Ilmni mayoq bilgan ajdodlar

Mamlakatimizda ilm-fan va innovatsion sohalarni yanada rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 17 fevraldagi “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy ishlarni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohani tubdan isloh etilishida muhim hujjat boʻlib xizmat qiladi.

Toʻrt ming yillik tarixga ega jonajon oʻzbek zamini jahon ilm-fani va tsivilizatsiyaning beshigi sanalgan. Bu elda tugʻilib, kamolga yetgan minglab ulugʻlarning merosi hali-hanuz xalqaro jamoatchilik hayratiga sabab boʻlayotir. Mamlakatimiz rahbari Prezident etib saylanganlaridan soʻng, birinchi boʻlib, aynan ilm-fanda katta marralarni egallagan akademiklar va olimlar bilan uchrashgani bejiz emas, albatta. Qarorda tarixi bir necha ming yillikni qamrab olgan ilmiy merosimizni rivojlantirish va ilm dargohlarini tiklash, nufuzini oshirishga alohida etibor qaratilgan. Jumladan, qarorning 6-bandida Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi, Xorazm Maʼmun akademiyasi raisi va Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi raisi oʻz maqomiga koʻra Fanlar akademiyasining vitse-prezidentiga tenglashtirilsin, deyilgan. Bundan koʻzlangan maqsad esa hududlarda ilm-fan salohiyatini tiklash va nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, joriy yil 27 yanvarda Prezidentimiz Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xorazm Maʼmun akademiyasining bugungi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuv davomida mamlakatimiz rahbari akademiya faoliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi. Jumladan, akademiyada erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yoʻnalishlariga kiritish, ilmiy tariximizni chet ellik turistlarga targʻib qilish zarurligini taʼkidladi.

Tarixdan maʼlumki, Maʼmun akademiyasi X-XI asrlarda nufuzli ilmiy markaz sanalgan. Xorazmda bundan ming yil avval tashkil etilgan Maʼmun akademiyasining tarixi barchamiz uchun qiziqarli. Dastavval ushbu olimlar va ulamolar uyining yurtimizda boʻlishi tarixi bilan tanishsak maqsadga muvafiq. Solnomalardan maʼlumki, Sharqning eng yirik ilmiy muassasasi “Bayt ul-hikma” Bagʻdodda, IX asr boshlarida vujudga kelib, X asr oxirigacha faoliyat koʻrsatdi. U jahon tsivilizatsiyasi ravnaqiga munosib hissa qoʻshdi.

VIII asrda arablar butun Movarounnahrni zabt etishga muvaffaq boʻldilar. Arablar istilosidan keyin 995-yilda Shimoliy Xorazm hukmdori Maʼmun ibn Muhammad Xorazmni bir butun davlatga birlashtirdi. Umuman Maʼmuniylar sulolasi ilm, madaniyatni qadrlaydigan, maʼrifatparvar hukmdorlardan edilar. Ular mamlakat mustaqilligi, uning iqtisodiy va madaniy yuksalishi uchun saʼy-harakat qildilar. Tez orada Xorazmdagi qadimiy ilmiy-madaniy anʼanalarni qayta tikladilar.

Xorazmshoh Ali ibn Maxmun olimlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlab, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatgan. Shu tariqa 1004 yil boshlarida Xorazmshohlar poytaxti Urganchda “Dorul xikma va maʼrif” yoki boshqa manbalarda “Majlisi ulamo” nomi bilan atalgan yirik ilmiy markaz shakllandi. Bu ilmiy muassasada xuddi Afinadagi Platon va Bagʻdoddan “Bayt ul-hikma” Akademiyasidagi anʼanalar davom ettirilib, ilmning barcha sohalarida tadqiqod va izlanishlar olib borilgan. Buyuk olim va tashkilotchi al-Beruniy “Hikmatlar uyi”ga rahbarlik qilgan.

Donishmandlar uyiga Sharqning barcha viloyatlaridan olimlar faylasuflar, adib va shoirlar yigʻildilar. Ular oʻz vatanlaridagina emas, butun xalifalik mamlakatlarida maʼlum va mashhur allomalar edi. Ular keyinchalik Xorazm Maʼmun akademiyasining faxr-iftixori boʻlib tanildilar. Oʻzlarining bebaho asarlari bilan jahon fani rivojiga ulkan hissa qoʻshdilar.

Xorazmning oʻaznaviylar tomonidan bosib olinishi natijasida fanlar akademiyasining faoliyati ham yakunlandi. Beruniy, Ibn Sino kabi yuzga yaqin olimlar oʻzga yurtlarga ketishga majbur boʻlishdi. Xorazm Maʼmun Akademiyasi 15 yil faoliyat koʻrsatdi. Lekin shu qisqa fursat davomida, ilm-fan va madaniyat xazinasini qimmatbaho asarlar bilan boyitdi, jahon tsivilizatsiyasini jadal rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi, koʻplab buyuk siymolarni tarbiyaladi.

Uning anʼanalari va merosini oʻrganish bugungi avlod uchun ham qarz, ham farzdir. Mustaqillikdan keyin respublikamizda milliy qadriyatlar, boy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va qadim anʼanalarimiz qayta tiklandi. Shu oʻrinda Xorazm Maʼmun Akademiyasi Xorazmda bundan deyarli ming yil avval faoliyat koʻrsatgan va dovrugʻi jahonga tanilgan Sharqning yirik ilmiy markazi ham qayta tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashshabbusi bilan mazkur ilm va maʼrifat maskaniga eʼtibor qaratildi. 1997 yil 11 noyabrda “Xorazm Maʼmun akademiyasini qayta tiklash haqida”gi farmon eʼlon qilindi. Mazkur farmonda ilm-fan sohasidagi qadimgi milliy meros asoslarida yuqori intellektual muhitni yaratishdagi boy anʼanalarni tiklash va rivojlantirish, yosh isteʼdodli olimlarni izlab topish, ularni Akademiya faoliyatiga jalb etish va ilmiy ijodlarining samaradorligini yuksaltirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar belgilab berildi. Xivada Maʼmun akademiyasini qaytadan tashkil etilishi endilikda Xorazmning siyosiy voqealarga boy oʻtmish tarixi, yuksak madaniyati, ilm-fani va boshqa sohalarini fundamental tadqiq qilish imkoniyati vujudga keldi. Akademiyaning Xorazmda ish boshlashi tasodifiy holat emas albatta. Buning uchun bu yerda zarur boʻlgan moddiy va maʼnaviy zamin yetilgan edi. Maʼmun akademiyasi oʻz faoliyatida Xorazmning ming yillik ilm-fan chashmalaridan madat oladi, ularning xayrli ishlarini vorislik tuygʻusi bilan davom ettiradi. Prezident farmonidan bir necha oy oʻtgandan soʻng Xivada maxsus ajratilgan muhtasham binoda akademiya oʻz faoliyatini boshlab yubordi. Akademiya hayotiy zarur boʻlgan uchta boʻlim yaʼni arxeologiya, tarix va falsafa, til va adabiyot, biologiya muammolari boʻlimlari tashkil etildi. Akademiyani yetuk ilmiy kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston milliy universiteti va Urganch davlat universitetlaridan hamda boshqa ilmiy tadqiqot markazlaridan yuqori malakali mutaxassis kadrlar va olimlar xizmati taklif qilindi. 2006 yil esa Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000 yilligi YUNYeSKO bilan hamkorlikda yurtimiz boʻylab keng nishonlandi.

Bugungi kunda ilmiy muassasada 41 ilmiy xodim, jumladan, 7 fan doktori, 19 fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ular mamlakatimizda davlatchilik tarixi, bu zamindan yetishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi, meʼmoriy yodgorliklarni biologik, fizik va boshqa salbiy taʼsirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini iqlimlashtirish, shoʻrlanish va choʻllanishning oldini olish kabi yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

Akademiya olimlarining izlanishlari natijasida Xorazm viloyatida amarantning 4 turi va soyaning 2 navi oʻstirildi. Amarant biomassasidan senaj va silos tayyorlash boʻyicha tavsiyalar tayyorlandi. Shuningdek, amarant urugʻlaridan kraxmal olish usuli ishlab chiqildi. Dukkakli don ekinlaridan 11, poliz ekinlaridan 5, moyli ekinlardan 4, yuksak suv oʻsimliklaridan 3, texnik ekinlardan 6 ta navlari qishloq xoʻjaligida qoʻllanishga tavsiya qilindi.

Maʼmun akademiyasi olimlari Rossiya Fanlar akademiyasi va Qozogʻiston, Turkmaniston olimlari bilan Orolboʻyi hududi muammolari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ajdodlarimiz yoʻlini yoritgan ilm mayogʻi oʻchgani yoʻq. Ular qoldirgan buyuk va bebaho meros shuʼlasi xalqimiz yoʻlini hamisha yoritib turadi.

 

Jobir XOʻJAQULOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ilmni-mayoq-bilgan-ajdodlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x