Jamol Sirojiddin (1955–2015)

Jamol Sirojiddin (Xumiy) 1955 yilning 20 iyunida Samarqand viloyati, Tayloq tumanidagi Qozixona qishlogʻida tugʻildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimida tahsil oldi (1975–1981).

Samarqand tumani “Sharq tongi” gazetasida (1976–1979), Oʻzbekiston teleradio qoʻmitasida maxsus muxbir (1979–1986), Samarqand viloyat drama teatrida adabiy emakdosh (1986–1990,2012–2015), “Zarafshon” nashriyotida muharrir (1990–1991), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimida adabiy maslahatchi (1991–1996), “Soʻgʻdiyon” Davlat nashriyoti direktori (1996–1999), Samarqand teleradiokompaniyasi muharriri (1999–2001), “Samarqand” gazetasi maxsus muxbiri, bosh muharrir oʻrinbosari (2001–2003,2007–2012), SamDU Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi (2006–2007) vazifalarida xizmat qildi.

Jamol Sirojiddining “Binafshaboʻy sochligim” ilk sheʼriy majmuasi 1986 yilda “Osmon shunday yaqin” jamoaviy toʻplamda nashr etildi. Shundan soʻng uning “Tanbur” (1990), “Siyob oqshomlari” (1992), “Zahhok saltanatida” (1994), “Tanlangan asarlar” (2016) sheʼriy kitoblari dunyoga keldi.

Jamol Sirojiddinning “Asrlar qah-qahasi”, “Mehr-muruvvat chashmasi”,”Al-iksir – jon malhami”, “Asalari ibrati” pyesalari Samarqand viloyat teatrida, SamDU talabalar sahnasida namoyish etilgan. U noshir sifatida Orif Gulxaniy, Xumuliy Urgutiy, Salohiddin Salohiy Kattaqoʻrgʻoniy kabi mumtoz shoirlarning arab imlosidagi qoʻlyozma kulliyotlarini krill imlosiga oʻgirib, nashrga tayyorladi.

Tarjimon sifatida esa Roʻdakiy, Rumiy, Hofiz, Saʼdiy, Jomiy, Foniy, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Loyiq, Korgar, Koshoniy sheʼrlarini, Ch. Aytmatovning “Manqurt qissasi” asari, M. Zoshchenko hajviyalari, F. Muhammadiyev, Adash Istat, Ozod Hamidzoda hikoyalarini, U. Saroyanning “Ey, kim bor?” dramasini ona tilimizga oʻgirdi. Jamol Sirojiddining koʻplab sheʼru gʻazallari kuyga solinib, taniqli xonandalar tomonidan ijro etib kelinmoqda.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/jamol-sirojiddin-1955-2015/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x