budidan ayrilgan notavon kimsadek hayron turib qoldi, koʻzlariga ishonmay yana alang-jalang atrofga qaradi. Yoʻq, hech kim yoʻq edi. Bu stadionda yaqin orada biron odam shugʻullanmagan. Unda uning bolasi qani, qayerda? Har tong u qayerga borib yuribdi? Har kun uni uyqudan voz kechishga nima majbur qilayapti? “Narkotik!” Xayoliga kelgan fikrdan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. “Ha, narkotik, faqat shu narsa odamni shu darajada devona qilishi mumkin. Uni kimdir yoʻldan urgan. Tuni bilan xumor qilib chiqadi-da, tong otishi bilan oʻsha narkotik sotuvchining oldiga yuguradi. Oh, shoʻrim qurib qoldi-ya mening. Ahmoq boʻlmasam, toʻrt oʻgʻilning taqdirini bir koʻr kampirga ishonib, oʻzim ertadan kechgacha dalada yuramanmi? Endi nima qilaman? Qayerdan axtaraman bu shoʻrpeshona, shumtaqdir bolani?”

Stadiondan uyiga yetib kelgunga naq bir yil vaqt oʻtib ketganday boʻldi. Oʻzicha oyoqlari yurayotganday edi, ammo hech yoʻli unmas, uylariga yetib bora olmas edi. Bir amallab yetib kelganida tomoqlari qaqrab, ranglari oqarib ketgan edi. Uning ahvolini koʻrib eri hayron boʻldi:

– Senga nima boʻldi? Qayerdan kelayapsan?

– Sobir… Sobirimiz yoʻq.

– U yugurishga ketgan, nimaga buncha hovliqasan?

– Stadionga borib keldim. Oʻgʻlingiz u joyga hech qachon bormagan.

– Qayerga boradi boʻlmasa?

– Bilmadim, dadasi…

Shu payt temir eshik “gʻiyq” etib ochilib, Sobir kirib kelmaganda bu ayolning holi nima kechishi birgina Xudoga ayon edi. Biroz horgʻin holatda gunohkorona iljayib kirib kelgan oʻsmir savollarning tagida qolib ketdi.

– Sening biron gapingga ishonmayman. Sen narkomanlarga qoʻshilgansanmi, bir balong bor, – tinmay javrayotgan ona oxirgi gapini aytdi. – Boʻling, dadasi, buni narkodispanserga olib boramiz. Oʻsha yerda haqiqatni aniqlaymiz.

– Mayli, boraveraman, lekin men haqiqatan ham stadionda yugurib yurgan edim. Faqat bu stadionda emas, 9-maktabning stadionida yuguraman.

– Nega?

– Chunki… U yerda sharoit juda yaxshi.

– Yoʻq, meni aldayapsan.

Oʻgʻil har qancha tavallo qilsa ham ishonmadi. Shu kuni tonggi yigʻilishga ham bormay, shaharning narigi boshidagi narkologiya dispanseriga borishdi.

Dispanserning bir qarashda nihoyatda saranjom-sarishta hovlisi rang-barang gullarga toʻla, daraxtlarga shakl berilgan, biron joyda koʻndalang yotgan biron choʻp koʻrinmaydi, lekin daraxtlar orasidan koʻrinib turgan osmon bu joyning gardishli qopqogʻidek, hovli nihoyatda dim, boshdan oyoq qandaydir qoʻlansa hid anqib yotardi. Ayniqsa qarshingizdan chiqaveradigan koʻzlari maʼnosiz ola kiyimli bemorlar odamning yuragini siqib yuborardi. Hali ish kuni ham boshlanmagan ekan. Bosh shifokorni picha kutishga toʻgʻri keldi. Bu odamning ularga ozroq qarindoshlik joyi bor edi.

Olloqulboy bilan Robiya xola shunday joyda bola ergashtirib yurganidan xijolat boʻldi, ammo bosh vrach zarracha ham hayratga tushmadi. Xuddi ularni anchadan beri kutib yurgandek yoki har kun kutib-kuzatadigan bemorini qarshi olayotgandek bamaylixotir xayrixohlik bilan qarshi oldi. Ular ancha vaqt gapni nimadan boshlashni bilmay, u yon-bu yon qarab turishdi. Eridan biron sado chiqavermagach, ichi siqilib ketgan Robiya xolaning oʻzi gap boshladi:

– Doʻxtir bova, ming bor uzr, faqat aybga buyurmang. Bizga yordam bering-u, lekin bizning bu yerga kelganimizni zinhor birov-yarimga ayta koʻrmang. Shu oʻgʻlimizning yurishlari bizga hech yoqmayotir, bir tekshirtiraylik, deb keldik.

– Bemalol, opa, doim xizmatingizga tayyormiz, – bosh vrach qoʻngʻirogʻini bosgan edi, qabulxonada oʻtirgan qiz kirdi. – Norimxol, bu yigitni Anna Sergeevnaga olib bor, tekshirib koʻrsin, – soʻng yana mehmonlariga yuzlandi. U mijozlarining safi shunday dovruqli odamlar hisobiga kengayganidan xursandga oʻxshab koʻrindi. – Siz, opa, sira gʻam yemang. Bu yerga qanday odamlar kelmaydi. Tagida “Mersedes”, yurganda yer titraydi, minbarga bir musht urganda, ming kishilik auditoriya qalqib ketadi, lekin yolgʻizgina oʻgʻil giyohvand. Bechora qon yigʻlab keladi: “Yordam bering, jon uka!” Albatta yordam qilamiz. Bu bizning vazifamiz, ammo Falonchiyevning oʻgʻli unday, Falonchiyevning oʻgʻli munday, degan gapni hech qachon aytmaymiz.

Eshik ochilib, eni-boʻyi baravar semiz rus ayol kirdi, uning ortida nimagadir rangi oʻchib ketgan Sobir iljayib turardi. Hamma ayolning ogʻziga tikildi.

– Ergash Ahmedovich, vsyo chistiy.

Ergash Ahmedovich negadir ishonqiramadi:

– Da? Xorosho proveryali?

– Da.

Soʻng bosh vrach “gap tamom” deganday noiloj oʻrnidan turib, qoʻllarini ikki tomonga yozdi:

– Hech gap yoʻq ekan-u, vahima qilib yuribsizlar. Ammo hali suyunishga vaqt erta, oʻgʻlingiz endigina oʻn beshga kiribdi. Oldinda butun boshli umr bor. Qirq besh yoshgacha odam giyohvand boʻlib ketishi mumkin. Doim hushyor boʻling.

Robiya xola koʻchaga chiqishgach, eriga qaradi:

– Hay, menga qarang, bu qarindoshingiz oʻgʻlimiz giyohvand chiqmaganiga xafa boʻlib qolganga oʻxshadi-ya?

Olloqulboy yelka qisdi:

– Qoʻy-ye!

Sobir kuldi:

– Bitta yogʻli mijozga ega boʻldim, deb suyunib oʻtirgan edi-da. Essiz…

– He, yuzing qursin sening, – Robiya xola oʻgʻlining yelkasiga bir mushtladi. – Odamning yuragini yording. Oʻzing yuguradigan stadionga olib borasan bizni.

– E-ey, ena, qoʻyasizmi, yoʻqmi? U yerda bir qiz bor. Biz… doʻstmiz. Stadiondan darvozasining oldi koʻrinib turadi. Har kun men yugurgani boraman, u koʻchasiga suv sepib, supurgani chiqadi. Bor gap shu.

Olloqulboy kulib yubordi.

– He-e, ota oʻgʻil, shunday sarson boʻlib yurguncha, aytmaysanmi, belgisini qili-ib qoʻyardik. Gaplashib yuraverarding, vaqti kelganda toʻyni qilib, olib kelib berardik.

– Sizga gap boʻlsa! – onasi bunga ham rozi boʻlmadi. – Har qanday gapni gapiravermang. Oldin bilaylik, u qanday qiz, kimning qizi?

Va ertasi kuniyoq oʻgʻlining tanlovini bekor qildi: “Qoʻy, bolam. Ular bizga toʻgʻri kelmaydi. Ota-onasi maʼqul odamlar ekanku-ya, ammo akasi giyohvand boʻlib qolgan ekan. Boshqa gaplashma, koʻngliga umid solma. Oʻzing ham xayolingni har narsaga chalgʻitmay, oʻqi, bolam. Shu yoshingda oʻqishni tashlab, qizga ergashib yursang, uyat boʻladi, maylimi, oʻgʻlim?

Sobir noiloj bosh irgʻadi: “Xoʻp”.

Ammo oʻsha danakday qizdan voz kechishi qiyin boʻldi. Buni ona yurak-yuragi bilan his qildi va shukr qildi: na bilagidan, na belidan bir ushlamagan qizga shuncha oʻrganib qolgan ekan, agar dori-poriga oʻrganib qolganda, nima qilar edim?

Shuning uchun ham dorifurushlarni juda yomon koʻradi. U otasini oʻldirgan odamni, hatto onasini oʻldirgan odamni ham kechirishi mumkin. Odamzod jahl ustida ne bir jinoyatlarga qoʻl urishi, xatolarga yoʻl qoʻyishi mumkin, deb hisoblaydi. Lekin ogʻufurushlarni sira kechira olmaydi. Ularni kechirishning oʻzi jinoyat deb hisoblaydi.

Bir tonna ogʻuni ortib ketayotgan odamlarni himoya qilish uchun yurt oshib kelgan kishiga ayol boshi bilan bu narsalarni tushuntirib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi. Toʻgʻri, oʻgʻillarini bir amallab katta qilib olishdi, ammo nevaralar boʻy choʻzib borayapti, har oʻgʻilda ikki-uchtadan oʻgʻil bor. Ilgari eskilar qiz oʻstirish qiyin, deyishar edi. Hozir oʻgʻil oʻstirish qiyin boʻlib borayapti. “Hizbut tahrir” degan baloi ofat chiqqan. Uyam koʻproq yigitlarni yoʻldan urarmish. Xullas, sal faromush qolsang, ne bir umid bilan oʻstirgan bolangni ilib ketuvchilar koʻp.

Joy-ku, berishadi. Odamgarchilik. Oʻzi bir chimxoʻr mardumga oʻxshaydi, yeganda ot-u tuyani yermidi? Ammo oti yomon. Bir tonna narkotik bilan qoʻlga tushganlarning qarindoshlari shularning uyida yotdi, degan gap yomon. Odamlar darrov toʻqib-bichishadi: “Bir gapi boʻlsa kerak-da!”

Ertasi kuni Robiya xola oʻgʻlining mashinasida mehmonni advokaturaga olib borib, Qalandar meshga uchrashtirib qoʻydi. Mesh gap nimadaligini eshitgach, uzoq hayron boʻldi, bir hamshaharlariga, bir mehmonga qaradi. Oxiri soʻradi:

– Kechirasiz-u, Olloqul aka, bu kishilarning sizga qanday tanishligi bor? Bular tojikistonlik boʻlsa…

– Bu kishi Toshkentdan, institutda domulla. Bir domulla xeshimiz bilan birga ishlashar ekan. Shu odam orqali bizni izlab topibdi. Begona shaharda bir boshpana, deganday…

– Ha, yaxshi, yaxshi! – soʻng mehmonga sinovchan tikildi. – Siz institutda ishlaysizmi?

Robiya xola ularning yonida ortiq turishni istamay, oshigʻich xoʻshlashib qoʻya qoldi:

– Biz juda shoshib turgan edik, sizlar bafurja gaplashib, ishlaringizni bajaraveringlar, soʻng mehmonga yuzlandi. – Ishingiz tugagach, uyga oʻtavering. Uyda odam boʻladi.

Kechki ovqat mahali mehmonning oldiga ham kirmadi. Dasturxonlarni Sardordan kirgizib yubordi, koʻrgisi kelmadi oʻsha domullani, hovlida shiqirlatib oftoba koʻtarib yurishi ham gʻashini keltirdi. Televizor qarab uxlab qolgan ekan, eri bir mahal yoniga keldi:

– Hay, uxlab qoldingmi?

– Ha, nima qilay boʻlmasa? Mehmoningizga ham alla aytib, uxlatib qaytdingizmi?

– Goʻrda uxlaydi. Joyini solib, qaytdim, u namozga tutindi.

– Uf-f!.. Xudoning oʻzi kechirsin, lekin shu odamning namozi menga malol kelyapti.

– E-e, shoshma, gapning buyogʻini eshit, – Olloqulboy xotinining yoniga oʻtirib olib, shivirlab gapira ketdi. – Mesh undan ming dollar pora soʻrabdi. Iltimos, shu pulni siz olib borib bersangiz, deydi.

– Oʻh, joning qursin-yey! – Robiya xola ham oʻrnidan turib ketdi. – Nima boʻlsa, siz boʻling. Geroin tashuvchilarni qutqarish uchun chet el valyutasida pora taklif qilgan, deb qamalib keting. Lekin u kishim “Oʻlim Xudoning ishi” deb hammadan norozi boʻlib, namozini oʻqib oʻtiraversin. Voy, pismigʻ-yey, uning oldida nima gunohingiz bor edi-ku, oʻziga atalgan qopqonga sizni itaradi.

– Qopqonmi, yoʻqligini hech kim bilmaydi hali.

– Lekin qopqon boʻlishi mumkin deb oʻylayapti. Oʻzini asrab, sizni roʻbaroʻ qilayapti. Bir taqvodor, hoji odam uchun bu ish gunoh emasmi? Iflos! Oʻzining axlatiga oʻzi botib oʻlsin. Hali siz bolalaringizga keraksiz, endi otasi qamalgan, degan nomga teng boʻlamizmi? Mehmoningiz oʻtirsa, tinchgina oʻtirsin. Kovushini toʻgʻirlab qoʻymayin yana!

– Bu meshniyam qara-da, kampir! Bularning otilishini bilib turib, shuncha pul soʻrabdi, oʻlikdan kafan tilaganday… Qoyil-yey, yuz ham eshakning terisidan qalin boʻlsa kerak. Qanday soʻraydi, qanday oladi, soʻng qanday hazm qiladi?

Erining yosh boladek hayratlanaverishi ham gʻashini keltirdi:

– Voy-voylayvermang, oladiyam, qiladiyam. Chiroqni oʻchirib, tezroq yoting.

Oradan ikki kun oʻtib, ertalab chiqib ketgan mehmon bir ayol bilan uch bolani yetaklab keldi:

– Opa, ming bor uzr, bular shoshilinch Tojikistonga oʻtadigan boʻlib qolishibdi. Bir koʻrib oʻtaylik deb Termizda toʻxtashibdi. Jumanazar aka ham boraveringlar deb manzilni bergan ekan, boshlab kelaverdim.

Robiya xola hech qachon bunchalar xudbin, bezbet odamni uchratmagan edi. Haftalab toʻy berib, uy-hovli toʻldirib oʻrin solib ham shu qadar mehmondan bezor boʻlmagan edi. Ammo bu odam!..

Uning ichi yonib ketdi, ammo sir boy bermadi:

– Bemalol, mehmon kelsa, bosh ustiga, – borib ayolga quchoq ochdi. – Kelavering, singlim. Charchamadingizmi? Qani, ichkariga.

Hoji xushnud jilmaydi.

– Qani, bolalarim, momoga salom beringlar-chi?

Hojining ayoli ochiqqina ekan. Kechki ovqatdan soʻng erkaklarning oldida oʻtirishga iymandimi, Robiya xolaning yoniga chiqdi. Ichi hasratga toʻlib ketgan ekan:

– Qaysi bir nokaslar uchun bekorga sarson boʻlib yuribdi. Bu kishim juda qiynalib oʻsgan, otasi oʻlib, qaynonam boshqa er qilib ketgan, bular toʻrt bola bir keksa kampirning qoʻlida qolgan. Institutda oʻqib yurganimizda bir safar kursdoshlar bilan uylariga bordik. Oldi ayvon ikki xonaligina choʻpkori uy va xuddi ertaklardagidek qarib ketgan qoqsuyak kampir. Uy qattiqroq shamol essa ham gʻichir-gʻichir chayqalaverar ekan. Oʻsha oqshom koʻnglini ochdi: shu qoqsuyak kampir bilan choʻpkori uydan boʻlak hech narsam yoʻq, menga tegasanmi, dedi. U kursimizdagi eng aqlli, eng tarbiyali yigit edi, uni hamma qizlar yaxshi koʻrardi. Men unga turmushga chiqdim. Biz juda baxtli edik, lekin hayotdagi eng arzimas ehtiyojlarga ham juda qiynalib yetishdik. Bizni qoʻllab quvvatlovchi, yordam beruvchi hech kim yoʻq edi. Ilm qilib, uylar olib, obroʻ-eʼtibor topgach, bir kun onasi paydo boʻldi. Togʻalar kelib ketadigan boʻldi. Bizlarni ham qoʻyarda-qoʻymay uylariga olib ketishdi. Itining yalogʻi ham tillo edi, desam, ishonavering. Ammo u tillolar biz uchun xuddi behishtning oshidek, koʻrmoq bor-u, yemoq yoʻq. Bu kishim ularni tuhmat bilan yotibdi. Oʻsha narkotiklarni majbur boʻlgani uchun mashinasiga yuklagan, deyishganiga ishonib yuribdi. Men sirayam ishonmayman. Uch aka-uka bir “Kamaz”ni taksi qilib, bunchalar boyib ketishi sirayam mumkin emas. Bu yigitlar bir umr shu ish bilan shugʻullanib kelgan. Xotinlarini koʻrsangiz, oʻzlari bir pullik ayollar, “bolalarni ingliz tili boʻyicha repititorga bergan maʼqulmi, angliyskiy boʻyicha borgani maʼqulmi”, deb oʻtiradigan, oʻqimagan, omi ayollar, ammo dimogʻidan qurt yogʻilib turadi. Bolalarini Toshkentga propiska qildirish uchun bizni izlagan ekan. Boʻlmasa, bu togʻalarni bir umr tanimay, bilmay oʻtib ketgan boʻlarmidik.

– Tanimay oʻtsanglar, biron narsa yoʻqotarmidinglar?

– Aksincha, shularni taniganimiz uchun tinchligimizni yoʻqotdik. Onamning tobi yoʻq ekan, bolalar ham taʼtilga chiqishgan, bir borib kelay, degandim. Ikki koʻzim orqamda deng, qand kasallari bor, borgan joyimizga yoqmasam ham bir koʻrib oʻtmasam boʻlmaydi, deb kelaverdim.

– Yoʻgʻ-e, kelavering. Bir kecha boshpana berib, koʻnglingizni topa olgan boʻlsak, boʻldi. Bizning uyga kimlar kelib ketmagan, lekin sizga ochigʻini aytsam, eringizning oʻsha togʻavachchalarini himoya qilib yurishi menga avval boshdan yoqmagan.

Ayolgina erta tongda uzr soʻray-soʻray, yoʻlga tushdi.

Robiya xola gʻalati boʻlib qoldi.

Sud yana bir hafta choʻzildi. Hukm oʻqilishiga ikki kun qolganda ikki yuz ming dollar soʻrabdi. Hoji oʻsha kuni uyga kelmadi.

– Qishlogʻiga pul axtarib ketdi. Uyma-uy yurib boʻlsa ham aytilgan pulni yigʻib kelaman, deb ketdi, – dedi Olloqulboy.

– Ikki yuz ming dollari nima balo? Shuncha pulni qayerdan topadi? Bu mesh ham butunlay esini yeb qoʻyibdi. “Limonning ichidan chiqqan geroin” deb televizordan ming marta koʻrsatdi. Bu jinoyatni butun dunyo eshitdi. Endi kim oʻsha jinoyatni qilgan odamlardan pora olib, oʻlimdan asrab qola oladi? Bu hech bir aqlga sigʻmaydigan ish-ku! – jigʻibiyron boʻlardi Robiya xola. – Bu hojingiz aniq hamtovoq ekan, yoʻqsa, shuncha pulni topa olaman, deb yoʻlga chiqmas edi.

Hoji ertasi kuni shomdan keyin keldi, uning qoʻli boʻm-boʻsh edi.“Olib kelib, meshga topshirib kelganmikin? Shuncha pulni-ya? Nahotki bu togʻavachchalar omon qolsa?”

Hoji suddan xuddi oʻzi otishga hukm qilingandek faromush boʻlib qaytdi. Ruhsizgina soʻrashib, tahorat olgani ketdi. Soʻng uzoq namoz oʻqidi.

Olloqulboy bilibmi-bilmaymi, unga oʻzining soʻzlari bilan tasalli bergan boʻldi:

– Ha, oʻlim Xudoning ishi.

Hoji ham zarda bilan shu gapni qaytardi:

– Ha, taqsir, men ham shunday deyman, oʻlim Xudoning ishi.

– Ha, inim, Allohning amri boʻlmasa, koʻzingizdan bir kiprik uzilmasmish. Alloh peshonaga soladi, bandasi koʻtaradi. Xudoning ishi-da, – dedi Robiya xola ham koʻngil koʻtargan boʻlib. Hojining qovoq uyganini koʻrib, achchigʻi keldi: “Tavba, Alloh qiladi, bandasi bir-biridan koʻradi”.

Hoji erta sahar ketayotib, mezbonlardan rozi-rizolik soʻradi. Toshkentdagi uyining manzilini, telefon raqamlarini berdi. Shu kungacha bu odamning saxti-sumbatidan ozoru bezor boʻlib oʻtirgan Robiya xola uning aftoda siyogʻiga qarab, beixtiyor rahmi kelib ketdi: “Soddalik ham yomon ekan-da”. Hoji esa uning “Xafa boʻlmay keting, inim. Yaxshi-yomon gaplar qilgan boʻlsak, uzr”, degan gapiga “Men albatta oʻsha limon ortgan mijozlarni topaman”, deb javob qildi. Negadir Robiya xolaning koʻzlariga yosh qalqdi.

* * *

Kulrang kostyum-shim kiyib, qalin sochlarini orqaga tarab olgan baland boʻyli oliftanamo yigit direktorning oldiga bir kirib chiqdi-yu, maktabning bir kunlik dars jadvalini oʻzgartirib tashladi. Teatrga hech kim kirmay qoʻygan emish. “Siz bir maʼnaviyati boy insonsiz. Siz rejamizni bajarishga yordam bermasangiz, kimdan umid qilishimiz mumkin”, debdi. Kimning nima dardi boʻlsa, maktabga yopishadi. “Shuncha oʻqituvchi, shuncha oʻquvchi bor!..” deydi hammasi. Xuddi shuncha moʻr-malax beko-or yotganday! Direktorning ham biror manfaati bordirki, osongina rozi boʻladi. “Yetmishga oʻttiz qilamiz” degan boʻlsa, boʻldi-da. Ha, choʻntakka kiradigan pul turganda bolalarning savodxonligini oʻylarmidi? Direktor darrov yigʻilish chaqirib, eʼlon qildi: “Hamma bola ming soʻmdan pul olib kelsin. Soat oʻnda boshlangʻich, soat oʻn birda beshinchi sinfdan yettinchigacha boʻlgan bolalar, soat oʻn ikkida yuqori sinflar boradi“. “Tamom, demak, shu kun maktabda dars boʻlmaydi”.

Sinfi bor oʻqituvchilar bolalarini olib, birin-sirin teatrga ketishdi. Nozima yuqori sinflar teatrga ketgach, uyga qaytdi. Kechasi bilan yogʻib chiqqan yomgʻirdan soʻng havo tozalangan, dov-daraxtlar nim yashil toʻn kiygan, moviy osmonda suzib yurgan ukpar-ukpar oq bulutlar yoniga chorlayotganday edi. Rostdan-da, uning uyga borgisi kelmayotgan edi! Bahor, butun dunyo oʻzgarayapti, yangilanayapti. Faqat uning hayoti oʻsha-oʻsha! Hech oʻzgarmaydi. Uy-ish, ish-uy. Yetti yildan beri supurib-sidirib, tozalab oxiriga yetolmagan uy-joyi. Suqma qoshiqday har ishga aralashib turadigan qoqbosh qaynonasi, lapashang, shoʻrtumshuq eri! “Uf-f! Ulardan qanchalar charchadim, qanchalar bezor boʻldim! Qaniydi, bir joylarga bosh olib ketib, yangidan hayot boshlashning iloji boʻlsa! Oʻshanda hech qachon yolgʻiz oʻgʻilga, kenja oʻgʻilga turmushga chiqmas edi. Ayniqsa eriga oʻxshab, har gapda ota-onasining ogʻziga qarab turadigan, oʻzining mustaqil fikri boʻlmagan lapashang yigitga!”

Muyulishdagi zulukday qop-qora mashinaga suyanib turgan doʻppili yigit koʻziga tanish koʻrindi. Yigit ham xuddi uni kutayotganday Nozimaga qarab turardi. Esladi: kuyovjoʻra! Bu yoqimtoy yigitning oshkora shilqimliklari biroz hamiyatiga tekkan boʻlsa ham koʻnglida yoqimli bir tuygʻular uygʻotgan edi. Uch kun qayta-qayta qoʻngʻiroq qilib holi joniga qoʻymagan yigitning birdan jimib ketganiga avval hayron boʻldi, soʻng oʻz-oʻzidan xavotirlana boshladi. Hozir ham doʻppida turganini koʻrib, koʻnglida eng yaqin odamlariga nisbatangina his etish mumkin boʻlgan gʻalati bir tuygʻuni tuydi. U mashina toʻgʻrisiga kelgach, yigit yoʻl chetidagi ariqchadan sakrab, uning yoniga oʻtdi. Mungʻayibgina salom berib, koʻrishish uchun qoʻl uzatdi. Siniqqina ovozda ahvol soʻradi.

– Oʻzingiz yaxshimisiz? Tinchlikmi? – u qancha urinsa ham koʻnglidagi xavotirni yashira olmadi.

– Amakimning oʻgʻli… – yigit yerga qaradi. – Birga katta boʻlgan edik. Toʻrt kun avval Rossiyadan mayyitini olib keldik, kecha yetti edi…

– Qanday qilib?

– Hech narsani aniqlay olmadik. Begona yurt!.. Indamay olib kelaverdik. Qoʻli gul usta edi. Eshigining oldida mashinalar qalashib yotardi. Pul ishlab, xususiy ustaxona ochaman, mashina olaman, deb, chillasi ham chiqmagan kelinni tashlab, Rossiyaga ketib qoldi. Ketayotgan kuni ham kun boʻyi mashina sozlagan. Necha kishi “Mening mashinamni ham sozlab bering, keyin ketasiz”, deb yalinib qolgan. Bu boʻlsa, “Hoy, birodarlar, qoʻlimda biletim bor, meni tinch qoʻyinglar”, deb chala-chulpa yuvinib, aeroportga chopgan. Hamma “ajaliga shunchalar shoshgan ekan-da”, deyapti. Onasi bechora, “Bolam, boriga shukr qil, shunday kasbing bor, rizq-nasibang oʻz oyogʻi bilan kelib turibdi. Ketma”, deb qancha yalindi. U “Ona, mening hunarim – mening imkonim. Bunday imkoniyat bilan chet ellarda qoʻsh qavatli ustaxonalarga egalik qilish mumkin. Iltimos, mening yoʻlimni toʻsmang”, dedi. Ona shoʻrlik “Musulmonchilik astachilik bilan-da, bolam. Boʻladi, asta-sekin. Mayli, roʻzgʻorga bir tiyin berma, topganingni yigʻib, ustaxona qur, mashina ol. Oʻzingdan orttirguningcha, roʻzgʻorni oʻzimiz qilib turamiz”, dedi. “Yoʻq, yoʻq”, deb ketib qoldi. Oʻtgan hafta birga ketgan oʻrtogʻi “Mazasi yoʻq”, deb qoʻngʻiroq qilibdi. Amakim bilan yetib borgunimizcha, joni uzilibdi. Shuncha olis yoʻllardan oʻz oyogʻing bilan kelish qiyin, tobut koʻtarib kelish undan ham qiyin ekan. “Har ehtimolga qarshi, dori-darmonga kerak boʻlib qolar”, deb besh-olti soʻm olib chiqqan edik. Yoʻqsa…

– Bechora…

– Sizni ham izlay olmadim, oʻzim bilan oʻzim boʻlib qoldim. Xafa boʻlmadingizmi?

– Yoʻgʻ-e, nega xafa boʻlishim kerak? – Nozima boyadan beri oʻrtadagi chegarani unutib, shuncha nooʻrin hazillar qilgan butunlay begona yigitning ogʻziga tikilib oʻtirgani yodiga tushib qoldi. – Meni izlashingiz umuman shart emas.

Yigit yerga qarab, chuqur xoʻrsindi. Bir zum tin olib, soʻng Nozimani mashinaga taklif qildi:

– Yuring, uyingizga olib borib qoʻyaman.

– Yoʻgʻ-e, – astoydil rad qildi Nozima. – Ozgina qoldi, oʻzim ketaveraman.

– Hali ancha bor-u. Iltimos, yoʻq demang, koʻchalaringizning boshiga olib borib qoʻyaman-u, ketaveraman. Yoʻlim ham oʻsha yoqqa edi. Xoʻp, deya qoling. Oʻzim juda siqilib turibman, hech oʻzimga kela olmayapman. Sizni koʻrib, sal koʻnglim yozildi. Yuring endi…

Nozima bir zum ikkilanib qoldi. Ich-ichida nimadir “Bor, bor!” deb, mashinaga chiqishga undab turardi. Bir mashinaga, bir qarshisida oyoqlariga yiqilguday boʻlib turgan xushsurat yigitga qaradi. Borar manzili ham uzoq edi. Uyam ariqchadan sakrab oʻtdi…

Did bilan bezatilgan mashina salonida xushboʻy atir hidi dimoqqa urildi.

– Mashinamni undan boshqa hech kimga koʻrsatmas edim. U mening mashinamda yurishni yaxshi koʻrardi. Endi shu mashinani unga sovgʻa qilib yubormaganimga armon qilaman. Agar shunday qilganimda, u Rossiyaga ketmasmidi?

Yigitning jigariga atalgan samimiy mehri, totli iforlar kezinib yurgan yumshoqqina mashina, yoʻl chetida “zip-zip” etib, ortda qolib ketayotgan nim yashil dunyo – hamma-hammasi Nozimaga tobora yoqib borardi. Uylariga buriladigan muyulish bir pasda koʻrina qolganidan xafa boʻldi: “Buncha tez!..”

Yigit muyulishga yaqinlashganda mashinasini ohistagina yoʻl chetiga toʻxtatib, orqaga burildi:

– Mana, uyingizga ham yetib keldik… Biron joyga borib, bir-bir piyoladan choy ichsak-ku, yaxshi boʻlar edi. Ammo siz… rozi boʻlmaysiz-da.

Nozima bosh chayqadi:

– Buning hecham iloji yoʻq. Rahmat, sogʻ boʻling.

Soʻng shoshib mashinadan tushdi-da, ortiga ham qaramasdan tez-tez yurib ketdi. To koʻchalariga burilguncha uni boshdan oyoq kuzatib turgan oʻtli nigohni his etganidan oyoqlari necha bor chalishib, oʻzi qora terga tushib ketdi. Hayajondan yuragi gup-gup urar, har qancha urinmasin, yoʻli unmas, toʻrt qadam naridagi uyiga yeta olmas edi. Darvoza oldida qaynotasiga toʻqnashib ketishiga sal qoldi:

– Oʻ, pirim! Nimaga buncha hovliqib yuribsan? – dedi Olloqul bobo hayron boʻlib.

– Oʻzim… – xijolat boʻlganidan biron tayinli javob ham topa olmadi.

Xonasiga kirib, eshikni ichkaridan ilgaklab oldi-da, oʻzini karavot ustiga tashladi: “Bunchalar kelishgan, bunchalar yoqimli yigit ekan-a!..”

Ancha vaqt koʻchalik kiyimlarini ham yechmasdan shu ahvolda yotdi. Yotib-yotib zerikdi. Koʻngli koʻzlariga iltijo bilan boqib turguvchi oʻsha xushsurat yigitning suhbatini qoʻmsadi: “Bir aylanib kelsam boʻlar ekan. Nimagayam shu gʻurbatxonaga shoshdim. Bu yerda mening hech kimga keragim yoʻq”.

Kechqurun Mastura qoʻngʻiroq qildi. Qaniydi, yuragiga sigʻmay borayotgan kechinmalarini unga aytishning iloji boʻlsa edi! Noiloj, boʻgʻziga tiqilib turgan hissiyotlarini ichiga yutib, undan ahvol soʻradi:

– Tomosha yaxshi boʻldimi?

– Nima desam ekan? Oʻquvchi qizlarning rolini oʻttizga kirgan aktrisalar koʻkraklarini lorsillatib oʻynab yotibdi. Maktab formasini kiydirib, sochiga bantik taqdirgani bilan oʻttiz yashar ayol oʻn toʻrt yoshli qizaloqqa aylanib qolmaydi-da. Erkaklarimiz rosa kulishdi: “Shunday oʻquvchilarimiz boʻlsa, juda qiyin boʻlar edi, dars oʻtolmas edik” deb.

– Nomardlar! Teatrda rol boʻlish ham maktabda dars boʻlishday gap-da. Kim rejissyorga yaqin boʻlsa, necha yoshda boʻlishidan qatʼiy nazar rol olaveradi-da.

– Shunday boʻlgach, bu teatrga kim kiradi?

Oradan uch kun oʻtib, yoʻl chetida toʻxtab turgan tanish qora mashinani koʻrib, koʻzlari yonib ketdi. Oʻzidagi bu holatdan oʻzi uyaldi. Xuddi koʻrmaganday yerga qarab oʻtib ketmoqchi boʻldi. Ammo qarshisida paydo boʻlgan yigit hamma “reja”larini barbod qildi.

– Assalomu alaykum. Ahvollaringiz yaxshimi? – u hali salomiga alik olib ulgurmasdan koʻrishgan qoʻlidan ushlab, mashina tomon tortqiladi. – Yoʻlim shu yoqqa edi, yuring, uyingizga tashlab oʻtaman.

– Yoʻq, oʻzim boraveraman, – yuragi boʻgʻziga tiqilgudek gupillab urib yotgan boʻlsa ham astoydil rad qildi Nozima. – Siz ovora boʻlmang.

– E-e, ovorasi bor ekanmi! Yuring endi, yanga!

Nozima noiloj qoldi, u oʻzini rad qilsa ham, qoʻlini qattiq siqib olib “yanga”layotgan yigitni rad eta olmadi.

Ular mashinaga oʻtirishgach, yigitning kayfiyati koʻtarilib ketdi:

– E-e, rahmat. Endi yanga, ikki ogʻiz suhbatingizga koʻngil ketdi. Xoʻp desangiz, bir ajoyib joy bor, toʻrttagina gurung qilib qaytamiz. Qarang, havo qanday yumshoq, atrof goʻzal. Men esa oʻzimni qoʻygani joy topa olmayapman. Uyga ham borgim kelmayapti. Iltimos…

Uning ham sira uyga borgisi yoʻq, ammo hammaning oldida oshkora koʻz qisgan begona yigit bilan allaqayerlarga borish…

– Yoʻq, toʻxtang! Toʻxtating, deyapman sizga!

Yigit mashinani yoʻl chetiga ohista toʻxtatib, orqa oʻrindiqqa oʻgirildi: koʻzlarida ming yillik gina.

– Nima boʻldi sizga? Shunchaki, koʻngil ikki ogʻiz suhbatingizni istagan edi, xolos. Olma emassiz-ku, ogʻzimga solib, yeb qoʻysam, – u astoydil xafa boʻlgan edi.

Nozima yerga qaradi.

– Yoʻqmi? – soʻradi yigit.

– Birov-yarim koʻrib qolsa… Bu yerda hamma bir-birini taniydi.

– E-e, Nozimaxon, siz bilan kimning necha pullik ishi bor? Xoʻp, desangiz, shunday bir joyga olib boramanki, u yerda sizni hech kim tanimaydi. Juda goʻzal joy, mazza qilasiz. Garantiya! Yarim soat vaqt ajratsangiz, boʻldi. A-a? Rozimisiz?

Nozima xavotir bilan atrofga qaradi. Birovning mashinasida bu xil oʻtirish yurishdan ham shubhali edi.

– Boʻpti, qoʻymadingiz siz ham!

– Bu boshqa gap! O, yest! – yigit gazni bosdi, mashina chiyillab oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Bir zumda oldindagi mashinalarni quvib oʻtib, shahar tashqarisiga chiqdi. Temir yoʻl yoqalab ketadigan xilvat yoʻlda ancha yurishgach, bir tepalikdan oʻtib, koʻm-koʻk koʻl boʻyida joylashgan moʻjazgina dala hovliga yetib kelishdi. Yoshi oʻtib qolgan soch-soqoli oʻsiq bir odam, aftidan qorovul boʻlsa kerak, Nozimaga bir qarab qoʻyib, darvozani ochdi. Yigit u bilan quchoqlashib koʻrishdi:

– Biron narsangiz bormi, togʻa?

Togʻa xushnud jilmaydi:

– Hamma narsa bor. Xoʻjayin hozirgina mehmonlari bilan chiqib ketgan edi. Mehmonxonaga kiravering, hozir dasturxon tuzayman.

Yigit kuldi:

– Sal ertaroq kelsam boʻlar ekan, dadamni kelinlari bilan tanishtirib qoʻyardim.

Togʻa jilmayib, oʻchoqxona tomon ketdi, Nozimaning qovogʻi uyuldi. “Bu bola nima deb oʻylayapti? Telefon raqamimgacha aniqlagan-u, ikki bolam borligidan bexabarmikin?”

Ular uzun yoʻlakdan oʻtib, keng, hashamdor mehmonxonaga kirishdi. Ularning izidan patnis koʻtarib kirgan togʻa bir pasda dasturxonning ustini toʻldirib tashladi.

– Ovqat ham suzaymi?

– Yarim kosadan.

Oʻrtadagi stol judayam uzun va enli edi. Yigit Nozima oʻtirgan oʻrindiqning yoniga joylashdi.

– Sizdan uzoq boʻlib ketmayin. Qani, tezroq iching, koʻl boʻyiga olib tushaman. Qayiq bor, istasangiz, qayiqda aylanamiz.

Xonadagi shohona jihozlar, stol ustidagi anvoyi noz-neʼmatlar, yonida tavoze qilib turgan xushkalom yigit – barcha-barchasi uning xizmatiga shay ekanligi Nozimaning koʻnglini toʻldirdi: “Qanday yaxshi!”

– Ha, aytmoqchi, siz mening ismimni bilasizmi? Shuncha qoʻshiq aytdim, shuncha hasrat qildim, lekin ismimni aytmabman. Ismim Hamdam. Otam suv xoʻjaligida ishlaydi, onam ham otam bilan birga ishlaydi. Oltita opam bor, sizga oʻxshaydiganini topa olmaganim uchun haligacha uylanganim yoʻq.

U ismini aytayotgan payt Nozimaning qoʻlini ushladi va keyin qoʻyib yubora olmay qoldi. Nozima ham indamay yerga qaradi. Hamma-hammasi unga juda yoqib turgan edi.

– Boʻldi, ortiq chiday olmayman, – u shahd bilan Nozimaning belidan ushlab, bagʻriga tortdi. – Men sizsiz yashay olmayman, – yutoqib uning yuz-koʻzlaridan, boʻyinlaridan oʻpa ketdi. Avvaliga “voy” degan Nozima xuddi shunga ilhaq boʻlib turganday yigitning qaynoq bagʻriga singib ketdi. Hamdam esa uni dast koʻtarib, toʻrda eshigi ichkariga ochiladigan xonalarning biriga olib kirdi. Bu derazasiga qalin darpardalar tutilgan, oʻrtada pushtirang choyshab yopilgan ikki kishilik divan yastanib yotgan yotoqxona edi…

– Nozima, nega bunchalar chiroylisiz? – anchadan soʻng ehtiroslar qongach Nozimani savolga tutdi. – Shu paytgacha sizsiz qanday yashagan ekanman, bilmayman. Ammo bilganim shuki, endi sizsiz menga hayot yoʻq.

Baxtdan sarmast Nozima koʻzlarini yumdi, u bu lazzatli onlarning yanada uzoqroq choʻzilishini, terdan hoʻl boʻlib ketgan peshona sochlarini barmoqlari bilan tarab, namchil yuzlaridan ohistagina oʻpib, erkalab yotgan yigitning quchogʻida yanada koʻproq qolishni istar edi. Ammo…

– Hamdam, – dedi u qoʻrqibgina, – nega taqdir bizni oldinroq uchrashtirmadi. Masalan, men turmushga chiqqunimcha… Bilasiz, mening erim, bolalarim bor.

– Buning nima ahamiyati bor? Biz shunday qilamizki, eringiz bizning uchrashishimiz uchun oʻzi sharoit yaratib beradi.

– Qanday qilib?

– Masalan, men uning eng yaqin doʻstiga aylanaman. Istagan paytingiz men bilan istalgan joyga borishingiz mumkin boʻladi.

Yoʻq, Nozima istayotgan narsani Hamdam tushunmadi. “Qaniydi… Qaniydi ular yetti yil avval uchrashishganida, shu kelishgan, oʻktam yigit yoʻllarini poylab yurganida va bir umr faqat uniki boʻlib qolganida! Bir umr!”

Birdan uyi yodiga tushib, yuragi siqildi. Hamdam ham burchakdagi televizor ustida turgan soatga koʻzi tushib, “Oʻh-hu-u!” dedi-yu, shkafdan bir sochiq olib yarim yalangʻoch holda tashqariga yugurdi. Bir pasda qaytib kelib, Nozimaning qoʻliga ham bir sochiq tutqazdi: “Qoʻshni eshik – vanna. Tez boʻling, yana uyingizga kirgizmay qoʻyishmasin”.

Ular yoʻlda deyarli gaplashishmadi. Orqa oʻrindiqning nimqorongʻu burchagiga tiqilib olgan Nozima mashinani uchirib borayotgan Hamdamni bir narsa deb chalgʻitishdan qoʻrqar edi.

Hamma uyda, bolalarni allaqachon bogʻchadan olib qaytishgan edi. Qaynonasi qovoq-tumshuq bilan salomiga zoʻrgʻa alik oldi. Qaynonasining odati shunday, uncha-munchaga gapiravermaydi. Xafa boʻlsa, qovoqlarini uyub olib, indamay yuraveradi, ish ham buyurmaydi, qilmading ham demaydi. Eri esa ostona hatlar-hatlamas, zahrini sochdi:

– Oʻsha maktabingda yotib qolsang ham boʻlardi! Oʻ, uying borligi yodingdan chiqib ketdimi?

Nozima achchiqni achchiq kesar qildi, uyam eriga bobillab berdi:

– Men oʻynab yurganim yoʻq. Ertaga vazirlikdan komissiya kelarkan, hujjatlarimni tartibga soldim.

– He-e, oʻsha komissiyangga qoʻshib!..

– Iltimos, ochman, charchaganman. Asabimni buzmang, – u erini yoʻlidan nari surib qoʻyib, kiyimlar turadigan shkafning yoniga oʻtdi. Shkafdan uyda kiyadigan koʻylak-lozimini olib, erining chiqib ketishini kutdi. “Xuddi begonalardek. Koʻnglimda zarracha iliqlik yoʻgʻ-a…” hayron boʻldi oʻz-oʻziga. Sardor oshkora zarda bilan chimirilib turgan xotiniga bir oʻqrayib, tashqariga chiqib ketdi.

Nozimaning koʻngli xavotirga toʻlib turgan boʻlsa ham, juda baxtiyor edi. Ayni paytda dunyoda uning kayfiyatini buza oladigan kuch yoʻqdek edi. Kiyimini almashtirib, oʻringa choʻzildi. Qoʻllarini boshining tagidan oʻtkazib, mazza qilib kerishib oldi. Hech kim hech narsa demasa, soʻramasa, indamasa, yotsa, yotaversa oʻz xayollari bilan!.. Xonani asta-sekin qorongʻulik egalladi, kun botib borardi. Derazadan chiroqning yorugʻi tushdi. “Chiroqni yoqishdi”. Eshik gʻiyq etib ochildi. Nimadandir hayiqib oʻgʻli kirdi:

– Ona, ovqat suzarkansiz?

– Boʻpti!.. – jerkib javob berdi u. “Otasining oʻzi!”

Bola nimanidir soʻramoqchi shekilli, ostonada moʻltayib turib qoldi:

– Bor, boraver. Nimaga serrayib turibsan? Hozir boraman, dedim-ku.

– Ona!

– Ha-a? Yana nima?

– Men uchta harf oʻrgandim, – bolaning koʻzlari yolqinlanib ketdi. – Men sizga “Ona” deb yozib beraymi?

Nozima shundagina bolaning qoʻlidagi daftar-qalamni koʻrdi.

– Uf-f! Boshimni ogʻritma. Bor, “ket”, degandan keyin ketavermaysanmi? – “Oʻttiz ikki harfni bilgan otang nima karomat koʻrsatayapti-ki, sen uch harfni bilib, togʻni endirib berarmiding?”

Bola yigʻlab yubormaslik uchun pastki labini tishlab, bir zum ostonada turib qoldi, soʻng indamay ortiga burilib ketdi.

Nozima oʻrnidan turdi, nimagadir badani junjikdi. Issiq xalatini kiyib, boshiga roʻmol tangʻib oldi. Uzun ayvondan oʻtayotib, telefon apparati turgan deraza tokchasiga bir qarab qoʻydi. Yuragi gʻalati hislar bilan orziqib ketdi. Keyin shoshib, oshigʻich bir xavotir bilan atrofga qaradi. Qarshisidagi eshikdan qaynonasi chiqib keldi. Nozima koʻnglidagi oʻylar oshkor boʻlib qolganday yuzlari duv etib qizardi.

Qaynonasi qozonni toʻldirib, mastava qilgan ekan. Hammaga bir-bir kosa suzib, dasturxonga qoʻydi. Guruchlari ezilib, boʻtqaga aylanayozgan mastavani koʻngli tortmadi, ammo eri “Qayerda qorin toʻygʻazib kelding?” deb toʻngʻillamasligi uchun oʻziga ham bir choʻmichgina suzib, xontaxta yoniga choʻkdi.

– Men bunday ovqat yemayman. Menga tuxum qovurib berishsin! – birinchi boʻlib oʻgʻli kosasini nari surib qoʻydi.

– Menga ham tuxum! – qizi ham qoshigʻini xontaxtaga bir urib, oʻzi orqaga surilib oʻtirdi.

Momoning kayfiyati tushib ketdi. Ularni erkalab, insofga chaqira boshladi:

– Yoʻq, bolajonlarim, ertalab ikkitadan tuxum yegan edilaring. Bugunga boʻladi. Yana yesanglar, ogʻirlik qiladi, kasal boʻlib qolasizlar. Kim ovqatini oxirigacha ichib qoʻysa, ertaga men bilan ammanikiga boradi.

Momo ovqatining narxini oshirib yubordi:

– Rostdanmi, aldamaysizmi?

– Bogʻcha-chi?

– Bir kun bogʻcha sizlarsiz yashab tura qoladi.

– Ur-re!

Bolalar kosalariga yopishib ketdi.

Nozima kosasini qoʻllariga ushlab olgancha ishtaha bilan chalpillatib ovqat yeyayotgan qaynonasiga qarab gʻashi keldi: “Xuddi boli bordek!” Kampir ovqatini oxirigacha ichib, keyin koʻrsatkich barmogʻi bilan kosaning girdini sidirib oldi. Soʻng oʻrtada turgan tuzlamaning suvidan miriqib simirdi. Shoʻr suv koʻngil xumorini oxirigacha qondirmadimi, katta bir pomidor olib, erinmasdan poʻstlogʻini shilib, soʻng butunicha ogʻziga tashlab qoʻydi. Nozimaning “dod” deb yuborishiga bir bahya qoldi, lekin “uf” tortishdan oʻzini tiya olmadi. Kampir yalt etib, avval keliniga, soʻng nevaralariga qaradi. Bolalar indamay ovqat yeyishar edi. Unda “uf” nima uchun? Keliniga bu uyda koʻp narsalar yoqmasligini momo yaxshi biladi. Oʻziyam ochiq aytgan, “onamnikiga borsam, shu uyga sira qaytgim kelmaydi”, deb. Onasining uyi bilan ora yarim soatlik yoʻl. Ertalab ketib, kechgacha dunyo-dunyo gʻiybat qilib, mehri qonib, qaytib kelishi mumkin, ammo u uch kunsiz qaytmaydi. Onasining uyiga boradigan boʻlsa, maktabdagi ishlar ham bemalol boʻlib qoladi.

Bunchalar yoqmas ekan, nega turmushga chiqding? Seni ilgarigi zamonlardagidek qilib, paranji chachvonda chimildiqqa kirgizib, keyin ering bilan koʻrishganing yoʻq-ku. “Qachon qarasangiz, kulib salom beradi, shu qizni bir surishtiring”, degan edi oʻgʻli, “koʻz ostiga olganing boʻlsa, ayt” deganda. Qizning qarmogʻi kulib qaragani-da. Oʻzi qarmoq tashlab, tegib oldi. Endi!..

Kampir qancha oʻylasa ham kelinining oshkora gʻijinishining sababini topa olmadi. Ichi qizidi, yana indamadi. Ke-e, qoʻy! Yana bir narsa desa, shusiz ham sovugan oshdek koʻngilni yaxlatib turgan roʻzgʻor zahar-zaqqumga aylanib ketishi mumkin.

Ikkinchi boʻlib, Sardor kosasini boʻshatib, non boʻlaklari bilan kosa girdidagi ovqat yuqlarini sidirib yeyishiga qaraganda, qorni toʻymagan. Kelin esa indamay kosasini ermak qilib kovlash bilan ovora. Kelin boʻlib tushgan kundan buyon odati shu. Dasturxon boshiga bir oʻtirilgandan soʻng, biron bir zarurat uchun oʻrnidan turish uning uchun oʻlim bilan barobar. Dasturxon yozib bir oʻtirdimi, tamom. Keyin faqat dasturxon yigʻish uchun turishi kerak. Endi kelin boʻlib tushgan kunlari Sardor uchalalari oʻtirishgan edi. Qoʻlsochiq kerak boʻlib qoldi. Sardor “lip” etib turib, sochiq olib keldi. Kelin sochiqqa qoʻlini arta-arta gapirdi: “Dasturxon boshida qayta-qayta turishni juda yomon koʻraman”. Sardor unga tushuntirdi oʻzicha: “Sen bu ishni yomon koʻrma, sevib qil. Axir sen kelinsan. Aks holda senga ham, boshqalarga ham qiyin boʻladi”. “Hecham-da, menga hech qachon qiyin boʻlmaydi. Men faqat oʻzim yoqtirgan ishlarni qilib oʻrganganman. Boshqalarga qiyin boʻlsa, oʻzidan koʻrsin”, dedi kelin. Oʻshanda Robiya xolaning ogʻzi ochilib qolgan edi. Sardor ham nima deyishini bilmay qoldi. Bir narsa desa, bir haftalik kelin, hali qarab-qarab husniga, hidlab-hidlab boʻyiga toʻymagan. Demasa… Demadi. Demay qoʻya qoldi.

Kampir oʻgʻlining kosasiga qoʻl uzatdi:

– Ke, bolam, yana bir choʻmich suzib kelayin.

Sardor onasining qoʻlini nari surib qoʻydi-da, boʻshagan kosani toʻq etkizib, Nozimaning oldiga qoʻydi.

– Egasi suzib keladi.

Oʻrtaga sovuq jimlik choʻkdi. Nozima bir zum kosasiga qarab turdi-da, xuddi haqorat qilingandek, chimirilib oʻrnidan turdi. Oʻzining ham, erining ham kosasini olib, oshxonaga chiqib ketdi.

– Ona, buningiz hech qachon odam boʻlmaydi.

Kampir indamadi.

Shu payt eshikdan kosa koʻtarib kirgan Nozima zahrini ichiga yutib keta olmadi:

– Sizga odam emas, hali sochiq, hali qoshiq uzatib turadigan robot kerak.

Robiya xola yalt etib eriga qaradi. Kelinning bu odobsizligi eng avvalo qaynotasiga nisbatan behurmatlik edi. Olloqul aka esa indamay allaqachon boʻshagan kosasiga engashdi. Sardor tishlanib, xontaxtaga musht urdi. Nozima esa hech narsa boʻlmaganday ovqat suzilgan kosani dasturxonning bir chetiga qoʻydi-da, indamay chiqib ketdi.

Kechasi er-xotin jiqqamusht boʻlib urishdi.

– Lash-lushlaringni yigʻ-da, ertaga ertalab uydan chiqib yoʻqol. Kechqurun kelganimda qorangni ham koʻrmayin! – qatʼiy talab qildi Sardor.

– Sizning ham qorangizni koʻraman, deb oʻlib turganim yoʻq. Haydamasangiz ham ketmoqchi boʻlib yurgandim. Hammalaringdan toʻyib ketdim. Shu uyni ham, shu uyda yashovchilarni ham hech qachon koʻrmasam, deb orzu qilaman.

– Orzuingga yetgin, iloyim. Lekin bolalar men bilan qoladi.

– Tushingizni suvga ayting. Bola har qanday vaziyatda ona bilan qolishi kerak.

– Hali sen onamisan?! Shu bolalarga hech onalik mehri berdingmi? Bir ishtonini bulgʻasa, oʻzingni osib qoʻygudek boʻlar eding-ku. Ularni onam katta qildi-ku, koʻrnamak! Ona! Ona emish bu kishi.

– Har narsa deb laqillayvermang, aliment toʻlamaslikning yoʻlini axtarayapsizmi? Aliment ham toʻlaysiz, bizga alohida uy ham olib berasiz. Toʻqqiz oy qornida koʻtarib yurgan, koʻkragidan sut bergan kim?

– E-e, it ham tugʻaveradi. Senga bola kerak emas. Shu bolalarni deb besh-olti soʻm pul undirsang, uy oldirsang! Olib ketsang ham, sen ularga qaramaysan. Onangga osib qoʻyasan. Bechora bolalar aka-ukalaringning bolalaridan tayoq yeb, xoru zor boʻlib oʻsishadi.

– Mening onam bilan jiyanlarim oʻgay onachalik zulm oʻtkazishmas. Men tirikman-ku.

– E-e, bor-ye! – Sardor yostigʻi bilan yopingʻich koʻrpasini olib, mehmonxonaga chiqib ketdi: “Turqingni koʻrmay. Senday ahmoq bilan yashagandan koʻra bir umr yolgʻiz oʻtganim afzal. Bunga ish yoqmasa, odam yoqmasa! Bir umr hammadan norozi!”

Ammo Nozima ketmadi. “Ketaman,” deb eri bilan bab-baravar tillashgan boʻlsa ham, onasining qoʻsh kelinli tor-tanqis uyiga ikki bolasini yetaklab kirib borishni oʻziga ep koʻrmadi. Sal narsaga “kelaver, bolam”, deb turadigan onasiga ham uch kishi boʻlib, koʻchib borsa, yoqmasligi tayin. Qani alohida uyi boʻlsa! Ikki xonaligina boshpana boʻlsa ham mayliydi. Erta-yu kech shu qaynota-qaynonaning qovogʻiga qarab, ularning mehmonini kutib yashash joniga tegdi. Bolalari bogʻchaga qatnaydi, oʻzi yanayam koʻproq dars oladi. Topgani oʻziniki, nima istasa, shuni oladi. Qachon qayoqqa borishni xohlasa, oʻsha yoqqa boradi.

Afsuski, oʻsha ikki xonali boshpana ham yoʻq.

Erta bilan turib, hech narsa koʻrmaganday hovli supurdi, oftobalarni iliqqina suv bilan toʻldirib qoʻydi, nonushta hozirladi, lekin erining yoniga kirmadi.

Sardor ham shakarob qilib suv sepib, supurilgan hovlida gʻimirsib yurgan xotinini koʻrib, koʻngli taskin topganini his qildi. Bu ayoldan qanchalar koʻngli qolgan, u bilan orani ochishni qanchalar istayotgan boʻlmasin, ayni paytda uning bolalarni yetaklab, hovli-joyni huvullatib, hamma ishni keksa onasiga tashlab ketib qolishidan juda qoʻrqar edi. Ammo ich-ichidan xotinining “qolgin” deb yalinsa ham ortiga qaramay ketib qoladigan kunlarini kutib yashardi. U baribir ketadi. Ketsin, faqat oʻzi xohlab, oʻzining aybi bilan ketsin, toki bir kun kelib, bolalaringni yetim qilding, deya Sardorning yuziga hech kim taʼna qilmasin. Ketsin, Sardor uni ahdidan qaytarishning ilojini topolmay qolsin. Shunda hammaga yaxshi boʻladi. Sardorning ham vijdoni qiynalib yurmaydi.

Nozima yengilgina nonushta qildi-da, qaynonasiga “Bolalar turishmadi, bogʻchaga bobosi olib borar”, deb ishiga joʻnadi. Na kecha haydab solayotgan er bir narsa dedi, na “oʻlaman sattor, ketaman”, deb yotgan Nozima bir narsa dedi.

“Oʻzi, oʻzi ketsaydi! Oyoqlariga yiqilsam ham ortiga qaramasdan, bolalarga ham etak silkib ketib qolsaydi!..”

“Ikki xonaligina boshpanam boʻlsaydi, shularning basharasini koʻrmay erkin yashasaydim!..”

Bir zamonlar ikkalasining ish joyi boshqa-boshqa tomonlarda boʻlsa ham Sardor har ertalab Nozimani maktabiga olib borib qoʻyardi. Keyin-keyin “Benzinim kamroq edi”, deb uzr soʻraydigan boʻldi. Bora-bora har kim oʻz yoʻliga, oʻz holicha ketadigan boʻldi.

Nozima endi muyulishga yetganda eri mashinada “gʻuv” etib yonginasidan oʻtib ketdi. Hali ancha barvaqt boʻlishiga qaramay koʻcha toʻla odam, hamma qayergadir shoshgan, begʻam, betashvish dunyo ertalabki bahor epkinidan rohatlanib, bahor gullari bilan bezangan yam-yashil libosini koʻz-koʻz qilib yotar edi. Nozima turmush tashvishlaridan, uyidagilardan har qancha bezgan boʻlsa ham, ularga xiyonat qilishni sira xayoliga keltirmagan edi. U boshqarilishdan, kuzatilishdan, nazoratdan, bir xillikdan, xullas, yana koʻp narsalardan juda charchagan edi. U onasining uyidagidek erkinlikni qoʻmsar edi. Oʻzi istagan payti yotsa, istagan payti tursa, istagan ishini qilsa… Yoʻq, onasining uyida ham shu ish, shu tashvishlar. Joyi kelsa, onasi ham unday qilma, bunday qilma, deb tanbeh beraveradi. Ammo onasining uyidagi yumushlar ham, onasining dakkilari ham unga sira malol kelmaydi. Qaynonasining esa yaxshi gapi ham yoqmaydi. Ayniqsa, gap talashib qolishsa, bolalarini olib ketib qolmasin, deb tilyogʻmalik qilishga oʻtib olsa, koʻziga toʻngʻizga oʻxshab koʻrinadi. Butun aʼzoyi badaniga tamaki, ter va oʻtkir atirlarning omuxta hidi oʻrnab ketgan eri bilan yaqinlik qilishga sira toqati yoʻq. Uning yonida koʻngli ayniydi va buni yashirib ham oʻtirmaydi. Ochiqdan ochiq burnini jiyirib, “Yuvinib yursangiz boʻlmaydimi?” deyaveradi. Baʼzan rad qilingan er haftalab joyini boʻlak qilib, durust gaplashmay yuradi. Uning rashkini qoʻzgʻatish uchun kech keladi. Nozima erini bilmasa ekan, oʻz xotinining koʻnglini topa olmagan erkakka oʻynash yoʻl boʻlsin. “Bilganingni qil”, deb ikki kishilik keng karavotda mazza qilib yotaveradi. Keyin ona-bola oʻrtasida gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir munozara boshlanadi: “Ona, shuningizning javobini beraman. Toʻydirib yubordi”. “Qoʻysang-chi, bolam. Ikki bolaning uvoliga qolma. Hamma xotin bir xotin. Yana birovni olsang ham shu gʻalva, shu tashvish. Bolalaringning boshiga oʻgay ona zulmini solganing ziyoda boʻladi, xolos. Tinchgina oʻtir”.

Shundayam qaynonasiga koʻngli ilimaydi. Chunki kampir uni emas, bolalarni oʻylab, oʻgʻlini murosaga chaqirayapti. Hech qachon “Hoy, oʻgʻlim. Shuyam odam bolasi. Undayam koʻngil bor. Jonidan biron issiq-sovuq oʻtgan joyi bordir. Bir koʻnglini soʻra, nimadan norozi, nima istaydi? Bir joylarga aylantirib kel. Yosh narsa, koʻngli yoziladi”, demaydi. Qachon qarasang, “Bolasi bor!”, “Bolalar bor!”. Goʻyo dunyoda boladan boshqa hech narsa yoʻqdek. Faqat bola, bola!

“Ba-app!” etgan signal tovushidan choʻchib tushdi. Yuragi orziqib, tovush kelgan tomonga qaradi. Yaraqlatib yuvilgan zulukdek mashinada Hamdam “bopladimmi?” degandek iljayib turardi. Yuzlari lov etib yonib ketgan Nozima yuragi unga tomon potirlab turgan boʻlsada, bosh irgʻab, salom bergan boʻldi-da, yoʻlida davom etaverdi.

“Ie, bu nima qilgani?!” Hamdam mashinadan sakrab tushib, Nozimaning izidan qichqira boshladi:

– Hey, yanga! Yanga-a!

Nozima toʻxtadi: “Ha, qaynim? Muncha shovqin qilasiz?”

– Maktabingizda ishim bor edi. Yuring, olib borib tashlayman.

Nozima yon-veriga qaradi. Baxtiga oʻtib-qaytayotganlar orasida bironta ham tanish uchramadi. Hamdamning aytganini qilmasa, “Yanga, yanga”lab boʻlsa ham mashinasiga sudrab kirgizadiganday koʻrindi. Bu yoqda koʻngli qurgʻur ham “Bor, bor, hech kim yoʻq-ku!” deb turardi.

– Ie, nega bunday qilasiz, yanga? – mashinaga oʻtirgandan keyin ham Hamdam oʻpkalanishni qoʻymadi. – Oʻzi tongni zoʻrgʻa ottirgan edim. Yuragim yorilib ketay, dedi-ya.

– Bilmasam, oʻzingiz shunchaki koʻcha tomosha qilib turgandirsiz, deb oʻylabmiz-da, – nozlanib kuldi Nozima.

– Ha, yondirasiz, kuydirasiz, kul qilasiz!

– Hay, menga qarang, Hamdambek, ikkinchi munday qilmang. Men oilali ayolman. Beobroʻ boʻlib qolishim mumkin. Xoʻpmi?

– Ilojini topolmasam-chi?

– Iltimos, Hamdam. Mening oʻrnimga opangiznimi, singlingiznimi, qoʻyib koʻring. Yaxshi ish qilmayotganimni ana shunda tushunarmidingiz… – bu gaplarning hammasi shunchaki yoʻliga, oʻzining narxini oshirish uchun aytilayotganini Nozima ham, Hamdam ham yaxshi bilardi.

– Yaxshi, tushundim ham deylik. Ammo bu bilan nima oʻzgaradi? – peshoynadan Nozimaga tikildi. – Uchrashib tursak, buning nimasi yomon. Kecha… yomon boʻldimi? Odam dunyoga bir marta keladi, jonim, toʻrt kunlik dunyoning lazzatlaridan foydalanib qolish kerak. Eringiz masalasiga kelsak, unga kim borib, suyunchi soʻrayapti. Ozgina hushyor boʻlsak, olam guliston.

Uning bahosi juda tushib ketdi. Toʻrt kunlik dunyoning koʻngil ochar ermagi!..

– Hamdam, siz meni kim deb oʻylayapsiz? – beixtiyor oʻzini oqlay boshladi u. – Kecha oʻzim ham bilmaganman bu holatga qanday tushib qolganimni. Endi meni tinch qoʻying.

– Yanga-a! – Hamdam ovozini balandlatib poʻpisa qilgan boʻldi. – Arazlayvermang, endi. Agar yana bir narsa desangiz, maktabingizga kiraman-da, hamma oʻqituvchilarni yigʻib, “Men Nozimani sevama-an!”, deb baqiraman. Har kun ertalab eshigingizning oldida, tushdan keyin maktabning oldida mashinamni koʻndalang qilib turaveraman.

– Xoʻp, xoʻp, oʻylab koʻraman. Mashinani toʻxtating! – ular maktabga yaqinlashib qolgan edilar.

– Faqat qisqaroq oʻylang, oʻy odamni qaritadi. Buning ustiga juda sogʻinganman. – Hamdam xushnud holda mashinani chetga olar ekan, Nozimaning qoʻliga kichkinagina qogʻozcha uzatdi. – Bu yerda mening qoʻl telefonim yozilgan. Vaqt topib, menga telefon qiling, qachon, qayerda uchrashishimizni kelishib olamiz. Sizga ajoyib sovgʻam bor.

Nozima shoshib qogʻozni oldi-da, buklab-buklab sumkasining eng ichki choʻntagiga soldi, oʻzi mashinadan tushdi-yu, xayr-maʼzurni ham nasiya qilib, urra qochdi.

“Bu yigit meni qoʻymaydi. Endi nima boʻladi? Shaharning yarmi erimning qarindosh-urugʻi. Birontasi koʻrib qolsa!.. Boʻldi, endi gaplashmayman”.

Turib-turib yuragi hapqirdi:

“Nima sovgʻa olgan ekan-a? Tilla boʻlsa kerak. Albatta, tilla! Shunday yigit arzimas atir-patirni sovgʻa deb yurarmidi? Qanaqa tilla ekan? E-e, kerak emas, tilla-pillasi. Endi gaplashmayman.”

Darsni qanday oʻtganini bilmadi. Jurnallar “5” va “4” baholarga toʻlib ketgan edi. Katta tanaffusga qoʻngʻiroq chalingach, yengil nafas oldi: “Yigirma daqiqagina oʻz xayollarim bilan qola oladigan boʻldim-a”. Bolalar sinfdan chiqib ketgach, sumkasidan sekingina haligi qogʻozchani oldi: “Yirtib tashlayman”. Ammo qogʻozdagi raqamlar bir qarashdayoq yuragiga yozilib qolgan edi: “Baribir qoʻngʻiroq qilmayman. Yoʻq, qoʻngʻiroq qilib, boshqa ovora boʻlmasligini tushuntiraman”.

…Uyda hech kim yoʻq ekan. Qaynotasi bogʻchaga ketgan, qaynonasi u kelgach, qoʻshninikiga chiqib ketdi, eri hali ishdan qaytmagan. Vaqtdan foydalanib, qoʻngʻiroq qildi: “Orani ochib qoʻya qolayin. Ertaga yana yoʻlimni toʻsib yurmasin”.

Hamdamning ovozi gʻala-gʻovur shovqinning orasidan zoʻrgʻa eshitildi. “Ha, oshna, sizmisiz? Yoʻqlaganingiz uchun rahmat. Ertaga soat bir yarimlarda “Nafis mollar” doʻkonining yonida sizni kutaman. Xoʻp, sogʻ boʻling. Bip-bip…”

U bir ogʻiz gap aytishga ham ulgurmadi. “Bip-bip”lab yotgan telefon goʻshagini lablariga bosib turib, ayvon derazasidan hovliga qaradi. Yetti yildan beri istab-istamay supirib-sidirib yurgan hovlisi koʻziga bir fayzli, ayni damda birovga qolib ketayotgan omonatga oʻxshab koʻrindi: “Bekor boʻldi hammasi…”

Ertasi kuni yoʻl ustidagi “Nafis mollar” doʻkonining yonida turgan Hamdamning mashinasiga indamaygina oʻtirdi. Hamdam juda xursand edi. Mashina sal siljigach, orqaga bir oʻgirilib jajjigina quticha uzatdi:

– Taqib koʻring-chi?

– Nima bu?

– Ochib koʻring-chi.

U qoʻrqibgina qutichani ochdi: oppoq fianet toshlar bilan bezatilgan nozikkina bilaguzuk!

U qoʻrqib ketdi va sekingina qutichani yopib qoʻydi:

– Men aytmoqchi edimki, munosabatlarimizni shu yerda toʻxtatsak. Bu ishlar menga munosib emas. Buni esa olib qoʻying.

– Menga qarang, Nozima! Har bir amerikalikning u oilalimi, yoʻqmi, bundan qatʼiy nazar, vaqti-vaqti bilan uchrashib turadigan kamida uchta doʻsti boʻlar ekan. Bu ularda normal holat hisoblanadi. Siz axir oʻqimishli, goʻzal ayolsiz, salgina zamonaviy fikr yuritishni ham oʻrganing-da. Koʻrib turibman, men ham sizga yoqaman. Siz-ku, jonimga balosiz. Hozir bir joyga olib boraman, sizning ham qoʻlingizda bitta kalit boʻladi. Kelishilgan paytda oʻzingiz borib oʻtiraverasiz. Men oʻz yoʻlim bilan boraveraman. Oʻsha uyning devorlaridan boʻlak hech narsa hech qachon bizni birga koʻrmaydi. Boʻladimi?

Nozima indamadi.

– Sovgʻam yoqmagan boʻlsa, derazadan uloqtirib yuboring. Men uni kimga beraman?

Shahar chetidagi koʻp qavatli uylarning biriga borishdi. Ikkinchi qavatda joylashgan uy ancha vaqtdan beri yopiq turgani uchunmi, issiq va dim edi.

Hamdam darhol derazalarni ochib tashladi. Qalin pardalar orasidan toza havo oqib kirdi, ammo xonalardagi qimmatbaho mebellar va yumshoq gilamlar ustini qoplagan chang kishini oʻzidan itarib turardi.

– Birontasini olib kelib, bir tozalatishim kerak ekan, – uzr soʻradi Hamdam. – Endi bu yerga tez-tez kelib turamiz-ku, a?

Qaynoq ehtiroslar boʻgʻzilariga tiqilib qolgan boʻlsa-da, ular tez qaytishdi. Ertaga Robiya kampirning tugʻilgan kuni edi. Hamdam ham qayoqqadir shoshib turardi. Shunday boʻlsa-da, norozi boʻldi:

– Uf-f, buncha tez! Yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Hech boʻlmasa bir kecha tong otguncha bagʻrimga bosib yotmasam, sira xumorim qonmaydi. Onamning uyida yotib qolaman, deb bir kecha keling, iltimos. – Hamdam ostonada Nozimaning bellaridan ushlab bagʻriga bosdi. Nozima erkalanib, oltin bilaguzuk yaltirab turgan qoʻllari bilan ogʻzini yopdi:

– Asalning ham ozi shirin, koʻp taltayib ketmang!

Kechki payt qaynonasini buzoq sudrab ketdi…

Nozima har doim sigirni sogʻib boʻlgach, buzoqni boʻshatib, iziga qaytib kelaverardi. Sigirni katta ogʻilxonaga, buzoqni alohida ogʻilxonaga bogʻlash boboning ishi edi. Shoʻrlik sigirni aylanib, suti yoʻq yelinini nuqul tishlab choʻzgʻilab yotgan buzoqqa qarab, Robiya xolaning yuragi ezilib ketdi, chiday olmay, Sanjarga baqirdi:

– Bobong qay goʻrga yoʻqoldi. Anavi buzoq sigirning yelinini choʻzgʻilab yeb qoʻydi-ku. Bor, bobongni chaqirib kel.

– Bobomni Dilmurodning bobosi chaqirib ketdi. Oʻzim bogʻlab qoʻyaymi buzoqni, momo?

– Senga bosh berarmidi bu buzoq? Shoshma-chi! Bobong lallayib kelguncha, sigirning yelinini yara qilib, yeb qoʻyadi, – deb inqillab-sinqillab oʻrnidan turdi. Shu payt Nozima chelakdagi sutni suzgichdan oʻtkazib, qaznoqning tagiga qoʻyayotgan edi. Bir koʻngli shu kampirni dovdiratmay, buzoqni oʻzim bogʻlab kelay, dedi. Yana… Hajga borayotgan boybichaning oʻzi bogʻlasin, bir buzoqni eplay olmasa, hajda nima qiladi, dedi-da, indamay oshxonaga kirib ketdi.

– Moma-a! – Sanjarning ovozi darvoza oldida mulgib yotgan itni ham choʻchitib yubordi. – Ona-a, momom! Momomga qarang!

Nozima oshxona derazasidan asta engashib, oʻgʻlining ovozi kelayotgan tomonga qaradi: buzoq ogʻilxona oldida kampirni sudrab shatoloq otib, chopib borardi.

– Ona-a! Ona-a-a! – sigirning yonida turgan Sanjar izillab yigʻlar edi.

“Uf-f, oʻzi oʻlay deb yotibdi-ku, arqonga yopishib olganini! Qoʻyib yubor, arqonni. Shu buzoq sigirni yeb qoʻysa, yeb qoʻysin”.

Oldidagi peshbandini yechib, hovliga chiqdi. Oldi toʻsilganidan qoʻrqqan buzoq yoʻlini orqaga burdi. Agar qoʻshnining yaqindagina harbiydan qaytgan oʻgʻli Sanjarning ovozidan xavotirlanib kelib qolmaganda kampirning holi nima kechishi bir Xudoga ayon edi.

Kampirning qoʻliga oʻralib qolgan arqonni bir amallab boʻshatishdi. Qoʻshni yigit bilan Nozima kampirning ikki qoʻltigʻiga kirib, oʻrnidan turgʻazishdi, ammo kampir oyogʻini bosa olmay, “dod” deb yubordi. Shu orada hovliqib yetib kelgan Olloqul aka ichkaridan bir stul olib chiqib, kampirni stulga oʻtirgʻizib, ikki kishi stulning ikki yonidan koʻtarib, ichkariga kirgizishdi.

Uy bir zumda odamga toʻlib ketdi. Hamma ayb Nozimaning ustiga agʻdarildi:

– Keksa odamni molning tagiga yuborishning nima keragi bor edi?

– Shu katta uydan bitta buzoqni bogʻlaydigan odam topilmadimi?

Eri yuziga bir shapaloq tushirdi:

– Nima ish qilsang, dumi xurjunda qoladi. Kimdir izingni tozalab, toʻgʻirlab yurishi kerak. Onamga bir narsa boʻlsa, men seni oʻldiraman!

– Oʻldirmoqchi boʻlsangiz, hoziroq oʻldiravering, – naq suyaklarigacha zirillab ketgan Nozima yigʻlab yubordi, – Men onangizga buzoqni bogʻlang deb buyurganim yoʻq.

– Buyurishing shart emas, sen bogʻlamaganingdan keyin oʻzi bogʻlamay nima qiladi?

Namozshom quyoshi alvonrang etaklarini allaqachon yigʻib olgan boʻlsa-da, togʻlar ortidan taralayotgan nur atrofni gʻira-shira yoritib turardi. “Tez yordam” mashinasida kelgan qotma shifokor nadomat bilan bosh chayqadi: “Olib ketmasak, boʻlmaydi. Qon bosimlari juda oshib ketibdi. Ahvol jiddiy”.

Momoni bir amallab zambilga solib, mashinaga chiqarishdi. Butun uy gʻala-gʻovur mehmonlari bilan momoning izidan kasalxonaga ketdi. Uyda Nozima qizi bilan yolgʻiz qoldi. Bir pasda huvillab qolgan nimqorongʻu hovli ham unga “Sen aybdorsan”, deb taʼna qilayotgandek edi. Yoʻq, buzoqni oʻzi bogʻlamagani uchun emas… Kelin boʻlib tushib kelgan yili ular bilan yashaydigan qaynogʻasi bir tatar ayolga ilakishib qoldi. Ovsin izillab har kun koʻchadan bir gap topib keladi, qaynonasi oʻgʻlini burchakka qamab, janjal qiladi: “Bola-a! Koʻzingga qara, bizga harom yoqmaydi!”. Bir kuni oʻsha qaynogʻasining uch yashar qizi akasi bilan quvlashmachoq oʻynayman deb kir yuvish uchun qaynatib qoʻygan bir chelak suvga oʻtirib qoldi. Qancha yelib-yugurishmasin, qizchani saqlab qolisha olmadi. Ovsin erini koʻchaga haydadi: “Sening gunohing norasida bolamga urdi”. Bugun, ehtimol, Nozimaning gunohi qaynonasiga urgandir… Shoʻrlik…

Telefon qoʻngʻirogʻidan choʻchib tushdi. Biqiniga tiqilib, multfilm koʻrib yotgan qiziga xavotirlanib bir nazar soldi-da, sapchib turib, telefonga yugurdi:

– Allo-o!

– “Sevsam oʻldururlar, sevmasam oʻlam!..” – goʻshakdan Hamdamning xushnud xirgoyisi eshitildi, – Ha, pari-i, hammani kasalxonaga haydab, yolgʻiz oʻzingiz oʻtiribsizmi?

– Siz qayoqdan eshita qoldingiz? – hayron boʻldi Nozima.

– Biz bechoralarni faqat siz begona sanaysiz. Kuyovingiz bilan singlingiz mensiz kasalxonaga borisharmidi? Qaynonangizni buzoq sudrab ketgan boʻlsa, sizni men sudrab keta qolay, deb qoʻngʻiroq qilayapman. Nima deysiz?

– E, qoʻying-ye!

– Rost aytayapman. Uydagilaringiz hali-beri qaytishmaydi. Diydor gʻanimat-da. Bolalaringizni qoʻshninikiga tashlang-da, men kasalxonaga borayapman, deb oʻzingiz koʻchaning boshiga chiqing. Ikki marta bagʻrimga bosaman-da, soʻng qaytarib yuboraman.

– Qoʻshnimga nima deyman keyin?

– Taksi boʻlmadi, qoʻrqdim, deysiz. E-e, koʻngilda boʻlsa, bahonadan koʻpi bormi? Faqat istak boʻlishi kerak. Sizni kutayapman.

– Qoʻysangiz-chi! Shunday kunda koʻcha-koʻyda yurishim ep emas. – Nozima bu soʻzlarni chin yurakdan aytdi, ammo shu javob barobarida yuragining tub-tubida bir intiq ishtiyoq hissini tuydi: “Nima qipti? Bir pasga boradi-yu, qaytadi!”

– Besh daqiqa yetadimi?

– Hamdam!..

– Nima? Ozodbek aytgandek, koʻyingizda xormiz, zormiz va lekin koʻchangizda bormiz, sizni kutaveramiz.

– Uf-f, yomon shilqimsiz-da! – u taslim boʻlgan edi. – Balki rostdan ham kasalxonaga olib borib kelarsiz. Butun oila oʻsha yerda boʻlganda, yolgʻiz oʻzim uyda qolishim yaxshi emas. Boʻlmasa, sal nariroqda turing. Bir pasda chiqaman.

Bu Hamdam uchun emas, oʻzi uchun aytilayotgan bahona edi.

U borganda Robiya xolani operatsiyaga olib kirib ketishgan, hamma oʻzi bilan oʻzi, uning kim bilan qanday kelganini birov surishtirmadi ham. Faqat eri bir oʻqrayib, “Noilani kimga tashlading?”, deb soʻradi, qoʻshninikida ekanligini eshitib, ichkariga kirib ketdi. Bir pas turgach, qayinsinglisidan iltimos qildi: “Meni eringiz olib borib qoʻysin. Noilani qoʻshniga berib kelgan edim”. Shohista “Hozir”, dedi-da, Hamdamni izlashga tushdi: “Bizning mashinamiz buzilgan edi. Sanjarni ham olib keta qoling. Bola charchadi”. Sanjar esa “Men dadamning mashinasida qaytaman”, deb unamadi.

Shu orada qayerdandir kelib qolib, gapga qoʻshilgan Ahmad joʻrasiga “Yangani birga tashlab qaytamiz”, deb mashinaning eshigi tomon yura boshlagan edi, Hamdam “Joʻra, men qaytib kela olmayman. Dadam uyga kel, deyapti”, deb uni qaytarib tashladi.

Nozima Ahmadning rangi oʻzgarib ketganini koʻrdi, xayolidan “Hamdam joʻrasiga maqtanib qoʻymaganmikin?”, degan fikr oʻtdi. “Erkak zoti maqtanishni yaxshi koʻradi. Bekor keldim-da”. Lekin endi kech boʻlgan edi. U indamay mashinaning orqa oʻrindigʻiga oʻtirdi. Hamdam ham hech narsa bilmaganday “Yanga, eshikni yopdingizmi? Sogʻ boʻlinglar”, deb hammaga xayr-maʼzur qilib yoʻlga tushdi.

Uyga esa yarim tunda qaytishdi…

Hamdam juda soʻzamol, kelishgan yigit edi. Bobosi baxshi oʻtgan ekan, u ham har soʻziga qoʻshiq qoʻshib, askiya qoʻshib gapirar, quyuq qoshlari ostida doim kulib turuvchi zangor koʻzlariga qaragan kishi beixtiyor unga asir boʻlib qolar edi. U faqat qaddi qomatini sirib turadigan torgina xorijiy jinsi shim va sport koʻylagi kiyar, bu liboslar uning koʻrkini yanada oshirar edi.

Nozima allaqachon uxlab qolgan qizini uyiga olib kelib, oʻrniga choʻzilar ekan, yuragini achchiq armon hissi oʻrtab oʻtdi: “Essiz, shunday barno yigit! Buning eri toʻngʻillashdan boshqa narsani bilmaydi. Hech boʻlmasa, oʻzing uchun oʻzingga qarab, yuvinib yur! Yoʻq, yuraveradi, tamaki bilan ter sasib!..”

 

* * *

Operatsiya uzoq davom etdi. Doʻxtirlar “Operatsiya yaxshi oʻtdi, lekin opa endi bir umr qoʻltiqtayoqda qolib ketadi”, degan boʻlsa ham, ertasi kuni Robiya xola devorlari dogʻ-dugʻ, befayz palatada horgʻin koʻzlarini ochganda, Shohista onasi jahannam eshigidan qaytib kelgandek yigʻlab yubordi.

– Onajon! – bor dunyosi toʻkilib onasining soʻlgʻin yuzlaridan oʻpdi. – Xudoga shukr, onajonim.

– Shohista… – Robiya xolaning lablari qurib qolgan edi. – Suv…

– Hozir, hozir, onajon! – u shoshib yelim idishdagi suvga paxtani namlab, onasining lablarini artdi, soʻng piyolaga bir hoʻplamgina suv quyib, ogʻziga tutdi. – Hozircha koʻp suv mumkin emas.

Robiya xola qoʻllarini odeyal ostidan oyoqlari tomon uzatdi, belidan boshlangan toshdek nam gips tizzasigacha davom etgan edi. Ich-ichidan toshib kelayotgan faryodni chiqarmaslik uchun pastki lablarini qattiq tishladi. Koʻzlaridan tirqirab oqayotgan yosh ikki chekkasidan sim-sim toʻkilib yotar edi.

– Onajon, – Shohista onasining ozgʻin yelkalaridan quchib, yuz-koʻzlaridan oʻpdi. – Hali koʻrmaganday boʻlib ketasiz, yigʻlamang. Eng muhimi oʻlmay qoldingiz, boshqa hammasi bekor, siz… siz oʻlib qolganingizda men nima qilar edim, ona?

Robiya xola yana suv soʻradi, Shohista yonidagi tumbochkadan sochiqcha olib, onasining yuz-koʻzlarini artdi.

– Ay, bolam-a, shunchalar gunohim koʻpmidiki, Allohga mening niyatim malol kelib, oʻzimdan tindim, endi Hajga boraman, degan joyimda oyoqsiz qilib qoʻydi. Nega, qaysi gunohlarim uchun?!

Uning iltijolari Shohistaning yurak-bagʻrini oʻrtab yubordi:

– Nega unday deysiz, ona?! Sizning gunoh qilishga vaqtingiz boʻlganmi oʻzi? Olti bola, er, kolxoʻzdagi eng katta birgad! Alloh bandalarini, dunyo berib, mansab berib, dard berib sinaydi, der edingiz-ku oʻzingiz. Mana, sizga dard berib, sinayapti. Oyogʻi singan bir siz emas, hali tuzalasiz, koʻrmaganday boʻlib ketasiz. Hajlargayam borib kelasiz.

Uni uyga ham zambilda olib qaytishdi…

Oʻsha kuni kun boʻyi yomgʻir yogʻdi. Bir necha kunlik jazirama issiqdan keyingi namgarchilik xuddi Robiya xolaning shu kungi holatidek yurakni ezar va nafasni boʻgʻar edi. Shohista onasining yonida uch kun qolib ketdi. Robiya xola shu qizini boshqacha bir mehr bilan yaxshi koʻrar edi. Shuning uchun ham otasi “Onang yangi hayotiga koʻnikkuncha bir-ikki kun yonida boʻlib tur”, deb iltimos qildi. Eri “Uyda kelin bor, otang bor. Kunduzlari kelib, xabar olib turamiz”, desa ham unamadi. Uning yuragi gʻash edi. Kayvoni onasining bir umr hamma narsadan norozi boʻlib, bir ogʻiz gapga ham uch kun arazlab yuradigan kelinning qoʻliga qarab, muhtoj boʻlib qolishini hech hazm qila olmas edi. Institutda oʻqib yurganlarida bir oʻqituvchisi boʻlar edi. Jahlini chiqarganlarni “He, tirik oʻlik!” deb soʻkar edi. Oʻshanda bu haqoratning mazmuniga eʼtibor bermagan edi. Endi oʻylab koʻrsa: koʻzlari ochiq, dunyoni koʻrayapti, tirik – yeyishi, ichishi, kerak, ammo xuddi oʻlikdek qoʻlidan hech bir yumush kelmaydi. Yaxshiyam, otasi bor ekan, yoʻqsa, bechoraning holi nima kechar edi-ya?!

Hamma oʻzicha kuydi: “Uf-f!”, “Af-f!”, “Oh!”, “Oʻh!”

Ammo Robiya xola juda irodali ayol edi. Tunlari yonboshida yotgan qizining goh u yoniga, goh bu yoniga agʻdarilayotganiga qarab, bir martagina yonbosh yotsam, yelkalarimga shamol tegsa edi, deb orzulab yotgan boʻlsa ham taqdir peshonasiga yozgan yozigʻiga koʻndi va shukr qildi. “Mening oʻrnimda bolalarimdan birontasi boʻlganda, nima qilar edim? Mayli, men bir bekorchi kampirman. Bu dunyodagi hamma ishlarimni bajarib boʻlganman. Endi yotgan joyimda toat-ibodatimni qilib yotaveraman. Oʻzingga shukr, Allohim”.

Faqat keldi-ketdi biroz charchatdi, toʻgʻrirogʻi, har mehmon kelganda kelinining gezarib ketadigan aft-angori charchatdi. Bir umr elning ustida yurib, hammaning izzatiga yetib yurgan kayvoni ayol emasmi, eshitgan odam borki, bir kelib xabar olar edi. Robiya xola “kelinga ham ogʻir boʻlib ketmasin”, deb katta oʻgʻlining qizini chaqirtirdi. Uyning hamma yumushlari shu qizning zimmasiga ortildi, lekin kelinning chimirilgan qiyofasi yozilmadi.

Oʻsha kuni bir umr savdoda ishlagan dugonasi singlisi bilan keldi. Yotganiga bir oydan oshgan edi. Biron yumushga urinmay uy ichida yotgan boʻlsa ham butun aʼzoyi badani quruqshab, qat-qat kirlanib ketganga oʻxshar edi. Nevara qizning latta namlab artishi hammomning ishini bajararmidi? Robiya xola dugonasining yaltillab turgan yuz-qoʻllariga havas bilan qarab “Kecha hammomga kirgan boʻlsa kerak”, deb oʻyladi, keyin yana fikrini oʻzgartirdi: “Joni sogʻ. Har kuni hammomga kirsa kerak.”

Mehmonlar uzoq oʻtirdi. Kelin uyda edi, chimirilib dasturxon yozdi, qand-qurs, kecha qaynagan shoʻrva… Robiya xola juda sergak ayol edi, hadeb eshikka qarayotgan mehmonlarning nimadandir bezovtami, norozimi ekanligini sezdi, ammo bu holatning sababini tushunmadi.

Mehmonlar ketishgach, Sanjar bilan Noila yugurgilab uning yoniga kirishdi. Ikkalasining ham qoʻlida mushtdek-mushtdek sap-sariq nok bor edi. Sanjar xonaga kira solib, oʻzini momosining bagʻriga otdi:

– Momojon! – boladan gupillab manti hidi keldi.

– Nimalar yeb yuribsan, bolam? – beixtiyor soʻradi u.

– Manti! – maqtandi bola. – Boyagi momolar shunday shirin manti olib kelishgan ekanki!.. Sizga ham olib kelaymi?

Uning ham manti yegisi kelib ketdi.

– Mayli…

Sanjar yugurib xonadan chiqib ketdi. Bir pasdan keyin kichkinagina likopchaning ustiga ikkita manti qoʻyib kirdi.

– Onam bilan Gulzor opam hammasini yeb qoʻyibdi, shugina qolibdi.

Dasturxon yigʻishtirgani kirgan Nozima oʻgʻlining boshiga bir tushirdi:

– Ha, biz yedik, sen yemading-a?

Robiya xola bir mantiga, bir kelinga qaradi. Mehmon nega bezovtalanganini tushundi: “Bemor issigʻida yesaydi” deyishgan boʻlsa kerak. Kelinining ochkoʻzligidan xijolat tortdi:

– Egalariga ham toʻrttagina qoʻyish kerak edi, – sovuqqina qilib tanbeh berdi.

– Oʻzi kamgina ekan. Mehmonlarga olib kirsam, sizga ham berishim kerak edi. Juda yogʻli, qoʻy goʻshtiga qilingan ekan, ichingizni surib yuboradi, deb oʻyladim. Boʻlmasa, nima, juda manti yegimiz kelib oʻlib turganimiz yoʻq edi, – Nozima qaynonasining bir ogʻiz tanbehiga yuzta iddaoni qalashtirib tashladi.

Sanjar esa mantili likopchani momoning ogʻziga tutib turardi:

– Momo, oling… Hech boʻlmasa bittaginasini yeng.

Mantidan juda xushboʻy hid taralib turardi. Robiya xola beixtiyor mantiga qoʻl uzatdi. Uning issigʻi ketmagan, iliqqina edi. Oʻzi azaldan xamirli ovqatni yaxshi koʻrardi. Qoʻli xamirdan chiqmas edi. Mazza qilib mantilarni yedi, manti haqiqatan yogʻligina ekan, butun vujudi yogʻlangandek boʻldi.

Koʻp oʻtmay tashqaridan shangʻillagan ovoz eshitildi:

– Sanjar, tarelkani olib kel!

“Shu mantini yeganim unga yoqmadi. Bir pas turib oʻzim yeyman, deganmi?”

Momosini mehmon qilganidan mamnun boʻlgan Sanjar likopchani olayotib, shivirladi:

– Hozir men sizga nok olib kelaman. Mazza qilasiz.

Ammo sal oʻtmay quruq qoʻl bilan soʻppayib qaytib keldi.

– Momo, noklarni yashirib tashlabdi. Juda koʻp nok bor edi, yolgʻondan tugadi, deyapti. Yashirib qoʻygan. Siz oʻzingiz soʻrang. Ularni sizning dugonalaringiz sizga olib kelgan-ku.

Momo gʻalati boʻlib ketdi. Nevarasining qovurgʻalari sanalib turgan nozik yelkalariga qoqdi, sochlarini silab-siypadi:

– Mayli, oʻgʻlim, tugagan boʻlsa, tugagandir. Bilasan-ku, men nokni uncha yaxshi koʻrmayman.

Mantidan keyin choy ichgisi keldi, qani, bittagina shokolad ham boʻlsaydi. Ilgari yogʻli ovqatdan soʻng issiq choy bilan qimmatbaho shokoladlar yeyishar edi. Qanday huzurbaxsh edi oʻsha kunlar! Hozir ham bordir shirinliklar. Shuncha odam kelib-ketayapti, hech kim quruq qoʻl bilan kelmaydi, albatta. Ammo… Ha, mayli, shu kunlar ham peshonasida bor ekan, bundan battarini koʻrsatmasin, boriga shukr.

– Bolajonim, boya mehmonlarga damlangan choydan bir piyolagina olib kel.

Sanjar chopib tashqariga chiqdi.

Bir pasda Nozimaning shangʻillagan ovozi eshitildi:

– Hoy, bola, piyolani joyiga qoʻy.

– Momomga choy olib borayapman.

– Qoʻy-e, burningni artib ol, avval, – u shangʻillagan koʻyi Sanjarning qoʻlidan olib qoʻygan piyolani qaynonasining boshiga qoʻyib ketdi. – Shuni oʻzimga aytsangiz boʻladi-ku, choy issiq boʻlsa, kuyib qoladi, qoqilib ketsa, piyola sinadi. Bir parcha bolaga buyuriladigan ishmi shu?!

Robiya xola keliniga bir ogʻiz ham javob ayta olmadi. Nima desin? Bola uniki. Birining qaynonaligini, birining kelinligini inobatga olmasa, aytganlarining hammasi toʻgʻri. Ammo kenja bolasi tengi kelinning bunchalik yuziga yopishishi unga juda alam qildi. “Qarisang menday boʻl, qora yerday boʻl”, deganlari shu-da aslida. Uyam qora yerday boʻlib yotibdi, hamma, hatto yuziga tik qaramasligi lozim boʻlgan kelin ham bemalol koʻksidan bosib oʻtmoqda.

U juda chanqagan edi, yetib kelgunicha toʻkilib, yarim boʻlib qolgan choyni ichmadi, ichkisi kelmadi. Toʻrt qadam narida oshxona, toʻrt qadam yurib borib, bitta gugurt chaqsang, kifoya, bir zumda vajillab bir chovgum choy qaynab qoladi. Keyin mazza qilib choyni ichish mumkin. Faqat oyoqlari sogʻ boʻlsa!..

Bola deganlari ham bekor ekan. Oʻgʻil yeb, oʻrga ketar, qiz yeb, qirga ketar, deganlari rost. Hammasining oʻz ishi bor. Bu yerda Robiya bir qultum suvga zor boʻlib yotibdi, ular esa hammaginasi oʻz yumushi bilan!

Ona deganlari ham bekor ekan. Oʻtiribdi uyida oʻz tashvishlari bilan. “Senikida nima qilaman, qoʻsh qaynona boʻlib? Qoʻlimdan bir yordam kelmasa!”. Qay daraxtga oʻt tushsa, oʻzi yonadi, oʻzi oʻchadi.

Bir payt peshob qistadi. Baxtga qarshi eri dorixonaga ketgan, nevara qiz ham necha kundan beri “uyimizga bir borib kelay”, deb yurib, bugun ketgan edi. “Kelib qolishar”. Tiq etgan ovozdan umid qilib, tishini tishiga qoʻyib yotaverdi. Vaqt oʻtgan sayin qovugʻidagi tang holat butun vujudiga yoyilib borardi. U chuqur-chuqur nafas oldi, ammo foydasi boʻlmadi. Damba-dam darvoza tomonga quloq tutar, ammo aksiga olib, hamma yoq suv quygandek jim-jit etdi. Ahvoli daqiqa sayin ogʻirlashib borardi. Birdan koʻzi yostigʻining yonida taxlanib turgan sochiqqa tushdi. Uni taxlagan koʻyi butlarining orasiga oldi: “Ozgina boʻshatib olay”. Bildiki, toʻshakka ham oʻtib ketdi: “E-e, nima boʻlsa, boʻldi!”. Shu payt eshikdan Sanjar koʻrindi.

– Bolajonim, hovliga suv sepadigan chelakni olib kel.

Chelak koʻtargan bolasining izidan kirgan Nozima shalop etib chelakka tushgan hoʻl sochiqni koʻrib, qichqirib yubordi:

– Voy, xola, nima qilib qoʻydingiz? Sochiqqayam siyadimi odam? Chelak ham harom boʻldi!

Boʻshanib, yengil tortgan boʻlsa ham hoʻl boʻlib qolgan toʻshagidan ijirgʻanib yotgan Robiya xolaning qahri kelib ketdi: “Hey, kimsan oʻzi? Bu yerga chelak olib kelganmiding?!”

– Ovozingni pasayt. Sochiq ham, chelak ham oʻzimniki. Qoʻlingni ham urma, boboy kelib, oʻzi yuvadi.

Bir oydan beri koʻzlari javdirab, nima qilsa, maʼqul topib yotgan kampirning vajohatini koʻrib, Nozima choʻchib tushdi. Qaynonasi dunyoni poyi-piyoda kezib yurgan soppa-sogʻ paytida ham unga bunday baqirmagan edi. Endi… Yotgan joyida… “E-e, bilganini qilmaydimi? Juda boʻlmasa, oʻgʻliga aytib, haydatib yuborar. Oʻzimam bezor boʻldim shu gʻurbatxonadan”.

– Sochigʻingiz ham, chelagingiz ham oʻzingizga buyursin, xola. Men sochigʻingizni uyimga olib ketmoqchi emasman. Bir ogʻiz aytsangiz, oʻzim yoziltirib olar edim. Fu-u, hamma joy sasib ketibdi, – u eshik-derazani ochib tashladi. Ostonada chelak koʻtarib, anqayib turgan oʻgʻliga baqirdi. – Nimaga serrayib turibsan, bor, tashqariga chiqar.

Robiya xola peshob toʻkilgan toʻshagida ilondek toʻlgʻandi: “Shunchalar gunohim koʻpmidi, Alloh! Meni kimlarga muhtoj etding!”

Yelvizakda qolgan tanasini odeyalga oʻrab yotib, momosining joynamoz ustida qiladigan iltijolarini esladi: “Oʻ, qodir egam, birovga muhtoj qilma. Oʻlgunimcha oʻzimning xizmatimga oʻzim yarab yuray”, der edi doim. “Birgad”, “deputat” nevara momoning ustidan kular edi. “Faqat oʻzingizni oʻylaysiz-a, momo”. Momo esa xudbinlarcha tilagidan zarracha xijolat tortmas edi: “Bolam, oʻzini qoʻllagan avliyo ham zoʻr avliyo. Oʻlgunimcha oʻzimning suyagimni oʻzim koʻtarib, oʻzimning hojatimga yarab yursam, boʻldi”.

Mana bugun oʻz kuniga yaray olish ham katta baxt ekanligini anglab yetgan edi.

Ayniqsa endi hech qachon mustaqil yura olmasligini eshitgan kun dardi dunyosi qop-qorongʻu boʻldi. “Mayli, hech boʻlmasa, tezroq mana shu gipsdan qutulib, qoʻltiqtayoqda boʻlsa ham hovliga chiqadigan boʻlsa edi!” Ammo bu hasratli kunlar choʻzilgan sayin qaynona-kelin oʻrtasidagi munosabatlar cholgʻuchining sozlanayotgan toridek tobora taranglashib borardi. Robiya xola uyning bir chetida harakatsiz yotgan kampir boʻlsa ham, oʻgʻli bilan kelinining munosabatlari yaxshi emasligini, hatto ular oʻzaro gaplashmasligini bilib oldi. Sanjar otasi bilan onasining joyi ham alohidaligini aytdi:

– Dadam mehmonxonada yotadi.

Bir holi vaqt topib, oʻgʻliga gina qildi:

– Nima gap, bolam? Tinchgina yashasanglar boʻlmaydimi? Mening yarimjon boʻlib qolganim kamlik qilayaptimi? Shu ahvolimizda kelin haydab, bolalarni chirqiratish yetmay turibdimi?

Sardor bir muddat yerga tikilib qoldi. Robiya xola qahr bilan javob kutib, oʻgʻliga qarab turarkan, Sardorning boshidagi moshkichiri sochlarni koʻrib hayron boʻldi: “Buning sochi qachon oqarib ulgurdi?”. Yelkalari ham ixchamgina boʻlib qolibdi. Ustidagi koʻylagi tarang boʻlib turardi, halvirabgina turibdi.

– Ena, men bu bilan yashay olmayman.

– Nega? – bu savol mutlaqo oʻrinsiz edi. Shunday boʻlsa ham qaysarlik bilanmi, nimalardandir umid qilib oʻgʻlining ogʻziga tikildi. Sardor chuqur xoʻrsindi:

– Ena, meni qiynamang, iltimos. Unga mening, sizning, bolalarning umuman keragi yoʻq. Unga “eri bor” degan nom, bir boshpana kerak. Uyiga qaytib boray desa, ikki bola bilan qoʻsh kelin buni sigʻdirmaydi. Ilojsizlikdan shu yerda turibdi. Agar joy topsa!.. Bir kun ham bu joylarda qolmas edi.

– Qoʻ-y, bolam.

– Bir oy boʻldi joyimiz boʻlak boʻlganiga. Nega bunday boʻlayapti, erim biron oʻynash-poʻynash topib olgani yoʻqmikin, deb xavotirga ham tushmaydi. Unga desa, izim qumdan oshib, butunlay yoʻq boʻlib ketmaymanmi? Unga baribir. Xullas, biroz oʻzingizga kelib oling, ajrashaman.

– Oʻzimga kelganimda, hovli supurib, kir yuva olarmidim? Bolalaringga kim qaraydi?

– Xavotirlanmang, ena, qaraydigan odam topiladi. Sizning qoʻlingizni sovuq suvga ham urdirmayman.

– Qoʻy, bolam. Besh kunligim bormi-yoʻqmi, shu paytgacha bola-chaqa dedim, davlatning ishi dedim, qarigan chogʻimda bu falokatni topdim. Yer yuzida chiritma meni. Ayol kishining koʻngli nozik boʻladi, yumshoqroq gapir, koʻnglini ol, bir narsalar sovgʻa qil. Lekin zinhor ajrashaman degan gapni aytma. Bolalarni oʻyla.

– E-e, ena, shunday demang. Bolalarni deb oʻzimni shunchalar xor qilib qoʻyayinmi? Xotin boʻlsa, sidirgʻa xotin boʻlsin, boʻlmasa, yoʻq boʻlsin. Siz hech xavotirlanmang, hammasi joyida boʻladi.

Sardor dadil-dadil gapirayotgan boʻlsa ham, ich-ichidan sinib, toʻkilib, quruq suvratga aylanib borayotgani koʻrinib turardi. U onasining ustiga egilib, yuzlaridan ohistagina oʻpib qoʻydi: “Biron narsa kerak boʻlsa, aytarsiz. Bugun oʻzim uydaman”.

Havo unchalik issiq boʻlmasa ham butun vujudi olovli iskanjada qolganday qizib ketdi. Badanining gips qoplagan joylarida nimalardir oʻrmalab yurganday bijirlay boshladi. Yonboshida turgan uzun simni olib, gipsning orasiga tiqib, jonini ayamay qashladi. Lekin, oʻrmalayotgan narsalar borgan sari sim yetmaydigan joylarga ichkarilab ketayotgandek edi. Uning yuragi siqilib ketdi: “E-e, Xudo, nega ona qilib yaratding?!”.

Shu kundan Robiya xolaning ichiga bir oʻt kirdi. Erta-yu kech kelinning koʻziga qaraydi. U oʻlgur ham chimirilib bir kiradi-yu, eshik-derazani sharaq-shuruq qilib ochib, uyni bir supurib chiqadi-da, sharpaday sidirilib yoʻq boʻladi. Yetti yildan beri biron marta yoniga kelib, “Xola-yov, anavi manovday ekan”, deb gurung qilgan odam emas. Buyogʻi oʻziga yarasha keldi-ketdi, birov kelib, birov ketib turibdi. Kelin bilan xoli qolib ikki ogʻiz gaplashish nari tursin, oʻzi bilan oʻzi qolishga ham imkoniyat yoʻq. Ammo kunora nevaralarini soʻroqqa tutadi:

– Dadang kechasi qaysi xonada uxlayapti?

– Mehmonxonada. Kiyimlarini ham mehmonxonaga chiqarib olgan.

– Dadang bilan onang gaplashyaptimi?

– Yoʻ-oʻq, ular faqat urishishadi.

Robiya xolaning oyoqlari yurmay qolgandan buyon bor kuch-quvvati koʻzlari bilan quloqlariga joylangandek edi. Yoniga kim kirsa, koʻziga qaraydi, tiq etgan ovoz chiqsa, butun vujudi quloqqa aylanadi. Ilgarilari ham shundaymidi yoki kampir yotib qolganidan buyon eʼtibor qilayaptimi, negadir telefon koʻp jiringlaydi. Bobo yoki bolalar olsa, hech kim gapirmaydi. Kelini olsa, gapiradi. Kelini ham negadir juda past ovozda, bir narsadan choʻchiyotgandek juda qisqa gaplashadi. “Onasi! Har kuni bir axborot soʻramasa, boʻlmaydi. Esi yoʻq toʻqol. Qizim borgan joyda botib, shuniki boʻlib qolsin, demaydi hech. Qachon qarasang, yiring kavlab, buzgʻunchilik qilib turadi. Onasi “Eringdan ajrash, endi bir umr kasal kampirga tuvak tutib oʻtmaysan”, deyayotgan boʻlsa kerak”.

Nevarasidan kelinini chaqirtirdi.

Kelin idish-tovoq yuvayotgan ekan, shekilli, yogʻli qoʻllari bilan eshikdan qaradi:

– Ha? – uning betakalluf nazari kampirning suyaklarini zirillatib yubordi.

– Shohistaga telefon qilsang. Ertaga ertalab bir kelsin.

Kelin na “xoʻp” dedi, na “yoʻq” dedi. “Nima ishingiz bor edi?“deb ham soʻramadi. Indamay burilib, chiqib ketdi. Momoning koʻngli xit boʻldi. Bir arzimas ish uchun shu bexayr kelinga sargʻayganidan ezildi: “Tezroq gipsini yecha qolsaydi. Qoʻltiqtayoqda boʻlsa ham eshik oraga chiqib, qoʻlidan kelgancha oʻz yumushini oʻzi qilib yursaydi”.

Oradan ancha oʻtgach, ayvondan kelinining ovozi eshitildi:

– Yaxshi oʻtiribsizlarmi? Ertaga ertalab bir kelib ketarkansiz. Bilmadim, onangiz aytayapti. Bir kelib ketsin, dedi.

“Onangiz!” Oʻ-oʻ, bu kelin rostdan ham aynibdi.

Kun ayni namozshom edi. Kunduzgi issiqdan lohas boʻlgan borliq kechki dim havoda zoʻrgʻa marraga yetib kelgan qariyadek hansirab turardi. Hatto qushlar ham ogʻrinibgina chugʻurlashayotgandek edi. Robiya momo toʻliqib derazaga qaradi. Osmonning yuzi qorayib borardi, xuddi uning koʻngliday.

Shohista nonushtagacha hovliqib yetib keldi. Hali xona yigʻishtirilmagan, havosi ogʻir, nevara qiz yotgan toʻshak oʻrtada yoyilib yotardi. Shohista onasining toʻshak bilan bitta boʻlib yotgan yelkalarini bagʻriga bosar ekan, yigʻlab yubordi:

– Boshingizda shunday ishlar bor ekan, meni erga berib nima qilar edingiz? Allakimlarning choʻriligini qilib, gapini eshitib yurguncha, sizning xizmatingizni qilib yuraverardim.

– Qoʻy, bolam, unday dema. Otamning oʻlishini bilsam, bir qop kepakka almashtirib yuborardim, degan ekan bir bechora. Yiqilishimni tush koʻribmanmi?-kampirning koʻzlarida ham yosh gʻiltilladi.

– Tinchlikmi, ena, nimaga chaqirtirdingiz? – Shohista onasining koʻzlarini artib, ogʻziga tikildi.

– Oʻzim, seni sogʻindim, – dedi kulimsirab kampir.

– Yoʻ-oʻq, siz sogʻinganingiz uchun qiz chaqirib oʻtiradigan xotin emassiz, sizni bilmasam ekan. Choy-poy ichdingizmi? – Shohista sumkasidan kichkinagina tuguncha chiqardi. – Yoʻldan ikki six qiymali kabob olgan edim. Issiqqina, shuni yeb oling. Gulzor qaysi goʻrga yoʻqoldi, joyini yigʻib ketmaydimi?

U kabobni onasining qoʻliga tutqazib, xonani yigʻishtirishga tushib ketdi. Eshikni yopib, derazani ochib qoʻydi. Derazadan xonaga muzdek toza havo kirdi. Kampirning yuragi kengayib ketgandek boʻldi. Kabob yumshoqqina va juda totli edi, bittasini nevaralariga ilindi.

– Bunisini olib qoʻy, qornim toʻydi.

– Qorningiz toʻydimi, nevaralaringizni oʻylab, tomogʻingizdan oʻtmay qoldimi?

– Yoʻgʻ-e, nevaralarim yemay oʻtiribdimi? Oʻzing yegin boʻlmasa?

Shohista kuldi:

– Mayli, enajon, nevaralaringiz yeya qolishsin. – u derazadan boshini chiqarib, bolalarni chaqirdi. – Sanjar-uv! Noila-a!

Sevimli ammalarining kelganidan bexabar qolgan bolalar tapir-tupur kelib, ammaga yopishib ketishdi. Amma ularning choʻntaklarini yaltiroq konfetlarga toʻldirdi:

– Avval kabobni ikki boʻlib yeb olinglar, keyin konfet yeysizlar. – U bir pasda saxovatli sehrgarga aylanib qolgan edi.

Bobo ularni bir amallab ammasidan ajratib, bogʻchaga olib ketdi:

– Amma, biz kelguncha uyingizga ketib qolmang.

– Agar, aldasangiz, koʻrasiz…

Xonada bolalarning izidan bir yorugʻ kayfiyat qoldi.

– Xonim koʻrinmaydilar, – anchadan soʻng piching bilan soʻradi Shohista.

– U ishga ertaroq ketadi. Birinchi soat darsi boʻlsa kerak. Shu Gulzor kelmaganda qiynalib qolar edik.

– E-e, qoʻying, ena, odamning koʻnglida boʻlsa, hammasiga ulguradi. Uning koʻnglida yoʻq. Avval men bor edim, menga qarab, qoʻlini sovuq suvga urgisi kelmay yurardi. Endi Gulzorga qarayotgandir-da.

– Bilmasam, bolam. Akang bilan oralari ham soz emas. Menimcha, ajrashaman deb yuribdi. Har kun telefonda onasi bilan pichir-pichir qiladi. Onasini ham bilasan-ku. Ajrash, deyayotgan boʻlsa kerak. Xudoning bergan kuni onasinikiga yuguradi. Uyda kasal qaynonam bor, keldi-ketdi boʻlib turibdi, demaydi. Ketsa, bir kecha yotmasdan qaytmaydi.

– Voy, megajin-yey. Shunday ham noshukr, bexayr inson boʻladimi? Uying, joying, boshingda ering, xizmatkor cholu kampir boʻlsa, oydek kasbing boʻlsa, yana nima kerak unga? Shu keliningizga hech tushunmadim-tushunmadim, ena.

– Shunga… – ovozini pasaytirdi kampir.

– Nima “shunga”?

– Anavi telefonni olayotganimda sotuvchi, “istasangiz, siz yoʻq paytingizda telefoningizda boʻlgan gurunglarni ham yozib olishingiz mumkin”, degan edi. Yozib oladigan tugmachasini bosib qoʻy, shularning gʻiybatlarini yozib olib, onasini bir qizartiray, degandim. Otang bilan akangni aralashtirgim kelmadi. Gap bolalab yurmasin, dedim.

Shohista onasini birinchi marta koʻrib turganday qiziqsinib qarab qoldi. Ular bolalikdan onasini hamma narsaga qodir, qudratli suyanchiq deb oʻsishgan boʻlsa-da, keyingi oylar ichida qachon kelsa, javdirab turgan nigohlarga toʻqnashaverib, onasining begoyimligini esidan chiqarib qoʻyayozgan edi.

– Xoʻp, ena! Ammo oʻsha qudangiz bilan keliningizning qizarishini bilmadim-ov. Bu juda qiyin masala.

Shohista telefon apparatini uzib keldi. Bir daqiqada momo aytilgan holatga keltirib qoʻyildi, hatto sinab koʻrish uchun katta opasiga qoʻngʻiroq qilib, keyin suhbatlarini eshitib koʻrishdi.

– Yo, qudratingdan! Magnitofonning oʻzi ekan-ku bu, – yoqasini tutamladi Robiya kampir.

– Kichkina magnitofonli telefon bu, – onasining soʻzini toʻgʻirladi, – oʻziyam ancha pulga olgandirsiz?

– Bilasan-ku, chiroyli narsalarni yaxshi koʻraman. Narxiyam picha bor edi, qarasam, juda chiroyli ekan, koʻzimni chirt yumdim-da, olaverdim.

– Essiz… Shunday uy… Bu uyda shunchaki olingan narsaning oʻzi yoʻq. Hamma jihoz bir sanʼat asari. Lekin doim norozimiz… – Shohista koʻzlarini yumib, afsus bilan bosh chayqadi.

– Qoʻyver, bolam. Bir koʻngliga yetmagan joyimiz bordir-da. Gipslarni oldiray, bir choʻmiltiringlar. Keyin yonimga olib, bir gaplashaman. Xafa qilgan, oʻtkazgan joylarimiz boʻlsa, aytsin. Xatolarimiz boʻlsa, uniyam aytsin. Ammo roʻzgʻorlarining buzilishiga yoʻl qoʻymayman.

– Enajon, men ishga borishim kerak, – Shohista yigʻishtirina boshladi. – Menda boshqa gapingiz yoʻqmi?

– Sen oradan uch kun oʻtkazib, yangang ishda boʻlgan vaqtida bir kel. Anavining magnitofonini eshitib koʻramiz.

– Xoʻp, enajon!..

Qaynonasi bolalarini “Mening “xoʻp”chi bolalarim” deb suyar edi. Robiya xolaning oʻzi “xoʻp” degan soʻzni yaxshi koʻrardi. Bir umr kattaga ham, kichikka ham “xoʻp” deb yashadi. Bolalariga ham shuni oʻrgatdi. Hozir ham ellikka kirib, soch-soqoli oqargan oʻgʻillariga bir ish aytsa “xoʻp, enajon”, deyishadi. Bu kelin boʻlsa, aytilgan ishning faqat teskarisini qilishga harakat qiladi.

“Omon-omon” kunlarda ham “Nozima, bugun bir chuchvara qil”, desa, “E-e, charchab borayapman, chuchvara juda mayda ish”, deb, boshqa ovqat qilar edi. “Bir osh yegim kelayapti” desa, u “mening sira osh yegim kelmaydi”, deb burnini jiyirardi. Cholu kampir allaqayerlardan mashinani toʻldirib bozor-oʻchar qilib kelganini koʻrsa, qaynona “Nozima, manavilarni tashishgin” desa ham nimanidir bahona qilib, ichkariga kirib ketar edi-da, to bozor-oʻchar tashib boʻlinmaguncha tashqariga chiqmas edi. Shunday paytlari Sardor onasiga qarab, “Biz sizning buyurganlaringizni qilmaslikka, “xoʻp” demaslikka qasam ichganmiz. Ming yaxshi gapiravering, hech oʻzgarmaymiz”, der edi piching qilib. Kampir esa qoʻl siltab, kulib qoʻyardi: “Mayli, bolam. Charchab holdan toyib borayotganing yoʻq, tashiyver”.

Ammo bugungi rejasi shuncha yildan beri erka kelinining hamma kamchiliklaridan koʻz yumib, amal-taqal qilib qurgan saltanatni vayron qilib tashlashini bilganida sirayam bu ishga qoʻl urmagan boʻlar edi.

Shu kuni Olloqul bobo ham kampirini nevara qizga tashlab bozorga ketgan edi. Shohista odatdagidek onasiga ikki sixgina qiymali kabob olib kelgan ekan. “Shoshmang, oʻsha gʻiybatlarni eshitasiz-da!..”, deb, avval kabobni yedirdi, soʻng choy damlab kelib, onasiga bir piyola choy ichirgach, telefonni uzib olib keldi.

– Mana, endi miriqib oʻzingiz haqingizdagi gʻiybatlarni eshiting, – yozuvli tasmani bor ovozi bilan qoʻydi.

– Asalim, qandaysiz? – Erkak kishining ovozini eshitib, ona-bola hang-mang boʻlib qolishdi.

– Yaxshi, ona. Oʻzingiz yaxshi yuribsizmi? – ikkinchi tomondan Nozimaning xavotirli ovozi eshitildi.

– Hah, odobli qizimdan-da, – erkak kishi masxara qilganday hiringlab kuldi. – Kuningiz qattiq sizning. Uzuk yoqdimi?

– Ha, judayam, rahmat sizga.

– Quruq rahmatga qorin toʻymaydi. Haqini qachon berasiz?

– Nomarddan qarz olma, qarz olsang ham xarj qilma, deyishgan.

– Toʻgʻri aytishgan, – erkak kuldi. – Sizni degan chogʻ men nomardman. Sabr-toqatim tugab borayapti. Tezroq bir chorasini topib, onamnikiga deb chiqasizmi, dugonamnikiga deb chiqasizmi, ikki soatga kelib keting.

– Koʻraman, ona.

– “Koʻraman”ni choʻntagingizga solib qoʻying. Menga “xoʻp boʻladi, begim” deng.

– Xoʻp boʻladi, sal turib oʻzim qoʻngʻiroq qilaman. Uydagilarga salom ayting.

– Hah, jonidan. Siz oʻqituvchi emas, aktrisa boʻlishingiz kerak edi.

Shohista titrab turgan barmoqlari bilan telefonning tugmachasini bosib qoʻydi:

– Axir, bu Hamdam-ku! – uning rangi devordek oqarib ketgan edi.

– Hamdaming kim? – quloqlari shangʻillab qolgan Robiya xola bir yutinib, tanglayiga yopishib qolgan tilini zoʻrgʻa ajratib, soʻradi. – Kim u, Hamdam?

– Erimga kuyovjoʻra boʻlgan bola!

Shohista oʻrnidan sakrab turdi, u bir zumda yarador sherga aylangan edi:

– Ena, men ularni yorib tashlayman. Iflos, qanjiq, qanday jurʼat qildi bizning yuzimizga oyoq qoʻyishga?! Men uni oʻldiraman, oʻz qoʻllarim bilan boʻgʻib oʻldiraman. Hamdamni ham oʻldiraman. Keyin erim bilan ajrashaman. Uning hamma gapdan xabari boʻlgan. Har doim “Yangang juda chiroyli-da, bizning oshnalarning yuragidan urib qolgan”, deb piching qilar edi. Bilib turib, indamagan, aytmagan! Qoʻshmachilik qilgan! Uniyam oʻldiraman! – uning koʻzlaridan tirqirab yosh oqardi. – Ena, oʻgʻlingizning koʻzi koʻrmi, nahotki xotini bizni shuncha sharmanda qilib yurganini bilmasa? Siz qoʻlidagi uzukni koʻrib, soʻramadingizmi, qayerdan olding, deb. Shunday ham lapashang boʻlasizlarmi?

Qizining ahvolini koʻrib, kelinining xiyonatini ham bir nafas unutgan ona jon-jahdi bilan Shohistani tinchitishga urinar edi:

– E-e, uzugi boshidan qolsin. Mening oldimga uzuk taqib kirarmidi u. U kuni Gulzor “Yangamga onasi yangi uzuk olib beribdi”, degan edi.

– Onasi! Voy, sodda enam-a! Shunda ham hayron boʻlmadingizmi? Uning onasi bitini sotib, qiziga uzuk olib beradimi?

Robiya momo yotgan joyida uzalib qizining etagidan ushladi. Uning koʻzlari toʻla gʻilt-gʻilt yosh edi. Yutindi, lekin gapira olmadi. Qoʻllari bilan “Oʻtir” deb ishora qildi: “Oʻtir, oʻtir-a, juvonmarg, manglayi qora! Erga tegmay oʻlgin, sen badbaxt. Eshigimga kimlarni ergashtirib kelding?”

Shohista onasining rangiga qarab, birdan jim boʻlib qoldi, soʻng yugurib tashqaridan bir piyola muzday suv olib keldi:

– Ena, bir hoʻplam iching.

Ona bosh chayqadi: “Kerak emas!”

Shohista piyolaga barmoqlarini tiqib, onasining yuzlariga suv sepdi.

Robiya momo anchadan soʻng oʻziga keldi. Shundayam behol, bemajol edi, koʻp gapirmadi: “Sen, bolam, jim oʻtir. Akangga ham aytib oʻtirma. Oʻzi qiziqqon, xotinini bir narsa qilib qoʻyib, qamalib ketmasin. Nozima (“yangang” deyishga tili bormadi) bilan oʻzim gaplashaman, – u hansirab zoʻrgʻa nafas olar edi.

Shohista yana yigʻlab yubordi:

– Nimasini gaplashasiz, ena? Hali uni olib qolmoqchimisiz? Akam bilan yashatmoqchimisiz?

– Bolalar bor, bolam, – chuqur xoʻrsindi kampir.

– Ena-a-a!.. Ena!

– Jim, bolam. Bosh yorigʻi doʻppi ostida. Ularning oʻrtasida nima boʻlganini birov koʻrib turgani yoʻq.

– Ena, balki biz hammadan keyin eshitgandirmiz bu gaplarni. Balki odamlar allaqachon ustimizdan kulib yurgandir. Erta bir kun yuzimizga ham solishadi. Oʻshanda necha pullik odam boʻlamiz, qanday bosh koʻtarib yuramiz?

– Tuhmat, deymiz. Dushmanlarimiz toʻqib chiqarishgan, deymiz. Men bolalarni yetim qila olmayman, qizim.

Kampir zoʻrgʻa gapirayotgan boʻlsa ham, soʻzlarida shunday qatʼiy ohang bor ediki, unga qarshi chiqishga Shohistaning jurʼati yetmadi. Haqiqatan ham Nozimani bir narsa qilib qoʻyib, akasi qamalib ketsa, onasi uni hech qachon kechirmaydi. U koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha, tizzalarini quchoqlab oʻtirib-oʻtirib, soʻng bir soʻz demay, oʻrnidan turdi-da, hovliga chiqib ketdi.

Onasi hamisha Amir Temur navkarlarining roʻzgʻorini saqlab qolish uchun oʻylab topgan tadbirni qoyil qolib gapirib yurar edi. Emishki, sarkarda uzoq davom etgan janglardan qaytayotib, hamisha bir oqshom navkarlarini shahar tashqarisida saqlar, ularga kelganliklarini maʼlum qilish uchun, gulxan yoqib, uyum-uyum oʻtin toʻplab, olov qoʻyishni buyurar ekan. Bundan maqsad eri jangda yurganida oʻzini tuta olmay, xiyonat koʻchasiga kirib ketgan ayollar boʻlsa, erining qaytganidan xabar topib, orqa-oldini yigʻishtirib olsin, yonida jazmani boʻlsa, javobini berib yuborsin, der ekan. Biron navkar yarim tunda uyiga qaytib borib, toʻshagida boshqa erkakka duch kelib, shuncha qirgʻinbarotlardan eson-omon qaytib, oʻz uyida ruhan shahid boʻlmasin, deb shu ishni qilar ekan.

Onasi gap kelib, shu tadbirni aytsa, akasining jahli chiqib ketar edi:

– Ena, bu bilan nima demoqchisiz? Ayollar erlariga xiyonat qilaversin, faqat erlari bilib qolmasa boʻldi, demoqchimisiz?

– Yoʻq, bolam. Amir Temur qanday dono, tadbirkor boʻlganini aytmoqchiman. Xotinini xiyonat ustida ushlagan navkar hech qachon oldingiday jasorat bilan jang qila olmaydi, jismi butun boʻlsa ham, ruhi bir umr mayib boʻlib qoladi. Demak, sarkarda bitta navkaridan ajraladi. Bundan tashqari, odam kechirimli boʻlishi kerak.

– Nimalar deyapsiz, ena? Birovning qoʻynida yotgan xiyonatkorni kechirish kerakmi? – tutoqib ketadi Sardor oʻzini navkarning oʻrniga qoʻyib.

– Qoʻy, bolam, aytdim, qoʻydim-da. Oʻsha davrda har bir navkar hisobli boʻlgan.

Shohista oldingi safar kelganida Nozimaning qoʻlida yaraqlab turgan bilaguzukni koʻrib, hayron boʻlgan edi. Hazillashib, “Ha, yangaposhsho, bizdan berkitib yurganlaringizni endi taqayapsizmi?”, dedi. Nozima ham “Berkitib yurganlarimizni ham yigʻib-terib olib ketdingiz-ku, yana gapirasiz. Bir-ikki kun taqay, deb, koʻnglim ketib, dugonamnikini olgan edim, shuniyam koʻrib qoldingizmi?” deb chaqib oldi.

Endi shoʻrlik onasi nima qilar ekan? Ikki bola bor. Oʻlsa ham ajratmaydi. Ammo xiyonatkor kelinni qanday qilib, oʻgʻlining qoʻynida, uyining toʻrida saqlaydi?

Shohista hovli oʻrtasidagi supaning temir panjarasiga suyanib, uzoq turib qoldi. Hamisha sogʻinib, shoshib keladigan qadrdon ota hovli koʻziga juda ivirsiq va befayz koʻrindi. Kelinning kayfiyati hovlidan ham koʻrinib turardi. U haqiqatan ham hamma narsadan voz kechganga oʻxshar edi. Yoʻlaklarning chetlarida koʻrpa boʻlib yotgan ajriqlar, hovlining u yer-bu yerida toʻnqayib yotgan boʻsh chelaklar, har doim yaltillab turuvchi oftobalarning boʻgʻiq rangi… Koʻcha tomondan otasining tomoq qirganini eshitib, hushyor tortdi. Darvoza ochilib, ikki xalta bozorlik bilan otasi kirib keldi. Uylariga mehmon kelishi kerak edi. Bir pasga deb chiqqan edi, qaynonasidan baloga qoladi endi. Otasi bilan shoshib soʻrashdi-da, ichkariga kirdi. Quyosh koʻtarilib, xona isib ketgan, onasi koʻzlarini shipning allaqaysi burchiga tikkancha, jim yotardi.

– Ena!

Kampir indamadi.

– Ena, oʻzingizga tashladim. Menga qolsa, sira kechirmagan boʻlar edim. Dunyoning yarmi qovushib, yarmi ajrashib yotibdi. Bir sizning oʻgʻlingiz ajrashgani bilan hayot toʻxtab qolmaydi. Bolalar ham yoʻlini topib ketadi. Hammamiz qarashamiz. Yana ham oʻzingizga havola, sizga aql oʻrgata olmayman, oʻzingiz hal qiling.

Kampir yana indamadi.

– Men endi ketaman. Uyga mehmon kelishi kerak edi. Siz siqilmang.

– Xoʻp, bolam, yaxshi bor.

– Otam ham keldi.

– Bildim, – kampir xona oʻrtasida qoʻqqayib turgan telefon apparatiga ishora qildi. – Manavini koʻzimdan yoʻqot.

Shu kuni Robiya momoga hech kim, hech narsa kerak emas edi. Kimsasiz bir dashtu biyobon boʻlsa, dunyoni boshiga koʻtarib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlasa, yigʻlayversa!.. Hech kim “nega yigʻlayapsan?” deb soʻramasa. Axir nima deydi? Bu savolning javobi ogʻir, juda ogʻir. Ich-ichidan toshib kelayotgan faryod boʻgʻzidan chiqib ketmasligi uchun lablarini qattiq tishlab, qoʻllarini musht qilib oldi, ammo koʻzlarini idora qila olmadi. Koʻz yoshlari yuzining ikki chekkasidan quyilib ketaverdi, ketaverdi, quloqlari ham suvga toʻlib ketdi. Ammo yigʻlasang, darding yengillashadi, deganlari bekor gap ekan. Momoning yuragi juda behalovat boʻldi. Yotib qolgandan buyon tezroq kunning kech boʻlishini, uyda oila aʼzolarining jam boʻlishini yaxshi koʻrar edi. Bugun esa kun kech boʻlib, hammaning yigʻilishidan yuragi choʻchib turardi. “Endi qanday qilib kelinining yuziga qaraydi? Gaplashib olmoqchi, ammo qanday qilib gaplashadi? Nima deydi u nobakorga? Essiz!.. Ha-a, manglayi qora, badbaxt toʻqol! Boshida shunday eri boʻla turib, shu ishni qilsa-ya. Ikki bolang boʻlsa, muallim degan oting boʻlsa, musulmon farzandi boʻlsang! E-e, besharm, behayo!”

Nozimaning kelganini beton yerga urilgan poshna ovozlaridan bildi. Taq-tuq ovozlari ayvon ostonasiga kelib tindi, “gʻiyq” etib, eshik ochildi-da, kirgan odam yengilgina yurib, uyning narigi tomoniga ketdi. “Nozima”. U ancha payt xonasida qolib ketdi. “Dam olayapti, shekilli”. Ancha vaqtdan soʻng avval ayvondan, soʻng hovlidan shovur eshitildi: “Turdilar. Bir kirib, til uchida boʻlsa ham, yaxshi yotibsizmi, deb qoʻysa, haqqi ketib qoladiganday. Betarbiya, na ketayotib, xayr, deydi, na kelib salom beradi”.

Kampir yotgan joyida kelinining chimirilgan qiyofasini koʻz oldiga keltirdi. Ishdan horib-tolib kelgan holimda shularning hovli-joyini yigʻishtirishim kerak, kirini yuvib, ovqatini qilishim kerak, sigirini sogʻishim kerak, degan iddao bilan yurgandir, albatta. Avvallari kampir sogʻ paytida, keksa boʻlsa ham qoʻlidan kelganicha, hamma yoqni saranjomlab, yengilroq ovqatlarni qilib oʻtirardi. Endi kampirning oʻzi ham ish boʻldi.

Shu bilan Nozima kampirning xonasiga kechqurun kirdi. Xuddi kimdir boʻyniga ip solib, majburlab olib kirganday, diltang qiyofada salom berib, xonadagi idish-tovoqlarni yigʻishtirib ketdi, keyin nevara qizdan labi uchgan kosada yarim kosagina ovqat kirgizib yubordi. Uning labi uchgan idishni juda yomon koʻrishini yaxshi biladi. Bilib turib… Bir chaqib olish uchun… Nima qilsin, indamaygina yotgan kampir bilan shangʻillashib urisha olmasa… Bu kampir ham oʻlmasa, yitmasa, oyogʻi yoʻq, biron joyga bosh olib ketmasa… Dardisar, yeydi, yotadi!

Robiya kampir yurak hovuchlab erta kunni kech qildi. Oldiga hali unisi, hali bunisi kirib chiqayapti. Nozimaning oʻzi kelmasa ham chaqirtirishga imkon bor edi. Jurʼat qila olmadi. Avval aytmoqchi boʻlgan gaplarini koʻngliga taxlab chiqdi. Soʻng oʻzini birin-ketin bahonalar bilan aldadi: ovqatini qilib boʻlsin, sigirini sogʻib boʻlsin, hovlini yigʻishtirib boʻlsin… Nevaralari, oʻgʻli kelgandan soʻng bugun uchun imkoniyatlari batamom tugaganligidan negadir yengil nafas oldi: “Bunday gaplarni xoli gaplashish kerak”.

U ovqatga qoʻl ham urmadi. Idishlarni nevara qiz olib chiqib ketdi. Oʻzicha “Nega ovqat yemadingiz?“degan savolni kutdi. Yoʻq, hech kim hech narsa demadi. Eri bilan oʻgʻli uning kosasini koʻrmagan, kelinga esa baribir. Kosadagi ovqatni shartta yuvindi chelakka agʻdargan-qoʻygan.

Robiya momoning yonida choli oʻtirgan edi. Ayvonda yana telefon jiringladi. Kampirning yuragi qinidan chiqib ketay, dedi. Butun vujudi quloqqa aylanib, ayvon tomonga qaradi. Boboning gapini ham toʻxtatib qoʻydi: “Bir pas jim turing. Kim telefon qilayapti?”. Boboning achchigʻi keldi: “Kim boʻlardi, qudagʻayingdir-da. Nozima shu atrofda yuribdi, oʻzi oladi”. Haqiqatan ham telefon qoʻngʻirogʻi oʻchib, ayvondan Nozimaning istigʻnoli ovozi eshitila boshladi: “Ha, onajon. Yaxshi, onajon. Xoʻp, ona. Hech qoʻymadingiz-da, ona, xoʻp, dedim-ku. Ertaga darsim yoʻq, oldingizga oʻtaman. Xoʻp, onajon, sogʻ boʻling”.

Kampirning eshigi yopiq boʻlsa ham devorlar shuncha yupqamidi, yo kampirning koʻzlari shunchalar oʻtkirmidi, Nozimaning soʻzlaridagi emas, koʻzlaridagi nozu firoqni ham aniq koʻrib turardi: “Diyonatsiz. “Onajon” emish”.

Gurungi boʻlinganidan xafa boʻlgan chol qudasini yozgʻirdi: “Bu qudagʻaying hech qoʻymaydi. Qachon qarasang, chaqirib turgan kuni. Sen birovning uyi deb, bitta telefon qilishga ham tortinarding, u boʻlsa, ertayu kech “jiring-jiring”! Qoʻl telefonlari ham arzon boʻlib qopti, baʼzi uylarda har bir odamda bir telefon emish. Kelining ham shu telefondan bitta olsa, keyin kechayu kunduz onasi bilan gaplashib, uydagi hamma axborotlarni yetkazib turadi”.

– Uyaling-e, erkak boshingiz bilan kelinni gʻiybat qilgani, – kampir oʻzicha erini urishgan boʻldi, ammo qoʻl telefonlari haqidagi yangilikni eshitib, yuragi shuv etib ketdi: “Quribgina ketsin, iloyim. Ayvondagi gurunglar-ku, nazoratida edi. Ammo qoʻl telefoni olsa… Oladi. Tillo uzuk olib bergan boyvachcha telefon ham olib beradi-da. Sharmanda! Oʻsha yigit ham ahmoq ekan. Bu tasqaraning nimasiga uchgan? Ikki bolali birovning xotiniga osilguncha oʻzingga munosib biron boʻy qiz top. Qiz zotiga qirgʻin kelmagandir, axir. Koʻcha toʻla qiz. Yoʻq, yigitlar qizlardan qoʻrqadi. Qiz bolaning javobgarligi bor. Erli xotin boʻlsa, besh-olti kun ermak qilib-qilib, joniga tekkach, e-e, bor-e, deb tashlab ketaveradi. Vijdonsiz!”

– Gʻiybat emas, bor gap. Kelining ham shu onaning bolasi. Telefon jiringlasa, ogʻzidagi ogʻzida, qoʻlidagi qoʻlida qolib ketadi. Uchib borib, telefonning yonida paydo boʻladi. Hey, anavi yerda erim turibdi, manovi yerda qaynotam turibdi, demaydi.

– Qoʻying, – kampir ogʻir yuk ostida qolganday chuqur xoʻrsinib, ustidagi koʻrpani olib tashladi, peshonasiga tepchigan terlarni artdi. – Ertaga qoʻl telefoni olsa, gaplashganini ham koʻrmaysiz.

– E, kampir, bilganini qilsin, – bobo behafsala qoʻl siltadi. – Sen bilan biz oʻtib ketayotgan odam. Shu, erta-yu kech qovoq-boshini uyub yuradigan ichi qora odamlarni yomon koʻraman. Nima darding boʻlsa ayt, qoʻlimizdan kelgancha yordam beraylik. Yoʻq, qachon qarasang, quyunday toʻntarilib yurgani yurgan. Qarab tursam, eriga ham hech oʻng gapini aytmaydiganga oʻxshaydi. Sardorga ham qiyin boʻldi.

Kampir choliga hayron boʻlib, qarab qoldi. Hech zamonda birovning na gʻiybati, na sifatini qilmaydigan odamning gaplari uni dahshatga soldi: “Ha, Sardorga rostdan ham qiyin boʻldi”.

Olloqul bobo oʻrnidan turib, derazaning pardasini surib qoʻydi. “Ozroq toza havo kirsin”. Bir piyola choy quyib, kampirining yoniga qoʻydi. “Manavi shokoladdan bittagina yeb ol, ustidan choy ichasan”, bitta konfetni archib, ogʻziga olib bordi. Kampirning yupqagina lablari titrab ketdi, koʻzlari yoshga toʻldi.

Chol indamay, kampirning mijjalarini artdi, keyin yonboshida turgan qoʻlini kaftlari orasiga oldi: “Siqilma, onasi. Senga bu gaplarni aytmasligim kerak edi. Yotgan joyingda ham hammasini koʻrib-bilib yotibsan, bilaman. Bir gap kelganda aytib yubordim-da men ham. Hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, yosh-da bular. Foyda-ziyonini bilmaydi.

Kampir indamadi.

– Ikki kundan soʻng gipslaringni yechamiz, – chol kampirning koʻnglini koʻtarish uchun yaxshiliklarni yodga oldi. – Qizlaringni chaqiraman, yaxshilab choʻmiltirishadi. Soʻng oʻtirib, ovqatingni yeydigan boʻlasan, keyin asta-sekin yurib ketasan. Avval qoʻltiqtayoqda, soʻng oʻzing… Shuncha erkalik qilib yotganing yetar, keyin qozon-tovoqni oʻzing qilasan. Sening ovqatlaringni sogʻinib ketdim. Xoʻpmi?

Kampir koʻzlarini yumib, ochdi: “Xoʻp”.

– Endi yigʻlamaysan-a? Men bir tashqarilab kelay.

– Boravering, – uning ovozi nihoyatda xasta edi.

Chol ostonadan ortiga qaytdi:

– Hey, sening juda mazang yoʻqqa oʻxshaydi-ku. Doʻxtir chaqiraymi? Qon bosiming oshib ketgan boʻlmasin yana. Yo yuraging bezovta qilayaptimi?

– “Bilmasam… Nima boʻlganda ham oʻlmayin-da. Men oʻlsam, Sardor bilan ikki nevaraning holi nima kechadi?”

– Menga qara, – Olloqul bobo kampirining koʻzlariga yana sinchiklab qaradi, – Mazang yoʻq boʻlsa ayt, doʻxtir chaqiraman.

– Mayli, chaqiring, – kun boʻyi davom etgan asabiy holat kampirni butunlay holdan toydirgan edi. Xuddi oyoqlaridan joni chiqib ketayotgandek boʻldi.

Bir pasda “Tez yordam”ning doʻxtirlari yetib keldi. Boshiga oq qalpogʻini bostirib kiyib olgan oʻrta yoshlardagi doʻxtir “E-e, momo, bu nima yotish? Qoʻying-e, bu erkalik sizdek dongdor birgadga yarashmaydi”, deya hazil-huzul qilib, qon bosimini oʻlchadi, yuragini eshitib koʻrdi. Soʻng yordamchisiga qandaydir dorilarning otini aytib, ukol qilishni buyurdi. Momolarining boshida yurak hovuchlab, diydirab turgan nevaralarni tashqariga chiqarib yubordi. “Nima boʻpti, doʻxtir uka?” deb qayta-qayta oʻsmoqchilayotgan boboning kiftiga qoqib, tinchitgan boʻldi. Ukollar qilib boʻlingach, yana momoning yonboshiga oʻtirdi:

– Ozgina qon bosimingiz koʻtarilibdi. Picha toriqqan koʻrinasiz. Bir umr yelib-yugurib yurgan odam yotib qolsa, yomon. Ammo siz juda kuchli ayolsiz. Besh-olti kun yotganingizga siqilmang.

– Ikki kundan keyin gipsni ham olib tashlashadi, – izoh berdi bobo.

– Mana koʻrdingizmi, ikki kun sabr qilsangiz, hammasi oʻtib ketadi. Oʻzi, aka, biz doʻxtirmiz, bizga bunday gaplarni aytish yaxshi emas, – u Olloqul akaga yuzlandi. – Lekin bemorlik ham yaxshi bir davr. Sogʻ-omon yelib-yugurib yurganda na Xudoni, na bandani oʻylaymiz. Besh-olti kun yotib qolsak, Alloh deymiz, tavba qilamiz, hayotning, sogʻlikning qadriga yetamiz, hech kimni yotgulik qilmasin-u, ammo bemorlikning shunday tomonlari ham bor. Endi, buni momo yaxshi biladilar-u, shunday boʻlsa-da, bir aytdim-da. Alloh suygan bandasiga dard berar ekan.

– Shunday, – maʼqulladi Olloqul bobo.

– Shunday boʻlsa, ruhni tushirmasdan, olgʻa! Hali sizlarning bu hayotda qiladigan ishlaringiz koʻp. Bolalarni joylashtirdik, boʻldi, demanglar. Nevaralar bor. Bolaniki oʻsguncha, nevaraniki oʻlguncha, deyishadi. Tak chto!.. Peryod!

Chol-kampir kuldi:

– Maʼqul.

Doʻxtir ketgach, yana hamma yopirilib, momoning xonasiga kirdi:

– Endi, yaxshimisiz, ena?

– Momo, choy damlab kelaymi?

– Momo, sizga nechta ukol qildi?

Faqat Nozima na yoniga kirdi, na ahvol soʻradi.

Ukoldan keyin tanasi bir oz yumshadi, boshidagi ogʻriq tarqaganday boʻldi. Bobo hammani tashqariga haydadi: “Ozgina dam olsin”. Devordagi tunchiroqning zaifgina nuridan gʻira-shira yorishib turgan xonada koʻzlarini shipga qadab yotib, yana kelinini oʻyladi: “Bir kirib ahvol soʻramadi-ya. Men unga bir ogʻiz yomon gapirgan boʻlmasam… Shunday iflos yoʻllarda sangʻib yurgan odam aybini yashirish uchun atrofdagilarga xushomad qilib turishi kerak emasmi? Yoki men hayotni bilmaymanmi? Balki kelinimni bilmasman. Balki unga baribir boʻlib qolgandir. Erini ajrashaman, deyish darajasiga olib borgan xotinning oʻzi avvalroq ajralishga qaror qilib qoʻygandir. Nimadir bu qarorning amalga oshishiga xalal berib turibdi. Nima ekan oʻsha narsa?”

Doʻxtir ancha kuchli dori bergan ekan, shekilli, koʻp oʻtmay uyqu elitdi.

Ertalab tiniqib uygʻondi, yaxshi dam olgan edi. Ochiq qolgan derazadan kirayotgan muzdek havo badanini junjiktirdi. Turli-tuman qushlarning chugʻur-chugʻuri bolga toʻlib turguvchi bogʻlarni yodiga soldi. Yerni, osmonni, bogʻlarini koʻrmaganiga qancha boʻldi. U yotganidan beri daraxtlari yana oʻsib, chiroyli boʻlib ketgandir-a. Hammasi oʻsgan, oʻzgargan, faqat u yer bilan yakson, chilparchin boʻlib yotibdi. U “chilparchin” degan soʻzni hayotida ming marta ishlatgandir, ammo bu soʻzning maʼnosi haqida hech qachon oʻylab koʻrmagan ekan. Chindan qirq parchin degani-da asli. Yaqindagina Robiya Soatova boʻlib, elning ustida yurgan ayol bugun qirq emas, ming boʻlakka boʻlinib, ming parcha boʻlib, yerga singib, yer boʻlib ketdi. Oh, shoʻr boʻlgan shoʻr jonim-a! Shunchalar yozugʻing koʻpmidi sening?

Hovlidan mollarning moʻragani eshitildi, izidan Olloqul bobo tomoq qirdi: “Har kim egasiga arzi-hol qiladi-da. Oh, men kimga arzi-hol qilay, Alloh? Yuraklarim yonib ketdi, kimga dardimni aytay? Oh, egasini sharmisor etguvchi dardim-a!”

U yonida terlab-pishib, qalin koʻrpaga burkanib yotgan nevara qizini uygʻotdi:

– Tur, bolam. Maktabga borishing kerak. Hovlilarga bir suv sepib, supurib, chiroyli qilib qoʻy. Birov yarim kelib qoladimi? Birdan joyingni ham yigʻib ket. Bobong kirganda yoyilib yotsa, yaxshi boʻlmaydi.

– Xoʻp, momojon, – qiz uyqusirab turib ham xonani bir pasda saranjom-sarishta qilib chiqib ketdi. Bir ozdan soʻng yuz-qoʻlini yuvib, supurgi koʻtarib kirdi:

– Momo, bir supurib chiqaymi?

– Mayli, bolam, – kampirning zimiston koʻngliga bir qatim nur sizib kirganday boʻldi. – Oʻzimning dastyor qizimdan aylanay. Keyin hovlini ham supur. Oshxonaga qara. Yangang turgandan soʻng, ayt, menga bir qarasin.

Oradan olamjahon vaqt oʻtgach, eshikning pushtirang pardasi surilib, kelinning boshi koʻrindi: u allaqachon koʻchalik kiyimlarini kiyib, pardoz-andoz qilib olgan edi.

– Assalomalaykum, – bu salom bir-biriga yopishib qolgan lablari orasidan zoʻrgʻa chiqdi. – Ha?

Kampir bir zum sarosimaga tushib, kalovlanib qoldi:

– Senda gapim bor edi, – ovozidagi yalinchoq ohangdan oʻzi nafratlanib ketdi.

– Nima gap? – kelin pardaning ichkari tomoniga oʻtdi. Ovozida zarracha takalluf yoki qiziqish yoʻq edi. Shunchaki soʻradi: “Nima gap?”

– Ishlaringni bir yoqli qilib, bolalarni bogʻchaga joʻnat. Keyin gaplashamiz.

– Mening boradigan joyim bor.

– Qanday joy u? – achchigʻi chiqqanidan ovoziga biroz jon kirdi.

– Onamnikiga bormoqchi edim.

– Onangniki buguncha turib turadi. Undan muhimroq ish bor.

– Nima ish ekan u? – Nozimaning jahli chiqdi. “Yotgan joyida menga xoʻjayinlik qilishini!..”

– Keyin bilasan, – kampir “endi bor, boraver”, degandek yuzini ters burib oldi.

Nozima bir pas ostonada serrayib turdi-da, soʻng indamay chiqib ketdi.

Hamma kampir bilan birin-ketin xoʻshlashib, oʻz yumushiga ketdi. Nozima hammadan keyin kirdi, u koʻchalik kiyimlarini yechib, egniga yangi guldor xalat kiyib olgan edi. U xonaga kirib, qoʻllarini orqasiga qilgancha, deraza tokchasiga suyanib turib oldi:

– Tinchlikmi?

– Oʻtir, – kampir uning oyoqlari ostidagi koʻrpachaga ishora qildi.

– Menga shunday qulay, turaveraman.

– Nozima!

– Ha?

– Men hammasidan xabardorman. Bilsang, sen gaplashadigan telefonni men sotib olganman. Sotgan odam hamma amallarini aytib sotgan edi. Men sening pichir-pichiringdan gumonsirab, yozib oladigan uskunasini ishlatib qoʻygan edim.

Nozimaning rangi oqardi. Qoshlarini chimirib yerga qaradi.

– Sendan nimani kutsam ham, bunday ahmoqchilikni kutmagan edim. Nima xayol bilan bu koʻchaga kirding, bilmayman. Lekin ikki bola boʻlmasa, oʻgʻlim xotinsiz oʻtib ketsa ham, hammasidan voz kechib yuborar edim. Ammo men nevaralarimni koʻchaga tashlab qoʻya olmayman. Sen yo bu oʻyinlarni toʻxtatasan, yo uydan chiqib ketasan.

Nozima yerga qaragancha, ancha vaqt jim qoldi. Lekin boshini koʻtarganda ham koʻzlarida zarracha sarosima yoʻq, mutlaqo xotirjam edi.

– Bu yerda siz oʻylagan narsa yoʻq. Biz u yigit bilan shunchaki doʻstmiz. Oʻzi yosh bola, hatto uylangani ham yoʻq. Hazilkash. Siqilib yurgan vaqtlarim u bilan gaplashsam, koʻnglim yoziladi.

– Tillo taqinchoqlarni ham hazillashib olib berganmidi?

Yolgʻonlari befoyda ekanligini anglab yetgan Nozima yuzidagi eng soʻnggi pardani ham yirtib tashladi:

– E-e, menga qarang, maqsadingiz nima?! Meni haydashmi? Bilaman, shu uyga kelganimdan buyon sizga yoqmayman, meni yoʻqotish uchun bahona izlab yurasiz. Uch oydan beri yotqizib, ovqat berganimning mukofotiga shu tuhmatni oʻylab topdingizmi? Ketishimni judayam istayotgan boʻlsangiz, har xil narsalarni toʻqib oʻtirishning hojati yoʻq. Oʻzim zoʻrgʻa yurgan edim. Shunday ham ketaveraman.

Kechadan buyon ichi zahar-zaqqumga toʻlib, azob bilan ilondek toʻlgʻanib yotgan boʻlsa-da, maqsadi murosa edi. Bu behayo esa!.. Ham gʻarlik, ham peshgirlik ekan-da… Kampir ichi yonib turgan boʻlsa-da, yana murosaga chaqirdi:

– Bolalar-chi? Bolalarga nima deysan?

– Buni siz oʻylang. Onangiz buzuq ayol edi, shuning uchun haydab yuborganman, desangiz, harqalay sizdan minnatdor boʻlishmasa kerak. Qolaversa, bolalarni deb shu gʻurbatxonada bir umr yashash hech aqlga toʻgʻri kelmaydi, – u shunday dedi-yu, zipillab xonadan chiqib ketdi.

Robiya momo yotgan joyida hang-mang boʻlib qolaverdi. Yugurib borib toʻxtatay desa, buning oyogʻi yurmaydi, iziga qaytar, desa, uning insofi yoʻq.

 

* * *

Nozima qaynonasining oldida oʻzini har qancha bamaylixotir tutgan boʻlsa-da, xonadan chiqquncha adoyi tamom boʻlgan edi. Bu oʻlgur qari kalamush nimalardandir is olib yurganini sezar, oʻziga ham yoqmayotgan turmushi nihoyasiga yetib borayotganini his etar, ammo bu sezgilari uni unchalik choʻchitmas, hayotidagi bir xillik, sadoqatli kelin rolini oʻynash joniga tekkan edi. U azaldan yoʻllarining, yoʻldoshlarining yangilanib turishini, safarlarga chiqishni, yangi-yangi sarguzashtlarni yaxshi koʻrardi. Teng-toʻshlari chet ellarga chiqib, jaraq-jaraq pul topib kela boshlaganida onasi uni allaqachon uzatib yuborgan edi. Har kimning yurishidan bir nuqson topadigan qaynona, koʻr koʻzlar ochilganda ham qovogʻi ochilmaydigan er, bolalar uning yurar yoʻllarini batamom berkitib qoʻydi. Baʼzan qizlar bilan oʻtirganda “Oʻh, boshimda dardisar erim boʻlmaganda bormi, bu yerlarda ovora boʻlib yurmas edim. Dunyo kezar edim, ham sayohat, ham tijorat. Ham dunyo koʻrar edim, ham pul ishlar edim”, der edi doim. Bir qoʻshnilarining qizi sakkiz yildan beri Gretsiyada yuribdi. Oʻzi Gretsiyada, buyoqda uning uchun qasr qurildi, eng zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi. Bir nosqovoqday qiz, butun aka-ukalarining homiysiga aylandi, qaysiga uy olib bergan, qaysinisiga mashina olib bergan. Har kelganda Gretsiyaga qiz olib ketadi, oʻzi odamlarni ishga joylashtirishdan boshqa yumushi yoʻq ekan. Gretsiyada ham uy-joyi, mehmonxonasi bor ekan. Ana, hayot! Nima, Nozima shuncha aqli, shuncha husni bilan oʻsha nosqovoq eplagan ishni eplay olmaydimi? Juda eplaydi. Faqat avval manavi “toshturma”dan chiqib olish kerak, keyin oʻz-oʻzidan yoʻllari ochilib ketadi. Lekin bu yoqda Hamdam ham bor. Bu boyvachcha yigit unga hech narsa vaʼda bermayotgan boʻlsa ham, u bilan birga boʻlish unga juda yoqar edi. Ehtimol, Nozima uning hayotidagi yagona ayol emasdir, shunchaki koʻngil xushi uchun uni izlayotgandir, lekin baribir bir gapirib, oʻn kuladigan bu dilbar yigitning maftuniga aylangan edi.

Agar chet elga ketsa, undan voz kechishi kerak. Bu esa juda qiyin. Hamdam bu rejasidan xabar topsa, tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqishi aniq. Unda nima qiladi, Termizda qolaveradi. Shaharning har burchagida otasining bittadan uyi bor boyvachcha yigit uni chet elga yubormasa, bitta uyini beradi. Uylanmasa ham taʼminlab qoʻysa boʻldi, yashayveradi, oʻzi xon, oʻzi bek boʻlib!

Lekin qaynonasining bilib qolgani yomon boʻldi. Eri bilan biron janjal chiqarib, uydan chiqib ketishi kerak edi. Endi ovsin-ajinlar eshitadi, ulardan qoʻni-qoʻshnilar, boshqa qarindosh-urugʻlar… Yuzi shuvit boʻladigan boʻldi-da. Yaxshisi, kirib kechirim soʻragani maʼqul, “Haqiqatan ham oramizda hech gap yoʻq. Oʻzi shilqimlik qilib yuribdi. Shu daqiqadan orani ochaman. Men ota-onamning yuzini yerga qaratishni istamayman”, deydi. Keyin Hamdam bilan gapni bir joyga qoʻyib, boradigan yeri aniq boʻlgach, eri bilan bir janjal chiqaradi-da, bolalarini olib, uydan chiqib ketadi. Birov bir narsa desa,”Erim odam emas, yeb qoʻydi. Qaynonam ham yotgan joyida zaharli ilondek chaqib, koʻzimni ochirmadi”, deydi. Ishongan odam ishonsin, ishonmagan oʻzi biladi.

Tushga yaqin qaynonasining oldiga choy damlab kirdi. Kampir koʻzlarini yumib, lablarini qattiq qimtigancha, chalqancha yotardi. Qadam tovushlarini eshitib, koʻzlarini ochdi, uning koʻzlari qizarib ketgan edi, ogʻriqli nigohlarida nadomatga oʻxshash bir ifoda paydo boʻldi. Nozimaning unga rahmi kelib ketdi. Choyni kampirning yonboshiga qoʻyib, oʻzi karavotning yoniga toʻshalgan koʻrpachaga choʻkkalab, qaynonasining serajin qoʻlini kaftlari orasiga oldi:

– Meni kechiring, xolajon. Haqiqatan ham bizning oramizda siz oʻylagan narsa yoʻq. U shunchaki bir shilqim yigit. Oʻzi yosh bola, hatto uylanmagan. Hazil-huzul qilib yuradi. Bir uzuk bergani ham rost. U juda boy, uning uchun bir uzuk, bir quti gugurtdek gap. Tugʻilgan kuningizga deb qoʻymadi, oldim. Ammo shu daqiqadan boshlab orani ochaman. Faqat bu gap ikkovimizning oramizda qolsin.

Uning tavbalarini tinglayotib, koʻzlaridan tirqirab yoshlar chiqib ketayotgan qaynonasiga qarab, haqiqatan ham bosib oʻtgan barcha yoʻllaridan, oromini oʻgʻirlagan orzu-niyatlaridan butkul yuz oʻgirishni istayotganini his qildi. Haqiqatan ham odamlar oʻzimga bir boshpana quray, bir mashina olay, deb, chet ellarda sarson-sargardon boʻlib, kim qullikni, kim fohishalikni boʻyniga olib, azob-uqubat chekib yuradi. Uning shunday uyi-joyi boʻlsa, mashinalari ham bor, eriga oʻng gapirsa, er ham, mashina ham xizmatida boʻladi. Bir cholu kampirning ikkita kosasini yuvishdan qochib, shunday malomatlarni boʻyniga olishi shartmi?

Kampir qoʻlini uning kaftlari orasidan chiqarib olib, qoʻllari ustiga qoʻydi va ohistagina silab, bosh irgʻadi:

– Xoʻp, boraver.

Lekin Nozima qaynonasining oldidan koʻngli xijil boʻlib chiqdi:

“Ilonning yogʻini yalagan jodugar! Ishonmadi menga. Oʻgʻlining roʻzgʻori buzilib, nevaralari yetim boʻlib qolmasligi uchun oʻzini ishongandek koʻrsatdi”.

Ammo shu kuni hech qayerga chiqmadi. Telefonning simini butunlay uzib qoʻyib, uylarni bir boshdan tozalab chiqdi.

Qaynonasining usti-boshini almashtirdi. Kir yuvdi. “Bir kun erta-kechining farqi bormi? Gipslarini bugun ola qolsin. Bugun choʻmiltiramiz. Bir tanlari yayraydi”, deb qoʻyarda qoʻymay erini doʻxtirga joʻnatdi. Oʻzi orada telefonni bir ulab, Shohistaga qoʻngʻiroq qildi: “Bir kelib keting. Xolamning gipsini olishadi bugun. Gulzor bilan ikkovlaringiz choʻmiltirmasalaringiz, mendan tortinadi. Hammomni yoqib, suvlarni isitib qoʻydim”. Shohistaning oldida odam bormidi, gapni qisqa qildi: “Boʻpti, oʻtaman”.

Ammo uyga kelganida uning qarashlaridagi sovuq ifodani koʻrib muzlab ketdi: “Hammasidan xabardor ekan-da, bu kishiyam. Oʻh, bu yosuman kampir doʻst emas, doʻst boʻlsa, shu goʻdakning sirini yana birovga aytib nima qilar edim, derdi. Bu darrov erka qizini chaqirib, gʻiybat qilgan!”

Gips olinadigan kunni momolari bilan birga orziqib kutib yurgan Sanjar momoning ahvolini koʻrib, yigʻlab yubordi. Kampirning butun aʼzoyi badani yara-chaqa boʻlib ketgan, uch oy ichida tanasi yangi holatga moslashib qolgan, na beli, na tizzasi bukilar, turib yurish nari tursin, hech boʻlmasa, oyoqlarini osiltirib karavotida ham oʻtira olmas edi.

Yerga ikki qavat odeyal toʻshab, uning ustiga momoni zambilda koʻtargandek choyshabda koʻtarib, odeyalning ustiga qoʻyishdi. Soʻng xuddi mayyitni yuvgandek – yotgan joyida u yoq-bu yoqqa agʻdarib, choʻmiltirib olishdi. Soʻng yana bir choyshabga oʻrab, ikkinchi choyshabga zambildek yotqizib, karavotiga chiqarishdi. Kampir baribir, ancha yengil tortdi. Ammo Sanjarni yupatish qiyin boʻldi, u momosining boshida oʻtirib, yigʻladi: “Gipsni olgandan keyin yurib ketaman, degan edingiz-ku. Siz meni aldadingiz”. Unga qarab, Nozimadan boshqa hammaning koʻzi yoshlandi.

– Nega aldaysiz, ena, shunday katta odamni ham aldab boʻladimi? – masxara qildi Shohista.

– Aldaganim yoʻq. Bugun yurmasam, erta-indin albatta yurib ketaman. Asta-astachilik bilan-da, bolam, – astoydil oʻzini oqlar edi momo.

– Aldaysiz, aldayapsiz, – yana yigʻladi bola.

– E-e, boʻldi-e, buncha shoʻrqillaysan, – Sardor oʻgʻlini urishib tashladi. – Momong bir balodan qutildi, deb hammamiz xursand boʻlib oʻtirsak, kayfiyatni buzasan. Jim boʻl, boʻlmasa, hozir tashqariga chiqarib tashlayman.

Sanjar otasiga bir qarab, koʻzlarini artdi, soʻng burnini torta-torta orqa tomondan momoning koʻrpasiga kirib, quchoqlab oldi.

Nozimaning rejalari Shohistani koʻrgan daqiqadayoq oʻzgargan edi: “Ketaman. Saltanati oʻzlariga buyursin”. Shohistani kuzatib ham qoʻymadi. Qizchasini olib, xonasiga kirdi-da, yotib oldi: “Ertaga Hamdamni topishi kerak! Masalani koʻndalang qoʻyadi. Uni deb roʻzgʻori buzilayapti. Uning maqsadi nima? Uylanmoqchi boʻlsa, uylansin. Boʻlmasa, bir boshpana topib, uni bolalari bilan oʻz himoyasiga olsin. Rost-da, na yurgani, na turgani qoʻyadi. Ikkita tilla taqinchoq bilan bir insonning qora chaplangan nomini oqlab boʻlmaydi”.

Hamdamni topishdan osoni yoʻq edi. U “Nafis mollar” doʻkonining yonida ikki yigit bilan gaplashib turardi. Nozimani koʻrishi bilan ularga xayr-xoʻsh qilib, Nozimaning yoniga yugurib keldi:

– Ha, yanga, yaxshi yuribsizmi? Kecha akam kelaman, degan edi. Kelmadi, tinchlikmi? – u atay atrofdagilarga eshittirib baland-baland ovozda gapirardi. – Rosa xavotirlandim.

– Bugun soat oʻn ikkilarda boraman, deyayotgan edilar. Borib qolsalar kerak, – dedi Nozima ham va soʻng xayr degandek bosh irgʻab, yoʻlida davom etdi.

Hamdam undan biroz keyinroq keldi, bir qoʻlida mayda-chuyda solingan yelim xalta, ikkinchi qoʻlida yarimlagan “Kola”. Eshikni oʻzining kaliti bilan ochib, ostonada Nozimaning poyafzalini koʻrib, suyunganidan xirgoyi boshlab yubordi: “Chorlamasam kelmadingiz, kutganimni bilmadingiz, oymi yo kunmidingiz, oʻzingiz sevgilim”.

Boshqa payt boʻlganda Nozima oʻrnidan sakrab turib, ming bir noz-istigʻno bilan oshigʻining qoʻyniga kirib, qoʻlidagi “Kola”ni yulqib olib, ostonadayoq bir toʻyib simirardi. Ammo bugun yoʻlakdan kiruvchi eshik koʻrinib turadigan kresloda oyoqlarini chalishtirgancha qovoqlarini uyub, indamay oʻtiraverdi.

Hamdam ichkariga kirib, qoʻlidagilarni stolning ustiga qoʻydi. Xonaga tandirdan yangi uzilgan somsaning totli hidi taraldi. Nozima shunda ham oʻrnidan qoʻzgʻalmadi.

– Ie, – Hamdam uning yoniga oʻtib, yelkalaridan quchdi. – Oydan ham, kundan ham goʻzal ekan-ku, bizning sevgilimiz. Bu nima oʻtirish? Qanday burga chaqdi sizni?

– Sizga hazil-mazax boʻlsa boʻldi?

– Nima qilay boʻlmasa? Oʻh, juda yomon burga chaqqanga oʻxshaydi-da oʻziyam. Lekin shoʻrlik burgayam sizni chaqqandan soʻng joyida til tortmay oʻlgan boʻlsa kerak. Oʻlay agar, sizning zahringizga mendan boshqa hech bir jonzot dosh bera olmaydi.

– E-e, – Nozima yelkasidan Hamdamning qoʻlini olib tashladi, – sizga balo urarmidi? Yoʻlimni toʻsib, koʻchadan oʻtkazgani qoʻymadingiz, uyingizga olib borib qoʻyaman, deb allaqayerlarga olib qochib ketdingiz. Endi mening otim yomonga chiqib, qaynonam uydan haydayman, deb oʻtiribdi.

– Nima? – Hamdamning yuzidagi tabassum oʻrnini sarosima egalladi. – Qanday qilib? Qaynonangiz qayerdan bilibdi?

– Bir antiqa telefonlari bor edi. Yotgan joyida mendan gumonsirab, shu telefonning zapis qiladiganini ishlatib qoʻygan ekan…

– Ie! Keyin nima boʻldi? Nima dedi?

– Nima deydi? Sizning kimligingizni ham aniqlab olibdi, – Hamdamni yaxshilab qoʻrqitish uchun yolgʻon ham qoʻshib qoʻydi. – Sharmandangni chiqarmasimdan uydan chiqib yoʻqol, deyapti. Kecha gipsini olishdi. Ketmasang, oʻsha yigitning ota-onasining oldiga boraman, deyapti. Oʻsha uyda bir daqiqa ham turgim yoʻq, ammo boradigan joyim yoʻq mening. Onamning uyida qoʻsh kelin, bir etak nevara, bir-birining goʻshtini yeb yotadi. U yerga boradigan boʻlsam, boshim gʻalvadan chiqmaydi. Undan koʻra bolalarni yetimxonaga topshirib, chet elga ketganim yaxshi.

– Qoʻysangiz-chi! – Hamdam uni birinchi marta koʻrayotganday hayron boʻlib qarab qoldi. – Chet elga! Sizga chet elda nima bor? Sizga uy kerakmi? Mana uy! Istagancha turaverishingiz mumkin. Keyinchalik oʻzingizga biron uy olarmiz. Hozircha shu yerda turib turing. Bolalarni yetimxonaga topshirguncha, otalariga tashlab keling, bobosi, momosi bor, qarayveradi.

– Nima?! – Nozimaning koʻzlari katta-katta boʻlib ketdi. – Ikki dunyoda bolalarimni ularga bermayman. Ularga berguncha boʻgʻib oʻldirib tashlashim mumkin, ammo bermayman. Men yomon, bolam yaxshimi? Men ularni shu bolalarning tirnogʻiga zor qilaman.

– Bu yogʻi oʻzingizga havola, – Hamdam Nozimani tinchitish uchun darrov yon bosdi. – Ish, ikki bola bilan oʻzingiz qiynalib qolasizmi, deyman-da.

– Siz-chi? Siz yordam bermaysizmi?

– Mening qoʻlimdan nima ish keladi? Onalarini bagʻrimga bosib, tishlab-tishlab olishdan boshqa hech narsa vaʼda qilolmayman, – Hamdam asta-sekin xotirjam tortayotgan Nozimaning yuzlarini siladi. – Ana boring-ki, roʻzgʻor qilishga yordam beraman, lekin men ularni bogʻchaga olib borib, bogʻchadan olib kelib yura olmayman.

– Bogʻchaga olib borib yurishingiz shart emas. Bozor-oʻcharimizga qarashib tursangiz bas, qolganini oʻzim eplayman.

Hamdam Nozimani bagʻriga olib, kuldi:

– Qandingni ur, Hamdam! Ahmadning toʻyida aytgan gapimga farishtalar “omin” deb yuborgan ekan-da.

– Qanday gap? – Nozima oʻsha toʻydagi mojaroni sira eslashni istamas edi.

– Koʻtarasiga savdo qilamiz, degan edim, esingizdami? Mana, koʻtara savdo boʻldi-qoldi. Ikki bolangiz bilan qoʻshib olayapman.

“Olayapman” degan soʻz Nozimaning kayfiyatini koʻtarib yubordi. Boshini Hamdamning koʻksiga qoʻyib, koʻzlarini yumib oldi.

– Lekin bir narsa yodingizdan chiqmasin, – gapida davom etdi Hamdam. – Siz bu uyda ijarada turibsiz, qoʻshnilar yoki bizning uydagilar kelib soʻrab qolishsa, ijarachiman, deysiz. Onam rus boʻlsa ham, opalarim gʻirt oʻzbek, ularni momom tarbiyalagan. Joyi kelsa, otamga aql oʻrgatishadi, onamga tanbeh berishadi. Shuning uchun ehtiyotroq boʻlishimiz kerak.

Nozimaning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib ketdi: “Olayapman, emish!”

Bir qarashda hammasi joyida, uy-joyi boʻladi, qarashib, koʻnglini olib turadigani ham boʻladi. Lekin bularning hammasi turli xil ranglar bilan tovlanib turgan sovun koʻpigidek omonat ekanligi koʻrinib turardi. Nozimaning koʻngli gʻash boʻldi, ammo oʻzidan toʻrt yosh kichik, uylanmagan yigitdan bundan ortiq nima ham talab qilishi mumkin. Toʻgʻri, Hamdam uni holi joniga qoʻymadi, yosh qizni olib qochganday olib qochdi, tilla taqinchoqlar olib berdi, ammo hech qachon “Senga uylanaman. Uvol-savobingga oʻzim javobgarman”, degan gapni aytgan emas. Bu yigit unday narsani bilmaydi, bunday gaplarni hech kimga aytmaydi ham. Oʻzbek kampir tarbiyalagan boʻlsa ham oʻris! Hatto shu oʻrisga ham zimmasiga tushayotgan masʼuliyat uncha yoqmadi, garchi hazil-huzul qilib, Nozimani erkalagan kishi boʻlib oʻtirgan boʻlsa-da, gaplari ham, harakatlari ham unchalik qovushmayotgani koʻrinib turardi. Nozimaning batamom ruhi sindi: “Oʻynashimga ishonib, ersiz qolgan voy boshim!”

Yelim xaltada xushboʻy hid taratib turgan somsalar turgan joyida sovib qoldi. Ikkisida ham somsa yeyishga ragʻbat boʻlmadi. Koʻp oʻtmay ikkisi ham qaytmoqchi boʻlib qoldi:

– Qaynonam uyga kirgizmay qoʻymasin yana, tezroq keta qolay.

Hamdam unga hayron boʻlib qaradi:

– Hali sizda uyga kirish imkoniyati bormi?

Nozimaning achchigʻi keldi:

– Nima qilishim kerak, ket desa, yugurib ketib qolmayman-ku. Hamma gapingiz tuhmat, dedim.

– Malades!

Uning maqtoviga javoban Nozima bir oʻqrayib qoʻydi: “Endi mendan qutulish yoʻlini izlaydi bu”.

Ertasi kuni maktabga Shohista bordi. Xuddi atay qilganday boʻsh soatida borgan edi. Ular maktab hovlisining adogʻida oqadigan kichkina ariq boʻyiga borishdi. Bu sokin burchakda maktabning mehnat darsi oʻtiladigan sinfxona, partalar taʼmirlanadigan ustaxona joylashgani uchun mehnat muallimi ariq boʻyiga, baho qoʻyish bahonasida bir nechta uzun-uzun oʻrindiqlar oʻrnattirgan edi. To ariq boʻyidagi oʻsha oʻrindiqlardan biriga joylashmagunlaricha ikkalasi ham bir ogʻiz gapirmadi. Ariqning suvi loyqa, yuzi xas-xashakka toʻlib oqar, ammo suv chetidagi daraxtlar hisobiga yon-atrof salqin va bahavo edi.

– Men erim bilan urishdim, – anchadan soʻng gap boshladi Shohista, – u hammasidan xabardor ekan.

Nozima yerga qaradi.

– Toʻy kuni uni sensirab masxara qilganingiz yodingizdami? Oʻsha kuni yigitlar bilan bahs boylashgan ekan: “Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning bolasi emasman”, deb. Erimga “Biz endi boja boʻlamiz”, deb maqtanibdi. Erim, “unday dema, qaynogʻam juda yaxshi yigit”, desa, “xotini ham yaxshi narsa ekan, xotin kishiga masxara boʻlish menga toʻgʻri kelmaydi”, debdi.

Nozima yana indamadi.

– Hey, menga qarang, erli, ikki bolali kap-katta xotin boʻla turib, ukangiz qatori uylanmagan yigit yur, desa, yetaklashib ketaverdingizmi? Mayli, eringizni, bizni oʻylamang, hech boʻlmasa, oʻzingizni oʻylasangiz boʻlmasmidi?

Nozima tamom boʻldi: “Nahotki?!” Ammo qayinsinglisining koʻzlariga tik qarab, bosh chayqadi:

– Hammasi tuhmat! Biz u bilan faqat doʻstmiz. Oramizda hazil-mutoyibadan boshqa hech narsa yoʻq. Siz onangiz bilan meni haydamoqchisizlar. Ammo bolalarimni yetim qilib, hech qayerga ketish niyatim yoʻq mening.

Shohista hang-mang boʻlib qoldi:

– Esingiz joyidami sizning? Qanday tuhmat? Hey, mening qoʻlimda telefondan yozib olingan ovozlaringiz bor. Hozir direktoringizning oldiga kirib, oʻsha yozuvni stoliga qoʻyaman. Bolalarga taʼlim-tarbiya berayotgan oʻqituvchisining kimligini bilib qoʻysin.

– Siz bunday qila olmaysiz, – gʻazabdan uning koʻzlari qisilib ketdi. – Bunday qilishingizga yoʻl qoʻymayman. Agar shunday qilsangiz, ikki bolamni ham oʻldirib, oʻlimimizga qayinsinglim sababchi, deb xat qoldiraman-da, soʻng oʻzimni osaman. Keyin koʻramiz holingiz nima kechishini. Onangiz bilan akangiz sizni kechirarmikin?

Shohista oʻrnidan turib ketdi, qani, yosh bola boʻlishsa, yonida turgan manavi choʻltoq supurgining sochini bittalab yulib, oʻzini ariqning loyqa suviga otib yuborsa!..

– Qiyshiq moʻridan sassiq tutun chiqadi, deganlari shu-da. Sizning qoʻlingizdan faqat shunday ishlar keladi. Chunki onangizdan zoʻr tarbiya olgansiz.

– Onamga til tekkizmang. Men sizning onangizni gapirayotganim yoʻq. Umuman, meni tinch qoʻying, mening hayotim bu menga tegishli mulk, unga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq.

“Shu bilan gap tamom” degandek Nozima oʻrnidan turdi.

– Hey, menga qarang, sizda na yuz bor, na vijdon, na nafsoniyat! Akamning yuziga oyoq qoʻydingiz, lekin akam Hamdam hezalakka oʻxshab garov boylashib, sizning nomingizni bulgʻamagan. Siz enamning aytganlariga uchmang, enam “oʻzimizdan boshqa hech kim bilmaydi, yopigʻlik qozon yopigʻligicha qolaveradi”, deb kalta oʻylab yuraveradi. Erkak zoti bir xotinning bilagidan ushlasa, belidan ushlab, quchoqlab oʻpdim, indamadi, deb maqtanadi. Hamdam hezalakni men bilmaymanmi, xotinchalish! Dunyoda qizbashara erkakni yomon koʻraman. Tfu! Aytib, maqtanmagan odami qolmagandir, Robiya Soatovaning kelinini unday-qildim, munday qildim, deb.

– Boʻldi, bas qiling. Bu sizning fantaziyangiz. Menda boshqa gapingiz yoʻqmi?

– Gapim shu – ketasiz. Enam Sanjarni juda yaxshi koʻradi. Sanjarni tashlab ketasiz.

– Voy, koʻnglingizning koʻchasidan-yey! – Nozima qayinsinglisini masxara qilib kuldi. – Sanjar mening bolam, uni men tuqqanman.

– Hali shoshmay tur, senga sichqonning inini ming tanga qilmasam, Shohista otimni boshqa qoʻyaman, – Shohista tez-tez yurib, maktab darvozasi tomon ketdi.

– Qoʻyaver! Bilganingni qil! – qichqirdi Nozima shallaqi ayollarga oʻxshab. Qayinsinglisi burilib ketib qolgach, dami chiqqan pufakdek boʻshashib, yana oʻrindiqqa oʻtirib qoldi. Shohista to darvozadan chiqib, koʻzdan gʻoyib boʻlmaguncha, undan koʻzini uzmay qarab oʻtiraverdi. U juda qaysar qiz edi, har daqiqada fikrini oʻzgartirib, iziga qaytib, maktab direktorining oldiga kirishi mumkin. Ana unda Nozimaning oʻzini osishdan oʻzga yoʻli qolmaydi.

Yangi darsgacha hali vaqt koʻp edi. Nozima ariq boʻyida uzoq qolib ketdi: “Nahotki?! Bu ehtiroslar, kuyib-yonishlar – barcha-barchasi garovda yutqizib qoʻymaslik uchun, qasd olish uchun uyushtirilgan sahna boʻlgan boʻlsa?! Nahotki?.. Kimni nimaga almashtirding, badbaxt Nozima?!” U atrofga qaradi, kirligidan asl rangi qandayligini ham bilib boʻlmaydigan darajaga kelib qolgan bir koʻylak kiygan farrosh ayol u bilan kulib soʻrashdi:

– Ha, Nozimaxon, nimaga xilvatda xayol surib oʻtiribsiz?

Ayolning hazili unga juda botdi: “Tavba, boʻlgani bir farrosh, meni oʻziga teng koʻrib, gap tashlashini qara!” U ayolga bir oʻqrayib qarab qoʻydi-da, indamay yuzini boshqa tomonga burdi. “Qani, boʻkirib-boʻkirib yigʻlasang, atrofingda hech kim boʻlmasa, yigʻlayotganingni hech kim koʻrmasa. Hech kim yupatmasa seni, hech kim ustingdan kulmasa!..” Chiqish qoʻngʻirogʻi chalindi, maktab hovlisi bir zumda qiy-chuvga toʻldi. U sudralib sinf tomon ketdi. Ayni paytda uning koʻzlari koʻrmas, quloqlari hech narsani eshitmas, butun fikri-xayoli Shohista aytib ketgan gaplarda edi. Qani imkoni boʻlsa, hoziroq Hamdamni topib, orani ochib olsa-yu, yuziga tupurib, soʻng hayotini yangidan boshlasa. Ketadi, gapdan qolmaslik uchun Shohistaga ketmayman, dedi-yu, ammo endi ketmasa boʻlmas. U togʻning tepasidan pastga qarab, yugurib emas, yumalab ketayapti, endi to oʻzi bironta toshga urilib toʻxtamaguncha, toʻxtay olmaydi. Jarayon boshlangan. Ortga yoʻl yoʻq.

Talabalik yillarida ham shunga oʻxshash bir voqea boʻlgan edi. Kursdoshlar yigʻilib, toqqa chiqadigan boʻlishdi. Elektrichkadan tushishlari bilan tiniq osmonning yuzida qora-qura bulutlar aylanib, yomgʻir yogʻa boshladi. Ular yomgʻirdan qoʻrqadigan yoshda emas edilar. Togʻ yon bagʻirlari kelib-ketuvchilarning oyoqlari ostida ezilib, xunuk boʻlib qolgan edi, bu yerda lola tugul, qad rostlab turgan bir giyohni ham uchratish mahol koʻrindi.

– Bolalar! Hech kimning oyogʻi tegmagan choʻqqilar tomon olgʻa!

Yigitlar oziq-ovqat solingan sumkalarni koʻtardi, qizlar ularga ergashdi.

– Bir quchoq lola termaguncha qaytish yoʻq, – ahd qildi Nozima ham.

Yomgʻir kuchaygandan kuchaydi. Eng ichki kiyimlar ham, yelim xaltalarga solingan oziq-ovqatlar ham suvda ivib ketdi. Ust-boshlaridan sizib tushayotgan yomgʻir suvlari poyafzallarini ham toʻldirib yubordi: “gʻarch-gʻurch!” Ammo lolali choʻqqilardan darak yoʻq edi.

– Bolalar! Biz lola terib borib, biznes qilamiz, deb chiqqanimiz yoʻq-ku. Qoʻyinglar shu lolalarni, ular hu, qorli choʻqqilarning naryogʻidadir balki, u yerga chiqish uchun vertolyot zakaz qilish kerak. Biz siz bilan dam olish uchun chiqqanmiz. Shu yerda toʻxtab, dam olaylik. Qorinlar ham tatalab ketdi. Ovqatlanganimizdan soʻng, istovchilar gul tersin, xohlaganlar yotib dam olsin, – kurs sardori bolalarni toʻxtatib, murosaga chaqirdi.

Hamma charchagan edi. Uning taklifi hammaga maʼqul tushdi. Shu atrofda gʻorga oʻxshash bir oʻngir topib, uning ichiga joylashishdi. Darhol suv toʻlib qolgan poyafzallar, ustki kiyimlar yechilib, dasturxon yozildi. Qorin toʻygach, yigitlar yonbosh tashlab, qarta oʻyiniga tushib ketdi, qizlar gul tera boshladilar, Nozima hammadan koʻp gul terdi.

Bir payt sardor yana vahima qilib qoldi: “Tez yigʻishtiringlar, hali zamon elektrichka kelib qoladi”.

Hamma norozi boʻldi:

– Hali ikki soat vaqt bor-ku. Endi joylashgan vaqtimizda…

Sardor ularning injiqliklarini qatʼiy rad qildi:

– Yoʻq, tez yigʻishtiringlar! Chiqishdan tushish qiyin!

Tushish haqiqatdan qiyin boʻldi. Yomgʻir hamon yogʻardi. Bir soatlik hordiq payti selgigan kiyimlar yana jiqqa hoʻl boʻldi. Poyafzallar qadimiy qoʻshigʻini aytadi: “gʻarch-gʻurch!”. Ularning kursida Dono ismli bir qiz bor edi. Oʻzi juda chiroyli, ismi ham Dono, ammo aqli sal anaqaroq qiz edi. Shu qiz baʼzan ariya aytar edi, ovozi ham juda oʻtkir, oʻzidek goʻzal edi. Shu yerda kimdir turtki berdimi yoki tumanlar ichra qad kerib turgan choʻqqilar orasida ilhomi kelib ketdimi, qoʻllarini ikki yonga yozib kuylay boshladi: “O-oo-o-a! O-oo-o-a!” Choʻqqilardan aks-sado qaytdi: “Xo-oo-o-a!” Ariyachi Dono qiz bundan yanada zavqlandi: “O-oo-oo!” Dononi Nozimaning azaldan jini suymasdi. Hammaning usti boshi jiqqa hoʻl boʻlib zoʻrgʻa kelayotgan bir paytda pastga olib tushadigan torgina soʻqmoqda turib olib, “O-o”lagani asabini buzib yubordi. Yoʻl yomon, hamma bir-birini ushlab zoʻrgʻa kelayotgan edi. Nozima qoʻllarini ikki yonga yozib, zavq bilan kuylayotgan Dononing yelkasiga qattiq nuqidi: “Qoch-e, yoʻldan. Ariya aytadigan vaqtingni qara, sening!” Oʻzi oldinga oʻtib olish uchun ikki qadamni tezobroq tashladi, keyin oʻzini toʻxtata olmay qoldi, enish yoʻl yugurtirib ketdi. Qayerdadir nimagadir qoqilib, yiqilib tushdi. Shu koʻyi bir amallab tergan gullarini mahkam bagʻriga bosgancha qandaydir bahaybat toshga urilmaguncha dumalayverdi-dumalayverdi…

Soʻng bolalar uni koʻtarib, elektrichkaga solishdi. Ikki hafta joyidan qimirlay olmay, shipga qarab yotdi. Tentak Dono kelib, kechirim soʻradi. “Hammasiga oʻzim aybdorman”, deya olgandi oʻshanda u mardona, lekin baribir ich-ichidan Dononi ayblardi: “Agar shu yomgʻir ostida ariya aytmaganda!..”

Endi-chi, endi? Ortga yoʻl yoʻq. Xuddi oʻshandagidek to bir xarsangga urilmagunga dumalagani-dumalagan. Lekin bu oʻpqondan omon qolsa, Donoga aytgani kabi “Hammasiga oʻzim aybdorman” degan iqrorni ayta olarmikin? Yoʻq, bu safar iqror boʻlish oson emas.

U garchi bu ishi hech narsani hal qilmasa ham tezroq Hamdam bilan koʻrishib, Hamdamning iqrorini, toʻgʻrirogʻi, oʻzini oqlashini eshitishni istar edi. Ammo bugun Hamdam bilan uchrashib boʻlmaydi. Kecha salgina kech qolgani uchun qaynonasining qovoq-tumshugʻi osilib qolgan edi. Bugun ham kech borsa, yaxshi boʻlmaydi. Biroz sabr qilib turgani maʼqul. Hamdam ham yurak oldirib qoʻyganmi, oʻtgan ikki kun ichida bir marta ham qoʻngʻiroq qilmadi. Sal sogʻinsa, “Nafis mollar” doʻkonining yonida paydo boʻlib qolar edi, bu yerda ham qorasini koʻrsatmadi. Katta tanaffus vaqti direktorning qabulxonasiga kirib qoʻngʻiroq qildi: “Onajon, yaxshi yuribsizmi? Bugun soat oʻn ikkilarda bormoqchi edim. Uyda boʻp turing”.

Ikkinchi tomonning gapini eshitib ham oʻtirmadi. Darhol goʻshakni oʻrniga qoʻyib, ogʻziga qarab, angrayib turgan kotibga rahmat aytib, xonadan chiqib ketdi.

Uning asablari joyida emas edi, butun boshli maktab oʻquvchilari sigʻadigan keng yoʻlakda Mahbuba Sultonovnaga urilib ketdi. Opaning koʻzlari chaqchayib, peshonasini qoplagan reza-reza terlarni kafti bilan sidirib tashlar ekan, unga nafrat bilan qaradi:

– Es-hushing joyidami sening?! Shuncha keng yoʻl turibdi-yu, nega mening ustimdan yurmoqchi boʻlayapsan?

– Uzr, opa, xayol olib qochibdi.

– Uzringni pishirib ye! Yiqilib ketsam, nima boʻlardi?

Opa juda semiz ayol edi, etaklaridan chiqib turgan kichkinagina oyoqlari yum-yumaloq gavdasini zoʻrgʻa koʻtarib yurardi. U yiqilsa, sogʻ-omon tura olmasligi aniq edi.

– Bilmay qoldim, opa…

– Shu ahvolda bunga xalqning bolasini topshirib oʻtirganimizni qara, toʻgʻri yoʻldan yura olmaydigan merov!

Bunisi endi ortiqcha boʻldi! Nozimaning jazavasi tutib qoldi. Bir chetda gunohkorona, qoʻlini koʻksiga qoʻyib turgan edi, beixtiyor ikki yoniga tushgan qoʻllari musht boʻlib tugildi, opaning ustiga endi rostakamiga bostirib bordi:

– Ogʻzingizga qarab gapiring. Sizga hech kim odamlarni haqorat qilish huquqini bermagan. Bilmasdan urilib ketdim, buning uchun uzr soʻradim. Haddingizni biling. Yoʻqsa, haqoratingizga munosib ish qilib qoʻyishim hech gap emas.

Uning vajohatini koʻrib, Mahbuba Sultonovna dami chiqqan pufakdek boʻshashib qoldi, rangi gezarib, shartta orqaga burildi-yu, gʻoʻdranganicha joʻnab ketdi: “Sening masalangni pedkengashga qoʻydirmasam, psix!..”

Toʻrtinchi soati 7“a”da edi. Erkatoy bolalar chiroyli muallimalari bilan erkin suhbatlashgisi, erkalanib hazillashgisi kelar, opalarining esa yuragiga qil sigʻmas edi. Turib-turib shu erkatoylarga dardini aytgisi kelib ketdi. Jurnalni stolning bir chetiga qoʻyib, sinfga yuzlandi.

– Bolalar, bugun mening biroz kayfiyatim yoʻq. Iltimos, mendan hech narsa soʻramasdan mening kayfiyatimni koʻtarishga yordam beringlar. Mayli, bu ish qoʻllaringdan kelmasa, hech boʻlmasa, kayfiyatimni butkul buzmaslikka harakat qilinglar.

Birinchi boʻlib prokurorning oʻgʻli qoʻl koʻtardi:

– Uyga berilgan vazifani “aʼlo” darajada tayyorlab kelganman. Xoʻp, desangiz, izidan bitta anekdot ham aytib beraman.

Bolalar haqiqatan ham begʻubor xalq edi. Ham dars boʻldi, ham hazil-mutoyiba. Nozimaning koʻngliga botib turgan tosh erimadi, ammo baribir oxirgi soati muammosiz, tinch oʻtganiga shukr qildi. Lekin… Oʻzi istab-istamay yana bir katta muammoni boshlab qoʻydi. Endi Mahbuba Sultonovna pedkengashga masala tayyorlaydi. Maʼruzasini uning tilla taqinchoqlaridan boshlashi aniq… Bir kelsa, qoʻsh-qoʻsh, deganlari shu-da. Ehtimol, bu yurtlarda rizqi tugab borayotganining belgisidir bu ham. Birovi uydan haydayapti, birovi ishdan haydamoqchi…

Hamdam bu safar ham undan keyin keldi. Uzoq qolib ketish niyati yoʻq, shekilli, qoʻlida “Kola”dan boshqa hech narsa yoʻq edi. Ammo eshikdan kira solib, poyafzalini ham yechmasdan bir sakrab Nozima oʻtirgan kresloning yoniga oʻtdi-da, ming yil koʻrishmagandek yutoqib oʻpa ketdi. Nafasi qaytib ketgan Nozima urishish uchun kelganini ham unutib, joni ogʻriganidan tipirchilab, uni oʻzidan itarar, yelkalariga mushtlar edi. Nozima bir amallab uning quchogʻidan boʻshalib chiqqach, stol ustidagi “Kola”ni olib, yarmini simirdi-da, soʻng oʻzini Hamdamning yonidagi kresloga tashladi.

– Ammo lekin siz juda botir ayol ekansiz, – Hamdam chuqur nafas olib, oʻtirgan joyida Nozimaga yuzlandi. – Endi sizni hech qachon koʻra olmasam kerak deb qoʻrqqan edim. Uch kundan beri oʻzimga oʻzim aza ochib, itdek azoblanib yurgan edim. Bugun ovozingizni eshitib, quloqlarimga ishonmadim. Ishonsangiz, koʻchada yuribman, eng yomon, eng xunuk odamlar ham koʻzimga bir chiroyli koʻrinadi-yey…

– Nega? – qoshlarini chimirgan koʻyi uning gapini boʻldi Nozima. – Endi mening sizga nima keragim bor? Menga erishdingiz, garovda yutdingiz yoki yana biron narsa deb garov oʻynaganmisiz?

Hamdam unga hayron boʻlib qaradi:

– Tushunmadim, qanday garov toʻgʻrisida gapirayapsiz?

– Shohistaning toʻyi kuni mening ustimdan oʻynagan garovni aytayapman. Yo yodingizdan chiqib ketdimi?

– E-e, buncha vahima qilmang. Odamning yuragini yorib yubordingiz-ku. U shunchaki gap edi. Shunga shunchami?

– Izimdan itdek ergashtirmasam, otamning bolasi emasman, deganingiz rostmi? Ahmadga “Biz endi boja boʻlamiz, zoʻr narsa ekan” deganingiz ham rost. Shuning uchun mening yoʻlimni toʻsib chiqqansiz, shuning uchun menga sevgi izhor qilgansiz, shundaymi? – Nozima oʻrnidan sakrab turdi. – Siz meni ahmoq qildingiz, ermak qildingiz. Oʻzingizning zoʻrligingizni namoyish qilish uchun mening otimni bulgʻadingiz. Siz iflos, pastkash odamsiz. Men sodda sizning chiroyli ust-boshlaringizga, chiroyli gaplaringizga mahliyo boʻlib, “sevgi” deganlari shu ekan-da, deb oilamni, or-nomusimni oyoq osti qilib, yetti qavat osmonda uchib yuraveribman. Suf, sizga! Endi xayr, meni boshqa izlamang. Nimagayam izlaysiz, ishingiz bitdi. Uch oy izingizdan itdek ergashtirdingiz. Boʻldi-da, – uning koʻzlaridan tirqirab oqayotgan yosh yuzlarini hoʻl qilib tashladi.

Hamdam shoshib qoldi. Oʻrnidan sapchib turib, Nozimaning yoʻllarini toʻsdi, yelkasidan quchib, zoʻrgʻa oʻrniga oʻtirgʻizdi:

– Mening bir ogʻiz gapimni eshiting. Keyin nima qilsangiz ham oʻzingiz bilasiz. Ammo meni eshitmasingizdan men sizni tashqariga chiqarmayman.

– Boʻpti, unda eshitganim boʻlsin. Ayting, gaplaringiz armon boʻlib qolmasin, – Nozima tumtayib oʻtirib oldi. Hamdam murosa uchunmi qoʻllarining ustiga kaftini qoʻygan edi, siltab tashladi, – gapiring.

– Hammasi rost, Nozima! Sizga toʻgʻri yetkazishibdi.

Nozima yalt etib, Hamdamga qaradi.

– Unda… nega meni yoʻlimdan qaytarayapsiz?

Hamdam yerga qaradi:

– Men ortiq sizni aldashni istamayman. Bunga hojat ham yoʻq. Oʻsha birinchi uchrashuvimizgacha men sizni yomon koʻrardim. Shungacha odamlarning oldida sensirab, obroʻyimni toʻkdi, undan qasdimni olishim shart, deb oʻylar edim. Keyin… Sizni yaxshi koʻrib qoldim. Ishonmasangiz, ixtiyoringiz, men sizni chin yurakdan yaxshi koʻrib qoldim va oʻsha toʻyda aytgan gaplarim butunlay esimdan chiqib ketdi. Oʻsha kuni qaynonangizning gaplarini eshitib, tamoman oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Toʻgʻri, men hozir sizga uylana olmayman. Ammalarim, opalarim naq ajdarhoning oʻzi. Ikki bolali ayol sening tenging emas, deb turib olishadi. Ular sizni burda-burda qilib tashlashadi. Yaqinda ular meni oʻzlariga yoqqan bir qizga uylantirishmoqchi. Mayli, uylantirishsin, keyin mening yoʻlim ochiladi. U uyda oʻtiradi. Men siz bilan yashayveraman.

Uning gaplari juda samimiy edi. Bu gaplarga Nozimaning juda ham ishongisi kelib turar, hayotini algʻov-dalgʻov qilib tashlagan, ertangi kunidan sirayam umidi boʻlmagan mana shu yigitdan sira ham ajralishni istamas edi.

– Juda ishondim-da oʻziyam. Toʻydan keyin oʻn sakkiz yoshli nozaninni tashlab, boshi gʻalvadan chiqmaydigan men shoʻrtumshuqni izlab yurishingizga kim ishonadi?

– Ishonmasangiz, oʻzingiz bilasiz. Mening bir oshnam ikki bolali tatar ayolni yaxshi koʻrib qoldi. Oʻziyam gruzinlarga oʻxshagan, rosa kelishgan yigit edi. Ota-onasi shu tatardan ajrataman, deb bir goʻzal qizni olib berdi. Oshnam ota-onasini xafa qilmadi, uylandi, qizning izzatini ham joyiga qoʻydi, ammo tatar xotinni ham tashlab qoʻymadi. Bir kun xotini “Ikkinchi xotiningiz bor ekan”, deb janjal koʻtargan ekan, “Ikkinchi xotin sensan: agar istasang, ketaverishing mumkin, sen aytayotgan ayol sengacha ham bor edi”, debdi. Shu bilan hammasi joyiga tushib ketdi.

Nozima yerga qaradi, koʻngli biroz taskin topgan edi. Hamdam uning qoʻllaridan tutdi:

– Meni tashlab ketmang, iltimos.

Nozima yosh qalqib turgan koʻzlari bilan kuldi:

– Haqiqatdan ham yosh bolaga oʻxshaysiz-ey. Oramizdagi farq baʼzan shunday bilinib qoladi-ki. Soʻng xuddi ukasini erkalagandek yuzlariga ohista shapatlab qoʻydi.

– Nima? – Nozimaning erkalashi Hamdamni zavqlantirib yubordi. – Kim yosh bola? Hozir men sizga koʻrsatib qoʻyaman yosh bolani!..

 

Davomi 26-betda

Ular har uch kunda tushlik vaqti, yarim soatgagina uchrashishga kelishishdi:

– Bu juda kam, – dod deb qoldi Hamdam, – uch kun kutib, yarim soatgina koʻramanmi sizni?!

Bular hammasi Nozimaga xush yoqsa-da, oʻzi ham bilmagan holda ulkan bir mavhumotning qarshisiga kelib qolganini anglab turardi. Hamdamning muhabbati ham, oʻzicha tuzgan rejalari ham Nozima orzu qilgan jannatga boshlab bormaydi. Toʻgʻri, roʻzgʻorida qaynota-qaynona boʻlmas, ammo nari borsa, ikki xonali bir katakdek uy va ikki-uch kunda oʻgʻridek pusib, kelib ketadigan er! Bundan tashqari bu muhabbatning umri qancha-yu, uning rejalari qay darajada amalga oshadi – bu ham nomaʼlum. Lekin uning shunday qaysar feʼli bor edi-ki, bir yoʻlga tushdimi, uni hech kim, hech narsa, hatto oʻzi ham qaytara olmas edi. Mana, hozir ham notoʻgʻri yoʻlda ekanligini anglab turibdi, ammo sira ham Hamdamdan voz kecha olmaydi.

“Baribir erimdan ajrashib, chet elga ketaman. Ketgunimcha koʻrishib turay. Keyin shunday kelishgan yigitning oʻtli quchogʻi yo nasib etadi, yo yoʻq”.

Yoʻl-yoʻlakay qizlari Gretsiyada yashayotgan qoʻshnining uyiga kirdi. Dilnozaning telefon raqamini soʻragan edi, xola unga hayron boʻlib qaradi:

– Chetga chiqmoqchimisan?

– E-e, yoʻ-oʻq, – uni tinchitdi Nozima. – Ishxonamizdan bir qiz soʻragan edi. Dilnoza bilan oldindan tanish ekan.

– Qiz bolaga chetda nima bor? – baribir norozi boʻldi xola. – Dilnozaning yoʻrigʻi boʻlak. Bolalari bilan ukalarining eshigida turtki yeb yurgandan koʻra, taqdirimda borini koʻraman, deb ketdi. U bir marta eshak bozordan oʻtgan, qiz bolaning ertaga turmushga chiqishi bor, ertaga erining, odamlarning oldida oʻzini nima deb oqlaydi. Unga kim ishonadi? Sizlar oʻylaysizlarki, chet elda non topish oson. Qizim “Bir chiqdim endi, hamma kamchiliklarimizni bitkazib olay”, deb yuribdi. Oʻziga qolsa, oʻsha yoqlarda bir kun ham qolmas edi. Har kelganda yigʻlab-yigʻlab ketadi.

Xolaning gapi hali-beri tugaydigan emas edi, asta oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Mayli, xola, qaynonam yoʻlimga qarab oʻtirgandir.

– Ha, bor, qizim. Shu roʻzgʻoringdan, qaynonangdan qolma. Qaynonaning tuvagini toʻkkan kelinga doʻzax oʻti harom ekan. Bosh burmay, xizmatini qil, duosini ol. Mendan ham salom ayt.

– Xoʻp, xola. Endi haligi qizga nima deyman? Telefonini bersangiz yaxshi boʻlar edi-da. Borish-bormaslikni oʻzlari hal qilaverishadi, – xolaning koʻzlariga umidvor qaradi.

– Mayli edi, qizim, lekin men uning telefonini bilmayman. Men unga hech qachon telefon qilib koʻrganim yoʻq, har doim oʻzi telefon qiladi.

“Yigʻlab-yigʻlab” ketsa ham oʻzining uy-joyi bor, dollarni taxlab tashlagandir. U ham boradi. Balki oʻsha yerlarda butunlay qolib ketar. Ha, qoladi. Guljahon opaning kelini Amerikaga borgandan keyin eri bilan ajrashib, oʻzining ish beruvchisiga tegib olibdi, nikohdan keyin darrov fuqarolik ham olibdi. Uyam durustroq odam chiqsa, oʻylab oʻtirmaydi, shartta tegib, oʻsha yoqda qolib ketadi. Keyin “tata-pata” deb asabini buzuvchi qaynonasini ham, oʻynashining ogʻziga qarab turuvchi direktorni ham hech qachon koʻrmaydi.

Shu kecha negadir hech uxlayolmadi. Tongga yaqin koʻzi ilingan ekan, aloq-chaloq tush koʻra boshladi. Allaqayerlarda adashib yurgan emish, kiyimlari daraxt shoxlariga ilashib, birin-ketin tushib, u shir-yalangʻoch boʻlib qolibdi. “Tushda yalangʻoch qolish yaxshi alomat emas, tezroq kiyimlarim topila qolsaydi”, deb tushida tushini taʼbirlab diqillab turgan emish. Shu payt qayerdandir eri paydo boʻlibdi-da, “Sen hammamizni sharmanda qilding, seni oʻldiraman”, deb boʻgʻa boshlabdi. U shunday qattiq boʻgʻibdiki, Nozimaning nafasi qaytib, uygʻonib ketdi. Agar bu tush yana bir daqiqa davom etsa, uning uxlab yotgan joyida oʻlib qolishi aniq edi. U jiqqa terga tushib ketgan edi, oʻrnidan turib atrofga qaradi, allaqachon tong otgan, derazaning harir pardasidan tushib turgan oppoq nur jim jit xonani gʻira-shira yoritib turardi. Divanning narigi tomonida qizi gʻujanak boʻlib, uxlab yotar edi. Nozima peshonasidagi, boʻynidagi terlarni artdi, boʻynini artayotib gʻalati ogʻriqni his etdi: “Tavba, rostdan ham tushmidi u?” Yoki Sardor kirib, alam bilan boʻgʻdimikin? Yoʻq, u ayol kishiga qoʻl koʻtara olmaydi! Nozima shu koʻyi ancha oʻtirib qoldi. Xonaga yana bir qur koʻz tashladi. Bu xonaga kelin boʻlib tushgan edi. Divanlarining boshiga koʻzmunchoqlar qadalgan chimildiq tutilgan edi. Bu devorlar, bu eshik, bu derazalar qanday baxtga, ehtirosga toʻla shivirlarni eshitgan… Sardor uni qanchalar yaxshi koʻrardi. Bir narsadan nolisa, darrov “Sen bunga boshqacha koʻz bilan, mehr bilan qara, sevib qol, shunda hech qiynalmay qilaverasan”, der edi. Unga qolsa, sigir sogʻishni ham, kunda uch mahal qozon osishni ham, har kuni ivirsib kir yuvishni ham, roʻzgʻorning hech toʻlmaslik kasalini ham sevib qolish kerak edi. Yaxshi-da, der edi u zavqlanib, tashiyverasan, tashiyverasan, hech toʻlmaydi. Agar u toʻlib qolsa, odamzod bekorchi boʻlib qolar edi. Bekorga uni gʻor deyishmagan, der edi. Nozima esa sevolmadi… Sevishni istamadi.

Oʻsha kuni Hamdam bilan uchrashishlari kerak edi. Maktabdan chiqishi bilan taksiga oʻtirdi. Mashinaga oʻtirar ekan, qandaydir savqi tabiiy bir sezgi bilan kimdir unga qattiq tikilib turganini his qildi. Beixtiyor atrofga qaradi. Yoʻlning narigi betida turgan oq jigulining orqasida shapkasini bostirib oʻtirgan odam yuzini teskari tomonga burdi. Shu odamning turishi koʻziga issiq uchradi, kimnidir eslatdi, lekin aniq kimligini eslay olmadi: “Halitdan skleroz boshlanibdi”.

Keta-keta negadir orqasiga qaradi, yana haligi oq jiguliga koʻzi tushdi, u ular bilan izma-iz kelayotgan edi, lekin orqa oʻrindiqda shapkali odam koʻrinmadi. Keyin jiguli ulardan oʻtib ketdi, lekin juda sekin yurdi. Taksi haydovchining achchigʻi kelib, “Bu bobo buncha imilladi”, deb tezroq haydab, ulardan oʻtib ketdi. Oʻtib ketishayotganda, mashinaning orqasida kimdir yotganga oʻxshadi. “Bechora mijozining tobi qochib qolgan boʻlsa kerak. Shuning uchun sekin haydayapti, shekilli”, deb oʻyladi Nozima. Shu bilan na haydovchi, na Nozima orqada qorama-qora sudralib kelayotgan mashinaga qaramadi.

Nozima taksidan tushgach, odatdagidek qoʻni-qoʻshnilarga duch kelmaslik uchun shoshib, ikkinchi qavatga koʻtarildi. Hamdam hali kelmagan edi. Sumkasidan oʻzining kalitini chiqarib, eshikni ochdi. U eshikni ochayotgan paytda pastdan qadam ovozi eshitildi. Yoʻlakka kimdir kirganday boʻldi, bu ovoz uni yana ham shoshirdi: “Tezroq kirib olay. Birov yarim tanish-bilish koʻrib qolmasin”.

Ichkariga kirib, endi oynani ochayotgan edi, eshik qulfiga kalit solinib, sharaq-shuruq buraldi-da, darang etib, temir eshik ochildi. Hamdam bilan birga yoʻlakdan xonaga kabobmi, mantimi, allaqanday shirin taomlarning xushboʻy hidlari kirdi. Nozima yugurib borib, Hamdamning boʻyniga osildi.

– Shoshmang, eshikni qulflab olay. Yoʻlakda begona kishini koʻrdim. Men uni eringizga oʻxshatdim.

– Nima? Siz erimni qayerdan taniysiz? – yuragi qinidan chiqib ketay dedi Nozimaning.

– Bir marta uzoqdan koʻrsatishgandi. Yana bilmadim, adashgan boʻlishim ham mumkin. Siz qachon kelgan edingiz?

– Hozirgina… – birdan Nozimaning yodiga mashinada oʻtirgan shapkali odam tushdi. Axir u Sardor edi-ku. Odam oʻz erini ham tanimasligi mumkinmi? Sardor hech qachon shapka kiymas edi, yana bukchayib oʻtirib olgan va u qarashi bilan yuzini narigi tomonga burdi. Demak, kasal boʻlgani uchun emas, kuzatayotganini sezdirmaslik uchun yotib olgan.

Ular darhol ichkari xonaga kirishdi:

– Qayinsinglim sotgan, – alam bilan shivirladi Nozima.

– Oʻzi izingizga tushgan boʻlishi ham mumkin.

– Eshikni ochmaymiz.

– Xoʻp, qoʻrqmang, eshikni ochmayman. Siz manavi shkafning ichiga kirib oling.

Shkafning ichida kimningdir katta paltosi iligʻlik turgan edi. U ana shu palʼtoning ichiga kirib oldi. Endi shkafni ochsa ham uni hech kim topa olmaydi. Uning joylashganini koʻrish uchun shkafni ochgan Hamdamga palto yoqasidan boshini chiqarib, “meni bu yerdan hech kim topa olmaydi, xayr”, dedi kulib. Hamdamning ham koʻngli biroz xotirjam tortdi.

Shu payt eshikning qoʻngʻirogʻi bosildi. Ichkaridan javob boʻlavermagach, taraqlatib tepila boshladi:

– It emgan Hamdam, eshigingni och! Och deyapman, men ikkovingni ham shu eshikdan kirib ketganingni koʻrdim. Ochmasang, hozir mahalla raisi bilan uchastka nozirini chaqirib, eshikni buzib kiraman. Yaxshilikcha och, deyapman.

Eshikni ochmaslikdan boshqa chora qolmagan edi. Shu taxlit baqiraversa, hali zamon butun mahalla uning eshigi yoniga yigʻiladi. Ikkalasini ham koʻribdi, endi yashiradigan hech narsa yoʻq. Hamdam ich-ichini larzaga solayotgan titroqni zoʻrgʻa bosib, eshikni ochdi:

– Tinchlikmi, aka!

Sardor eshikdan quyundek yopirilib kirdi: qarshisida turib qolgan Hamdamni yoqasidan tutamlab, bir chetga uloqtirib yubordi.

– Qani, u qanjiq?!

– Tushunmadim, kimni soʻrayapsiz? – oʻzicha yelka qisdi Hamdam. Ichkariga alang-jalang qarayotgan Sardorning koʻzi ostonada turgan Nozimaning tuflisiga tushdi. Tuflilarni xiyonat ustida qoʻlga tushirganday alam bilan Hamdamning yoniga tepib yubordi.

– Bu yoqqa chiq, hey qanjiq! Chiq bu yoqqa! Chi-iq!

Ichkaridan hech qanday sado eshitilmadi, katta xonada faqat Sardorning hansirab nafas olishi eshitilib turardi. U bir sakrab ichkari xonaga kirdi. Boʻm-boʻsh xonaga bir qur nazar soldi-da, xuddi birov koʻrsatib turganday burchakda turgan shkafni ochdi va paltoni surib koʻrayotgan qoʻllari Nozimaning yelkalariga tegib ketdi. Palto sidirilib kiyim ilgichdan tushdi-da, Nozimaning usti ochilib qoldi.

Sardor bir zum harakatsiz qotib qoldi. U jiqqa terga tushgan, rangi qop-qora boʻlib ketgan, chekkalarida oʻqlogʻday koʻm-koʻk tomirlar koʻzga tashlanib turardi.

Ikkalasi ham bir-biriga tikilgan koʻyi bir zum tek qotdi. Biri oʻzini oqlashga, ikkinchisi yuragiga tushgan oʻtni taʼriflashga munosib soʻz topa olmas edi. “Hozir ikkalasini ham boʻgʻib oʻldiraman”, deb ikkinchi qavatga koʻtarilgan Sardor soʻnggi daqiqagacha, ostonada tanish poyafzalni, kreslo chetida xotinining sumkasini koʻrganda ham ikkilangandi. “Axir zavoddan bittagina nusxada chiqmagandir xotinimning tuflisi yoki sumkasi”. Ammo Nozimaning javdirab turgan koʻzlariga koʻzi tushishi bilan bor dunyosini yutqazgan qimorbozday birdan boʻshashib shalvirab qoldi. Onaning ogʻziga qarab oʻsgan hamma yigitlar kabi u odobli va ancha koʻngilchan edi. Mushtlari qattiq qisildi, badanidagi har bir moʻy tip-tik boʻldi, ehtimol qorachiqlari kengayib, olxoʻridek boʻlgandir, ammo oyoqlari turgan yeriga goʻyo yopishib qolgan edi.

– Suf, senga! – nihoyat ich-ichidan guldiragan ovoz eshitildi. – Taloqsan, iflos! Uch taloq, ming taloq! Qaytib yuzingni koʻrmay! Taloqsan, taloq!

Taloq soʻzi aytilganda Allohning Arshdagi kursisi larzaga kelar ekan, deyishar edi. Shu lahzada yeru osmon larzaga kelganday boʻldi.

– Taloqsan, taloq! Uch taloq, ming talo-o-oq!

Shu soʻzlarni aytib, shahd bilan ortiga burilgan edi, ostonada dagʻ-dagʻ titrab turgan Hamdamga toʻqnashib ketdi. Ichidan bir narsa uzilib ketganday boʻldi, tishlari bir-biriga qapishib qoldi. Bir qoʻli bilan Hamdamning yoqalarini tutamladi, ikkinchi qoʻli bilan lunjiga bir musht tushirdi. Hamdam qalqib ketdi, ammo na qarshilik koʻrsatdi, na chetga oʻtdi. Sardor bor qahrini yana mushtiga joylab, ikkinchi lunjiga tushirdi. Yana, yana, yana!..

Hamdam ketma-ket tushayotgan zarblarga bardosh bera olmay, boshini bilaklari orasiga olgancha, choʻkkalab qolgandan keyin ham Sardor oʻzini bosa olmadi. Burchakda gʻujanak boʻlib yotgan yigitni tepib-tepib, soʻng tashqariga chiqib ketdi.

Anchadan soʻng Nozima sharpadek sudralib ichkaridan chiqib keldi. Uni koʻrib Hamdam bir amallab yotgan joyidan turib, devorga suyangancha oyoqlarini uzatib oʻtirib oldi. Uning yoqavayron ahvolini koʻrib, Nozima chuqur xoʻrsindi, ammo oʻzining ahvoli ham unikidan durust emas edi: Ich-ichidan horgʻin bir nido chiqdi: “Sharmanda boʻldim”. Borib, Hamdamning yoniga choʻkkaladi: “Endi nima qilamiz?”

Hamdam zoʻrgʻa qoʻlini uzatib, uni yelkasidan oldi: “Hali hammasi yaxshi boʻladi”.

– Yashirib qoʻygan pullarim, tillalarim bor edi… Hammasi ularga qolib ketdi.

– Onangizga aytasiz, olib kelib beradi.

Shu topda yuraklari simillab, bolalarini juda-juda sogʻinganini his qildi:

– Bolalarni berisharmikan?

– Bermay nima qiladi? Bola hamisha ona bilan qoladi.

Ular shu oʻtirishda eshiklarni ham qulflamasdan uzoq oʻtirishdi. Ikkalasi ham xufyona uchrashuvlarga qoniqmay, qachon bir-birlariga tamoman tegishli boʻladigan kunlar orzusida yashar edilar. Shunday kunlar oʻz-oʻzidan ularni yoʻqlab kelganda, intilgan dovonlari yurakka qadaluvchi tikonlarga, ilon-chayonlarga toʻla dilozor bir makon ekanligini koʻrib, hafsalalari pir boʻldi.

…Onasi peshonabandining chetlaridan toʻzgʻib ketgan oppoq sochlari chiqib, etaklarini lippasiga qistirib, darvoza oldidagi beton ustida qoʻsh gilamni yoyib olib, nevara qizi bilan gilam yuvib yotgan ekan. Boshqa payt boʻlganda “Oqbilak oyimlaringiz qani? Endi shularning shiptirlarini ham siz yuvasizmi?” deb, shartta ishni toʻxtatgan boʻlar edi. Bugun indamadi. Shoʻrlik onasi endi uning shiptirlarini ham qoʻshib yuvadigan boʻldi.

Iris xola qizining rang-roʻyini koʻrib, tinch emasligini bildi, ichiga bir ilon kirganday boʻldi. Oʻzi kichkinagina gilamchalar edi, shularni ham yuvib boʻlguncha, qora terga tushdi. Aksiga olib, nima ishga urinsa, qoʻl solishib turadigan katta kelini shu bugun onasinikiga ketgan edi. Kichik kelinga-ku, bir parcha bola bitgan, qoʻlqoziq, bahonasi shu, “lu-lu”, “lu-lu”, uygʻoq boʻlsa, qoʻlidan qoʻymaydi, uxlasa, qoʻshilib uxlaydi. Bular bola uxlaganda ishlarimni qilib olay, deb yugurib yurishar edi. Hozirgi yoshlar bolasi uxlaganda, oʻzlari ham qoʻshilib dam olib olishlari kerak.

Yoshgina boʻlib turib, arzimagan ishlardan qochib, bolani bahona qilib, oʻzlarini har yonga uraverishidan gʻijini keladi uning. Bugun oʻzicha gʻayrati joʻshdi, kir soda boʻlsa, suv sharillab oqib yotsa, bir urinsa, yuvib tashlaydiganga oʻxshagandi. Yosh oʻtgandan keyin baribir qiyin ekan. Bu yogʻi qizining rangi oʻchib, kirib kelishi gʻayratini sovutdi. Amal-taqal qilib, ishini oxiriga yetkazib uyga kirganda, Nozima uyning qorongʻu burchagiga toʻshalgan koʻrpachaning ustida toʻntarilib yotardi:

– Ha, Nozi, nima boʻldi?

– Oʻzim… – uning ovozi boʻgʻiq chiqdi, izidan burnini ham tortdi. U yigʻlab yotgan ekan.

Iris xola oq yem boʻlib ketgan qoʻllari bilan terlarini sidirib, qizining boshiga borib, choʻnqaydi.

– Biron gap boʻldimi?

Nozima oʻrnidan turib, onasining bagʻriga oʻzini tashladi, soʻng oʻkirib yigʻlab yubordi.

– Enajon, menga taloq tushdi. Erim meni taloq qildi! Men xato qilib qoʻydim.

Iris xolaning hushi boshidan uchib ketdi. Hoʻngrab yigʻlayotgan qizini bagʻridan ajratib, yuzlariga qaradi:

– Bu nima deganing, badbaxt! Qanaqa taloq? Qanaqa xato?!

– Erim meni ushlab oldi, ena-a-a!.. Endi nima qilaman? Sharmanda boʻldim men!

Iris xolaning nafasi ichiga tushib ketdi. Beixtiyor savqi tabiiy xavotir bilan eshik tomonga qaradi: “Kelin-pelin izidan kirib, eshitib qolmadimikin?” Soʻng hamon jazavaga tushib, oʻkirib yigʻlayotgan qiziga qaradi:

– Hay, sekin, sekinroq, yer yutkur!

Ammo ayni paytda Nozima oʻzini idora qiladigan holatda emas edi. Yigʻlab-yigʻlab toliqqandan soʻng jim boʻlib qoldi, koʻz yoshlari ham qurigan edi. Nim qorongʻu xonada faqat uning burun tortgan ovozi eshitilar edi. Ona-bola ancha payt shu zayilda oʻtirishdi. Nozimaning burun tortishi ham tugagandan soʻng Iris xola uning yelkasidan ushlab, oʻziga qaratdi:

– Endi gapir, badbaxt qiz, nima qilib qoʻyding? Ering kim bilan ushlab oldi?

Nozima yerga qaradi.

– Sen, boshingda ering, oldingda bolalaring boʻla turib, qaysi aqling bilan shunday ishga qoʻl urding? Endi qanday bosh koʻtarib yuramiz?

Nozima yana yigʻlay boshladi.

– Enajon, endi men yashashni istamayman, oʻzimni oʻldiraman!

“Ichingdan chiqqan ola ilon, ol-da, belingga boyla”. Nima qilgan boʻlsa, qilgan, qilib boʻlgan, endi joniga qasd qilsinmi? Oʻgʻri ham, ne-ne kazzob-qotillar ham siqqan dunyoga nahot uning shu badbaxt qizi sigʻmaydi?!

Iris xola surilib, qiziga yaqinroq bordi, sekingina yelkalaridan quchib, uni bagʻriga oldi:

– Oldin meni oʻldir, bolam. Senlarning ortingda qolgulik qilmasin. Oʻzingni qoʻlga ol.

– Men tamom boʻldim, ena, – Nozima ich-ichidan toshib kelayotgan oʻkirikni sirtga chiqarmaslik uchun lablarini qattiq tishlab, onasining yelkasiga boshini qoʻydi. – Tamom boʻldim!

Nozima yigʻlab-yigʻlab boʻlib oʻtgan voqealarni gapirib berdi.

– Boʻldi, qizim, endi dod-faryoddan foyda yoʻq. Peshonangga nima yozilgan boʻlsa, koʻraverasan. Otang bilan ukalaring bilmagani maʼqul, – u qizining sochlarini siladi. – Endi yotib, picha damingni ol. Menam bir pas choʻzilay, yuraklarim toʻkilib, sillam qurib qoldi.

Ona-bola uyning ikki tomoniga solingan yakandozga choʻzilishdi, koʻp oʻtmay Iris xolaning bir maromda pishillagan ovozi eshitildi. Onasining bir pasda pinakka ketgani Nozimaga alam qildi. Qaynonasi rost aytgan ekan: “Kezi kelganda ona deganlari ham, bola deganlari ham bekor. Qaysi yantoqqa oʻt tushsa, oʻzi yonib, oʻzi oʻchadi”. Men yonginasida yonib yotibman, bu kishim osuda uyquga ketdilar”.

Bu voqea shu bugunning oʻzida maktabga yetib boradi. Endi Mahbuba Sultonovnaga yana kun tugʻadi. Kengashda maroq bilan maʼruza qiladigan boʻldi: “Biz xalqning bolalarini kimning qoʻliga berib qoʻyibmiz. Bu qizning molparastligini oldindan bilar edim. Hamma barmoqlarini toʻldirib, yaltir-yultir uzuk taqib yurganlarida onasidek boʻlib, bir necha marta nasihat qilganman. Ammo nasihatlarimni olmadi. Mana, natijada nafaqat oʻzining, balki butun maktabning yuzini yerga qaratdi. Endi ota-onalar bizning maktabda oʻz farzandlarini oʻqitishni istamaydi, hokazo, hokazo…”

“Uf-f!” U sekin oʻrnidan turdi. “Ortiq bunday yashab boʻlmaydi” Hovliga chiqib, supa chetida turgan oftobadan yuz-koʻzlarini yuvdi, Soʻng sekin ogʻilxonaga kirdi, dimogʻiga achimsiq goʻng hidi urildi. Ukalarining toʻyidan beri pul orttirib sigir ham qilisholmadi. Shuning uchun bu xona koʻzdan pana bir ombor boʻlib qolgan. Otasi juda sarishta odam edi, odamlarning uyida har joyda chuvalashib, dumalab yotishi mumkin boʻlgan narsalar bu uyda joyini topib, tartib bilan terib qoʻyiladi, bir qoziqda har xil arqon, bir qoziqda zanjirlar, bir chetda bel, ketmon, panshaxa…

“Ortiq bunday yashab boʻlmaydi!”

Arqonlarda tappi yuqlari qotib qolgan, kir va sassiq edi. U biroz jirkanib, eng yoʻgʻon arqonni oldi. Bir chetda turgan oxurni oʻrtaga surib, uning ustiga chiqdi va arqonni ogʻilxonaning vassasidan oʻtkazib, ilmoq yasadi. Beixtiyor boshi ogʻir boʻlib ketayotganday boʻldi, chuqur “uf” tortib, boshini chayqab qoʻydi. Soʻng bir qoʻli bilan arqonga osilib, pastga qaradi. Endi boshini shu ilmoqqa tiqib, oyoqlari ostidagi oxurni bir tepib yuborsa, kifoya. U sekin ilmoqqa boshini tiqdi va shu daqiqada kecha koʻrgan tushini esladi, qaniydi, shu sassiq arqon emas, tushida koʻrganidek, Sardorning qoʻllari boʻgʻib oʻldirsa edi. Afsus!.. U shahd bilan oxurni tepib yubordi… Shu choq qayerdandir yoshgina juvonning shangʻillagan ovozi eshitildi, kimdir oyoqlarini quchoqlab olgancha, dunyoni boshiga koʻtarib baqira boshladi. Uning esa tobora nafasi boʻgʻilib borardi, koʻp oʻtmay hech narsani anglamay qoldi.

U kasalxonada koʻzini ochdi. Boshida onasi hiqillab oʻtirardi:

– Voy, bolam-yey! Hammamizni tiriklayin goʻrga tiqmoqchimisan? Bu nima qilganing, axir?! Yaxshiyam kelin hovlida bolasini koʻtarib yurgan ekan. Opam ogʻilxonada nima qilayapti, deb eshikdan qarasa!.. Voy, bolam-a! Oldin meni oʻldir, keyin nima qilsang, ixtiyor oʻzingda.

Nozima boʻynida qattiq ogʻriq sezdi, sekin qoʻllarini ogʻriyotgan joyga olib bordi. Boʻyni bint bilan bogʻlab qoʻyilgan edi.

– Ena! – tomogʻi ogʻrib qolganday zoʻrgʻa gapirdi, – Borib mening bolalarimni olib keling. Shkafimning eng yuqori tokchasida toʻrtta poyafzal quti bor. Eng ichkarisidagi qutining ichida pullarim va tillalarim bor. Shularni, keyin kiyimlarimni olib keling.

– E-e, bolam-yey, pul bilan tilla nima boʻlar edi? Joning omon qoldi, boʻldi.

– Ena, koʻp javramang, – u qiynalib, sekin gapirayotgan boʻlsa ham nigohlari sovuq va xotirjam edi. – Mening yashashim uchun pul kerak. Shu bugun Nigorani olib, birga boring-da, aytganlarimni olib keling.

Iris xola bir muddat jim boʻlib qoldi, aslida koʻpam orqa-oldini oʻylayvermaydigan ayol boʻlsa-da, ayni paytda qudalarning uyiga borishga yuzi chidamayotgan edi.

– Bolalarni berishmasa keragov, ular. Robiya kampir nevaralarini berguncha, jonini beradi, – dedi anchadan soʻng sekingina, – yana bilmadim.

– Beradi! – Nozima qoshlarini kerib taʼkidladi. – Bermay ham koʻrsin-chi! Bolalar har qanday vaziyatda ona bilan qolishi kerak.

– Menga qara, bolam, bunday qilsak-chi, – Iris xola astagina qizining qoʻllaridan ushladi. – Hozir borib, kiyimlaringni, pullaringni, tillalaringni olib kelsam. Bolalarga picha shoshmay tursak. Besh-olti kun tursa, oʻzlari ham bezor boʻlishadi bolalarning tashvishidan. Uyda kasal kampir boʻlsa, shuning tashvishiyam yetarli boʻlib yotgandir. Bizning uyimizda, oʻzing bilasan, ikki kelin, toʻrt nevara, ularga seniki ham qoʻshilsa… Oxiri ajrashgan boʻlsang, bir joy-poy taraddud qil, keyin bolalarni olsang, bemalol boʻladi. Nima deysan?

Onasining avaylabgina aytgan andishasi uning suyak-suyagidan oʻtib ketdi:

– Enajon, nimalar deyapsiz? Nahotki ikki goʻdagim bilan ota uyimga sigʻmasam? Shunday ekan, hayotimni saqlab qolishning nima keragi bor edi? Ana, oʻgʻillaringiz bola-baqrasi bilan oʻtiribdi-ku, pensiyalaringizni ye-yeb! Ana oʻshalar joy axtarsin, belida belbogʻi bor erkaklar! Uf-f! – u alam bilan bosh chayqadi, tomogʻining yoʻlida nimalardir qattiq ogʻridi, qoʻlini boʻyniga qoʻyib, zoʻrgʻa yutinib oldi. – Eh, ena, ena-ya! Qoʻrqmang, joy topaman, ketaman, ammo sal oʻzimga kelib olgunimcha onalik qilib turing!

– Eh, bolam-a, seni hech kim haydayotgani yoʻq-ku! – astoydil kuyundi shoʻrlik ona. – Albatta, oʻzingga kelguningcha yonimizda turganing maʼqul. Mening aytmoqchi boʻlganim, manavi yangalar erta-bir kun bolalaringni turtsa, oraga sovuqchilik tushadi, ezilasan, deyapman-da. Hayoting izga tushib ketsa, bolalarni sudlashib boʻlsa ham qaytarib olaverasan.

– Yoʻq, ena, – qatʼiy bosh chayqadi Nozima. – Men ularning uyida bir kun ham roʻshnolik koʻrganim yoʻq. Necha yildan beri brilliant uzuk, sirgʻa olaman, deb yigʻib yurgan pulimga singlisiga brilliant olib berdi. Landovur erim otasiga oʻxshab onasining ogʻziga qarab yashaydi. Yana mingʻir-mingʻir qilib miyamni egovlagani-egovlagan edi. Shularning qosh-qovogʻiga qarashdan toʻyib ketgan edim. Men u hovlida nafas ololmas edim. Oʻzimga hayotdan bir yorugʻlik, nur axtarib, shu ishni qilib qoʻydim. Aslida hammasiga ularning oʻzi aybdor. Hammasi uchun javob berishlari kerak ular. Endi shu ahmoqlarga bolalarimni dastyor qilib tashlab ketamanmi? A? Yoʻq, hech qachon! Bolalarimni olib kelasiz. Mening oʻz uyim boʻladi. Meni shu koʻyga solgani uchun erimdan ham, Hamdamdan ham qasd olaman. Hamdamning uch xonali uyi bor, shuni beradi. Ungacha bolalarimga siz qarab turasiz.

Iris xola indamay bosh irgʻadi: “Xoʻp”. Uning boshqa iloji ham yoʻq edi.

 

* * *

Robiya xolaning koʻngli ertalabdan gʻash boʻldi. Tushlik yaqinlashavergach, bu gʻashlik yana ham ortdi. Tiq etsa, eshikka qarab yotaverdi.

Oʻsha voqeadan keyin to Nozima uyga kelmaguncha, kishi bilmas, yoʻl poylaydigan odat chiqardi. Nozima taq-tuq yurib, ayvonga kirgandan keyingina koʻngli xotirjam tortadi. Nozima ham uning kutib yotganini sezadimi, birinchi boʻlib uning xonasiga bosh suqadi. Sovuqqina qilib boʻlsa-da, salom berib, “men keldim, xola”, deb, soʻng oʻzining xonasiga ketadi. Ammo baribir kampirning koʻngli notinch, har kimning insofini oʻziga bersin, kelin vaqtida ketib, vaqtida kelib yurgani bilan, kim biladi dars vaqtida nima ish qilib yuribdi. Oʻgʻli bilan joylari boʻlak boʻlsa, gaplashishmasa…

Bir mahal darvoza sharaq etib ochildi, soʻng hovlida taq-tuq poshna ovozlari eshitildi. Poshnalarning yerga qattiq urilishidan bildiki, bu Nozima emas, Sardor shekilli. Nega u buncha erta qaytibdi? Kampir eshikka qaradi, ammo keluvchi ayvondan toʻgʻri mehmonxonaga oʻtib ketdi: “Ha, Sardor ekan!” Bir pas yotib, dili oʻksidi: “Bir kirmadiyam…”

Kun peshindan ogʻdi. Quyosh uning derazasi tomonga oʻtib, xonani astoydil qizita boshladi. Olloqul bobo kelib, derazaning qalin pardasini tortib qoʻydi. Xona biroz salqin tortganday boʻldi, lekin baribir havo issiq edi.

Kampir amallab tirsagiga tayanib, turib oʻtirdi. Xuddi bir narsa tilayotgan tilanchidek cholining koʻzlariga javdirab qaradi:

– Nozima kelmadimi?

– Yoʻq, majlis-pajlisi chiqib qolganmi?

– Boya kelgan Sardormidi? Nega buncha erta qaytibdi? Bir kirib soʻrashmadiyam…

– Bilmasam, kampir, nimagadir kayfiyati yoʻqdek koʻrindi mengayam. “Ha?”, desam, “oʻzim” dedi-da, uyga kirib ketdi. Mashinasini hovliga kiritishgayam hafsala qilmadi.

– Ishida biron gap boʻldimikan-a, – battar siqildi kampir. – Bir yurishni ham oʻrgatmaysiz! Qoʻltiqtayoqda boʻlsayam, boshiga borar edim, nima boʻldi, deb soʻrar edim. Bu nima oʻtirish endi? Uf-f!

– E-e, kampir, sen bilan mashq qilish uchun bir baquvvat yigit kerak. Iloji boʻlsa-ku, ikki tomoningda ikki kishi turgani maʼqul. Yurgizaman, deb yiqitib qoʻyib, bolalaringdan baloga qolib yurmay, deyman-da, – bobo kampiriga nafi tegmaganidan astoydil oʻkindi. – Menga qolsa-ku moʻltirab oʻtirgandan koʻra, sekin-asta yuraverganing maʼqul.

– Bolalar ham omon boʻlsin. Oʻgʻil yeb oʻrga, qiz yeb qirga ketar, deganlari shu-da. Olti bolamiz olti boʻldi, ammo birovi kelib, men bechoraga yurishni oʻrgatay, demaydi. Hammasining ishi koʻp, ishi zaril!.. Boring, Sardorni chaqiring, meni yurdirsin.

– Indama, uxlayotgan boʻlsa kerak. Picha dam olsin, hamisha charchab yuradi.

– Boring, boʻlmasa, Gulzorni chaqiring. Ikkalangiz ikki qoʻltigʻimdan kirib, qoʻltiqtayoqda yurishni oʻrgatasizlar.

– Senga nima boʻldi, muncha toriqding? E-e, besabr-ey. – Bobo bosh chayqab-chayqab, Gulzorni chaqirgani ketdi.

Hali ogʻriq juda kuchli ekan va negadir sal yurmay charchab, qora terga tushib qoldi. “Voy-voy, ushlanglar, sekinroq ushlanglar!” deb baqira-baqira yotgan xonasining girdini zoʻrgʻa uch marta aylandi.

Joyiga oʻtirgandan soʻng oʻzidan mamnun boʻldi:

– Shuyam katta gap-da. Bugun uch marta aylandik, ertaga besh marta aylanamiz. Sardoringizni kutib oʻtiraversam, umrim toʻshakda oʻtib ketadi. Endi har kuni ikki mahal Gulzor ikkovlaringiz yurgizasizlar.

Sardor ancha kech turdi. Nozimadan esa darak boʻlmadi. Bolalarni bogʻchadan olib qaytgan bobo ham xavotirga tushgan edi.

– Kampir, kelining kelmayapti-ku.

– Bilmasam…

– Sigirni nima qilsam ekan? Gulzorga aytaman-da, bir balo qilarmiz.

– Sardorni buyoqqa aytib yuboring, – Sardorni koʻrsa, Nozimaning kechikayotganligi sababini bilib oladiganday boʻlaverdi.

Sardor haqiqatan ham juda kayfiyatsiz edi. Negadir rangi choʻyandek qorayib ketgan, koʻzlari qizarib turardi. Juda ogʻir jazoga hukm qilingan mahkumlarday sudralib xonaga kirdi. Indamay onasining qarshisidagi koʻrpachaga choʻkkaladi.

– Yaxshimisan, oʻgʻlim? Bu nima yurish?

Sardor yelka qisdi:

– Oʻzim.

– Nozima qayerda?

Sardor yerga qaradi, shu daqiqada uning yelkalari kichrayib, juda ozib ketgani sezildi: “Oʻh, shunday bolamni ezib, sil qildi bu megajin!”

– Nozima endi kelmaydi…

– Nega? – kampirning yotaverib hovriqib ketgan koʻzlari katta-katta ochildi.

– Men uni taloq qildim.

– Qanday qilib? Biz bilan bir ogʻiz maslahatlashmay, oʻzingdan oʻzing hal qilib qoʻyaverdingmi? – kampirning koʻngliga sovuq bir shamol urildi, butun vujudi muzlab ketganday boʻldi.

Sardor onasining koʻzlariga qarab, bir zum taraddudlanib qoldi:

– Shunday qilishga majbur boʻldim, ena. Menga bolalaring bor, degan gapni aytmang. Endi u gapga sira oʻrin yoʻq. Men uni… ushlab oldim.

Robiya kampir boshqa hech narsa soʻramadi, Sardor ham hech narsa demadi. Faqat xonadan chiqib ketayotib, onasining rang-roʻyidan xavotirlandimi, yerga osilib turgan oyoqlariga engashdi:

– Keling, yotqizib qoʻyay, picha dam oling.

– Sardor! – oʻgʻli ostonaga yetganda yana chaqirdi.

– Ha, ena? – uning koʻzlari oldingidan ham qizarib ketgan edi.

– Sen… uni urib, oʻldirib… qoʻymadingmi oʻzi?

– Men unga tirnogʻimni ham tekkizganim yoʻq, siz sira xavotirlanmang. U yashashi kerak, ertaga afsus qilib, pushaymonlar yeyishi uchun ham yashashi kerak.

– Xudoga shukr, oʻldirib qoʻymagan boʻlsang, boʻldi.

– Men mashinani kirgizay…

“Dada”lab chopib kirgan bolalarini bir-bir koʻtarib, bagʻriga bosdi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi.

Kampirni kelinining xiyonatidan ham burun oʻgʻlining mahzun holati koʻproq tashvishga solayotgan edi. “Haliyam bolamning esi bor. Chavaqlab tashlab, qamalib ketganda men nima qilar edim? Bu megajinni esini yigʻib olgandir deb yursam!.. Ha, juvonmarg. Palakating oʻzingdan beri kelmasin, iloyo”.

Kampir noxush yangilikka tez koʻndi: “Qaytamga yaxshi boʻlibdi. Bir marta xiyonat qilgan odamning keyin toʻgʻri yurishi qiyin. Shunday dahshatli sirni oʻgʻlidan yashirib, hamisha oshiga pashsha tushganday koʻngli xit boʻlib yashashning oʻzi boʻladimi? Oʻzi pishirgan osh, oʻzi tanlagan taqdir bu. Aylanib-oʻrgilib ichaversin”.

Oradan ikki kun oʻtib, choshgoh payti kenja qizi bilan qudagʻay keldi. Olloqul bobo darvozaning oldidagi poldan beda oʻrayotgan edi. Kelganlarni koʻrib, rangi oʻchdi, lekin sipogina soʻrashib, ichkariga boshladi. Hamisha bosgan yerim minnatdor, bosmagan yerim ginador, deganday kibr bilan sollanib yuradigan qudagʻay yelkasini qisibgina ichkariladi. Qimtinibgina Robiya kampir yotgan xonaga kirdi. Kampir divanning ustida oyoqlarini yerga osiltirgancha, qoʻltiqtayoqqa suyanib, televizor koʻrib oʻtirardi. Bu ayolning bugunmi, ertami, shu taxlit kirib kelishini bilgan, kutgan boʻlsa-da, anchayin bir qoʻshnini kutganday xotirjam qarshi ololmadi. Pir-pir uchayotgan lablari, tizzalari ustida titrab turgan qoʻllari uning ichidagi gʻalayonni aytib turardi. “Senga ham, tarbiya bergan qizingga ham ming laʼnat!” degan soʻzlarni bir amallab ichiga yutdi.

Ular hatto soʻrashishmadi ham.

– Uzr, opa, taqdiri qoʻshilmagan ekan…

Kampir tutab turgan edi, qudagʻayning bir ogʻiz gapi bilan lov etib yonib ketdi:

– Uni siz qoʻshishni istamadingiz. Qachon boʻlsa, zerikdim, sogʻindim bolam, bir kelib ket, deb chaqirishni qoʻymadingiz. Borgan joyingda bot, oʻsha uy sening uying, unga mehr qoʻy, deyishning oʻrniga, qaynonang unday, ering bunday, tor qornimga siqqan, keng uyimga sigʻmaysanmi, kel, kelaver, deb yoʻldan urdingiz. U bu yerda omonat yashadi, bu uyga ham, uning odamlariga ham mehr qoʻymadi. Shu iflos ishni qilmasa ham, u bir kunmas, bir kun baribir ketar edi.

– Xoʻp, opa, u kasalxonaga tushib qoldi. Haligi, oʻzini osmoqchi boʻlib… Shunga kiyim-boshlaridan bir-ikkitasini olay, deb kelgandim. Mening koʻylaklarim unga toʻgʻri kelmasa… Singlisining xalatini kiyib yotibdi, uyam tor…

– Menga desa, hammasini olib ketsin. Senlarga narsa kerak. Oʻzi bir moshin-poshin olib kelib, koʻrpa-toʻshagini olib borib tashlanglar, deb turgandim. Hammasini olib keting, bu uyda uni eslatadigan hech narsa qolmasin, – kampir turib-turib jazavaga tusha boshladi. Iris xola oʻtiraversa, bundan ham battar beobroʻ boʻlishini oʻylab, sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi:

– Mayli, biz boraylik.

– Ha-a!.. Iris boybichcha, qizimni ajratib olaman, deb-deb, oxiri niyatingizga yetdingiz. Taqdir yoʻllarimizni tutashtirgan kunga ming laʼnat. Qaniydi, oʻsha kun mening hayotimda boʻlmaganida, manavi ikki goʻdak tugʻilmaganida edi…

– Endi-i, qudagʻay, bilasiz, qars ikki qoʻldan chiqadi. Bu yerda kim haq, kim nohaq, bir Xudoga ayon. Lekin eshigingizda qizimning chiroyi ochilib yurganini hech koʻrmadim.

– Men ham yetti yildan beri shu qizingizning qovogʻiga qarab charchagan edim. Uning biror kun koʻrgan kunidan, bizdan rozi boʻlib, bizni el bilib, ochilib-sochilib oʻtirganini koʻrmadim.

– Opa, oʻgʻlingiz notoʻgʻri tushungan. Biz bir uy olmoqchi boʻlib yurgan edik. Bir hovlida ikki kelin bilan qiynalib qoldik, bir uy surishtir, degan edim. Qizim uy koʻrgani borgan, oʻgʻlingiz notoʻgʻri tushunib, taloq deb yuboribdi.

– E-e, qoʻying, Iris boybicha, – kampir koʻzlarini yumib horgʻin bosh chayqadi. – Uy koʻrgani borgan odamning qoʻlida kalit nima qiladi, u egasidan oldin uyga kirib oʻtiradimi? Menda qizingizning oʻsha juvonmarg bilan telefonda qilgan gurunglari yozilgan tasma bor. Buni oʻziga ham aytgan edim. “Hay, kelin, mening hammasidan xabarim bor. Oʻgʻlimga aytmayman, chunki bolalar yetim boʻlib qolmasin, deyapman. Orqa-oldingga qarab yur. Oilang buzilib ketmasin-a”, dedim. Nima boʻlsa ham hamma ogʻirlikni oʻzimga olgan edim. Men soʻzimda turdim, boʻgʻzimga tiqilib, kechalari uxlatmagan sirni oʻgʻlimga aytmadim. Lekin qizingiz soʻzida turmadi.

Iris xolaning bu gaplardan xabari yoʻq edi: “Yerga soldi, bu badbaxt! Allaqayerdagi ketmonchi nokaslarning oldida tilimni qisiq qildi”.

– Bizdan oʻtgan boʻlsa, uzr, opa, – Iris xola shu yerdan eson-omon chiqib olish tashvishida qoʻllarini koʻksiga qoʻydi. Kampir shu taxlit shangʻillayversa, Olloqulboy yugurib kelib, ularni quvib solishi hech gap emas. Hali Nozimaning kiyim-boshlarini yigʻishtirishi kerak. – Bolamni ham kechiring, qargʻamang.

– Uni Xudo kechirsin. Men hech qachon hech kimni qargʻamayman. Kim qilmagʻay, shul topmagʻay.

Oʻz oyoqlari bilan yura olgan odam qanchalar baxtli. Iris boybicha sharmandai sharmisor boʻlib oʻtirgan boʻlsa ham, yuz karra, ming karra muttaham boʻlsa ham, uning oyoqlari yurib turibdi. Aytar gapini aytib-aytib, haq gapi boʻgʻziga tiqilgan qudagʻayini shiptir hidi oʻrnab qolgan dim xonaga tashlab chiqdi-yu, ketdi: “Ajdarho! Oyogʻing yoʻq, shuncha boʻkirasan. Oyoqlaring yurgan paytda qizimga kun bermaganing aniq”.

Iris boybicha sirib bogʻlangan ikki tugunni oʻzi, ikki tugunni qizi koʻtarib, uydan chiqqanda, Olloqulboy boshini quyiga osiltirgancha, tok soyasidagi supaning bir chetida oʻtirar edi. Bobo na boshini koʻtardi, na tugun koʻtarib olganlarga bir narsa dedi.

* * *

Iris xola uyga yetib kelgunicha, qiz tuqqanlariga ming pushaymon yedi: “Shunday qiz tuqquncha, it tugʻsam boʻlmasmidi? Koʻngling yoʻq ekan, tinchgina ajral. Odamlarning qiziga oʻxshab qaytib kel. Besh-olti oy alohida turib, ajralganing elga maʼlum boʻlgandan soʻng bilgan b… ingni yeb yuravermaysanmi? Oʻh, meni yerga soldi-ya bu qiz!”

Katta-katta qizil gulli choyshablarga tugilgan kiyim-boshlarni tars etkazib, xonaning oʻrtasiga tashladi. Yoqasiga qoʻl tiqib, siynabandidan roʻmolchaga oʻrogʻlik toʻrt taxlam pul va besh-oltita oltin taqinchoqlarni chiqardi: “Ay, esi yoʻq qiz-a, bu pul bilan nima ishing bitishi mumkin. Yana ikki bolani ham oʻzi boqar emish!”

Kasalxonada yotgan Nozima onasidan bolalarni olib kelmaganini eshitib, jazavasi qoʻzib qoldi:

– Siz bir parcha noningizni qizgʻanib atay olib kelmagansiz. Bilaman sizni!

– Sekin, hoy, sekin! Doʻxtirlarga tomosha boʻlishimiz shartmi? Shuncha sharmandalik kamlik qilayaptimi bizga? – qizini qaytarib tashladi Iris xola. – Qaynonang qirq yillik dardini aytib, javrab, yeb qoʻydi. Agar bolalarni olib ketamiz, desak, u uydan bir qil ham olib chiqa olmas edik. Orqasi tutib, urib-haydab chiqarardi.

Bir tomondan onasi haq edi.

– Bolalarning kiyimlarini ham olib keldingizmi?

– Ha, qoʻlga ilashadigan bor narsangni olib keldim.

– Yaxshi. Kasalxonadan chiqay, oʻzim sudga beraman.

Onasi boshqa gapirmadi, boshidagi roʻmolini yechib, qaytadan bogʻladi-da, indamay xonadan chiqib ketdi. Aslida bu shoʻrlik ayolning qoʻsh kelinli gʻala-gʻovur xonadonda oʻziga tegishli bittagina xonasi bor edi. Eru xotin shovqindan bezor boʻlishganda shu xonaga kirib, bir pasgina oyoq uzatib, dam olishar, gurung qilishar edi. Endi oʻsha sokin qoʻnalgʻa ham ke-yetdi!..

Kasalxonadan chiqishidan bir kun oldin hovliqib Mastura keldi. Bu paytda Nozimaning boʻyinbogʻlarini yechib olishgan, ovozi, rang-roʻyi ham ancha oʻziga kelib qolgan edi. Maktabda, Mahbuba Sultonovna pedkengashga qoʻydiraman, degani uchun Nozima oʻzini osmoqchi boʻlibdi, degan gap tarqalibdi.

– Bechora Mahbuba Sultonovna oʻzini qayerga qoʻyarini bilmay, rosa pitirlab qoldi. Keyin ering haydab yuborganini eshitib, picha oʻziga keldi. Nega urishding, ering bilan? – Mastura negadir uning koʻzlariga gʻalati bir sinchkovlik bilan qaradi.

– Oʻzim…

– Oʻzimni osaman, deb arqon izlab yurguncha, shu qaynona bilan erning koʻngliga yoʻl izlasang, hech kam qilishmaydi seni, dugon. Ular izlab kelishdimi?

– Yoʻq, – koʻzlarini yumib bosh chayqadi Nozima.

– Haliyam boʻlsa, kech emas. Izzattalab boʻlib yurmasdan, kasalxonadan chiqib, toʻgʻri uyingga bor, kerak boʻlsa, kechirim soʻra. Oyday roʻzgʻoring, shunday kelishgan ering bor, uni kimga tashlab ketmoqchisan va qayerga borib, qanday joy olmoqchisan?

– Koʻramiz…

“Nahotki, butun dunyo axborotlaridan boxabar maktab “dom”dagi mojarodan bexabar qolgan boʻlsa?! Xabar topishgandir, faqat oʻsha mojaroda ularning Nozimasi sharmisor boʻlganini eshitmagan”. Boisi u “dom”da asosan ruslar yashashar ekan, koʻpchilik bir-birini bilmas, tanimas ekan. Hamdam shuning uchun ham uni oʻsha “dom”ga olib borar edi. “Xayriyat!” U ishimdan ham mosuvo boʻldim deb oʻylagandi… Hozircha ishlab turgani maʼqul, qoʻlida bir-ikki soʻm puli boʻladi. Endi Hamdamdan bir uy undirib, bolalarini keltirib olsa boʻlgani.

Haqiqatan ham maktab tinch edi. Hamma uning boʻynidan nimalarnidir izlab, oʻgʻrincha qarab-qarab qoʻysa-da, oʻzidan hech narsa soʻramadi. Biron gap boʻlib, yana oʻzini osib qoʻymasin, deb qoʻrqishdimi? Darsdan chiqib, toʻgʻri prokuraturaga bordi.

– Bugun qabul kuni emas, – dedi sovuqqina qilib eshik yonida turgan qop-qora zangiday, bilaklari yengiga sigʻmay, terisi yiltillab turgan yigit.

– Men oʻgʻillarining oʻqituvchisiman. Oldin ham bir marta kelgan edim. Iltimos, kirib bir ogʻiz ayting, oʻgʻlingizning oʻqituvchisi keldi, deb. Qabul qilmasalar, ketaveraman.

Yigit oʻgʻil haqidagi gaplardan keyin picha oʻylanib turdi-da, ikkinchi qavatga chiqib ketdi. Koʻp oʻtmay pastga tushib, uni ichkariga kirgizib yubordi.

– E-e, sizmidingiz? Keling-keling, – prokuror uni oʻrnidan turib kutib oldi.

Keng va shinam xonada yumshoq gilamlarni bosib, unga qarab turgan prokuror tomon borarkan, hayajon va xijolatdan qoqilib ketmaslikdan boshqa narsani oʻylay olmasdi.

Prokuror u bilan qoʻl olib koʻrishdi, stoliga taqab qoʻyilgan stol yonidagi oʻrindiqlarga taklif etdi.

– Marhamat, oʻtiring.

Nozima ortga chekinib, xona girdini aylantirib qoʻyilgan stullarning biriga oʻtirdi.

– Ahvollaringiz yaxshimi? Bizning shumtakalar sizni charchatib qoʻyishmayaptimi? Lekin ular sizdan juda minnatdor. Yashang, rahmat sizga. Xoʻsh, nima tashvishlar bilan yuribsiz?

Nozima yerga qaradi. Necha kundan beri miyasida ipga tushgan marjon yangligʻ tuzib chiqqan soʻzlari birdaniga yodidan chiqib ketgan edi.

– Birontasi xafa qildimi? Tinchlikmi?

– Tinchlik. Mening bolalarimni olib qoʻyishdi.

– Kim, nega?

– Qaynonam bilan erim.

– Tushunmadim…

– Qaynonam juda boy xotin, bir umr brigadir boʻlgan, olti bolasining har biriga bittadan qasr qurib berib qoʻygan, – asta-sekin uning tili yechila boshladi. – Mening ota-onam oddiy oʻqituvchi boʻlgani uchun bizlarni hech nazariga ilmasdi. Kambagʻalsan, onang senga durust sep qilmagan deb hech kun bermas edi. Oxiri tuhmat uyushtirib, oʻgʻliga aytib, haydab yubordi. Oʻgʻlim bilan qizimni oʻzlari bilan olib qoldi. Kampirning oyogʻi singan, uch oydan beri turolmay yotibdi. Mening bolalarimni yaxshi koʻrishgani uchun emas, kampirga qaratish uchun dastyor sifatida olib qolishdi. Iltimos, menga bolalarimni olib bering.

Prokuror unga tikilgan koʻyi bir zum oʻylanib qoldi.

– Xoʻsh, ismingiz nima edi, Nozima? Ha, Nozimaxon, bunday qilsak, men eringizni chaqirib gaplashsam. Qaynonangizga xotin-qizlar qoʻmitasining raisini yuboraman. Tushunmagan narsalarini sekin tushuntiramiz. Arzimagan sep-sarpo deb, ikki bolali roʻzgʻorni buzib yuborish yaxshi ish emas, axir. Kerak boʻlsa, qonun yoʻli bilan ozroq poʻpisa ham qilib qoʻyishim mumkin. Nima deysiz? Bolalaringizni olib berishdan oson ish yoʻq. Lekin roʻzgʻoringiz buzilib ketmasin, deyapman!

– Kerak emas. Ular menga tuhmat qilishdi, otimni buzuqqa chiqarishdi. Shunday nomga teng boʻlgandan koʻra oʻlib ketganim yaxshi deb oʻzimni osdim. Baxtga qarshi bir tasodif boʻlib meni qutqarib qolishdi. Bir hafta kasalxonada yotib, bugun ishga chiqdim. Endi ular qabul qilishsa ham, men u xonadonga bormayman. Iltimos, bolalarimni olib bering.

Prokuror oʻrnidan turib ketdi. Xuddi oʻzining singlisi haqorat qilingandek qahri kelib, qalin qoshlarini chimirdi.

– Unda bunday qilasiz, – dedi u anchadan soʻng. – Hozir tuman sudiga borib ariza yozasiz, raisga oʻzim tayinlab qoʻyaman. Hech qanday muammo boʻlmaydi, – u “gap tamom” deganday qoʻllarini ikki tomonga yozdi.

Nozima ham oʻrnidan turdi:

– Rahmat sizga.

– Bizga yana qanday xizmat boʻlsa, bemalol kelavering.

– Rahmat.

Nozima prokuratura binosidan chiqqandan keyingina oʻpkasini toʻldirib nafas oldi: “Xotini judayam baxtli ayol boʻlsa kerak…” Prokurorning xonasida kezinib yurgan xushboʻy ifor uzoq vaqt dimogʻidan ketmay yurdi.

Uyga kelib Hamdamga qoʻngʻiroq qildi. U har doimgiday qandaydir sershovqin joyda yurgan edi:

– Ha, yaxshimisiz, oshna? Nima gap?

Gap ohangidan Nozima bilan durustroq gaplashish niyati yoʻqdek koʻrindi. Bu Nozimaning qahrini keltirdi:

– Iltimos, oshna, shovqinli joydan nariroq oʻting, – zaharli piching qildi u. – Vaqtingiz boʻlsa, bir ogʻiz gapimiz bor edi.

– Xoʻp, xoʻp, hozir, – darrov xatosini tushundi Hamdam, bir daqiqadan soʻng shovqin-suron eshitilmay qoldi. – Endi gapiravering, boshqa xonaga oʻtdim. Tinchmisiz?

– Hamdam! – Nozimaning jahli hali tarqamagan edi, yaxshi-yomon deb soʻrashib oʻtirgisi kelmadi. – Men koʻchada qolganimni, bunda sizning ham aybingiz borligini bilasiz-a?

– Bilaman.

– Bilsangiz, menga uy topib bering.

Hamdam ancha vaqt jim qoldi.

– Nega indamaysiz. Yoki sizda hech qanday masʼuliyat yoʻqmi?

– Yoʻ-oʻgʻ, nega unday deysiz, – Hamdam biroz duduqlanib qoldi. – Sizni koʻchada qoldirish niyatim yoʻq. Uy-ku, koʻp. Faqat ikkinchi opam qayerdandir siz haqingizda eshitibdi, Shohista aytganmi, har balo deb yotibdi. Boʻlmasa, uylarning biroviga “ijarachi” deb kiritib qoʻyaverardim.

– “Har balo” deganingiz nima ekan?

– Ayollarni bilasiz-ku, “boraman, sochini yulaman”, “unday-munday”, shu-da. Sizni uyimizga qoʻysam, albatta, kelib tekshirishadi. Keyin ular meni ham, sizni ham tinch qoʻyishmaydi.

– Unda men nima qilay? Turgan-bitganingiz shumi?

– Yoʻ-oʻgʻ, men uy topaman, faqat bir-ikki kun sabr qilib turing. Oʻzim sizga qoʻngʻiroq qilaman.

– Men sizni koʻp kuta olmayman.

– Tushundim.

“Eh, Shohista!.. Shaytonning urgʻochisi! Shoshmay tur, boshingga bir oʻyinlar solayki, bu savdolar qayerdan kelganini bilolmay tentak boʻlib yurgin!”

Bir pasdan soʻng yana Hamdamga qoʻngʻiroq qildi.

– Ha, tinchlikmi? – aftidan Hamdam tanbeh eshitishdan qoʻrqib, xoli joyga chiqib, telefonni koʻtargan.

– Menga qarang, sizdan iltimos, shu Shohistadan bittagina qasdimni olib bering.

– Qanday qilib?

– Eriga yelimday yopishqoq bir oʻynash topib bering. U shunday shallaqi boʻlsinki, kerak boʻlsa, kelib Shohistaning sochini yulsin.

Hamdam “xo-xo”lab kulib yubordi.

– Oʻh, siz xotinlar! Sizlar chatoq.

– Shunday nomzod bormi?

– Topamiz.

– Tezroq toping.

– Xoʻp, – Hamdam kula-kula telefonni oʻchirdi.

Nozima ham xayoliga kelgan fikrdan koʻngli yorishdi: “Hali mening sovunimga kir yuvmabsan!”

U sud boʻladigan kunni hayajon bilan kutdi. Qaynonasi bilan eri hech qachon uning xiyonatini elga oshkor qilmasligiga ishonsa ham, baribir qoʻrqdi. Chunki uni onalik huquqidan mahrum qilib, bolalarni oʻzlarida olib qolishga shundan boshqa asos yoʻq edi. “Tuhmat qilishyapti, deb turib olaman. Ishqilib, telefondagi yozuvlarni olib kelishmasin-da. Yoʻgʻ-e, bunchalik pastkashlikka borishmas”.

Ular sud raisining qabulxonasida uchrashishdi. Nozima endi kelib oʻtirgan edi, qabulxonaning eshigi ochilib, avval qaynotasi, soʻng qoʻltiqtayoqqa osilib olgan onasining tirsagidan ushlagan eri kirib keldi. Nozima beixtiyor oʻrnidan turib, salom berdi. Ammo uning salomiga hech kim alik olmadi. Eri otasi bilan onasini joylashtirgandan soʻng, “Men yoʻlakda boʻlaman, kerak boʻlsam chaqirtirarsizlar”, deb tashqariga chiqib ketdi. Erining rang-roʻyi bir ahvolda boʻlsa-da, oppoq koʻylak, kulrang shim, tumshugʻi uzun chiroyli tufli kiygan, barvasta qaddi-qomatiga kiyimlari juda yarashib turardi. Beixtiyor uning ortidan tikilib qolgani esiga tushib, xijolat tortdi, kotibaga bir qarab qoʻyib, yuzini har xil xonaki gullar terib qoʻyilgan deraza tomon burdi.

Sud Nozima oʻylaganday, katta sud zalida, qora kostyumli salobatli rais, maslahatchilar ishtirokida boʻlmadi. Ularni toʻgʻridan-toʻgʻri raisning xonasiga taklif qilishdi. Bu xonada rais va ular bilan birga kirgan gʻum-gʻumalak qorindor yigitdan boʻlak hech kim yoʻq edi. Rais Nozimaning arizasini oʻqib eshittirgach, birin-ketin soʻz berdi. Sardor oʻrnidan turganda Nozimaning butun aʼzoyi badani muzlab ketdi. Beixtiyor yerga qaradi. Shu chogʻ bir oʻtli xoʻrsiniq ich-ichidan yondirib oʻtganini his qildi: “Xato qildim, erim yomon yigit emas edi”.

Ha, Sardor yomon yigit emas edi. U Nozimani umuman yomonlamadi, ajrashishga rozi ekanligini, lekin xotinining uyida yetarli sharoit yoʻqligi sababli bolalarni oʻzlari oʻrgangan uyda, bobo bilan momo tarbiyasida qoldirishni iltimos qildi.

– Ularning uyida ikki kelin ikki bolasi bilan, singlisi, ota-onasi turishadi. Bular ham borib qoʻshilsa, bir uyda oʻn bir-oʻn ikki kishi boʻlib ketishadi. Onalari ishga ketsa, bolalar tiqilinch, begona sharoitda, oʻzlari oʻrgangan, mehr qoʻygan yaqinlarini sogʻinib qiynalib qolishadi. Bizning uyimizda bobo bilan momodan boshqa hech kim yoʻq. Bobo bolalarni oʻzi bogʻchaga olib borib, oʻzi olib keladi. Uyda bir jiyanim turadi. U osh-ovqat, kir-chir bilan shugʻullanadi. Momolari bolalarning tarbiyasi bilan shugʻullanadi. Iltimos, bolalar oʻz uylarida qolsin. Onasi bilan biron uchrashuv kunini belgilasangiz, koʻrishib turishlariga sira qarshiligimiz yoʻq.

– Katta nevaram toʻrt yildan beri men bilan yotadi, – bir amallab oʻrnidan turgan momo koʻziga yosh oldi, ovozlari qaltirab, zoʻrgʻa gapirardi. – Bolaginam bir kun ham mensiz yota olmaydi. Men ham usiz yashay olmayman.

Bobo hech narsa demadi.

Lekin sud… “ikkala tomonni ham eshitib”, qonunning “falon-falon” moddalariga asoslanib, “qaror qildi”: “Daʼvogarning daʼvosi qondirilsin”.

Nozima uchun shu daqiqada sudyaning xonasidan bexavotirroq joy yoʻq edi. Hovliga chiqsa, malomat toshlari tagida qolib ketishidan qoʻrqib, oʻtirgan joyida qimirlamay oʻtiraverdi.

Sardor bir ogʻiz ham gapirmadi. Lekin qaynonasi chiqib ketayotib, uning roʻparasida toʻxtadi:

– Ey, menga qara, senga shu bolalar umuman kerak emas-ku. Oʻzingdan ortib, shularga qarayolmasligingni ham yaxshi bilasan. Bizni qiynash uchun bolalarni qiynashning nima keragi bor? Axir sen ularning tuqqan onasisan-ku. Nahotki shularga rahming kelmaydi.

Nozima indamadi.

Sardor gapira-gapira yigʻlab yuborgan onasining bilagidan ushlab, xonadan olib chiqib ketdi.

Anchadan soʻng kotiba kirib, uni oʻz xonasiga taklif qildi.

– Yangi ish koʻrilishi kerak edi, opa.

Nozima shundagina xona toʻrida qaqqayib turgan sud raisini koʻrdi.

– Kechirasiz, bugun ogʻir kun boʻldi.

– Hechqisi yoʻq, – dedi rais, – Gulbahor, opangga choy-poy qilib ber. Siz xavotirlanmang, bolalarni ijrochilar olib kelib berishadi.

Bolalar oradan bir kun oʻtgach, izillab yigʻlab kelishdi.

– Men bu yerda turmayman, – bagʻriga tortayotgan onasining qoʻllarini itarib tashladi Sanjar. – Men oʻzimizning uyimizda yashayman. Men bu yerni yomon koʻraman.

– Voy, bolam, unday dema. Men seni sogʻinib ketdim. Sen meni sogʻinmadingmi?

– Sogʻingan boʻlsangiz, oʻzimizning uyimizga yuring. U yerda momom bilan bobom yigʻlab qoldi, – Sanjar oʻzi ham yigʻlab yubordi. – Men sizni yomon koʻraman. Men bu yerda turmayman!

– Oʻgʻlim, sen yigʻlama. Erta-indin bizning oʻz uyimiz boʻladi, keyin mazza qilib yashaymiz.

– Menga uy kerak emas, menga momom kerak!

– Ana, – dedi ona-bolaning munozarasini bir chetda kuzatib turgan Iris xola. – Ilonning bolasi ilon, chayonning bolasi chayon, deb shuni aytadilar-da. Bu bolang hech qachon senga el boʻlmaydi. Bu oʻsha kampirning tarbiyasini olgan.

Nozima onasiga oʻqrayib qaradi.

Qizi indamay bagʻriga keldi. Uni rohatlanib bagʻriga bosib turib, juda-juda horiganini his qildi.

– Ona, endi biz hech qachon uyimizga qaytib bormaymizmi?

– Borasan, bolam, qachon uyni sogʻindim, desanglar, yuboraman.

– Boʻlmasa, momom nega yigʻladi? Momom sizning yuborishingizni bilmagan-da. Siz telefon qilib, aytib qoʻying, bolalaringizni yuboraman, yigʻlamang, deng.

– Xoʻp. Oldin senga oʻzim toʻyib olay.

Hamdam oʻzi aytganidan ham tezroq uy topdi. Koreyada ishlayotgan bir oʻrtogʻining ikki xonali uyi bor ekan.

– Juda zoʻr boʻlmasa ham hamma sharoiti bor. Televizor, muzlatkich, konditsioner, karavot… Egasi jihozlari bilan qoʻshib sotgan edi. Bir oz chekkarogʻ-u, lekin boʻladi, za to tinch. Oldin bir koʻrasizmi, yo birdan koʻchib oʻtaverasizmi?

– Ertaga ertalab bir taksi yuboring, boradigan joyimizni ham haydovchiga tushuntiring. Biz bolalar bilan koʻch-koʻronimizni olib, oʻzimiz boraveramiz. Oʻzingiz oʻsha yerda boʻp turing.

Hamma joyini oʻrgimchak toʻri va chang qoplab yotgan uydan rutubat hidi anqib turardi. Bolalarning birdan qovogʻi uyuldi:

– Ona, biz endi shu xunuk uyda yashaymizmi, – darrov savolga tutdi bijildoq Noila. – Bundan momomning uyi chiroyli edi-ku.

Nozima bir uf tortib, indamay qoʻya qoldi. Oʻziga ham yoqmayapti. Ammo nima qilsin?

– Onalaring hozir hamma joyni supurib, yuvib, chinniday qiladi. Keyin bu uy ham chiroyli boʻlib qoladi, – Noilani yupatdi Hamdam.

Nozimaga Hamdamning gapi ham yoqmadi:

– Borib mashinadan yuklarni olib keling.

Sanjar hech narsa demadi. Goʻyo u keyingi bir necha kun ichida bir necha yoshga ulgʻayib, katta odamga aylanib qolgan, har narsadan oʻzicha xulosa chiqarib, xulosasini ichiga yutib qoʻya qoladigan boʻlgan edi. U uyni ham, Hamdamni ham bir qarashda yoqtirmadi, ammo chiqib ketay, desa, onasi qoʻymaydi, biron chetga oʻtib oʻtiray desa, bu isqirt uyda oʻtiradigan joy ham yoʻq edi. Nihoyat, Xudo onasining oʻziga aql berib qoldi:

– Boʻlmasa, bolalar pastdagi skameykalarda oʻynab oʻtirib turishsin, uyni yigʻishtirib olgandan soʻng chaqiramiz… Tagʻin uzoqqa ketib qolmanglar, begona joyda adashib qolishlaring mumkin.

– Xoʻp, onajon.

Bolalar chiqib ketishgach, Hamdam tumtayib turgan Nozimani ohistagina bagʻriga oldi, u ham bir soʻz demay, yigitning yelkasiga boshini qoʻydi. Ular shu koʻyi ancha turib qolishdi. Na unisi, na bunisi bir ogʻiz gapirmadi, ular bir-birini soʻzsiz tushunib turishgan edi. Boshlariga tushgan sinovlar qaysidir maʼnoda ularni bir-biridan uzoqlashtirgan boʻlsa, qaysidir jihatdan bir-biriga yaqinlashtirib qoʻygan edi.

– Vaqtni ketkazmaylik. Begona joyda bolalar koʻchada qolib ketmasin, – birinchi boʻlib Nozima uning yelkasidan qoʻllarini olib, quchogʻidan chiqdi.

– Ha, tezroq boʻlish kerak, – uni darhol qoʻyib yubordi Hamdam ham.

Robiya kampirning uyidagi hashamdor sharoitga oʻrgangan Nozima yagʻiri chiqib ketgan bu gʻaribxonani tozalar ekan, xoʻrligi keldi: “Mendan kechib, kimga yetding, deydilar”. Bu uyda bir uy bola bilan bir sonsiz ayol yashaganligi aniq. Eshik, devorlar bolalarning panja izlaridan dogʻ-dugʻ boʻlib ketgan, kim-oʻzariga sharikli ruchka bilan har xil rasmlar chizilgan, oshxonadagi qoʻl yuvgich va gazning oldi yogʻli dogʻ-dugʻlardan sirpanchiq boʻlib qolgan edi. Televizor deganlari gugurtning qutisidan salgina basavlat boʻlib, ichkari xonaning toʻrida mungʻayibgina turardi. Kirligidan sargʻayib ketgan muzlatkichning ichida ham biron tokcha yoʻq, kiyim iladigan shkafdek huvillab turardi. “Qaynonasi umrini dalada oʻtkazgan boʻlsa ham, nima olsa, asilidan, chiroylisidan olar edi”.

Bu uyni astoydil tozalamoqchi boʻlsa, bolalari kun boʻyi koʻchada qolib ketishini oʻylab, ichkari xonadagi oʻrgimchak toʻrlarini tozalab, changlarini yuvib, artib, bolalarni uyga kirgizdi. Hali zamon bolalarning qorni ochadi, ularga nimadir tayyorlash kerak. Shu paytgacha hech qachon bozor-oʻcharning tashvishini qilmagan Nozimaning hayotida yana bir muammo paydo boʻldi. Biroz xijolat boʻlib, Hamdamga qaradi:

– Ozroq bozor-oʻchar qilib kelsangiz. Hali zamon tushlik vaqti boʻlib qoladi. Men uydan kiyim-kechakdan boshqa hech narsa olib kelmagan edim.

Hamdam uning yelkasiga qoqdi:

– Hali hammasi yaxshi boʻladi.

Ertasi kuni yana bir muammoga toʻqnashdi: bolalarni kimga tashlab ketadi?

…Uyga tashlab ketdi, Xudo boqsin, deb. Gazlarni oʻchirdi, gugurtlarni balandroq joyga qoʻydi. Javdirab turgan bolalariga “Men darrov qaytaman, sizlar televizor koʻrib, qoʻrqmasdan oʻtiringlar” deb ishga ketdi.

Nozima qirtishlayverib, uyni biroz ochib oldi. Hamdam ham biroz oʻziga kelib, oldingiday hazil-huzul bilan kirib chiqadigan boʻlib qoldi, lekin u hech qachon kechasi yotib qolmas edi. Nozima tunlari uning qoʻynida huzur qilib yotishni, bolalariga “bu sizlarning yangi dadalaring”, deb eʼlon qilishni juda-juda istar, Hamdam esa “oshiqcha muammoning nima keragi bor, shundayiga ham yaxshi-ku”, deb qolishga unamas edi. “Agar yotib qolsangiz, munosabatlarimizni bolalarga ochiq-oydin aytsak, kunduzlari kelganingizda bolalarni koʻchaga haydab yubormasdik”, “Ikki soat koʻchada oʻynasa, hech narcha boʻlmaydi. Odamlarning bolasi kun boʻyi koʻchada yuradi. Menam ertadan kechgacha koʻchada yurardim. Momom bechoraning “Hamdam-uv, Hamdam-uv” deb chaqirib yurishlari quloqlarimda qolib ketgan. Chaqirayotganini eshitsam ham eshitmaganday oʻynab yuraverardim”, “Baribir, oʻz xohishi bilan koʻchada oʻynab yurish boshqa, uylariga bir erkak kelganda ikki soatga uydan chiqib turish boshqa. Bu narsa bir umr ularning yodidan chiqmaydi”. “Qoʻysangiz-chi, biz ularga chiqib turinglar, deyayotganimiz yoʻq, oʻynab kelinglar, deyapmiz”.

Oʻsha kuni havo juda issiq edi. Nozima maktabdan qaytib, ichkari xonadagi divanga endi choʻzilgan edi, eshik taqilladi. Bolalari joyidan qimirlamadi, bunday payti kim kelishini hamma bilar edi. “Hamdam”, dedi Sanjar gʻijinib. Bir parcha bolaning bepisand ijirgʻanishi Nozimaning achchigʻini keltirdi. Hamdam aka de, boshiga bir tushirdi oʻgʻlining, bozorlik qilib keling, degandim, obkelgan narsasini zaharingga yeysan, yana “Hamdam”, emish. Eshik yana taqilladi. Ochigʻini aytganda, bu bemahal tashrif Nozimaning oʻziga ham yoqmayotgan edi. Ishdan oʻlguday charchab kelgan. Tashqari yonib yotibdi. Shu paytda bolalarni koʻchaga chiqarib qoʻyishga sira vijdoni chidamas edi. Buyogʻi qoʻshnilar ham kim kirib, kim chiqqanini koʻrib, kuzatib oʻtirishibdi. Juda noqulay.

Ogʻrinibgina eshikni ochdi. Uning yuzidagi malomat Hamdamga sira yoqmadi:

– Ha, na boʻldi maning nozli malagimga?

– Hech gap. Ishdan hozirgina kelgan edim, charchab…

– Mening oldimda bunday shalpayib turmang. Oʻynab, kiyikday oʻynoqlab turing, tushundingizmi?

“Uf!”

U indamay Hamdamning qoʻlidagi yelimxaltalarni oldi. Hamdam esa “Ay, maning nozli yorim, nozli yorim” deb xirgoyi qilgancha ichkari xonaga kirdi. Yerga dumalab televizor koʻrib yotgan bolalarni koʻrgach, uning ham kayfiyati tushib ketdi:

– Eh-he, jamoat jam, bitta biz kam-ku!

Bolalar oʻrinlaridan turib oʻtirishdi.

– Ie, salom qani, oʻqituvchining bolalari hech salom berishni oʻrganmadi-oʻrganmadi-da.

– Assalomu alaykum.

– Salom, – singlisining izidan ergashib bazoʻr ogʻiz qimirlatdi Sanjar.

– Qani, televizorni oʻchirib, koʻchaga shagom marsh.

– Biz koʻchaga chiqmaymiz, qiziq kino boʻlayapti.

– Chiqmaymiz emish, yeshyo kak chiqasan, shunday uchib chiqasanki, qanday chiqqaningni oʻzing ham bilmay qolasan. Qani, bir, ikki, uch deganimda, sizlarni bu yerda koʻrmay. Ie, odam toza havodan ham nafas olishi kerakmi? Kun boʻyi uyda biqinib yotganlaring yotgan!

– Qoʻyavering, Hamdam, oʻtiraverishsin, – oshxonada turib uni qaytardi Nozima. – Koʻcha yonib yotibdi. Ular hali tushlik ham qilishgani yoʻq. Bu yoqqa keling, muzday chalop qildim, biz oshxonada gaplashib oʻtiramiz.

– Yoʻq, – Hamdamning ham qaysarligi tutdi. – Bilasiz, gapimni qaytarganlarni yomon koʻraman. Oʻzim chaqirmaguncha qaytmaysanlar. Qani, bi-ir, ik-kki-i, u-uch!

Sanjarning rangi koʻkarib ketdi, indamay singlisining qoʻlidan ushladi-da, uydan chiqib ketdi. Nozima ularning shu ketishini allaqaysi filmning fojiali yakuniga oʻxshatdi. Biram mungli, biram gʻarib edi ularning qarashlari, turishlari…

– Och edi-da ular, bekor qildingiz, – Nozima astoydil xafa boʻldi.

– Menga unday gap qilmang, xonim, – Hamdam uning yoniga borib, bosh barmogʻi bilan tumshugʻining tagidan koʻtardi. – Siz uchun, sizning koʻnglingiz uchun qayerlardan tilimni koʻndalang tishlab, shu xafa boʻlmasin, shuning oilasini buzib qoʻydim, deb kelaman. Siz boʻlsa, bolalaringizni ikki soat tashqariga chiqarishni istamaysiz. Hov, bilasiz, koʻcha toʻla qiz!.. Obkeling, chalopni!

Omonat kulbaga ham yana bir darz ketdi.

U chalopni simirgach, koʻylagini yechib, eshikning tutqichiga ildi-da, oʻzi ichkari uydagi divanga borib choʻzildi. Nozima ostonada serrayib turib-turib, uning yoniga keldi: “Boravering, oʻsha qizlarga” deya olmadi. Bir xoʻrsinib, uning yalangʻoch koʻksiga boshini qoʻydi. Hamdam uning sochlarini siladi: “Unday emas-da, jonim. Odamning bor shavqini soʻndirib yuborasiz”.

Hamdam ancha qolib ketdi, u ketgach, vujudida gʻalati toliqish his qildi. Yumshoqqina toʻshak oʻziga ohanraboday tortaverdi. Yuvinib, salqinlab olganidanmi, koʻzlari oʻz-oʻzidan yumilib ketaverdi. Bolalarini chaqirib, uyiga kirgizishga ham hafsala qilmadi: “Hamdamning ketganini koʻrib, oʻzlari kirishar”. Shu yotgancha qotib qolibdi. Bir payt qaynonasining shangʻillagan ovozidan choʻchib uygʻonib ketdi. Qaynonasi unga qoʻltiqtayogʻini oʻqtalib, “Yuzing qursin, sen behayo, benomusning!” deb baqirib yotgan emish. Oʻrnidan sakrab turib, atrofga qaradi, hech kim yoʻq, na qaynonasi, na bolalari. “Oʻzingning yuzing qursin! Xayriyat, tushim ekan. Yuragimni yordi-ya, jodugar!”. Kun tob tashlagan boʻlsa-da, xona dim, u jiqqa terga botib ketgan edi: “Ie, bolalar haliyam kirmabdi-ku!”. Uning koʻngliga noxush xavotir oʻrmaladi, shoshib derazadan pastga qaradi:

– Sanjar, Sanjar-uv! Noila! Noila-a!

Uyning oldidagi oʻyin maydonchasi bola-chaqaga toʻlib ketgan, faqat uning bolalari koʻrinmas edi. Oyoqlariga shippagini ilib, tashqariga yugurdi. Yoʻlakning eshigida rangi ayozday zahil, hamisha ilondek zaharga toʻlib yuradigan qoʻshni ayol – Sharofatga duch keldi.

– Hamsoya, mening bolalarimni koʻrmadingizmi?

Sharofat kinoyali kulimsiradi:

– Bechoralar oʻtirishgan edi uylarining boʻshashini kutib. Biron-bir sheriksiz uy axtarib ketib qolishgandir balki.

Boshqa payt boʻlganda unga gap topib bergan boʻlardi, hozir bu chayon bilan talashib oʻtirishga na vaqti bor, na quvvati.

…Soʻramagan odami qolmadi. Hech kim koʻrmagan, hech kim hech narsa bilmaydi. Axir hamma salqin uyning toʻrida jon saqlab yotgan payt edi, kim ham koʻrardi uning bolalarini. Onasinikiga, milisaxonaga qoʻngʻiroq qildi.

Oxiri yurak yutib, qaynonasining uyiga telefon qildi. Telefonni qaynonasi oldi:

– Eshitaman.

– Xola-a, bu men, Nozimaman.

Ikkinchi tomon ancha payt jim boʻlib qoldi:

– Xola-a, – yigʻlab yubordi Nozima. – Men bolalarni yoʻqotib qoʻydim.

– Nozima! Sendan iltimos qilaman, bolalarni bunday ovora qilma. Katta koʻchada yigʻlab yurishsa, meni taniydigan birovga duch kelib qolibdi. “Biz Robiya Soatovaning nevaralarimiz, shu kishini axtarib yuribmiz” desa, Xudo yorlaqagur allaqayerlardan uyga olib kelib berdi. Bir yomonlarga duch kelsa, nima boʻlar edi? Yaxshidir, yomondir, yetti yil tuzimni yeding. Sendan iltimos, senga hech qanday taʼna qilmayman, qanday istasang, shunday yasha, lekin bolalarga teginma. Men endi senga bolalarni bermayman.

Nozima bir zum oʻziga kela olmay turdi, boyagina dunyolarga sigʻmay turgan vujudiga sekin-asta xotirjamlik, halovat indi: “Xudoga shukur-yey!” Ammo shu daqiqaning oʻzida koʻnglida boshqa bir istak paydo boʻldi.

– Xola! Men bolalarimni koʻchaga chiqarib qoʻyganim yoʻq. Bola, bola-da, sizni sogʻinib, uydan qochib ketgandir. Bir ogʻiz aytsa, oʻzim olib borib qoʻymasmidim, shuncha yigʻlab axtarib yurguncha. Ammo men ham bolalarimni hech kimga bermayman. Yaxshilikcha bermasangiz, yana sudlashamiz.

– Hay, Nozima, oʻzingni bos, qahrimni keltirma. Men yaxshi bilaman, bolalar senga umuman kerak emas. Senga bola kerak boʻlsa, bir parcha goʻdaklarni qoq tushda issiqqa chiqarib qoʻyib, oʻzing maishat qilib yotmas eding? Sen bizga qasdlashib, bolalarni olib yuribsan. Biz senga nima yomonlik qildig-u, bolalar senga nima yomonlik qildi?

– Xola, u bolalarning onasi menman. Achchigʻim kelganda urgandirman, urishgandirman, tashqarigayam chiqarib qoʻygandirman. Onasi sifatida ularni jazolashga haqli odamman, lekin ularning kaftiga bitta tikan kirsa, mening yuragim ogʻriydi. Chunki ular mening yuragimning yogʻidan bino boʻlgan.

– Sen oʻsha bolalarni oʻylaydigan ona boʻlganingda jimgina uyingda oʻtirgan boʻlar eding. Sen faqat oʻzingning maishatingni oʻylaydigan ayolsan. Sudga ber, mana koʻrasan, oldin aytmagan boʻlsam, endi aytaman bor haqiqatni!

– Bilganingizni qiling.

– Qilaman ham.

Ikki tomon ham kelishgandek bir paytda sharaqlatib telefonni qoʻydi. Nozimaning qarshisida yana bir muammo paydo boʻlgan boʻlsa-da, koʻngli xotirjam tortgan edi: “Topildi-ku bolalari! Oʻtirishgandir tizzalarda chuldirashib… “Bizni onamga berib yubormang”, deb”.

Allaqachon tun choʻkib, atrof qop-qorongʻu boʻlgan edi. Turib xonaning chirogʻini yoqdi. Eshikni qulfladi. U juda charchagan edi. Bolalarining daragi chiqqach, birdan boʻshashib ketdi. Yostigʻining tagidan tungi koʻylagini olib kiydi-da, divanga choʻzildi, ammo sira uyqusi kelmadi. “Yolgʻizlikning tunlari bunchalar dilgir!”. Aslida u qachonlardan beri yolgʻiz, erining uyida ham yolgʻiz edi. Lekin u paytlar qoʻshni xonada kimdir uni intiq boʻlib kutib yotganini bilar, bu yolgʻizlik unga gʻurur va lazzat bagʻishlar edi. Endi u intiq, intizor. Kutayotgan odami hech qachon uniki boʻlmasligini bilsa ham, gʻururi oyoq osti boʻlsa ham indamaydi, indayolmaydi. Chunki endi undan boshqa hech kimi, hech narsasi yoʻq. Ha, bolalari bor. Kampir senga bola nima kerak, deydimi? Oʻzi ona boʻla turib, menga shu gapni aytdi-ya. Nahot, menda umuman onalik tuygʻusi yoʻq, deb oʻylasa? Unda men ayol boʻlib, inson boʻlib yashab nima qildim? Hatto mushuk ham bir joydan ikkinchi joyga oʻtsa, bolalarini tishida tishlab olib oʻtadi. Nahot, oʻsha hayvonda boʻlgan onalik tuygʻusini menda yoʻq deb oʻylaydilar? Ha, ular Nozimani hayvondan ham battar deb hisoblashadi, hali buning uchun javob berishadi!

U bir necha kun atay indamay yurdi, oʻzicha biroz dam olmoqchi boʻldi. Erta turib bolalarga nonushta hozirlash, soʻng koʻngli xavotirga toʻlib, iziga qaray-qaray ishga ketish, “Bolalar nima boʻldiykin?” deb yugurib kelish, ularga tushlik, kechki ovqat hozirlash, tinimsiz “tek”, “qoʻy”, “jim oʻtir”lardan juda charchagan edi. Bu uch kunda yomonlikka Hamdam ham izlamadi. U ham telefon qilmadi. Shu omonat hamrohdan ham dam olmoqchi edi u. Turib-turib zerikdi, oʻylab qarasa, shu bolalar uchun ovqat hozirlar, shular bilan oʻtirib oʻzi ham nimadir yer, shular uyni toʻzgʻitar, u yigʻishtirar, shular bilan harakat, hayot bor ekan. Baʼzi oqshomlar umuman chirogʻi ham yoqilmadi. Chiroq kerak ham boʻlgani yoʻq, qayerda nima turganini bilsa… Bir uxlab turish uchun chiroq yoqish shartmi? Hamdamni ham juda sogʻindi. Bu yigit hech qachon uniki boʻlmasligini bila turib ham, uni oʻylashdan, uni kutishdan, uzoq tunlar uni sogʻinib koʻz yosh toʻkishdan oʻzini tiyib turolmasdi. Bir kun kelib uni butunlay yoʻqotib qoʻyishini oʻylaganda, dunyo koʻziga zimiston boʻlib koʻrinib ketardi. Oʻziga oʻzi tushuna olmas edi. Bu nima? Sevgimi? Kirar aqli kirib, chiqar aqli chiqib boʻlgan bir yoshda nahot hech qachon unga tegishli boʻlmaydigan bir yigitni sevib qolgan boʻlsa?! “Yoʻq, unga oʻrganib qolgan. Ha, shunday. Boshqa hech narsa yoʻq. Hozir undan voz kechishning ham iloji yoʻq, uy uniki, chet elga chiqish uchun besh-olti soʻm pul jamgʻarsin, keyin oʻziga ham, uyiga ham etak silkib ketadi, qoladi”. Bu gaplar yolgʻiz qolgan damlarda oʻz-oʻziga taskin uchun aytiladigan shunchaki yolgʻonlar edi, xolos. Aslida bu yigitdan hech qachon voz kecha olmasligi oʻziga ham, Xudoga ham ayon haqiqat edi.

Toʻrtinchi kuni prokuraturaga bordi. Prokuror Sardorni chaqirib, bir vaqtlar Nozimani qoʻrqitgani kabi, “qora dori” koʻrsatganmi yo boshqa jiddiyroq gap qilganmi, shu kuniyoq ikki bolani ham Nozimaning onasinikiga tashlab ketibdi.

Shu kuni Hamdam ham keldi. Boʻlib oʻtgan voqealarni yigʻlab-yupanib gapirib oʻtirgan edi, singlisi bolalarni yetaklab kelib qoldi. Hamdam boʻlib oʻtgan ishlarda oʻzini aybdor sezdimi, bolalarning boshini silab, “Sizlar oʻtirib turinglar, bugun bir bayram qilamiz. Bir kilo issiqqina tandir goʻsht olib kelay, onalaringga shokolad, sizlarga muzqaymoq ham olib kelaman”, deb, chiqib ketdi. Sanjardan tashqari hammaning yuziga tabassum yugurdi.

Haqiqatan bayram edi oʻsha kun Nozima uchun. U darrov choy qoʻyib, dasturxon yasashga tushib ketdi. Lekin har qancha yalinsa ham singlisi oʻtirmadi, “onam bilan bir joyga borishimiz kerak edi”, deb ketib qoldi. Hamdam rosa toʻlib-toshib keldi, Nozima uchun “Qora marvarid” vinosi, oʻziga idishi ajabtovur aroq ham olib kelgan edi. Rosa mazza qilishdi. Hamdam qoʻyarda qoʻymay bolalarga ham sal-sal vino ichirdi: “Bu sizlarni baquvvat qiladi”. Hamma mazza qildi, ginalar unutildi, arazlar yozildi, alamlar esdan chiqdi. Biroz kayfi oshgan Hamdam qoʻshiq boshlab yubordi:

“Qora xolingga tushgan kipriklaringning soyasi…”

Qolganlar qarsak bilan joʻr boʻldi.

Shovqin-suron bilan eshikning taqillayotganini ham ancha kech eshitishdi. Davraga qovushmay bir chetda oʻtirgan Sanjar nimagadir dahlizga chiqib, eshikning taqillayotgani eshitdi:

– Eshigimizni kimdir qattiq urib yotibdi, – bola qoʻrqib ketganidan rangi biroz oqarib turardi.

– Hozir oʻzim qarayman, – Hamdam mardona eshik tomon yurdi.

Bir pasdan keyin uning ham rangi oqarib keldi:

– Opam!

– Opangiz? Opangiz bu yerda nima qiladi?

– Bironta mehribonimiz bergandir-da adresimizni… Endi nima qilsak ekan?

Eshik tobora qattiqroq taqillar edi.

Nozima shoshib uning qoʻliga tuflisini tutqazdi:

– Ayvondagi supaning podvaliga kiring.

Oʻzi eshikka yoʻnaldi:

– Kim u? Hozir!..

Eshik ochilishi bilan Hamdamga ikki tomchi suvdek oʻxshash bir ayol dovuldek yopirilib ichkariga kirdi:.

– Keling… – ich-ichidan qaltirab ketayotgan boʻlsa-da, mulozamat qildi Nozima.

Dovul uning mulozamatini ham, oʻzini ham yoʻldan surib tashlab, poyafzalini ham yechmasdan, hamma xonalarni bir-bir koʻrib chiqdi:

– Qani, Hamdam?! – oʻshqirdi hamon dagʻ-dagʻ qaltirab turgan Nozimaning qarshisiga kelib.

– Qanaqa Hamdam?

– Mana munaqa Hamdam! – ayol bosh barmogʻini ikki barmogʻining oʻrtasidan chiqarib, Nozimaning tumshugʻi tagiga tiqdi. – Mashinasi eshigingning tagida turibdi. Stolingda aroq, vino, goʻsht! Bu kishi Hamdam qayerdaligini bilmasmish. Ikki haroming bilan sen ham otamning topganiga sherik boʻladigan boʻldingmi? Megajin!

Ayol uning yoqasidan olib, yumdalay ketdi. Qoʻrqib ketgan Nozima oʻzini himoya qila olmay qoldi, ayol qattiq itarib yuborgan edi, u gup etib yiqilib tushdi. Shundan keyin ayol uning ustiga oʻtirib olib, boshiga mushtlay boshladi. Nozima hech narsani sezmay qoldi, qulogʻiga faqat qizchasining “Ona” deb chinqirib yigʻlayotgan ovozi eshitilib turardi. Bir vaqt ustidagi ajdarho “gurs” etib orqaga yiqildi va birdan jimib qoldi. Nozima hayron boʻlib, atrofga qaradi. Uning oyoqlari uchida Sanjar katta oʻqlogʻni mahkam quchoqlagancha, bilinar-bilinmas qaltirab turardi.

Nozima bir amallab yiqilib yotgan ayolning tagidan chiqib, uning boshiga bordi. Ayol behush edi, boshining tagida halqob boʻlib turgan qonni koʻrib Nozima qoʻrqib ketdi.

– Hey!.. Opa!.. – astagina yelkasidan turtdi Nozima.

– Suv!..

Nozima yugurib Hamdamning yoniga keldi:

– Sanjar boshini yorib qoʻyibdi.

Rangi oqarib ketgan Hamdam yarim emaklab, supaning tagidan chiqdi-da, changdan oqarib qolgan shimini yengil-yelpi qoqqan boʻlib dahlizga chiqdi: “Hech tinch kun yoʻq ekan-da.” Borib hamon koʻzlarini yumib yotgan opasining boshi ustiga engashdi.

– Ha, opa, sizga nima boʻldi? Bu yerda nima qilib yotibsiz?

Opa ohistagina koʻzlarini ochdi:

– Balo boʻldi, dard boʻldi. Sen oʻzing nima b… yeb yuribsan bu yerda?

– Men shu yerda yashaydigan bir oshnamnikiga kelgan edim. Qarasam, eshik ochiq, choʻzilib yotgan kim boʻldi, deb kirsam… Qani turing, oʻzim sizni doʻxtirga olib boraman.

U opasini avaylabgina turgʻizib, qoʻltigʻiga kirdi-da, tashqariga olib chiqdi.

Hamdam kechqurun qoʻngʻiroq qilguncha Nozima necha oʻlib, necha bor tirildi. Yoʻlakdan eshitilgan har bir qadam tovushi uning yoniga kishan koʻtargan milisalarni boshlab kelayotganday boʻlaverdi.

– Opam sizni sudga berib, qamatib yuboraman, deyapti, – uning ovozi juda horgʻin edi. – Bir amallab tinchitdim. Men uch-toʻrt kun yoningizga borolmayman, bular izimga odam ham qoʻyishlari mumkin. Yolgʻiz oʻgʻil boʻlish hamisha qiyin boʻlgan. Bir oʻzimga yuzta nazoratchi. Biroz sabr qilib turing, uyni oʻzgartiramiz.

– Xoʻp.

– Oʻzingiz ham uch-toʻrt kun onangiznikiga borib tursangiz, yaxshi boʻlar edi.

– Xoʻp.

– Nozima…

Shu payt timirskilanib yurgan Sanjar telefonning orqasida turgan qutichani olaman deb, telefonni tushirib yubordi. Aloqa uzilib qoldi. Nozima sharaqlab yerga tushgan apparatni olib, oʻgʻlining yelkasiga oʻsha apparat bilan bir tushirdi: “Kasofat! Har doim bir narsalarni agʻdar-toʻntar qilib yurmasang, boʻlmaydi”. Keyin telefonni joyiga qoʻyib, yana jiringlashini kutdi, lekin qaytib, qoʻngʻiroq boʻlmadi.

Kutaverib, siqilib ketdi. Toriqib, ayvonchaga chiqdi. Allaqayerdan musiqa ovozi eshitildi. Toʻy boʻlayapti, shekilli, “yor-yor” aytilayotgan edi: “Qat-qatgina qatlama, qatlanadi, yor-yor. Qizni olib yangalar otlanadi, yor-yor…”

Endi “opa”lar Hamdamning toʻyini ham tezlashtirishadi. Sardor ham uylanadi. Shunday oqshomlarning birida uning uyiga “yor-yor” sadolari ostida yangi kelin sollanib kirib keladi.

Bolalarning tez ovunishi tez unutishlaridan boʻlsa kerak. Bolalari kunduzgi sharmandagarchiliklarni allaqachon unutib, uyni boshlariga koʻtargancha, quvlashmachoq oʻynashar edi. Bolalarining baxtiyorligi unga juda malol keldi.

Daqiqa sayin zaharga toʻlib borayotgan Nozima ayni damda shu bolalarni oʻldirib qoʻyishga ham tayyor edi: “Dardisarlar! Shu bolalar boʻlmaganda allaqachon chet elga ketib qolar edi. Ishlab, shaharda bitta qilib, uy qurdirardi, mashina olardi, hamma orzu-havaslariga yetarli pul jamgʻargandan keyin erga tegardi…”

Sharaqlagan ovoz xayollarini boʻlib yubordi. Sanjarning oyogʻi telefonning simiga ilashib qolib, yana telefonni yerga tushirib yuborgan edi. Nozima uchib, xonaga kirdi. Uning vajohatini koʻrgan Sanjar yigʻlab yubordi:

– Urmang, onajon, bilmasdan qildim. Momomnikidan yangi telefon olib kelib beraman. Iltimos, urmang.

“Momo”ning tilga olinishi Nozimaning jazavasini qoʻzitdi:

– Momong senga telefon beraman, dedimi? Mana senga telefon!

U bolaning koʻz yoshlaridan hoʻl boʻlib ketgan bir burdagina yuziga tarsaki tortib yubordi. Bola gandiraklab orqaga yiqilayotgan edi, uning nozikkina bilaklaridan changallab ushlab, yana bir tarsaki tushirdi. Endi uni toʻxtatib boʻlmasdi. Yana, yana, uraverdi, uraverdi! Bola endi onasining oyoqlarini quchoqlab yigʻlar edi:

– Onajon, urmang, urmang, onajon! Boshqa bunday qilmayman, meni kechiring.

Nozima bolani bir siltab, oʻzidan ajratib oldi-da, yerga itarib yubordi. Yarador qush misol yer bilan bitta boʻlib yotgan bolani bir tepib, yana ayvonga chiqib ketdi. U bir pas derazadan kelayotgan muzday havoga koʻksini tutib turdi, uning yuragi yonib ketayotgan edi. Hali kelin taxtiravoniga joylashmagan shekilli, ezma sanʼatkorlar hamon “yor-yor”ni choʻzib yotishar edi: “Hay-hay oʻlan, jon oʻlan ey…” Nozima zarda bilan deraza qopqasini itarib yubordi. Deraza oynalari zirillab ketdi. U xonaga qaytib kirganda Sanjar xonaning bir chetida, tagidagi koʻrpaning yarmini ustiga yopib, qunishibgina yotar edi: “Yuzing qursin!”

Bir chetda tizzalarini quchoqlagancha hurpayib oʻtirgan Noila ham koʻziga irkit mushukdek yoqimsiz boʻlib koʻrindi.

– Nega dushmaningga qaraganday pusi-ib qaraysan? Qaysi goʻrdanam senlarni tugʻdim? Senlar bilan hech qayerga sigʻmayman.

Qiz hamon qilt etmasdan onasiga tikilib oʻtirardi. Uning nigohidagi qoʻrquv va begonalikka oʻxshash gʻalati ifoda uning qahrini keltirdi:

– Yot-t! Hozir bir tepib, devorga yopishtirib tashlayman.

Qizcha qoʻrqib ketganidan shoshib, oʻtirgan joyiga yota qoldi. Yotganda ham muqarrar tushishi mumkin boʻlgan tepki zarbidan qoʻrqib, gʻujanak boʻlgancha, onasidan koʻz uzmay yotar edi.

– Ahmoq! Odam oʻz onasidan ham shunday qoʻrqadimi? Momong senlarga shunday oʻrgatgan-da: onangdan ehtiyot boʻlinglar, urib oʻldirib qoʻyishi mumkin, qovurib yeb qoʻyishi mumkin. U odam emas, odamxoʻr hayvon, deb! E-e, momongga oʻxshamay oʻl! – u oshxonaga oʻtayotib, qizchaning yarmi ochilib qolgan doʻmboqqina sonlariga bir tepdi. Zarbning kuchidan qizchaning bir hovuch jussasi toʻp etib devorga urildi. Ammo qiz gʻiq etgan ovoz chiqarmadi, boshini nozikkina bilaklari orasiga olgancha, siljib borgan joyida gʻujanak boʻlib yotaverdi.

Nozima muzlatkichdan boya Hamdam ichib boshlagan aroqni oldi-da, piyolaga toʻldirib quydi. Piyolani tik turgan holida boʻshatdi. Ichimlik muzday edi, ammo ichini yondirib yubordi. Kosaga bir kapgir osh solib, stolga qoʻydi. Oʻzicha bir-ikki qoshiq osh yegan boʻldi, yana aroq quydi. Aroq endi yuraklarini kuydirib oʻtdi. Yana quydi, endi butun jonu jahoni kuydi. Ezma qoʻshiqchi hamon kelinposhshani yupatish bilan ovora: “Ostonasi tillodan uy seniki, yor-yor…”, “Ha, allaqanday oyimtilla uning uyiga ega boʻlib oladi. Bu esa bolalari bilan shu omonat katakdan ham quvilayapti! Jodugar qaynonasi avval boshdan uni haydash payida boʻlgan. Shuning uchun ularni na zagsdan oʻtkazgan, na uyning roʻyxatiga kiritgan. Bir-ikki marta aytsa, “Shungayam men yuraymi, eru xotin qilaveringlar”, deb bosh qoʻshmadi. Oʻshanda nikohing ham, uying ham boshingdan ordona qolsin, deb bekor qilgan ekan. Mana endi uning daʼvosi hech qayerga oʻtmaydi. Noqonuniy xotin! Oʻzlari berishmasa, hech qanday mulkka sherikchiligi yoʻq bolalar! Oʻh-h, jodugar! Bir umr changga botib, tuproq kechib, kesakka surinib yurgan boʻlsa ham ilonning yogʻini yalagan ekan, bu kampir!”

Oyoqlarini uzatib yotgisi keldi, bir amallab oʻrnidan turarkan, boshi gir aylanib ketdi, devorlarga suyana-suyana xonaga oʻtdi. Toliqqanidanmi, koʻzlarini zoʻrgʻa ochib yurardi. Shu ahvolida ham hamon gʻujanak boʻlib yotgan “koptokcha”ning qoʻrquv toʻla koʻzlari ochiq ekanligini koʻrdi: “E-e, oʻl-e, dardisar!” Oʻtayotib, bolani oʻxshatib bir tepdi. Oyoqlari juda ham yumshoq narsaga tegdi, biqinigami, qornigami, bola naq yarim metr joyga siljib ketdi. U yotgan joyida choʻzib ingrandi, lekin yigʻlamadi.

Ertalab tomoqlari qaqrab uygʻondi, kecha koʻp ichganidanmi, koʻngli behuzur boʻlayotgan edi. Kun choshgoh boʻlib, uyning ichi quyosh nuridan qizib, dim boʻlib ketgan edi. Shoshib yuz-qoʻlini yuvib, ishga otlana boshladi. Kecha ham ishga bormagan edi, bugun bormasa, boʻlmaydi. Shusiz ham direktorning oyimchasi har kuni bir asabini buzadi.

U shoshib, oʻgʻlining boshiga keldi:

– Sanjar, hoy, Sanjar! – bolaning ustidagi koʻrpani olib, qoʻlidan tortdi, – Tur, kun peshin boʻlib ketibdi. Men ishga ketayapman. Ukang bilan oʻzlaring ovqatlanaveringlar.

Oʻgʻlini silkilayotib, negadir kafti qizib borayotganini his qildi. Hayron boʻlib, bolaning peshonasini ushlab koʻrdi. U alangai otash boʻlib qizib yotar edi. Shundagina uning yuzlari ham boʻgʻriqib ketganini payqadi:

– Sanjar, oʻgʻlim!

Choʻkkalab, oʻgʻlini koʻtarib uygʻotmoqchi boʻldi, ammo bolaning boshi shilq etib pastga tushib, osilib qoldi, oʻzi zoʻrgʻa koʻzini ochdi:

– Suv…

– Noila, hay, Noila! Tur, bir piyola suv olib kel.

Noiladan hech qanday sado chiqmagach, bolani joyiga yotqizib, oʻzi oshxonaga yugurdi, Sanjar bir qultum suvni zoʻrgʻa yurtdi.

U Sanjarni tinchitgan boʻlib, Noilaning boshiga yugurdi. “U hamisha hammadan oldin uygʻonar edi. Unga ham bir gap boʻlgan boʻlmasin”. Qizchaning koʻzlari ochiq, pastki lablarini tishlab, indamay yotar edi. Nozima uning peshonasini ushlab koʻrdi, “isitmasi yoʻq”.

– Senga nima boʻldi, qizim?

Qizcha lablarini yana ham qattiqroq qimtidi, qizarib ketgan koʻzlariga qalqqan yosh chekkalaridan oqib, yostiqqa tushdi.

– Ichi-im ogʻriyapti, – dedi u anchadan soʻng juda zaif ovozda.

– Nega ogʻriydi? Iching oʻtayaptimi?

– Yoʻ-oʻq, oʻzi… ogʻriyapti…

“Ana, kerak boʻlsa! Shunisi yetmay turgan edi, xolos. Bu yogʻi uyni boʻshatishi kerak. U yoqda ish, endi ikkalasi baravar yotib oldi. Ularni davolatish uchun qancha pul, qancha vaqt kerak!”

Ikki bolaning oʻrtasida hayron serrayib turib-turib, xayoliga kelgan fikrdan koʻngli yorishib ketdi: “Sevimli momolariga qoʻngʻiroq qilaman. Kelin izlab yurguncha, oʻgʻli bilan kelib, nevaralarini davolatsin”.

Telefonni kampirning xonasiga oʻtkazib berishgan shekilli, yana kampirning oʻzi oldi. Muloyimgina qilib, “Ha, eshitaman!” dedi. Nozimaning tovushini eshitib, birdan ovozi dagʻallashdi:

– Ha, tinchlikmi?

– Bolalarning mazasi yoʻq. “Tez yordam”ga olib ketayapman. Dadasi borsin.

– Nima boʻldi ularga? – baqirib ketdi kampir. – Kecha uyimdan soppa-sogʻ kuzatgandim. Sen juvonmarg bir narsa qilib qoʻygandirsan-da!

– Xola, koʻp boshimni ogʻritmang, – Nozima kampirning gapini qaytarib tashladi. – Men sizning gapingizni koʻtarishga majbur emasman. Hozir bir narsa deb, gapingizga yarasha gap qaytarsam, bir umr koʻkayingizdan ketmay yuradi. Bola kerak boʻlsa, bolam desa, borsin. Bormasayam, sadqai sar, taqdirida borini koʻraveradi, – u sharaq etkizib goʻshakni oʻrniga qoʻydi.

 

* * *

Bu yoqda Robiya kampir javrab qoldi:

– Sadqayi bola senga! Gulzor, hoy, Gulzor! Tez, bobongni chaqir. Anavi juvonmarg bolalarni bir narsa qilib qoʻyganga oʻxshayapti. Shoʻrim qurib qoldi-ya, tez boʻl!

Gulzordan oldin hovliqib bobo kirib keldi:

– Nimaga vahima qilayapsan? Nima boʻldi?

– Tez, Sardorning ishxonasiga qoʻngʻiroq qiling. “Tez yordam”ga borsin. Anavi bolalarni “Tez yordam”ga olib borayotgan emish. Koʻchadan menga bir mashina tutib keling, biz ham boramiz. Boʻling, boʻling tez!..

Kampir bir pasda hammani oyoqqa turgʻizdi. Har tomondan yoʻlga chiqishgan boʻlsa-da, kasalxonaga Nozimalar chiqqan “Tez yordam” mashinasidan oldin yetib borishdi. Kampir bolalarni zambilda tushirishayotganini koʻrib, hushidan ketib qolay dedi: “Ha, yashshamagur!” Sardor onasining yelkasidan bosib, oʻtirgʻizib qoʻydi: “Ona, tomosha koʻrsatishdan foyda yoʻq”. Oʻzi bolalarning izidan ketdi. Koʻp oʻtmay yoʻlakda yugur-yugur boshlandi, qizchaning ahvoli ogʻir edi: “Jigar qopchasi yorilib, jigari ezilib ketgan, tezda operatsiyaga olish kerak”.

Sanjarning hamma joyi koʻkarib, qontalash boʻlib ketgan, savollarga zoʻrgʻa, duduqlanib-duduqlanib javob berardi.

– Bularni kim bu ahvolga tushirgan? – ularni qabul qilgan doʻxtir Sardordan soʻradi. – Xulosalar tayyor boʻlgach milisaga xabar berishimiz kerak.

Sardor Nozimaga qaradi, Nozima yerga qarab, biroz sarosimalandi, ammo tezda oʻzini qoʻlga olib, duduqlana-duduqlana doʻxtirni murosaga chaqirgan boʻldi:

– Qoʻshni bolalar bilan urishishgan, bular ularni urgan, ular bularni! Ulardan qochib kelayotib, qizimiz bir toshning ustiga qattiq yiqilib tushibdi. Bolalarning janjali uchun qoʻshni bilan milisalashib yuramizmi?

– Bu ishni yosh bola qilmagan, yanga!

– Ha, sal yoshi kattaroq ekan, baribir bola-da. Qoʻshni, birga oʻynashadi.

– Oʻgʻlingiz oldindan duduqmidi?

– Yoʻ-oʻgʻ-e, nega duduq boʻlar ekan?

– Bolangiz hozir duduq. Uni oʻsha bola qattiq qoʻrqitgan, shekilli. Bu asorat bir umrlik boʻlishi ham mumkin. Shuni hisobga olinglar.

– Tushunarli, – Nozima yana yerga qaradi.

Sardorning qoʻllari beixtiyor musht boʻlib tugildi, tishlari gʻichirlab ketdi, lekin indamadi: “Qani, zamon koʻtarsa edi!”

– Hammasini qonuniy yoʻl bilan hal qilish kerak, – doʻxtir Sardorning rangi oʻzgarib ketganini koʻrib maslahat bergan boʻldi. – Agar daʼvo qilmoqchi boʻlsalaringiz, ekspertiza xulosalarini beramiz.

– Hojati yoʻq, – Sardor doʻxtir yozib bergan dorilar roʻyxatini olib, tashqariga chiqib ketdi.

Operatsiya uzoq davom etdi. Nozima bilan Sardor operatsiya xonasining eshigi oldida, Robiya kampir Sanjar yotgan palatada operatsiyaning tugashini kutishdi. Bu yerda Nozima bilan hech kim gaplashmasa ham, Nozimaning hech bir ishda nafi tegmasa-da, u keta olmas, boshqalar kabi “Operatsiya yaxshi oʻtdi, jonlantirish boʻlimiga oʻtkazishdi”, “Bemor koʻzini ochdi”, “Sanjarning isitmasi tushdi” kabi yangiliklarni eshitish uchun sharpadek sudralib, goh u eshikning yonida, goh bu eshikning yonida sassiz-sadosiz turaverardi. “Ha, u xato qildi. Judayam katta xato qildi. Taqdirning sitamlari uchun alamini oʻzining bolalaridan olmasligi kerak edi. Ammo u bilmay qoldi. Oʻzini idora qila olmadi. Lekin u baribir bolalarini yaxshi koʻradi. Ularning ahvoli oʻnglanganini oʻz koʻzi bilan koʻrmaguncha, bu yerdan keta olmaydi”.

Endi uning kampirda ham hech qanday alami qolmagan edi. Chunki bolalarini ishonib tashlab ketsa boʻladigan yagona inson – shu ayol edi. “Men oʻzimni ham, bolalarimni ham eplaydigan boʻlib qaytib kelgunimcha oʻlmasin shu kampir. Oʻsha paytda bolalarim oʻgay ona zulmidan bezib, mening gunohlarimdan kechib, ehtimol sogʻinib yurishgan boʻladi. Oʻsha kunlargacha oʻlmay, qarab bersa boʻlgani!”.

Nozima ertasi ham, indini ham, har kun keldi. Noila oʻrnidan turib, yengilroq shoʻrvalar icha boshlagach, bolalarini bir-bir bagʻriga bosib, yuz-koʻzlaridan oʻpdi.

– Meni kechir, Sanjar. Men seni juda ham yaxshi koʻraman.

– Meni kechir, Noilam. Men seni juda ham yaxshi koʻraman. Bilmasdan, achchiq bilan urdim. Judayam afsusdaman. Endi momolaring bilan yashaysizlar. Momolaring sizlarni hech kimga xafa qildirib qoʻymaydi.

– Meni kechiring, xola. Endi men sizlarni boshqa bezovta qilmayman.

U yigʻladi. Sanjar bilan kampir hech narsa demadi. Faqat Noila onasining yoshli koʻzlarini jajji qoʻlchalari bilan artib, uning ham momosinikida yashashini iltimos qildi.

Shu bilan Nozima kasalxonaga qaytib kelmadi.

Qiyin-qiyin, Robiya kampirga qiyin boʻldi. Kasalxonada bolalarga qarayapman, deb yotganda, huzur qilib yotgan ekan. Kuniga necha odam issiq ovqat koʻtarib keladi. Yuvilgan-yuvilmagan idish-tovoqlarni, kir chalgan kiyimlarni iziga qaytarib yuboraveradi. Uyga kelgach, hamma ish cholu kampirga qolib ketdi. Gulzor ham mustaqil ish qilib koʻrmagan boʻy qiz, bir ish buyursang, izidan yurish kerak yoki tepasida turish kerak. Bolalar kasal va injiq, uncha-muncha ovqatni yemaydi, Noila uchun alohida qozon qaynatish kerak, u faqat parhez taom yeydi. Xullas, Robiya kampir juda charchadi. Har doimda bir kelib, ahvol soʻrab ketadigan bolalar “Onajon, sizga qiyin boʻpti-da”, deyishdan nariga oʻtmasdi. “Ha, qiyin boʻlayapti. Sizlar bola boʻlib, oson qilib bermasanglar”. “Qanday qilib oson qilamiz biz? Ana, Sardoringiz uylansin. Yo olti bola bilan koʻchib kelaylikmi?”, “E-e…”

Uylansin, degan gapni aytish oson. Shuncha gap-soʻzlardan keyin, haqoratlardan keyin yana bir begona ayolga koʻngil qoʻyish, “Jufti halolim boʻling” deb aytish oson emas. Ayniqsa, pokiza uyingda yashab, rizqing pishadigan qozon-oʻchoqning boshida turgan ayolni xiyonat ustida qoʻlga tushirganingdan keyin…

Robiya kampir oʻyda qoldi. Oʻgʻlini-ku unisi-bunisi oʻrtaga olib, uylanishga koʻndirar, ammo bolalar nima boʻladi? Koʻngli yarim duduqqinasi, haliyam ranglari sargʻayib yurgan Noilasi… Ularning tashvishlari, erkaliklari oʻz onasiga yoqmagan edi, oʻgay onaga yoqarmikin? Nozima shu bolalarga bir tarsaki tushirsa, momoning yuragi bandidan uzilib tushgandek titrab ketardi, oʻgay ona bu dardmand bolalarga bir ogʻiz gapirsa, oʻgaylik qilsa, keyin momo kirgudek ochiq goʻrni qaydan topadi? Bolalar-chi, bolalar? Ular halitdan onalarini sogʻinishayapti. Ertaga otalarining qoʻyniga oʻzga bir ayol kirsa-yu, ularni jerkib gapirsa, siltab tashlasa, boringki, bir xato ishi uchun toʻgʻri tanbeh bersa, urishsa, bular qanday ahvolga tushadi? Axir, oilada busiz mumkin emas, oʻz bolangni ham urishasan, joyi kelsa, urasan, ammo oʻzingnikining oʻmganiga tepsang ham oʻtmaydi, kishinikiga kishmish bersang ham turmaydi.

Soʻng… Ikki oʻrtada hammaning dili xira, Sardor dargʻazab, bobo xafa, momo oʻksingan: “Nahot shu ikki goʻdak oʻz uyiga sigʻmasa?!”. Kelin ming andishali ayol boʻlsa ham oʻzini oqlaydi: “Axir men bularga nima qilayapman?” Andishasizroq boʻlsa, yuzingizni yirtib, bor haqiqatni aytadi-qoʻyadi: “Tuqqan onalari chet elda mazza qilib yursin, biz bu yerda bolalarining shaltogʻini yuvib oʻtiraylik. Erta bir kun odam boʻlganda “bolam-boʻtam”lab keladi-da, ega chiqadi”.

Shundaylar desa, keyin momoning tiriklayin oʻlgani shu.

Oʻsha kuni oʻzining tagiga bir kursini, togʻoraning tagiga bir kursini qoʻyib, kir yuvib oʻtirgan edi. Momo azaldan kirni mashinada yuvishni yomon koʻrardi. “Halolni ham, haromni ham aralashtirib yuboradi”, derdi. U oʻtirib yuvaverdi, Gulzor chayib-chayib yoyaverdi. Momoning qoʻllari oq yem boʻlib ketdi, oʻzi jiqqa terga tushdi, lekin jovdirab ochilgan tor-tor kirlarga qarab huzur qildi. Keyin oshxonaga kirib, kursini qozonning yoniga qoʻydirdi.

– Endi ovqat qilamiz. Qani, yogʻ bilan goʻshtni olib kel. Birga-birga qilamiz, qilganing menga foyda, oʻrganganing oʻzingga.

Endi ovqatning tagini tayyorlab, suvini solgan edi, Sanjarning yigʻlayotgan ovozi eshitildi:

– Ie, Sanjarmi? Bor, qara, nima boʻpti?

Usti-boshi changga belangan bola yigʻlab kelib, tuproq va koʻz yoshidan dogʻ-dugʻ boʻlib ketgan yuzlarini momosining tizzalariga bosdi.

– Ha, bolam, ha? Senga nima boʻldi?

– A-asad!..

– Nima, Asad?! Nima qildi, Asad? Urdimi?

– S-soqov d-dedi, s-s-sening o-onangning oʻ-oʻynashi b-bor, oʻ-oʻynashi b-bilan ch-chet e-elga k-ketgan, d-dedi…

– Ha, yashshamagur! Hali shoshmay tursin, men uning tilini sugʻurib olaman. Sen yigʻlama. Hali seni oʻzim Toshkentga, katta doʻxtirlarga olib borib, davolatib kelaman. Koʻrmaganday boʻlib ketasan. U ahmoq, onangning oʻynashini qayerda koʻribdi? Sening onang chet elga ishlagani ketgan, buning sira ham aybi yoʻq. Bizga chet eldan ishlagani kelishadi, biznikilar chet elga ketishadi. Bitta sening onang emas, qanchadan-qancha odamlar chet elda ishlab yuribdi. Buning sirayam ayb joyi yoʻq. Ana, Gulnoza bilan Shohruhning onasi ham necha yildan beri Gretsiyada yuribdi. Nima qipti, shunga? Hali borib, oʻzim onasi bilan gaplashib kelaman. Sen borib, yuz-koʻzlaringni yuv. Oʻzi senga koʻchada nima bor? Singlingga qarab, uyda televizor koʻrib oʻtirsang boʻladi-ku.

– U-uningiz oʻ-oʻynamaydi, f-faqat yo-yotadi.

– Singlisi zerikib yotsa, akasi uning yolgʻiz oʻzini tashlab koʻchaga chiqib ketaverishi kerakmi?

– E-endi h-hech q-qachon k-koʻchaga ch-chiqmayman, – dedi Sanjar yuzini yuvgani ketayotib.

Norasida goʻdakning bu alamli qarori momoning yuragini nayza misoli teshib oʻtgandek boʻldi. Ovqat bir qaynab chiqqach, roʻmolini qaytadan oʻrab yuz-koʻzini qoplagan reza-reza terlarni artib, oʻsha bilagʻon zumrasha Asadlarning uyiga joʻnadi. Momosining qayerga ketayotganini sezgan Sanjar chopib chiqib, yoʻlini toʻsdi:

– M-momo, b-bormang.

– Nega?

– K-keragi yoʻq. E-endi m-men u-ular b-bilan oʻ-oʻynamayman.

– E, bolam, shoshma. Shuning onasi bilan bir gaplashib kelayin. Bolasiga qanday tarbiya berayotganini bilib qoʻysin.

– Y-yoʻq, m-momo, b-bormang, – Sanjar kampirning tizzalaridan quchoqlab oldi.

– Meni yoʻldan qaytarma. Bor, uyga kir. Hozir qaytib kelib, ovqat suzib beraman.

Asadlarning uyi koʻchaning narigi boshida edi. Sogʻ paytlari kampirga bu uylar bir qadam boʻlib koʻringich edi. Endi oʻsha uyga qoʻltiqtayoq bilan yetib olguncha qoʻltiqlari qavarib ketdi. Asadning onasi oshqovoqdek sap-sariq, semiz juvon supaning chetiga oʻtirib olib, tikish qilayotgan ekan. Qoʻltiqtayoqda kelayotgan boʻlsa ham momoning oʻziga yarasha salobati bor edi. U momoni koʻrib, shoshib qoldi. Oʻzicha bir narsalardan xavotirlandi.

– Keling, xola. Assalomu alaykum, – yugurib borib, momoning yelkasidan olib koʻrishdi. Supaning yoniga boshlab kelib, koʻrpachaga oʻtirgʻizdi. Qoʻltiqtayoqlarini olib, avaylabgina bir chetga qoʻydi. Zingʻillab uyga kirib, dasturxon olib chiqdi.

– Tashvish qilma, Jumagul boybichcha, – kampir unga dasturxonini yozdirgani qoʻymadi. – Men bir gapning izidan gap quvib keldim. Bilaman, ish quvgan gʻaznaga, gap quvgan baloga yoʻliqadi. Lekin hozir mening boshqa ilojim yoʻq.

– Nima gap, xola? – Juvonning rangi oʻchib ketdi.

– Asading nevaramga sen soqovsan, onangning oʻynashi bor, sizlarni tashlab oʻynashi bilan chet elga ketgan, debdi. Bizning birovni soqovi bilan ham, merovi bilan ham ishimiz yoʻq. Qayoqqa ketgan, kim bilan ketgan, surishtirib ham yurmaymiz. Bir parcha bolaning koʻngli yarim bolaga shunday gap qilishi yaxshimi? Bu bolang bunday gaplarni qayerdan topgan oʻzi? Yo oʻzlaring oʻrgatib qoʻygansizlarmi?

– Ha-a, xola, shu gapga shunchami? – Juvon birdan xotirjam tortib, labining bir chetida zaharxanda kulgi paydo boʻldi. – Soqovni soqov, deydi, merovni merov, deydi. Bir narsaga talashib, jahlini chiqargan boʻlsa, aytsa aytgandir. Keyin keliningizning kimligini, qayoqqa ketganini hamma biladi. Oyni etak bilan yopa olmaysiz-ku. Uni bolamga men aytishim shart emas. Shuning uchun shuncha yoʻldan qoʻltiqtayoq bilan mening boshimga keldingizmi?

– Ha-a, shundaymi, Jumagul boybichcha, – kampir juvonning koʻzlariga qahr bilan tikildi. – Sening singling ikki shisha “Kola” uchun bir yigitga ergashib ketib, onang izillab yigʻlab kelganda, onang bilan bir haftalab hamma fohishaxonalarni axtarib chiqqanim ham esimdan chiqqani yoʻq. Shu singling qayerda ekanligini na sen bilasan, na onang! Hushi tutganda uyga bir kelib ketarmish. Tubdan ishtoni yoʻq, tizzasi yirtiqqa kuladigan zamon ekan-da. Singling hammamizga isnod boʻldi, deb bir ogʻiz gapirdimmi senga? Agar soqovni soqov deyish shart boʻlsa, isnodini isnodi deyish kerak boʻlsa, seni nima deb aytay, singlingni-chi? Hov, boybichcha, koʻzingni ochib yur, bolamning koʻngli yarim. Bolang tilini tiyib yurmasa, butini yirib tashlayman!

Momo oʻtirgan joyida bir uzalib qoʻltiqtayoqlarini oldi-da, xayr-maʼzurni ham nasiya qilib, hovlidan chiqdi-ketdi. Uyiga yetguncha boʻlari boʻldi. Bir umr odamlarga ish buyurib, oylik berib, vagʻ-vugʻ qilib yurgan boʻlsa ham, birovning dilini ogʻritish, birov bilan jangarilik qilib urishishni uddalay olmas edi. Tilini yasab, chulchunglab unga aql oʻrgata boshlagan Jumagul boybichchani qoq manglayidan otib qaytgan boʻlsa-da, uyga kelib, mazasi qochib qoldi. Gulzorni yoniga olib, hammaga bir choʻmichdan ovqat suzib berdi-da, oʻzi xonasiga kirib ketdi: “Ha, Nozima-ya! Sen faqat oʻzingga qilmading, hammamizning peshonamizga tamgʻa qoʻyib ketding. Endi bolalaringga bu joylarning suvi harom boʻldi. Uni sen bulgʻab ketding. Men shoʻrlik qoʻltigʻim qavarib, qaysi bir Jumagulning ogʻziga elak boʻlaman. Bu aqlga sira sigʻmaydi. Buning iloji yoʻq”.

Kechki payt ovqatdan soʻng bolalar televizor koʻrgani kirgach, odatdagidek cholu kampir supada yolgʻiz qolib ketdi. U yoq-bu yoqdan gurung boʻldi, lekin kampir yuragiga toshdek botib turgan gapni aytmadi, aytolmadi, lekin aytishi kerak, ammo qanday aytadi? Oxiri boʻlmadi, bosh irgʻab oʻtirib-oʻtirib, muhim gapi bordek choliga yuzlandi:

– Bobosi, Sardorni bir aytib kelsangiz. Birgalashib gaplashib olmasak boʻlmaydi.

– Ha, nima gap?

– Aytib keling. Sizga bir, unga bir aytib oʻtirishga hech kuchim yoʻq. Birgalashib eshitingizlar.

– Xoʻp, xoʻp, kampir.

Sardor yozuv-chizuv qilib yotgan ekanmi, peshonasidan koʻzoynagini ham olmasdan ularning yoniga kelib oʻtirdi:

– Nima gap, ena?

Robiya kampir gap boshlashdan oldin chuqur nafas oldi.

– Endi gap bunday, koʻchaning boshidagi Jumagulning bir parcha bolasi Sanjarni soqov debdi, sening onang buzuq, chet elda buzuqlik qilib yuribdi, deb bolalarning oldida yigʻlatibdi. Men Jumagulning oldiga borib tit-pit qilib keldim. Ammo bu koʻchada Jumagul bitta boʻlsa ekan? Ertaga yana birovi shunday deydi. Keyin nima qilamiz? Shuning uchun bu yerdan olisroqqa ketmasak, bolalarga qiyin boʻladi. Sen daryo jiyakdagi tomorqani sot, adirning ustidagi uyimiz boʻsh yotibdi. Eshigining oldida bir dunyo yeri bor. Koʻchkin bobo ekin ekib, hosil olib, mazza qilib yuribdi. Oʻsha yerga koʻchib borib, shu daromadni oʻzimiz qilsak ham boʻladi. Tomorqaning puliga uyni taʼmirlat. U uyda qaynona-qaynota, eru xotin olti bola bilan turganmiz. Rosa xonalari koʻp. Xuddi shahardagiday sharoit qil. Bir xonasini unitazli hojatxona, bir xonasini tahoratxona, bir xonasini oshxona. Hammasiga quvurdan suv kelib tursin. Biror narsa izlab, tashqariga chiqib yurmay.

– Nimalar deyapsiz? Birinchidan, sizga adirning ustida nima bor? U yoqqa sizni kim yuboradi? Ikkinchidan, adirning ustida suv nima qiladi? U yoqda svet boʻlmasa, gaz boʻlmasa?

– E-e, bolam-yey, sen yosh boʻlsang ham televizor koʻrmaysan, gazeta oʻqimaysan, hayotdan orqada qolib ketgansan. Butun dunyo quyosh batareyalariga oʻtib ketdi-ku, yuzlab xonadon yashaydigan uylar shunday batareyalar bilan isitilib, yoritilar ekan. Bitta batareya qoʻyasan, bitta quduq qazdirib, nasos qoʻydirasan, olam guliston. Togʻangnikida yigirma yetti metrdan suv chiqibdi. Suvimiz shuncha tez, deydi, oʻn beshlik shlankadan bir ariq suv keladi, deydi. Hozir yerning ostiga temir quvur ham shart emas, anavi rezinga oʻxshagan qattiq shlanka boʻlsa boʻldi. Toʻrt yuz ming soʻmga suv chiqarib beribdi. Boringki, bizning sharoit picha ogʻir deylik, besh yuz olsin, roziman. Tepaga ikki tonnalik bir idish qoʻyib bersang, otang har kechqurun bir toʻldirib beradi, kecha-kunduzi bilan suv, svet! Gazni balon gaz qilamiz. Uyni shunday taʼmirlatginki, koʻrgan odam shu uy meniki boʻlsaydi, desin. Yangi eshik, yangi derazalar qoʻy, shuvoqlarini yangila, eshigining oldini sement qil. Xullas, bolalar ham yaxshi koʻrib qolsin shu uyni, dadam bizni shu yerga olib kelib tashladi, demasin. Seni uylantiramiz, kelin bilan shu uyda yashayverasan. Xafa boʻlma, men bu uyni sotolmayman, uni qancha orzu-havaslar bilan qurganmiz. U bizdan keyingi avlodlarga meros boʻlib qolishi kerak.

– Ena, menda qanday qasdingiz bor? Anavi iflosning shuncha yerga solib ketgani kammi? Sizni qoʻltiqtayogʻingiz bilan ikki bolamga qoʻshib shu adirning tepasiga olib borib qoʻyib, keyin oʻzim qanday bosh koʻtarib yuraman?

– Sen oʻgʻlim, katta odamsan. Qaysi gapga parvo qilish kerak, qaysisiga parvo qilmaslik kerakligini yaxshi bilasan. Oʻgʻling bilan qizingning qoʻlidan ish kelguncha jiyanlaring qarashib turadi. Eh-he, u yerda suv boʻlsa, qancha yer bor, qanday ishlar qilsa boʻladi. Bogʻ qilamiz, asalari qoʻyamiz, besh-oltita qoʻy-echki qilamiz. Qoʻyib yuborsang, oʻzlari qornini toʻygʻazib kelaveradi. Sigir kerak emas, echki sogʻamiz, kuniga toʻrt kosa sut boʻlsa boʻldi. Tovuq qilamiz, ularni ham qoʻyib yuborsang, oʻzlari rizqini terib, yeb yuraveradi, – momo oʻzining gaplaridan oʻzi joʻshib borardi.

– Shunday xazinani tashlab, nega bu yoqlardan uy qurdingiz?

– U paytlar zamon boshqa edi, hamma shaharga intilar edi. Yerning bahosini hammayam bilavermas edi. Shundayam shu uyni sotgim kelmadi. Otang”Koʻchkinboy soʻrayapti, sotaylik” desa ham, “yoʻq”, dedim, “dacha qilamiz” dedim. Dacha boʻladi-da endi, hammalaring bizni koʻrish bahonasida borib, dam olasizlar. Biz dachaning qorovuli boʻlamiz.

– Yoʻq, ena! Men bunga hech qachon rozi boʻla olmayman. Mayli, uylan, desangiz, uylanaman. Koʻchaylik, desangiz, boshqa biron joydan uy topaman, lekin sizni kimsasiz adirning ustiga olib borib qoʻya olmayman.

– Nega kimsasiz boʻlar ekan? Koʻchkin bobong-chi?

– Koʻchkin bobo qayerda, orada bir chaqirim joy bor.

– Qoʻysang-chi? Oʻzlaring Koʻchkinboyning uyidan chiqmas edilaring. Qorongʻi tushgandan soʻng zoʻrgʻa chaqirib kelar edik.

– Baribir, yoʻq! Yoʻq!

Robiya kampir chuqur xoʻrsindi:

– Oʻgʻlim, yana bir andisha bor. Ertaga bu uyga kelin kelsa, u bolalaringga oʻgay ona boʻladi. Toʻgʻri tanbeh bersa ham oʻgaylik qilayapti, deb bizga yoqmasligi aniq.

– Bolalarimga qaramasa, menga unday xotinning nima keragi bor.

– Ana! Shunday gapdan dilxiraliklar chiqadi-da. Qoʻy, bolam, bularning koʻngli yarim, bir umr onasidan tayoq yeb oʻsdi, yana bunday savdolar boshlariga tushdi. Endi bular gap koʻtara olmaydi. Bularga birov qovogʻini uysa, men ham chiday olmayman. Bolajonim, shuginalarni birovning qovogʻiga qaratib, mungʻaytirguncha, yoki seni “Nega bolalarimni oʻgaylayapsan?” deb, xotining bilan yaxshi-yomon boʻlib, ikkinchi roʻzgʻoringga ham dilxiralik aralashganini koʻrgunimcha, oʻsha adirning ustida roʻzgʻor qilib oʻtirganim yaxshi. Mana, otang bor. Bolalaring dastyor boʻlib qoldi. Bizni qiynalmasin, desang, biz aytgan sharoitlarni qil. Boshqa gapni qoʻy.

Olloqul bobo yonboshlagancha ona-bolaning munozarasini jimgina tinglab yotardi. Nima ham desin? Oʻgʻliga bir narsa deyin desa, kampirining rejasidan butkul bexabar. Kampiriga qarshi bir narsa deyin desa, bu momo aytganini qilmay qoʻymaydi.

– Biz otang bilan erta sahardan yarim kechagacha dalada yurardik, momong shoʻrlik, goʻrlari toʻla nur boʻlsin, bir koʻr kampir olti bolani qogʻozga oʻrogʻlik qandday qilib, saqlab oʻtirardi. Onam bilan yigirma yil yashagan boʻlsam, qaynonam bilan ellik yil yashadim. Onam maktab boʻlsa, qaynonam dorilfunun boʻldi men uchun. Nima dedingiz, bobosi? – erining indamay yotishi unga erish tuyuldi.

– Maʼqul.

– Nima maʼqul? Siz ham munday mening yonimda turib, oʻgʻlingizga gapirsangiz-chi?

– Uylangani maʼqul-da. Toʻrt yilda yana ikki bolali boʻladi. Asta-sekin yaralari ham bitadi. Dasht deganing ham maʼqul. Xalaqit beradigan hech kim boʻlmaydi, qariganda qoʻl ushlashib yuraveramiz. Narigi dunyoda ham qoʻl ushlashish-ib birga-birga ketamiz.

– Yoʻ, yoʻ, yoʻq! – darrov cholining ogʻziga urdi. – Hali u yoqqa borish niyatim yoʻq. Oldin Sanjar bilan Noilani maktabda oʻqitamiz, keyin institutda oʻqitamiz. Ularning ikkalasi ham doʻxtir boʻladi, toʻqqiz yil oʻqiydi. Keyin birini uylantiramiz, birini uzatamiz. Bu ishlarni bajarish uchun yigirma yildan oshiqroq vaqt kerak. Keyin desangiz, mayli, qoʻl ushlashib birga-birga ketishim mumkin. Ungacha ketolmayman, ketolmaymiz, chol! Men bolalarga qarayman, siz menga qaraysiz. Maʼqulmi?

– Maʼqul, maʼqul, – soqollarini tutamlab, miyigʻida kuldi chol. – Lekin yigirma yil koʻp vaqt-da, kampir.

– Hechqisi yoʻq. Saksonning nari-berisida boʻlamiz. U kuni toʻqson yashar kampirni koʻrdim, avtobusdan tushayotgan ekan, “keling”, deb birov qoʻl uzatgan edi, “yoʻq” dedi, qoʻlini ushlatmadi, oʻzi tushdi. Men ham hali manavi qoʻltiqtayoqlarni tashlayman, keyin Noilani uzatguncha qoʻl ushlatish yoʻq.

– Boʻldimi, ona? Ishlarim koʻp edi, – cholu kampirning begʻubor hazillari ham Sardorga yoqmadi.

– Sen boʻldi, desang, boʻldi. Tezda tomorqaga xaridor top-da, qirdagi uyga usta tashla. Bir gazoʻchoq bilan qozon-tovoq olib borib bersang, ovqatlarini oʻzlari qilib, yeb, ishlashaveradi. Birinchi, suv bilan suvdonning taraddudini koʻr, har ishga suv kerak. Keyin, u yoq-bu yogʻingga qara, turmushning past-balandini koʻrgan, bosiqqina, insofli-diyonatli poshikasta boʻlsa, darrov bu ishni ham bitirib qoʻyamiz.

Sardor indamay turib ketdi.

– Gaplaring menga-ku maʼqul, lekin oʻgʻlingga maʼqul tushmadi, – dedi uning orqasidan qarab qolgan ota.

– Oʻzini bilsa, uning foydasini koʻzlab shu ogʻirlikni oʻzimga olayapman, chol. “Oʻgay” degan soʻzning oʻzi odamning koʻkragidan itaradi. Ertaga bir koʻngilsizlik boʻlsa, Xudo koʻrsatmasin-u, yana bolamning roʻzgʻori buzilmasin, nevaralarim oʻksimasin, deyapman. Boʻlmasa, qoʻltiqtayoq bilan adirning ustida menga nima bor?

– Qoʻyaver, kampir, hali biz u yerni jannatga aylantiramiz. Oʻzim bor, xavotirlanma. Rejalaring menga yoqdi.

Sardor ham nimani oʻylagan, nimani qoʻygan, bir kun eshitishdi-ki, togʻasining oldiga borib, quduq qazgan ustalarning manzilini surishtiribdi, kimdandir ikki tonnalik suvdon olibdi. Xullas, onasiga hech narsa demasa ham, uning aytganlarini bajarayotgan edi. Aftidan, unga hali kelmagan oʻgay ona zugʻumidan koʻra koʻchadagi bolalarning taʼnalari koʻproq taʼsir qilgan edi. Har kechqurun ishdan kelib, bolalari bilan gaplashib, ular bilan har xil oʻyinlar oʻynaydigan odat chiqardi.

Robiya kampir tomorqalarining bir qassobga sotilganini ham orqavarotdan eshitdi. Oʻgʻli bu ishlar haqida nega onasi bilan gaplashgisi kelmayotganini tushunmadi, surishtirib ham oʻtirmadi: “Oʻzi biladi. Mening aytgan ishim bajarilsa, boʻldi”, dedi. Kampirning azaldan odati shunday, bolalarini hadeb tergayvermaydi, bir gap aytadi-yu, arqonni boʻsh qoʻyib qoʻyadi. Bir kun arqon tortilganda, aytgan ishi bajarilmagan boʻlsa, jazo qattiq boʻladi.

Lekin kelin topish haqidagi topshirigʻi bajarilmasligini yaxshi bilar edi. Sardor yigit boʻlib, “Ona, falonchi qizning qoshi qora” degan odam emas. Endi, shuncha gap-soʻzlardan keyin “Bir qiz bor edi…” deb kelarmidi? Kampir shularni oʻylab, bu ishni qizlar bilan kelinlarga topshirdi: “Birovning yesiri boʻlmasin, bosar-tusarini bilmagan yosh qiz boʻlmasin. Oʻzi maʼqul boʻlsa ham, tortinchoqligidanmi, baxti chopmaganidanmi, tengi chiqmay, yanga-yu kelinlarning eshigida siqilib yurgan, yoshi oʻtinqiragan qizlar boʻladi. Bunday qizlar oʻzining ham, birovning ham qadriga yetadi. Shunday qizlar boʻlsa, aytinglar”, dedi.

Koʻp qizlar aytildi. Dunyoda oʻtirib qolgan qizlar ham koʻp ekan. Koʻpi kampirning didiga toʻgʻri kelmagani uchun Sardorga borib ham yetmadi. “Namuncha, unga siz emas, Sardor uylanadi-ku, Sardor ham bir koʻrsin”, deyishsa ham, oʻziga yoqmagan nomzodlarning otini ham aytmasdi.

Nihoyat “nomzod”larning biriga toʻxtalishdi. “Obkom” tarqatilguncha koʻp yillar obkomda ishlagan Kenja Hamidovich degan kishining katta xotinidagi qizi ekan.

– Oldin borib, oʻzim onasi bilan gaplashib kelay.

Qizning yoshi yigirma yettida ekan, institutni bitirganiga ham toʻrt yil boʻlibdi. Onasi odamning koʻzlariga jovdirabgina qarab turadigan, muloyimgina ayol ekan. Kelganlarni koʻrib, anchadan beri kutgan odamlari kelganday tavoze bilan ichkariga taklif qildi, qalin patgilamlar toʻshalib, qimmatbaho mebellar yaltirab turgan billur qandilli mehmonxonaga olib kirdi. Ayolning ustidagi yenglari uzun odmigina koʻkish koʻylak va boshidagi oqish chit roʻmol bilan mehmonxonadagi hashamat oʻrtasidagi nomutanosiblik kampirni hayron qoldirdi: “Biron yaqini vafot etgan boʻlsa kerak”. Uyda hech kim yoʻq shekilli, choyni ham oʻzi olib kirdi.

Bir-ikki hoʻplam choydan soʻng, kampir maqsadga koʻchdi:

– Egachim, biz qulchilikka kelganmiz. Bizning bir oʻgʻlimiz bor, sizda qiz bor ekan.

Ayol qoʻlini koʻksiga qoʻydi:

– Bosh ustiga, opa.

– Lekin, bizning bir aybimiz bor, koʻnglingizga kelmasin, oʻgʻlimiz uylangan, ikki bolasiyam bor, turmushi boʻlmay, ajraldi.

Ayol bir nafas jim qoldi:

– Endi-i, bilmasam, opa, – dedi anchadan soʻng. – Yoshlar bir-birini koʻrishsin, gaplashishsin, bir-birlariga mehri tushsa, biz rozi.

– Ha, rahmat. Bir narsani soʻrasam, aybsitmang, nega qizingizni shu yoshgacha uzatmadingiz?

Ayol labining bir cheti bilan iymanibgina kuldi:

– Ogʻzimning soligʻi yoʻq, qizimning qiligʻi yoʻq, deyishadi. Mening qizim ham oʻqishga yuborsam, faqat oʻqish bilan, ishga yuborsam, faqat ish bilan boʻladigan qizlardan. Institutga kirgan yillari bir-ikki sovchilar ham keldi, oʻqishni bitirib olsin, dedim. Keyin-keyin hech kim kelmay qoʻydi. Bu qizning esa parvosiga kelmaydi. Ishiga boradi, keladi, yuraveradi. Endi bu tengi uylanmagan yigitlar qolmadi, hisob. Xotin qoʻygan, xotini oʻlgan birov yarimdan ora-sira odam kelib turibdi. Shular bilan uchrashay, koʻray ham demaydi, tortinadimi, oʻzingiz yaxshilab surishtiring, deydi.

– Otasi… ham kelib turadimi?

Ayol yana kulimsirab, yerga qaradi:

– Avval obdon surishtirgan koʻrinasizlar. Men u kishiga oʻgʻil tugʻib bera olmadim. Bir oʻrisga uylangan edilar. Oʻris bir oʻgʻil tugʻdi. Ikki uyning oʻrtasida yurardilar, bizni, qizlarini hech tashlab qoʻyganlari yoʻq. Men ham “obbo, shunday qildingiz” deb bir ogʻiz gapirgan odam emasman. Yaqinda oʻsha oʻgʻillari oʻn besh yoshga kirib, oʻlib qoldi. Oʻris kundoshimiz gʻam bilan butunlay yolgʻiz qoldi, shundan keyin otasi umuman kelmay qoʻydi. Buyogʻi ishsiz qolgan. Bir umr oyogʻi uzangida yurgan odam oʻzini har joyga uradi, qani, durustroq bir ish topilsa. Odamlar puxtalik qilib, qoʻsh-qoʻsh uchastka, doʻkonlar qilib tashlagan. Ishdan ketsa ham ular sarmoyasiz qolmaydi. Bu kishim boʻlsa, kommunist proletar boʻlishi kerak, deb faqat ishni oʻylaganlar. Yaqinda qizim otasini koʻrgani boribdi, u kishining picha kayfi bor ekan, qizini koʻrib, rosa yigʻlabdi. Bechora erim, qoʻshxotinlikda ayblab, partiyadan oʻchirib yubormasin, deb, oʻgʻliga na ismini, na familiyasini bermagan ekan. Oʻgʻli Sergey Ivanovich Baturin boʻlib yashab, shunday oʻtib ketibdi. Bolaning sinfdoshlari “sening otang oʻzbek-ku, nega Ivanovich Baturinsan” deb masxara qilishar ekan. Ivan Baturin onasining otasi ekan. Bola bechora koʻchadan ezilib kelib, uyda janjal qilar ekan: “Dada, siz meni yomon koʻrasiz. Boʻlmasa, menga familiyangizni bergan boʻlar edingiz”, deb. Mana endi partiya ham yoʻq, oʻgʻil ham yoʻq. Faqat armonlar bor. Oʻris xotinni yolgʻiz tashlab kelishga bechora erimning vijdoni yoʻl qoʻymaydi, shekilli. Mayli, qayerda boʻlsa, omon boʻlsin.

– Nega bunday… koʻk kiyib yuribsiz? Biron yaqiningiz?..

– Endi… otasi kelib qolsa, koʻngliga kelmasin, deb odmiroq kiyinib yuribman-da. Nima boʻlganda ham qizlarimning ukasi…

– Ha-a, maʼqul, maʼqul… – momoning koʻngli toʻldi. – Boʻlmasa, bolalar bir koʻrishishsin. Ular bir-birining koʻnglini topsa, boshlarini qovushtirib qoʻyamiz. Ungacha bir-ikki oy oʻtadi, xoʻjayiningizning yaralari ham picha eskiradi. Ha, egachim, yana bir gap, biz katta toʻy qila olmaymiz. Oʻgʻlim yoshi oʻttizdan oshganda kostyumining choʻntagiga oq gul taqib, bazmning toʻrida oʻtira olmaydi. Sizlar ham azador ekansizlar. Oddiygina qilib, nikohdan oʻtib, besh-olti qarindosh-urugʻni chaqirib…

– Qizim dabdabalarga qiziqmaydi, toʻrt yuz-besh yuz kishini yedirib-ichirib, keyin qarzga boti-ib yurishning nima keragi bor ekan-a, deydi doim. Bu endi ikkinchi darajali masala, oldin bir koʻrishishsin… Biz ham qarindoshlar bilan maslahatlashib olaylik.

Kampir uyga gʻazna topganday boʻlib qaytdi.

– Agar maymunga oʻxshagan boʻlsa ham, shu xotinning qizini olganim boʻlsin.

Chol kuldi:

– Esli-hushli qiz boʻlsa, adirga koʻchib nima qilasan?

– Yoʻ-oʻq, yaqindagi tishlashar, olisdagi kishnashar, chol. Tishlashguncha kishnashib yurgan maʼqul. U oʻgʻlimga zoʻr xotin boʻla olishiga imonim komil, lekin nevaralarimga qanday ona boʻlishini bilmayman. Bilasiz, koʻzim yetmagan narsaga tavakkal qilmayman. Insof qilib, ona boʻlaman, desa, shu yerda turib ham, onalik qilaveradi. Haftada bir tandir non qilib yuborsin, borib kirlarimni yuvib bersin. Tansiqroq ovqat qilganda, bir tovoq koʻtarib borsin. Mehr beraman, desa, kim uning yoʻlini qaytarardi?

– Yaxshi, lekin qiyin ishni zimmangga olayapsan, kampir. Oʻylab-oʻylab, baʼzan oʻyimning oxiriga yetolmayman. Bu bolalar maktabga qanday qatnaydi. Yoʻl olis boʻlsa…

– Siz-chi, bobosi. Bir eshak olamiz, eshakka mingashtirib, olib borasiz, olib qaytasiz. Hali shoshmay turing, chol! Hali toʻgʻri qilgan ekansan, senga rahmat, kampir, deysiz.

– Hey, bilmadim-da.

Qiz Sardorga ham maʼqul tushdi:

– Oʻzlaringiz bilasizlar, sizlarga maʼqul kelgan boʻlsa, menga baribir. Lekin ular azador ekan-ku.

– E-e, bolam, el yigʻib, “dangur-dungur” qilib yotish niyatim yoʻq. Borib zagsdan oʻtib kelasizlar, toʻrt qarindoshni chaqirib, nikoh oʻqitamiz, boʻldi. Onam nikoh toʻyini hech qanday sabab bilan ham kechiktirmaslik kerak, nikohga shayton aralashib, buzaman, deb turar ekan, shuning uchun toʻy boshlanayotganda qari-quri birov-yarim omonatini topshirib qolsa ham, mayyitning yuzini yopib qoʻyib, nikoh toʻyini oʻtkazaverish kerak, der edi.

– Unda oʻzingiz bilasiz.

– Sen adirdagi uyni tezroq sozla. Xonangdagi yotoq mebelini bir xonaga, mening xonamdagini bir xonaga joylashtir. Otang bilan Sanjarga bir yotoqxona, Noila bilan menga bir yotoqxona boʻladi. Mehmonxonaga yangi jihozlar ol. Barnoga aytsang, parda tikuvchi qizlaridan ikkitasini beradi, oʻlchab ketib, parda tikib beradi. Hammasi tayyor boʻlgandan keyin bir osh qilib, opa-akalaringni oʻsha yoqqa chaqiramiz-da, bizning koʻchganimizni maʼlum qilamiz.

– Enajon, – Sardor onasining yelkasidan quchdi. – Oʻzingizga jabr qilayapsiz-da. Meniyam noqulay ahvolga solib qoʻyayapsiz. Bir umr “tiq-tiq” tinmadingiz. Qarigan chogʻingizda sizga nima jabr shu ishni boʻyningizga olib? Kenja Hamidovichning qizi yomon qizga oʻxshamaydi. Yana shu yerda men turib, siz turib, shu bolalarni turtkilashga tashqaridan kelgan birovning haddi sigʻarmidi?

– Mayli, bolam. Odamning boshi tegirmonning toshi. Bu bosh sening boshingdan koʻra koʻproq savdolarni koʻrdi, kechirdi. Borib xabar olib turasan. Bir qoʻl telefon olib berasan, kerak boʻlsang, zingʻillatib chaqirib olaveraman. Rossiyada butun-butun qishloqlarda faqat qariyalar yashar ekan. Ularning-ku, holidan xabar oladigan odami yoʻq, bolalari nonini topib yeydigan boʻlgach, shaharlarga ketib qolishadi. Qaytib kelishmaydi. Xudoga shukr, mening yonimda otang bor, “huv” desam, chopib keladigan olti bolam bor. Adir qochib ketibdimi, telefon bilan taksi chaqirib, oʻzimiz ham kelib ketaveramiz. Sen boʻshashib oʻtirguncha, ishni tezlashtir. Hammasi tayyor boʻlgach, avval meni olib borasan. Oʻzim bir koʻrayin.

– Goskomissiya!.. – kuldi Sardor.

Ammo haqiqiy “goskomissiya” kimligi adirda osh tashkil qilingan kuni maʼlum boʻldi. Nikohdan ikki hafta oʻtgan edi. Uy, jihozlar, sharoit, hammaga juda maʼqul boʻldi.

– Oʻh-hu, Sardor, senga gap yoʻq! Buncha pulni qayerdan topding?

– Ajoyib fazenda boʻpti. Bogʻni kengaytirib, bir odam qoʻysang, bir umrlik daromad manbai boʻladi. Sarflagan pulingni yuz hissa qilib chiqarib olasan.

– Uka, ota moli sherik, deganlar. Shu joyni menga ber. Qilgan xarajatlaringni oʻzim toʻlayman.

Robiya kampirning qarorini eshitishgach, hamma bir boʻlib Sardorni talay ketdi:

– Uka, erkakmisan oʻzi? Yarimjon kampirga ikki bolangni berib, shu adirga haydadingmi?

– Enam oʻz uyiga sigʻmay qolgan boʻlsa, oʻzim obketaman, sen bolalaringni olib qol.

– Uka, xotin topiladi, ona topilmaydi.

Taʼna-dashnomlar kishi bilmas tobora chuqurlashib borar, aybsiz aybdorlar – yangi kelin bilan ikki bola asosiy nishonga aylanib borardi.

Kampir oʻrtaga chiqmasa boʻlmaydigan boʻldi:

– Huv, bolalarim, bu uyni sozlatish kelin kelishidan ikki-uch oy oldin boshlangan edi. Bu yerga kelish mening irodam, mening xohishim. Qariganimda boy boʻlishni xohlab qoldim. Qancha yer boʻsh yotibdi. Bir yordamchi olib, mol qilamiz, asalari qoʻyamiz, bogʻni yana toʻrt baravar kengaytirsa boʻladi. Qishloq toʻla bekorchi, chaqirib, ish bersang, ular xursand. Ishim bitganidan men xursand. Yer deganlari xazina-ku, ota-bobolaringdan qolgan xazinani tashlab qoʻyib, yuribsanlar, arzimas maoshning izidan quvib. Sizlar Sardorni urishguncha, Sardorga rahmat aytinglar, – keyin kulib-kulib qoʻshimcha qildi. – Yaxshisi, Sardorga havas qilinglar. Sardor kenja boʻlgani uchun bu yerdan olinadigan daromadning ellik foizi Sardor bidan kelinniki boʻladi.

“Goskomissiya”ning nafasi ichiga tushib ketdi. Yangi kelin bilan Gulzor oshdan boʻshagan idishlarni yigʻishtira boshladi.

– Baribir, men noroziman, – kimgadir nimadir alam qildi. – Katta boʻldik, gunohkor boʻldikmi? Sardoringizga shaharda bir uy, adirda bir uy, shuncha bogʻ-rogʻi bilan. Uning bor-yoʻgʻi ikkita bolasi bor. Kelin ham oylikchi. Biz joʻjabirday jon boʻlsak, bir oʻqimagan qizni olib bergansiz, shuning kamini toʻldiraman, deb…

– Haliyam oling, bir oʻqiganini! Boshingizda yongʻoq chaqsin.

– Ena, oʻzingiz bizni hamma masalada arrani toʻgʻri tortishga oʻrgatgansiz. Nega endi oʻzingiz arrani qiyshiq tortayapsiz? Ota, sizam bir narsa desangiz-chi?

Ota esa odatdagiday yonbosh tashlagancha, kulib yotardi.

– Biz hazrati oliyalarining soʻzini ikki qila olmaymiz.

– E-e, ota!..

Ular “vagʻ-vugʻ” toʻpolon bilan tarqalishganda, kun kech boʻlib, quyosh bepoyon adirliklar uzra oʻzining mayingina nurlarini sochar, gʻir-gʻir esib turgan shabada allaqanday adir gullarining xushboʻy hidlarini keltirib dimoqqa urar, olis-olislardan yovvoyi qushlarning yoqimsiz qagʻillagan ovozlari eshitilib turardi. Sardor bilan yangi kelinni zoʻrgʻa joʻnatishdi. Ular “Shu yerda qolaylik, ertalab nonushtalaringni qilib berib, keyin qaytamiz”, deb turib olishdi. Kampir “Mol-hol bor, boringlar, oʻz uylaringga mehr qoʻyinglar”, deb qoʻymadi. Oxiri kelin “Xoʻp, onajon, yaxshi dam olinglar”, deb, Sardor bilan yoʻlga tushdi. Kelinning muomiaasida, qarashlarida eriga nisbatan bir intiqlikni koʻrib, kampirning koʻngli oʻsdi. Oʻzining kelinlik davridan qolgan, keksa tutning soyasiga qoʻyilgan supada qoʻltiqtayoqlariga suyangan koʻyi uzoq oʻtirdi. Oʻtirgan joyida yonboshidan joynamozini olib, shomni ham oʻqib oldi. Bolalar bobolari bilan ichkarida qandaydir yangi filmni koʻrib yotishar edi. “Allohga shukr”, kampirning koʻngliga xotirjamlik inganday boʻldi, oʻzicha hayotidagi hamma tashvishlarni yengib, tokchama-tokcha taxlab chiqqandek edi.

Kino tugagach, joy talashish boshlandi:

– M-momom bilan men yotaman.

– Men yotaman, momom bilan! Sen oʻgʻil bolasan, sen bobom bilan yotishing kerak. Toʻgʻrimi, momojon!

– Y-yoʻq, momom bilan men yotishim k-kerak, men har doim momom bilan yotaman, ana, momomning oʻzi aytsin. S-sen Gulzor opam bilan yot!

– Momo, ayting, kim bilan yotasiz?

Momo ularga qarab, kuldi:

– Ikkovlaring ham men bilan yotasizlar.

– Ur-re!

– Ur-re!

– Yoʻq, momo, Sanjar bobom bilan yotsin. Ikki bola sizni bosqilab tashlaydi. Erkalatavermang shularingizni.

– Indama, karavotimiz katta, bular menga qarab yotadi.

Momo oʻrtada, ikki bola ikki yonga joylashdi:

– Momo, endi ertak!..

– Hozir kino koʻrib chiqdilaring, kino ham ertak-ku, yana ertak kerakmi?

– Kerak, kerak! Sizning ertaklaringiz kinolardan ham zoʻr.

– Mayli, mayli, qaysi ertakni aytay?

– T-toshboʻl bilan Erkenjani!

– Yoʻq, Zumrad bilan Qimmatni!

– Xoʻp, ikkalasini ham aytamiz. Avval “Zumrad bilan Qimmat”ni aytamiz. Chunki biz singillarni hurmat qilamiz, yaxshi koʻramiz. Hali katta boʻlib oylik olgan vaqtlaringda ham xotiningga bir narsa olsang, singlimga ham olay shu narsadan, deb turishing kerak. Tushundingmi? Qadim oʻtgan zamonda…

Noila tez uxlab qoladi. Sanjar ikkinchi ertak tugaganda ham uxlamaydi, uxlayolmaydi.

– M-momo, ch-charchamadingizmi?

– Yoʻq, nimaydi, bolam.

– Ya-yana bitta ertak aytib bering. Faqat uzunidan, hech tugamaydiganidan. Sh-shoshmang, avval orqamni bir qashlab qoʻying.

Momo uning yumshoqqina tungi koʻylagini koʻtarib, orqasini qashladi, suyib-suyib yelkalarini, nozik bilaklarini, oyoqlarini uqalab qoʻydi. Bola momoning pinjiga kirib, uzoq jim qoldi.

– M-momo, – anchadan soʻng yana kampirga soʻz qotdi.

– Ha, oʻgʻlim?

– M-momolar onaga oʻxshaydi-ya?

– Ha, bolajon, momolar ham aslida ona-da. Ular ham bola tuqqan, bola oʻstirgan.

Bolaning savoli kampirni oʻylantirib qoʻydi: “Onasini sogʻinibdi, shekilli. Ona, baribir ona-da. Momomning qatlamasidan onamning shapatisi shirin, deb bejiz aytishmagan-da. Sen onasiga oʻxshashing mumkin, lekin hech qachon onasining oʻrnini bosa olmaysan”. Kampirning koʻngli gʻalati boʻlib ketdi: “Mayli, oʻlmasin”.

– Ha, bolam, onangni sogʻindingmi?

Bola yana ancha payt jim qoldi, u chamasi momosidan tortinayotgan edi:

– U-urishmaysizmi, – dedi anchadan keyin sekingina.

– Nega urishaman, bolam? Odamning oʻz onasini sogʻinishi sira gunoh emas.

– M-men onamni juda sogʻindim. N-noila ham sogʻingan. M-momo?

– Ha, bolam?

– Sh-shu onamni chet eldan chaqirib olsak, shu yerda biz bilan yashasa boʻlmaydimi?

– Bolam, onang bunday qishloq joylarni yomon koʻradi. U hozir juda chiroyli katta shaharda yashayapti. Unday chiroyli joylarni tashlab, bizning choʻldagi uyimizga kelmaydi-da. Kelsa, qaniydi…

– M-momo?

– Ha, bolam?

– M-men katta boʻlsam, kim boʻlaman, deyinmi?

– Kim boʻlasan?

– Sh-shaharlar quradigan arxitektor.

– Voy, bolaginam-ey, arxitektor shahar qurishini qayerdan bilib ola qolding.

– M-multfilmimdan. K-katta boʻlsam, shu adirning ustidan katta shahar quraman.

– Yoʻq, bolam, sen doʻxtir boʻl. Qara, hammamiz kasalmiz. Men kasal, bobong kasal, singling kasal. Bizga oʻzimizning doʻxtir kerak. Shahar quraman, deb, kunning issigʻida quruvchilar bilan kuyib-yonib yurasanmi? Doʻxtir boʻlsang, salqingina xonalarda oppoq xalatlar kiyib, odamlarni davolab yurasan, keyin sen davolagan odamlar mening oldimga kelib, “Robiya momo, bir ajoyib nevarangiz bor-da, shunday bolani tarbiyalaganingiz uchun rahmat”, deyishadi.

– M-mayli, unday boʻlsa, doʻxtir boʻlaman.

– Yasha.

– M-momo, aslida men ham kasalman-a? H-hali maktabga borsam, bolalar ustimdan kulishsa kerak. Oʻ-oʻzimni davolash uchun ham doʻxtir boʻlishim kerak.

Kampir nevarasining yelkasiga qoqdi:

– Sening kasaling sal narsa. Yozda dadang Toshkentga obborib, katta doʻxtirlarga koʻrsatib keladi. Maktabga borguningcha yaxshi boʻlib ketasan, Xudo xohlasa.

– R-rostdanmi?

– Albatta. Endi uxla. Sen bolaning uyqung uchib ketdi, shekilli, savoling koʻpaydi.

– X-xoʻp, m-momo.

Aslida qadrdon uyga kelib, oʻzining ham uyqusi uchib ketgan edi. Bu uyning har burchagi bir hikoya aytadi, umrining yosh, goʻzal, sogʻlom damlarini yodga soladi. Sardor bu yerda katta ish qilgan, hamma narsani yangilagan, lekin aslida hammasi oʻsha-oʻsha edi. Adirlar oʻsha, adirlarga soya tashlab turuvchi togʻlar oʻsha, bir issiq mehr bilan dunyoga qarab turgan hovli-joy oʻsha. Faqat Robiya boshqa edi! Ikki kunlab etik yechmay dalada yurib ham charchamaydigan Robiya oʻsha dalalarda bir umrga qolib ketdi.

Qaynonasi dongdor sut sogʻuvchi edi. Bir kuni rais kelib, “Opa, keliningiz bir birgadni olsin. Raykom xotin-qizlardan birgad qoʻy, deb yotibdi. Ularning aytganini qilmasam, qoʻymaydi. Lekin har kimni ham sostavga kirgizib boʻlmaydi. Oʻylab-oʻylab, shu kelinga kelib toʻxtaldim, siz bir sinashta odamsiz. Onasiyam insof-diyonatli ayol edi. Oʻgʻlingizni tabelchi qilib qoʻyaman. Qayerga borsa, birga borishadi, birga yurishadi. Uvol-savobi oʻzimning boʻynimda”, dedi.

Qaynonasi rahmatlik ham “Buning olti bolali roʻzgʻorini qanday eplayman”, demadi. “Xoʻp, rais bobo, siz nima desangiz shu. Lekin bilib qoʻying, biz mol talashmaymiz, or talashamiz”, dedi. Rais ham “xoʻp” dedi. Shu-shu eri bilan dalaga chiqib ketdi. Koʻp oʻtmay kampirning koʻzlari ojiz boʻlib qoldi. Shunda ham olti bolani bogʻchasiz, enagasiz oʻzi katta qildi. “Men ularga, ular menga qaraydi”, der edi shoʻrlik doim. Endi oʻsha qismat Robiya kampirning hayotida takrorlanayapti. Oʻsha uy, oʻshanday yarimjon kampir, bolalar… Kampir bolalarga qaraydi, bolalar kampirga qaraydi. Oʻylab qarasa, bolalari bilan nevaralarining taqdirida qandaydir oʻxshash jihatlar bor ekan. U birgad boʻldi, kunduzlari dalada, kechalari goh xirmonda, goh suvning boshida oʻtdi, u uydan chiqib ketayotganda ham, uyga qaytib kelganda ham bolalari uxlab yotishgan boʻlar edi. Uning oʻrniga qaynonasi bolalariga mehr berdi, ulgʻaytirdi. Ehtimol, uning bolalari ham oʻsha koʻzi ojiz kampirning qoʻynida yotib, “Momo, momolar ham onaga oʻxshaydi-ya”, deb uni sogʻinishgandir.

Uning bolalariga atalgan mehrini paxta dalalari yeb qoʻydi. Nevaralariga atalgan mehrni nima yedi? Nozima nega adashdi? Nega u hamisha hamma narsadan norozi boʻlib yurardi? Atrofidagilarga yovga qaragandek qarardi, bir ogʻiz gapdan toʻmtayib olardi. Hatto oʻz bolasidan araz urib, dasturxonni silkib, turib ketgan paytlari koʻp boʻlgan. Nega shunday edi u? Robiya kampir gazetalarda “Qilmish-qidirmish” deb qoʻyiladigan sarlavhalarni koʻp koʻrgan. Mana, yana bitta “Qilmish-qidirmish”. Qildi-qildi, oʻziga qildi. Yoʻq, begunoh bolalariga ham qildi.

Ertalabki nonushtadan keyin tutning tagida yonboshlab yotgan cholining oldiga bir tuguncha olib keldi. Chol savol nazari bilan bir tugunchaga, bir kampirga qaradi. Kampir joylashib oʻtirib olgach, tugunchani yechib, undan yaltillab turgan qalin, qadimiy bilaguzuk chiqardi-da, cholining oldiga qoʻydi:

– Taniyapsizmi? – kampirning ovozi titrab ketdi.

Chol bilaguzukni avaylabgina qoʻliga oldi-da, xuddi birinchi marta koʻrayotganday sinchiklab qaradi. Koʻzlarini yumib, bosh irgʻadi: “Ha”.

– Onangizga sovgʻa qilgan edim. Umrining soʻnggi kunlarigacha taqib yurdilar. Jon berayotganlarida koʻzlari koʻrmasa ham “Robiya” dedilar-da, qoʻllaridan yechib, qoʻlimga taqib qoʻydilar. Men buni hech kimga berolmay, oʻzim ham taqolmay yurgan edim. Bir kun Noilam katta boʻlsa, shunga beraman, dedim oxiri. Bugun uning joyi chiqdi. Buni olib, Uldon tillochiga borasiz, vaqtida oʻzidan olgan edim, bu molning qimmatini u yaxshi biladi. Asl, toza, qadimiy mol. Puliga yigirma quti asalari olasiz, asbob-uskunalarini ham birdan oling. Qolganini Sardorga bering, Sanjarni Toshkentning doʻxtirlariga olib borib kelsin.

– E-e, kampir, Sanjarga nima qilibdi? Yaxshi-ku, kayfiyati yaxshi boʻlsa, tili ham asta-sekin toʻgʻrilanib ketadi.

– Yoʻq, bobosi, bola erta-indin maktabga chiqadi. Oshnalarining oldida duduqlanishidan qisinib yurmasin. Bering, borib kelishsin. Bahona-da shahar aylanib keladi.

Olloqulboy bilaguzukni kaftiga qoʻyib, uzoq tomosha qildi.

– U enamning qoʻllarida juda chiroyli turar edi, – dedi keyin sekingina.

– Boshqa ilojimiz yoʻq, bobosi. Xudo xohlasa, ertaga asalning pulidan oʻnta bilaguzuk olasiz.

– E-e, senam gapirasan-da.

– Gapirsam-gapirmasam, sizni bilmadim-u, mening qaynotam asalarichi oʻtgan. Bu ishning hadisini olganman, hisobini ham bilaman.

– Ha, boʻpti, gapirmadik.

– Asalarini har kimdan olmang, Jaloliddinboydan soʻrang, ularda boʻlmasa, Qambarxon eshonning ham asalarilari yaxshi boʻladi.

– Brigadir momo, buyurishni yaxshi koʻrasiz-a, – masxara qildi bobo.

Kampir ham kuldi:

– Buyursam, begonaga buyurayapmanmi? Oʻzimning tabelchimga buyurayapman. Birovlarga nega malol keladi?

– Ha, tabelchi boʻlmay, biz oʻlaylik. Tabel qilmay qoʻyganimizga ming yil boʻldi, niqtovingizdan qutulmaymiz.

– Shukr qiling, chol. Shu kampir yoningizda bor ekan, javrab, zeriktirmay oʻtiradi. Yoʻq boʻlsam, nima qilar edingiz, quloq-burningiz kesilganday boʻlib oʻtirarmidingiz?

– Shukr, shukr, kampir.

Sardor ham koʻngliga tugib yurgan ekanmi, qoʻliga pul tegishi bilan, Sanjarni olib, Toshkentga joʻnab ketdi.

Ular ketishi bilan Noilaning tobi qochib qoldi. Oʻzi parhezdagi nimjongina bola edi, butunlay hech narsa yemay qoʻydi. “Ichim, ichim”lab, bosh koʻtarmay yotgani yotgan. Bobosi mashina chaqirib, doʻxtirga ham obborib keldi. Bir dunyo dori-darmon olib kelib, muolajani boshlab yuborishdi hamki, qani, bola beri qarasa, ogʻziga bir ushoq olsa…

Kampir adoyi tamom boʻldi. Kecha-kunduzi bilan boshida kiprik qoqmay oʻtirar edi.

– Momo, oʻtirganingiz bilan ahvoli yaxshilanib qolmaydi. Yoniga oʻtib yoting, qarab yotasiz, – oʻzicha unga mehribonlik qilardi Gulzor.

– E-e, yoʻq, oʻtirganim yaxshi. Yotsam, men toʻqol uxlab qolamanmi?

Oʻsha oqshom bola alahsiray boshladi. Kampirning yuragi yorildi:

– Yo, qodir egam, shu norasidaning oʻrniga mening jonimni ol. Bu goʻdak dunyoga kelib, hali nimani koʻrib ulgurdi. Hatto ona mehriga ham toʻygani yoʻq. Men oshimni oshadim, yoshimni yashadim. Men sendan roziman, Allohim, shu norasidaning oʻrniga mening jonimni ol. Oʻtinaman, Allohim. – Kampir qiblaga qarab, yigʻlab iltijo qildi, keyin xuddi jon berishga chogʻlangandek joyiga oʻtib, choʻzilib yotib oldi. Yotgan joyida ham yigʻlab-yigʻlab uxlab qoldi. Yarim tunda qornining pastki qismidagi qattiq ogʻriqning azobidan uygʻonib ketdi. Yonboshidagi tunchiroqni yoqib, qoʻltiqtayoqlarini oldi-da, bir amallab, qoʻshni xonadagi hojatxonaga kirdi. Ogʻriq kuchaygandan kuchayib borar, butun aʼzoyi badanidan muzdek ter quyilar va negadir qayt qilgisi kelar edi. U bir amallab kafti bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi. “Ha, Alloh iltijolarimni eshitibdi. Bu jonteri boʻlsa kerak. Ha, vaqti soatim yetibdi, shekilli. Nima boʻlsa ham pokiza toʻshagimda jon beray”. Sekin oʻrnidan turib, qoʻltiqtayoqlariga osilib oldi. Kalimai shahodatni qaytara-qaytara, tahoratxonaga kirdi: “Betahorat ketmayin”. Xonasiga kirayotib, qoʻltiqtayogʻi bilan cholining eshigini ikki marta urib qoʻydi: “Bexabar qolib ketmasin”. Keyin kirib ohistagina joyiga choʻzildi-da, koʻzlarini yumdi. Ogʻriq hamon butun vujudini larzaga solardi.

Bir lahzada bobo hovliqib kirib keldi.

– Ha, kampir?

Kampir boʻgʻziga tiqilgan ogʻriqni yutib yuborib, bir narsa deguncha, Noila momosini chaqirib qoldi:

– Ha, qizim? – bobo uning boshiga yugurib bordi.

– Suv…

Bobo darhol uning boshida turgan maʼdanli suvdan quyib, ogʻziga tutdi, bir qoʻli bilan boshini koʻtarib turdi:

– Mana, ich, qizim.

Qizcha suvni yaxshigina ichdi.

Bir pasdan keyin yana momosini chaqirdi:

– Momo…

– Ha, qizim?

– Qornim ochib ketdi, kasha yeyman.

Robiya kampir yotgan joyida karaxt boʻlib qoldi. Ogʻriqlar umuman sezilmay, aʼzoyi badanini qoplagan reza-reza ter muzlab qoldi. Faqat nimagadir hamon koʻngli aynir edi. U bir amallab oʻrnidan turdi:

– Sut bormidi, bobosi?

Bobo kampirining ahvoli yaxshi emasligini koʻrib, uni qaytarib joyiga yotqizdi:

– Hamma narsa bor, momosi. Besh minutda pishirib kelaman. Sen bolaning yonida yotib tur. Yolgʻiz qolmasin.

Bobo bir pasda piyola bilan qoshiqcha koʻtarib qaytib keldi:

– Qani, enajonim, boshingni sal koʻtaraylik, – qizning yostigʻini biroz koʻtarib qoʻydi. – Endi ogʻzimizni ochamiz. Qani-i, he, yasha, yana bir qoshiq, yashang, yana…

Bir pasdan keyin qoshiqning boʻsh piyolaga “taq-taq” urilgani eshitildi.

– Endi, ogʻizlarni artamiz. Suv ichmaysanmi, enajon? Ozgina… Boʻldi. Endi yotib dam olamiz. Malades.

Bobo qizni joyiga yotqizib qoʻygach, kampirining boshiga oʻtdi:

– Ha, kampir, senga nima boʻldi?

– Hech narsa. Mengayam bir piyola suv bering.

– Xoʻp boʻladi, mana, kampir.

Kampir suvni yutoqib ichdi.

– Boʻldimi?

– Ketmang, shu kecha yonimizda qoling.

Bobo divan-karavotning adogʻiga toʻshalgan koʻrpaga choʻzildi.

Kampir yana terga tusha boshladi, ammo endi uning oʻlgisi kelmay qolgan edi, garchi bu biroz kulgili boʻlsa ham, yana yigʻlab Allohga iltijo qila boshladi: “Yo, Qodir Alloh, men oʻlsam, bu goʻdaklar kimga qoladi? Iltimos, jonimni olma, shu ikki goʻdakni voyaga yetkazib, oʻz nonini oʻzi topib yeydigan kunlargacha yonlarida sogʻ-salomat yuray. Marhamatingni darigʻ tutma, Allohim!..” Va!.. qornining pastidagi ogʻriq asta-sekin tarqab, koʻngil aynishi ham toʻxtadi, oʻzi uxlab qoldi.

Kampir koʻp yillar oʻsha kecha roʻy bergan voqealarni birovga aytishdan uyalib, ammo bu voqealarning rost-yolgʻonligiga oʻzi ham ishonib-ishonmay yurdi. Oʻsha kechaning yagona haqiqati shuki, Xudo Noilasini qaytib berdi. Shu kechadan boshlab, Noila bir piyola-yarim piyoladan taom yeb, asta-sekin ovqatga kirib, oyoqqa turib ketdi.

 

* * *

Nozima qizi Gretsiyada yurgan qoʻshnisinikiga singlisini koʻp marta yubordi. Qoʻshni bir borganda u dedi, ikkinchi borganda bu dedi, xullas, qizining telefonini bermadi. Oxirida “Olti oylardan soʻng oʻzi keladi, shunda oʻziga uchrashasizlar”, dedi. Ham erdan, ham bolalardan, ham oʻynash bergan omonat boshpanadan mosuvo boʻlgan Nozimaning bor umidi shu javobdan edi, nazarida u orzu qilgan jannatning eshigi aynan Gretsiyada edi. Gretsiya ham boʻlmadi. Olti oy shu taxlit, sharpadek sudralib yurish osonmi? Shunday dunyolarga sigʻmay yurgan kunlarning birida singlisi gap topib keldi: “Sayyora degan dugonamning opasi Dubayga ishlagani ketayotgan ekan“.

Ular shu kuniyoq Sayyoralarnikiga borishdi. Sayyoraning opasi – bir bolasi bilan eridan ajrashgan doʻndiqqina juvon ularni juda shodon kutib oldi: “Oʻzi rosa siqilib yurgan edim. Raʼno opani menga Xudoning oʻzi roʻpara qildi. Na viza uchun, na yoʻlkira uchun pul yoʻq edi. Qiynalib yurgan ekansan, hozircha oʻzim toʻlab turay, borgandan keyin ishlab qutulasan, deb, hammasini oʻzi toʻlab yubordi”. Unga qarab Nozimaning ham kayfiyati koʻtarildi: “Singiljonim, shu ayol bilan meni ham uchrashtiring. Men ham sizga oʻxshab boshpanasiz qolganman, bir-ikki soʻm ishlab kelmoqchi edim”. Juvon uni darhol Raʼno opasi bilan bogʻlab berdi, shu yerning oʻzida ular uchrashadigan joylarini belgilab olishdi. Xuddi ertaklardagidek, nihoyat baxt eshiklari bir-bir ochilayotgan edi.

Raʼno opa burni bigizday, boʻylari uzun, qotma tatar ayol ekan. Nozimaga boshdan oyoq razm soldi. Soʻng:

– Qoʻlingizdan nima ishlar keladi? – deb soʻradi.

– Oʻzim oʻqituvchiman, maktabda ona tilidan dars beraman. Boylarning xonadonida enagalik qilishim mumkin. Kompyuterni yaxshi bilaman, kompyuter markazlarida ishlashim mumkin.

– Oʻh-hu, ishtahangiz yaxshi-ku, – kuldi ayol. – U yoqqa borgandan keyin ish tanlamaydilar, ish sizni tanlaydi. Qaysi ishga toʻgʻri kelsangiz, oʻsha ishni berishadi. Oʻqituvchilik, enagalikni esa orzu ham qilmang, u yoqdagilar bolalarini allaqayerlardan kelgan allakimlarga topshirib qoʻyishmaydi.

– Yoʻ-oʻq, mayli, opa! – darhol gapini toʻgʻirladi Nozima. – Men ish tanlamayman. Qanday ish boʻlsa ham qilaveraman. Menga pul kerak. Yaxshi haq berishsa, boʻldi.

– Ana, bu gaping maʼqul. – Raʼno opaning chiroyi ochilib, birdan sensirashga oʻtdi. – Ishlaganda qulday boʻl, yashaganda bekday boʻl. Xoʻsh, hozir qancha puling bor? Vizaga, biletga, ishga joylashtirishgani uchun…

– Bor ozroq, yetmasa, tilla taqinchoqlarimni sotaman…

– Mayli, viza bilan biletning pulini qilib ber. Qolganini oʻsha yoqda olgan maoshingdan uzilasan. Viza bir oylarda hal boʻladi, pasportingni menga keltirib ber. Oʻzing ishlaringdan boʻshab, tayyor boʻlib tur.

Maktabdagilar hang-mang boʻlib qolishdi: “Oʻqituvchi odamga Dubayda balo bormi?”, “Shu ayolga hayronman, binoyiday roʻzgʻorini tashlab, onasinikiga ketib qolgan edi. Endi chet elga ketarmish. Tavba. Qanoat yoʻq-da baʼzi ayollarda… Essiz”.

Mastura tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqdi: “Dugon, Raʼno tuzuk xotin emas, sen unga ishonma. Xor-zor boʻlib, oʻsha yoqlarda oʻlib ketasan”.

Nozima unga quloq tutadigan kayfiyatda emas edi: “E-e, qoʻysang-chi, bir chetga chiqib olsam, boʻldi. Ular tavsiya qilgan ish yoqmasa, oʻzim ish axtaraman. Arabiston yoqmasa, Amerikaga ketaman. Meni bilasan-ku, hech qachon oʻzimni xor qildirib qoʻymayman”.

“Dugon, bu yerdagi gaplar u yoqlarga toʻgʻri kelmaydi. Arabistondan Amerikaga borishning oʻzi boʻladimi? Hech boʻlmasa, biletga puling boʻlishi kerakmi?”

“Pulni topaman. Ishlayman. Men uchun qanday ish boʻlishining farqi yoʻq. Pol yuvishmi, yuk koʻtarishmi, qilaveraman. Onam, “Eh, yosh boʻlmadim-da, men ham borar edim, ham pul ishlaysan, ham dunyo koʻrasan”, deb havas qilib oʻtiribdi. Agar ishlarim yaxshi boʻlsa, boshqa mamlakatlarga ham borib, tomosha qilib qaytaman. Undan koʻra, bolalaringni onangga topshir-da, oʻzing ham men bilan yur!”

Ular uch qiz ekan. Dubayda qop-qora chodraga oʻrangan oʻrta yoshlardagi bir ayol kutib oldi. Chiroyli mashinada shahar koʻchalari boʻylab ketishar ekan, Nozima oʻzini osmonning yettinchi qavatida yurganday, oyoqlari ostiga oppoq parqu bulutlardan poyondozlar toʻshalgandek, quloqlari tagida yulduzlarning shivir-shiviri eshitilayotganday boʻlardi. Ular uzoq yurishdi, aylanib-aylanib, allaqanday tor koʻchaga kirib borishdi. Koʻp qavatli boʻlsa ham uylarning suvoqlari koʻchib yotganiga qaraganda, bu joylar shaharning kambagʻalroq qatlami yashaydigan bir chekkasi boʻlsa kerak. Mashina toʻxtagan uydan chiqqan badqovoq kishi arab tilida nimalardir deb gʻoʻldiragancha ularni uyning ikkinchi qavatida joylashgan bir xonaga boshlab kirdi. Xonada toʻrtta karavot va bitta shkafdan boshqa hech qanday jihoz yoʻq edi, xona juda issiq va dimligidan Nozimaning koʻngli ozib ketdi. Chodrali ayol ularning pasportlarini olib, ancha payt yoʻq boʻlib ketdi. Eskirib ketganidan asl rangi qanday boʻlganligini ham bilib boʻlmaydigan deraza pardaga qarab, negadir Nozimaning kayfiyati tushdi. Sekin borib karavotlarning biriga oʻtirdi, beixtiyor Noilasi, oxirgi marta xayrlashayotganda kichkinagina barmoqlari bilan koʻz yoshlarini artgani yodiga tushdi. Safar hayajoni bilan yurib, bolalarining oldiga bir kirishga hafsala qilmaganiga afsuslandi. Noilasi juda mehribon va muloyim edi…

Bir vaqt chodrali ayol kirib, tartib-intizomni tushuntirdi:

– Ovqatlaringni olib kelib berishadi, hojatga qoʻshni xonaga chiqasizlar. Derazalarni ochib, tashqariga qarash, ruxsatsiz tashqariga chiqish mumkin emas. Hozir yotib, dam olinglar.

– Bir yuvinib olsaydik… – xonaning dimligidan ular jiqqa terga tushib ketishgan edi. Qizlardan biri biroz erkin nafas olib, halovat topmoqchi boʻldi, shekilli.

– Oʻzimiz olib boramiz, – dedi ayol sovuqqina qilib.

– Ishimiz qachon hal boʻladi? – Nozima hammaning koʻnglidagi savolni aytdi.

Bu diqqinafas xonada hech birining ortiqcha bir daqiqa qolishga ham hushi yoʻq edi.

Chodrali ayol unga oʻqrayib qaradi:

– Sabr yaxshi narsa, – dedi chiqib ketayotib. – Buncha betoqat boʻlma.

Oʻsha kuni ikki marta yuvindiga oʻxshash bir-bir kosa ovqat olib kirishganini aytmasa, ularni hech kim yoʻqlamadi. Ovqat yeyish uchun ham na dasturxon, na patnis, na stol bor edi. Bir kosa ovqat bilan ikki boʻlak nonni qoʻllariga tutqazib ketishdi.

– Xuddi qamoqxonaga oʻxshaydi-ya, – dedi qizlardan biri oʻlganining kunidan iljayib.

– Sabr yaxshi narsa, – chodrali ayolning gapini takrorladi Nozima. – Qarab turaylik-chi, taklif qilgan ishlari yoqsa, “xoʻp-xoʻp”, yoqmasa, oʻzimiz ish izlayveramiz. Faqat pasportimizni qaytarib berishsa, boʻlgani.

– Begona joyda ish topish osonmi? – qizlar allaqachon umidsizlikka tushib boʻlishgan edi.

– Topiladi, gʻam yemanglar, – qizlar orasida yoshi kattarogʻi ham, dadilrogʻi ham Nozima edi.

Davomi 24 betda

“Ish beruvchilar” tomonidan birinchi izlangan odam ham Nozima boʻldi. Nonushtadan soʻng chodrali ayol uni birinchi qavatga olib tushdi. Bu qavat shinam va yorugʻ edi. Ular kirgan xona ham keng, xona sathiga qalin, yumshoq gilam toʻshalgan, derazalariga och rangli nafis pardalar ilingan edi. Xona toʻridagi katta kresloda oʻtirgan yoshi oʻtinqiragan chiroyli ayol unga boshdan oyoq razm soldi, yoshini, oilaviy ahvolini surishtirdi va keyin chodrali ayolga qarab “Boʻladi” degandek bosh irgʻab qoʻydi. Lekin uni yangi ish joyiga olib ketish uchun tushga yaqin yoshgina yigitcha keldi. U qizlar bilan xayrlashib ketayotib, chodrali ayoldan pasportini soʻradi: “Opa, hujjatlarimni ham birdaniga olib ketay. Harqalay, begona mamlakat. Ertaga birov soʻrab qolsa, men sizni qayerdan izlab topaman, na ismingizni, na manzilingizni bilmayman”. Chodrali ayolning ingichka qoshlari ostidagi koʻzlari gʻazabga toʻlib ketdi: “Sen qiz juda koʻp gapirar ekansan. Sen avval bor, ishla, bir-ikki rial pul top. Seni bu yoqqa yuborganlar bor, sen uchun ish izlab topganlar bor. Avval shularning haqqini berasan, keyin pasportingni olasan. Men hamisha shu yerdaman, hech qayerga yoʻq boʻlib ketmayman”.

Bu javob Nozimaga yoqmadi, ammo na iloj. Injiqlik qilib turaversa, tayyor ishdan ham ajralib qolishi mumkin. Nima boʻlganda ham endi taqdiri shularning qoʻlida. Uni shinamgina mehmonxonaga olib borishdi. Butunlay boshqa tilda gaplashib yurgan odamlarni koʻrib, nafasi ichiga tushib ketdi: “Endi nima qiladi? Na arabchani, na inglizchani biladi?” Uni foyening bezakli devori toʻsib turgan burchakdagi xonaga olib kirishdi, u yerda xuddi oʻziga oʻxshash oʻzbek qizlarni koʻrib, suyunib ketdi: “Voy, Xudoga shukr-yey. Endi ona tilimda bir ogʻiz gapira olmay oʻlib ketamanmi, deb oʻylagandim. Lekin men na ingliz tilidan, na arab tilidan bir ogʻiz soʻz bilmayman, mijozlarga qanday xizmat qilaman?”.

Uning hayajoni qizlarga yoqmadi. Yelkasidagi tor-tanqis libosi kindiklarini ham yopa olmagan, ranglari biroz siniqqan, ammo oʻzi juda yoqimtoy qiz “Bu yerda ishlash uchun til bilish umuman shart emas”, deb piching qildi. Nozima bu pichingni tushunmadi:”Nega?” Qiz “uf!” tortdi, soʻng “Ishlasangiz, koʻraverasiz!”, dedi-da, karavotiga uzala tushib yotib oldi. Qolgan ikki qizning ham u bilan gaplashish niyati yoʻq edi, biri oyna yonida oʻtirib, pardoz-andoz qilar, ikkinchisi deraza tokchasiga tirsaklarini qoʻygancha, koʻchaga tikilib, xayol surib oʻtirardi. Nozimaning koʻngli yomon bir narsani sezganday boʻldi. Agar uni bir oshxonaga olib kirib, bir uyum idish-tovoqlarning boshiga qoʻyib, “Sen shu yerda idish-tovoq yuvasan”, desa, yoki mehmonxonaning bir qavatiga chiqarib, qoʻliga shvabra bilan pollattani tutqazib, “Shu qavat ozodagarchiligi uchun sen javobgarsan”, desa, boshqa gap edi. Hamxonalari ham gʻalati edi, uni nazariga ilishmadimi? Bir begona yurtda shunday munosabat qilish insofdanmi? Undan koʻra oldinroq kelgan hamshaharlarga oʻxshab, unday qil, munday boʻl, deb, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishmaydimi?

Kechqurun unga 7-xonaga qahva olib borishni tayinlashdi. Oshxonada unga kichkinagina finjonga solingan qahvani bejirim patnisga qoʻyib berishdi. Eshik ogʻasi ikkinchi qavatga kuzatib qoʻydi. U patnis koʻtarib, 7-xonaning katta qora eshigi roʻparasiga kelganda oyoqlari butunlay oʻziga boʻysunmay qoʻygan edi. Ayniqsa, mehmonxona xodimlari kiygizgan tor va etaklari kalta ust-bosh, yangi poyafzalda oʻzini juda noqulay his etayotgan edi. Uning ahvolini tushunganidanmi, yoʻlak boshida turgan eshik ogʻasi yugurib kelib eshikni ochib berdi. Nozima bor jurʼatini toʻplab, ichkariga kirdi. Nimqorongʻu yoʻlakdan keyingi xona keng va yorugʻ, katta divanda oʻtirgan qop-qora semiz kishi u kirishi bilan nigohini televizordan olib, unga qaradi va qarab turib, negadir jilmaydi, oʻzining tilida chuldirab, nimadir dedi. Nozima garchi uning tiliga tushunmagan boʻlsa-da, zimmasiga yuklatilgan vazifani risoladagidek bajarish niyatida mehmonga yengilgina taʼzim qilib, uning oldidagi bejirimgina stolga patnisni qoʻydi. Soʻng yana bir bor taʼzim qilib, ortiga burilib ketayotgan edi, mehmon oʻz tilida bir narsalar dedi.

Nozima uning gaplariga tushunmasa ham iziga qaytib, unga savol nazari bilan qaradi, u til bilmasa, hatto “xoʻsh, xizmat?” ham deya olmasa, soʻzsiz ogʻziga termulishdan boshqa nima chorasi bor? Mehmon ham uning ahvolini tushundi shekilli, endi unga gapirmay qoʻya qoldi. Bir kulib, goʻshtdor qoʻllarini “kel” degandek havoda aylantirib, yonidan joy koʻrsatdi: “Oʻtir”. Nozima nima qilishini bilmay qoldi. Burilib, ketib qolay, desa, unga “mehmonni xafa qilish mumkin emas”, deb tayinlashgan. Oʻtiray desa, “xafa qilinmasligi kerak” boʻlgan kishi shu qadar yoqimsiz ediki… U barmoqlarining qaltirayotganini sezdirmaslik uchun qoʻllarini qovushtirib olgancha mehmonning qarshisiga kelib toʻxtadi. Uning keng, goʻshtdor yuzi, qavat-qavat boʻlib, osilib yotgan baqbaqalari, tugmalari ochiq koʻylaklari oldida gumbazdek doʻppayib turgan qorni va koʻzlaridagi odamni yerga urar darajadagi bepisand chorlovni koʻrib, badanlari junjikib ketdi. Mehmon esa oʻrnidan turib, lapanglab uning yoniga keldi-da, nozik bellaridan ushlab, ichkariga boshladi…

 

* * *

Unga yarim tundan keyin javob tegdi. U muzdek suvning tagiga kirib, bir soat yuvindi, boshi uzra toʻkilayotgan muzdek suvga choʻmildimi, koʻzlaridan tirqirab oqayotgan qaynoq nomus yoshlarigami, bu faqat yaratganga ayon. Oxiri ertadan kechgacha deraza oldida xayol surib oʻtiradigan qiz yuvinish xonasiga kelib, eshikni ura boshladi: “Chiq, hay, chiqsang-chi!”.

Nozima u yerdan koʻzlari qip-qizil boʻlib chiqdi. Haligi qiz yana uning “yangi” yarasiga tuz sepdi: “Bu suvlar bilan biz endi oʻzimizni poklay olmaymiz. Biz faqat oʻzimizni emas, yetti pushtimizni yerga soldik”, dedi. Nozima endi toʻshakka kirib, boshiga koʻrpasini burkab oldi-da, tong otguncha yigʻladi. Tong mahal koʻzi ilindi. Tushiga Noilasi kiribdi, u doʻndiqqina qoʻlchalari bilan koʻzlarini artayotgan emish.

Ertasi kuni “Enaboshi” – qop-qora chodraga oʻrangan baland boʻyli keksa ayol ularning xonalariga kelib, uning yelkalarini silab, oʻz tilida bir narsalar deb qizlarga gaplarini tarjima qilib berishini soʻradi. Maʼlum boʻlishiga, kecha Nozima xizmat qilgan kishi Dubayning eng badavlat biznesmenlaridan biri boʻlib, uncha-muncha joylarga boravermas ekan, Nozimaning sharofati bilan kecha juda xursand boʻlib ketibdi va bu oqshom yana mehmon boʻlishini aytibdi.

– Lekin u oʻzini juda yaxshi tutdi, – dedi enaboshi u haqda. – Baʼzi qizlar oʻzini har tomonga urib, oʻziga ham, boshqalarga ham muammo keltirib chiqaradi. Bu esa oʻzini shu qadar osoyishta, muloyim tutdiki, goʻyo bir umr fohishalik bilan shugʻullangan ustasi farang ayollardek.

Bu gapni eshitib, Nozima hang-mang boʻlib qoldi.

– Sen nima deb oʻylaganding? – dedi xayolparast hamxonasi uning hayrat va uyat hissidan katta-katta ochilgan koʻzlariga qarab. – Bir xonaning burchagida boʻlayotgan ishlarni oʻzimdan boshqa hech kim bilmaydi, deb oʻylaganmiding. Har bir xonaga, hatto yoʻlaklarga ham kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Sen nima qilayapsan, nimani oʻylayapsan, hammasini kuzatib oʻtirishadi.

– Ifloslar!

Kechqurun uni yuvintirib, sochlarini ham oʻzlari turmaklab qoʻyishdi. Kechagidan ham chiroyli liboslar kiydirishdi, keyin qoʻllariga ikki finjon qahva qoʻyilgan patnis bilan ostonagacha kuzatib qoʻyishdi: “Sen uning koʻnglini ol, kerak boʻlsa, xushomad qil. Shunday avraginki, u bizning mehmonxonamizdan chiqa olmay qolsin”. Enaboshining gaplarini tarjima qilib berayotgan “xayolparast” hamxona qoʻshimcha qildi: “Agar men sening oʻrningda boʻlganimda shunday avrar edimki, u meni mana shu ifloslarning qoʻlidan qutqarib olib ketishga majbur boʻlar edi”.

Nozima esa jiqqa terga tushib, harsillab yotadigan “bir qop goʻsht”ga xushomad qilib, avrash emas, basharasini ham hech qachon koʻrmasam, hansirashlarini hech qachon eshitmasam, der edi.

Ammo, na iloj!..

Lekin bu safar qaytib kelgach, yigʻlamadi.

Ertasi kuni ertalabdan “qahva” buyurishdi. Oʻttiz yoshlarga kirgan, boʻylari baland, kelishgan yigit edi. Avvalgi Nozima boʻlsa, uni uchratib qolsa, “oʻh, buncha chiroyli yigit ekan”, deb koʻngli bir sust ketishi aniq edi. Ammo bir begona yurtda, har qancha barno yigit boʻlmasin, bir ogʻiz soʻziga tushunmasa… Shunday boʻlsa ham yengilgina taʼzim bilan patnisni yigitning oldiga qoʻydi. Yigit qahvani qoʻliga olib, bir-bir hoʻplab ichar ekan, jonsiz bir jismni tomosha qilayotgandek uni kuzatar edi. Finjonni boʻshatgach, lablarini artgan qoʻlsochiqni stolning ustiga otib yubordi-da, sakrab oʻrnidan turdi. Hamon qarshisida itoatkor mulozimlardek qoʻl qovushtirib turgan Nozimani bilagidan ushlab, yotoq boʻlmasiga deyarli sudrab kirgizib ketdi…

Nozimaning ilojsizlik tufayli koʻrsatayotgan itoatkorligi sabablimi yoki mehmonxona mijozlariga yoqib qoldimi, baʼzi kunlari enaboshi uni oʻn martalab qahva olib kirishga majbur qilardi.

– Charchadim, tinka-madorim qurib qoldi, – astoydil iltijo qilar edi u enaboshiga, soʻng tarjimonlik qilayotgan hamxonasiga yalinar edi, – ayting, haqiqatan ham ilojim yoʻq.

– Bu yerda charchash mumkin emas! – enaboshining qahri kelar edi. – Sening erkaliging, injiqliging tufayli mehmonxona mijozlarini yoʻqotishiga shunchaki qarab tura olmayman.

Bir kuni u haqiqatan ham oʻrnidan tura olmadi, juda toliqqan, butun aʼzoi badani qaqshab ogʻrir, koʻzini ochishga ham holi yoʻq edi. Enaboshi tepasiga kelib, baqirdi, chinqirdi, silkilab, urib ham tashladi. U baribir turmadi, tura olmadi. Soʻng uni kartoshka-piyozlar saqlanadigan zax, qorongʻu oshxona omboriga kirgizib tashladi. U toʻshaksiz muzdek beton ustida yotib, chor-atrofida nimalardir yugurib yurganini, qitir-qitir qilib, bir narsalarni kemirib yeyayotganini eshitib yotar edi. “Sichqon boʻlsa kerak”, oʻzicha oʻyladi u. “Oʻrnimdan turib, hech boʻlmasa, biron narsaga suyanib oʻtirsaydim. Yotaversam, quloqlarimning ichiga kirib ketishi ham hech gap emas”. U bir amallab oʻrnidan turdi. Sal narida qandaydir qogʻoz qutilar taxlanib turardi. U oʻtirgan joyida siljib-siljib, olamjahon yoʻl bosgandek terga tushib, oʻsha qutilarning yoniga yetdi, soʻng bir xoʻrsinib, qutilarga orqasini berdi-da, oyoqlarini uzatgancha, koʻzlarini yumdi: “Sal boʻlsa-da, bexavotir-da”. Bir vaqt yumshoqqina bir narsa oyoqlarining ustidan yugurib oʻtganday boʻldi. Koʻzlari yarq etib ochilib ketdi. U jon-jahdi bilan oyoqlarini tortib oldi va vahima bilan atrofni kuzata boshladi. Koʻp oʻtmay shundaygina besh-olti qadam narida noʻxatdek koʻzlarini loʻq qilgancha uni kuzatib oʻtirgan qop-qora kalamushni koʻrdi, allaqayerlardan yana chiy-chiylagan ovozlar keldi, demak, u yolgʻiz emas. Nozima bolalikdan kalamushdan juda qoʻrqar edi, u qalt-qalt qaltiragancha tizzalarini quchoqlab oldi. Kalamush esa qilt etmay, uni kuzatishda davom etardi. Koʻp oʻtmay uning yoniga yana bir kalamush keldi, oʻzaro chiy-chiylashib, allanimalar haqida gaplashishdi, soʻng birgalashib, omborning qorongʻu burchaklariga oʻtib ketishdi.

Ha, enaboshi, unga juda oqilona jazo belgilagan edi. “Oʻylab koʻr, xonalarga qahva olib kirish osonmi, kalamushlar bilan yotish osonmi? Agar mijozlarga xizmat qilishdan bosh tortsang, kalamushlarga yem boʻlasan!”.

Kalamushlar odam goʻshtini yermikin-a, oʻyladi Nozima. Albatta, yeydi. Shu oʻtirgan joyida oʻlib qolsa, uni ham…

Bir koʻngli oʻrnidan turib, ombor eshigini qoqib, uni chiqarib olishlarini iltimos qilmoqchi boʻldi, yana fikridan qaytdi. Sababi, birinchidan, eshikkacha borishga madori yoʻq, ikkinchidan “qahva tashib” yurguncha shu yerda oʻlib qoʻya qolgani maʼqul. Oʻlganidan soʻng kalamush yeydimi, boshqa narsa yeydimi, nima farqi bor? Oʻzicha shunday qarorga kelib, behol koʻzlarini yumdi-yu, lekin ustixonlarini kalamushlar kemirayotganday, yana seskanib koʻzlarini ochdi. U juda majolsiz edi, yana koʻzlari oʻz-oʻzidan yumilib ketaverdi. Shu taxlit to hushidan ketib qolguncha oʻtiraverdi, oyoqlari ustidan necha bor kalamushlar sakrab oʻtganini bilib oʻtirar, lekin oyoqlarini yigʻib olishga unda na mador, na xohish bor edi…

Ertasi kuni uni yana xonasiga olib chiqishdi. Yuvintirib, oldiga bir-biridan shirin ovqatlar qoʻyishdi:

– Tuzuk-tuzuk yeb, oʻzingga kelib ol. Hali sening qiladigan ishlaring koʻp.

Uning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Enaboshi qoshlarini chimirgancha unga qarab turdi-da, qizlarga yuzlanib, oʻz tilida allanimalar dedi. Qizlardan biri oʻrnidan turib bir piyolani toʻldirib, sharob quyib uzatdi:

– Ma, ich. Tezroq yaxshi boʻlasan.

U indamay piyolani oldi-da, sekin-sekin hoʻplab ichdi. Sharob juda xushboʻy va yoqimli edi, muzlab yotgan aʼzoi badani biroz qizishganday boʻldi. Qizlar majburlab, uch-toʻrt qoshiq shoʻrva ichirishdi, bir-ikki tishlam non yedirishdi, keyin yana sharob tutqazishdi. Keyin oʻz-oʻzidan ishtahasi ochildi va qorni juda ochganligini his qildi. Oʻzi qaltirayotgan qoʻllarini taomga uzatib ovqat yeya boshladi, qizlar esa sharob quyib turishdi. Koʻp oʻtmay juda charchaganligini his qildi, koʻzlari oʻz-oʻzidan yumilib ketaverdi. Kimdir tizzasidagi patnisni oldi, kimdir sekingina toʻshagiga yotqizib qoʻydi. U koʻzlarini ochib, oʻrnidan turolmas, ammo butun vujudini huzurbaxsh halovat egallagan edi.

– Buning juda narxi oshib ketdi,-dedi qizlardan biri.

– Muxtor Kamol uni yoqtirib qolibdi. Qayta-qayta soʻrab yotgan emish, – dedi ikkinchisi. – Agar men uning oʻrnida boʻlganimda oʻsha odamning koʻnglini olib, unga tegib olardim-da, bu yerdan qutular edim.

– Muxtor Kamol fohishani olarmidi? Nimalarni orzu qilmaysan-a?

– Koʻngil buyursa, olaveradi. Hech boʻlmasa, choʻri qilib olar!

– Qiyin…

Nozima ularning gaplarini eshitib yotar, ammo nimadir deb suhbatga qoʻshilmoqqa na holi, na ragʻbati yoʻq edi: “Ha, shunday qiladi! Kuniga oʻn kishiga oyoq osti boʻlgandan koʻra yoqimsiz buqalamun boʻlsa ham bitta odamning koʻnglini topib, shu yerdan tezroq qutulib ketgani maʼqul. Buning uchun tezroq kuch yigʻishi kerak. Kamroq odam kelsa ekan”.

Ertasi kuni kechqurun Muxtor Kamol keldi. U qahvalarni stolga qoʻydi-da, sekin mehmonning yoniga oʻtirib, koʻkragiga boshini qoʻydi, keyin oʻzini idora qila olmay qoldi, koʻzlaridan duvillab yoshlar quyilib ketdi. Muxtor Kamol uning boshini rapidadek kaftlari orasiga olib, yuziga hayron boqdi, oʻz tilida allanimalar dedi. Qaniydi, Nozima hech boʻlmasa “Meni bu yerlardan olib keting”, degan soʻzlarni arab tilida ayta olsa edi! Ayta olmaydi. Yuzlarini arabning goʻshtdor koʻksiga yashirib yigʻlar ekan, oʻziga oʻzining rahmi kelib ketdi. Bu esa alamini yana koʻproq oshirdi, koʻz yoshlarini toʻxtata olmay qoldi. Arab uning sochlarini, yelkalarini silab oʻzining tilida allanimalarni gʻoʻldirab, uni yupatgan kishi boʻldi. Bir muddat shunday oʻtirishgach, uni ichkariga boshladi…

Ertasi kuni enaboshi kirib, uning oldiga yashil jildli pasport tashladi. Nozimaning yuragi boʻgʻziga tiqilgudek boʻlib, pasportga yopishib, uni varaqlay boshladi: bu uning pasporti edi. Hamxona qizlar enaboshining gaplarini tarjima qilib berishdi:

– Seni Muxtor Kamol sotib olibdi. Uning uyida oqsochlik qilasan, lekin zinhor oila aʼzolariga bu yerdagi munosabatlaring haqida churq etib, ogʻiz ochmaysan.

Nozima sevinganidan oʻrnidan sakrab turib, pasportini boshi uzra baland koʻtargancha, irgʻishlab sakray boshladi.

Enaboshi bir narsalar deb gʻudrandi. Qizlar yana unga tayinlashdi:

– Tushundingmi, bir ogʻiz ham! Oila aʼzolari oldida sohibdan iloji boricha uzoqroq turasan. Sohib kerak payti oʻzi senga aytadi va uchrashish uchun sharoit yaratadi.

“Nima boʻlsayam, mayli! Shu yerdan chiqib ketsa, boʻldi”.

– Men axir ularning tilida bir soʻz ham deyolmayman-ku, qanday ham gapirishim mumkin. Men gung va karman! Eshitdinglarmi, gung va kar!

“Xayolparast” hamxonaning unga havasi keldi. Qolgan qizlar hasad qilibmi, uni masxaralashdi: “Bu hali uyingga qaytding, degani emas. Muxtor Kamol “shu shoʻrlik uyini sogʻingandir”, deb, senga shuncha pul toʻlagani yoʻq. Uning uyida oqsochlik qilib, haqiqatan ham oq soch kampirga aylanib, qarib-chirib, oʻlib ketishing mumkin. Bizda “Xudo yoʻliga, savob” deb besh soʻm-oʻn soʻmdan kechib yuborishlari mumkin, ammo bu yerning biznesmenlari bir tiyinni behuda, maqsadsiz ishlatishmaydi”.

Ammo ularning gapi Nozimaning kayfiyatiga zarracha taʼsir qilmadi.

– Bu yerdan ketyapman. Eng muhimi shu.

– Koʻp sevinaverma, qordan qutilib, doʻlga tutilib qolma yana, – bu gapni “xayolparast” hamxona aytdi. – Oʻzingni hamisha eng yomon, eng ogʻir qismatga tayyor qilishni oʻrgan. Balki uning xotini ikki oyoqli ajdarhodir, nimanidir sezib qolib, kuningni bir tutam qilar. Uning uyidagi sharoitni hali sen bilmaysan-ku. Shuning uchun yaxshi xabarni ham, yomon xabarni ham bosiqlik bilan qabul qilishni oʻrgan. Bir qirday, bir sirday boʻl, deyishadi-ku. Shunday boʻl.

Xullas, unisi “u” dedi, bunisi “bu” dedi, uning koʻnglidagi hovurni bosishdi. “Ichi qoralar! Oʻzlari qolib ketishayotgani uchun alamzada boʻlishyapti!”

Muxtor Kamolning xotini eriga nisbatan juda yosh, nozikkina qoracha ayol edi. Uni ochiqqina qarshi oldi, qora kostyum-shim kiygan gavdali kishiga oʻz tilida allanimalar deb buyruq berdi. U Nozimaning sumkasini olib, oʻzini hovliga olib chiqib ketdi. Hovli nihoyatda sarishta, tartib bilan ekilgan daraxtlar, gullar hovlining koʻrkiga koʻrk qoʻshib turardi. Haligi kishi uni hovlining bir chetida argʻuvon daraxtlari orasida zoʻrgʻa koʻrinib turgan bir qavatli binoga boshlab bordi va hovliga qaragan eshiklarning birini ochib, ichkariga kiritdi: bittagina karavot bilan bir shkaf, stol va ikkita stul qoʻyilgan choqqina xona edi.

– Bu sizning xonangiz, – dedi uni boshlab kelgan kishi qoʻlidagi sumkani shkafning yoniga qoʻyar ekan.

Nozima xazinaga duch kelgan odamday sevinib ketdi, chopib borib yonida turgan begona birovni tavof qilgisi keldi:

– Siz… oʻzbekmisiz?

– Ha. Bir zamonlar ota-onamiz shu yerga kelib qolishgan.

– Xudoga shukr-ey. Mening tilimni biladigan bir odam boʻlsa ham bor ekan-ey.

– Siz arab tilini oʻrganishga harakat qiling, shunda hammaga oson boʻladi. Mening ismim Hasan. Siz joylashib oling, keyin sizni bajaradigan ishlaringiz bilan tanishtiraman.

– Xoʻp-xoʻp.

– Shkafda xizmatkorlar uchun maxsus uniformalar bor, oʻzingizga toʻgʻri kelganini kiyib oling.

Unga xonalarni tozalash, oshxona yumushlariga koʻmaklashish vazifasi yuklatildi. Hasanning aytishiga qaraganda besh yuz dollar maosh ham belgilashibdi. Bu juda quvonchli xabar edi. “Yigʻilib turaversin, uyga ketayotganda olib ketaman”. Baribir birovning qosh-qovogʻiga qarab, oqsochlik qilib yurish juda ham yoqimli ish emas edi. Muxtor Kamol-ku, uylariga kelganidan buyon umuman Nozima bilan gaplashmas, hatto u tomonga koʻz qirini ham tashlamas edi. Bu bir tomondan yaxshi, ammo erta bir kun boshqa ish topib bu xonadondan ketish uchun uning Nozimaga nisbatan xayrixohligi juda muhim edi: “Biron korxonada ishlasaydim…” Bu istak Hasanga yoqmadi: “Siz bu bilan sohibga nisbatan behurmatlik qilgan boʻlasiz. Turar joyingiz, osh-ovqatingiz, maoshingiz tayin boʻlsa, yana sizga nima kerak?”

Unga erkinlik kerak edi. Xuddi ilgarigidek, ishga ariza yozib kirsa, nimadir yoqmay qolsa, yana ariza yozib, boʻshab ketaversa… Bu yerda esa hammasini sen uchun kimdir hal qiladi!

Yakshanba kuni butun oila aʼzolari qayoqqadir ketdi. Hamma, hatto oilaning oʻz odamlari boʻlib qolgan xizmatkorlar ham yayrab qolishdi. Kechki payt qayerdandir hovliqib Hasan yetib keldi: “Sizni bir qarindoshingiz yoʻqlayapti. Tez kiyinib chiqing”. Nozimaning yuragi uvishib ketdi: uning qayerdaligini faqat uni shu yerlarga olib kelgan ayollar bilishadi, uni ulardan boshqa kim ham yoʻqlashi mumkin? Ular nega yoʻqlashlari mumkin? Pul talab qilishsa kerak…

– Yoʻq, men hech qayerga bormayman, – oyogʻini tirab turib oldi Nozima.

– Borasiz, bu sohibning buyrugʻi.

Nozima sohib haqida eshitib, biroz xotirjam tortdi, ammo baribir yuragi gʻash edi. Hasan uni shaharning koʻrkam koʻchalaridan birida joylashgan koʻp qavatli chiroyli uyga olib bordi. Birinchi qavatdagi, marmar zinapoyalari oppoq tutqichlar bilan bezatilgan xonadonga kirgizdi-yu, oʻzi tashqariga chiqib ketdi. Katta billur qandil osuda nur sochib turgan xonada hech kim yoʻq edi. Nozima ostonada nima qilishni bilmay, serrayib turib qoldi. Biroz oʻtib, ichkaridan iljaygancha Muxtor Kamol chiqib kelganda, u quvonishini ham, xafa boʻlishini ham bilmay qoldi. Muxtor Kamol kelib, uning belidan quchib, oʻziga tortdi:

– Sogʻindim, – dedi quloqlariga shivirlab arab tilida.

Arab tilini sekin-asta oʻrganayotgan Nozima uning koʻksini ohista silab, bir kulib, boshini uning yelkasiga qoʻydi va shu daqiqada mana shu buqalamundek odamga oʻrganib qolganini his qildi.

– Agar mehmonxonadan ketaman, deb yigʻlamaganingda, biz har kuni koʻrishib turgan boʻlar edik. Endi biroz qiyin boʻlib qoldi. Lekin baribir yaxshi. Hamisha uyimdasan, sendan koʻnglim xotirjam.

Nozima uning gaplarini taxminan shunday deb tushundi. Bu gap unga yoqmagan boʻlsa ham ilojsiz iljayib, sohibining osilib turgan goʻshtdor yuzlaridan sekingina oʻpib qoʻydi. Ammo insof bilan aytganda, Nozima bu odamdan har qancha minnatdor boʻlsa, arziydi. Uning Nozimaga boʻlgan munosabatini ham sira ayblab boʻlmaydi. Koʻngil ishi-da, bu. Koʻngil qoʻydi va koʻngil qoʻygan ayolini mardlarcha qancha mablagʻ sarflab, jahannam olovidan olib chiqdi! Shunday holatda uning beoʻxshov qaddi-qomatiga qarab, koʻkragidan itarib, lab burishi sira insof-diyonatga toʻgʻri kelmas edi. Qolaversa, Nozima mehmonxonadagidek yana bir “yigʻlab”, biron korxonaga ishga oʻtib olish niyatida edi. Buning uchun esa uning koʻnglini koʻproq avaylash kerak.

Hammasi yaxshi ketayotgan edi. Har yakshanba kuni Hasan uni “qarindoshi”ning uyiga olib borar, Nozima u yerdan xushbaxt kunlar ostonasi nihoyatda yaqin qolganini his etib, quvonchga toʻlib qaytar edi. Bir kuni unga xonim chaqirayotganini aytishdi. Xonim kiraverishdagi katta xonada yolgʻiz oʻtirar edi, uni koʻrib oʻrnidan turdi. Uning juda dargʻazab ekanligi chimirilgan qoshlaridan, qattiq qimtilgan lablaridan koʻrinib turardi. Nozima sal beriroqda toʻxtab, yengilgina taʼzim bilan salom berdi:

– Xizmat, xonim?

Xonim bir muddat unga tikilib turdi-da, soʻng yoniga keldi va sharaq etkizib, yuziga tarsaki tortib yubordi. Oʻzi kichkinagina boʻlsa ham, qoʻli juda qattiq edi, Nozimaning koʻzlaridan oʻt chiqib ketganday boʻldi.

– Sen hali uyimda turib, nonimni yeb, yuzimga oyoq qoʻyib yuribsanmi?! – soʻng lablari pir-pir uchib, – Hasan!-deb qichqirdi.

Hasan oshxonada ekan, rangi bir ahvolda yugurib chiqdi:

– Labbay, bekam!

– Manavi iflosni qaysi fohishaxonadan olib kelgan boʻlsang, oʻsha yoqqa olib borib tashla. Qaytib bu yerda qorasini koʻrmayin!

Nozima xonimning Dubaydagi eng yirik tadbirkorlardan birining qizi ekanligini, otasining qudrati tufayli Muxtor Kamol ham hamisha xotinidan hayiqib turishini xizmatkorlardan eshitgan edi. “Tamom!” Uning boshidan bir chelak qaynoq suv quyib yuborishgandek boʻldi. Oyoqlari orasidan nimadir shuv etib, toʻkilib ketdi, u qoʻrqqanidan peshob qilib yuborgan edi. Xonimga kim nima degan boʻlsa ham, bir ogʻiz gapi bilan Nozimaning Dubaydagi bor sarguzashtlariga soʻnggi nuqtani qoʻygan edi.

Hasan nima qilishini bilmay, serrayib turgan Nozimani yelkasidan turtib, hovliga olib chiqdi-da, unga:

– Tezroq ust-boshingni almashtirib, pasportingni olib chiq, uyingga joʻnatib yuboraman, – deb oʻzi mashinalar turadigan boʻlma tomon yugurib ketdi.

Nozima kiyim-boshini almashtirib, kichkinagina sumkaga yana ikki sidra kiyim soldi va yostigʻining ichki jildiga solib, yashirib qoʻygan pasportini olib, hovliga chiqdi. Hasan allaqachon mashinasini oʻt oldirib, darvoza oldida turardi.

Ammo Hasan uni qandaydir xilvat koʻchada joylashgan bir uyga olib keldi.

– Birinchi qavatdagi uchinchi eshikka kirasan.

Nozimaning rangi oqarib ketdi:

– Uyingga joʻnatib yuboraman, degan edingiz-ku.

– Keyin… Hozir aytganimni qil. Seni sohib kutayapti. Sen bilan xayrlashmoqchi.

Uyiga olib boradigan yoʻlda koʻndalang turgan sohibning muhabbati ham unga malol keldi: “Uf-f! Shartmidi shu?!” U shoshib oʻzini uchinchi eshikka urdi. Oppoq kresloda yastanib oʻtirgan Muxtor Kamol uning istiqboli tomon yurdi. U har qancha oliyhimmat, mehribon boʻlsa ham Nozima, qaytib uning quchogʻiga kirishni istamas edi. Ikki qadam berida toʻxtab, salom berdi. Muxtor Kamol sekin yurib, uning yoniga keldi. Bir qoʻli bilan yelkasidan tutib, ikkinchi qoʻlining barmoqlari bilan ohistagina yuzlarini siladi:

– Sen juda goʻzal va odobli ayolsan. Men seni chin yurakdan sevib qolgandim. Agar ixtiyorim oʻzimda boʻlganda sendan sira ham voz kechmagan boʻlar edim.

Nozima yerga qaradi.

– Sen oʻzingni ehtiyot qil. Pul uchun oʻzingni xor qilma.

Ular bir zumda Dubay aeroportiga yetib kelishdi. Hasan uning pasportini olib, ichkariga kirib ketdi. Nozima mashina oynasidan aeroportni tomosha qilib oʻtirar ekan, roppa-rosa bir yil avval shu aeroportga qoʻnishganda qanchalar quvonganini esladi. Qaniydi, inson umrini kino tasmasidek ortga qaytarish, keraksiz joylarini oʻchirib tashlash mumkin boʻlsa edi. Nozima oʻsha aeroportga kelgan kunidan shu bugungacha boʻlgan kunlarni butunlay hayotidan oʻchirib tashlagan boʻlar edi.

Hasan aeroportga qanday yugurib kirgan boʻlsa, shunday yugurib chiqdi. Uning qoʻlidagi pasportning ichida uzun qogʻozchipta bor edi. Nozimaning koʻzlarida yosh halqalandi: “Nihoyat!”

– Toshkentga chipta ololmadim, ammo Moskvaga oldim. Shu yerdan eson-omon chiqib olsang, boʻlgani. Seni uchirib yuborganimizni xonim bilib qolmasligi kerak. Qoʻlingga pul beraman, Moskva aeroportining oʻzidan Toshkentga chipta sotib olasan. Tezroq boʻl, roʻyxatdan oʻtkazishni boshlashdi.

Nozima Hasanning qoʻlidagi pasporti bilan samolyot chiptasini olib, Moskvaga ketuvchi yoʻlovchilar chiqarilayotgan boʻlma tomon yugurib borarkan, Hasandan uzr soʻradi: “Men uchun sohibdan gap eshitadigan boʻldingiz-da. Endi unga nima deysiz?” Hasan unga qarab qoʻl siltadi: “Xavotirlanma. Men sohibning buyrugʻini bajaryapman”.

Samolyot yerdan koʻtarilib, qoramtir bulutlar ustiga chiqib olgandan keyingina endi dasti uzun xonimning qoʻli unga hech qachon yetmasligiga va nihoyat koʻziga surtib yurgan tillalarini sotib, ne-ne orzular bilan yetib kelgan beshafqat shahardan bir umrga qutulganligiga ishonch hosil qildi: “Xudoga shukr”.

Demodedovo aeroporti nihoyatda gavjum edi. Hammaning qoʻlida katta-katta jomadonlar, hamma qayoqqadir shoshgan. Toshkentga bilet olish uchun aeroportni bir aylanib chiqdi, nihoyat bilet sotadigan boʻlmalarni topgan joyida koʻnglida yangi bir istak paydo boʻldi: “Qup-quruq qoʻl bilan soʻppayib uyga qanday kirib boraman? Hech boʻlmasa, shu yerda ishlab, bir-ikki soʻm topay, keyin uyga borsam, sal tuzuk boʻladi”. Bir amallab Masturaning telefonini esladi. Aloqa xizmati koʻrsatish boʻlimiga kirib, avval onasiga, soʻng Masturaga telefon qildi: “Yuribman Moskvada yallo qilib. Ha, bir tadbirkor dugonam shu yerdan doʻkon ochgan ekan, senam yur, degandi. Xafa boʻlmasin, deb birga keldim. Ozroq ishlay-chi, boraman-da. Hay, menga qara, sening ering ham Moskvada edi-ya, telefonini bersangchi, dam olish kunlari uchrashib, bir sizlarni gʻiybat qilib, xumordan chiqarmidik…” Telefon raqamlarini olgach, oʻtirib har qancha oʻylamasin, “pochcha”ning ismini eslay olmadi. Koʻz yoshlarga ishonmaydigan bu katta shaharda oʻsha ismi nomaʼlum “pochcha”dan boʻlak ilinji yoʻq edi, ilojsiz qoʻngʻiroq qildi, oʻylab koʻrsa, gaplashish uchun ismini aytish umuman shart emas ekan? Masalan, shunday deydi: “Assalomu alaykum, men Masturaning dugonasi Nozimaman, biz birga ishlar edik. Uylaringizga ham borar edim-ku. Bir tanishim bergan manzil boʻyicha Moskvaga kelgan edim, uning telefoni javob bermayapti. Qayoqqa borishni bilmay, sizga qoʻngʻiroq qilayapman. Yoningizda biron ish yoʻqmi?”

Shunday dedi, ammo “pochcha” biroz xijolat boʻldi: “Nahotki, ayol boshingiz bilan begona shaharga yolgʻiz oʻzingiz kelgan boʻlsangiz? Har qanday betayin odamning gapiga ishonib ham yoʻlga chiqaveradimi kishi? Lekin ming afsus, men sizga yordam bera olmayman. Yonimda hech qanday ish yoʻq. Hozir oʻzim ishdaman, biz turgan joy aeroportdan juda uzoq, borib sizni olib kela olmayman. Uzr, opa!”, “Uzringni pishirib ye”. U boʻshashib, oʻrindiqlarning biriga oʻtirib qoldi. “Yaxshisi, uyga ketaman. Binoyidek ishlab yurgan edim. Maoshim ham yomon emas edi. Nima jin urib, bu sargardonchiliklarni boʻynimga oldim? Qanday uyim, qanday erim bor edi. Ertalab turib, supur-sidir, peshindan soʻng pishir-kuydir qilishdan boʻlak tashvishim yoʻq edi. Oʻsha kunlardan ham norozi boʻlib yurgan ekanman-a”. Endi u kunlar bir ertak, shunday ertakki, voqealarida hech qanday fojia boʻlmasa ham eshitib yoki aytib boʻlganingizdan keyin mungʻayib qolasiz.

– Singlim…

U shoshib ovoz kelgan tomonga qaradi: bir oʻrindiq narida yoshi elliklardan oshgan toʻlagina qoracha kishi oʻtirardi.

– Yaxshimisiz? Ish izlab yuribsizmi, deyman.

Nozima yerga qarab, bosh irgʻadi.

– Meni ham boplab tushirishdi. Oʻtgan yili oʻgʻlim kreditga “Lasetti” olgan edi. Kutilmaganda xotinim oyogʻini sindirib uyda yotib qoldi. Oʻgʻlim yangi mashinada kira qila boshladi. Mashinaga ichimiz achiydi, ammo shu bilan ham qaniydi kreditni yopa olsak? Bir kuni bir yigit bilan tanishib qoldim. “Begʻamboy, Moskvada ishlayman, boring, oyiga ming dollar beradigan ish topib beraman”, deb vaʼda qildi. Oʻylab-oʻylab, ogʻaynilardan qarz olib, yoʻlkira qildim, yangi topgan oshnaga tandir kabob, pista-bodom, qatlama-patir oldim. U meni kutib olib, bir dachaga olib bordi, ikki kun olib borgan narsalarim bilan maishat qilib yotdik. Uchinchi kuni “bir aylanib kelay, keyin sizni ishga olib boraman”, deb ketgancha yoʻq boʻldi. Telefon qilsam, javob bermaydi, ertasi kuniyoq dachadan quvildim. Necha kundan beri ish izlab sarsonman. Bu yerda yosh yigitlarning bozori chaqqon ekan, bizga oʻxshagan oʻrta yasharlar hech kimga kerak emas. Shu yerda ishlayotgan bir qaynim bor, uning oldiga borsam, qarzga yoʻlkirangizni berib turishim mumkin, ammo ish topib bera olmayman, dedi. Xotinga qaytib boraversam-chi, deb telefon qilsam, oʻzi qarz bilan ketgan edingiz, ishlab yuborgan pulimdan uzaman, deb, yana qarz bilan qaytmoqchimisiz, kelsangiz, peshonangizni urib yoraman, deb oʻtiribdi. Kecha Qozon vokzaliga bordim, ish izlab och-nahor, sarson-sargardon boʻlib yurgan odamga toʻlib ketgan. Shu yerda bir oʻris yigit ish taklif qildi, besh yuz dollar oylik, dedi, menga birdan oʻn kishi kerak, deyapti. Odamlarning koʻpi u bilan ketishga qoʻrqdi. Sakkiz kishi yigʻildik, oʻris “kam” deb ketib qoldi. Ertaga yana kelar ekan. Agar xohlasangiz, biz bilan yuring. Sarson boʻlib yurguncha bir-ikki soʻm ishlab olamiz.

Nozima oʻylanib qoldi. Oʻsha chugʻurchuq bozordek gʻala-gʻovur uyini, onasini, bolalarini juda sogʻingan edi, ammo ularning oldiga qanday quruq qoʻl bilan boradi. Qoʻlidagi pul yoʻlkirasidan ortmasa…

– Boʻpti, boraman.

Shu oqshom aeroportda tunadilar.

Ular vokzalga borganda talabgorlar oʻn kishi boʻlib, haligi oʻrisning ixchamgina avtobusiga chiqishayotgan ekan. Bular ham yalin-yolvor qilib, qoʻshilib olishdi.

Boradigan joylari juda chekkada shekilli, ancha yoʻl yurishdi. Ishlari tayin boʻlganidan xursand yoʻlovchilarga yoʻlning uzoqligi ham sezilmadi, vagʻir-vugʻur gurung avjiga mindi. Faqat Nozimagina gurungga qoʻshilmas, negadir koʻngli gʻash, adogʻi koʻrinmayotgan yoʻlning tezroq tugab, tezroq qanday ish qilishlarini koʻrishni istar edi. “Yaxshi ish boʻlsa, biron yil chidab, biroz sarmoya toʻplab ketar edim”.

Avtobus bepoyon sayxonlik oʻrtasida toʻxtaganda, hamma “obbo, mashina buzilib qoldi”, deb oʻyladi, ammo oʻris yigit kabinadan sakrab tushib, eshikni ochdi: “Viʼxodite!”

Atrofda uyum-uyum axlatlardan boʻlak hech narsa yoʻq edi. Yigit ularga tushuntirdi: “Shu yerdan temir-tersak yigʻasizlar. Rangli metall alohida, alyumin alohida, oddiy metall alohida yigʻiladi. Har kimning yiqqan mahsulotiga qarab, maosh beriladi”.

Yigit olislarda qorayib turgan vagonchalarni koʻrsatdi: “Ana shu vagonlarda yashaysizlar, erkaklar uchun alohida, ayollar uchun alohida vagon qoʻyilgan”.

Talabgorlardan biri oʻrtaga chiqib: “Men bu yerda ishlamayman”, degan edi, oʻris qoʻynidan yaltillab turgan toʻpponcha chiqardi: “Seni bu yerga hech kim majburlab olib kelgani yoʻq. Oʻzing xohlab keldingmi, endi men xohlaganda ketasan”. Shu bilan burnini jiyirib turgan boshqalarning ham uni oʻchdi.

– Davayte, na rabotu! Vremya idyot!

Ularni yuklarini qoʻyib kelish uchun vagonga yubormadi: “Vecherom!”

Hammaning oʻziga yarasha yuki bor edi: kimda sumka, kimda jomadon. Ular yuklarini bir joyga yigʻib qoʻyib, oʻzlari axlat uyumlarini oralab ketishdi. Axlatlar toʻkilgan joy keng sayxonlik boʻlsa ham uyumlardan taralayotgan badboʻy hid dimoqni yorar darajada oʻtkir edi. Nozima bolaligidan hidga boʻlmas edi. Paxta hashariga eskiroq avtobusda borishsa ham boshi ogʻrib, koʻngli aynib qolardi. Birov-yarim oldidan arzon-garov atir sepib oʻtsa, burnini jiyirardi. Endi…

– Narigi tomondagi uyumlar quruqqa oʻxshaydi, – negadir nafasi qisib, yoʻtala boshlagan Nozimaga rahmi kelgan Begʻamboyning unga yaxshilik qilgisi keldi. – Quruq axlat unga sassiq boʻlmaydi, yuring, shu tomonni aylanamiz.

Nozima yoʻtala-yoʻtala qoʻlidagi qoplarni sudrab, unga ergashdi. Endi quruq uyumlarni titib boshlashgan edi, ish boshining hayqirigʻi eshitildi.

– Tam nechego vremya teryat. Vernites! Tam uje provereno!

“Ha-a!.. Demak, ulargacha ham bu yerda odamlar ishlagan, yashagan…”

Oʻzlari chala tushda yetib kelishgan edi, quyosh bir pasda tikkaga keldi. Vaqt boʻlgani uchunmi, kayfiyat tushib ketganidanmi, hammaning qorni ochib ketgan edi. Oʻzini demokrat sanaydigan birovi ishboshiga qarab, “Nachalnik, obed! Kogda obedayem?” deb haqqini talab qilgan boʻldi. Mashinaning soyasiga kichkinagina yigʻma kursi qoʻyib, haydovchi bilan sigaret tutatib oʻtirgan ishboshi unga qarab: “Obed? Xorosho, obedayte togda”, debdi beparvogina. “Gde obedat?” dedi demokrat. Ishboshi qoʻllarini yozib, axlat uyumlariga ishora qildi: “Von skolko obed. Naydite sebe yedu i kushayte na zdorovye. V vashem rasporojeniye pol chasa”. “Eto je musor! Viʼ nad nami izdevayetes!..” isyon qildi demokrat. Ishboshi toʻpponchasini chiqardi: “Kto tiʼ takoy? Tiʼ toje musor! Proklyatiʼy chernojopiʼy!

Shu bilan demokratiya oʻyini butunlay tugadi. Shu kuni hech kim tushlik qilmadi. To qosh qorayguncha axlat uyumlari orasida kim oʻqchib, kim yoʻtalib izgʻidi, ammo kechki ovqat haqida ham hech kim ogʻiz ochmadi. Vagonlarning yonida ikki bochkada suv bor ekan: “Mojete, slegko umiʼtsya. No, vodu nado sekonomit. Pit toje budete etu vodu”.

Suv juda kam edi. Hamma qancha charchagan boʻlsa, shunga chanqagan edi.

– Qoʻllarni avval tuproq bilan ishqalab, tozalab olaylik. Keyin suv bilan salgina yuvib qoʻysak ham boʻlaveradi, – taklif qildi yoshi ulugʻlardan biri.

Shunday qilishdi.

Chanqoqlar qondirilgach, ular yashash joylariga kirishdi, vagonning girdi aylantirilib, kichkinagina sim karavotlar qoʻyilgan, ularning ustiga lattasi yirtilib, kir uvada paxtalari toʻzgʻib yotgan koʻrpalar toʻshalgan edi. Ishboshi kutilmagan zaruratlar uchun boʻsh chelak qoʻyib, ularning ustidan qulflab ketdi.

– “Nohaq qamaldim”, deganlarini koʻp eshitganman. Ammo men, oʻrtoqlar, haq qamaldim, – dedi ish boshlaganlaridan beri churq etib ogʻiz ochmagan xushroʻygina juvon.

Hamma unga hayron boʻlib qaradi.

– Binoyiday ishim bor edi, hamshiralar koʻpayib ketib, navbatchiliklarim kamayib ketdi, dedim. Lekin uyda boʻlsam ham mahalladoshlarim bir daqiqa tinch qoʻyishmasdi. “Bolam kasal”, “Onam kasal, bir ukol qilib bering”. Hech kim quruq qoʻymas edi: ham rahmat aytar edi, ham “qoʻl haqi” deb qoʻyarda qoʻymay, choʻntagimga pul tiqishardi. Men boʻlsa, hech toʻymadim, koʻproq, yana koʻproq boʻlishini istadim. Momoginam Xudoning zorini qildi: “Hoy, bolam. Bizda ilgari ayol kishining non izlab, koʻchaga chiqishi or sanalgan, kim koʻchaga chiqsa, falonchining qizi, falonchining ayoli, deb erkaklariga taʼna qilingan. Illo, koʻchaga chiqib oylikchi boʻlib yurishmagan. Oh, biz ham qoʻlimizda oʻz pulimiz boʻlsaydi, erkaklar qatori shu uydan bir uzilib chiqib, ishlab kelsak ekan, deb orzu qilar edik. Mana, oʻqiding, kasbing bor, ishlab yuribsan, eringdan ham koʻproq pul topasan. Ering bechora “Xotinboy” deb ogʻzingga qarab turadi. Senga nima yetmayapti oʻzi? Shunday chiroyli juvon begona ellarga borib, choʻrilik qilib yurishdan or qilmaysanmi? Ular seni koʻrib, hamma oʻzbek shunday beor, bechora ekan deb, hammamizning ustimizdan kulmaydimi?” dedi. “Koʻzimga surtib oʻstirgan nevaramning allakimlarning eshigida xor-zor boʻlib, bechora boʻlib ishlab yurishidan or qilaman”, dedi. “Or qilsangiz, uyimni qayta qurib bering, mashina olib bering”, dedim. Endi oʻylab qarasam, men noshukrlik bilan oʻzimni xor qilib, oʻzimga, kasbimga, meni yaxshi koʻradigan bemorlarimga, qishloqdoshlarimga, momomga, bolalarimga xiyonat qilgan ekanman. Ilgari ogʻir jinoyatlar uchun oʻrislarning yurtiga surgun qilishgan. Mana, men ham oʻzimni surgundaman, deb hisoblayapman va oʻzimga oʻzim sen bundan ham ogʻirroq jazoga munosibsan, deyapman.

– Siz sirayam hamshiraga oʻxshamaysiz, – dedi tor shimi va kindiklari koʻrinib turadigan yengsiz, yoqasiz koʻylagi bilan hammaning gʻashiga tekkan qiz.

– Nega? – hayron boʻldi hamshira.

– Siz koʻproq oʻqituvchiga oʻxshaysiz. Bir muallimimiz boʻlar edi: “Menga xiyonat qilsang ham oʻzingga, oʻzligingga, oʻzbek degan nomga xiyonat qilguvchi boʻlma”, deb miyamizni qotirar edi. Maktabni tugatib, shundan qutuldim, deb yursam, Xudo bu yoqda sizni roʻpara qildi. E-e, Xudoyim-ey, och qoringa bunday balandparvoz gaplar nimaga kerak?

– Rostdan ham, onam ilon chaqqan uxlaydi, och odam uxlayolmaydi, der edi. Ochlik yomon narsa ekan.

– Hamma yogʻimga axlatlarning badboʻy hidlari oʻrnashib qolgandek…

– Uf-f!

Sim karavotlarning gʻichir-gʻichiri ancha vaqtgacha eshitilib yotdi. Qizlar uxlayolmayotgan edi, ammo baribir charchoq ochlikdan ham, xoʻrlikdan ham ustun keldimi, birin-ketin “oh”, “uf”lar toʻxtab, sokin pishillash va yakkam-dukkam xurraklar eshitila boshladi. Nozima qorni ochiqqanini umuman his etmas, nimagadir koʻngli aynir, qayt qilgisi kelardi: “Ha, hamshira qiz toʻgʻri aytdi. U ham xiyonatkor. Oʻziga, bolalariga xiyonat qildi”. Shu yerlarda shunday yurguncha bolalarining yonida qaynonasining tuvagini toʻkib yurgani yaxshi emasmidi? Koʻpincha ertalab va kechqurun qaynonasining tuvagini koʻtarib chiqayotgan qaynotasiga duch kelib qolardi, lekin hech qachon “Bering, bobo, erkak boshingiz bilan tuvak koʻtarib yurasizmi?” deb, uning qoʻlidan tuvakni olmagan. “Shuncha ishini qilganim kammi, endi tuvagini ham koʻtarib yurishim kerakmi?” der edi ichida. Endi!.. “Kuning qursin, Nozima!”

Nozima bolalikdan ikki qoʻlini juftlashtirib, chakkasiga qoʻyib, yonbosh yotishni yaxshi koʻrar edi. Bugun esa qoʻllariga oʻrnab ketgan qoʻlansa hid nafasini siqar, hamma qatori chalqancha yotsa, uxlayolmas edi.

Ertalab hamma tushkun kayfiyatda ish joylariga tarqaldi. Nonushta haqida na savol, na talab, na taklif boʻldi, ammo kim bir quti pechenye, kim bir yelim xalta qotgan non, kim ochilmagan baliq konservasi topib, oʻzlaricha “uvolni bilmagan oʻrislarni” yomonlab-yomonlab, nonushta qilib olishdi. Bora-bora axlat mashinasi kelgach, shoshib, talashib yemak topib, bir-birlariga maqtanib yeyishga odatlanishdi. Bu joylarning yozi juda qisqa boʻlar ekan, kuz boshlanishi bilan qishning zahri sezilib qoldi. Yengil-yelpi kiyimda kelgan “mehmon”lar endi axlatlar ichidan oʻzlariga issiqroq ust-bosh izlay boshlashdi. Nozima ham oʻziga binoyidek jemper, palto, issiq ishton va etikcha izlab topdi. Albatta, bu yerda ularni yuvishning iloji yoʻq edi. Topilganiga shukr qilib, yaxshilab qoqib-qoqib kiyib oldi.

Bir kun Begʻamboy yoniga keldi: “Uydagilar tushimga kirib, hech uxlayolmayapman. Erkaklar oʻzaro maslahat qildik, Vladikning galini olib, haydovchisi shaharga ketgan kun oʻldiramiz-da, qochamiz”.

Nozima qoʻrqib ketdi: “Mayli, qochaylik. Lekin kimnidir oʻldirib, emas. Olti erkak nahot bir erkakni ushlab, oyoq-qoʻlini bogʻlab tashlayolmaysizlar? U boʻshab olguncha, biz ketib boʻlamiz”.

“Yoʻq, yigitlarning koʻzi qonga toʻlgan, oʻldiramiz, deyapti”.

“Qoʻying, aka. Unday qilmanglar, jinoyat qilmasdangina shu yerlardan ketib olaylik. Erkaklarga oʻzingiz tushuntiring”.

Uning gapi Begʻamboyga maʼqul tushdi.

Erkaklarni ham shunga koʻndiribdi.

Axlat uyumlari orasida qochish rejasi ishlab chiqildi, kuni belgilandi.

Qochiladigan kun choshgoh payti “demokrat” axlat titib yurib, “voy-voy”lagancha yiqilib qoldi. Ishlayotganlarning hammasi har yoqdan “yordam”ga yugurib bordi. “Demokrat” esa koʻzini ochay demas, gʻujanak boʻlib olgancha, bor ovozi bilan dod solar edi. Kimdir “hovliqib” ishboshining yoniga yugurdi:“Yemu ochen ploxo. Skoriy nado viʼzvat!”. Kursisida oʻtirib, ularning harakatini kuzatayotgan ishboshining jahli chiqdi: “Kakoy skoriʼy tebe? V takoy dal skoriʼy ne viʼzovish. On ne bolen, a prosto yemu len. Seychas ya sam yego viʼlechu!”

U axlat uyumlarini oralab oʻtib, “demokrat”ning boshiga bordi. Yaltillab turgan etigining tumshugʻi bilan yelkasiga turtdi: “Ey!” “Demokrat” unga eʼtibor ham qilmay, dodlayverdi. Ishboshi uning yoqasidan tortib, oʻziga qaratmoqchi boʻldimi, engashib, yoqasiga qoʻl uzatgan edi, har doim Nozimaga oʻgʻriqarash qilib yuradigan polvon kelbat yigit boʻyniga bir musht tushirdi. Ishboshi shilq etib, yerga quladi. Kimdir chaqqonlik bilan uning choʻntagidagi toʻpponchasini olib qoʻydi, kimdir sumkasidan arqon chiqarib, oyoq-qoʻlini bogʻlab tashladi. “Demokrat” oʻrnidan sapchib turib, bogʻlanib yotgan ishboshini ayamay tepa boshladi. Unga boshqalar ham qoʻshildi. Hamshira esa chirillab koʻzlari qonga toʻlgan erkaklarning atrofini aylanib yotardi: “Hoy, boʻldi! Oʻldirib qoʻyib, qamalib ketasizlar. Bu yerda sizlarni hech kim kechirmaydi. Boʻldi. Biron musor mashina kelib qolguncha tezroq qochaylik. Boʻlinglar, tez!”

Mashina kelish xavfi hammani hushyor torttirdi. Shusiz ham yuz-boshi qonga belangan ishboshini tashlab, yoʻlga chiqishdi: “Har kim oʻzicha yursin. Hammamiz birga yursak, shubhalanishadi”.

Har kim har xil yoʻlni tanladi: kim yoʻlning oʻng tomonidan, kim chap tomonidan, kim dala yoʻlidan, kim oʻrmon oralab…

– Men katta yoʻldan ketaman, dala yoʻl, oʻrmon menga toʻgʻri kelmaydi, – dedi qizlardan biri, – hayvonlardan qoʻrqaman.

– Menga katta yoʻl kerak emas, men odamlardan koʻrqaman, – dedi Nozima.

– Men ham siz bilan ketayin, men yolgʻiz yurishga qoʻrqaman, – iltimos qildi hamshira.

Ular axlat uyumlari oralab, ortga qaytishdi. Ancha yoʻl bosishgach, koʻp qavatli uylar koʻrina boshladi. Ikki “hamkasb” suyunib ketdi. Shahar tortgan barcha azoblariga xotima boʻlib koʻrindi, lekin ular juda holdan toygan, ochiqqan edilar. Olisdan cherkovning tilla suvi yuritilgan qubbalarini koʻrib, yana sevinishdi. Axir u yerdan Xudo yoʻliga nimadir undirish mumkin-da. Aylanma koʻchalar bilan cherkovga yetib borguncha ikkalasining ham tinka-madori quridi. Qator-qator yogʻoch oʻrindiqlarga toʻla hashamatli cherkov kimsasiz huvillab yotardi. Ular ichkariga kirib, nima qilishlarini bilmay, katta sahnning oʻrtasida hayron turib qolishdi. Anchadan soʻng qaysidir burchakdan qop-qora libos kiygan salobatli bir kishi chiqib keldi. Hamshira Nozimani turtdi: “Siz gapiring, ruschani mendan koʻra yaxshi bilasiz”.

Nozima ham bilganicha tushuntirdi: “Ish axtarib topa olmadik. Endi uyga ketmoqchimiz. Ochmiz, pulimiz yoʻq. Bizga yordam bering”.

Ruhoniy ularga bir zum tikilib turdi-da, soʻng choʻqindi: “Sizga Alloh yordam bersin, bolalarim mening. Ikki koʻcha narida sizlarning machitlaringiz bor, oʻsha yerga borib, chin koʻngildan soʻrasangiz, balki mushkullaringiz oson boʻlar”.

Ikkalasi oyoqlarining terisini shilib tashlagan poyafzallarini yechib olib, koʻrsatilgan tomonga yugurib ketishdi. Kiraverishda hojatxona va tahoratxona bor ekan. Ular sumkalaridan yengilroq poyafzal olib kiyishdi va obdon tahorat qilib, machitning ichiga kirishdi. Ichkarida, xonaning girdini aylantirib qoʻyilgan oʻrindiqlarda yetti-sakkiz chogʻli kishi oʻtirar, toʻrda oʻtirgan oʻrta yoshlardagi soqolli kishi Qurʼon tilovat qilar edi. Qizlar bir chetga oʻtib, tilovat tugashini kutishdi, soʻng yuzlariga fotiha tortib, xona ustunlaridan birining panasiga oʻtib, ikki rakaatdan namoz oʻqishdi. Ular ibodatni tugatishganda machitni toʻldirib oʻtirgan ziyoratchilar tashqariga chiqib ketishgan, imom tasbeh oʻgirib yolgʻiz oʻtirar edi. Ularning salomiga ham ovozsiz bosh irgʻab qoʻya qoldi. Negadir shu odam Nozimaning koʻzlariga avliyolarga oʻxshab koʻrinib ketdi, u beixtiyor imomning qarshisida tiz choʻkib, yigʻlab yubordi:

– Bizga yordam bering, biz xato qildik, adashdik. Endi uyga qaytishga pulimiz yoʻq.

Imom kutilmaganda boshini koʻtardi, barmoqlari tasbeh aylantirishdan toʻxtadi:

– Uyga ketmoqchimisiz?

– Ha… – yigʻlashda davom etdi Nozima.

– Yuguring, hovlidagi odamlarni qaytarib keling, – dedi u sherigining kutilmagan holatidan anqayib turgan hamshiraga. – Boring, boring, ularning mashinasida joy boʻlishi kerak.

Ular buxoroliklar ekan, garchi charchab, holdan toygan uvada qizlarga yoqtirmay nazar tashlagan boʻlishsa-da, imomning iltimosini yerda qoldirishmadi.

– Xudo yoʻliga-da, inilar. Bular sizlarning singillaringiz, – dedi imom duo bergandan keyin ham.

– Oh, Buxoro! Axir Buxoro – bu Oʻzbekiston-ku, Oʻzbekiston esa qadrdon uy!-hayajon bilan shivirladi Nozima. – Ha, uy! Uy! Allohga shukr.

Haqiqatan ham ularga Xudo qarashgan edi. Sheriklari juda saxovatli, taqvodor kishilar ekan. Butun yoʻl davomida ularni ovqatlantirib, hol-ahvol soʻrab kelishdi. Buxoroga kelishgach, oʻrtadan pul chiqarib, uylariga olib boradigan mashinaga solib yuborishdi.

U uyga kelib, bir hafta yotdi, turmadi, turolmadi. Bir haftadan soʻng saharmardondan turib, chiroyli kiyimlarini kiydi, biroz pardoz ham qildi, ammo oynadagi aksi oʻziga yoqmadi, ranglari juda soʻlgʻin, koʻzlari mungli koʻrindi.

Rang koʻr, hol soʻr. Iris xola shuncha kundan buyon qizidan bir ogʻiz ham gap soʻramadi. Uning kiyinib, pardoz-andoz qilayotganini koʻrib, biroz koʻngli yorishdi.

– Ha, bolam?

Nozima yerga qaradi, nimagadir xijolat tortdi.

– Bolalarni koʻrgani bormoqchi edim, – dedi anchadan soʻng, uning ovozi titrab turardi. – Ona, besh-olti soʻm pul bering, bolalarimga biron narsa olay, – u pastki lablarini tishlab oldi, lekin koʻzlaridan duvillab yosh toʻkildi.

Iris xola qizining yelkalaridan quchdi:

– Yigʻlama, bolam.

– Ona, meni ularning uvoli urdi!..

– Unday dema, bolam. Har qanday ota-ona ham bolasiga toʻgʻri boʻl, deb urishadi, uradi.

– Yoʻq, ona…

Iris xola qizining oldiga bir taxlam pul qoʻydi:

– Ular kampir bilan adirdagi uylarida yashashayotgan ekan.

– Yaxshi.

U gʻalati ahvolda edi. Miyasi goʻyo muzlab qolganday karaxt, na yurgan yoʻlida, na koʻrayotgan narsalarida maʼno yoʻq edi. Markazdagi oʻyinchoq doʻkoniga kirdi, qiziga qoʻngʻiroqchali chiroyli sumkacha oldi, oʻgʻliga nima olishni bilmay, uzoq ikkilandi. Uning nimalarga qiziqishini bilmasdi. Buning ustiga endi maktabga borayotgan boʻlsa, unga oʻyinchoq kerak ham emasdir. Oʻylab-oʻylab, magnitli taxtachaga yopishtirib, har xil shakllar yasash mumkin boʻlgan mozaika oldi: “Otasi shunday narsalarga qiziqar edi”. Olgan narsalariga qarab turib, bolalarini juda ham sogʻinib ketganini his qildi, ularni tezroq koʻrgisi keldi. Nozima kelin boʻlib tushgan yillari uydagilar bilan adirdagi uyga goh olma tergani, goh xurmo tergani, goh shunchaki yozilib, dam olgani bir necha marta borgan edi. Adashmay topib borishiga koʻzi yetib turgan boʻlsa-da, ich-ichidan nimadir uzilib, oyoq-qoʻlidan joni chiqib borayotgandek, tobora bemador boʻlib borardi. Qaynonasi-ku, nima desayam, gapirib-gapirib, “kelib yaxshi qipsan, bolalaring sogʻingan edi”, deydi. Bu kampirning nari yogʻligi ham, beri yogʻligi ham bor. U kechirimli. Lekin qaynotasi hech narsa demaydi. Ana shu “hech narsa demaydigan” qaynotaga yuzma-yuz boʻlish hammasidan qiyin.

Taksi haydovchi rosa gapdon odam ekan.

– Ha-a, Robiya momoning qoʻrgʻonigami? Singlim, ancha ichkarilik ekan, picha qoʻshib berasiz, Boʻladimi?

– Boʻladi.

– Yashang! – haydovchi shalogʻi chiqib ketgan eski “Moskvich”ining eshigini “sharaq” etkizib yopdi. – Bu qoʻrgʻonning yoʻli juda notekis, shuning uchun mendan boshqa hech kim bormaydi. Lekin men, ishonsangiz, jon deb, mazza qilib boraman. Chunki bu qoʻrgʻonga hamisha mard odamlar boradi. Olloqul boboga-ku, gap yoʻq. Kampir hokim bilan gaplashib, yigirma besh gektar yer olibdi, desangiz. Hamma hayron, bu adirda lalmi bugʻdoy bilan isiriqdan boshqa hech narsa bitmaydi, axir. Bular shu yigirma besh gektarni agʻdartib, ming tup pista, ming tup bodom, yana qancha uzum ekdi. Bobo bu hovlisida koʻchat yetishtirar ekan, hammasini oʻzim tashidim. “Bobo, bu pistalar hosilga kirishi uchun kamida oʻn besh yil vaqt kerak, ungacha kim bor, kim yoʻq”, desam, “Oʻgʻlim, savobi-chi, savobi?” deydi. Suv chiqmagan joylarga chelaklab quyib chiqdi. “Bir tomir oldirsam boʻldi, keyin qor, yomgʻirning suvi bilan yashnab yotaveradi”, derdi. Bobosi tushmagur uddaladi. Qoyil! Momoyam juda oʻtkir kampir. Sal boʻlsa, telefon qilib, “Safarboy, bizga toʻrt yigit kerak, bobongiz charchab qoldi” deydi. Koʻchada nima koʻp, bekorchi yigit koʻp, zingʻillatib toʻrttasini olib boraman. Bechoralar minnatdor boʻlib qolishadi. Shu koʻchatlarning orasiga bugʻdoy ekishdi, zigʻir ekishdi. Ham daromad, ham buromad deganday. Ishonsangiz, koʻchatlar bexato olgan, yam-yashil boʻlib yashnab yotibdi. Qoyil qoldim, desangiz. Siz oʻzi Robiya momoning kimi boʻlasiz?

– Jiyani… – yerga qaradi Nozima.

– Bolalarigayam gap yoʻq. Biri ketsa, biri kelaveradi. Hammasi tanish boʻlib qolgan. Stoyankaga kelishlari bilan meni izlashadi, “Safar aka bormi?” deb, xuddi Safar akadan boʻlak taksi yoʻqday. Yonimdagilarning ichi kuyib qoladi, desangiz. Bir xil paytlari taksidan kechib, shu adirlarga koʻchib kelgim keladi. Kengliklarga qarasangiz, koʻnglingiz kengayib ketganday boʻladi. Ammo bu joylarda yashash, non topish uchun boshingda Robiya kampirday bir boshchi kerak. Koʻp emas, ikki yillarda har yili bir mashinaning pulini topishsa kerak. Pistalar hosilga kirsa-ku, pulning tagida qolishadi. Lekin bizning xotinga bunday tashvishlar yoqmaydi, u kishiga shahar kerak, bozor, doʻkon yonida boʻlsa…

Adir ustidagi uy, ming qoʻyli Murodalining qoʻrgʻonidek yam-yashil chorbogʻ oʻrtasida viqor bilan qad kerib turardi. Safarboy Nozimaning “hay-hay”lashiga qaramay mashinasini hovli ichkarisigacha haydab bordi. Nozima supada oʻtirgan qaynotasi bilan qaynonasining oldida juda xijolat boʻldi: “Obbo-o!”

Mashina toʻxtagach, Safarboy Nozimaga ham qaramasdan mezbonlarning yoniga oʻtdi: “Momo-o, mana sizga yordamchi olib keldim”. Ular bir Safarboyga, bir Nozimaga qarab, hangu mang, soʻzsiz qotib qolishdi. Har ikkalasi bu uchrashuv qachondir yuz berishini bilsalar-da, ammo shunchalar tez, shu holatda, shu kun boʻlishini, uni Safarboy oʻzining shaldiroq aravasida olib kelishini sira kutmagan edi. Yana… Nozima shu qadar maʼyus, shu qadar mungli ediki, undan nafratlanish, “senga endi bola kerak boʻlib qoldimi?” deb quvib solishning hech iloji yoʻq edi. Birinchi boʻlib kampir oʻrnidan turdi. Qoʻltiqtayoqlarini qoʻltigʻiga tirab, mashina oldida mungʻayibgina turgan Nozimaga quchogʻini ochdi:

– Kelaver, bolam. Safarboy, koʻrpachaga oʻting.

– Yoʻ, yoʻq, men boray. Hali stayankada qancha odam Robiya momoning qoʻrgʻoniga boraman, deb meni izlab yurgandir.

– Assalomu alaykum.

Nozima supaning yoniga kelib salom berdi. Ming xijolat bilan qaynonasining yelkasidan oldi, dimogʻiga urilgan tanish qalampir munchoq hididan boshi aylanib ketdi, tomogʻiga nimadir tiqildi. Qaynonasi begona bilan koʻrishayotgandek nomigagina bagʻriga olgan boʻldi, sekingina yelkalariga qoqib qoʻydi, soʻng koʻrpachaga taklif qildi:

– Koʻrpachaga oʻt.

Olloqul bobo indamadi.

Bu orada eski mashinaning “pat-pat”lashini eshitgan bolalar ichkaridan yugurib chiqishdi:

– Voy, ona-am! Ona-ajon-on! – Noila oyogʻiga ham kiymasdan Nozimaning quchogʻiga otildi.

Nozima qizining jajjigina vujudini bagʻriga olar ekan, koʻzlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi:

– Bolajonim, bolajonginam!-shashqator yoshlar orasidan ostonada eshikka suyanib turgan Sanjarni koʻrdi. Qizini yerga qoʻymasdan unga qarab yurdi. Ostonaga yetganda, Noilani koʻtargan holda, oʻgʻlining yoniga choʻnqanib oʻtirmoqchi boʻldi, ammo negadir munkib ketdi va yiqilib ketmaslik uchun tizzalab oldi:

– Bolam, bolajonim!

Sanjarning ham koʻzlari toʻla yosh edi. U lablarini tishlab, yuzini burdi. Nozima emranib, uni ham bagʻriga oldi, quchogʻi toʻlib ketdi:

– Bolajonim! Bolajonlarim! Men sizlarsiz oʻlib qolaman!

Sanjar uning boʻynidan qattiq quchoqlab oldi-da, hoʻngrab yigʻlab yubordi:

– O-ona-a! Ona-ajo-on!

Keyin vaqt juda tez oʻtdi. Nozima bolalarining izmidan chiqa olmay qoldi:

– Ona, yuring, mening xonamni koʻring.

– Ona, mening akvariumim bor, baliqlarimni koʻring.

– Ona, endi ketmaysizmi? Biz bilan shu yerda yashang. Sizsiz judayam zerikayapmiz. Ketmaysiz-a?…

Nozima uy egalaridan qanchalar xijolat tortayotgan boʻlmasin, bolalarining yonida boʻlgani uchunmi, qaynonasining kechirimliligiga ishongani tufaylimi, onasining uyidan topa olmagan xotirjamlik va halovatni shu yerda topganday edi. Xuddi oradan hech narsa oʻtmaganday, qaynonasining eski bir koʻylagini kiyib olib, belini mahkam bogʻladi-da, uylarni yigʻishtirdi, hovlini tozaladi, kir yuvdi. Muzlatkichdagi lahm goʻsht bilan dumbani koʻrib, ikki zuvalagina manti qilib tashladi: “Qaribop, yumshoqqina”. Mantini koʻrib, bolalar qiyqirib yuborishdi: “Ur-re, manti!” Noila esa onasiga tort buyurtma qildi: “Endi tort pishirib bering”.

Kun kech boʻlib qolgan edi. Unga iltijo bilan tikilib turgan qizchasiga qarab, koʻngli buzilib ketdi. “Nachora. Birovning uyi, u ketishi kerak”.

– Bolam, boshqa safar tort qilib beraman. Endi men ketishim kerak.

– Nega ketasiz? Ketmang. Momo, onamga ayting, ketmasin.

Robiya kampir bir nevarasiga, bir Nozimaga qaradi.

– Zarur ishing boʻlmasa, qol. Bularga bir tort qilib ber. Tuxum bor, qaymoq bor.

– Onamga qoʻngʻiroq qilib qoʻyishim kerak-da. Xavotir olishadi.

Robiya kampir choʻntagidan yaltillab turgan qoʻl telefoning chiqarib, unga uzatdi.

“Bu kampir balo!”

Tort pishgandan soʻng Nozima, Noila bilan Gulzorning yonida yotadigan boʻldi. Sanjar esa odatdagidek momosining yonida qoldi.

Robiya kampir shu kun biron ishga qoʻl urmagan boʻlsa ham juda charchadi. Hech kim indamasa, koʻzlarini yumsa-yu, uxlab qolsa! Ayniqsa Sanjarga ertak aytishga sira holi yoʻq edi. Sanjar ham charchagan, qaniydi shu bugun ertak soʻramasa edi.

– M-momo!

– Ha, bolam? – ertak aytmaslik uchun bahona izlab, ovoz berdi u.

– M-momo, bir narsa soʻrasam, xafa boʻlmaysizmi?

– Soʻra, bolam.

– Rostdan ham xafa boʻlmaysizmi?

– Sendan hech qachon xafa boʻlmayman bolam, soʻrayver.

– Momo… Men ham onamning oldiga borib yotsam maylimi?

Momo juda gʻalati boʻlib ketdi. Boʻgʻziga nimadir tiqildi. Beixtiyor nevarasini qattiq bagʻriga bosdi. U qizgʻanayotgan edi, ammo shu lahzada oʻzidan uyalib ketdi: “Hoy, kimni kimdan qizgʻanayapsan? Bolani oʻz onasidan qizgʻanayapsanmi?”

– Mayli, bolam. Bor, bora qol.

Sanjar momosining yuzidan oʻpdi:

– Faqat bir kechaga. Ertaga yana siz bilan yotaman. Siz qoʻrqmaysizmi? Sizning oldingizga Gulzor opamni yuboraymi?

– Mayli, bolam. Yubora qol.

Sanjar xonadan uchib chiqib ketdi: “Onasi-da!..”

Nozima juda erta uygʻondi. Ikki yonida yotgan bolalarini yuraklari orziqib oʻpdi, yelkalarini siladi, soʻng asta sirgʻalib pastga tushdi. Jim-jit hovlida muzdek musaffo havo qalqib turar edi. Uyning ortiga oʻtib, Safarboy maqtagan pistazor-u, bodomzorlarga qaradi. Tuya oʻrkachidek past-baland adirliklar ustida daftar chizigʻidek bir tekis qilib ekilgan koʻchatlarni qoplagan barglar erta-indin bu joylar gurkiragan bogʻ boʻlishidan darak berib turardi. Ohistagina yerga choʻkkaladi. Dimogʻiga namxush tuproq hidi aralash allaqanday yovvoyi gullarning yoqimli hidi urildi. Qayerdadir toʻrgʻay sayradi, ot kishnadi. Hamisha ot kishnashini eshitganda beadogʻ kengliklar koʻz oʻngida namoyon boʻladi, yuragi kengayib ketgandek, vujudida bir betakror halovat his etadi. Hozir ham shunday boʻldi. Adirlar ortidagi osmon bilan tutashib turgan togʻlarga, qarshisida yastanib yotgan qir-adirlarga, oyoqlari ostida gʻimirlab yurgan chumolilarga xuddi soʻnggi bor koʻrayotgandek yuraklari orziqib tikildi. Ancha oʻtib, hovlidan qaynotasining tomoq qirgani eshitildi. Oʻrnidan turib, hovliga oʻtdi. Qaynotasi qoʻylar yotadigan qoʻraning eshigini ochayotgan ekan, borib salom berdi, qoʻylar pastga enib ketguncha, polizga oralab ketmasin, deb, ekinzor tomonni toʻsib turdi. Shundayam bobo hech narsa demadi, na salomiga alik oldi, na biron soʻz aytdi. Uning xoʻrligi keldi. Indamay oshxonaning ortida yotgan supurgini olib hovlini supurdi. Choy qoʻydi. Kechqurun qaynonasi koʻrsatgan sigirni sogʻib, sutini pishirdi. Bolalarining turishiga deb, yumshoqqina sutli shavla osib qoʻydi, soʻng qaynonasining yoniga kirdi. Robiya kampir allaqachon turib, ichkarida tahoratini olib, namozini ham oʻqib boʻlgan, televizorini sekingina qoʻygancha, qandaydir kinoni tomosha qilib oʻtirgan edi. Nozima kirgach, Gulzorni turgʻizdi.

– Kel, oʻtir, – dedi Nozimaga sovuqqina qilib.

Nozima biroz oʻngʻaysizlanib, Gulzorning joyini toʻgʻirlagan boʻldi-da, karavotining bir chetiga oʻtirdi:

– Choy qildim. Qayerga dasturxon qilay, deyayotgan edim…

– Bolalar turishsin-chi… Sen… qancha vaqtga kelding?

Nozima yerga qaradi:

– Men… endi ketmayman.

– Nega?

– Bolalarimni sogʻindim, – boshqa hech qanday javob kampirning koʻnglini yumshata olmas edi, shu lahzada kampirning koʻziga yaxshi koʻringisi kelib ketdi.

– Shundaymi?

– Xola, men juda koʻp xatolar qildim, ishoning, birini bilib, birini bilmay qildim. Qaysar, ahmoq feʼlim bilan sizning ham dilingizga koʻp ozor berdim, bolalarimni ham qiynab qoʻydim. Mana, oʻzim ham boshi berk koʻchaga kirib qoldim. Na uyim bor, na ishim bor. Sizga bolalarimni bering ham deya olmayman, uysiz, pulsiz ularni qayerga olib boraman? Ularni shuncha azobga qoʻyganim ham yetar. Siz menga koʻp yaxshiliklar qildingiz, bolalarimga onalik qilayapsiz. Faqat mening bolalarim uchun issiq uyingizdan kechib, shu adirlarda yashab yuribsiz. Men oʻzimni oʻylab, chet ellarga ketdim, siz mening bolalarim uchun yarimta joningizga jabr qildingiz. Sizning oldingizda uyatliman, qarzdorman. Bir umr eshigingizda choʻrilik qilsam ham qarzimni uza olmasam kerak. Hammasi uchun rahmat.

Bu Robiya kampir uchun butunlay kutilmagan tazarru edi. Kampir avvaliga Nozimaga hayron-hayron qaradi. Qarshisida oʻtirib, tavba qilayotgan juvon oʻsha oʻzi bilgan Nozima ekanligiga sira ishongisi kelmas edi. Ammo eshitayotganlari shu qadar mahzun va samimiy edi-ki, beixtiyor koʻzlariga yosh keldi. Nozima gapini tugatgandan keyin ham ancha jim qoldi. Nihoyat qaynonasining uzrini qabul qilmagandek jim oʻtirishidan oʻngʻaysizlanib, oʻrnidan turayotgan Nozimaga qarab, xayollarini yigʻib oldi:

– Nozima, joyingga oʻtir, – kampir namlangan mijjalarini artdi. – Menga qara, boʻlari boʻldi. Agar xoʻp desang, shu yerda qol. Nevaralarim uchun hech kim sening oʻrningni bosa olmaydi. Bor-yoʻgʻimizni shu adirlarga sochdik, Hajga atalgan pullarimiz ham shu yerga ketdi. Yarim jon holimda Hajda nima qilaman, dedim. Shu pul nevaralarimning kelajagiga yarasin, dedim. Bu joylarni biz xazinaga aylantirdik. Maktabingni ham qoʻy, shu yerdagi ishni boshqar. Boʻlmaganda ikki yilda mashina minasan, topgan rizqing oʻzing, bola-chaqangdan ortib, birov-yarim beva-bechoralarga muruvvat koʻrsatishga ham yetadi.

Endi Nozima hangu mang boʻlib qoldi. Bir zum kampirga hayrat bilan tikilib turdi-da, soʻng oʻrnidan sapchib turib, kampirni quchoqlab oldi:

– Rostdanmi? Rostdanmi, onajon?! Shu yerda qolsam boʻladimi?

– Albatta, bu uy, bu bogʻlar Sanjar bilan Noilaniki, demak, u seniki ham!

– Yoʻgʻ-ye?! Lekin bobom rozi boʻlarmikin? Oʻgʻlingiz ham…

– Hammasini oʻzimga qoʻyib ber.

 

* * *

Oʻsha kuni ham ertalabdan oyoq-qoʻli qaqshab ogʻridi. Bomdodga ham tura olmadi. Kun yoyilgach, bir amallab turib, hovliga chiqdi. Hassaga suyanib, keksa tutning soyasiga qoʻyilgan supaga borib oʻtirdi. Asalari qutilarining atrofida timirskilanib yurgan bobo ham kampirining yoniga keldi. Dasturxonning bir chetida bostirib qoʻyilgan choynakning ustini ochdi:

– Nozima yumshoqqina sutli shavla qilgan ekan. Oʻzi bozorga ketdi. Yarim kosagina suzib kelaymi?

– E-e, yoʻq, negadir hech narsa yegim kelmayapti.

– Kampir, sen meni qoʻrqitma. Onam ham ketishidan oldin hech narsa yemay qoʻygan edi, – hazil qildi bobo.

Kampir kuldi:

– Si-iz, qoʻrqmang, bobosi. Mening hali-beri ketish niyatim yoʻq. Sizni, shunday uy-joylarni kimga tashlab ketaman? Yoʻq, ketmayman.

– Ha, boʻlmasa, chatoq ekan, – oʻzicha oʻyga botdi bobo.

– Nima, biron rejangiz bormi? Meni joʻnatib, biron yoshrogʻini olib kelmoqchisiz, shekilli-a?

Bobo kuldi:

– Yoʻgʻasam, choʻzilib yotavermay, mundogʻ qimirla-da.

Soylikdan keladigan yoʻlda oq mashina koʻrindi.

– Ie, biznikiga mehmon kelayotir-ku, – oʻrnidan qoʻzgʻaldi bobo, – Asalga odam kelayotgan boʻlsa kerak.

– Kim biladi, asalgami, oʻzingizgami? Kampirim ogʻir yotibdi, degan boʻlsangiz, omonatini topshirib boʻlgandir, deb…

Mashinadan ikki barvasta yigit tushdi.

Soʻrashuvdan soʻng, bobo mehmonlarning yuziga savol nazari bilan qaradi:

– Kelinglar, nima tashvishlar bilan yuribsiz?

– Biz bundan besh yil avval sizlarni biroz tashvishga qoʻyganmiz, – dedi yoshi kattarogʻi. – Biz bir tuhmat bilan qamoqqa tushib qolganimizda, bir hoji birodarimizga ancha kun uyingizdan joy bergansiz, obroʻyingizni tahlikaga qoʻyib, kerakli odamlar bilan uchrashtirgansiz. Hoji akamiz sizlar haqingizda koʻp yaxshi gaplar aytgan edilar. Ilojini topsangiz, yaxshiliklarini qaytaring, degan edilar.

Cholu kampirning koʻzlari hayratdan katta-katta boʻlib ketdi.

– Siz… Sizlar otuvga hukm qilingan edilaringiz-ku? – dedi kampir choliga navbat bermay.

– Ha, shunday boʻlgan edi. Biz appelyasiyaga berdik. Hoji birodarimizning saʼyi harakatlari bilan “dori”ning haqiqiy egasi topildi. Keyin bizni ozod qilishdi.

– Yoʻgʻ-ye!

– Rostdanmi? Koʻp ajoyib ish boʻlibdi-da.

– Ha, Allohga shukr. Shunga sizlarni izlab kelgan edik. Biron xizmat aytinglar, koʻngillaringizni olaylik.

– E-e, yoʻgʻe, bizning hech qanday ishimiz yoʻq, hamma narsamiz yetarli, – dedi bobo mehmonga choy quyib uzatar ekan. – Shu balolardan eson-omon qutulibsizlar, biz shunga xursandmiz.

– Momoning picha tobi yoʻq, deyishdi. Agar “xoʻp” desangiz, Dushanbeda ajoyib shifoxonalar bor, olib ketib, davolatib kelamiz.

– Yoʻgʻ-e, men momongizsiz bir kun ham yashay olmayman, – kuldi bobo.

– Istasangiz, sizni ham birga olib ketamiz. Bizda bahavo joylar koʻp, aylanib, dam olib qaytasiz.

– Yoʻq, yoʻq. Sizlar bahuzur, bizdan hech xijolat boʻlmanglar. Biz juda katta xizmat ham qilganimiz yoʻq. Mehmoningiz bir parcha joyda yotib turdi, yarim kosa ovqatimizga sherik boʻldi. Kecha-kunduz namoz oʻqirdi, Allohdan sizlarning duoi jonlaringizni soʻrab… Biron yaxshilik qilmoqchi boʻlsangiz, oʻsha birodaringizga qiling.

Keluvchilar bir nafas jim qoldi.

– Qaniydi iloji boʻlsa!-chuqur “uf” tortdi yoshrogʻi yerga qarab. – U kishi oʻtib ketdilar.

– Nega?

– Oʻzlari biroz betobroq edilar. Yana bizning tashvishimizda koʻp aziyat chekdilar. Bizning avf qilinganimizni eshitdilar, ammo ozodlikka chiqqanimizni koʻra olmadilar.

– Afsus… Alloh rahmatiga olgan boʻlsin.

– Oʻzlari shoir odam edilar, uch-toʻrt kitoblariyam chiqqan. Adolatsizlikka chiday olmas edilar. Hamma narsani yuraklariga olar edilar.

– U kishini biznikiga joʻnatgan Abdurahmonboy degan akamiz “Biz bilan ishlaydi”, degan edi-ku.

– Toʻgʻri, institutda ishlagan edilar, lekin oʻzlari shoir edilar. Bizlar asli qoʻqonlikmiz, bobolarimiz Qoʻqonda katta shoir oʻtganlar. “Quloq-quloq” davrida otalarimiz Tojikiston tomonlarga oʻtib ketishgan. Shundan bizlar ham tojikistonlik boʻlib ketganmiz.

– Ha-a, taqdir-da, inim.

Mehmonlar ketayotib, supaning chetiga bir taxlam pul qoʻyishdi: “Quruq qoʻl bilan kelgan edik. Nevaralarning kamu koʻstiga ishlatarsizlar”.

Bobo pulni qoʻyarda-qoʻymay qoʻllariga tutqazdi: “Unday demang, nevaralarning ota-onasi bor, shunday hovli-joyi, bogʻ-rogʻi bor. Buni olib qoʻying”.

Mehmonlar qattiq oʻtindi: “Yoʻq, demang, bobo. Ogʻir kunimizda bizga yaxshilik qilgan odamlarni biz ham bir izladik, izzatiga yetdik, deb koʻnglimizni tinchitishimiz uchun shuni oling”.

“Mayli, boʻlmasa”.

 

* * *

Sanjar Toshkentga ketgan yili bobo qattiq ogʻrib qoldi. Ayniqsa, tiramohning oxiriga borib, yotgan joyida hazil-huzul qilib yotgan boʻlsa ham, koʻzlari soʻnib borayotgani koʻrinib turardi. Bir kuni toʻngʻich qizi kelib, rosa janjal qildi:

– Ena, boʻldi-da endi. Adirning ustida soʻppayib oʻtiraverasizlarmi? Nevaralarimni oʻgaylatmayman, deb shu yerlarga kelgan edingiz. Nevaralaringiz ham egalik boʻldi. Hammamizning yuzimizga oyoq qoʻygan bir ayolga shunday uy-joy, bogʻ-chorbogʻingizni topshirdingiz. Yoʻq joydan boybichchaga aylandilar u xonim. Taglarida mashina, qoʻllarida jaraq-jaraq pul. Mayli, bolalar uchun biz rozi. Alloh ham kechirimli bandalarini suyar ekan. Ammo shuncha oʻgʻil-qizingiz boʻla turib, kelinning boʻsagʻasiga yopishib yotavermay, pastga tushing, adirga qatnayverib, charchab ketdik.

Kampirning ham avvalgi shashti yoʻq, ammo:

– Hay, bolam-a, kalta oʻylaysan-da doim, – deydi nursiz koʻzlarini olislarga tikib. – Sanjarim Toshkentga ketdi, katta doʻxtir boʻlishi uchun toʻqqiz yil oʻqishi kerak ekan. Hali zamon izidan Noila ketadi. Ikki bolani manavi pista-bodomlarning daromadi boʻlmasa, Toshkentda oʻqitish osonmi? Ikki bolasi ketsa, mushtday poshikastani adirga yolgʻiz tashlab, qanday ketaman? U akang bilan yashamayotgan boʻlsa ham odamlar “Robiya kampirning kelini” deydi uni, bolam.

– E-e, ena, bilganini qilsin. Qaytam sizlar boʻlmasangiz, erga tegib ketardi.

– Bolam, men avval boshdan uning yoʻlini ochib qoʻyganman. Nevaralarimga ola qaramaydigan birov yarim boʻlsa, turmushga chiqaver, deganman.

– Ha, bu shoʻrning ham ogʻzi kuydi-da oʻzining yengiltakligidan. Anavi Hamdam yer yutgur ham necha yoʻlini toʻsib chiqibdi. Bu rozi boʻlmabdi. Uning ham otasi ishdan ketib, bir notarius opasi bor ekan, ikki yuz ellik million kamomad qilib qoʻyibdi. Bor-yoʻgʻini sotib, shu kamomadni toʻlashib, qip-yalangʻoch boʻlib qolishibdi.

– Qilma toparsan, deyishgan-ku.

– Endi butun oila Rossiyaga, onasining yurtiga koʻchib ketganmish.

– Oʻsha yoqlarda yoʻq boʻlib ketsin, iloyim.

– Yoʻq boʻlsa, yoʻq boʻlsin. Nozima ham yosh bola emas. Endi siz taxta-oʻqlogʻingizni yigʻishtiringda, pastga tushing.

Oʻsha kuni kechki payt bobo ogʻirlashib qoldi.

Momo Noilani xonasida qoldirib, boboning yoniga oʻtdi:

– Odamni qoʻrqitmang, bobosi. Sanjarning oʻqishga kirishini kutib yurganmidingiz?

– Yana qanday ishing qoldi, kampir? Bolalarning hammasini uyli-joyli qildik, nevaralarning ham oldi uyli boʻldi. Bir xavotiring Sanjar boʻlsa, ana, oʻqishga kirdi. Endi qoʻl ushlashib…

– Yoʻ-yoʻq, bobosi! Hali u toʻqqiz yil oʻqishi kerak. Izidan Noila boradi. Oʻylab-oʻylab, shu uyni sotib, Toshkentdan bir uy olib bersakmi shularga, deyapman. Ular oʻqib, katta doʻxtir boʻlsa, bu adirda nima ish qiladi? Katta doʻxtirlar katta joylarda ishlashi kerak. Toshkentdan uy olsak, to birini uylantirib, ikkinchisini uzatguncha, biz ham oʻsha yerda turib turamiz. Dom, issiq-sovuq suv, hamma sharoiti bor. Mana shunday yotsangiz ham mayli, faqat iltimos, oʻlmay turing.

– Men bilan ketmaslik uchun yolgʻondakam iltimosmi bu? Zoʻr artistsan-da, momosi.

– Yoʻq, bobosi, chin yurakdan aytayapman. Shularni katta qilguncha ozmuncha qiynaldingizmi? Endi oʻzlari choyimizni damlab, ovqatimizni qiladigan boʻlishdi. Biz faqat yonlarida dalda boʻlib tursak boʻldi.

– Yoʻq, momosi, mening safarim qaridi. Sen hali koʻz tegmasin, bardamsan. Inqillab-sinqillab yurganlaring bir bahona ekan. Yoki xotin kishining joni qirqta deyishgani rostmi? Mayli, men bilan ketmaganing ham maʼqul. Bolalar senga juda oʻrganib qolishgan. Oʻzingni ehtiyot qil. Mendan rozi boʻl, – bobo ogʻir yutindi, oʻzi kulib turgan boʻlsa ham mijjalarida yosh aylandi.

Momo uning qoʻllaridan ushladi:

– Unday demang, bobosi. Huzur-halovat koʻrib, endi oʻzimiz uchun yashaydigan davrga yetib keldik-ku. Meni tashlab ketmang.

– Men sen bilan bir umr huzur-halovatda yashadim. Men sendan roziman. Sen nevaralarga juda keraksan, – qoʻllarini tortib olib, momoning serajin yuzlarini siladi. – Sen xuddi farishtalarga oʻxshayapsan. Mendan rozi boʻl.

– Men sizdan mingdan ming roziman, bobosi, lekin siz shoshmay turing, – momo yigʻlab yubordi. – Men bolalaringizni chaqiray. Ulardan baloga qolib ketmayin yana.

Bobo pichirlab kalima qaytardi, soʻng qayeridir ogʻriyotganday lablarini tishladi va koʻzlarini yumdi, kipriklari orasidan bir tomchi yosh sizib chiqdi.

Momoning yuragi bandidan uzilib tushganday boʻldi. Birdaniga dunyo huvillab qoldi. Ohista egilib, oltmish yillik uzangi yoʻldoshining koʻksiga bosh qoʻydi. Uning koʻksi oyoqlari ostidagi adirlardek keng tuyuldi. Koʻzlaridan duvullab yosh quyildi:

 

Mungʻayganda mungdoshim, voy toʻramov, kunimov,

Suringanda sirdoshim, voy toʻramov, kunimov,

Sensiz dunyoni ne qilay, voy toʻramov, kunimov,

Koʻnglimdagi quyoshim, voy toʻramov, kunimov.

 

Kampir goʻyo cholining qulogʻiga aytayotganday shivirlabgina yoʻqlayotgan boʻlsa ham, yuragi ezilib, sel boʻlib oqardi:

 

Osmondagi oq bulut, voy toʻramov, kunimov,

Yuragimga yogʻib oʻt, voy toʻramov, kunimov,

Bosh egamdan ayrildim, voy toʻramov, kunimov,

Qanotlarim qayrildi, voy toʻramov, kunimov…

 

Momomning xavotiri Noiladan edi: “Uxlab yotgan boʻlsa, qoʻrqib ketmasin”. Bir vaqt kimdir kelib yelkasidan quchoqladi: “Momojon!..”

Robiya momo ortiga oʻgirilib, yigʻlab turgan Noilani koʻrdi. Noilasi shuncha katta qiz boʻlganini ilgari sezmagan ekan, “xuddi ammalarining oʻzi!” Oʻzini nevarasining bagʻriga tashladi: “Bobongdan ayrilib qoldik, bolam. Bor, onangni uygʻot”.

 

Jamila ERGASHYeVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2–4-sonlar 

https://saviya.uz/ijod/nasr/qir-ustidagi-ayol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x