Mustaqillik bergan imkonlar

“Diydor gʻanimat”, deydi xalqimiz.

“Tuz-nasiba tortdi”, ham deyishadi.

Xullas, biz xalq vakillari, kitobxonlar bilan uchrashish niyatida. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Jiyanboy Izboskanov esa, oʻzining kindik qoni tomgan, ulgʻayib voyaga yetgan ovuli, Shoʻmanoyning “Oqjan” ariq boʻyida joylashgan, hozirda kichik elatga aylanib ulgurgan oʻz ovulini koʻrishga oshiqdi, mushtoq edi. Shunday qilib Shoʻmanoyga otlandik.

– Bu tomonlar bundan yarim asr oldin suv koʻrmagan boʻz yerlar boʻlgan, – deb suhbatini boshladi shoir doʻstimiz. Mamiy dalalari qarshisidan oʻtayotganimizda, oʻtgan ming yillikning elliginchi yillarida bu tomonlarga xalq koʻchib kelib, ariqlar qazib, suv kelib, insonlar joylashib olgan. Bu yerlarda paxtachilik va bogʻchilik bilan shugʻullanish uchun imkoniyat katta. Oʻtgan yilning oʻzida “Mamiy” ovul fuqarolar yigʻini hududida ellik gektar bogʻ yaratilgan. “Quloq eshitganni koʻz koʻradi”, deyishadi. Balki, oʻsha bogʻning koʻkarib, meva berganini koʻrib, mevasidan tatib ham koʻrarmiz hali. Yaqinda bir afsona oʻqigandim, – deb gapini davom etdi u, – qadim zamonda bir podsho yurt kezib borayotsa, bir qariyaning meva koʻchatlarini oʻtkazayotganiga koʻzi tushibdi, qariyaning qaddi bukilgan, Ollohga omonatini topshirish uchun sanoqli kunlari qolgan boʻlsa, ajab emasdi. Bu holatni koʻrgan podsho otini toʻxtatib, undan soʻrabdi:

– Juda qarib qolgan koʻrinasiz, oʻtqazayotgan manavi koʻchatlarning mevasidan tatib koʻrish umidingiz bormi hali?

– Albatta, umidim bor. Bu dunyo gʻaroyibotlarga toʻla. Mabodo, bizga nasib etmasa nevaralarimga nasib etar, bogʻ qilish savob ish, uni qoʻlidan kelgan har kim qilishi lozim. Oʻzim mevasidan tatib koʻrmasam, boshqalar tatib koʻrar, soyasida oʻtirganlar meni eslab, duo qilib qoʻyar, – debdi qariya.

– Qariyaning hozirjavobligidan koʻngli toʻlgan podsho unga bir tillo beribdi.

– Mana, koʻrdingizmi, podshohim, men oʻtkazgan koʻchatlar bugundan boshlab meva bera boshladi va undan oʻzim tatib koʻrdim, deb hisoblayvering, – debdi qariya.

Oʻzining gapdan yutqazganini anglagan podsho xizmatkoriga:

Qariyaga bir hamyon tillo bering, – deb buyuribdi hamda uning soʻzidan koʻngli koʻtarilib, yoʻlida davom etibdi.

Biz yoʻl-yoʻlakay tumanning “Bekjan” ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 31-sonli maktab jamoasi va oʻquvchilari bilan uchrashgandik. Hozirgina Jiyanboy aytgan rivoyat bilan turfa tusda kiyingan shoʻx-shodon oʻgʻil-qizlar orasida qandaydir bogʻliqlik bordek tuyuldi, xayolimda.

Ha, bor edi. Oʻgʻil-qizlarimiz barchasi mustaqillik gʻunchalari, ular ozoda kiyingan, kattalarning ogʻzidan chiqqan har bir hikmatli soʻzni darhol qulogʻiga quyib, eslab qolishga tirishadigan sodda va shoʻx, ochiq koʻngil qishloq bolalari edi. Shoir otasining oʻzi oʻqib bergan ertagiga mahliyo boʻlib turganliklaridan, shuningdek, oʻzlari oʻqigan maqollaridan, bir-biriga bergan savol-javoblaridan zehnli ekanliklarini angladik.

Keyin maʼlum boʻlishicha, bolalarimiz sinflararo: “Siz qonunni bilasizmi?” degan tanlov boʻyicha kuch sinashishga puxta hozirlik koʻrishgan, biz boʻlsa, ular uchun kutilmagan hayʼat aʼzolari va tinglovchilar boʻlgan ekanmiz. Xayrlashish chogʻida maktab direktori – yosh boʻlgani bois, biz uni hali oliy oʻquv yurtini yaqinda tugatgan oʻqituvchi deb oʻylabmiz, – Dilafruza Xalekova maktabga yana uchrashuvga kelishimizni, isteʼdodli bolalar bilan uchrashib, suhbatlashishimizni iltimos qildi.

Yoʻl boʻyi koʻngilga keldiki, mustakillik yillarida xalqimiz idrokida, jamoatchilik ruhiyatida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Demakki, adabiyotimizda, shu jumladan, qalam ahlining ijodiy ishlarida burilishlar va oʻzgarishlarni taqozo etdi va bu tabiiy hol sifatida qabul qilinishi lozimdir. Ayniqsa, bugungi, barcha xalqimiz Oʻzbekiston mustaqilligining 21 yillik bayramini keng miqyosda nishonlayotgan paytda, bu jarayonni alohida taʼkidlash joizdir. Qadim tarixi asrlar osha shakllangan, xalqimizning turmush tarzini, boqiy anʼanalarini oʻzida mujassam etgan xalq ogʻzaki ijodidan, shuningdek, qoraqalpoq mumtoz adabiyotining durdona asarlaridan bahra olgan qoraqalpoq adabiyoti, xalqimizning boy madaniy merosini, orzu-armonlarini tarannum etgan talantli oqsoqol mualliflarimiz xalqimizni koʻp ellarga tanitdi. Shundoq boʻlsa-da, zabardast oqsoqollarimiz shoʻrolar saltanati yillarida davr zamonasozligidan chiqolmay, dillaridagilarini emin-erkin aytolmay, baralla kuylolmay ketdilar-ov, degan andisha koʻnglimizdan kechaveradi… Shukurki, oʻsha davr cheklashlariga qaramasdan dadil, oʻktamlik bilan ijod qilgan soʻz zargarlarining muborak ism-shariflarini hali-hanuz yaxshi eslaymiz. Aytaylik, ilk maʼrifatparvar shoir-yozuvchilarimiz: Seyfulgʻabit Majidov, Qosim Avezov, Izbosar Fozilov, Najim Dovqorayevlar qaysi yoki qanday gunohlari uchun jafo chekdi? Ular yurtimiz, xalqimiz, millatimiz, adabiyotimiz qoloq boʻlsin, oʻzgalardan kam boʻlsin, dedilarmi? Aksincha, ziyolilarimiz “yangi zamon, yangi inson yaratamiz”, deya jar solgan, ruhan qashshoq boʻlgan yuzaki inqilobchilarga oʻz asarlari orqali bu yurtning, bu xalqning boy milliy madaniyati, urf-odatlari, oʻz turmush tarzi borligini, azaldan mavjud ekanligini uqtirmoqchi edilar, xolos.

Mustaqilligimizning bizga bergan eng ulugʻ ehsonlaridan biri, bu – erk, shaxs erkinligi, soʻz erkinligi, desam, oʻrinli boʻlur, deb oʻylayman. Chunki, yuqorida nomlari zikr qilingan alloma adiblar, aynan, erktalabliklari uchun jabru sitam chekkandilar…

Tuman hokimiyatida bizni hokim oʻrinbosari Ibrohim Davlatmurodov kutib oldi. Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy masalalari boʻyicha masʼul boʻlgan Ibrohim Rustamovich bizga shunday hikoya qildi:

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan dasturga muvofiq, oʻtgan 2011 yilda tuman markazidan 150 oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy musiqa va sanʼat maktabi, shuningdek, 7-sonli maktab qoshidan sport zal bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Tibbiyot birlashmasida loyiha miqdori 3 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan taʼmirlash ishlari boshlandi va bitish arafasida. Bundan tashqari harbiy chaqiruv punkti binosi, bozor qurilishi, zamonaviy toʻyxona, 13-sonli maktab qurib, bitkazilib, foydalanishga topshirilgan boʻlsa, 14 ijtimoiy obʼyektda obodonlashtirish ishlari olib borildi, bir necha kilometr yoʻllarga asfalt yotqizildi, 3 ming kvadrat metrga yaqin turar joy binosi qurildi. 4 kilometrdan oshiq gaz tarmogʻi, 13 kilometrga yaqin suv quvurlari tortildi. 150 kilometr zahkashlar qazildi. Bularning barchasi tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqning turmush darajasini oshirishga qaratilgan, albatta.

Ish bilan taʼminlash, aholi bandligi hech qachon diqqat markazimizdan chetda qolmaydi. Oʻtgan yili 1600 dan ziyod yangi ishchi oʻrinlari yaratildi. Natijada, sanoat mahsulotlarini isteʼmol tovarlari qishloq xoʻjalik mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish chakana va ulgurji savdo hajmi ancha ortdi.

Belgilangan vaqt yaqinlashgan edi, Shoʻmanoy tumani markazining chiroyini ochib turgan yangi bolalar musiqa va sanʼat maktabiga yaqin joylashgan pedagogika kollejining muhtasham zalida oʻqituvchilar, jamoatchilik vakillari, kollej oʻquvchilari bilan uchrashuvga oshiqdik. Uchrashuv muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Oʻzbekiston muslaqillikka erishish ostonasida” nomli kitobi haqidagi muloqotdan boshlandi. Yurtimiz mustaqillikka erishish ostonasida turgan dastlabki yillarda Yurtboshimiz Islom Karimovning mashaqqatlardan koʻrqmasdan mardonavor olib borgan kurashlari xususidagi suhbatlar tinglovchilarda, ayniqsa, yoshlarimiz orasida katta qiziqish uygʻotdi. Chindan ham ularning koʻpchiligi mustaqillik yillarida tugʻilgan va oʻsib ulgʻayayotgan, shu bois, bugun oʻzlari bilim olayotgan imorat va qulay sharoitlar mustaqillik sharofati bilan bunyod qilinganini eshitganlarida, bu soʻzlarni qarsaklar bilan kutib oldi. Bu qarsaklarda, bugungi tinch va osoyishta zamonga, uni barpo qilishga fidoyilik qilgan va qilayotgan Prezidentimizga chin dildan bildirilgan minnatdorchilik tuygʻulari jo boʻlgan edi.

Mustaqillik yillarida yoshlar orasidan talantlilarini izlab topish va tarbiyalashga alohida eʼtibor berilmoqda. Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasining eshigi yosh ijodkorlar uchun hamisha ochiq. Ular bilan doimiy ijodiy muloqotlar olib borayotgan Kengash faoliyati samarali boʻlmoqda. Bir guruh yoshlarimiz “Doʻrmon” ijod uyiga tashrif buyurib, u yerdagi adabiy muhit bilan yaqindan tanishdilar, atoqli oʻzbek yozuvchi-shoirlari bilan suhbatdosh boʻldilar. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda yosh ijodkorlarning hududiy seminarlari oʻtkazildi. Bolalarga bagʻishlangan “Qarliʼgʻash” (“Qaldirgʻoch”) rangli-bezakli jurnalning dastlabki sonlari chop qilindi. Har oyda bir marta, toʻrt tilda chiqayotgan “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasida doimiy yoshlar sahifasi mavjud. Xullas, yoshlarimiz diqqat-eʼtiborimizdan hech qachon chetda qolmaydi.

Ayni kunda, tumanda yashayotgan 52 mingdan ziyod aholining 10.5 minggi deyarlik yoshlardir, zamonaviy jihozlangan uchta kasb hunar kolleji, yangidan taʼmir qidingan yigirmadan oshiq maktablar ular xizmatida. Yoshlarning har tomonlama yetuk, barkamol boʻlib voyaga yetishishlari uchun Yurtboshimiz tomonidan yaratib berilgan qulayliklar, amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Axir, shu yoshlar mamlakatimizning, ozod va mustaqil Vatanning bir goʻshasi boʻlgan Shoʻmanoyning porloq kelajagini yaratuvchilar emasmi? Shubhasiz, shundoq!

 

Kenesboy KARIMOV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mustaqillik-bergan-imkonlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x