Kiyinish madaniyatini kim qanday tushunadi?

Zap zamonlar boʻldi-da! Bundan yigirma yillar avval “kiyimingiz yirtilib yoki soʻkilib ketibdi” deyishsa, uyalib oʻzimizni panaga olardik, sharmanda boʻlishdan choʻchir edik. Yillar oʻtib, yuz berayotgan oʻzgarishlar odamlarimizning kiyim borasidagi qarashlarini ham keskin oʻzgartirib yubordi. Bugungi yoshlar ataylab yirtiq kiyimlarni kiyishni, shu kiyimlarda nikoh va kechki bazmlarga borishni istashmoqda.

 

Yirtiq kiyimlar talvasasi

Yirtiq shimu yubkalar, yelkasi ochiq koʻylaklar, kalta kiyimlar shunchalik urfga kirdiki, bundan hech kim ajablanmay qoʻydi. Hatto, keksalarning ham koʻzi oʻrganib boʻldi, shekilli, avvalgidek tanbehlar ham quloqqa chalinmayotir. Kelinlarimiz yelkasi ochiq (baʼzan belgacha ochiq), yengi yoʻq toʻy koʻylaklarni kiyishsa ham uyat hissini tuyishmayapti. Buni koʻrib turgan ota-ona, hatto, boʻlajak er ham juftining “zamonaviy”ligidan xursand boʻlibmi yo gap uqtirolmaganidanmi, shunga koʻnib qoʻya qolyapti (asli er kishida sharqona gʻurur kuchli boʻlsa, nafaqat ayoli, opa-singlisini ham oʻz izmiga sola oladi). Kimdir buni urf deb bilsa, kimdir zamonaviylik der, kimdir birovlarning diqqat markazida boʻlishni istar, xullas, har kimni oʻz istaklari boshqarayotir. Ammo bularning barchasida “milliylikdan yiroqlashtirish”ni maqsad qilgan koʻrinmas kuch ustun kelayotganday…

Tan olaylik, bunday kiyimlarni oʻz farzandimiz kiyganida ham koyimasdan “mayli, yosh, nima qilibdi, kiysa kiyibdi-da” deb oqlashga urinamiz. Baʼzan oʻzimizni shu kiyimlar bilan ajralib turishimizni xohlayotgandek boʻlamiz. Oʻta millatparvar boʻlsangiz ham atrofdagilarga qarab, “hamma shunday yuribdi-ku, el qatorida” degan fikr xayolingizdan oʻtadi. Millat oldidagi masʼuliyat esa bir zum unutiladi.

Xoʻsh, bunga kim aybdor? Bozori chaqqon yirtiq-yamoq kiyimlarni peshma-pesh keltirib rastalarni toʻldirayotgan sotuvchimi, zamona zayliga qarab shularni kiyishga oshiqayotgan yoshlarmi yoki oʻzi ham milliylikni unuta boshlagan ota-onami? Sotuvchining maqsad-vazifasi – qanday kiyim-kechak boʻlmasin, moʻmay daromadga ega boʻlish. Ularni ham tushunsa boʻladi. Axir, sotuvchi talabga qarab ish tutishi kunday ravshan-ku!

Bu bilan sotuvchini oqlamoqchi emasmiz. U oʻz nomi bilan sotuvchi. Kasbi sotish… Bunday ahvol hamma joyda ham shunday emas. Quvonarlisi, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hozircha evida. Masalan, deylik, vodiy bozorlarining ayollar boʻlimiga kirsangiz, asosan uzun koʻylaklar, turli-tuman roʻmolu-sharflar koʻzni quvontiradi. Chetdan kelayotgan yirtiq-yamoq liboslar, kalta yubkalarni deyarli uchratmaysiz. Farzandning yurish-turishidan tortib, xulqi-odobiyu kiyim-kechagigacha ota-ona tarbiyasini bor boʻy-basti bilan namoyon etib turishi hayotda allaqachon tasdigʻini topgan haqiqat ekanini yodga olish kifoya. Toʻgʻri, kattalarga quloq tutmay, oʻzboshimchalik bilan yoki atrofidagi oʻrtoqlariga qarab, ish koʻradigan yoshlar ham bor. Bunday paytda targʻibot katta rol oʻynaydi. Targʻibot vositalari keng tarqalgan bugungi kunda ulardan oʻrinli foydalanish ham yaxshi samara berishi koʻp bor sinalgan usul. Shu maʼnoda, televideniye eng kuchli targʻibot vositasi boʻlib qolayotir. Ammo afsuski, bu faqat ijobiy natija berayotgani yoʻq. Ayrim xususiy kanallar bilib-bilmay, oʻz dasturlari – koʻrsatuvlar, filmlar, seriallar, reklamalar orqali milliylikdan yiroq, anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga zid axborotlarni targʻib etmoqda. Birgina misol, telekanallarimizni “bezab turgan” koʻpgina seriallarning mazmun-mohiyati mentalitetimizga yot, qarashlarimizga zid. Aktyorlarning kiyinishiyu oʻzini tutishi gʻashga tegadigan bir ahvolda – yirtiq, tanaga oʻta yopishgan, ochiq. Inson vizual axborotni eshitilgan axborotdan koʻra tezroq qabul qilishi allaqachon isbotini topgan. Yuz marta eshitgandan bir marta koʻrgan yaxshi, deb shunga aytadilar. Oʻsib kelayotgan yoshlar ana shu qahramonlarni oʻzi uchun ideal shaxs sifatida qabul qilmasligiga kim kafolat bera oladi?

 

Aks eʼtirof

Zukko oʻquvchi xorij seriallariyu aktyorlarini tanqid qilishdan avval, oʻzimizning shou-biznes olami vakillariga ham bir nazar tashlang deyayotgan boʻlsa, ajab emas. Darvoqe, bu masalada baʼzi yulduzlarimiz alohida “eʼtirof”ga sazovor. Negaki, kliplarda suratga tushayotgan ayrim sanʼatimiz vakillari (sanʼatkor soʻzining yuki ogʻir) ochiq-sochiq, kalta-kulta kiyinishda boshqalarga yaxshigina oʻrnak boʻlayotganini ham yashirishga hojat yoʻq. Soʻzimiz quruq boʻlmasligi uchun bir-ikkita misol keltira qolaylik. Shu kunlarda kanallarimizda qayta-qayta namoyish etilayotgan Rayhon Gʻaniyevaning “Hamma jam”, Nilufar Usmonovaning “Kel ikkimiz” qoʻshiqlariga olingan kliplarda kiyib tushgan liboslarini koʻrgandirsiz. Minglab-millionlab tomoshabin qarshisida paydo boʻladigan yulduzlarimiz, avvalo, oʻzlarini, soʻng boshqalarni hurmat qilishi lozim emasmi?! Ular bunday “madaniyat” ortidagi tahdidni tushunishmasmikin? Nazarimizda, ular yo millat oldidagi oʻz masʼuliyatini bilmaydi yoki bu millatdan oʻzini ayri holda koʻradi.

 

Oʻz bozorimizni qachon oʻzimiz egallaymiz?

Kiyinish madaniyati haqida soʻz ochar ekanmiz, hali bu borada qilinajak ishlar koʻpligiga amin boʻlamiz. Xoʻsh, koʻpgina yoshlarning diqqatini, aqlini oʻgʻirlagan ajnabiy kiyimlardan voz kecha olamizmi? Afsuski, ushbu kiyimlarni yoʻq ham, inkor ham qila olmaymiz. Ammo bugungi oʻzbek milliy modasini targʻib qilishimiz mumkin. Aslida, dunyoning yetakchi dizaynerlari oʻzbeklarning atlasidan qoʻshib-chatib, oʻz nomi bilan liboslar taqdim etayotganini, bizning oddiy eski kovushlarimizga sal oʻzgartirish kiritib, moda olamining eng yuqori choʻqqisini zabt etayotganini hamma ham bilmasa kerak. Eng sifatli ipak tolalari, paxta tolasi oʻzimizda yetishtirilsa-da, haliyam sifatli kiyim mahsulotlarini boshqa davlatlardan olib kelyapmiz. Uzoqqa bormaylik, ayni paytda birgina Qirgʻizistonda ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar dizayni va sifati bilan eʼtiborimizni tortmoqda. Hozirgi kunda Turkiya va Bishkek yengil sanoat mahsulotlari oʻzbek bozorlarida yetakchi oʻrinni egallab kelayotganini ham hammamiz koʻrib turibmiz. Nahotki, oʻzbek mutaxassislari hech boʻlmasa oʻzimizning bozorlarni ham zabt eta olmasa?!

Oʻzbek dizaynerlari sifatli va bejirim kiyimlarni taklif etmas ekan, farzandlarimiz “yirtiq” kiyimlarga oshno boʻlib qolaveradi. Yoshlar ongli ravishda buni oʻzlari inkor etmas ekan, barcha saʼy-harakatlarimiz besamar boʻlib qolishi hech gap emas. Kiyinish madaniyatini yoʻlga qoʻyish va samaraga erishish uchun esa, birinchi navbatda, oʻzbek modasi rivojlanishi va taraqqiy etishi kerak. Toʻgʻri, jahon podiumlarida oʻz dizaynerlik ishini namoyon etib kelayotgan mutaxassislarimiz bor va bundan mamnunmiz. Ammo bu hali bozorni egallash va oʻzbek isteʼmolchisining talabini qondirish darajasida emas. Shunday boʻlishi kerakki, odamlarimiz Turkiya mahsulotiga qiziqish bildirgani kabi oʻzimizning dizaynerlar ishiga ham ehtiyoj sezishsin. Oʻzbek modasi ilgarilab borsagina, boshqa mamlakatlar oʻz “gʻayrioddiy” urfi bilan bizni ishgʻol etolmaydi. Sohaning eng yaxshi mutaxassislari oʻz ishlari bilan tez-tez koʻrinib tursalar, maqsadga muvofiq boʻlardi. Bu masalada yuqorida taʼkidlaganimizdek, telekanallarimizning xizmati katta boʻlishi lozim (ayni paytda “Mening yurtim” telekanali orqali dizayner Shahzoda Muhammedova maxsus koʻrsatuv olib borayotganini ham qayd etish zarur. Ammo koʻrsatuvning nomidan boshlab, maxsus mehmon uchun tikiladigan kiyimlarning milliylikka aloqasi yoʻq). Bundan tashqari, oʻzbek modasi kunlari muntazam tashkil qilinib, televideniye orqali namoyish etilib borishi, reklama va boshqa dasturlarda liboslarga alohida eʼtibor berilishi ham yoshlarimizni oz boʻlsa-da, madaniyatsizlikdan asrab qoladi, deb oʻylaymiz.

 

Hulkar ABDULLAYEVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bosh mutaxassisi,

Xolida FAYZIYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kiyinish-madaniyatini-kim-qanday-tushunadi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x