Istak oʻssa daraxtday

Qoʻllarimni kuzga bermayman

 

Yozgi qoʻrgʻonimga qoʻshin kiritdi,

Yozgi bogʻlarimni sargʻaytirdi kuz.

Peshonamni esa silamay titdi,

Keyin yuragimga yurdi kuz.

 

Bekor yurdi. Bekor. Koʻzlarimda nam.

Dilimni izgʻirin soʻzga bermayman.

Toʻrtmas, bir faslsiz qolganimda ham

Qoʻllarimni kuzga bermayman.

 

Hali uzo-o-oq oʻzda saqlayman yozni,

Oʻta mungligʻ, oʻta yashovchan nayman.

Yaqin keltirmayman ayozni

Vido mavsumiga bormayman.

 

 

Mendan koʻngling rozimi?

 

Seni ming yildan buyon sevamanmi, bilmayman,

Chohu changalzorlardan birga oʻtgan sen boʻlding.

Ayolmi yo yuk ortgan tevamanmi, bilmayman,

Mendan oldin yuklarga yelka tutgan sen boʻlding.

 

Biz bir-birimiz uchun tushgan edik koʻklardan,

Egilmadingmi jonim, yelkadagi yuklardan?!

 

Yaxshi xotin boʻlmadim, baʼzan qilmay ilojin,

Boqsam, kiygan koʻylaging rusumdan chiqayozgan.

Koʻzyoshimdan suv sepib, supurgi qilib sochim

Yoʻllaring supurganim esimdan chiqayozgan.

 

Ruhingga kirmay oʻzga olam bilan ovvora,

Bolam bilan ovvora, qalam bilan ovvora.

 

Esli xotin boʻlmadim. Eslaringni ogʻdirdim,

Zoʻr ishlar qolib roʻzgʻor ikir-chikirlariga.

Boʻlar-boʻlmasga koʻzyosh jolalarim yogʻdirdim,

Armonlar ketmadimi koʻngil chuqurlariga?

 

Toqatingga tosh otsam, simlar qoqib ishingga,

Unutgan ayollaring kirmadimi tushingga?!

 

Yorijon-a, dengizda kemamizning sardori,

Mendan oldin goʻdaklar koʻzlaringdan oʻpdimi?

Senga yurak dorisi topib qoʻydim, zoʻr dori

Uni avval men, keyin sen ichasan, boʻptimi?

 

Avval bir-birovga gul ilinardik. Gul payti.

Endi dori. Ishqilib, ilinmay kun oʻtmaydi.

 

Men oʻzimdan norozi, sening koʻngling rozimi?

Ayt, ey koʻnglimning yozi, sening koʻngling rozimi?

Senga aytar gapimni yoz desam qoʻllarimga

Ming bor qaytarib yozdi: “Mendan koʻngling rozimi?!”

 

Suyakni yorar ohim, mendan koʻngling rozimi,

Boshimdagi panohim, mendan koʻngling rozimi?!.

 

 

Anjon sari

 

Oʻylanaman, yoʻlim tushsa Anjon sari,

Mohlaroyim koʻzlariga koʻzim tushsa.

Maydalashib ketmaydimi mevalari,

Taniymanmi qoʻlga olma, uzum tushsa?

 

Mohlaroyim taqdiridan kuylab doston

Qaldirgʻochlar ayvonida yuradimi?

Kelinlari sahar, azon aytilmasdan

Obdastada suv isitib turadimi?

Roʻmolining uchiga gul bitadimi,

Qizaloqlar-onalarin tirgaklari?

Orqa bilan yurib chiqib ketadimi

Yerga qarab ohudayin hurkaklari?

 

Koʻz oldimdan oʻtaverar chopa-chopa,

Nodiraning qul kunlari, shoh kunlari.

Qulogʻimga kelib turar:

Mohlaroyim ketayotgan xon aroba,

Umarxon toʻy arobasin shovqinlari…

 

Oʻylanaman, yoʻlim tushsa Anjon sari…

 

 

Men yoʻqlasam…

 

Kampirlarning kamaydi safi,

Yana birin qaro yer yutdi.

Yoqalari yopiq, arabiy –

Koʻylak kiygan bir kampir oʻtdi.

 

Gʻimir-gʻimir onam Boyovut

Avvalgidan maʼyusroq endi.

Hovlimizga soya solgan tut

Balki onam bilan u tengdir.

 

U oʻlganda zor kishnagan ot

Chaqnoq koʻzi toʻnib bormoqda.

Balki u ham men kabi, hayhot,

Ayriliqqa koʻnib bormoqda.

 

Ammo, onam yoqib ketgan sham

Turaverar koʻnglim toʻrida.

Men yoʻqlasam, yigʻlasam u ham

Agʻdarilsa kerak goʻrida.

 

Kampirlarning kamaydi safi…

 

 

 

Qayta boshlash

 

Koʻrib qolsang yaqin kelib qolgan oʻlimni,

Ikkilanmay qayta boshdan boshla yoʻlingni.

 

Tajriba bor. Yoʻlning oʻnqir-choʻnqirlarini

Endi yaxshi bilasan, sen. Tanish barcha kuy.

Ortga tashla hayotingning kir-chirlarini,

Kiyilmagan qush tumshuqli tuflilaring kiy.

 

Qayta boshlash istaklari – kuydir, buloqdir,

Qattiq ista. Mugʻanniysan. Kuyib chalasan.

Yelkangdagi bosib turgan toshni uloqtir,

Yengil uchgin. Baland uchgin, ucha olasan.

 

Parvo qilma. Goh bemador titrasa tizzang,

Qadding koʻtar. Koʻtar yana yoʻllarning changin.

Yuvgin. Ketsin vujudingni qoplab yotgan zang,

Qarabsanki, yangisan, sen. Yana yap-yangi.

 

Hayot yoʻlin qayta boshlash mumkinday, naqdday,

Gar shu istak ich-ichingda oʻssa daraxtday.

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

https://saviya.uz/ijod/nazm/istak-ossa-daraxtday/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x