Maʼrifatga intilgan zot

Istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy va maʼnaviy qadriyatlarimizni tiklash, ayniqsa, ulugʻ ajdodlarimiz nomlarini xalqqa tanishtirish borasida ibratli va salmoqli ishlar amalga oshirildi. Zotan, dunyo ilm-fani, madaniyati va maʼnaviyati rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan vatandosh allomalarimizning qimmatli meroslarini oʻrganish, ularni kelajak avlodlarga yetkazish bizlar uchun ham qarz, ham farzdir. Oʻtmishda qadim Termiz tuprogʻidan ham koʻplab allomalar yetishib chiqqan boʻlib, shulardan biri Al-Hakim At-Termiziydir.

U zotning toʻliq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan ibn Bashir ibn Horun al-Hakim at-Termiziy, deb ataladi. Ulugʻ bobomizni Alisher Navoiy hazratlari shariat va tariqatda “mashoyixi kibor”(ulugʻ shayx) va tasavvuf ilmida “durri yatim(yagona dur) deb ataganlari bejiz emas. Olim hayoti hamda faoliyatiga oid maʼlumotlar koʻpgina arab mualliflarining asarlarida, qolaversa, oʻzining “Badʼv shaʼni Abu Abdulloh” (“Abu Abulloh ishining boshlanishi”) nomli tarjimai holi yozilgan risolasida mufassal bayon etilgan.

Termiziyning hayoti va taʼlimotini chuqur oʻrgangan misrlik olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim allomaning hijriy 205 (melodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, hijriy 320 (melodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etgani haqida maʼlumot beradi. Al-Hakim at-Termiziyning oʻzi yozishicha, u ilm-maʼrifat qadrlanadigan muhitda voyaga yetgan. Yoshlik yillarida al-Hakim at-Termiziy ikki oʻrtogʻi bilan oʻsha paytda butun Sharqda ilmu maʼrifatning yirik oʻchoqlaridan biri sanalgan Bagʻdodga borib ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob boʻlib qoladi va unga: “Ey oʻgʻlim, men bir mushtipar, zaifa ayol boʻlsam, menga sendan boshqa yordam beradigan kimsa boʻlmasa, sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?” – deb unga iltijo qiladi. Onaizorning bu soʻzlari boʻlajak olimni ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechishga majbur etadi. Uning doʻstlari esa Bagʻdodga qarab joʻnaydilar. Bu voqeadan ancha vaqtlar oʻtganda alloma gʻoyatda afsuslanib, bir xilvat joyda yigʻlab, Bagʻdodga borolmagani uchun xafa boʻlib turganida yuzlaridan nur yogʻilib turgan bir shayx uning yonida paydo boʻlib, yigʻi sababini soʻraydi. Al-Hakim unga yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni oʻqitaman, deydi. Al-Hakim bunga rozi boʻlib, saboq ola boshlaydi. Tahsil bir necha yillar mobaynida davom etadi. Oxir-oqibatda maʼlum boʻladiki, bu zot Xizr alayhissalom ekanlar. Allomaning bunday ulugʻ marhamatga erishishi volidasining barokotidan boʻlgan edi.

Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy merosi ancha salmoqli. Amerikalik sharqshunos olim N. Xer Hakim at-Termiziyning 55 ta asari nomi va ular saqlanayotgan joylar haqida maʼlumotni keltiradi. At-Termiziyning muhim asarlaridan biri Paygʻambar alayhissalom hadislariga bagʻishlangan “Navodir al-usul fi maʼrifat axbor ar-Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli risola hisoblanadi. Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini koʻrsatish mumkin. Ulardan biri “Kitob haqiyqat al-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati toʻgʻrisida kitob”) va ikkinchisi “Adab un-nafs” (“Nafs odobi”) nomli asaridir. Taʼkidlash kerakki, at-Termiziy asarlarining aksar qismi qoʻlyozma holida Parij, Qohira, Istambul va Londondagi mashhur qoʻlyozmalar xazinalarida saqlanadi.

Al-Hakim at-Termiziyning al-Hakim laqabi bilan atalishi olimu-ulamolarni azaldan qiziqtirib kelgan va bu borada turlicha mulohazalar aytilgan. Hakim soʻzining lugʻaviy maʼnosi dono, donishmand, aql-idrokli, faylasuf, shuningdek, tabib, shifokor tushunchalarini anglatadi. Shu sababli baʼzi olimlar uni hatto mohir tabib deb ham atashgan.

Al-Hakim at-Termiziy oʻz asarlarida haqiqatga yetishishda ilm va aqldan boshqa yana bir uchinchi, ilohiy bir, narsa – valiylik ham bor, degan fikrni ilgari suradi. Hakim, uning eʼtiqodicha, valiyning bir xilidir. Valiy kishi haqiqatga faqat chuqur ilm va katta aql-idrok bilan emas, balki Alloh taolo unga ato qilgan ilohiy kuch vositasida erishadi, binobarin, uni tugal aql va chuqur ilm bilan siylagan ham Allohning oʻzidir. Al-Hakim at-Termiziy “hakim” maqomiga erishgan shaxsning jamiyat ijtimoiy hayotidagi oʻrni haqida yozib, u millatning diniy-maʼnaviy sohadagi faylasufi, muomalat masalalaridagi qozisi, namoz va ibodatlarida ularning imomi hamda ularni tinchlik, xotirjamlik, baxt-saodat va farovon turmushga boshlovchi valiysi boʻlishini taʼkidlaydi.

Alloma insonning bilishida uning ruhiyati, aqli va qalbi qanday rol oʻynashi haqidagi qarashlari keyinchalik tasavvuf ahlining tafakkuriga katta taʼsir koʻrsatdi. Agar ilmga oʻqish, oʻrganish jarayonlari orqali erishilsa, maʼrifatni esa Alloh taolo oʻzi suygan, tanlagan bandalarigagina marhamat qiladi. Ilmni hayotga tatbiq qilish zamoni va maydoni (hududi) bir qadar chegaralangan boʻlsa, maʼrifatning esa cheki-chegarasi boʻlmaydi. Ruhiyati barcha dunyoviy, nafsoniy moyilliklardan pokiza, butun niyati-yu, fikri-zikri bilan Allohga tavajjuh qilgan insonlargagina maʼrifat nasib etadi. Olim oʻzining “Masoil at-taʼbir” asarida ilm haqidagi fikrni rivojlantirib shunday deydi:”Kimki bilimni saxovatidan bahra olishga sazovor boʻlsa, ul Allohga yaqin kishidir. Ilm tanholikda doʻst, zero, ilm odamlarga hamisha sherikdir. U har qanday sharoitda yoʻlchi yulduz, doʻstlar davrasida bezak, bilim jannatga eltuvchi rahnamodir”. Bir soʻz bilan aytganda, alloma diniy va dunyoviy ilmlardan chuqur bilimga ega boʻlgan.

Mustaqillik yillarida alloma yaratgan asarlarni arab va fors tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning davrimizgacha yetib kelgan asarlari, qoʻlyozmalarining fihristi (katalogi)ni tuzish borasida salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, Al-Hakim At-Termiziyning “Haj va uning sirlari” (Al-Hajj va asroruhu) nomli asarini arab tilidan tarjimasi, ilmiy izohlari, koʻrsatkichlari bilan nashr etildi. Shuningdek, hazratning “Inson odobi” (Adab an-nafs), “Badv ash shaʼn Abu Abdulloh”, “Manozil ul ibod min al-iboda”, “Navodir al-usul” risolalari chop etildi.

U zotning maqbarasi Termiz shahri yaqinida, Amudaryo boʻyida joylashgan. Alohida taʼkidlash kerakki, istiqlol sharofati bilan ushbu inshootni tubdan qayta taʼmirlash, va obod qilish borasida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ayni kunda muhtasham va salobatli yodgorliklardan biri boʻlgan ushbu majmua barcha yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar uchun tabarruk qadamjoga aylandi.

 

Abdumajid AZIMOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/marifatga-intilgan-zot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x