Ijodkorning chin maqsadi – “yuksaklik”

Arastu “Poetika”si, Goratsiy “Poeziya”sidan soʻng eng shuhrat qozongan nazariy asar “Yuksaklik” boʻlgan. Bu asar bir muddat unutilib, faqat Uygʻonish davriga kelganda qayta nashr etilgan va juda koʻp tillarga tarjima qilingan.

“Yuksaklik” muallifi milodning III asrida yashagan galikarnasli Dionisiy, yoki undan bir asr avval oʻtgan Kassiy Longin, deb kelinar edi. Asarda yaqqol sezilib turgan fikrlar teranligi va yuksakligi, mulohazalar shiddati oʻquvchida yorqin taassurot qoldiradi. Ammo, asarda Oktavian Avgust davrida oʻtgan Sitseron va Setsiliy kabi allomalarning tilga olinishi, milodning I-II asrlarida yashagan notiqliq va falsafa olimlari Kvintilian, Laktansiy, Tertullian, Origen va Plotin nomlari uchramasligi u I asrda yozilgan degan xulosaga olib keladi. Asarda Gomer, Gesiod, Arxilox, Sapfo, Pindar, Vakxilid, Sofokl, Evripid, Demosfen, Gorgiy, Giperid, Aflotun, Arastu kabi buyuk shoirlar va notiqlarning asarlari chuqur tahlil etilgan.

Muallif (Longin) asarni rimlik shogirdi, jamiyat oliy tabaqasiga mansub Postumiy Terentsianga saboq berayotganday uslubda yozadi. Lekin, qadimshunoslar bu shogirdning kimligini ham aniqlay olmadi. Asarning rus tarjimoni, qadimshunos Chistyakova muallifni mashhur Rim olimlari Kvintilian, Pliniy, Petroniy Arbitr, Korneliy Tatsitlarning zamondoshi, deb hisoblaydi. Biz esa asarda bu mashhur nomlar va ular fikrlariga munosabat uchramagani sababli, muallif avvalroq yashagan, deb oʻylaymiz.

Asar muallifi ming yillar davomida Longin deb kelingani sababli keyingi davr olimlari uni Longin taxallusli kishi asari deb ataydi. Asarda Gomerning Muso paygʻambarga oʻxshatilishini olimlar keyinchalik qoʻshilgan deb hisoblaydi. Bu asarni I asrda yashagan Kassiy Longin emas, balki III asrda oʻtgan Longin Filarxey deb taxmin qilishga yetarli asos yoʻq.

Asar muallifi koʻp oʻrinlarda oʻsha vaqtda (Yuliy Sezar davrida) shuhrat qozongan notiq Setsiliyni tanqid qilib, soʻz sanʼati xususidagi qarashlari biryoqlama va yuzaki ekanligini asoslab beradi va chin yuksaklik ijodkorning maqsadi, gʻoyasi, fikrlari, tabiati va ruhi balandligi bilan bogʻliqligini Gomer, Evripid, Sofokl, Aflotun, Arastu Demosfen va boshqa soʻz ustalarining asarlarini chuqur tahlil qilish asosida isbotlab beradi.

Miloddan avvalgi I asrda Yuliy Sezar oʻlimidan soʻng, respublika tuzumini yoʻq qilib, senatning kuchini zaiflashtirib, Rimni imperiyaga aylantirgan va bir jihatdan oʻzaro birodarlik urushlariga chek qoʻyib, iqtisod va madaniyatni rivojlantirgan Oktavian Avgust Sitseronning oʻrnini toʻldirish uchun boʻlsa kerak, Pergamdan (Bobil) mashhur notiq Apollodorni Rimga taklif etgan va ustoz deb qabul qilgan. Apollodor notiqlik sanʼatini asosan til qoidalari bilan bogʻliq soʻz aytish sanʼati deb tushungan. Nutq olimi Setsiliy Apollodor shogirdi boʻlib, nomi oʻxshash “Yuksaklik” asarida soʻz tuzish, maʼno anglatishda mahorat, sanʼatkorlikni birinchi oʻringa qoʻygan. Bu asarni tanqid qilgan Longinning “Yuksaklik” asarida esa, soʻz sanʼatkorligi emas, balki adib, shoir, notiqning insoniy fazilatlari, adolatsevarligi, ruhiy olamining goʻzalligi birinchi oʻringa qoʻyiladi. Mazkur ilmiy risolada Arastu “Poetika”sining asosiy qoidalari yanada rivojlantirilgan.

“Yuksaklik” asarining taqdiri va topilishda ham qandaydir sirlilik bor. Tarixchilar, filolog olimlar aniqlashicha, bu asarning borligini ming yil davomida hech kim eslamagan. Ellinizm davrida ham (I-IV asrlar), masihiylik davrida ham olimlar bunday asar borligini bilmagan. X asrda Vizantiyada bir xattot Arastuning “Fizika” asaridan qayta nusxa koʻchirayotganida, pergament oxirida bir necha varaq boʻsh qolgan oʻrinlarga “Yuksaklik” asarini yozib, toʻlatib qoʻygan. Muallifi nomaʼlum bu asar yana besh asr topilmagan. Faqat 1453 yili Konstantinopol turklar tomonidan bosib olingan paytda qadimiy qoʻlyozmalar toʻplovchisi Ioann Laskaris Italiyaga qochib, kitob xazinasini oʻzi bilan olib ketgan. Qoʻlyozma bir hukmdordan boshqa hukmdor xazinasiga oʻtib, XV asr oxirida Florensiya qirolichasi Yekaterina Medichi xazinasiga kelib tushgan. Arastu asariga qoʻshib, muqovalangan qoʻlyozma shundan soʻng Fransiya qiroli Genrix IV ga tortiq qilingan. Keyin bu noyob qoʻlyozma Parij milliy kutubxonasidan oʻrin olgan. XVI-XVII asrlarda Nikkola Bualo davriga kelib, bu durdona asar juda shuhrat qozongan.

Fransiya qiroli Lyudovik XIV davrida yashagan mazkur asar tarjimoni Nikkola Bualo oʻsha vaqtda avj olgan “Qadimgilar va jadidlar” bahsida hakamlik qilgan, “Yuksaklik” kitobidagi poetika qoidalarilardan kelib chiqib, “Tanqidiy mulohazalar” asarini yozgan. “Poeziya sanʼati” asarini yozishda ham bu kitobdan keng foydalangan.

Asar muallifi Aflotun izdoshi Posidoniyning turli xalqlar falsafiy qarashlarida umumiy xususiyatlar mavjudligi gʻoyasiga qoʻshiladi. Posidoniy fikricha, inson va axloq, tabiat va iloh, tabiat va ruh, qul va ozod, tafakkur va hissiyot bir-biriga baʼzan qarshilik qilsa-da, bularning barchasi bir manbadan kelib chiqqani uchun oʻzaro muvofiq kelishi zarur. Asar tarjimoni Chistyakova fikricha, muallif Posidoniydan koʻra Arastu qarashlariga koʻproq eʼtibor beradi.

Muallif Aflotunning sanʼatga, jumladan, sheʼriyatga salbiy qarashiga qoʻshilmagan holda, uning oʻzi buyuk sanʼatkor ekanligini, ilohiy ilhom bilan yozganligini dalillab beradi. Aflotunning “Davlat” asaridan quyidagi fikrlarini namuna qilib keltiradi: “Ilm neligini, fazilat neligini bilmaydigan, butun umrini bazmu koʻngilxushliklar bilan oʻtkazuvchi odamlar tubanlashib ketadi va hayot soʻqmoqlarida adashib, uloqib yuradi. Bundaylar haqiqat osmoniga biror marta qiyo boqmaydi, u tomonga parvoz qilmaydi, mangu va musaffo sevinch taʼmini totib koʻrmaydi. Bundaylar kattalarga bosh egib, yeb-ichib, bir-biri bilan qovushib, oʻtlab yurgan hayvonlarga oʻxshaydi. Ular ochkoʻzligi tufayli bir-birini urib, temir shoxlari (qilichlari) bilan suzib, tuyoqlari bilan tepkilaydi”.

Muallif yana yozadi: “Aflotun bizga yuksak uslubni egallashning yana bir yoʻlini koʻrsatadi. Bu qanday yoʻl va uni qanday topish mumkin? Oʻtmishdagi buyuk adiblar va shoirlarga taqlid qilmoq, ularga ergashmoq yoʻlidir. Mana shuni doʻstim, sira unutmaylik[1]. Gomerga faqat Gerodotgina emas, avvalgilar, Stesixor va Arxiloh ham ergashgan. Lekin, Gomerga ergashganlarning eng ulugʻi Aflotundir. U Gomer daryosining son-sanoqsiz hayotbaxsh irmoqlaridan suv ichgan. Bu fikr isboti uchun koʻp dalillar keltirish mumkin. Lekin Ammoniyning shogirdlari mendan avvalroq bu ariq va jilgʻalarning har birini alohida oʻrganib chiqdilar”.[2]

Baʼzi olimlar bu yerda Plotinning ustozlaridan biri Ammoniy Saqqo haqida eslatilgan, deydi. Agar shunday boʻlsa, “Yuksaklik” asarining muallifi biz taxmin qilgan Plotinning shogirdi Longin Filarxey boʻlib chiqadi. Chunki, Ammoniy har biri mingdan ziyod ajoyib asarlar yozgan Origen va Plotinga ustoz edi. Porfiriy va Longin esa Plotinning shogirdi boʻlgan. Lekin, bu fikrimiz ilmiy taxmin, xolos…

“Taqlid – oʻgʻrilik emas, – deb yozadi risola muallifi. – Taqlid inson qoʻli va aqli bilan yasalgan goʻzal asarning oʻxshashini ijod qilishdir. Agar Aflotun jon-jahdi bilan Gomerdan oʻzib ketishga intilmaganida uning falsafiy qoidalariga aylangan fikrlari, gʻoyalari bu qadar sheʼriyatga yaqin va bu qadar yuksak va yashovchan boʻla olmas edi. Aflotun Gomer oldida oʻynayotgan bolaga oʻxshasa-da, har holda bu bola Gomer bilan musobaqa kirishgan edi va bu narsa unga faqat foyda berdi”. Doimo buyuklar bilan musobaqa shon-shuhrat keltiradi. Bu yangligʻ bahslashuvda juda kuchli va tajribali kurashchilardan yengilish uyat emas. Lekin, buyuklar bilan ijodiy musobaqaga kirishgan sanʼatkorning ruhiy olami va ijodida ham buyuklik alomatlari boʻlishi lozim. Aks holda juda koʻp zaif shoirlar kabi grafomaniya kasaliga uchrash mumkin. Bahs-musobaqa sham bilan quyosh, chumoli bilan arslon, laycha bilan fil oʻrtasida emas, Gomer va Aflotun, Demosfen va Fukidid oʻrtasida boʻlishi mumkinligini eslatadi. Bular orasida ayni Gomer bilan Demosfen qiyoslashga munosib zotlar. Bunday ulugʻ zotlar bilan bellashuv benihoya masʼuliyatli, bunday ijodiy musobaqada buyuk ustozlar ham hakam, ham guvohdir. Lekin, ulugʻlar bilan musobaqaga kiruvchi ijodkor boʻlgʻusi avlodlar qanday hukm qilar ekan, deb ruhlangani va hayajonlangani yaxshi, lekin ular hukmidan qoʻrqib, qaltirab yozish ham yaxshilikka olib kelmaydi.

Keyingi boblarda muallif til va uslub jihatidan notiqlik sanʼatida oʻzgacha, prozada oʻzgacha va poeziyada oʻzgacha yoʻllar bilan yuksaklikka erishiladi, degan fikrni bildirib, Gomer, Esxil, Evripid, Demosfen asarlaridan namunalarni keltiradi. U Evripidning bizgacha yetib kelmagan “Faeton” tragediyasidan Geliosning Zevs oʻgʻli Faetonga nasihatlarida samovot manzaralari tasvirlangan misralarni keltirar ekan, goʻyo shoirning oʻzi asov tulporlar qoʻshilgan shohona aravada uchayotganday his qilishini aytadi. Esxilning “Yettovlon Fivaga qarshi” tragediyasidan Urush va Dahshat maʼbudlariga qasam ichib, qonli qurbonlik qilayotgan qahramonlarning dahshatli soʻzlarini misol qilib keltiradi. Esxilning “Zanjirband Prometey” va boshqa tragediyalarida ham ulugʻvor sahnalar koʻp. Bu shoir haqli ravishda “Tragediya otasi” deb shuhrat qozongan. Prometey dahshatli azoblardan qoʻrqmay, yer yuzidagi odamlarni qorongʻilikdan yorugʻlikka olib chiqishni maqsad qilgani, eng ulugʻvor hodisalardan biridir.

Aristobul oʻgʻli Plutarx asarlarida qahramonlarning yuksak va ulugʻvor ishlari samimiy, haqqoniy tasvirlanishi ham bizni hayajon va hayratga soladi. Lekin, Longinning Plutarx asarlaridan namuna keltirmagani undan avval oʻtganligini bildiradi. 10-faslda yunon shoirasi Sapfodan keltirilgan maʼshuqaning nozik va murakkab ruhiy holatlari tasvirlangan parcha Plutarxning “Qiyosiy hayotnomalarida” ham bir xil ifodada uchrashi gʻalati. Muallifning insonparvarlik, or-nomus, adolat, hurlik haqidagi qarashlari ham Plutarx qarashlariga yaqin.

Milodning I asrida, hali “Injil” kitob qilinmasdan turib, “Yuksaklik” asarida Muso paygʻambarning tilga olinishi ham ajablanarli. Tarixchi olimlar Ya. Tolli, D. Runkelar aniqlashicha, Rim imperatori Gay Kaligula davrida, milodning qirqinchi yilida Rimga elchilar boshligʻi boʻlib kelgan yahudiy faylasufi Filon, Iosif Flaviy va Longin bilan uchrashgan va ularga “Tavrot” (“Septuaginta”) haqida maʼlumot bergan.

Asarning koʻp oʻrinlarida muallif Gomer “Iliada”sidan parchalarni ulugʻvorlik namunasi sifatida keltirar ekan, tahlil davomida oʻzi ham yuksak fikrlar, tasvirlar bilan hayrat va hayajon uygʻotadi. U samo, yer, ummonda maʼbudlar urushini Gomer xuddi oʻzi qatnashganday tasvirlashini aytar ekan: “Gomer Troya qahramonlarini ilohiy darajaga koʻtardi, ilohlarni esa gʻazab, nafrat, qasoskorligi bilan insoniy qilib, pastga tushirdi”, deb yozadi. Yuz berishi mumkin boʻlmagan voqealar, mubolagʻa, fantastik tasvirlar sheʼriyatga yarashadi, lekin prozada mumkin qadar aniq, realistik tasvirlar yaxshi va goʻzaldir. Bu qoida keyinchalik oʻzgardi. Fransua Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” romanlarida yuz berishi mumkin boʻlmagan, ajoyib-gʻaroyib voqealar ishonarli qilib tasvirlandi. Sheʼriyatda esa, romantik, sirli hodisalar (S. Kolrij), realistik tasvirlar (Bayron) oʻziga xos joziba kasb etdi.

Shundan soʻng muallif Demosfenning “Gulchambar” nomli nutqidan ozodlikni boy berish eng mudhish fojia ekanligini keltiradi: “Vijdonsiz, xushomadgoʻy odamlarga laʼnatlar boʻlsin, ana shular vatanini mayib-majruh qildilar, erkini avval Filippga, soʻng (makedoniyalik) Aleksandrga sotib yedilar. Ular oʻz jigʻildoni va sharmandali hoyu havaslari, hirslarini baxt-iqbol deb oʻyladilar. Ozodlik avvallari greklar uchun baxt va saodat edi, bu saodatni vijdonsiz, xushomadgoʻy odamlar oyoqosti qildilar…” Bu yerda Vatan xoinlariga gʻazabning oʻzi har qanday badiiy vositalarga nisbatan ulugʻvordir.

Boshqa oʻrinda muallif, Ksenofont va Aflotun asarlaridagi goʻzal va yuksak oʻrinlarda kutilmagan tashbehlarni, istioralarni nutqning sodiq himoyachilari, deb maqtaydi. Aflotun bir asarida inson tanasini taʼriflab yozadi: “Inson bir shahar boʻlsa, boshi bu shahar qalʼasi, tili taʼmni tekshiruvchi, lazzatu qaygʻularga eltuvchi tuzoq – yurakdagi qon tomirlari, asab buzilsa, yurakni asrovchi paryostiq – oʻpka, qahr-gʻazab – erkaklar xonasi, havas-istaklar – ayollar xonasi. Inson tanasi bir bogʻ boʻlsa, Xudo bogʻdagi oʻsimliklarni sugʻorish uchun qon tomirlaridan ariqlar ochib qoʻyibdi. Oʻlim kelganida kema arqonlari uzilganday, ruhni chirmagan arqonlar kesilib, ozodlikka chiqadi”.

Badiiy jihatdan hamma narsa oʻrnida, kamchiliksiz, ravon yozilgan asarga nisbatan kamchiliklari uchrasa ham teran maʼnolar xazinasi boʻlgan asar ulugʻvordir. Xatosiz, ehtiyotkorlik bilan yozilgan asar til, uslub jihatidan goʻzal, mukammal boʻlsa ham unda kurashlar, yuksak parvozlar yoʻqligi sababli arzimas va oʻrtacha boʻlib qolaveradi. Ulugʻvor asarlarda maʼnolar yuki vazmin, salmoqli mahobatli boʻlgani sabab, baʼzi joylari yoʻnilmagan, sayqal topmagan, qoʻpol koʻrinishi mumkin.

“Gomer va boshqa buyuk shoirlardan men ham juda koʻp kamchiliklar topganman, lekin ulardagi nuqsonlar tasodifan, daho shoirlarning baʼzi narsalarga eʼtiborsizligi tufayli kelib chiqqan va bu kamchiliklar goʻzallikdan ongli chekinish emas. Bunday asarlarda yetishmovchilik boʻlsa ham ruhiy olam ulugʻvorligini tasvirlangani bilan qadrlanishga sazovor. Apolloniy[3] “Argonavtlar” poemasi bilan yaxshi shoir ekanligini koʻrsatgan boʻlsa ham, Feokritning bukolika sheʼrlari shon-shuhrat choʻqqisiga chiqqan boʻlsa ham, nahotki Gomer emas, Apolloniy boʻlishni istasang? Eratosfenning kamchiliklardan holi “Erigona” nomli poemasini, nahotki ilhom parvozida, baʼzi keraksiz narsalarni ham qoʻshib, osmonga olib ketgan Arxiloxdan baland deb oʻylaysan? Xor poeziyasida, nahotki Pindarni emas, Vakxilidni, tragediya sanʼatida Sofoklni emas, Xioslik Ionni[4] ustun deb oʻylaysan? Toʻgʻri, Vakxilid va Ion sheʼriyat qoidalarida sira yanglishmagan, lekin Pindar va Sofokl yuksak parvoz qilib, ilhom nuri bilan tevarak atrofni yoritganda yuksakdan yiqilib tushishlari ham ehtimoldan holi emas edi. Shunday ekan, nahotki aqli joyidagi odam Ion asarlari Sofoklning birgina “Edipi”ga teng kelmasligini bilmasa?”

Asarning 14 ta faslida maʼno, fikr, gʻoya ulugʻvorligi, yuksakligi haqida fikr yuritgan muallif 15-fasldan boshlab, badiiy vositalar, ritorik figuralarning ahamiyatini tushuntirishga oʻtadi. Bu yerda u Ellada ozodligi uchun Makedoniya istilochilariga qarshi kurashgan sarkardayu notiqlar Giperid, Demosfen nutqlaridan eng yaxshi oʻrinlarini tahlil qiladi.

Demosfen Ellada sarkardasi sifatida mil. av. 338-yilda Xeroneya jangida gʻolib chiqadi, ammo koʻp talofot koʻradi. U, dono rahbar sifatida xalqning ruhini koʻtarish maqsadida Vatan uchun jangda halok boʻlganlarni maqtab, ularni elladaliklar forslar ustidan gʻalaba qozongan Marafon (mil. av. 490) va Salamin (mil. av. 480) janglari qahramonlari bilan tenglashtiradi va ularning ruhlari gulchambarga loyiq, deydi. Demosfen koʻpchilik nutqlarida Elladani Makedoniya qoʻl ostiga oʻtishi tarafdori boʻlgan notiq va lashkarboshi Esxinga qarshi chiqib, uning dalillarini yoʻqqa chiqaradi. Risola muallifi (Longin) bunday nozik siyosat vaqtida notiqlik unsurlarini badiiy vositalarda sezdirmay, pardalab qoʻllashni maslahat beradi. Va aksincha baʼzi dadil va yuksak fikrlarni pardalab oʻtirmay, ochiq-ravshan aytish ham yaxshilik keltiradi. Agar pardalab aytilsa, davlat arboblari “Bu notiq bizni aldayapti” deb, jahli chiqishi mumkin, deydi.

Soʻzlash vaqtida notiq toʻgʻrilikcha va aylanma, bilvosita savol berib, oʻzi bu savolga javob berishi ham notiqlik unsurlari jumlasidandir.

 

* * *

Nutqda mazmunni kuchaytirish uchun ergash gaplarni bogʻlovchisiz ketma-ket qalashtirish ham tinglovchilarda hayajon uygʻotadi. Ksenofont bir nutqida: “Har ikki tomon jangchilari qalqonlarini urishtirib, nayzalarini bir-biriga jon chiqarga sanchib, oʻlar edilar”, deydi. Muallif 20-faslda Demosfen bir nutqida bogʻlovchisiz ergash gaplar bilan maʼnolar teranligini oshirib, katta taʼsir kuchiga erishganligini aytadi. Notiq, ozodligini yoʻqotgan xalqni gʻoliblar odam oʻrnida koʻrmasligini aytib, ogohlantiradi. “Jabrlangan odam tasavvur qilolmaydigan narsalarni dushman jangda gʻolib kelgach, zolimona mushtlari bilan emas, balki xulqi, qarashi, soʻzlari bilan ham kimligini koʻrsatadi”. Isokratga ergashgan notiqlar esa, bu jumlaga “bilan”, “soʻng” kabi bogʻlovchilar qoʻshib, gapni sayqallab, silliqlab, nutqning oʻtkir joylarini ham randalab yuboradilar.

Muallif Aflotun kabi sunʼiylikdan tabiiylikni ustun qoʻyadi. Nutqda (badiiy asar tilida ham) muallif avval bir muhim fikrni aytib, soʻng uni tugatmay, yangi-yangi fikrlarga oʻtishi, yana avvalgi fikriga qaytishi, kelishiklar, uyushiq boʻlaklar va turli ohanglarni qoʻshib yuborishi ham tabiiylik sifatida kuchli taʼsir koʻrsatadi.

Oʻtmishdagi qiziqarli voqealarni xuddi hozir yuz berayotganday, hozirgi zamon feʼlida, jonli tasvirlab berish ham nutqning qadrini yuksaltiradi.

Muallif 26-faslda Herodot asaridan bir parcha keltiradi: “Elefantina shahridan (kemaga chiqib) yuqoriga qarab suzasan va birpastda tekislikka yetasan. Bu viloyatdan oʻtganingdan soʻng boshqa kemaga chiqib, ikki kecha-kunduz suzgin, shundan soʻng bir katta shahar keladi, u shaharni Mursiya deydilar”. Bu parchada muallif Xerodotning uslubidagi bir xususiyatga: u

oʻzini koʻpchilik bilan emas, bir odam bilan suhbatlashayotganday hikoya qilishiga eʼtiborimizni qaratadi. U, keyingi, 27-faslda Gomer “Iliada”sida Gektor tilidan gapirishiga, yaʼni oʻzini Gektor oʻrniga qoʻyib soʻzlashiga, koʻchirma gapni ishonarli chiqishiga eʼtibor beradi. Bu yerda Gomer holatning keskinligidan kelib chiqib, soʻzlovchi shaxslarni tez-tez oʻzgartiradi.

Keyingi 28-faslda muallif badiiy sanʼatlardan majoz nutqni ulugʻvor qilishini aytadi. “Musiqada asosiy ohang atrofida yordamchi ohanglar boʻlganida chiroyli jarang berganiday, asosiy ibora atrofida majozlar boʻlsa, maʼnoni yuksaltiradi. Lekin, bu ishda juda ehtiyot boʻlish, yasama va sunʼiy soʻzlardan qochish zarur. Aflotun qahramoni dafn marosimida soʻzlar ekan, marhumlar borar yeri haqida: “Taqdir nasib etgan yoʻlga sizlarni butun shahar ahli, har biringizning yaqinlaringiz kuzatishga chiqdilar”, deydi. Ksenofont asarida esa lashkarboshi jangchilarni ruhlantirish uchun: “Sizlar mashaqqatni saodatga eltuvchi deb bildingiz. Sizlar jangchiga eng yarashadigan boylikni – xalq maqtovini qalbingizda olib ketyapsiz”, deya hayqiradi.

Muallif 30-faslda ajoyib va goʻzal soʻzlarni oʻrinsiz joylarda ishlatilsa, tragediya qahramonining roli aqlsiz goʻdakka berib qoʻyilganday kulgili, sunʼiy holatlar kelib chiqishini aytadi. Demak, notiq, shoir, dramaturg ajoyib ulugʻ soʻzlarni, tabiatan, ulugʻ qahramonlar nomidan, zarur boʻlganida oʻz nomidan ham aytgan paytlarda ulugʻvorlikka erishadi. Lekin, hozirgi ayrim savodsiz suxandonlarimiz, isteʼdodsiz kimsalar: “Biz sizlarga tashrif buyurdik”, yaʼni kelishimiz bilan sizlarni sharif qildik, kabi yuksak soʻzlarni har joyda aytadilar va soʻz qadrini tushiradilar.

Yaratuvchi bizga ato qilgan ruhimiz naqadar tiniq boʻlsa-da, kichik jilgʻalar, ariqlar emas, balki daryo, dengiz, okean bizni koʻproq qiziqtiradi. Bizni yerdagi ravshan chiroqlar emas, balki samodagi yulduzlar, oʻchoqdagi olov emas, Etna vulqoni olov lavalarini oqizib, atrofga butun-butun togʻ boʻlaklarini otib tashlashi hayratga soladi… Gapning qisqasi, odamlar odatiy, oʻziga kerakli narsalarga beparvo qarasalar-da, kutilmagan, ajoyib-gʻaroyib narsalarni koʻrganda hayratdan yoqa ushlaydilar.

Muallif 36-faslda yuqoridagi fikrlariga xulosa qilib shunday deydi: “Ulugʻ adiblar asarlarida barcha insonlar uchun zarur, foydali, yuksak, ulugʻvor hodisalar tasvirlangan, bunday mualliflar (yaʼni, Gomer, Gesiod, Esxil, Sofokl, Evripid, Xerodot, Fukidid, Ksenofont, Demosfen, Aflotun, Arastu, Sitseronlar) har qanday xato, kamchiliklarga qaramay, butun insoniyatga nisbatan, yuksak parvoz qilgan ulugʻ insonlardir. Chunki, buyuk va yuksak hodisalar odamlarni ilohiy aql-idrok sarhadlariga yaqinlashtiradi, qolgan barcha ishlar esa faqat inson tirikchiligi uchun zarur oddiy narsalardir. Gomer, Demosfen, Aflotun asarlaridagi xato-kamchiliklarni bir joyga toʻplasak, bu ustozlar asarlaridagi nuqsonlar shubhasiz buyuk fazilatlari oldida arzimas, kichik boʻlib qoladi. Shu sababli, hamma zamonlardagi insonlar baxillik va hasaddan aqllari ozmagan boʻlsa, ulugʻ zotlarga hurmat-ehtirom bildiradi”.

Muallifning yana bir fikri Aflotunga hamohang boʻlib, filolog olim, ayni paytda faylasuf ekanligini koʻrsatadi: “Sanʼat asarlari har qancha ulugʻ boʻlsa ham, ular tabiatga taqlid, tabiatning tasvirlari, asl tabiat esa, yana-da ulugʻvordir”. Muallifning bu falsafiy qarashlari oʻz vaqtida Plotin, Porfiriy, Bualo, Kant, Shiller, Lessing, Belinskiylar dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatdi.

 

Mahkam MAHMUDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

 


[1] “O vozviʼshʼennom: M. –L. Izd. “Nauka”, 1966, str. 29.

[2] Oʻsha joyda.

[3] Rodosli Apolloniy (mil. av. 295-215 y.) ellinizm davridagi Iskandariya shoiri. U “Argonavtlar” poemasi bilan Gomerga ergashgan.

[4] Aflotun “Ion” asarida bu shoir Omir (Gomer) dostonlarini kuylovchi baxshi, deb tasvirlaydi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ijodkorning-chin-maqsadi-yuksaklik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x