Millat kuychisi

Har doim Shavkat Rahmon nomini tilga olganimda beixtiyor “isteʼdod” degan soʻzni shoirning ismidan oldin talaffuz etgim keladi. Uning isteʼdodi oddiy soʻzlarga, shunchaki taʼriflarga sigʻmaydi. Oʻzi aytganidek, “baxt – cheksizlik” ekan, shoirning isteʼdodi ham cheksizdir, degim keladi. Shoirning “Saylanma”sida “Katta kun” deb nomlangan bir sheʼri bor. Sheʼr shunday boshlanadi:

 

Bu qanday kun oʻzi,

qanday kun oʻzi,

hattoki, mushuklar, itlar ishshaydi.

Soxta qahramonlar ketdilar toʻzib,

yolgʻon daholarning ogʻzi qiyshaydi.

Elning boshiman deb yurgan kaslarda

bosh oʻzi yoʻqligi xoʻb boʻldi ayon.

 

Bu sheʼr shoirning oʻttiz yoshlarida, yaʼni, 1987 yilda, Vatanimiz hali Mustaqillikka erishmagan rutubatli yillarda yozilgan. Shuning uchun ham sheʼrda “yolgʻon daholar”ning asl basharasi fosh etiladi. “Elning boshiman” deganlarda – boshning oʻzidan asar ham yoʻqligini shoir qalb koʻzi bilan koʻradi, teran his etadi. “Bu qanday kun oʻzi” deya hayqiradi. Hasratdoshining qulogʻiga shivirlaydi: “Qanday kunligini bila oldingmi?”.

Shavkat Rahmon shoir elning, vatanning vijdoni, imoni boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi. Zero, uning oʻzi shunday pokiza vijdon sohibi edi.

 

Pokiza koʻringan ne-ne dastlardan

parron bir yogʻduda yolqinlandi qon.

Bu qanday kun oʻzi,

qanday kun oʻzi,

joy-joyiga qoʻyar hamma narsani,

qay bir munofiqning oʻynatib koʻzin,

bir necha yuziga tortar tarsaki.

 

Farishtadek xizmat qilganlarning ham – borligʻidagi qon tashqariga sizib chiqib, yogʻdudek sachrab, “vayrona”ga aylanganiga ishora qiladi. Ishoraki, “hamma narsa”, jumladan, oqibat va vijdon, diyonat va sadoqat kabi oʻlmas insoniy fazilatlar oʻz oʻrnida turishini kuzatadi, guvoh boʻladi. Uni yana qismatdoshidan oʻzini istagan javobni eshitmoq ilinjida soʻraydi: “Qanday kun oʻzi?”

Sheʼr satrdan-satrga teranlashib, oʻziga xos ohang kasb eta boradi. Shoirning qalb nidolari kitobxonni oʻziga mahliyo etganicha izidan ergashtiradi, shu birgina “qanday kun oʻzi” degan hayqirigʻi bilan qalbimizga singib ketadi.

 

Chekka-chekkalarda qilgancha gʻiybat,

ishratni omol deb bilgan oʻysizlar

qoʻymijoz bu elning tili yoʻq derdi,

ogʻzingni och elim,

koʻrib qoʻysinlar.

 

Shoirning isyoni goʻzal! Uning qahramoni millatning orzu-armonlari, dilidagi pinhon saqlagan ezgu soʻzlari-yu, hayajonlaridan soʻz ochadi. Sheʼrdagi bir maromdagi ruhoniy kayfiyat ketma-ketligi, musiqiyligi, ohangraboligi zukko sheʼrxonning borligʻini vulqondek titratadi. Bu “titroq” keyingi satrlarda yanada kuchayadi.

 

Filodim bu kunning sasin eshitib,

Soxtalar zirillar – panoh topilmas.

Narxi koʻtarilar sichqon teshigin,

Hayratdan ogʻizlar endi yopilmas.

 

Munofiqlarning asl yuzini koʻrgan shoir hech ikkilanishsiz hayratlanadi. Bu hayrat “qanday kun oʻzi” degan alamli savolga munosib javob boʻlib maydonga chiqadi. Oʻzlarining aybini yashirish maqsadida sichqon iniga boshlarini uradilar. Pana-panalarga oʻtib, boshsiz gavdalarini yashirishga urinadilar. Bular kim edi shoir oʻyida? Millatni “qurt” kabi yeb bitirayozgan – ikkiyuzlamachi, firibgar va sotqinlar edi. Publitsistik ruhdagi ushbu goʻzal sheʼr shunday yakunlanadi:

 

Ey, dilim,

dunyodan ozurda boʻlma,

kelajak kunlarga ishonmoq xoʻbdir.

Bitta katta kunni koʻrding hozircha,

bu elning kattakon kunlari koʻpdir.

 

Baʼzan shoirni umidsizlikni koʻproq kuylagan, barcha maqsadlarni umidsizlik ichiga olib kirgan, degan asossiz gap-soʻzlar yuradi. Aslida shoir “dunyodan ozurda boʻlma” deb oʻzini-yu oʻzgalarni yorugʻ kunlarga, umidlarga, nurli kelajakka chorlaydi. “Bu elning kattakon kunlari koʻp”ligiga ishonadi, ishontiradi.

 

Otajon NOROV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/millat-kuychisi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x