Zamonaviy maktab kutubxonasi qanday boʻlishi kerak?
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligining 2011 yil 19 avgustdagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Umumtaʼlim muassasasi kutubxonasi toʻgʻrisida”gi nizomda shunday deyiladi: “Kutubxona quyidagi vazifalarni bajaradi: foydalanuvchilarning intellektual, maʼnaviy-axloqiy, madaniy va taʼlim olish ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish… Kutubxona-axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy metodlariga oʻqitish; homiy tashkilotlar, turli tashkilotlar va muassasalar, ayrim fuqarolarning yordamlari hisobidan kutubxona fondini toʻldirib borish”. Qolaversa, “Elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantiradi”.
Mazkur Nizomni oʻqigan kishining koʻz oldida bolalarning yoshiga moslab taxlangan oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalarini, fanga doir ilmiy risolalar, qolaversa, davriy nashrlarni oʻzida jamlagan, elektron fondga ega, tashqi shovqindan himoyalangan shinamgina xona gavdalanishi turgan gap. Aslida bugungi davr talabi ham shu. Xoʻsh, bizning maktab kutubxonalarimiz bu talablarga nechogʻlik mos keladi?
Mazkur savollarga javob izlab, poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan 200-maktabga yoʻl oldik. Kutubxona maktabning ikkinchi qavatida joylashgan. Eshikdan kirganingiz hamono kichik xona baholi qudrat did bilan bezalgani, deraza tokchasi anvoyi gultuvaklar bilan toʻldirilgani eʼtiboringizni tortadi. Kitoblarga koʻz tashlaymiz: ikkiga ajratilgan xonaning bir tomonidagi javonlar boʻm-boʻsh (bu joy ijara darsliklarni saqlash uchun moʻljallangan, ayni paytda darsliklar oʻquvchilar ixtiyorida). Old tomondagi javonlarda esa oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar, ilmiy risolalar bilan birga badiiy adabiyotlar ham bor. Ammo gapning poʻstkallasini aytganda, kitoblarning choʻgʻi ancha past. Fikrimizni maktab kutubxona mudirasi Mavluda Ergashevaga bildirdik:
– Direktorimiz bilan birgalikda kitoblar sonini oshirish maqsadida tadbirlar oʻtkazayapmiz, – deydi mutasaddi. – Tuman xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi, nashriyotlar, kitob doʻkonlari bilan birgalikda kitob yarmarkasi uyushtirayapmiz. Lekin haqiqatan ham, kitoblarimiz soni kam. Siyosiy adabiyotlar 234 ta, oʻqituvchilar uchun oʻquv qoʻllanmalari 314 ta, bolalar adabiyotiga oid kitoblar 552 ta, badiiy adabiyotlar esa 400 dona.
Ushbu maktabda 1029 nafar oʻquvchi tahsil oladi, birgina badiiy adabiyotlarning oʻzi bolalar sonidan ikki yarim barobar kam. Shu asnoda, koʻp bora taʼkidlanayotgan, “Yoshlarimiz kitob oʻqishmayapti. Bolalarimiz kompyuter, telefon oʻyinlari, internetga qiziqadi” degan gaplar xayolimga keldi-yu, “Hech kim kutubxona yaqiniga yoʻlamasa kerak-da” deb oʻyladim. Ammo men ham, oʻquvchilarni mutolaa bilan shugʻullanmaslikda ayblovchilar ham chuchvarani xom sanabmiz. Tanaffus boʻlganini bildiruvchi qoʻngʻiroq chalinishi bilan bu kichkina xona bolalarning qiy-chuviga toʻldi.
– Men sehrgarlar haqidagi ertaklarga qiziqaman, – deydi 5-sinf oʻquvchisi Azizbek Ummataliyev qoʻlidagi “Oʻzbek xalq ertaklari” rukni ostida nashr etilgan “Sehrli Shamchiroq”qa ishora qilib. – Uyimizda kompyuterim bor, lekin “Unda koʻp oʻynash zarar” deydilar oyim. Shuning uchun boʻsh vaqtimda kitob oʻqiyman.
– Men esa oʻzbek yozuvchilari bilan birga jahon adabiyotini ham oʻqishni yoqtiraman. Misol uchun, yaqinda “Kichkina Shahzoda”ni oʻqib tugatdim, – deydi 4-sinf oʻquvchisi Samina Shodmonova.
Kutubxona mudirasi Mavluda Ergashova xonaga bir necha oʻsmirni boshlab keldi:
– Bular sakkizinchi sinf oʻquvchilari, bizning kitobxon bolalarimiz. Misol uchun, Rahmatov Hojiakbar bu yil maktabimizda oʻtkazilgan “Eng kitobxon oʻquvchi” tanlovida gʻolib boʻldi.
– Biz, oʻqituvchilar kutubxona mudirasi bilan hamkorlikda ishlaymiz. Mavluda opa nafaqat bolalarga yoshiga mos kitoblarni tavsiya qiladi, balki ularning asardan chiqargan xulosalari bilan ham qiziqadi. Yosh kitobxonlar bilan dillashadi, – deydi maktabning ona tili va adabiyot fanlari uslub birlashmasi rahbari Dilshoda Mavlonova.
Haqiqatan ham, koʻzlari yonib turgan bu oʻgʻil-qizlarni koʻrib, dil yayraydi. Ammo ularning ayrimlari kirill alifbosidagi kitoblarni qoʻllariga olib, oʻylanib turishganini koʻrdik… Oʻzini Muslima deb tanishtirgan qizcha Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom”ini ushlab turibdi-yu, olishini ham, olmasligini ham bilmaydi. Undan buning sababini soʻradik. U “Kirillcha oʻqishga qiynalaman-da” deb qoldi. Kutubxonada lotin alifbosida chop etilgan yangi asarlar talaygina. Misol uchun, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Shukur Xolmirzayev asarlari, Abdulla Oripov, Zulfiya kitoblari. Ammo ular sonini yanada koʻpaytirish ustida ish olib borish dolzarb masalalardan biridir.
Xona oʻrtasiga toʻrtta parta va sakkizta stul qoʻyilgan. Mana shu oʻquv zali ekan…
– Ha, mebellar masalasida ozgina qiynalib turibmiz, – deydi Mavluda Ergasheva, koʻnglimizdan kechgan gaplarni anglagandek. – Avvallari oʻquvchilardan makulatura, metallom yigʻib, undan tushgan mablagʻ hisobiga zarur ehtiyojlarimiz qoplanardi. Endi bu ishlar yoʻq. Maktab direktori bilan maslahatlashayapmiz. Sifatli va qulay mebellar xarid qilsak, kutubxonamiz yanada fayzli va kitobxonlarni oʻziga jalb qiladigan boʻlardi.
Kutubxona tarkibida kitob saqlash, kitob berish xonalari hamda qiroatxona boʻlishi kerak, deyiladi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan “Umumtaʼlim muassasasi kutubxonasi toʻgʻrisida”gi nizomda.
Yana bir gap. Bugun bolalar elektron kitoblarni oʻqiyapti. Shu bois umumtaʼlim muassasalari tarkibida axborot-resurs markazlari tashkil etish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilayapti. Ammo biz kirib borgan maktab kutubxonasida kompyuter (demakki, internet ham) yoʻq.
– Ha, axborot-resurs markazlariga ega, kutubxonalari elektronlashtirilgan, “Ziyonet” tarmogʻiga ulangan maktablarga havas qilamiz. Siz katta yoʻlning narigi tomonidagi 101-maktabga ham bir kirsangiz boʻlarkan, – deydi. M. Ergasheva suhbat orasida.
Shu gap turtki boʻldi-yu, Chilonzor tumanidagi 101-umumtaʼlim maskaniga bordik. Afsuski, kutubxona eshigi yopiq, payshanba – kutubxonachi opaning dam olish kuni ekan. Axborot-resurs markazi deb yozilgan eshikni taqillatdik. U yerda dars oʻtilmoqda. Uzr soʻrab ichkariga moʻraladik: chekkaga surib qoʻyilgan bitta televizor va kompyuterdan boʻlak “Axborot-resurs markazi” deyishga arzigulik hech narsa yoʻq.
Shu maktab kutubxona mudirasi Feruza Sodiqova bilan telefon orqali bogʻlandik:
– Bizga resurs markaz tashkil etish uchun ikkita kompyuter, kserokopiya, televizor berilgan edi. Toʻgʻri, hozir bu xonada dars oʻtilayapti. Chunki kompyuterlarni direktor oʻrinbosarlaridan biri oʻz xonasiga olib borib, foydalanayapti. “Ziyonet” internet tarmogʻi esa informatika xonasidagi kompyuterga ulangan, – deydi u.
Mudiraning javobidan maʼlum boʻldiki, hujjatlarda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgani aks ettirilgan boʻlsa-da, aslida bu resurs markaz amalda mavjud emas.
Biz kutubxona fondi haqida ham bilmoqchi boʻldik:
– Maktabimizda taʼlim rus va oʻzbek tillarida olib boriladi. Oʻquvchilar soni 2560 nafar. Kutubxonamizda 2780 badiiy adabiyot va 706 ta metodik qoʻllanmalar bor, – deydi F. Sodiqova.
Tahlil va xulosa hukmingizga havola.
Xoʻsh, bu borada viloyatlarimizdagi ahvol qanday?
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 3-ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi kutubxona fondi bilan qiziqdik.
– 258 nafar oʻquvchimiz bor. Ilmiy-metodik qoʻllanmalar, fanga doir qoʻshimcha adabiyotlardan tashqari 876 ta badiiy asarlar bor. Bundan tashqari, har bir sinfning oʻz kutubxonasi boʻlib, unda ham bir qancha adabiyotlar saqlanadi. Toma-toma koʻl boʻlur deganlariday, biz homiy ota-onalar koʻmagi va maktab hududida tashkil etilgan “Makulatura qutilari” ( oʻquvchilar toʻlgan daftarlarini unga tashlashadi)dan tushgan mablagʻlar evaziga fondni yangi adabiyotlar bilan toʻldirib borayapmiz, – deydi maktab direktori Mavluda Hojiyeva. – Hozircha ogʻriqli muammomiz boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun rasmli ertak kitoblarimizning kamligi boʻlib turibdi. Yil davomida oʻtkaziladigan “Kitobxonlik bayrami” tadbirlari doirasida bu muammoga ham yechim topish umididamiz.
Jizzax shahridagi 10-umumtaʼlim maktabi kutubxonachisi Gulnora Ahmedova bilan bogʻlandik.
– Bizda elektron kitobxonlik joriy etilgan. Kutubxonamizdagi ikkita kompyuterda oʻquvchilarimiz “Ziyonet” internet tarmogʻidan foydalanishlari mumkin. Badiiy asarlarimiz soni 2460 ta boʻlib, shundan 1080 tasi lotin alifbosidagi kitoblar. Kutubxona fondini asosan “Kitobxonlik bayrami” tadbirlarida yarmarka uyushtirib, homiy ota-onalar hisobidan boyitib borayapmiz, – deydi suhbatdoshimiz.
Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin: “Maktab ota-onalar koʻmagiga suyanadi, ammo ular farzandining kitob oʻqishiga befarq boʻlsa-chi?”
– Farzandim tahsil olayotgan maktabda ajoyib anʼana bor. Birinchi sinfga qabul qilingan bolalar kutubxonaga yangi nashr etilgan eng sara adabiyotlardan sovgʻa qiladi. Shuning uchunmi, kutubxona adabiyotlarga boy. Oʻquvchilar uchun ertaklar, sarguzasht asarlar, jahon adabiyoti durdonalari bor. Men bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlayman, – deydi farzandi poytaxtimizdagi Yunusobod tumaniga qarashli 274-maktabda taʼlim oluvchi Dilfuza Kamoljonova. – Ota-ona farzandidan borini ayamaydi. Gohida, shu mablagʻni bir soatlik ovunchoq-oʻyinchoqqa yoki shirinlikka ham sarflaymiz. Biz kutubxona fondi uchun olib bergan bitta kitobdan yuzlab oʻquvchi maʼnaviy ozuqa oladi.
Toʻgʻri, mamlakatimizda kutubxonasi axborot-resurs markazlariga aylantirilib, zamonaviy texnika bilan taʼminlangan, turli adabiyotlarga boy oʻquv muassasalari yoʻq emas. Ammo biz yuqorida tahlil etgan maktablarning toʻrtdan uch qismida muammolar yetarli ekan, aslida boshqa oʻquv muassasalaridagi ahvol bulardan pesh boʻlmasa kerak. Demakki, soha eʼtiborga muhtoj.
Yana koʻz oldimizga jajji barmoqchalari bilan kitob varaqlayotgan, koʻzlarida oʻt chaqnab turgan murgʻak oʻquvchilar keladi. Kutubxonachi opasi “Oʻqidingmi oʻzi? Qani, gapirib ber-chi” deyishi bilan uni ham eshitadigan odam borligidan xursand boʻlganday bolakaylar birma-bir hikoya qila boshlaydi. Ularga qarab, necha ming yilliklardan beri xalqimizning qon-qoniga singib ketgan kitobxonlik davom etishini yurakdan his qilasan, kishi. Ammo koʻngilni xira qiladigani, biz kattalar farzandlarimiz ochman desa, yegulik beramiz, usti yupun boʻlsa, kiyim kiydiramiz-u, mutolaaga ishtiyoqi paydo boʻlganida ehtiyojini qondira olayapmizmi?
Mazkur mulohazalardan kelib chiqib, bir necha muhim masalalarni oʻrtaga tashlash va ularning yechimini birgalikda topishga urinib koʻraylik.
Birinchidan, nashriyotlarimizda har yili yuzlab sara asarlar lotin alifbosida nashr etilmoqda, ammo ular mutasaddi tashkilotlar tomonidan sotib olinib, maktab kutubxonalariga yetkazib berilmayapti. Toʻgʻri, bugungi oʻquvchilar kirill yozuvini (rus tili fani orqali) ham biladi, ammo oʻzlari savod chiqargan alifboda oʻqish ular uchun qulay-da. Shu bois davlat nashriyotlarining maktablar fondi uchun yiliga maʼlum miqdorda kitob ajratishini yoʻlga qoʻyish muhim masala.
Ikkinchidan, oʻquvchilar orasida elektron kitoblardan foydalanish tobora ommalashayotganini hisobga olib, resurs markazlari faoliyatini tubdan yangilash va rivojlantirishni davr talab qilmoqda.
Uchinchidan, maktab kutubxonalari tarkibidagi oʻquv zali zarur mebellar bilan taʼminlanishi, tashqi shovqindan himoyalanishi, xonaning yorugʻ va shinam boʻlishi ham ahamiyatli.
Bunday deyishimizga sabab bor. Axir taʼlim sohasini takomillashtirishga ozmuncha eʼtibor qaratilyaptimi?! Qonunlar, qarorlar, mablagʻlar… Ular oʻz samarasini berishiga ishonamiz. Gap faqat soha mutasaddilarining hafsalasiga bogʻliq. Shunday emasmi? Fikrlaringizni kutamiz.
Sitora TOJIDDINOVA
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/maktab-kutubxonalari-zamon-talablariga-javob-beryaptimi/