MANDARIN

MANDARIN (Citrus reticulata) — rutadoshlar oilasining sitruslar turkumiga mansub doim yashil daraxtlar va butalar turi; mevali ekin. Yovvoyi turlari maʼlum emas. Mandarin subtropik va tropik (Yaponiya, Xitoy, Ispaniya, Meksika va b.) hududlarda ekiladi.

Vatani — Xitoy. Oʻzbekistonda 20-a. ning 70-y. laridan maxsus issikxona va transheyalarda payvanddan oʻstirilgan past boʻyli navlari yetishtiriladi. Bu navlar mart oyida gullab okt. da mevasi pishadi. 5—6 yoshda bir tupi 40 kg meva beradi. Mandarin — doim yashil daraxt, bal. 3 m ga boradi. Tinim davri bilan almashadigan 2—3 oʻsish davriga ega. Shox-shabbasi yoyilib usadi, barglari uzunchoqtuxumsimon, toʻq yashil, gullari oq mayda, ikki jinsli, xushboʻy. Mandarin may—iyun oylarida gullaydi, mevasi okt—noyab. da pishadi. Mevasi yassi dumaloq, baʼzan yapaloq, yuzasi biroz gʻadir-budir, poʻsti qalin, zargʻaldoq, urugʻi mayda. Sharbati nordonshirin. Eti toʻq sariq, sersuv, 8—10 pallali, vazni 60—80 g. Sharbati tarkibida 2,87—10,5% qand, 0,95—1% kislota (asosan, limon kislota), 25 mg % vitamin S va b. mavjud. Pustila pektin moddasi, efir moyi va glikozidlar mavjud boʻlib, qandolatchilik sanoatida va efir moyi olishda ishlatiladi. Mandarin sovuqqa chidamli: —6,5° da barglarini, — 12° da daraxtini sovuq uradi. Ohak va gumusga boy tuproklarda yuqori hosil olinadi. Mandarin asosan, payvand yoʻli b-n koʻpaytiriladi (asosan, trifoliatga payvand qilinadi). Koʻchatlar orasi 3—5 m, qator orasi 5—6 m qilib kech kuz va erta bahorda ekiladi. Yezda qator oralari yumshatiladi, sugʻoriladi. Mandarin daraxtiga yosh paytida toʻgʻri shakl berilsa, hosildorlik yuqori boʻladi. 10—12 yillik daraxtlardan 1 gektardan 500 s hosil olinadi (bir tupi 30—70 kg meva beradi). Mevasi yangiligida isteʼmol qilinadi (murabbo, jem, sharbat) tayyorlanadi (q. Sitrus oʻsimliklar).

Kasalliklari : fitoftoroz, kalmaraz, antraknoz.

Zararkunandalari: tillarang va qizil kana.

Rixsivoy Joʻrayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x