Kavardon (Kabarna, Kabarnaket)


Post Views:
79

KAVARDON, Kabarna, Kabarnaket – arxeologik yodgorlik (miloddan avvalgi 4-asr – milodiy 5-asr boshlari). Chochdagi qadimiy shahar xarobalari. Arab geograflari asarlarida Kabarna nomi bilan qayd etilgan (10-asr). Toshkentdan 25 km sharqda. Yangibozor shahridan 6 km janubda, Kavardon qishlog‘ining shimoliy chekkasida joylashgan. 1972 yil Yu.F.Buryakov tadqiq qilib, uni Kabarna shahri o‘rnida joylashganligini qayd etgan. 1973–82 yillarda Yu.F.Buryakov va Q.Alimov qazishma ishlari olib borgan.

Shahar Chirchiq daryosining qadimgi so‘l o‘zani (hozirgi Qorasuv daryosi) bo‘yidagi do‘nglikda bunyod etilgan. Kavardonning sharqiga Chatqol tog‘ yonbag‘irlari tutashgan. Kavardonning tarhi geografik sharoitlardan kelib chiqqan. Shahar janubdan shimolga 1150 m ga, g‘arbdan sharqqa 600–700 m ga cho‘zilgan. Umumiy maydoni 70 gektardan ortiq. Uch tomondan (g‘arbdan tashqari) burjli mudofaa devorlarining do‘ngliklari saqlangan. Farb tomon Hamdam kanali va yo‘l bilan tutashgan. Shu joyda aylana shakldagi ulkan qal’a-qo‘rg‘on (diametri 100 m, balandligi 15 m) saqlangan. Undan janubi-g‘arbda alohida, aylana shakldagi istehkom (balandligi 15–18 m) qad ko‘targan bo‘lib, uning maydoni avvalgisidan ikki barobar katta. Mahalliy xalq ularni Xontepa va Xonumtepa deb atashadi. Shimoldan qo‘rg‘on-qal’aga ikki tomonida minoralari bo‘lgan qiya yo‘l (pandus) orqali chiqilgan. Sharq tomonidan qal’aga mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralgan shahriston (700×800 m) yondashgan, unda temirchilik va kulolchilik ustaxonalari zich joylashgan. Qal’aga jan.dan shahristonning ikkinchi maydoni (810×350 m) tutashgan. Shaharning uch tomoni mozorqo‘rg‘onlar bilan qurshalgan. Qabrlar ochiq va shahar inshootlari qatlamlari tagida bo‘lgan.

Qazishmalar natijasida shahristonning quyi qatlamlaridan burganli madaniyatiga oid yerto‘la qoldiqlari, tagi dumaloq, qo‘lda ishlangan sopol buyumlar (miloddan avvalgi 4–3-asrlar) topilgan. Ularning tepasida turar joy va xo‘jalik xonalari joylashgan, ularning devori yirik xom g‘ishtdan terilgan. Xona sahnida qizil rangdagi dastasi hayvon shaklida ishlangan qadah va ko‘zalar topilgan. Shunday sopol buyumlar shaharni qurshab turgan qo‘rg‘onlardan ham chiqqan (miloddan avvalgi 2–1-asrlar). Milodiy 1–2-asrlarda shahar mudofaa devori qurilgan. Madaniy qatlamlardan hunarmandchilik (kulolchilik, to‘qimachilik) izlari topilgan. Shaharda hayot keyingi asrlarda ham davom etgan. Turk xoqonligi davrida (6–8-asr) shahar faol rivojlangan. Ayniqsa 9–12-asrlarda ravnaq topgan, temirchilik ustaxonalari, kulollarning xumdonlari ochilgan. Kulollar o‘yma naqshinkor yozuvlar bitilgan sirlangan sopol idishlar yasashgan, bu idishlar o‘troq hayot tarziga o‘tgan ko‘chmanchi aholi orasida shuhrat qozongan. O‘rta asrlarda Kavardon nafaqat hunarmandchilik maskani, balki poytaxtdan Chochning sharqidagi shaharlarga, Iloq va Farg‘onaga boradigan savdo yo‘lidagi markaz bo‘lgan.

Mo‘g‘ullar istilosidan so‘ng (13-asr) savdo-sotiq ishlari qisqargani bois shahar tanazzulga yuz tutgan. Hayot hozirgi Kavardon nomidagi kichik qishloqda davom etgan. Abdullaxon II Toshkent xonlari bilan kurashib, Toshkentga qo‘shin tortganida Kavrdonda qarorgoh qurgani, Kabarna kechuvidan o‘tgani «Abdullanoma»da qayd etilgan (16-asr).

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/kavardon-kabarna-kabarnaket-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x