Maqsud Qoriyev haqida ma’lumot

Maqsud Qoriyev haqida ma'lumot
Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Maqsud Qoriyev hayoti, ijodi, asarlari, faoliyati, tarjimai hol, batafsil ma’lumotlar

Taniqli jurnalist va adib Maqsud Qoriyev 1926 yilda Toshkentda tugʻilgan. Urush yillarida Yunusobod qishlogʻi jamoa xoʻjaliklarida mehnat qilgan. 1947 yilda esa Toshkent yuridik institutini tugatib, shu institut aspiranturasida oʻqishni davom ettirgan. Keyinchalik yuridik fanlar nomzodi degan ilmiy darajaga ega boʻlgan.
Adibning jurnalistik faoliyati 1949 yildan boshlangan. 1954–1963 yillarda “Toshkent haqiqati” gazetasida avval bosh muharrir oʻrinbosari, soʻng bosh muharrir boʻlib ishladi. 1963–1984 yillargacha hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasiga rahbarlik qildi. 1984–1988 yillarda “Mushtum” jurnalining bosh muharriri boʻlib ishladi.
Maqsud Qoriyev adib sifatida 60-yillarning ikkinchi yarmidan mahalliy matbuotda koʻrina boshladi. Uning “Oydin kechalar” (1968), “Jiyda gullaganda” (1970), “Afrosiyob goʻzali” (1974), “Turnalar baland uchganda” (1976), “Qiz uzatib borganda” (1978), “Oy tutilgan tunda” kabi hikoya va qissalar toʻplamlarida yoshlar taqdiri, orzu-armonlariyu oila quvonchi, baxti yuksak pardalarda kuylanadi. Uning “Spitamen” tarixiy romanida xalqimizning ming yillik milliy ozodlik yoʻlidagi kurashi ishonarli tarzda umumlashtirilgan boʻlsa, “Ibn Sino” (1995) tarixiy romanida esa islom olamining mashhur vakili boʻlmish buyuk ajdodimiz hayoti haqida hikoya qilinadi.
Maqsud Qoriyev tarixiy mavzularda “Osiyo goʻzali”, “Temur haqida hikoyalar”, “Yulduzlarda edi xayoli”, “Qaytar dunyo”, “Tojmahal” singari qator badialar ham yaratgan. “Ezgulikka intilib” essesi ham uning mohir publitsist ekanidan dalolat beradi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Maqsud Qoriyev Mustaqilligimizning yetti yilligida “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan. U tavalludining 80 yilligi arafasida “Gʻaznaviylar” nomli yangi tarixiy romanini chop ettirdi.

Foydalanilgan adabiyot

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling:

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x