Ertaklar kitob oʻqishga yetaklar

Bolalik kunlarimda,

Uyqusiz tunlarimda,

Koʻp ertak eshitgandim,

Soʻylab berardi buvim.

 

Buvimning har qissasi,

Har bir qilgan hissasi,

Fikrimni tortar edi,

Havasim ortar edi…

 

Shoir Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni kirish qismidagi ushbu misralarni bilmaydigan oʻzbek oʻquvchisini topish qiyin. Shoir oʻzi taʼkidlaganidek, bolaligida “uzun tunlar yotib jim” eshitgan ertaklari kelgusida yetuk shoir boʻlishiga katta zamin yaratdi. “Oygul bilan Baxtiyor”, “Simurgʻ”, “Zaynab va Omon” singari dostonlarida xalq ogʻzaki ijodi, bolalikdan quloqqa singgan ertaklar ohangi sezilib turadi.

Aslida ham kitobga mehr ertak eshitishdan boshlanadi. Bola hali kitob oʻqiy olmaydigan paytida ham ertak eshitishga juda qiziqadi. Hatto qaysi ertak qaysi kitobdaligini ham yaxshi biladi. Misol uchun, olti yoshli nabiram kitoblar orasidan Muhammad Yusufning sheʼrlar toʻplamini adashmay topib keladi va “Qizgʻaldoq” sheʼri bor sahifani ochib, “Momojon, iltimos shu sheʼrni oʻqib bering” deb turib oladi. Bu murgʻak yurakda kitobga, sheʼrga nisbatan havas uygʻonganini koʻrib benihoya sevinaman.

Kitobni majburlab oʻqitish mumkin emas. Takror-takror “Kitob oʻqish kerak – kitob oʻqish kerak” deyavergan bilan bola kitobxon boʻlib qolmaydi. Bu jarayonni bolalikdan boshlash kerak. Koʻp kitob oʻqib baxt topgan insonlar hayotidan misollar keltirish, aʼlochi bolalarni ragʻbatlantirish singari turli usullar orqali bola qalbiga yoʻl topish kerak.

Bolaligimda ertak eshitishni yaxshi koʻrardim. Sofiya ammam yarim tungacha aytgan ertak va matallarning ayrimlari hamon yodimdan chiqmagan. Men ertaklarda eshitgan olam nihoyatda nurli, gʻoyat maftunkor edi. U olam sehri-la uxlab, tushlarimda davomini koʻrardim. Kunduzlari esa odamlar orasidan ertak qahramonlarini izlardim. Onam mayda-chuyda solib qoʻyadigan sandiq – Tohir daryoga oqizilgan sandiq, qoʻshnimizning doim arazlab oʻtiradigan dangasa qizi aynan Qimmatning oʻzginasi edi, baʼzi kampirlar hazillashib uni “Qimmat” deb chaqirishardi ham. “Uch ogʻayni botirlar” ertagidagi Kenja botir oʻzimning akam edi. U halol, rostgoʻy, hech kimdan yordamini ayamaydigan mard yigit edi.

…Yillar oʻtdi, ertak nimayu, kitob nima ekanligini ajrata boshladim. Men sevgan ertaklar ana shu kitoblar qatiga yashiringaniga ishondim. Endi tunlari ammam va onamga yalinmasdim. Yettinchi lampaning xira yorugʻida muk tushib kitob oʻqirdim. Ularning ayrimlari eski, titilib ketgan boʻlsa-da, bagʻrimga bosardim, tunlar yostigʻimning tagiga qoʻyib yotardim. Uning hidlari ham men uchun yoqimli edi.

“Boʻlgan voqealar”, “Yetti qargʻa” nomli ertak kitoblarni, Oybekning “Bolalik” qissasini, Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostonini oʻqigandagi taassurotlarimni hamon eslayman.

Yoshim ulgʻayib sevimli maskanim – kutubxonalarga qatnab, kitob saralaydigan boʻldim. Endi ertaklar olami emas, katta hayot, muhabbat mavzusidagi kitoblar meni oʻziga tortardi. Esimda, Habib Noʻmon degan yozuvchining “Yoshlikdan bergan koʻngil” degan kitobining muqovasi ham, oʻzi ham nihoyatda chiroyli edi. U muhabbat mavzusida oʻqigan ilk kitobim boʻlib, takror-takror mutolaa qilganman.

Oʻqigan kitoblarimni yigʻardim. Paxsa devorli eski uyimizda jovon yoʻqligi sabab ularni sandiqqa solib qoʻyardim. Sandiq ichida mening shaxsiy kutubxonam vujudga kelgandi. Bebaho boyligimni ana shu tariqa toʻplay boshladim.

Haqiqatan ham, kitobdan ortiq boylik, kitobdan yaqin doʻst, kitobdan oʻtadigan yoʻl boshlovchi boʻlmas ekan. U nurli manzillarga, orzuning oppoq yoʻllariga yetaklab borarkan. Chekka bir qishloqda, oddiy dehqon qizini nufuzli oliygohga yetaklagan, aʼlochi talabalar safida imtiyozli diplom olishga musharraf qilgan, Xalq oʻqituvchisi degan ulugʻ unvon olib bergan – ana shu kitoblardir. Men ulardan umrbod minnatdorman. Dunyoni tanitgani, baxt eshiklarini koʻrsatgani uchun. U bergan sururni, lazzatni boshqa hech narsa bera olmaydi. Buni faqat uni sevishdek baxtga muyassar insongina tushunadi, his qiladi.

…Bugun ertak eshitayotgan bola ertaga Chingiz Aytmatovni, Abdulla Qodiriyni, Abdulla Oripovni, Shukur Xolmirzayevni oʻqiydi. Ertaklar orqali oʻz olamini topadi. Farzandlarimizga, nabiralarimizga ertak aytib berishdan charchamaylik. Darvoqe, ertak aytishni bilasizmi?

 

Boʻston RAHMONOVA,

Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ertaklar-kitob-oqishga-etaklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x