KOSON

KOSONQashqadaryo viloyatidagi shahar (1972-y. dan). Koson tumaninpng maʼmuriy markazi, viloyatning gʻarbiy qismida. Qarshi sh. dan 30 km, yaqin t. y. stansiyasi — Koson (4 km). Toshkent — Doʻshanba t. y. va Qarshi — Buxoro avtomobil yoʻli yoqasida. Qashqadaryoning oʻng sohilida, 350 m balandlikda joylashgan. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 0°, iyulniki 28°. Aholisi 58,5 ming kishi (2003). Kosonga YakkabogʻMuborak suv quvuridan tarmoq oʻtkazilgan.

Koson oʻrnidagi dastlabki qishloq milodning boshlarida vujudga kelgan, Yerqoʻrgʻonda hayot tanazzulga uchragach, aholi bu yerga koʻchgan. 4—5-a. larda qalʼa bunyod etilib, atrofi mudofaa devori b-n oʻrab olingan; u moʻgʻullar istilosi davrigacha (13-a. boshi) mavjud boʻlgan. Moʻgʻullar istilosidan avval Kosonning mudofaa devori 3-marta taʼmirlangan boʻlib, kengligi 10 m ga yetgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Kosonda ancha vaqtgacha hayot sungan va faqat 15—16-a. dangina qayta jonlangan. Karvon yoʻlida boʻlgani uchun savdo va hunarmandchilik rivojlangan. 4—6-a. larga oid mis tangalarda «Kosonning ulugʻ shohi» deb yozilgan sugʻdiycha bitik aniqlangan (E. Rtveladze). Demak, u shoh qarorgohi boʻlgan. 16-a. 40-y. larida shayboniylarga qarshi Kosonda Bobo Mirak qoʻzgʻoloni sodir boʻlgan. 17-a. dan Ashtarxoniylar, 18-a. oʻrtalaridan Buxoro amirligi tarkibida. 1685-y. Samarqand hokimi Xoʻjamqulibiy oʻtarchi xitoy-qipchoqlar qabilasiga tayanib, Kosonni egallab, Nasaf viloyatini talon-toroj qilgan va bu bilan Anushaxonni Buxoro xonligiga bostirib kirishiga imkon yaratib bergan. Antik manbalarda uchraydigan Ksenippa viloyatining nomi Koson atamasining oʻzgargan shakli boʻlishi mumkin. Undagi «pa» qoʻshimchasini sugʻdiycha «ob», yaʼni suv deb hisoblansa, qadimda Qashqadaryodan chiqarilgan kanal Kosonob yaʼni Koson daryosi deb atalgan boʻladi.

Shaharda paxta tozalash, gʻisht z-dlari, gʻoʻzapoyadan karton qogʻozi ishlab chiqariladigan oʻzbek-xitoy qoʻshma korxonasi, yogʻ ekstraksiya z-di, avtokorxona bor. Mahalliy sanoatga qarashli qandolatpazlik va kulolchilik sexlari faoliyat koʻrsatadi. 10 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi, kutubxona, madaniyat uylari, klublar, dorixona, poliklinika, 2 kasalxona, tugʻruqxona mavjud. Koson bilan Buxoro, Qarshi, Mugʻlon va tuman xoʻjaliklari orasida avtobuslar qatnaydi. Shaharda 2-jahon urushida halok boʻlgan jangchilar xotirasiga yodgorlik oʻrnatilgan.

Li.: Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI — XVIII vv. Pismennыye pamyatniki, T., 1985; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazыchnыm istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x