Kitob – ziyo

Insoniyat rivojida aql-idrok va ruhiy barkamollik vositasi boʻlgan kitob buyuk moʻjiza. Darhaqiqat, kitob odamzodning yaqin sirdoshi, yoʻldoshi va uni asrlardan asrlarga olib oʻtgan ziyo mashʼalidir. Kitoblar faqat bilim manbai boʻlibgina qolmay, madaniy hayotimizning betakror sanʼati sifatida yashab kelayotir. Xalqimiz azal-azaldan ilmga, kitobga chanqoq. Shu bois yurtimizda kitobatchilik qadimdan rivojlanib kelgan. Fikrimizga dalil sifatida “Avesto” qoʻlyozmalari, sopol idishlar, charm oʻramlari, metall buyumlardagi yozuvlarni aytsak boʻladi.

Kitobat sanʼati bir qancha qoʻli gul hunarmandlar tomonidan bajariladigan murakkab jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Jumladan, bular – qogʻozrez, xattot (kitob va risolalarni koʻchiruvchi kotib), lavvoh (lavh yasovchi usta), muzahhib (zarhal beruvchi moʻyqalam sohibi), musavvir (rassom), sahhof (muqovasoz)lardan iborat jamoadir.

Qoʻlyozma kitoblarni tayyorlashda kitob uchun yaxshi, sifatli qogʻoz tanlash muhim boʻlgan. Bu oʻrinda Samarqand qogʻozi, ayniqsa, oʻzining bejirimligi va sifati bilan dong taratgan. Samarqand qogʻozlari miloddan avvalgi davrda Buyuk Ipak yoʻli orqali Eron, Hindiston, Shom va Rumgacha yetib borgan.

“Maroqand qogʻozlari, – deb yozgan edi qadimgi yunon olimi Gerodot “Tarix” asarida, – oʻzining sifati, yozuvning tiniq koʻrinishi, ixchamligi bilan Xitoy qogʻozlaridan yuqori turadi”. Tarixchi Narshaxiyning VI–VII asrlardan hikoya qiluvchi mashhur “Buxoro tarixi” hamda Firdavsiyning “Shohnoma” asari ham Samarqand qogʻoziga bitilgani tufayli bugungi kungacha yetib kela olgan. Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida Samarqand qogʻozi haqida quyidagi maʼlumotlarni yozib qoldirgan: “Dunyoda eng yaxshi qogʻoz Samarqanddin keltiriladur”. Aytish kerakki, Samarqand XIX asrning birinchi yarmigacha koʻpgina mamlakatlarning qogʻozga boʻlgan ehtiyojini qondirib kelgan. Hatto Shosh, Tabriz shaharlarida Samarqand qogʻozlari sotiladigan doʻkonlar boʻlgan.

Xattotlar matnni qogʻozga yozishda mistar (maxsus qogʻoz-karton) ustiga ip tortib uning izini matn yoziladigan qogʻozga tushirib olganlaridan soʻng matn yozishga kirishganlar. Matnni qanday joylashtirish xattotning mahoratiga bogʻliq boʻlgan. Yozilgan matnni lavvoh hoshiyali qogʻozga yelimlagan, uning ustidan jadvalkash turli-tuman ranglarda chiziqlar tortib, matnni jadvalga olgan. Keyin esa muzahhib oltin suvi va turli ranglar bilan qoʻlyozmani ziynatlagan. Bunda muzahhiblar “shams”, “lavha”, “sarlavha”, “zarvaraq”, “xotima” kabi naqshlardan foydalanganlar. Boʻsh qoldirilgan joylarga musavvirlar miniatyura ishlaganlar. Ular rasmlarni turli ranglarda, oltin, kumush ishlatgan holda boʻyaganlar. Nihoyat, muqovachilar qoʻlyozmaga naqsh va turli xil boʻyoqlar bilan jilo berganlar, oltin suvlari yurgizilgan charm muqovaga biriktirganlar. Muqovaning qopqogʻi koʻpincha bosma, oʻyma, qadama naqshlar, yorqin rasmlar bilan bezatilgan kumush yoki yogʻochdan boʻlgan.

Temuriylar hukmronligi davrida kitobat sanʼati yuksak pogʻonaga koʻtarildi. Oʻsha davrlarda mashaqqatli mehnat bilan bunyodga kelgan nafis kitoblar oz nusxada, nihoyatda qimmat boʻlar edi. Bunday kitoblar koʻpincha podshohlar, amirlar va davlatmand kishilar buyurtmasi bilan ishlanar va maxsus kutubxonalarda saqlanardi. Kitobat va xattotlik sanʼati XIV–XV asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi. Mashhur xattot Mirali Tabriziy nastaʼliq xatini kashf etadi. Mohir xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy, Nizomiy Ganjaviy, Farididdin Attor, Hofiz Sheroziy, Saʼdiy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa ijodkorlarning asarlarini mahorat bilan koʻchirgan. Sultonali Mashhadiy tomonidan koʻchirilgan 50 dan ziyod kitob hozirgi kunga qadar yetib kelgan. U oʻymakorlik sanʼatida ham mohir boʻlib, Husayn Boyqaroning “Bogʻi Jahonoro” bogʻidagi saroy va boshqa binolarning devorlariga oʻyib bitiklar yozgan.

Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand va Hirotda saroy kutubxonalari tashkil etilib, ularning boshliqlari “kitobxona dorugʻasi” yoki “kitobdor” deb atalgan. Ularning qoʻl ostida koʻplab xushnavis xattotlar, qoʻli gul naqqoshlar, musavvirlar, mohir lavvohlaru sahhoflar buyurtmalar bajarganlar. Masalan, XIV asrning birinchi yarmida Hirotda Ulugʻbekning ukasi Boysungʻur Mirzo kutubxonasida qirq nafar xattot va bir qancha naqqoshlar koʻlyozma asarlardan nusxalar koʻchirish va ularni bezash bilan band boʻlgan. 1429 yilda A. Firdavsiyning “Shohnoma” asari koʻchirtirilib, asar 20 ta manzarali rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda kitobat sanʼati yanada rivoj topadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasini nodir asarlar bilan boyitishga gʻamxoʻrlik qilganlar.

Keyinchalik Buxoro xonligida ham xattotlik, miniatyura, rassomlik sanʼati, kitob koʻchirish, ularni naqsh va tasvirlar bilan bezatish sanʼati davom ettirildi. 1624 yilda Samarqandda koʻchirilgan Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” kitobi oʻsha davr kitobat sanʼatining yorqin namunasidir. XVII–XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda xattotlik va miniatyura sanʼati yaxshi rivojlangan edi. Rassomlar asosan qoʻlyozmalarni naqshli bezash bilan shugʻullangan. Masalan, Buxoro xoni Amir Haydar davrida ijod qilgan Mir Maʼsum Olamiyon “Axloqi Muhsiniy” va Saʼdiy asarlarini rasmlar bilan bezaydi. Mirzo Sodiq Jondoriy amir Nasrulloxon davrida qoʻlyozma kitoblarga lavhalar, qoʻlyozma asarlardan nusxalar koʻchirish va bezash bilan band boʻlgan.

Qoʻqon xonligida kitobat sanʼatining mohir ustalari boʻlishgan. Nodirabegim buyurtmasiga asosan xattot Muhammad Yusuf Dabir tomonidan XIX asrda Qoʻqonda koʻchirilgan Alisher Navoiyning sheʼrlari toʻplami “Devoni Alisher Navoiy” kitobi ishlangan bezaklariga koʻra dunyoda yagona nusxadir. Hozir Toshkent davlat sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan ushbu asarda musavvir va xattot Navoiy asarlari insoniyatga quyoshdek nur sochib turishini ramziy tasvirlagan naqshlarni koʻramiz.

XX asrning 70–80-yillariga kelib A. Madraimov, Sh. Salimov, Sh. Muhammadjonov va boshqa olimlarning saʼy-harakatlari natijasi oʻlaroq kitobat sanʼati qayta tiklandi. Ushbu anʼanalarni davom ettirib, samarali ijod qilayotgan ustalardan biri Sh. Muhammadjonovning “Navoiy lirikasi”, “Kalila va Dimna”, “Devonu lugʻotit-turk”, “Ipak yoʻli hikoyalari” asarlari oʻzining nafis bezaklari, tasvirlari bilan kitobat sanʼatining noyob namunalari qatoridan munosib oʻrin egallaydi. Ilmiy-texnik taraqqiyot yuksak darajada rivojlangan bugungi kunda kitob nashr etish sohasida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. Avvalgi qoʻl mehnatini kompyuterlar va bosma uskunalarning egallashi tufayli kitoblarning sifati tubdan yaxshilandi. Ayniqsa, keyingi yillarga kelib, nashriyotlarimiz har tomonlama sifatli, chiroyli bezatilgan kitoblarni chop etib, oʻtmish anʼanalarini davom ettirishmoqda.

Olmosga teng fikrlaru oltin soʻzlarni zarhal sahifalarga jo qilgan oʻzbek kitobat sanʼatining nafis did bilan tayyorlangan nodir namunalari jahonni lol qoldirib kelmoqda. Qimmatbaho duru gavharlar, oltinu javohirlar moddiy boylik ramzi deb baholansa, kitob esa shu moddiy boylik va dunyo goʻzalliklarini yaratuvchi insonning aql mashʼali, tafakkur faoliyati, qadriyati boʻlib, oʻtmishning maʼnaviy-falsafiy, madaniy-maʼrifiy tajribalarini kelajak avlodlarga yetkazaveradi.

 

Shabnam AZIMOVA,

sanʼatshunos

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitob-ziyo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x