“Katta boshliq” faoliyatining ayrim qirralari

(Buyuk maʼrifatparvar Munavvarqori ABDURASHIDXONOVning 135 yilligiga)

 

Mustaqillik uchun kurashgan, jadidchilik harakati nomini olgan mutafakkirlar guruhi millatning oʻzligini tanitish, milliy-ozodlik harakatini shakllantirish va uni amalga oshirishdek ulugʻ vazifani oʻz oldiga qoʻygan va butun Turkiston oʻlkasini harakatga keltirgan buyuk kuch edi. Bu harakatning rahbarlari Sharq va Gʻarb maʼrifati, maʼnaviyatini egallagan, ilmga chanqoq ziyolilar edilar. Ular mustamlaka zulmi iskanjasida xarobaga aylanib borayotgan ona – Vatan jarohatlariga malham izladilar. Millatning ana shunday ziyolilaridan biri, toshkentlik jadidlarning rahnamosi Munavvarqori Abdurashidxonovdir.

Munavvarqorining hayoti, ijodi, faoliyati haqida istiqlol yillarida juda koʻp yozildi. Ushbu tadqiqot, maqola va turli yozuvlarni tahlil qilar ekanmiz, ularda Munavvarqori koʻz oldimizda millat tarbiyachisi, mohir siyosatchi, adib sifatida yaqqol koʻzga tashlanadi. Darhaqiqat, Munavvarqorining hayot yoʻli oʻta mashaqqatli, turli evrilishlar va ziddiyatlarga toʻla. Tarixiy hujjatlarga boqsak, chor maʼmuriyati vakillarining Munavvarqoriga toshkentlik jadidlarning yetakchisi, butun jadid maktablarining boshligʻi, musulmon matbuotining ilk tashkilotchilaridan, degan taʼriflariga duch kelamiz. Ha, ruslarning bu ziyoliga nisbatan bergan taʼriflari juda haqqoniy edi, ammo xolis-xayrixoh emas, albatta.

Munavvarqori oʻta mohir siyosatchi edi. U turli matbuot nashrlarida chop etgan maqolalarida oʻz fikrlarini shu qadar mohir tarzda ifoda etadiki, chor maʼmurlari unga biror ayb qoʻya olmas edilar. Bu esa Munavvarqorining juda sinchkov publitsist ekanligidan dalolat beradi. Shu sababdan ham chor maʼmuriyati Munavvarqorini faqat kuzatish, u haqda maʼlumot yigʻish, orqasidan xufyalar qoʻyish bilangina cheklangan. Munavvarqorining faoliyatini oʻta sinchkovlik bilan kuzatgan turkistonlik rus maʼmurlaridan biri, oʻlka mustamlaka maorif tizimi “asoschilaridan” Nikolay Ostroumov edi. N. Ostroumov kitoblari orqali oʻta shovinist, millatparast sifatida tanilgan. Uning birgina “Qurʼon va taraqqiyot” yoki “Qurʼon nima?” kabi asarlari yuqoridagi fikrga dalil boʻla oladi. N. Ostroumov muntazam ravishda mahalliy ziyolilar ustidan yuqori idoralarga arz qilib turgan. Uning 1910 yil 3 sentyabrda Turkiston general gubernatori kanselyariyasi boshligʻi V. A. Mustafinga yoʻllagan maxfiy bildirishida Toshkent shahridagi jadid maktabining katta muallimi Munavvarqorining hukumatga qarshi ish olib borayotganligi haqida ogohlantirib qoʻyish oʻz vazifasi ekanligini maʼlum qiladi. N. Ostroumovning ushbu bildirishi natijasi oʻlaroq V. A. Mustafin Turkiston hududiy oxrankasi boshligʻiga shaxsan general gubernatorning koʻrsatmasiga binoan Munavvarqori ortidan kuzatuv kuchaytirilishi borasida buyruq beradi. Tabiiyki, Turkiston oxrankasi Munavvarqori borasida turli yoʻllar bilan maʼlumot yigʻib, ushbu maʼlumotlar Munavvarqori va uning izdoshlari hamda hamfikrlari faoliyatining ayrim qorongʻu jihatlarini ochishga va ular borasidagi maʼlumotlarning boyishiga xizmat qiladigan manbalardan hisoblanadi. Eng achinarlisi, bunday maʼlumotlarning koʻpi oʻzlarini hukumatga sodiq ekanligini koʻrsatishga harakat qilgan ayrim mahalliy “millatparvarlar” tomonidan taqdim etilgan. Ular bergan chaquv qogʻozlarida asosan Munavvarqori va uning atrofiga yigʻilgan haqiqiy millatparvarlar haqida maʼlumotlar jamlangan. Oʻzini Munavvarqori masjidi ahllaridan biri, deb tanishtirgan “millatparvarlar”dan biri bergan chaquv qogʻoziga koʻra, Munavvarqori tashkil etgan gazetalar hukumat tarafidan yopib qoʻyilgandan keyin fikr va gʻoyalarini yangi maktablar orqali tarqatishga tirishayotgani hamda mahalliy yoshlarni Turkiyaga oʻqishga yuborishga qattiq harakat qilayotgani oʻta ehtiros bilan bayon etilgan. Bu “millatparvar” Munavvarqorini “fosh” qilish maqsadida Turkistondan tashqaridagi matbuotda oʻlka maʼmuriyati va ayrim amaldorlari toʻgʻrisida tanqidiy maqola berilayotgan boʻlsa, ularning barchasi Munavvarqori tarafidan yozilayotganligini hamda shaxsan N. Ostroumov shaʼniga turli haqoratomuz soʻzlar aytayotganini bildiradi. “Hozirgi vaqtda Turkistonda Munavvarqori va Samiqoridan boshqa rasmiy hukumatga qarshi harakat qilayotgan kimsalar yoʻq. Agarda paydo boʻlgan boʻlsa ham bevosita bu ikkisining shogirdi boʻladi”, deb yozadi “millatparvar”. Bu chaquv qogʻozlari Munavvarqorining millat ravnaqi uchun olib borgan ishlari eski tarzda fikrlovchi insonlarni qay tarzda tashvishga solganini koʻrsatadi.

Toshkent shahrining musulmon qismi politsiya boshligʻi kapitan Kolesnikovning Turkiston hududiy oxranka boʻlimiga 1910 yil 9 dekabrda bergan maʼlumotnomasida Toshkent shahridagi mahalliy aholi oʻrtasida kechayotgan yangilanish harakatining rahbari va rahnamosi Munavvarqori ekanligi taʼkidlanadi. Munavvarqori boshliq ushbu harakatning eng faol 20-25 aʼzosi muntazam ravishda haftaning payshanba kunlari yigʻilish oʻtkazib turishi va bu yigʻilishlarda musulmonlar hayotini oʻzgartirish, Turkiyaga koʻproq talaba yuborish masalasi muhokama qilinishi maʼlumotnomada batafsil yoritib oʻtiladi. Kolesnikov Munavvarqorining mahalliy musulmonlar orasida qanchalik yuqori eʼtiborga loyiqligini koʻrsatish maqsadida “uni hammalari katta boshliq” deb atashlarini alohida urgʻulab oʻtadi.

Munavvarqori chor hukumati tarafidan 1905 yil 5 oktyabrda eʼlon qilingan Manifestdan keyin oʻz faoliyatini ancha kuchaytirdi. Manifest bunga imkon berar edi. Lekin Rossiya imperiyasi hududidagi rus boʻlmagan millatlarga ushbu Manifest bergan siyosiy erkinlikdan turkistonliklar juda kam istifoda qila oldilar. Buning asosiy sababi, agar Ismoil Gasprinskiy taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, turkistonliklarning “hayotsizligi”, ularning oʻta sustligi boʻldi, deyish mumkin.

Gasprinskiy fikricha, turkistonliklar berilgan imkoniyatdan foydalangan holda hukumatdan birinchi navbatda vaqf hamda taʼlim sohasi doxil diniy ishlarni hal qilishda erkinlik berilishini hamda Turkiston istilo qilingandan beri joriy boʻlib kelinayotgan “harbiy holat”ni bekor qilishni talab qilishlari kerak edi. Bu masalada Munavvarqori birinchilardan boʻlib Gasprinskiyning yuqoridagi fikrlarini qoʻllab chiqdi. Munavvarqori Toshkent aholisini harakatsizlikda va boshqa millatlar allaqachon erishib boʻlgan masalalar bizda oʻrnidan siljimayotganligi, yaʼni “Turkistondagi siyosiy tuzumni isloh etish; diniy va siyosiy huquqlar berilishini talab qilish” kabi ishlarni amalga oshirishga xohishlari yoʻqligidan shikoyat qiladi.

Munavvarqori “Taraqqiy” gazetasida bergan maqolalaridan birida toshkentliklar yuqoridagi kabi ayrim masalalarni hal qilish maqsadida hukumatga murojaat etish uchun bir necha marotaba turli yigʻilishlar oʻtkazganiga qaramay ish oʻrnidan umuman siljimagani haqida yozadi. Buning asosiy sababini esa Munavvarqori fikrlari bir joydan chiqmagani, birlik boʻlmagani hamda har kim umum foydasini koʻzlamay faqat shaxsiy manfaatini koʻzlagani deb erkinligidan istifoda etgan holda bir necha vaqtli matbuot organlari – “Shuhrat”, “Osiyo”, “Xurshid” kabi gazetalar faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Lekin ushbu matbuot organlari islohparvarlarning asosiy “dushmanlari” ulamo hamda ular ortidan ergashuvchi “maʼrifatsiz” omma qarshiligiga duch keldi. Chor maʼmuriyati yuqoridagi “millatparvarlar”dan foydalanib, gazetalarni hukumatga qarshi fikrlarni tarqatayotganlikda aybladi va ularni birin-ketin yopib qoʻydi.

Darhaqiqat, Toshkentda milliy matbuotni boshlab bergan ilk vaqtli matbuot organlarida birinchi navbatda eski fikrli ulamoga qarshi soʻzlar aytilgan boʻlsa, ikkinchi oʻrinda hukumatning ayrim vakillari tanqid ostiga olindi. Bu esa, tabiiyki, ikki tomonga ham xush kelmadi.

Munavvarqorining ilk maqolalarida, Turkistonda musulmonlar ijtimoiy hayotini tubdan isloh qilish toʻgʻrisidagi fikrlar uchraydi. U mazkur maqolalarida isloh qilishdan maqsad birinchi navbatda diniy soflikka chaqiruv, yaʼni islom dinini turli bidʼatlardan tozalashga targʻibot yaqqol koʻzga tashlanadi.

Turkistondagi ilk “Taraqqiy” gazetasida yuqoridagi kabi maqolalarning asosiy muallifi Munavvarqori edi. Ushbu gazeta katta qarshilikka uchrab, hukumat tarafidan yopilgandan keyin oradan bir necha hafta oʻtib Munavvarqori “Xurshid” gazetasini taʼsis qildi. Bu gazeta ham “Taraqqiy” tutgan yoʻldan bordi, lekin bu safar Munavvarqori gazetaning asosiy yoʻnalishini Rossiya va qoʻshni mamlakatlarda kechayotgan siyosiy jarayonlarni yoritishga urgʻu berdi. Aftidan, Munavvarqorining gazetani bu yoʻnalishga burgani Ismoil Gasprinskiyga juda xush kelgan koʻrinadi. I. Gasprinskiy “Tarjimon”da “Xurshid”ni Rossiya musulmonlari tarafidan chop etilayotgan gazetalar ichidagi “sof milliy” matbuot organi ekanligini yozib chiqadi. Bu esa turkistonlik, xususan, toshkentlik ziyolilarning katta yutugʻidan darak beradi.

I. Gasprinskiy Munavvarqori gazetasining “tili”dan oʻta mamnunligini yashirmaydi. Chunki bu “til” Gasprinskiy targʻib qilayotgan turkiy millatlarning umumadabiy tiliga juda mos tushdi. Shu sababdan ham “Tarjimon” “Xurshid”ning birinchi sonidagi asosiy maqolani oʻz sahifalarida qayta chop qildi. Uning “tili”ni esa boshqalarga oʻrnak qilib koʻrsatdi. “Tarjimon” “Xurshid”ni qolgan sonlarini ham diqqat bilan kuzatdi va undan anchagina maʼlumotlarni yana oʻz sahifalarida qayta nashr qilib bordi. “Xurshid” gazetasining faqat 10 soni chiqdi va u 1906 yil 13 noyabrda “aksilhukumat yoʻnalish”dagi gazeta sifatida rasmiylar tarafidan yopildi. Undan keyin Munavvarqori, Abdulla Avloniy va tatar namoyandasi Ahmadjon Bektemirovlarning birgalikda tashkil etgan “Shuhrat” va “Osiyo” gazetalari ham yuqoridagi ayblov bilan yopildi. 1908 yil may oyida Turkiston milliy matbuoti, amerikalik tadqiqotchi Adib Xolid soʻzi bilan aytganda, hukumat tomonidan “boʻgʻib oʻldirildi”. Turkiston milliy matbuotining birinchi davri shu tariqa “hayotdan koʻz yumdi”.

Munavvarqori faoliyatining asosiy qirralaridan birini tashkil etuvchi yoʻnalish bu xayriya tashkilotlaridir. Musulmon xayriya tashkilotlari ichki Rossiyada 1890-yillardan boshlab paydo boʻla boshladi. Bu yoʻnalishda ham Gasprinskiy va uning “Tarjimon” gazetasi asosiy targʻibotchi boʻldi. Gazeta jamiyatlar qay yoʻsinda ochiladi, uning nizomi qanday tartib beriladi, hukumatning qaysi organlariga murojaat qilinadi, degan masalalarni muntazam yoritib borar edi. Turkistonda bunday jamiyatlarning toʻngʻichi 1909 yili aynan Toshkentda Munavvarqori va uning atrofiga jam boʻlgan millatparvarlar tashabbusi bilan tashkil etildi.

Ushbu keng qamrovli jamiyat 1909 yil 15 iyulda, ayrim maʼlumotlarga koʻra 10 avgustda “Jamiyati Imdodiya” nomi bilan qurildi.

“Jamiyati Imdodiya”ning birinchi raisi sifatida Abdulla Avloniy 4 oy ish olib bordi. Undan keyin esa jamiyat raisligiga Toshkentning nufuzli millioner savdogari Saidkarimboy Saidazimov tayinlangan.

Mazkur jamiyat hukumat belgilab bergan “Namunaviy Nizom” asosida oʻz nizomini tasdiqlatgani bois ayrim ishlarni amalga oshirishda “qoʻli bogʻliq” edi. Jamiyat faqatgina Sirdaryo viloyati hududi boʻyicha turli moddiy yordam koʻrsata olar edi. Turkistondan Rossiya va boshqa joyga borib oʻqiyotgan turkistonlik talabalarni moddiy jihatdan qoʻllashi qonun boʻyicha taʼqiqlangan edi. Shu sababdan ham taniqli toshkentlik maʼrifatparvar Moʻminjon Muhammadjonov, u vaqtda Ufadagi “Madrasai Oliya” talabasi, jamiyatga moddiy yordam soʻrab murojaat qilishiga qaramay, rad javobi olgan edi. Lekin jamiyat asoschisi Munavvarqori shaxsan oʻzi ayrim boy savdogarlar oldiga borib M. Muhammadjonov uchun bir miqdor mablagʻ topib bergani “Turmush urinishlari” asarida bayon etilgan.

Jamiyat aʼzolari tarkibida toshkentlik ayrim nufuzli boy kishilarning ham boʻlishiga qaramay moddiy jihatdan u qadar boy tashkilotga aylana olmadi.

“Jamiyati Imdodiya”ning moddiy jihati faqatgina aʼzolardan olingan badal puli hamda turli yigʻilishlarda yigʻilgan mablagʻga bogʻliq boʻlganligi sababli jamiyatning ishlari jadal rivoj topmadi. Jamiyat Nizomdan tashqari boshqa bir turli faoliyat olib bora olmasligi ham uni imkoniyatlarini bir tarafdan cheklab qoʻygan boʻlsa, boshqa tarafdan moddiy qiyinchilik ham toʻsiq boʻldi. Jamiyatning raisi Saidazimboy Saidkarimov toshkentlik boylarni jamiyat atrofida qovushtira olmagandan keyin jamiyatni Munavvarqori boshliq yoshlar qanoti tashabbusni oʻz qoʻllariga olishga majbur boʻldi. Munavvarqori oʻz “Xotiralari”da jamiyat avvalda katta boylar qoʻlida edi keyinchalik yoshlar qoʻliga oʻtdi, deb yozganida aynan mana shu vaziyatni nazarda tutgan edi. 1913 yilga kelib jamiyatni yopish masalasi oʻrtaga qoʻyildi. Munavvarqori vaziyatdan chiqish maqsadida ayrim rus va tatar xayriya jamiyatlari qoʻllagan usuldan foydalanishga qaror qildi. “Jamiyati Imdodiya” moddiy jihatini yaxshilash uchun turli badiiy kechalar tashkil etish rejasini ishlab chiqdi. Tadbirdan tushgan mablagʻ Jamiyat hisobiga oʻtdi.

“Jamiyati Imdodiya” tashkil etilgan 1909 yilning oʻzidayoq Toshkentning rus qismi komendanti N. K. Kalmakov Sirdaryo viloyati Harbiy gubernatoriga jamiyatni yopishni iltimos qilib raport berdi. Kalmakov jadidlar rahnamoligidagi dunyoviy ishlar bilan shugʻullanuvchi ushbu jamiyat shariat qoidalariga umuman zid deb taʼkidlashga urinadi. U bunday jamiyatlar taʼsirida Toshkent aholisi oʻrtasida turli janjallar chiqishi, bu esa butun mintaqa boʻylab norozilik kayfiyatlarini kuchaytirib yuborishi mumkinligidan yuqori tashkilotlarni ogoh etishni oʻz burchi ekanligini ham qoʻshib oʻtadi. Koʻrinib turganidek, aholini yangilik va eskilik tarafdorlari boʻlgan bir-biriga qarshi ikki guruhni shakllantirishga alohida eʼtibor bergan. Bu maqsadda esa islom dini va shariatni “qurol” qilib oldi. Jadidlar tarafidan amalga oshirilayotgan har qanday islohot va yangilikni shariatga zid qilinmoqda deb ulamoni ularga qarshi qoʻyishga harakat qildi. Shu tariqa Turkiston chor maʼmuriyati islom dinining kelajagiga “qaygʻurgan” boʻlib aholini shariat doirasida boshqarib bordi.

Toshkentda yangi usul maktablarining paydo boʻlishi va rivoji yana Munavvarqori faoliyati bilan bogʻliq. Ushbu yoʻnalishda oxirgi 20 yil ichida juda koʻp izlanishlar, maqolalar eʼlon qilindi. Yana ularni takrorlashga xojat yoʻq. Bir narsani aytish mumkinki, Munavvarqori aholiga yangi usul maktablarining afzalliklarini tanishtirish maqsadida Toshkentda ichki Rossiyada unumli qoʻllanilib kelinayotgan ochiq imtihon tadbirini birinchilardan boʻlib qoʻlladi. Eng asosiysi, ushbu tadbirlar haqida N. Ostroumovning “Turkiston viloyati gazeti” sahifalarida yoritib borildi.

Munavvarqorining faoliyati juda kengqamrovli boʻlganligidan uning barcha jihatlarini kichik maqola doirasida yoritib berish juda mushkul vazifa. Uning faoliyati naqadar chuqur boʻlsa, ushbu faoliyatning har bir qirrasi shu qadar mukammal va chuqur tadqiq qilinishi lozim. Ana shundagina biz Munavvarqorining millat manfaati, ravnaqi, uning taraqqiyoti va istiqloli uchun olib borgan ishlar koʻlamini yaqqolroq koʻrishimiz mumkin boʻladi.

 

Zaynobidin ABDURASHIDOV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/katta-boshliq-faoliyatining-ayrim-qirralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x