Post Views:
2
Yozma va arxeologik manbalar tahliliga ko‘ra, Choch (Shosh) tarixiy madaniy o‘lkasi qadimdan uzoq-yaqin, o‘lka va mamlakatlar bilan uzviy ravishda siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Bunday o‘zaro aloqa, hamkorlik munosabatlaridan Chochning janub tomonidagi qo‘shnisi Ustrushona ham istisno bo‘lmagan. Davlat tizimi va boshqaruv, ishlab chiqarish va savdo, moddiy va maʼnaviy hayot borasida Choch bilan Ustrushona o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar o‘rta asrlarda (V-VIII; IX-XII) kuchaygan va deyarli turg‘un holatni kasb etgan. Keyinchalik, sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davrida, ayniqsa, O‘rta Osiyo xonliklari zamonida Sirdaryoning chap qirg‘oq o‘lkalari, Jizzax shahri va uning tegrasidagi (sobiq Ustrushonaning Fag‘non rustoqi va uning bosh shahri Dizak) kentlariga Toshkent vohasining madaniy taʼsiri “boshqacharoq”, xususan, demografik jarayonlar ko‘rinishida sodir bo‘lgan.
Jizzax shahri mahallalari tarixi bo‘yicha o‘tkazilgan izlanishlar natijasida xonliklar davrida, haqiqatdan ham, mahallalarning shakllanishida Toshkent vohasining taʼsiri salmoqli bo‘lganligi aniqlandi. Buni mahalla ahlining asli kelib chiqishi Toshkent vohasi bilan bog‘liq ekanligi nomidan ham ko‘rinib turgan “Toshkentlik”, “Oqqo‘rg‘onlik”, “Mo‘lkanlik” kabi mahallalar tarixi misolida ko‘rish mumkin.
Arxeologik tadqiqotlardan maʼlumki, Jizzax shahrining qadimgi o‘rni Qaliyatepadagi hayot XV asrning oxiri – XVI asrning boshlarida undan chamasi 6 km shimoli-g‘arbda qad rostlagan O‘rdaga ko‘chadi. XVI asrdan boshlab O‘rdani o‘z davrining mukammal shahar va hokim qarorgohi maqomiga aylantirish uchun mahalliy amaldorlar ko‘p saʼy-harakatlar qilishgan. O‘rda shahristoni va arkining umumiy maydoni qariyb 100 ga.ni egallagan. Baland kungirador mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Chor atrofiga handaq qazilib suv bilan to‘ldirilgan, “Toshkent”, “O‘ratepa”, “Samarqand” nomlari bilan ataluvchi uchta darvozasi mavjud bo‘lgan.
XVI asr ikkinchi yarmi va XVII asrda Jizzax O‘rdasi aholisi bir qadar ko‘payadi. Bunga asosan sunʼiy demografik jarayonlar sabab bo‘ladi. Qo‘shni viloyatlar, hususan, Toshkent vohasidan turli sabablarga ko‘ra ko‘chib kelgan aholi hisobiga O‘rda qo‘rg‘oni ichida yangi mahallalar tashkil topadi. Shahar atrofidagi dehqonchilik va bog‘dorchilik mavzelari kengayadi, ulardagi dala hovlilar hisobiga obod qishloqlar shakllana boshlaydi. Shu davrdan boshlab Jizzax O‘rdasi mahallalari kasb-kor hususiyatlariga ko‘ra (Kulollik, Sovungarlik, Заргарлик…), urug‘ va etnonim nomlar (Qang‘li, Qipchoq, Saroy, Эрони…) va qo‘shni shahar, tuman, qishloqlar nomi bilan (Toshkentlik, Oqqo‘rg‘onlik, Mo‘lkanlik, Ўратепалик…) ataluvchi mahallalarga bo‘lingan. XV-XVI asrlarda aynan shunday tarixiy jarayonlarni Toshkent shahri misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Hozirgi paytda “Toshkentlik” mahallasi Jizzax shahrining shimoliy qismida, O‘rdaning yon atrofida joylashgan. O‘z nomidan ko‘rinib turganidek, mahalla ahlining kelib chiqishi asli Toshkentdan bo‘lgan. Axborotchilarning maʼlumotlariga ko‘ra, toshkentliklarni Jizzaxga kelib qolishlariga quyidagi voqea sabab bo‘lgan. Toshkent hokimining ulug‘ yoshdagi piri murshidi murid ovlab Jizzaxga kelgan va ancha muddat u yerda qolib ketgan. O‘z piri sihat-salomatligidan xavotirga tushgan hokim Jizzaxga mulozimlarini yuboradi va pirni Toshkentga olib kelishni tayinlaydi. Ittifoqo, mulozimlar yetib kelib, pir bilan ko‘rishgandan bir kun keyin tunda pir to‘satdan vafot etadi. Pir vafot etishi oldidan uni Jizzaxga dafn etishlarini vasiyat qiladi. Jizzax xalqi katta ehtirom bilan pirni O‘rdaning shimoli-g‘arb tomonidagi qabristonga dafn etishadi. Shundan boshlab bu qabriston “Toshkentlik” qabristoni deb nomlanadi.
Ko‘p o‘tmay, pirning Toshkentdagi ko‘p sonli qavm-qarindoshlari va muridlari Jizzaxga ko‘chib kelishadi va pir dafn etilgan qabriston atrofiga joylashadilar. Shu tariqa, Jizzaxda “Toshkentlik” mahallasi bunyod etiladi. “Toshkentlik” mahallasi odamlari dastlab, asosan, dehqonchilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanishgan. Ularning yashash joylari qo‘rg‘on hovli va dala hovlida bo‘lgan. Yaʼni asosan kech kuz va qish oylari O‘rda shahristonidagi o‘z mahallalarida, dehqonchilik, bog‘dorchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib bahor, yoz va erta kuz oylarida esa shahar atrofidagi dala-hovlilarda yashashgan. Urush harakatlari sodir bo‘lganda O‘rda qo‘rg‘oni ichida jon saqlashgan. Jizzax shahri aholisining bu xildagi hayoti va turmush tarzi Toshkent aholisining o‘sha davrdagi hayoti bilan nihoyatda o‘xshashdir. Keyingi davrlarda toshkentliklar Jizzax bozorini savdo mollari bilan to‘ldirishda faol saʼyharakatni amalga oshirishgan. Yozuvchi N.Safarovning XX asr boshlaridagi Jizzax aholisi bo‘yicha keltirgan maʼlumotda qayd etilishicha, Jizzaxda “Toshkentlik” elining nufuzi katta. Bu elning shaharga yaqin turadiganlari deyarli hammasi savdosotiqqa omil, “ozor pichog‘i”, bazzozlik, attorlik, ip-ipak, choy, shirinlik, ot-arava jabdug‘lari, jun, kigiz-gilam singari tovar savdolari shularning qo‘llarida. Bulardan tashqari, kavush-mahsi, mo‘kki (tosh tavon), kiyim-kechak tikuvchi, hunarmand, kosiblarning ham aksariyati “toshkentliklardir”.
Samarqand mahallalari tarixi bilan shug‘ullangan olim M. Abramovning yozishicha, Samarqanddagi “Toshkenti” (Toshkentlik – M.P., A.P.) mahallasi XVIII asrda Toshkentdan ko‘chib kelgan aholi hisobiga bunyod etilgan. Samarqanddagi “toshkentlik”lar ham xuddi Jizzaxdagi hamshaharlari singari katta nufuzga ega bo‘lishgan. Ular hunarmandchilikning poyafzal, gilamdo‘zlik, tikuvchilik, yog‘och ustakorligi bilan shug‘ullanishgan.
“Mo‘lkanlik”nomi bilan ataluvchi mahalla Jizzax shahrining ikki mavzeida joylashgan bo‘lib, ular “Qaliya mo‘lkanlik” va “Cho‘l mo‘lkanlik” nomlari bilan ataladi. “Qaliya-mo‘lkanlik” mahallasi shaharning sharqiy qismida, O‘rdadan 3,5-4 km masofa uzoqlikda, “Cho‘l-mo‘lkanlik” mahallasi esa shaharning shimoliy qismida O‘rdadan 1,0- 1,2 km uzoqlikda joylashgan. Axborotchilar va mahalla oqsoqollarining bergan maʼlumotlariga ko‘ra, bu ikki mo‘lkanlik aslida bir urug‘, bir ota-onadan tarqalgan el bo‘lgan. Mo‘lkanlik elining asli kelib chiqishi Toshkent shahridagi Arpapoya mahallasidan bo‘lgan.Keyinchalik, Toshkent hokimining farmoni bilan bu elning bir qismi Chinoz tumani Niyozboshi qishlog‘i atrofidagi Mo‘lkan nomi bilan ataluvchi mavzega, qolgan qismi Eski Qovunchi qishloq atrofiga ko‘chirilgan.
Keyinchalik, Buxoro xoniga ko‘rsatgan harbiy xizmatlari evaziga xon, ularga Jizzaxdan joy hadya etgan va aholining katta qismi “Mo‘lkanlik” nomi bilan Jizzaxga ko‘chgan. Hozirda ham mo‘lkanliklar bilan Niyozboshi, Qovunchi aholisi o‘rtasida qavmqarindoshlik rishtalari saqlanib qolgan. Aytishlaricha, 50-60 yil avval bunday bordi-keldilar Toshkentdagi qondoshlar Arpapoya, Sag‘bon mahallalari bilan ham mavjud bo‘lgan. Jizzax qo‘zg‘oloni (1916 yil) va undan keyingi ocharchilik yillarida mo‘lkanliklarning bir qismi Toshkent, Niyozboshi va Qovunchidagi qarindoshlari huzuridan panoh topishgan.
Mo‘lkanliklarni Jizzaxga kelib o‘rnashgandan so‘ng ikkiga ajrab ketishlarining ham o‘ziga xos tarixi bor. Aytishlaricha, dastlab ular Qaliyatepaga (atrofiga) kelib joylashgan. Bu davrda Qaliyatepa Jizzaxning bosh qalʼasi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Turmush tarzi dehqonchilikka asoslangan mo‘lkanliklar Qaliyatepa atrofidagi ochiq yerlarni o‘zlashtirib ekinzor va bog‘-rog‘larga aylantirishgan. Keyinchalik, aholi soni o‘sib ekin yerlari taxchil bo‘lib qolganda, aholining bir qismi Jizzaxning shimolig‘arb tomonidagi cho‘l yerlarni o‘zlashtirishni boshlagan. Vaqti kelib cho‘lda mo‘lkanliklar qishloq barpo etib, muqim yashay boshlashgan va shundan Qaliyatepa atrofida qolgan aholi “Qaliya-mo‘lkanlik”, cho‘lda yashab qolgan aholi “Cho‘l-mo‘lkanlik” deb atalib ketgan.
Mo‘lkanliklarning mirishkor dehqon, usta bog‘bon, chorvachilikning bo‘rdoqichilik sohasi bilan shug‘ullanganlari haqida N.Safarov ham o‘z esdaliklarida yozib qoldirgan.
Eʼtiborga molik tomoni shundaki, mo‘lkanliklarning makoni Niyozboshi mavzeyi yaqinidagi Mo‘lkan qishlog‘i haqida yozma manbalarda ham maʼlumotlar bor. Xususan, «Musaxxir al-bilod», («Mamlakatlarning fath etilishi») asarida yozilishicha, Mo‘lkat Sirdaryo bo‘yidagi muhim, harbiy strategik qalʼalardan biri bo‘lgan.
Shuningdek, Muhammad Solih qalamiga mansub “Shayboniynoma” ning «Imom uz – zamon, xalifat ur-rahmonning Xonika xonning viloyatlarin, Shohruxiyani chopturg‘oni» bobida Shayboniyxon lashkarlari bilan muzlab yotgan Sirdaryodan o‘tib Shohruxiyani va Mo‘lkentni vayron qilganligi quyidagicha yozilgan.
Kim, yana Sirni o‘tubon lashkar,
Oshliq olg‘oy tevasiga yaksar.
Yana xon aylagach ul navʼ xayol,
Yana Sir bo‘ldi cherikiga paymol.
Mo‘lkent ustiga yo‘l soldilar,
Bo‘lg‘oy oshliqlarin oldilar.
Ko‘ngul oshliq soridin jamʼ o‘ldi
Mo‘lkent eli vale sovruldi.
Demak, muallif taʼkidlaganidek, bu voqea Shayboniyxon Samarqandni Boburdan tortib olgandan so‘ng, yaʼni 1501-1502 yilning qish oylarida sodir bo‘lgan. Mo‘lkent eli butunlay sovrulgan, talangan va omon qolganlari turli tomonga tarqab ketgan.
Avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan bu maʼlumotlarda qanchalik tarixiy haqiqat mavjudligini endilikda aniqlash qiyin. Lekin, yuqorida “Mo‘lkanlik” mahallasi bo‘yicha yozilgan fikrlar, yaʼni ushbu aholi turkumi avval Toshkentda, so‘ng Niyozboshi va Qovunchida yashagani, so‘ngra Jizzaxga ko‘chgani tarixiy faktdir.
Mo‘lkanliklarning ham Jizzax O‘rdasida qishki turar joylari, mahallalari mavjud bo‘lgan. Dehqonchilik paykallari va yozgi dala hovlilari shaharning g‘arbiy va shimoli–sharqiy qismida joylashgan. Mo‘lkanliklarning “Jilovdor ota”, “Xoja G‘oziyon” va “Qaliya” qabristonlari Jizzax shahridagi eng ko‘hna qabristonlar hisoblanadi.
“Oqqo‘rg‘onlik” mahallasi Jizzax shahrining shimoli-sharq qismida, O‘rdadan 0,8- 1,0 km masofa sharq tomonda joylashgan. “Oqqo‘rg‘onlik” mahallasi oqsoqollari va o‘tmishni yaxshi biluvchi otaxonlarning aytishlaricha, mahalla ahlining bobokalonlari Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Shohruxiya atrofidan ko‘chib kelgan. Ular o‘zbeklarning yuz urug‘iga mansub. Asosiy ish-yumushlari o‘troq dehqonchilik bo‘lgan. Aytishlaricha, oqqo‘rg‘onliklar Jizzaxga Buxoro xoni tomonidan ko‘chirma qilingan. Jizzax O‘rdasida ularning mahallalari, O‘rda tashqarisida dala hovlilari mavjud bo‘lgan. Mahalla ahli va ekinzorlarini Jizzaxning 12 ta arig‘idan biri Qulniyoz arig‘i suv bilan taʼminlagan.
Taʼkidlash lozimki “Tarixi Shohruxiya”da Buxoro xoni Abdullaxon II (1557-1598 y.) tomonidan Shohruxiya aholisini Movarounnahrning markaziy qismiga ko‘chirilganligi haqida maʼlumotlar uchraydi. Ushbu maʼlumotlar “Oqqo‘rg‘onlik” mahallasi oqsoqollari aytgan, og‘izdan-og‘izga o‘tib bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarga to‘g‘ri keladi. Mahalla aholisining Toshkent Oqqo‘rg‘onidagi urug‘-aymoqlari bilan aloqalari hozirgi kunda deyarli to‘xtab qolgan.
Shunday qilib, yozma manbalar, etnografik va axborotchilar maʼlumotlari tahliliga ko‘ra, xonliklar zamoni, xususan Shayboniylar davridan boshlab Jizzax (O‘rda) mahallalari shakllanishiga birmuncha aniqliklar kiritila boshlagan. Bu davrda vohaning katta qismiga yuz, qirq urug‘lari kelib o‘rnashgan. Ular O‘rdaning ichki va tashqi mahallalari tashkil topishida faol ishtirok etishgan. “Toshkentlik”, “Mo‘lkanlik”, “Oqqo‘rg‘onlik” mahallalarini aynan shu davrda, XVI asrning ikkinchi yarmida tashkil topgan deb aytish mumkin.
XVIII asrning so‘nggi choragida Amir Shohmurod (1783-1800) davrida aholisi kamayib ketgan Samarqand, Miyonqol, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax shaharlariga turli o‘lkalardan aholini “oq uyli” qilib ko‘chirib kelish siyosati o‘tkaziladi. Jizzaxga, asosan, O‘ratepa, Xovos, Xo‘jand taraflardan aholi ko‘chirib keltirilgan.
XIX asr birinchi yarmida Buxoro va Qo‘qon, Qo‘qon va Toshkent o‘rtasida qirg‘inbarot janglar ko‘p marta sodir bo‘lgan. Beto‘xtov janglardan aziyat chekkan aholi nisbatan tinch, Buxoro amirligi tasarrufidagi Jizzax O‘rdasi atrofiga kelib o‘rnashgan. Xususan, Toshkent vohasidagi Bekobod shahri atrofidan qirq urug‘iga mansub aholi turkumi Jizzax O‘rdasining janub tomonidagi Ilono‘tti darasi hududiga kelib joylashgan. Joyning geografik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda hozirda “Sharilloq” va “Jelli-G‘uli” (Yel tegirmon – P.M., P.A.) nomlari bilan ataluvchi ushbu mahallalar aholisining O‘rda ichida qo‘rg‘on hovlilari bo‘lmagan. Chunki, ushbu aholi turkumi Jizzaxga kelgan davrda O‘rda shahristoni to‘liq mahallalar bilan band bo‘lgan.
Toshkent shahri va vohasidan turli davrlarda, turli tarixiy jarayonlar natijasida Jizzaxga ko‘chib kelgan aholi vaqt o‘tishi bilan mahalliy xalqlarga singishib ketganlar. Ular Jizzax shahrining siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyotiga o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shganlar.
M.H. Pardayev, A.H. Pardayev
Мысль о «ташкентцах», живущих в Джизаке
В статъе анализируются новые данные и источники о переселении из Ташкента в Джизак. Исследованы жизнь, хозяйственная и социальная деятельность переселенцев. Показана историческая роль ташкентцев в судьбе местного коренного населения Джизака в прошлом нашей страны.
M.H. Pardaev, A.H. Pardaev
Idea About «The Таshкеntians in Djizak»
In given article the new data and sources are considered on how people from Tashkent to Dzhizak moved which have received the name mahalla “the таshкеnts” have moved. Life, economic and social activity, and also a historical role of the таshкеnts in destiny of local indigenous population of Dzhizak are comprehensively investigated in the past of our country here.
Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “Fan” nashriyoti, 2009