“Men oʻz xalqimni kulfatda tashlab ketmayman…”

Odatda bayroq xususida gap ketganida buyuk vatanparvar bobomiz Najmiddin Kubro ibrati ham eslanadi. Biroq bu borada ayrim kishilar (qizigʻi, ular orasida ziyolilar ham bor) bilib-bilmay “Kubro bobomiz yurt bayrogʻini yuksak koʻtarganlar, oʻlsalar ham bosqinchi moʻgʻullar qoʻliga bermaganlar”, deb qolishadi. Biroq tarixiy haqiqat aslida butunlay boshqacha. Bayrogʻimiz qabul qilingan kun (18 noyabr) arafasida bu xususda manbalar asosida kengroq soʻz yuritishni joiz deb bildik…

 

Zakiy xaloskor

Musulmon olamidagi eng zabardast mutasavvif donishmandlardan biri, ulugʻ shayx, kubroviylik tariqatining asoschisi, Najmiddin Kubro taxallusi bilan tanilgan zotning toʻliq ismi manbalarda Ahmad ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiy, deb tilga olinadi va yana Abu-l-Jannob, yaʼni dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turuvchi va Tomatu-l Kubro – balo-qazolarning oldini oluvchi, xaloskor laqablari bilan ham eʼzozlanadi.

Ali Akbar Dehxudoning “Lugʻatnoma” kitobidagi maʼlumotga koʻra, “uning Kubro deb atalishiga sabab shuki, behad ziyrakligi va zakovati tufayli har qanday mushkul muammoni ham hal etib berish qudratiga ega boʻlgan va har qanday kishi bilan munozara qilsa, albatta, gʻolib chiqar ekan”.

Haqqa yetish yoʻlida…

Barcha manbalarda uning 1145 yilda Xorazmning Xiva shahrida tavallud topgani aniq qayd etilgan. Ilm istab Misrga borgani va u yerda Ruzbehon Vazzon Misriy degan olimga shogird tushib, uning mehrini qozongani ham maʼlum. Misriy undagi iqtidorni koʻrib, juda suyungan va hatto oʻz qizini unga nikohlab berib, kuyov sifatida eʼzozlagan.

Haqqa yetish yoʻllarini izlagan Najmiddin Kubro koʻp oʻtmay Tabrizga borib, donishmand Imom Abu Mansur Hafdadan islomiy ilmlarni oʻrgandi, soʻngra Bobo Farj, Ammor Yasir kabi yirik donishmandlardan tasavvufga oid zohiriy, botiniy ilmlarni ham egalladi. Shayx Ismoil Kasriy qoʻlida tasavvufiy hirqapoʻsh darajasiga yetib, hazratning oq fotihasini oldi. Keyinchalik, qaynotasining maslahati bilan oʻz vataniga qaytib kelib, xonaqoh qurdi va shogirdlar tarbiyasiga eʼtibor qaratdi hamda “Kubraviya” va “Zahobiya” tariqatlariga asos soldi. Bu tariqat taʼlimoti hadis va shariatga asoslangan boʻlib, Xuroson, Hindiston va qator musulmon mamlakatlari xalqlari orasida keng tarqaldi.

“Oʻlimimiz boshqalarga ibrat boʻlsin!”

Lekin hazratning Xorazmdagi soʻnggi hayoti oʻta ogʻir va murakkab sharoitlarda kechdi. U zotning bosqinchilar qoʻlida shahid boʻlgani haqidagi maʼlumot Rashiddiddin Fazlillohning “Jameatu-t-tavorix” (“Tarixlar toʻplami”) hamda boshqa asarlarda yozilgan. Moʻgʻullar hukmdori Chingizxon Najmiddin Kubroning mashhur shayxlardan biri ekanini eshitgach, oʻz chopari Imom Mujtahiddin orqali: “Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, Sizdek ulugʻvor inson u yerni tark etib, huzurimga kelishingizni soʻrayman”, deya xabar yuboradi. Lekin Imom Mujtahiddin har qancha urinmasin, hazratni gapga koʻndirolmaydi.

Taniqli adib Xurshid Davron “Shahidlar shohi” asarida bu voqeani toʻliq ifoda etgan. “Men oʻz yurtimni, oʻz xalqimni kulfatda tashlab ketmayman, – deydi Shayx Chingizxon elchisiga. – Men umr boʻyi ahli kufru zalolat boʻlmish zolimlar dargohidan, ularning nopok majlislaridan qochdim. Men umr mohiyatini saʼyi harakatda koʻrdim, dunyo qulligidan ozod boʻlmoqqa intildim. Bildimki, eng noyob neʼmat – qahramonlik, Olloh yoʻlida qilingan fidoyi jasorat ekan. Oʻz qavmi, oʻz kulbasi, oʻz farzandini kufforlardan himoya qilish esa ulugʻ saodatdur”.

Shayx yurt himoyachilariga qarata shunday deydi: “Oʻlim haq, hech kim undan qochib qutulolmaydi, ammo Vatan uchun jon bermoqdan oʻzga sharaf yoʻqdur. Xudoyim elchisi oʻz hadislarida: “Vatan sarhadini bir kun himoya etmoq oltmish yillik nafl ibodatidan afzalroqdir”, demishlar. Illo, oʻlimimiz boshqalarga ibrat boʻlsin!”

Shayx zarbasi

Mana bu Erkin Samandarning “Gʻayb qushlari” hikoyasidan parcha: “… hazrat oʻz diliga tugib qoʻygan niyatini amalga oshirishga kirishdi. Ichkari kirib sarosimada oʻltirgan ayollar holidan xabar oldi, moʻltirab turgan bolalarning boshlarini siladi. Vodarigʻ, hademay bu farishtalarning-da boshlarida yangʻoq chaqurlar, qay birlarini qatl aylab, qay birlarining qoʻl-oyoqlariga qullik zanjirlarini bogʻlamoq boʻlurlar. Ammo yogʻiy anglamaski, olarning qariyalaridin tortib norasidasigacha bosh egib yashamoqlikdin tik turib oʻlmoqlikni afzal bilurlar!”

Manbalarda aytilishicha, Najmiddin Kubro ogʻir yarador holida bosqinchilar bayrogʻini gʻanim yalovbardori qoʻlidan yulqib oladi. Bu aslida dushman uchun ogʻir zarba edi. Bir muddat moʻgʻullar dovdirab qolishadi, chunki bayroqning tushirilishi magʻlubiyatdan darak edi. Yogʻiylar shayxning ustiga tashlanishib, bayroqni uning qoʻlidan tortib olmoqqa intiladilar, ammo bu ish oson kechmagani afsonaga aylanib ketganki, hozirda ham shu gaplar ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yuradi.

Shayx qoʻlida nayza, bir moʻgʻul askaridan tortib olgan qilich bilan ikki-uch nafar dushmanni yer tishlatadi. Xurshid Davron afsonaga aylangan bu tarixiy lahzalarni shunday tasvirlaydi: “Soʻng uch qadamcha narida koʻzlari dahshatdan chaqnab yonayotgan, qoʻlida alvon bayroqni ushlab olgan moʻgʻul navkariga tushdi. U xavf-xatarni pisand qilmay, bayroqni balandroq koʻtarishga urinar, bu bilan safdoshlarini yana shiddat bilan olgʻa bosishga undamoqchi boʻlardi. Shayxning koʻzida unga xos boʻlmagan nafrat va adovat uchqunlari chaqnadi. U birdan oldinga tashlandiyu, qilichini moʻgʻul koʻkragiga sanchdi. Tugʻbardor qulab tushar-tushmas, kokiliga chang soldi. Ammo, tugʻbardorning oʻlimini koʻrgan orqadagi moʻgʻullar Shayxni kamondan oʻqqa tutdilar. Novaklarning biri shayx koʻksini teshib oʻtdi. Shayx: “Oh!” – dedi-yu, yerga quladi. U tugʻbardor kokilini qoʻyib yubormasdan chap qoʻli bilan koʻksidagi novakni sugʻurib oldi, soʻng butun kuchini yigʻib dushman bayrogʻiga chang soldi… Moʻgʻullarning biri jon berayotgan shayxning qoʻlidan bayroqni tortib olishga urindi, ammo kuchi yetmadi. Bayroqqa ikkinchi moʻgʻul yopishdi. Ammo, Shayx Kubroning barmoqlari dushman bayrogʻini shunday kuch bilan qisib turardiki, dushmanlar bu kuch oldida ojiz qoldilar…”

Urush qoidasi nega buzildi?

Oʻtmishda urushning ham oʻz qoidalari, taʼbir joiz boʻlsa, “madaniyat”i boʻlgan. Navroʻz va hayit kunlari urushlar toʻxtatilgan. Bayram qilayotgan qoʻshin ustiga gʻaflat ustida hujum qilishdan lashkarboshilar or qilishgan, buni qoʻrqoqlik va pastkashlik deb hisoblashgan. Xuddi shu kabi yalovni qoʻldan berishdan ham nomus qilishgan. Qaysidir tomonning tugʻi yiqilsa, oʻsha tomon mardlik va tantilik bilan magʻlubligini tan olgan. Shu bois ham Shayx hazratlari jon tikib, moʻgʻullar bayrogʻiga yopishgan edi. Ammo…

“Azaldan urush qoidasida har ikki tomon bahodirlaridan biri yengilsa yoki biror muxolif tomon bayrogʻi sarnigun etilsa, yaʼni yerga yotqizilsa, shu tomon yengilgan hisoblanadi, – deb yozgan edi taniqli olim Naim Norqulov. – Lekin sahroyi moʻgʻullar urushida bobolar udumiga rioya qilinarmidi?.. Alovuddin Muhammad Xorazmshoh sharmandalarcha qochgan bir paytda Shayx Kubro tariximizda oʻzining piri murshidligini, haqiqiy vatanparvarlar shohi ekanligini isbot etdi. Chingizxonning yalovini yiqitdi!”.

Shahidlar shohi

Bu buyuk jasorat tarix solnomalariga zarhal harflar bilan bitildi. Mavlono Jaloliddin Rumiy umrining oxirlarida Shayxga bagʻishlab, hayajonli satrlarni bitadi:

Mazmuni:

Biz shunday ulugʻlardanmizki, gavhar tutamiz,

Oriq echki tutgan pastkash – muflis emasmiz,

Bir qoʻlimiz bilan imon qadahidan may ichsak,

Ikkinchi qoʻlimiz bilan kofir yalovini tutamiz.

Oradan ikki asrdan ziyod vaqt oʻtgach, buyuk donishmand podshoh Mirzo Ulugʻbek “Tarixi arbaʼi ulus” kitobida Shayxning alamli tarixiga bir necha varaq ajratib, Shayx vafotiga bagʻishlangan tarixni qayd etadi: “Murshidi aʼzam Shayx Najmiddin Kubro Xudo amri bilan Xorazm uchun boshini tikdi. Boshini topshirishda qotil yaloviga yopishdi. Dini Haq iqlimining podshohi, ul pir sarpanjasidan oʻn zabardast yigit yalovini koʻrib hayratda, qolgan oqillar bu holni sharhladilar: Yalov uchini shayx tutib, taʼrix aytdiki, vafotim sanasi “Shohi shuhado” (“Shahidlar shohi”) dir”.

Podsholar bu ostonani supurishni orzu qilishgan

Najmiddin Kubro oʻzining “Favoih al-jamol va favotih al-jalol” (“Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi”, “Al-usul al-ashara” (“Oʻnta usul”), “Risola at-turuq” (“Tariqatlar risolasi”), “Risolat al-xoif al-hoim min lavm al-loim” (“Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola”) va boshqa asarlari orqali haqiqat asroriga yetish yoʻllarini izladi va shu yoʻlda oʻz tasavvuf maktabini yaratdi. Uning aqidasiga koʻra, inson oʻz mohiyati eʼtibori bilan “mikrokosm”, yaʼni kichik olam boʻlib, oʻzida koinotning barcha unsurlarini mujassamlashtiradi. Ammo haqiqat yoʻlini qidiruvchilar kamolotga erishishlari uchun maʼlum riyozatli yoʻllardan oʻtishlari zarur. Bu yoʻllar oʻnta usuldan iborat boʻlib, ular Tavba, Zuhd fi-dunyo, Tavakkal, Qanoat, Uzlat, Mulozamat az-zikr, Tavajjuh, Sabr, Muroqaba, Rizodir. Bu yoʻllardan natija shuki, oʻlmaydigan shaxsning yodi uning nafsini magʻlubiyatga uchratgan sifatlarda yashaydi.

Najmiddin Kubroning yana boshqalarga oʻxshamagan qirralaridan biri shuki, u zot valitarosh, yaʼni valiylarni parvarishlab tayyorlovchi, deya eʼtirof etiladi va chindan ham, umrlari davomida oʻn ikki kishini muridlikka qabul qilib, barchalarini shayxlik darajasiga yetkazgan. Ularning safida Farididdin Attorning padari buzrukvori Majididdin Bagʻdodiy, Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Saʼdiddin Hamaviy, Sayfiddin Baxorziy va boshqalarni uchratishimiz mumkin va aytish kerakki, ularning har biri oʻz davrining yetuk insonlari sifatida eʼtirof etilgan.

Temuriylar sulolasining soʻnggi qudratli vakillaridan biri va buyuk shoir boʻlmish Husayn Boyqaro bir kuni turkiy sheʼriyat sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiyga qarata aytadi: “Agar men podshohlik ishlari ila shugʻullanishdan qoʻl tortishga jazm etsam, Shayx Najmiddin Kubro mozori ostonasining joʻrubkashi (supuruvchisi) boʻlaman”.

Umuman olganda, keksa shayx va donishmand inson – Najmiddin Kubroning ilmiy faoliyati, kamolot darajasi, qahramonligi va jasorati avlodlarga munosib ibrat namunasidir.

Bugun dunyoning olovli nuqtalarida yurtga xiyonatni “shahidlik” va “oliy saodat” bilib yurganlar bu buyuk tarixdan xabardormikanlar?!

 

Manbalar asosida A. QOBILOV tayyorladi.

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/men-oz-xalqimni-kulfatda-tashlab-ketmayman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x