LAQAY

LAQAY, loqay — oʻzbeklar tarkibiga kirgan elatlardan biri. Laqay, asosan, Buxoro xonligining Hisor va Baljuvon bekliklari hududlarida, ayrim guruhlari hoz. Surxondaryo viloyatining Denov, Tojikistonning Somoniyon, Kofarnihon, Hisor tumanlari, Xatlon viloyatining Qoʻrgʻontepa va Koʻlob mintaqalarida muqim aholi sifatida istiqomat qilishadi. Laqaylar Afgʻonistonning Bagʻlon va Balx viloyatlarida, Pokistonning Karochi sh., Saudiya Arabistonidagi Makka, Madina, Jidda sh. larida, Turkiyaning Antakiya, Istanbul mintaqalarida, Eronning Tehron viloyatidagi Qizil Hisor, Sheroz, Zohidon, Kermon, Qazvin va Hoʻrmuzgon viloyatlarida yashaydilar. Taxm. maʼlumotga koʻra, umumiy soni 500 ming kishidan ortiq. 20-a. boshlarida Hisor bekligida Laqaylar hisor Laqay lari (esanxoʻja, bodroqli urugʻlari), Baljuvon bekligida yashovchilarni baljuvon Laqaylari (bayram, toʻrtuvul urugʻlari) (hoz. Koʻlob Laqaylari) deb atalgan. Bu urugʻlarning har biri, oʻz navbatida, yana bir qancha kichik urugʻ (boʻlak)larga boʻlingan. Laqaylar xam oʻzbek xalqini tashkil etgan boshqa elatlar singari hoz. yashab turgan hududlarda shakllanib rivojlangan. Laqaylar chorvachilik, yilqichilik bilan shugʻullangan. Laqay ot zoti va hisori qoʻylar Markaziy Osiyoda mashhur. Boy xoʻjaliklarda 300—400, ayrimlarida 900—1000 yilqi boʻlgan. 19-a. oxirlarida oʻtroqlashish jarayonida dehqonchilik bilan shugʻullanishgan. Laqaylar oʻziga xos urf-odat va anʼanalarga ega. Laqay qizlari tikadigan mapremech, juk charigʻich, aynaxalta, keshte va b. shunga oʻxshash milliy madaniyat namunalari mashhur. Ayniqsa, Laqay larda tikiladigan torlama va bostirma taqiyalar, yaʼni milliy bosh kiyimlar, oʻziga xos milliy madaniyat namunalari sifatida ajralib turadi. Ad.: Malliskiy N. G., Uchebnoye posobiye po geografii Tadjikistana, T. — Samarqand, 1929; Karmыsheva B. X., Uzbeki-lokaysы Yujnogo Tadjikistana, Stalinabad, 1954. Nasriddin Mamanazarov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x