Men chempion boʻlgan yakshanba

* * *

Ushbu hikoyada oʻn bir yoshli bolaning futbol boʻyicha jahon chempionatining final matchi oʻtkazilgan kun – 1954 yil 4 iyulda koʻnglidan kechirgan his-tuygʻulari qalamga olingan. Germaniya terma jamoasining venger futbolchilari ustidan qozongan kutilmagan gʻalabasi hikoya qahramonini toʻlqinlantirib yuboradi, unda Vatanga muhabbat hamda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi.


 

Friydrih Kristian DELIUS

 

Men jahon chempioni boʻlgan yakshanba, xuddi odatdagi yakshanbalarga oʻxshab boshlandi: jom sadolari meni uygʻotib, tushlarimni ham uzuq-yuluq boʻlib yubordi, nogʻoraning ikkala tarafiga ham daranglab zarb urilganidan quloqlarim qomatga kelib, butun tanam zirqirab ketdiki, noiloj devor tarafga oʻgirilib oldim. Butxona minorasi men yotgan karavotdan uncha uzoq boʻlmagan joyda edi, bunda na adyol, na bolish yordam beraolar, jom sadolari derazalaru eshiklar, darchalar va devorlar osha oʻtib, xonani toʻldirib yuborar, chiroqlar, oynalar, koʻzgularni zirillatar, garchi qoʻngʻiroq sadolari butun qishloq, vodiy va chor-atrofdagi oʻrmonlarni ham koʻmib yuborayotgan boʻlsa-da, baribir mening quloqlarimdan boshqa joy qurib ketganday, nuqul ular atrofida aylanishar, har qanday shovqin-suronni bosib, har qanaqangi fikrni chippakka chiqarishdan boshqa maqsadlari yoʻq edi goʻyo. Yuqoridan quyiga qarab taralayotgan ogʻir, vazmin, kuchli zarbalar menga kelib urilar, tepalik manzarasida koʻzim ilgʻagan muallaq vaznsiz, qushday yengil bir siymoning xira, tussiz qiyofasini betinim yulqilar, shovqin-suronlar uni ayamay mayda-mayda qilib parchalar, goʻyoki biron-bir man etilgan narsa, biron-bir nozik nimarsa goʻyoki kuch bilan miyamdan chiqarib, sugʻurib tashlanishi lozimdek koʻrinardi.

Ertalab soat yettida chalingan qoʻngʻiroq sadolari yakshanba ekanligidan darak berardi, oʻn besh daqiqa mobaynida ular izmida qoldim. Biroq men norozi bir kayfiyatda gʻoyib boʻlayozgan suratlarni eslab qolishga urinardim, menimcha, oʻsha yengil sharpa, ehtimol qiz bolaning surati edi, uning yonida, dengizda bobomni ham koʻrganday boʻldim, u oʻzinning suvosti kemasisiz, qoʻllarini havoda silkib turardi. Bilmadim, uning uchun biron-bir xavf tugʻilganmi, balki shuning uchun u meni yordamga chaqirganday boʻldimi, harholda film uzilib, kadrlar oʻchgan, men boʻlsam quruqlikda edim, meni uygʻotib yuborishgandi.

Men endi oʻsha oʻzimga tanish shovqin-suron, toʻs-toʻpolon uzra engashib, muqarrar bir holatga bardosh berib, birin-ketin yangrayotgan ogʻir, vazmin, salmoqdor uchtovushlikdan lazzatlanishga, musiqaga oʻxshash bir nima, metallar jarangining ohangimi yoki loaqal vazn, marom, maqommi, shunga oʻxshash nimanidir kashf etishga urinardim. Katta jomdan chuqur ohang asta-sekinlik bilan taralar, kichigi esa tez, yangroq jaranglar, oʻrtadagisi jiddiy, tiniq, murosasozlik ohangiga moyil ovoz chiqarardi, uchchala tovush betinim, birin-ketin va ayni paytda dam oʻzgaruvchan, dam hatto sanasa boʻladigan darajada ketma-ketlik bilan yangrardi. Menga qolsa, hozir meni behush qilsalar-u, koʻtarib olib ketsalar, tovush toʻlqinlari uzra oʻsha, ochiq dengizda, ummondaligiga qaramasdan mundir(libos)i hoʻl boʻlmagan bobom ortida, koʻm-koʻk manzara ortiga singib ketgan oʻshal qiz ketidan suzi-ib ketsam… Lekin bir maromda yangrayotgan jom sadolari taʼsirida suratlar tinimsiz tebranar, chayqalar, ularga monand men ham tebranardim, ammo baribir, tushimning davomini yoʻqotib qoʻydim, uni tiklashga qanchalik urinmay, koʻm-koʻk ufq bagʻriga singib, koʻzdan gʻoyib boʻlgan ul chehrani, dengizda, ummon bagʻrida turgan bobomni afsuski qutqara olmadim.

Menda faqat birgina imkoniyat bor edi: u ham boʻlsa, oʻz boshimdan oʻtkazayotgan hamlaga oʻxshash kechinmalarga koʻnikish edi. Endi men yuqorida, minora tepasida boʻlishni xohlardim, u yerda mendan koʻra kuchliroq, ikki yo uch yosh kattaroq, cherkov ahli qatoriga qoʻshilgan oʻsmirlar ibodatxona yuqorisidagi jom chalinadigan joyda turib olishib, uchchala qoʻngʻiroq arqonlarini birday tortishar, shu tariqa derazalarni zirillatib, butun qishloqni uygʻotishardi, qoʻngʻiroq ovozlari esa tovushlar toʻlqinlariga aylanib, uzoq-uzoqlarga ketardi. Men xuddi oʻsha joyda – yuqorida boʻlishni istardim, u yerda shamol ochiq derazalarning ravoqlaridan, shinak va tuynuklardan gʻuvillab kirardi, men endi shovqin-suron izmiga berilishdan koʻra uni oʻzim yuzaga keltirishni maʼqul koʻrardim. Xavf-xatarga toʻla tom toʻsinlari, zinapoyalar va narvonlar, chang bosgan, tebranib turgan qirrali yogʻochlar uzra hayajonga toʻlib turgan koʻyim arqonlarni birga tortisha boshladim. Avvallari ham, gohi-gohida shanba oqshomlarida, toʻy-hashamlarda yoki dafn marosimlarida qoʻngʻiroq chalishib turardim. Dagʻal devor toshlari orasidan pastga – omborxonalarning uzun tomlariga, uylarning qizgʻishrang cherepitsa(tomga yopiladigan sopol – tarj.)lariga, kulrang yoxud qoramtir, qoʻngʻir tusli faxverk (sinchli) inshootlarning toʻsinlari orasidagi oqishrang suvoqli naqshlarga nazar tashladim, shu koʻyi hovlilar va bogʻlar boʻylab kezindim, ayni paytda esa bor kuchim bilan dam bu, dam boshqa arqonga yopishib torta boshladim, goʻyoki zirillab, dirillab turgan tebranishlar va chayqalishlar bilan oʻzimni oʻzim zoʻrlab, majburan murosaga keltirmoqchi boʻlardim, goʻyo qoʻngʻiroqlar oʻzim bilgan, udda qila oladigan asboblar boʻlib tuyulardi shu damda.

Bir necha lahzalar davomida qulogʻimga ovozlar uygʻunligidan boshqa hech narsa kirmay, yuqorida – qoʻngʻiroqlar izmida turib qoldim. Soʻngra jom tovushlariga qoʻshilib, uchi-ib ketdim, ostimda uch qavatli mehmonxona joylashgan koʻcha chorrahasi, musofirxonadagi “chanqasang, pivodan yaxshi narsa yoʻq” deb yozilgan reklama lavhasi koʻzga tashlanar, men esa traktor mingan odamlar, sut bidonli ayollar, ot-ulovlar, yuk ortilgan aravalar va sigir podalari ustidan uchib oʻtib, endi oʻrmonlar tomon parvoz qilardim, ostimdagi odamlar tobora kichrayib borishar, ularning qadamlarini qoʻngʻiroq sadolari ostida kuzatib borardim. Shu damlarda koʻnglimda koʻtarinki, olijanob his-tuygʻular tugʻyon urar, meni hech kim koʻrmayotgan boʻlsa-da, goʻyo men hamma narsalarni koʻrib turganday va qoʻngʻiroq zarbalarining bir maromdagi qatʼiy daʼvatlariga oz boʻlsayam quloq solib, rozi boʻlishga, yuqoridan kelayotgan jomlar shovqini-yu gumbur-gumbur qilayotgan qudratli kuchni otalarcha boshimni silayotgan himoyadek qabul qilishga-da tayyor edim. Bu hissiyot birdan yana oʻzgarib, jurʼatsiz zardaga aylandi-yu, meni oʻz oʻy-xayollarimdan uzoq-uzoqlarga olib ketdi va men shunda qoʻngʻiroq sadolarida ham unisi, ham bunisi – zoʻravonlik va xayrixohlik, shapaloq va musiqa mujassam ekanini anglab yetganday boʻldim.

Qoʻngʻiroqlarning osilchogʻ tillari beqaror bora-kelarkan, yoqimsiz ravishda uni pasayib, katta jomning soʻnggi, past, kuchsiz chalingan ovozi havoga singib, oxirgi dirillashlar ham quloqlarimni tegar-tegmas siypab oʻtgach, bir oz yengil tin oldim. Bu ovozdan yana boshqa bir sado sirgʻalib chiqib yangrar, oʻzimga qolsa, uning uzoqroq yangrab turishiga ham jon deb rozi boʻlardim, chunki kuchli gumburlagan ovoz bora-bora pasayib, shovqin-suron esa sukunatga singib ketmoqda edi va bu sukunat ogʻriqdan soʻnggi rohatbaxshlik singari yoqimli edi.

Uyqu aralash kerishib, yonboshimga agʻdarilib olmoqchi boʻldim, shu damda meni bitta savol hamon qiynardi: bobom haqiqatan ham suv yuzasida Isoga oʻxshab, oʻzi sayr qilib yurganmikin yo atay mening qutqarib olishimni kutib turganmikin?.. Oʻn bir yoshga kirgan boʻlsam-da, hamon suzishni bilmasdim, shunday boʻlgach, uchinchi rang kapitanini qutqarishga menga yoʻl boʻlsin, lekin ehtimol, tushimda balki gʻoyibdan favqulodda kuch-qobiliyat ato etilarmidi… Endi u surat, oʻsha manzara ortiq qayta takrorlanmadi, qoʻngʻiroqlar barchasini chil-parchin qilvorgan edi. Asta tonggi sukunatga quloq sola boshladim: qaldirgʻochlar va chumchuqlarning chugʻur-chugʻuriga qoʻshilib, hozirgina qoʻngʻiroq chalgan va bir-birlari bilan hamon yonma-yon turgan oʻsmirlarning ovozlari butxona eshigi tarafdan hovliga baralla eshitilib turardi. Garchi ularni koʻrmayotgan boʻlsam-da, kimligini va taxminan necha kishi ekanliklarini ham sezib turardim, ayrimlarini hatto ovozlaridan tanirdim. Otamning ular bilan gaplashib, hazil-mutoyiba qilgani, soʻng horgʻin kulishib, tarqalishgani eshitildi.

Men pastga shoʻngʻidim va uyqumni izlay boshladim, biroq oʻngimda oʻzi menga nima yetishmayotibdi-yu uyqu orasida nimani izlayotganimni oʻzim ham bilmasdim. Barcha shovqin-suronlardan qochib, koʻrpaga burkanib oldim-da, oyoqlarimni uzatdim, boshim ham bolishga singib ketganday boʻldi. Men bilan bir xonada yotgan ukam ham uyqusini yoʻqotgan shekilli, oʻrinda u yondan bu yoniga agʻdarilardi. Unga indamay, iliqlik, yoqimli bir harorat sari qaytadan singib, jomning oʻn besh daqiqalik shovqinidan soʻng asta-sekin oʻzimga kela boshladim. Bunga sabab charchaganim emasdi, balki bunday kam uchraydigan baxt-omadli daqiqalarning koʻproq, uzoqroq davom etishini xohlardim. Fursatdan foydalanib, ozgina vaqt boʻlsa ham, hech kimning tazyiqiga, qatʼiy, talabchan nigohiga roʻpara boʻlishni istamas edim.

Bugungi yakshanba men uchun haftaning shunday bir yagona kuni boʻldiki, meni ertalab barvaqt soat oltida uygʻotishmadi, bu shunday bir yagona kun boʻldiki, bugun meni oyimning sergaklantiruvchi, “u” bilan “o” bir oz choʻzib, urgʻu berib talaffuz etiladigan “Guten morgen!”* degan ovozi emas, balki qoʻngʻiroqlarning shovqin-suronli sadolari uygʻotib yuborgandi. Bu shunday bir yagona kun boʻldiki, bugun men nonushta paytidayoq lotin tili yoki matematika hamda oldimda ulkan toʻsiq boʻlib turgan maktabga borish dahshatlarini, soʻzlarni yaxshi yodda saqlayolmaydigan va hisob boʻyicha ham nochor boʻlgan xotiramni, yarim tushunarsiz formulalarni, yaproq hamda jigar yoʻsini orasida boʻladigan farq haqidagi chala-yarim qoralamalarimni yoxud biologiyaga boʻlgan ters xotiramni oʻylamasam ham boʻlaverardi. Bugungi kun haftaning shunday bir yagona kuni boʻldiki, bugun men shundayin bir kashfiyot oldida oʻzimni bir qadar himoyalanganday sezdim, shunga koʻra barcha narsada oʻzimning qanchalik zaif va noqobil ekanligimni, bu dunyoning barcha savollariga, agarda ular kattalar tomonidan qatʼiy va amirona beriladigan boʻlsa, qoʻrquvdan oʻzimni yoʻqotib, tutilib, duduqlanib javob qaytara olishimni his etishga majbur ekanligimni angladim. Men haftaning odatdagi barcha “mahbuslik”laridan qochib, garchi bugungi kun ham yumshoqqina poʻpisalar, topshiriqlar, toat-ibodat hamda muqaddas qonun-qoidalar bilan toʻla boʻlsa-da, boshlanayotgan yakshanbaning vaʼda qilinayotgan yengilliklaridan shodlanardim, bu vazifalar esa shanba kuni tushdan keyinoq boshlangan, ukam ikkovimiz besh chaqa evaziga koʻcha bilan hovlini supurib chiqqandik.

Bu paytda Veyrda, Shletsenrod, Vetsloz, Shterkloz, Kruspis, Holshaym, Hilperhauzen, Kolhauzen, Asbax, Bad Hersfeld bekatlari oraligʻidagi togʻ va vodiy yoʻli boʻylab bir soat davomida yuzlab oʻnqir-choʻnqir, past-balandlik hamda burilishlarda chayqalib, tebranib borayotgan avtobusda tip-tikka turib, chunki yosh bolaman, buning ustiga pastor** oʻgʻli boʻlaturib, kattalarga joy bermasam boʻlmaydi, bu ham yetmagandek, lotin tili grammatikasi yoki tarix darsligiga muk tushib, termilib borish azobidan qutulishni tasavvur qilishning oʻziyoq zoʻr gʻalaba, tantana edi. Xullas, bu kun sokin, tinch oʻtishi kutilar, mening savollarga javob berolmay, uyalib, qizarib-boʻzarishimga toʻgʻri kelmas, qoʻrquv aralash titrab-qaqshab jim turishlarim ham endi goʻyo barham topganday, hayot bir maromda, sokin va vazmin davom etmogʻi lozim edi.

Yoʻlakdagi qadam tovushlari, oyimning zinadan pastga qarab tushishlari, bobomning suv toʻlatilgan idish turgan xonaga kirib, soʻng oʻz xonasiga qaytishi, devorlarga oʻrnatilgan suv quvurlari, pastda – hovlida yurgan tovuqlar, daraxtlardagi qushlarning chirqillashlari, bularning barchasi tanish manzara, tanish ovozlar edi. Bu paytda odatda choʻchqalarga yem berilardi, shu boisdanmi, qoʻshnilarning choʻchqaxonalarida suv sepganday jimlik hukm surardi, faqat otning kishnashi, uzoqdan itning hurgani eshitildi. Sigirlar esa tashqarida – yaylovda, traktorlar garajlar va shiyponlarda edi. Shunda menga faqat birgina narsa – yakshanba manzarasi yetishmayotganini his qildim. Havo ochiq, yoz fasli, quyosh harir moviy pardalar ortidagi yotogʻidan asta koʻtarilib kelardi, biroq men shu payt tushlarimni qidira-qidira axiyri yana topib oldim, endi bu tushlarga xalal beradigan barcha narsalardan mosuvo boʻlgim kelar, shunday boʻlsa-da, baribir yakshanba kunining odatiy tartibotlari ongimga kuchli bir tarzda quyulib kelardi, goʻyoki qoʻngʻiroqlar aks-sadosi yoki boʻlmasam boshqa bir koʻrinmas kuch meni oʻz izmiga olib, qatʼiyat bilan kunning muhim vazifasini eslatayotanday boʻlardi: sen bugungi kunni muqaddas bilib, unga rioya etmogʻing lozim!

Nafaqat bolalarning va kattalarning ibodatlari, nainki diniy qoʻshiqlar kuylash va tinglash, balki har bir harakat, har bir qadam bu daʼvatning qatʼiy nazorati ostida edi. “Qaroqchilar” va shunga oʻxshash guruh-guruh boʻlib oʻynaladigan oʻyinlarni omborxonalar, koʻchalar va dalalarda oʻynash man etilgani holda uydagi oʻyinlarga ruxsat berilgan, tortishish va toʻpolon qilish man etilgan, tovuqxona yonidagi qoʻlbola yogʻoch uychada arralash, bolgʻa qoqish taʼqiqlangan, oʻtirishga esa ruxsat etilgandi. Uy vazifalari, shanba oqshomida lotin tili darsligiga shundoq birrov koʻz yugurtirib qoʻyishning oʻzi ham ish hisoblanar, ish esa man qilingandi, chunki Xudo ham haftaning yettinchi kuni dam olardi, biroq boshqa kitoblarni oʻqishga ruxsat berilgan edi. Charmdan tikilgan shim kiyish taʼqiqlangan, chiyduxobadan tikilgan shim kiyishga ruxsat, tushdan oldin ibodat paytida velosiped minish mumkin emas, tushdan soʻng mumkin, hovlida yoki butxona maydonida tushgacha yakshanba kungi osoyishtalikni buzmaslik uchun, tushdan keyin esa yakshanba liboslari bois futbol oʻynash mumkinmas, biroq Veyrda futbol klubining birinchi jamoasi har ikkinchi yakshanba tushdan keyin oʻyin oʻtkazadigan futbol maydoniga borish mumkin edi. Bu qoidalarning barchasi, garchi ular bir oz xijolatli tuyulsa-da, menga yod boʻlib ketgan edi, chunki men ular bilan birga oʻsgan, birga katta boʻlgan edim-da. Ularni yoqtirmasam-da, lekin tan olib qabul qilgandim, shuning uchun oʻrinda qancha uzoq yotsam, ular shuncha kech kuchga kirar edilar.

Men xohlasam kitob oʻqishim yoki javondan “konstruktor” (kubikchalardan iborat bolalar oʻyinchogʻi)ni olib kelib oʻynashim, ukamni ham oʻyinga jalb etishim yoki u bilan gʻijillashishim mumkin edi, kiyinvolib, uydan qochib chiqib ketishim ham mumkin edi, biroq oʻrnimda yotaverdim, chunki bu ishlarning barchasini qilmaslikdan, hech narsaga oʻzimda majburiyat sezmaslikdan hamda meni hech kim kuzatmayotganligidan allaqanday mamnunlik tuyardim. Ammo bu quvonchga yakshanba qoidalarini galga solib, keyinga surib turgan bu erkinligim daqiqama-daqiqa nihoyalab borayotgani andak soya tashlab turardi, chunki meni uygʻotishlari-yu oʻrnimdan turishimga ham biror soatcha vaqt qolgan, shundan soʻng yana hammasi odatdagidek: “nega qoʻl qovushtirib (bekor) oʻtiribsan?”, “falon-falon ishni qilishing kerak” va hokazo boshlanib ketardi.

Yakshanba men yoki oilamiz uchun emas, balki barchamiz rahmat aytishimiz lozim boʻlgan, otamizdan ham yuqori turgan sersoqol avliyo ota uchungina kelardi, chamasi. Jom, qoʻngʻiroqlar ovozlarisiz, nasroniylarning toat-ibodat va qoʻshiqlarga toʻla diniy bayramlarisiz hayotni sira-sira tasavvur etolmasdim. Hammadan yuqorida, osmonning qayeridadir yashirinib, hech kimga koʻrinmayotgan, biroq hamma narsani koʻrib turgan, har yerda hozir Tangri nazaridan qochishni-ku, asti gapirmang. Men uning nigohidan qochishga, yashirinishga urinib koʻrsam boʻlardi, biroq bu bilan oʻzimni vijdonan poklay olmasdim, chunki Xudoning koʻzlari otamning, onamning, buvim bilan buvamning koʻzlarida aks etar va juda koʻp koʻzlar bir boʻlib menga yuqoridan tikilib qarab turishardi.

Mana shunday mudroq, nazorat qilib boʻlmaydigan onlarda, garchi taʼqiqlangan biron-bir xatti-harakat qilmagan yoki shunday oʻy-fikrga bormagan boʻlsam-da, butun vujudimni tushunib va tushuntirib boʻlmaydigan or-nomus tuygʻusi, bezovta, noxush kayfiyat va falajlik qamrab olardi. Men shunda qoʻrqa boshlardim, kimdan, nimadan qoʻrqayotganimni oʻzim ham bilmasdim, qoʻrquvdan qanday qutulish yoʻlini bilmay, oʻzimni oʻzim uzundan-uzoq tushlar bilan himoyalarkanman, oʻy-xayol, tasavvurlarimning kengligi, cheksizligi sari boʻlgan kuchlarimning naqadar cheklanganligini his qilib turardim. Miyam va butun aʼzoyi-badanimni Allohning aql bovar qilmaydigan kuch-qudrati chulgʻab olgandi, u barcha fikrlarimni, poyma-poy hayotimni belgilab, boshqarib turar, ayni paytda mehribon va rahmdil, talabchan hamda qattiqqoʻl boʻlgan bu kuch-qudrat mehr-muhabbatning eng yuksak pogʻonasi sifatida ota-onamni ham xuddi qoʻgʻirchoqlarday boshqarib borayotgandek boʻlardi. Samodan turib marhamat qilayotgan yoki boʻlmasam poʻpisa qilayotganday tuyulgan aziz Yaratganni oʻylaganim sayin oʻzimni maʼyus va horgʻin his etardim. Sigʻinish, ibodat, shukronalik, ishonch, diniy qoʻshiqlar kuylash bilangina Parvadigori olamga oʻrganib, koʻnikib ketish sirayam qoʻlimdan kelmasdi chogʻi, biroq boʻm-boʻshlik, tavqi-laʼnatga qolish, gunohkorlik his-tuygʻularini tasavvur etish undan ham yomonroq edi, chunki itoat qilmasdan majusiyga aylangan bandasini Xudo taʼqib etib, ana shunday koʻyga solardi. Bunday fikrlar miyamga kela boshlaganidan xijolat boʻlib, ulardan tezroq qutulishga harakat qildim, chunki shaytonning gapiga kirishni sira-sira istamasdim, buni hatto tasavvur ham qilolmasdim va bunday boʻlishi mutlaqo mumkin ham emas edi.

Odatdagidan biror soat koʻproq uxlabman, endi oʻrinda goʻyo mixlanganday boʻlib, boshim uzra kezinayotgan turli oʻy-xayollar va qoʻrquv his-tuygʻularining makkor shabadasi girdobiga tushib, ortiq yotavergim kelmadi. Qoʻllarim tanamga yengil, mayin tegib turar, badanimdan esa hamon bir oz sovun hidi anqir, u shanba oqshomidagi choʻmilishni yodga solardi. Oʻzimni uygʻoq sezdim, ana, maydonda toʻp ketidan yugurib boryapman, toʻpni toʻxtatib olib, tepdim. Bu yengil va emin-erkin harakatlar bilan oʻzimni oʻzim aldayotganimni sezib turardim. Mening bolalarga xos gavdam hali katta, baquvvat, harakatchan va sportchilarga xos emasdi, shunday boʻlsa-da, men eng yaxshilar, gʻoliblar qatorida boʻlishni xohlardim, hali endigina maktabimizda boʻlib oʻtgan sport bayramida qatnashib, “Rang-barang bayroqlar hilpiraganda” qoʻshigʻini jarangdor ovoz bilan kuylaganman va soʻngra ozginagina ochko olganman, oppoq oqarib turgan tirsaklarim-u, tizza va toʻpiqlarim bilan, meni gʻoliblar shohsupasidan ham koʻra koʻproq baliqlar, ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlar va hasharotlar sari yetaklayotgan qoʻrqinchli kasallik – tangasimon temiratki bilan koʻzga tashlanganman, xolos. Va maydon uzra tobora tezroq yugurib, toʻpni abjirlik va mohirlik bilan olib yura boshladim, toki tizza va tirsaklarimni hech kim koʻrmasin, men qoʻrquv va temiratkini yengishim kerak edi. Kuchli hujumchi emasmanmi, ikki, uch, toʻrt nafar raqibimni aldab oʻtib, oʻzim, jamoam va Veyrda oʻquvchilari uchun hal qiluvchi boʻlgan toʻpni darvozaga kiritdim… Bundan jamoadoshlarim shodlanib, tomoshabinlarning olqishlari yangragach, bugun qaysi kun ekanligi yodimga tushdi – bu kun yakunlovchi oʻyin boʻladigan kun edi… Men oʻzimni qora tursi va oq mayka kiyvolgan olmon hujumchilari orasida koʻrdim. Toʻp dam tez, dam sekin harakatlanar, uni goh bosh bilan oʻynashar, goh yon qanotdan markazga uzatishar, dam burchakdan tepishardi. Barcha harakatlardan shunday bir dadillik va qatʼiyat sezilib turardiki, bu oʻyinchilarning jahon chempionatining finaliga chiqqanliklari aniq edi. Men oʻzimni ular orasida koʻrardim va doimo ular bilan birga boʻlishni istardim. Mana, endi harholda tushdan soʻng radio orqali beriladigan eshittirishni tinglasam boʻladi. Nihoyat, oʻrnimdan sakrab turdim, yuvindim-da, yakshanba kunlari kiyiladigan toza kiyimlarimni kiya boshladim.

Yakshanba kunlari kiyadigan havorang koʻylagini kiyvolgan onam dasturxon atrofida kuymalanadi, ikki yashar singlim besh yoshli opasi singari yangi dazmollangan koʻylak kiygan, sochlarini yaxshilab taragan, oq koʻynak kiygan ukamning esa hozirgina taralgan sochlari namligidan yaltiraydi, ovqat pishirishu uy-roʻzgʻor ishlarini oʻrganayotgan doʻmboq yuzli qiz ham shu yerda, barchamiz non qoʻyilgan dasturxon atrofida jamuljam edik, faqat mening yonimdagi joy boʻsh edi, chunki otam odatda yakshanba kunlari oʻz xonasida nonushta qilar va qilajak vaʼz yozuvlarini birrov takrorlab olar, shundan soʻng mototsiklda bizdan uch kilometr narida joylashgan qoʻshni qishloq – Rinaga ertalabki ibodatga joʻnardi.

Odatda yakshanba kunlari nonushta oldidan ibodat qilinmas, diniy qoʻshiqlar kuylanmasdi, shuning uchunmi, bemalol nonushta qilardim, qolaversa, avtobusga kech qolaman, degan oʻy-xayol ham boʻlmasdi. Toʻqilgan savatdan tekis qilib kesilgan margarin boʻlagini olib, nonga surardim, tuxumni archib, sutni kakao shakariga aralashtirardim, shu tariqa mana shu non ushatilgan dasturxon atrofida oʻtirgan davraga qoʻshilib ketardim. Boshqalar nima qilishsa, shuni qilardim, plantatsiya ichimligi menga ham mazali tuyular, ortiqcha boʻlsa-da, osh boʻlsin, degan gap-soʻzlarga indamaygina bosh silkirdim. Non hozirgina pishirilgan, tuxum iliq va yumshoq edi, bularni koʻrib, ishtaham ochilgandan ochilardi. Yakshanba kunining qoidasi boʻyicha, “Sanella” noniga qiyom surilmas, men ham bu qoidaga rioya qilardim, boshqalarga oʻxshab, nonni asta-sekin chaynardim. Endigina oʻn bir yoshga toʻlgan boʻlsam-da, oʻzimni xuddi kattalardek koʻrsata olar yoki koʻzga tashlanmaslik uchun bemalol “soqov” roliga kira olardim, chunki ovqatlanayotganda gapirish mumkin emasdi.

Barchamiz deyarli baravar, bir maromda bir xil shakldagi, bir-biriga oʻxshash qilib yupqa kesilgan non boʻlaklarini asta-sekinlik bilan chaynardik, talashib-tortishmasdan yuvoshgina boʻlib oʻtirardik. Garchi barcha narsa majburiymas, balki odatdagidan koʻra bir qadar ixtiyoriy boʻlsa-da, yakshanba kunining qoidalari va liboslari koʻproq jim oʻtirishni va azamat bola boʻlishni talab etardi, chunki oppoq koʻylaklar murabbo va kakaolarni oʻziga “tortar” va hech kim ertalabdanoq ularga dogʻ tekkizib olib, kun boʻyi mulzam boʻlib yurishni istamasdi. Nafaqat murabboda, balki gapirishda ham “xavf-xatar” mujassam edi goʻyo, shuning uchun ovqat paytida, xuddi taom ham ichki bir ibodatni talab etadiganday, deyarli hech kim gaplashmas edi. Nonni chapillatmasdan tanovul qilib, kakao ichimligini xoʻrillatmasdan ichardik.

Ha, non aziz, tabarruk edi. Har bir dumaloq boʻlka nonda, garchi u qishloq novvoyxonasida pishirilgan boʻlsa-da, najotkor aziz-avliyolarning duolari mujassam edi, har bir burdasi goʻyo Iso paygʻambar tomonidan ushatilganday, moʻjizadan darak berardi. Kuniga biz Xudodan iltijo qilib soʻragan kundalik rizq-roʻzimiz boʻlgan non haqiqatan ham har kuni dasturxoniimzda muhayyo edi. Diniy marosimlar paytida ham bu muqaddas neʼmat haqida soʻz boradi, uning ikki ming yillik tarixi, qolaversa, Injilda tasvirlanganidek, Manna* – sahroi biyobonda osmondan yogʻilgan un yodga tushadi.

Nonni shu qadar chuqur hurmat va eʼzoz bilan chaynarkanmiz, bu haqdagi oʻgit va pandu nasihatlar ongimizga shunchalik singib ketgan ediki, yakshanba kungi nonushta paytidayoq men muqaddas Ruhning nafasini his qila boshladim. Dasturxon ustidagi har bir iltijomiz non bilan Iso paygʻambar hamda Tangri va oʻsha muqaddas Ruh oʻrtasidagi birlik shaʼniga qasamyod boʻlib yangrardi. Uchchovlon birgalashib, bizga rizq-roʻz ulashardi, daladagi bugʻdoy boshoqlarini, gʻalla toʻla qoplarni, oppoq unni, dehqon ayollarning nontaxtalarini koʻrganimizda bu haqda oʻylab koʻrishimiz lozim boʻlardi, agar bu haqda oʻylashni xohlamagan taqdirimizda ham, baribir nonni tishlayotganimizda, uni chaynayotganimizda bizlarni och qoʻymasdan, kundalik rizq-roʻzimizni yetkazib turgan Allohning marhamatiga shukronalar keltirar edik. Nega deganda, urush yillaridagi qiyinchiliklar toʻgʻrisida, bir burda nonning qanchalik aziz boʻlganligi haqida koʻp hikoyalar tinglagandik.

Beixtiyor onamga razm soldim, nigohlarimiz toʻqnashdi. Onam menga sinovchan nazar tashlarkan, tezda yuz-koʻzlariga mayin tabassum yoyildi. Bu tabassum nafaqat menga, balki toʻrttala farzandiga ham birday tegishli edi. Onam oʻz quvonchlarini bolalari bilan baham koʻrishni istardi.

U kishining ovozlari, koʻzlari, mehr toʻla ogʻushi biz, farzandlariga nondek aziz ekanligini oʻzlari bilarmikinlar… Onam gapirmasalar ham, mehr toʻla koʻzlari koʻp narsani aytib turardi.

Onamga qarab turib, uning chehrasida bobomning yuzini koʻrdim, sokinligida uning baland ovozini eshitganday boʻldim. Bu ayol yaxshi boʻlish uchun, yaxshilikka yaxshilik bilan javob berish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilardi. Oʻzining avvalo onalik, qolaversa, rafiqalik, farzandlik, pastor(ruhoniy)lik hamda uy xizmatchisiga murabbiylikdan iborat besh vazifasini – beshta rolni shunday bajarardiki, bundan uydagilar faqat mamnun boʻlishardi. Indamay oʻtirganlarida esa, ichida oʻzicha reja tuzar, yakshanba kunining yugur-yugur tashvishlari – bolalar ibodati-yu tushlik, vaʼz (xutba) muhokamasini oʻylardilar.

Toʻsatdan nimadir eslariga tushib, onam soʻzlay boshladi, ha, gap bolalar ibodati xususida ekan. Bunga javoban: men ham bugun siz bilan birga ibodatxonaga boraman, dedim. Onam maʼqul degandek, jilmaydi, farqi ochilgan qoramtir sochlari, keng peshonasi ostidagi koʻzlari porlab ketdi, meni oʻzi bilan nainki bolalar, balki kattalarning ibodatiga ham olib boradigan boʻldi. Men oxirgi tishlam nonni yeb boʻlgach, turishga ijozat soʻrab, otlandim.

 

Olmon tilidan Mirzaali AKBAROV tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/men-chempion-bolgan-yakshanba/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x