Hazrati Attor

1

Yoʻl azobli edi.

Falak toqidagi quyosh goʻyoki qum barxanlarini eritib, ummonga qoʻshib yuborguday shiddat ila borliqqa olov purkardi. Qilt etgan shabadaga zor yantoqlar ogʻizdan chiqqan nafasga yonguday. Barxan biqinida turgan echkiemar, tomogʻi loʻqqilashini hisobga olmasa, xuddi yogʻochga oʻxshab koʻrinadi. Bir qarashda sahroda hayot soʻngan kabi borliq rangsiz va nursiz.

Dafʼatan harorat ostida jilolanayotgan, sarobiy manzara ortida ikki nuqta koʻzga tashlandi. Bu nuqtalar asta-sekin kattalashib, nihoyat odamzotning shakl-shamoyiliga aylana boshladi. Ajabki, inson qorasi koʻrinishi bilan qizigan qozonday yonayotgan sahroga gʻayritabiiy fayz inganday tuyuldi. Quruq yogʻochga soʻna kabi yopishgan boyagi jonivor ham hayratlanib, inson poyqadamiga koʻz tikdi.

– Hazrat, tanamda bir tomchi suv qolmadi, – safarga otlanganlaridan buyon ilk bora zorlandi ozgʻin, yuzi kumush kabi yiltirayotgan odam.

Undan uch qadam oldinda ketayotgan qoʻliga aso tutgan, oppoq soqoli chehrasiga ajib ulugʻvorlik bagʻishlagan, tim qora koʻzlaridagi nur soʻnmagan nuroniy ortiga oʻgirilmay luqma tashladi.

– Karbaloning har qadami ming balo, bolam, yana ozgina sabr ayla, xudo xohlasa hademay ulus qoʻrgʻoniga kirib borurmiz.

Murid togʻday toqatidan urvoqcha bardosh qolmaganini uqtirishga botinolmadi. Boz ustiga yirtiq boshmogʻi orasidan tovoniga botgan tufroq xuddi qaynoq qoʻrgʻoshin kabi kuydirib, yuragiga bezovtalik solardi. Shu asnoda yoshi yuzga yaqinlashgan pirining shaxdam odimi, tetikligi, suvsizlikka bardoshidan hayronu lol edi.

– Sen boʻlmagʻur oʻylarni xayolingdan chiqarib tashla, umidsizlanma.

Xafif dilidan kechgan fikrlarni ilmi laduniy siri ila anglagan ustoziga yana bir sidra qoyil qoldi. Shoshib uzr soʻradi. Piri murshid gapida davom etdi.

– Ming baloli Karbaloni bir balo qilib bosib oʻtgaymiz. Alloh dilni toblash asnosida tanni ham tarashlab, misqolga goʻsht qoldirmas. Bilsang, semizlikni qoʻy koʻtaradi. Odam bolasi ortiqcha yukni ortmoqlab yurishi koʻnglida turli mayllarga ragʻbat uygʻotgay. Paygʻambar rasululloh (s. a. v.) marhamatiga koʻra, moʻmin kishida bitta chuchvaraga loyiq ortiqcha et qolmasligi kerak.

Xafif, eti ustixonga aylansa-da, vujudini shijoat, zavq-shavq tark etmagan piri komilga havaslanib boqdi.

– Sen, bolam, mendan andoza olma, goho ojiz banda bilib-bilmay nafsning aldoviga koʻnaman. Holbuki, Saxl Tustariydek buyuk zot nafsini hamisha xumda qamaganday saqlagan, lekin uning yetoviga yurmagan, dod-faryodiga quloq solmagan edi.

Shogird ustozning ushbu avliyo haqidagi bitiklarini oqqa koʻchirganida yodida qolgan hikmatlarini esladi.

Hazrati Saxl:

– Tavba muyassar boʻlmas ul kishigakim, toki tilsiz boʻlmagunicha; tilsiz boʻla olmas, toki xilvatga kirmagunicha, xilvatga kira olmas, toki halol yemagunicha; halol yemoq hosil boʻlmas, toki haqning haqqini ado etmaguncha. U ham hosil boʻlmas, to vujudini pok saqlamagunicha, u ham hosil boʻlmagay, haqdan inoyat yetmagunicha! – deb yozgan ekanlar.

– Ustod, – dedi Xafif, bagʻrini oʻrtayotgan tashnalik ariganidan sevinib, – Abdulloh Tustariy fikricha, allohdan inoyat boʻlmaguncha ojiz banda toʻgʻri yoʻlni topolmas erkan, u holda muridning riyozatidan ne murod?

Murshid bir nafas toʻxtab, ortiga oʻgirildi. Oppoq soqolini silab, ogʻir tin oldi. Soʻng tamomila boshqa mavzuda gap qotdi.

– Badanimda nam qolmadi deya zorlanursen, peshonangdan reza-reza ter oqur.

Xafif oʻngʻaysizlandi. Bu ne hol. Hozirgina peshonasi qup-quruq edi.

– Hayronman, hazrat, bu ter qaydin paydo boʻldi ekan.

– Bolam, koshki bu men aytganday va sen oʻylaganday ter boʻlsa.

– U holda nima deb mushohada qilursiz?

– Bu qalb kiri!

Shogird beixtiyor boshidan kulohini oldi. Anchadan bayon suv koʻrmagan sochi shokila-shokila boʻlib, yelkasiga toʻkildi.

– Qoʻrqitmang, pirim. Axir, necha yildirki, haq istaydurman, haromdan hazar, haloldan taqvo qilurman. Murodimgʻa yetdim deganda siz koʻnglimni choʻktirursiz.

Ustoz jandasini yechib, qizigan qum ustiga tashladi. Oʻzi ham jandaga oʻtirdi. U shunday holatda ediki, goʻyo yonidan daryo oʻtadur, boshiga dov-daraxtlar soya tashlab, ularning shoxlarida bulbullar xonish aylashur. Allohning valiylari uchun oltin bilan tufroq orasidagi mohiyat yoʻqolur, deganlari shudir-da.

– Senda bitta nuqs bor, illo undan qutilmoqqa sira ragʻbating yoʻq.

Xafif ustoz yoniga choʻkdi.

– Ayting, mening basirot koʻzlarim bu nuqsonni ilgʻashga qodir emas shekilli.

– Bolam, inson oʻz qusurini koʻz javohiri ila koʻrolmaydi. Sen shaytonni anoyi deb oʻylama. U oʻz hiylasini ming bor oʻylab, soʻng ojiz banda qalbiga singdirur.

– Yo rab, nahotki haqni tanigan sizday zot xizmatidagi murid dili pok boʻlmasa, nahotki sizday ulugʻ hazrat yoniga shayton qoʻrqmay yaqinlasha olsa?

– Hamma illat shunda-da. Iblis savdoyi yoki anoyi emas, u olim, faqat uning borligʻini kibr egallagan, xolos. Bilki, u oddiy kimsalarni chalgʻitishdan koʻp quvonmas, u tuzoqni haq istaganlar yoʻliga qoʻyur. Mingta omi shaxsni avragandan, bitta olimni chalgʻitgan afzal, deb bilur.

– Nega?

– Chunki olimning adashuvi – olamning adashuvi! Paygʻambarimiz (s. a. v.)ning “Mavti olim – mavti olam”, yaʼni olimning oʻlimi, olamning oʻlimi degan hadisini unutdingmi?

Endi munozara qizib, oftob tafti ham sezilmay qolgandi.

– Hamonki shaytonni olimlar qiziqtirar ekan, bunda menda ne nuqs?

– Sen shaytoni laʼinga quloq berasan, u iblis sen orqali meni qoʻlga tushirmoq istaydir.

– Mening kamchiligim qayda?

– Katta xatoing, haqni qidirasan-u, biroq topishingga ishonmaysan.

Xafif choʻchib tushdi. Yo rabbiy! Bu ne sinoat? Chindan ham necha bor dilida ikkilanish, kelajagiga xavotir tuygʻulari bosh koʻtarganini payqagandi. Oʻzi-ku payqabdi, bu sirdan ogohlik ustodda qanday zuhurlandi ekan.

U tura solib pirining etagini oʻpdi.

– Maʼzur tuting, ustoz, lekin bu hissiyot ixtiyorimdan tashqarida roʻy berur. Men mutlaqo ilojsizmen.

– Ilojsiz inson yoʻq. Faqat bardoshim sust, eʼtiqodim zaif deb bilsang, haqiqat ruxsoriga soya tushmasdi. Baski shu kirlik qalbingga chandiq solibdimi, endi astoydil eʼtiqod qil, boʻsh kelma. Bilaman, sen taskin istarsen, biroq bu farogʻat manzilini bilmassen. Bu manzilga juda oz qoldi, sendan sabr, yaratgandan inoyat. Uqdingmi, bolam?

– Uqdim, faqat…

– Xoʻsh?

– Nega oʻsha inoyatga yetishmogʻim choʻzilur?

Shayxning chiroyli chehrasiga tabassum yugurdi.

– Bolam, yoshing nechada?

– Hademay ellikka borgaymen.

– Men esam, shukur, yuzdan oʻtdim. Ammo hanuz haqni qidiramen.

– Pirim, nahotki siz ham shu ishtibohdasiz, nahotki siz ham shu paytgacha uni topmadingiz?

– Bu ogʻir jumboq. Haq bir yombi emaski, mana qoʻlimga tushdi-yu, maqsadga erishdim, deb oʻylasang. Haq yoʻli umrning soʻnggi manziligacha oydinlashib boraveradi. Birinchi koʻringan nur bilan kifoyalangan odam juda oziga koʻngan, koʻpini bilmagan zohiddir.

Xafif murshid qiyofasida suhbatga nuqta qoʻyib, safarni davom ettirmoq taraddudini sezib, darrov xizmatga hozirlandi. Pirining ilkidan ushlab turishiga koʻmaklashdi. Ular ancha mahalgacha churq etib ogʻiz ochmadilar. Olisda dengiz mavjlandi. Uning suvi koʻm-koʻk edi. Qirgʻoqda qora chagʻalaylar pastlab uchayapti. Falak togʻiga chuvalashgan kumush rang bulutlar goʻyo hozirgina choʻmilib chiqqanday.

– Qarang, dengizga chiqibmiz! – Xafif shodligini yashirmay dashtni boshiga koʻtarib hayqirdi. Soʻng kim bilan kelayotganini ham unutib, oldinga qarab chopdi. Kalta chorigʻiga qum toʻlib, oyoqlarini qizdirganiga-da parvo qilmasdi. Shu asnoda tilim-tilim barxanlar uzra ikki bor agʻdarildi. Biroq u jon talvasasida qirga oʻrlar, es-hushini yoʻqotgan devonaday ogʻzidan koʻpik sachratib baqirardi.

– Bechora, bolam, – ich-ichidan unga achinib boqdi ustoz, – nahotki ziyrak koʻzlaring sarobga aldandi, tafakkuring yana pand berdi.

U bitta-bitta bosib tepalikka chiqib keldi. Xafif koʻrganlari roʻyoligidan oʻksib-oʻksib yigʻlar, butunlay umidsizlanib, yuragini vahm va jahl toʻldirgan edi.

– Qani ketdik!

Ustoz uning yelkasiga qoʻl tashladi. Biroq aldangan odamga gap kor qilmadi.

– Ustoz, imom Husaynning qonini ichgan bu qumliklar bizni hali sarhadidan tirik chiqarmaydi shekilli?

Piri komil har galgiday xotirjam holatda, chang bosgan kipriklarini artdi. Nigohini olis-olislarga tikdi.

– Yana shaytonni yelkangga opichladingmu?.. Axir hozirgina shu xususda gurunglashib edik-ku. Bunchalar bardoshing zaif, bolam?

Xafif boshini ikki oyogʻi ostiga egib, churq etmasdi.

– Oʻylab koʻrsam oʻn yildan buyon soyamday ergashasan, xizmatimga hoziru nozirsan, uquvlisan. Ammo eng zarur pallada ixtiyoringni qoʻldan chiqarasan. Axir muridlik nonini yeyish oson boʻlganida ortimdan faqat sen emas, oʻnlab, yuzlab tolibi ilmlar yurishmasmidi. Endi manzilga yetganingda yomon ot kabi yotib olma.

– Meni yoʻl azobi emas, sabrsizlik ezib tashlayapti, ruhimni sindirib qoʻyyapti.

– Bekorchi gaplarni qoʻy. Aynan sabr-bardoshing tufayli shu manzilgacha yetib kelding.

– Unda nega bardoshing sust dedingiz?

– Buning masalasi shunday. Sening toqating oʻz maqomingdagilar orasida ancha mustahkam, lekin valiylar darajotida hali pishib yetilmagan. Qani oʻrningdan tur, bizni musofirlar kutishyapti.

– Musofirlar deysizmi, biyday sahroda jon zoti koʻrinmaydi-yu, siz yana ustimdan kulursiz.

– Aytim-ku, oldinga qara deb.

– Qaradim, dovonni koʻrayapman.

– Sen uni hisobga olma. Hozir u ortga surilgay. Ana endi koʻzlaringni katta och. Xoʻsh, nimalarni ilgʻading?

– Yopiray, dashtning qoq belida ajoyib karvonsaroy koʻrk toʻkur. Otlar, tuyalar, eshaklar bir tomonga bogʻlangan. Yogʻoch eshikli hujralar odamlar bilan gavjum. Bu qanday sinoat, ustoz?

– Allohning qudratiga hamisha inonmoq kerak, oʻziga oson. Sen qarshingdagi qirni koʻrib qoʻrqib ketding. Haqiqat ham shunday, nigohing yetmagan joyga yashirinib olur. Qidirgan uni albatta qoʻlga kiritur, oh-voh bilan boshini devorga urganlar erta gʻaflatda qolur. Qani, endi oyoqlaringni choʻz, ildam harakat qil. Bu kecha dilbar suhbatga erishmoq epkini halitdan koʻnglimga huzur bagʻishlamoqda.

 

2

Rabot shundaygina dasht etagida qad rostlagan boʻlib, necha kunlar och-nahor yurgan, tashnalik sillasini quritgan odamlar uchun yorugʻ dunyo jannatiday tuyulardi. Aslida sahro shu yerda adogʻlanib, poyoniga yetar va naryogʻi yam-yashillikka burkangan uluslardan iborat edi.

Qir oshgan kishida tabiiyki suhbatga arjumandlik ufurib, mehr quyosh yangligʻ yogʻdulangay. Biroq rabotga joylanib ulgurgan boʻydor, yuzlari qizgʻish, sersoqol eranlar aftidan kalomdan sukutni ustun koʻruvchilardan shekilli, odatdagi “chuh”, “tiss”, “orqaga tort”, “jilovini ushla” kabi qisqa gap-soʻzlardan nari oʻtishmasdi.

Xafif yuragi jizgʻanakka aylanib yonayotganligiga qaramay begonalardan suv soʻrashga iymanib turganida yonidan oʻtib borayotgan xushqomat, moshguruch soqoli koʻrkam yuziga yarashgan kishi suvdonini uzatdi.

– Ey marhamatli doʻst, borimizni baham koʻraylik.

Xafif taʼzim aylab, beixtiyor qoʻlini choʻzdi. Shu daqiqada ancha uzun ochiq ayvon boʻylab ketayotgan ustoz ortga oʻgirildi-yu, nigohlar toʻqnashdi. Notanish odam suvdonni olmoq niyatidan qaytgan sahroyiga hayratlanib boqdi, uning koʻzlari boshqa kimsaga qadalganini fahmlab, ohista oʻsha tarafga boʻy choʻzdi. Shu on koʻzlaridagi charchoq va xotirjamlik koʻtarilib, vujudida titroq uygʻondi. Oʻzi sezmagan holda dilidagi nido tiliga koʻchdi.

– Hazrat!

Ustoz oʻz ismiga qoʻshib aytilguvchi bu lutfni yaqin orada eshitmagandi. Aksincha bu ehtiromni unuttirishga intilguvchilar dashnomiga koʻnikib ham ulgurgandi. Shu bois hozirgi eʼzoz butun borligʻini larzaga soldi. U yoʻqlaguvchini tanimadi. Tanimasa-da, qarshisidagi salobatli, dilbar inson hurmati bir-ikki odim tashlab, istiqboliga peshvoz chiqdi. Lekin notanish odam undan yoshroq va quvvatliroq edi. Ildam yugurib borib bagʻrini bagʻriga bosdi, anchagacha kiftlarini silab qoʻyib yubormadi.

– Hazrat, sizni alloh yetkazdi, bu kecha mehmonim boʻlgaysiz.

– Qulluq, taqsir, ammo izningiz bilan tahoratimni yangilab olsam, keyin bafurja gurunglashardik.

– Bu borada riyozatga hojat yoʻq, mulozimlar sizga qarashib yuborgay.

Ustoz ancha hayallab qoldi. Unga qadar shinamgina bezatilgan xonaqoga dasturxon yozilib, noz-neʼmatlarga toʻldirildi. Xizmatga bel bogʻlagan Xafif chanqogʻini qondirib, endi biri ikkinchisidan xushboʻy taom va mevalarga suqlanib qarashdan oʻzini tiyolmasdi. Poklanib xonaqoga qadam bosgan murshidni tavoze bilan qarshiladilar. Boyagi savlatli kishi mehmonni toʻrga chorlab, oʻzi uning yonidan joy oldi.

Koʻrinishidan qavm-qarindoshligi bilinib turgan besh-olti nafar kishi anchaga qadar ustoz oldida qoʻl qovushtirib turdilar va alohida taklifdan soʻng toʻshaklarga tiz choʻkdilar.

– Hazratim, – dedi mezbon pirga mehri tovlab, – men balxlik Bahovuddin Valad boʻlaman.

Bu gap adogʻiga yetmay murshid oʻrnidan turib ketdi. Oʻziga ergashgan mezbonni uzoq vaqt quchogʻidan boʻshatmadi.

– Yo rabb, bir xil mustarlik tortgan ojiz bandalaringni uchrashtirganing uchun oʻzingga shukur.

– Shundoq taqsir, men ham diydorlashuvdan boshim osmonga yetdi.

Hammalari oʻtirdilar, noz-neʼmatlardan totindilar. Piri komilga eʼtibor bergan shaxs uni hozirgina ziyofatdan kelgan odamga oʻxshatardi. Zotan, avliyolar uchun moddiy neʼmat maʼnaviy ziyofat oldida oʻz ahamiyatini yoʻqotgan edi.

Ustoz, koʻzlari yarim yumuq, xuddi beozor mizgʻiyotgan kabi xomush holatda koʻrinardi. Biroq bu zohiriy baho edi. Odatda ulugʻlar ana shu xokisorlik libosiga oʻralganlarida haqqa yaqinlashganday ichki bir hayrat va quvonch ardogʻida huzurlanishardi.

Mezbonlik vazifasini oʻtayotgan Bahovuddin Valad necha yillardan buyon orzu qilgan oliy uchrashuvga toʻsatdan erishganligini allohning katta inoyati deb bilar, shu bois yuragida taxlanib yotgan savollar qatini buzishga jurʼat etolmay hazratning nigohi oʻziga burilishini toqat ila kutardi.

Bu orada taomlar yeyilib, Urganch va Xiva bozorlarida qadri baland mevalar qoqisidan tayyorlangan shirin suv tortildi. Shundan soʻng hujrada ikki ulugʻ insondan boshqa hech kim qolmadi.

– Men siz haqingizda koʻp yaxshi mujdalar eshitganman, ayrim hikmatlaringizni daftarimga ham qoralaganman, – dedi bir tutam jussasini yonboshga burib ustoz.

Bu xabar mezbon diliga olam shodligini olib kirdi. U oʻrnidan qoʻzgʻalib taʼzim bajo ayladi.

– Menday ojiz bir ilm xizmatkori haqida sizdan shu lutfni eshitmoq allohning bechora bandasiga buyuk marhamatidir.

Pir Nishopurda tugʻilib, umrining asosiy qismi sahro va dashtlarda, togʻu toshlarda, sovmayu gʻorlarda oʻtganligi bois til bezagiga eʼtibor bermasdi, dilga kelganini ochiq-oydin bayon etib qoʻya qolardi.

– Men sizni Xorazmshoh saroyida xizmatda deb eshitgandim. Alhol, bu xabar yanglishligidan ham darak topib sevindim. Olim odamning podshohlarga yaqin yurishi ilmning zavolidir. Eshitganmisiz bu haqda Sufyoni Savriy hazratlari nima deganini?

Mehmonning koʻzlarida nur shuʼlalandi. Bahovuddin izza tortib katta boshini sarak-sarak qildi.

– Taqsir, Savriy hazratlari haqida oz bilurman deyolmayman. Ammo siz aynan qaysi kalomini nazarda tutayotganingizni anglamay turibman.

– Sufyon hazratlarining tilida nish bor. Bu nish tosh yuraklarni ham teshib yuborgay. Ul zot aytibdurki, “Jahannamda bir vodiy borki, unda faqat podshohlarni ziyorat qilguvchi qori olimlarni koʻrursiz”.

– Yo rab, oʻzing saqlaganing hamisha rost boʻlsin, – yoʻgʻon ovozda xitob qildi Valad, – shukurki, Muhammad Xorazmshohning bir emas, bir necha takliflariga rad javobini berdim. Hatto uning yoʻldan ozdirguvchi vaʼdalariga chap berdim. Baʼzan ikkilangan paytlarim ham boʻldi. Ehtimol, shoh saroyidagi mavqeim tufayli yolgʻiz oʻgʻlim Jaloliddinning baxti ochilarmikan, degan ishtibohga ham bordim.

Buni qarangki, oʻsha shayton vasvasaga solgan kunlari paygʻambarimizning: (s. a. v.). – Olimlarning yomoni amirlar huzuriga borganlaridir, amirlarning yaxshilari olimlar huzuriga kelganlaridir, – degan hadisiga koʻzim tushdi. Buni men kabi gʻaflat koʻchasiga qadam bosishdan hayiqmagan gʻofil kimsalarga nabiyi akramning buyuk nasihati deb tushundim.

– Rost aytadursiz, shu vajdin rasululloh “Nasihat – dinning ustuni” deganlar. Endi boyagi masalaga qaytsam, men sizning adashmaganligingizni isbotlovchi baʼzi hikmatlarni yodingizga solay, toki qalbingizda zarracha pushaymonlikka oʻrin qolmasin. Oʻz zamonasida Avzoiy degan ulugʻ zot yashagan. U “Amaldorni ziyorat qiluvchi olimdan koʻra allohga yoqimsizroq hech narsa yoʻqdir” degan edi. Sayd ibn Musayya (r. a.) esa, “Qachon bir olimning amirlar oldida oʻralashib yurganini koʻrsangiz, undan ehtiyot boʻling, chunki u oʻgʻridir” deganlar.

Bahovuddin Valad hazratning gaplarini tinglash asnosida koʻzlariga yosh keldi, dili sham kabi erib oqayotganday tuyuldi va shu holatda: “Pirim, davom eting, har bir soʻzingiz malham kabi vujudimga shifo, qalbimga taskin bagʻishlayapti”, deyishdan nari oʻtmasdi.

Ustoz esa zavq-shavqqa toʻlib-toshib, hattoki yonidagi gurungdoshini-da yodidan chiqarganday berilib hikoyasida davom etardi.

– Filhol Hasan Basriy otligʻ zoti sharif allomani bilursiz?

– Shundoq, hazrat!

– U muhtaram zot aytadilar: Saʼd ibn Abu Vaqqos podshohlar atrofida oʻralashib yurmasdi. Farzandlari unga “Sizdan ulugʻlar ham ularning huzuriga boryapti, siz ham qatordan qolmang” deyishdi. Ul zot: “Ey farzandlarim! Qavm bir oʻlikni oʻrab olgan boʻlsa, unga men ham boraymi?! Allohga qasamki, kuchim yetgunicha ulardan qochaman”, dedilar. Farzandlari: “Ey otajon! Unda biz ochlikdan oʻlib ketamiz-ku?” – deyishdi. Saʼd ibn Abu Vaqqos ularga shunday javob berdi:

– Ey bolalarim! Semiz munofiq holda oʻlishdan koʻra, och moʻminligimcha rixlatga chekinishim men uchun suyukliroqdir. Tufroq, imonni emas, goʻsht va yogʻni yeyishini unutdinglarmi!..

Iso alayhissalom yomon olimlar botqoqdagi oʻt kabidurki, zohiri chiroyli, ichi balchiqqa toʻla debdurlar.

Abu Dardo debdur:

– Bilmaydiganlar holini bir bora bilib, unga amal qilmaydiganlar holiga yetti bora voy boʻlsin.

Va nihoyat, olimlik martabasiga qiziqqan inson shuni yodidan chiqarmasligi zarurki, rasululloh (s. a. v.) marhamat etganlari kabi, “Yomonlarning eng yomoni – olimlarning yomoni, yaxshilarning eng yaxshisi – olimlarning yaxshisi”. Bu oʻgit olimlar vijdonini belgilovchi mezondir. Shukur qiling, saroydan qochib, imon va vijdoningizni saqlab qolibsiz.

Bahovuddin Valad xun-xun yigʻlagan va lazzat topayotgan bir mahal hujra darchasi qiyalab ochildi-yu, ostonada olti-yetti yoshli boʻydor, nigohi oʻtkir bola paydo boʻldi. Mezbon nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftlamay, pir bolani yoniga chorladi. U ham dadil yurib kelib, taʼzim ila salom berdi.

– Qani bizga hamsuhbat boʻl! – Pir bir sidra unga nigoh tashlab, keyin yana boshini quyi egdi.

– Bu oʻgʻlim Jaloliddin, – izoh berdi Bahovuddin Valad, nafaqat oʻzi, oʻgʻli ham ustoz suhbatiga erishganidan dimogʻi chogʻ boʻlib.

– Bizni xushnud etgulik inʼoming bormi? – ovoziga mayin tus berdi ustoz.

– Shundoq, pirim! – Bolaning tovushi kichkinagina xonaqo ichida yanayam jaranglab chiqdi.

– U holda qulogʻimiz senda, qani boshla!

Jaloliddin Qurʼoni karimdan kichik bir sura oʻqidi. Uning qiroati durust edi, muhimi tutilmadi, soʻzlarning maʼnosiga alohida urgʻu berdi.

– Endi bilsang, ikki-uch bayt sheʼr eshitmoqqa ragʻbatimiz bor.

Ichki tugʻyon girdobida gʻarq boʻlayozgan otasiga bir qarab olgan Jaloliddin quyidagi baytni oʻqidi:

 

Ba har kisvat, ki mexohad baroyad,

Ba har naqshe, ki mexohad nomoyad.

 

Mazmuni: alloh qanday libosda xohlasa chiqaveradi, har bir xohlagan suratida namoyon boʻlaveradi.

– Yetar, bolam. Ayt-chi, bu kimning asari?

Jaloliddin duv qizarib, yana padariga yuz burdi. Undan tasdiq ishorasini uqib, javob berdi.

– Hazrat, bu pirimiz Farididdin Attorning “Javhoruz zot” asaridan.

– Bu risolani senga kim berdi?

– Padari buzrukvorim shu kitobni sevib oʻqiydilar.

– Padaringdagi ixlos va eʼtimodni tushunish mumkin, biroq bu risoladagi fikrlar magʻzini sen qanday chaqursen, quvvai hofizangga bu ogʻirlik qilmasmu?

– Ustoz, dunyoni tushunmak istagi oldida har qanday riyozat zahmati sezilmas. Allohni bilmak va unga yetishmak oson emasdir.

– Bu oʻz fikringga oʻxshamaydi, shundoqmi?

– Mening ustozim – padarim. Shul vajdin qayerda ogʻirlik bilsam darhol yordam bergaylar.

– Juda qiziq. Hozir sen oʻqigan bayt ancha bilimli kishilar uchun ham chaqilmagan yongʻoq kabi tuyulur. Nahotki Bahovuddin Valadday sohibi ilm farzandini bolalikdan ilmdan bezdirish xavfini bilmasa?

Farzandiga mahliyo oʻtirgan padar bu xildagi savolni kutmaganligi bois bir oz sukutga choʻmdi, keyin joʻyali javob topdi.

– Bolaga baliq bergandan qoʻliga qarmoq tutqazmoq, magʻiz yedirgandan oldiga yongʻoq qoʻymoq oʻrinli degan andisham bor. Tayyor ilm xotirada uzoq saqlanmaydi, mashaqqat bilan topilgan narsaning qadri balandroqdir.

Ustoz Valad hazratlariga astoydil minnatdorlik bildirib, yana Jaloliddinga oʻgirildi.

– Endi oʻz fikringni ayt.

– Yo asling kabi koʻrin yoki koʻringaning kabi zuhurlan.

– Bale, ajoyib bayt.

– Aytsang qoʻrqma, qoʻrqsang aytma!

– Ofarin!

Ustoz oʻrnidan qoʻzgʻalib edi, Bahovuddin Valad xizmatiga shaylandi.

– Buyuring taqsir!

– Shundaymi, u holda Xafif yonimga kirsin.

Koʻp oʻtmay poygakda muridning uyqusiragan aft-angori koʻrindi.

– Xafif, bolam, mening boʻxchamni keltir.

Tugun keltirildi. Ustoz uni shoshilmay ochdi. Kitob va yozuv qogʻozlari orasidan xushbichimgina risola chiqardi.

– Jaloliddin, mana shu kitobimni senga tuhfa etmoqchiman. Oʻqib, magʻzini chaq!

Jaloliddin yugurib kelib kitobni ikki qoʻllab oldi. Avval ustozning peshini peshonasiga surtdi, soʻng kitobni oʻpib, orqasi bilan poygakka chekindi. Bahovuddin Valad bu voqeadan taʼsirlanib, u ham pirning qoʻlini oʻpib, rahmat aytdi. Soʻng oʻgʻliga oʻgirildi:

– Bolam, kitobning nomi nima ekan?

Bolakay oʻqidi:

– Farididdin Attor, “Asrornoma!”

Bahovuddin Valad yana bir bor pirga yuz burdi. Bu kitob avvaliyu oxiri oʻgʻli uchun yorugʻ dunyoda tangri taolo inoyati ila olingan eng moʻtabar sovgʻa boʻlib qolajagini bildirdi. Oʻz navbatida shayx hazratlari “Jaloliddin kelajakda ulugʻ inson sifatida islom osmonida yorugʻ yulduz”ga aylanishi haqida bashorat qilib, duoga qoʻl ochdi.

Shunday qilib, shia mazhabidagilarga ters qarab yurgan Muhammad Xorazmshoh tazyiqidan qochgan Bahovuddin Valad Makka shahriga hijrati yoʻlida Farididdin Attor diydoriga musharraf boʻldi. Keyinchalik yuksak martabalarga erishgan Jaloliddin Rumiy: “Agar Attor menga ruh baxsh etgan boʻlsa, Shamsi Tabriziy tilsim kalitini tutqazdi”, deb yozgan edi.

 

* * *

Karvon koʻchdi.

Xafif yana hayratga botdi. U koʻzlarini ot va tuyalar oqimidan uzmay, toki ular ufq qanotiga singib ketgunlariga qarab turdi. Soʻng boshini chayqab, oʻz-oʻziga soʻz qotganday dedi:

– Yo rab, bu qanday eʼtiqodki, bir odam ortidan toʻrt yuz faqr ovora.

Bu faromush dil andishasi ustoz zehnidan pinhon qololmadi.

– Yo Xafif, – dedi piri komil qoʻlidagi tasbehini oʻtkazishdan toʻxtamay, – bular sen oʻylaganday ikki jahon ovorasi emas, bular haqni qidirganning etagidan tutgan qalandarlardir. Ehtimol sen va men oziga qanoat qiladurmiz, illo ularning allohdan umidi ziyoda. Oʻylaydirsanki, bu diydor shunchaki bir tasodif deb, shundaymi?

Xafif mulzam tortib, ne deyarini bilmay bosh egdi.

– Aslo tasodif ermas, bu suhbatlar katta ibrat. Ibrat omiga hasrat, olim uchun hikmat, farq shunda, bolam!

 

3

Necha yillardan buyon hamsuhbat, yoʻldosh boʻlishlariga qaramay, murid hanuzga qadar murshidining aniq maqsadini bilolmay andarmon edi. Aslida Kaʼbatullohni tavob etish uchun yoʻlga otlanishgandi. Hijrat oylardan yillarga ulanib ketdi. Ulardan soʻng safarga chiqqanlarning koʻpchiligi bilan yana uchrashdilar. Farq shundaki, avvalgi haj safarlar haj ziyoratini ado etishib, endi ortga qaytishardi. Ular esa… Xuddi yoʻlini yoʻqotgan devona kabi Nishopur bilan dashti Karbalo manzilida tentirashgani-tentirashgan. Bu orada necha oylar gʻorlarda, oʻrlarda, daryo boʻylaridagi sovmak (kapa)larda yashashdi.

Ustoz sira shoshilmasdi. Manzil yaqinlashganida oʻziga yoqib qolgan bir ilm kishisiga duch kelsa, oʻsha olim bilan hamsuhbat boʻlish uchun yana necha kunlik ortga qaytaverardi. Qoʻlidan qogʻozu qalami tushmas, biron shayx yoki avliyo haqida toʻrt ogʻiz yangilik yoki maʼlumot yozish uchun toʻrt kunlik yoʻlni pisand etmasdi.

Xafif hamisha bu dunyo avliyoga toʻlib-toshib ketgan ekan-da, deb taassuf bildiradi. Mana shu oxirgisidir, deb oʻylaganida kimdir yana bir valiy toʻgʻrisida gap ochadi-yu, shu bilan ustoz kuch-qudrat, zavq-shavqqa toʻlib ketadi. Toki oʻsha shaxs borasida koʻngil toʻlguday dalillar, naqllar, rivoyatlarni bilmaguncha halovatini yoʻqotib qoʻyadi. Bu ahvolda Makkaga borish nasib etarmikan, degan xavotir shogirdning miyasida aylanaveradi.

Mana, Bahovuddin Valad yosh bolasi Jaloliddin bilan Makkayu Madinaga ketganiga qancha kun boʻldi. Farididdin Attor esa hamon ota-bola toʻgʻrisida daftar qoralaydi.

– Ey Xafif, sen gʻofilsan. Sen ilmdan huzurlanishni oʻrganmaysan, – deya tanbeh berarkan, ustoz kutilmaganda dami ichiga tushib, uzoq oʻyga toladi. Soʻng xuddi yombi topib olganday sevinib, “Jaloliddinning koʻzida oʻt bor edi, bu oʻt uning ilmini ziyoda aylagay”, deb qoʻyadi.

Xayriyatki, bugun saharlab xurjunlar Bahovuddin Valad qoldirgan otlar ustiga ortildi. Ziyoratchilar kun botish qolib, kun chiqishga yurganlarida Xafifning toqati tugab, soʻz aytmoqdan oʻzini tiyolmadi.

– Ustoz, biz ham Kaʼbatullohga borgaymizmu yoki…

Murshid indamadi. Uning odati shu, nodonga javob sukut deganlariday, huda-behuda soʻroqlarga churq etmay qoʻya qolardi. Lekin shukur aytmoq joizki, endi ziyoratchilar piyoda emas, ulovda yoʻl bosishardi. Boz ustiga siyohi yoʻq sahro sarhadidan olislab, har holda onda-sonda uchraydigan daraxtzorlar, qishloqlar oralab yurishardi.

Safarning uchinchi kuni u qadar katta koʻrinmagan, ammo shiddatli oqadigan daryo boʻyidan chiqib qoldilar. Bu Nil daryosi irmogʻi edi. Eng qizigʻi, sohil gʻayri tabiiy ravishda biyobonni eslatardi. Odatda suv bor joyda yashillik, goʻzallik barq uradi. Biroq bu tez oqar irmoq yer bagʻrini namlashga ulgurmay yugurib oqayotgan kabi xosiyatsiz koʻrinardi.

Ular sohil boʻylab toʻxtamay olgʻa bosishdi. Quyosh tikkasidan ogʻib, vaqt asrga yetganida toʻxtashdi. Namozdan forigʻ boʻlishgach, yana otlarni qamchilaymiz, deb turishganida qarshi tarafdan bir odam kelib ustozga bagʻrini ochdi. Ular ancha paytgacha bir-birlarining yelkalarini silab, bagʻridan boʻshatmadilar. Sal narida qator sovmalar koʻzga tashlandi. Xafif yana taajjubga tushdi negaki, bu kapalarni namozdan ilgari koʻrmagandi. Endi esa goʻyo osmondan tushganday, daryo yoqasida qad rostlashibdi.

Oppoq soqoli koʻksini yopgan xushtabassum nuroniy ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha ortga chekindi. Ustoz Xafifga oʻgirildi.

– Narsalarni tushir, shu yerga qoʻngaymiz.

Bu ayni muddao edi. Zotan toʻxtamay yurishganidan muridning butun aʼzoi badani zirqirab ogʻrir, shu bois otda chopgandan piyoda yoʻl bosgan ming bora afzal ekan, deb egarsiz ulovga minganidan pushaymonlik chekib kelayotgandi.

– Sen ul zotni tanidingmi? – kitob-daftarga toʻla xurjunlarni tushirayotgan shogirdga soʻz qotdi ustoz.

– Kechirgaylar, umrimda bunday goʻzal yuzli gʻulomni uchratmagandim, – darrov tan oldi Xafif.

– Shundaymu? Afsus! Bul zot muttaqiyyi jahon, yaʼnikim jahon parhezkori Ibrohim bin Adhamdur. Sen uning siymosidagi ulugʻvorlikni bejiz taʼkid etmading. Zotan olimlar ul piri komilni koʻrganlarida xuddi hazrati paygʻambar janobimizni koʻrgandek boʻlur ekanlar. Shayxul mashoyix, sulton ul maqiqiyin, yaʼnikim haqiqat ahlining sultoni Junayd Bagʻdodiy uni ilmning kaliti deb baholagandi.

Xafif Ibrohim bin Adham haqida ilgari ham ustozidan koʻp rivoyatlar eshitgandi. Uning Balx shahri podshohligidan voz kechib, zuhd yoʻlini tanlagani ovozasi ulamolar tarafidan buyuk jasorat sifatida tahlil qilingandi.

Ammo shunday zot bilan oddiygina attorning tanishligi shogirdda qiziqish uygʻotdi.

– Siz bu siddiqi zamonni ilgari uchratgan edingizmu?

Farididdin Attor boʻyra ustiga tiz choʻkib oʻtirarkan, yuziga quvonch yoyildi.

– Shukurkim, bir emas, bir necha bor suhbatiga erishganman. Muhimi bu emas, asosiy gap Ibrohim bin Adham ham meni unutmaganida. Sezdingmu, avval oʻzi quchoq ochib, bagʻriga chorladi. Bu men uchun eng saodatli ayyomdur.

Shogird anchadan buyon keksa pirni bu qadar shod koʻrmagandi. Shu vajdin bir oz tashbeh aytmoqdan oʻzini tiyolmadi.

– Kechirgaylaru oʻzlari ham bu yorugʻ olamda sanoqli zotlardan hisoblangaysiz, hazratim!

Boshqa payt bu lutf oʻzicha tanbeh tilash barobarida baholangay edi. Hozir ayni mavridi bois, ustoz zavq-shavqini susaytirmoqni ep koʻrmadi. Miyigʻida kulib qoʻya qoldi. Lekin, oz fursat oʻtgach, sukut maromida oʻsha tashbehga moyilligi ortganidan xavfsirab dilini ochdi.

– Bu omonat dunyoda sanoqlilar safiga qoʻshilmoq sen oʻylaganday martaba ermas. Aytmoqchi, yaxshisi, Ibrohim bin Adham shu masalada bunday fikr bildirib edi, eshit:

– Bir inson uch narsani esidan chiqarmaguncha unga davlat eshigi ochilmas.

Birinchisi – unga bu dunyoning hammasi berilsa ham, sevinmaslik, agar sevinsa, ul harisdir, haris esa tilakdan mahrumdir.

Ikkinchisi – kavsari dunyoni berib, yana qaytib olsalar, mutaassir boʻlmaslik.

Uchinchisi – maqtalgan chogʻida sevinmay, yomonlanganida qaygʻurmaslik.

Endi uqdingmi lutfingdagi noqislikni?

– Ojizligimni avf eting, ustoz. Men faqat sizni bilaman va sizni ulugʻlashdan shavq olaman.

– Eh bolam! Koshki kimni ulugʻlashdan qanday huzurlanishni avvalroq anglasak! Unutma, hamd-sano faqat uniki. Uning ziynati bandaga singmas, bandani xarob qilib, yiqitgay… Ha, mayli, endi maqsadga koʻchaylik. Bu oqshom shayx sharafiga ziyofat hozirlagaymiz.

Xafifning qop-qora yirik koʻzlari qinidan chiqayozdi.

– Ziyofat dedingizmu?

Pirning koʻzlari yumuq edi. Shu koʻyi bosh irgʻab tasdiqlagach, shogirdning hayronligi yana ortdi.

– Ustoz, biyday dashtda dasturxonga qoʻygani qotgan nonu ikki dona tuxumdan boʻlak hech vaqo yoʻq.

Murshid uni tinchlantirdi.

– Sendan saranjom-sarishtalik, mendan ustoz tashrifini tasdiqlatmoq.

– Ziyofat-chi?

– Ziyofat allohdan. Har kimga rizq ulashuvchi yaratgan egamning marhamati keng, karami ulugʻ. Sen bu andishani unut.

Quyosh daryo etagiga borganida yana ham qizarib, suv sirtini bir muddat qizartirib yubordi. Ilk qarashda daryodan suv emas, qip-qizil qon oqayotganday tuyulardi. Issiq havo tafti pasayib, oqshom shabadasi hayot shirinligini suyunchilayotgan kabi yelib-yuguradi.

Mana ikki pir sohildagi savma ichida anchadan buyon suhbat qurib oʻtiribdi. Har ikkisining ham soqoli koʻksini qoplagan, qaddi xiyol egik, koʻzlarda butun olam mazmuni zuhurlanganday.

Xizmat yuzasidan kapaga bosh suqqan Xafif koʻzlariga ishonmay, hayratdan jandasini tishladi. Yopiray, bu ne hol. Avliyoi alloh oʻrtasidagi dasturxon noz-neʼmatlarga toʻla edi. Bu tansiq taomlarni kim, qachon va qay holatda keltirgani faqat oʻzlariga ayon. Lekin shunday oziq-ovqatlar qolib, nuroniylar nigohini bir-birlariga qaratgan koʻyi xayol ummoniga shoʻngʻishgandi. Agar boshqa odam bu manzarani koʻrganida shak-shubhasiz shu ishtibohga bormogʻi ayon. Biroq, azizlar gurungini koʻraverib, mohiyatni anglab oladigan Xafif uchun hozirgi holat jozibasi besh panjasi kabi aniq-tiniq edi. Chunki, avliyolar muloqotida tilga ehtiyoj sezilmas, dil-dilni anglar edi.

Ibrohim bin Adham bugun peshin chogʻi roʻy bergan voqeani koʻnglidan oʻtkazdi va uning aks javobi hazrati Attor qalbidan kechdi.

Ibrohim bin Adham:

– Oʻn toʻrt yildirki, Balx bilan Makka oraligʻida haqni qidirgaymen. Ne ajabki, har qadamda ikki rakat namoz ila manzilga yetganimda, Kaʼbatulloh oʻrnida yoʻq. Dilim vayron, aqlim parishon, koʻzlarimda yosh ila oʻziga yolvorib buning boisini soʻramoqqa jurʼat etdim. Shunda gʻoyibdin nido eshitildi: “Yo Ibrohim, Kaʼbatullohni bir joriyamizning istiqboliga yuzlantirdik”.

Yana faryod urdim, bu nechuk ayolki, martabasi va nazmi parvardigor huzurida bunchalar ulugʻlangay?

Bardoshim chok-chokidan soʻkilib, ilojsiz ortga qaytdim. Yoʻlda Robiya kelayotir ekan. “Ey, Adaviya qizi! Bu ne holdirki, jahonni hayratga solding? Oʻn toʻrt yil har odimda namoz ila Kaʼba ishqida yondim, bilʼaks Kaʼba sening yoʻlingga muntazir chiqibdur!” Shunda onaxon bir ogʻiz lutf bilan voqeaga oydinlik kiritdi:

– Yo Ibrohim, alloh har kimning amali va soʻroviga yarasha neʼmat berur. Sen yoʻl-yoʻlakay namoz qilding, men esa niyoz – buning farqiga borurmisen?!

– Xatoimni tushundim, ne qilayki namoz oʻqibman-u, lekin Kaʼbatullohga yuzlashtirishini astoydil soʻramabman. Robiya esa soʻrabdi, chin ixlos ila murojaat aylabdi. Ana oʻzining qudrati.

Hazrati Attor:

– Har ishni bilguvchi allohga hamdki, sizni oʻz suyukli ojizasi bilan yuzma-yuz uchrashtiribdi.

Allohning suyuklisiga duch kelmoq oʻzining diydoriga yetishmoq maqomida boʻlsa ajabmas. Illo har safar sizni koʻrganimda yuragimga rabbimning rahmati yogʻilganday quvonarmen. Sizdayin zotning ilmi va amali butun bir qavmning maxfirati uchun yetgay…

Ibrohim bin Adham:

– Bu eʼtirofdin tama isi kelur. Insonni madh qilishdan ikki murod koʻzlanur: Biri eʼtiboriga tushmoq, ikkinchisi xushomad birla yoʻldan chalgʻitmoq. Inchunun, behuda lutfdan tiyilmoq eng goʻzal axloq hisoblanur.

Hazrati Attor:

– Uzr ustoz, ammo paygʻambar (s. a. v.) debdurlarki: “Odamlarning yomoni – olimlarning yomoni, olimlarning yaxshisi-odamlarning yaxshisi”. Demak, yaxshilarning chiroyli sifatlarini yod aylamoq ibodatning bir turi sanalur. Bu aslo madh yoki xushomad emas, bu ehtirom, bu sogʻinch, bu diydor nashʼasidir.

Ibrohim bin Adham:

– Diydor va sogʻinch! Avliyoi alloh sogʻinchi va vaslida hayot va mamot mushtarak, sen buni bilursen. Hali zamon valiahd oʻgʻlim bilan uchrashdim. Bechora uch yil ortimdan izlab yuribdi. Toj-taxtni ham tark etibdi. Shu daryo koʻprigi ustida koʻzimiz koʻzimizga tushdi. Tashnalik tinka-madorimni quritdi, yuragim hijron azobiga dosh berolmay nola chekdi. Beixtiyor quchogʻimni ochib shunchalar mehr bilan quchdimki… Yo rab, endi bu holatimdan umr boʻyi hayo qilurmen – uni shunchalar sogʻingan ekanmanki, atigi bir nafas, bir soniya yaratganni unutib, oʻgʻlimni oʻyladim va gunohga botganimni angladim. Farzandimni quchogʻimdan boʻshatmay allohga yolvordimki, “Ey xoliq, men adashdim, adashgan bandangning gunohini avf et! Hidoyatingni yo meni yoki farzandim jonini olishingdan bilurmen” deb iltijo qildim. Alloh marhamatli, u oʻgʻlimni huzuriga chorladi. Uni kafanlab, jasadini oʻz qoʻlim bilan tufroqqa topshirdim…

Hazrati Attor:

– Avval taxtni, soʻngra jigarbandini yoʻqotmoq bir inson toqati uchun vazmin emasmikan?

Ibrohim bin Adham:

– Siz aytgan narsalar maxluqqa ravo koʻrilganida alloh qalbimga oʻz ishqini solmasdi. Odamlar bir-birlariga koʻngil qoʻyib, ishq azobiga dosh berolmay hasratidan oʻt chiqadi. Tasavvur qilingki, men oʻzining vasliga oshiqman, chiroqqa intilgan parvonadek beoromman. “Har kim valiylar martabasiga vosil boʻlmoq istasa, dunyo va oxiratga ragʻbat qilmay, faqat alloh taologa qalbini berib, halol luqma yesin”.

Savma mezboni Attor sezdirmay yonidagi daftarga qoʻl uzatdi. U shayx lutfidan yomgʻir kabi toʻkilayotgan inju javohirlarni oq qogʻozga qoralashga kirishdi. Filhol bu taraddud mehmonning shavqini aslo susaytirmadi. U yonib soʻzlardi.

– Moʻmin kishining nishoni buldirkim, sukuti fikr, nazari ibrat, yurgani toat boʻlur. Savol berdilarkim, “ne uchun duolarimiz qabul boʻlmas?” Dedim: haqni bilib, amrini tutmasangiz, paygʻambar (s. a. v) sunnatlarini bajarmasangiz, Qurʼon oʻqib amal qilmasangiz, xoliqning neʼmatlarini yeb, shukurni bilmasangiz, jannatni tilaganingiz holida unga intilmasangiz, jahannamdan choʻchimasangiz, uning hukmi bilan oʻlim bor deb hozirlanmasangiz, ota-onangiz jasadini oʻz qoʻlingiz bilan qabrga qoʻygan holda xulosa chiqarmasangiz – bunday qabohatlar birlan yana duolar mustajob boʻlgaymi?!

Farididdin hazratlari bitta lutfni oltinga mengzab, toʻla-toʻkis daftariga qayd etmoq ilinjida butun vujudi quloqqa aylangan edi. Ustoz esa oppoq kipriklari ostidagi koʻzlarini chala yumganicha fikr ummonida suzishdi davom etardi.

– Bir kecha Jabroil alayhissalomni tushimda koʻrdim. Qoʻlida sizniki kabi kalom va davot bor edi.

– Bu ne ish uchundir? – deb soʻrashga jurʼat etdim.

– Yer yuzidagi avliyolarni yozurmen, – dedi.

– Meni eʼtiborga olurmisen? – vujudim yonib soʻroqladim. Nega ham shu savolni berdim-a. Javobi hafsalamni andarmon qildi. Yana ham oʻlib qolmaganimga hayronman.

– Sening uchun amri ilohiy yoʻqdir, – javob berdi Jabroil alayhissalom.

Avvaliga boshimdan hushim uchdi. Bu ne koʻrgilik, nahotki chekkan zahmatlarim, riyozatlarim tangri taolo huzurida nazarga ilinmasa?

– Men avliyolikka daʼvogar emasmen! Lekin ularni jondan afzal bilurmen, – dedim ruhim sinib. Soʻng Jabroil alayhissalom marhamat etdilarki, farmoni ilohiy keldi, daftarning boshiga sening ismingni yozgayman!

Oʻsha topdagi sevinganimni koshki tilda ifodalash mumkin boʻlsa…

Ular oʻtirgan joydan uch qadam narida oqayotgan suv mavjlanib, sirtida oppoq pufaklar yaltirab yona boshladi. Bamisoli daryo ham avliyo nomidan kuch-qudratga toʻlayotganday, jismi sirtiga sigʻmay qolayotganday edi.

Hazrati Attor soʻradi:

– Yo Ibrohim, podshohlikdan voz kechdingiz, toj-taxtni oddiy xas misol uloqtirganingiz, hattoki suyukli farzandingiz oʻlimi yurakka taʼsir etmaydigan holatga yetdingiz. Ayting-chi, evaziga nimaga erishdingiz? Yurishda halovat, oʻtirishda rohat yoʻq, izlaganingiz olisda-yu, suyganingiz siymosi yuz koʻrsatmas?

Ibrohim bin Adhamdan boshqa kimsa bunday savolni borib turgan behayolik, juda yengil baholaganida odobsizlikka yoʻygan boʻlardi. Piri komil quvvai hofizasi ila angladiki, Attorning lutfidan koʻchgan bu ishtiboh oʻzi uchun emas, balki ahli avom uchun soʻralgandir.

Hazrat miyigʻida jilmaydi. Bu oddiy tabassum emasdi. Goʻyo kumush rang bulutlar orasidan chiroy ochgan oftob yangligʻ edi. Mezbon uzun umri mobaynida bundayin muloyim chehrani uchratmaganini dilidan oʻtkazdi.

Shu asnoda Ibrohim bin Adham sovmaning oʻzi oʻltirgan tarafini qiya ochmoqqa tutindi. Ochganida shovullab oqayotgan daryo koʻrindi. Hazrat qoʻlidagi ignani suvga otdi va panjalarini yozganicha kutib turdi. Yopiray, birdan qirgʻoqda baliqlar bosh koʻtarib qolishdi. Har birining labida bittadan qizil oltin bor edi. Sohibi karomat ignasini topib chiqishlarini soʻradi. Xiyol oʻtmay, barmoqday kichkina baliqcha ignani ogʻzida tutib, Ibrohim bin Adham qoʻliga tutqazdi. U endi suhbatdoshiga oʻgirildi.

– Avvalgi podshohligim goʻzalroqmi yoki bunisi?

Hazrati Attor indamay yana daftari qatini ochdi.

Mehmon toʻsatdan qoʻzgʻaldi. Toat-ibodat vaqti yaqinlashgandi. Necha faslki, avliyo har tunni ibodat ila mashgʻul oʻtkazar, aslida dunyoni tark etib topgani allohning zikri ekanligini boshqalarga aytishni ep koʻrmasdi. Buni u kibrga yoʻyib, gunohga botishdan ehtiyotlanardi.

Savma tashqarisida suhbatga quloq tutib, bu gʻaroyib insonning sabr-bardoshiga tahsinlar oʻqiyotgan Xafif mehmon ketishi bilan ustoziga roʻbaroʻ keldi.

– Nahotki shu odam Balx podshosi edi?

Hazrati Attor shogirdining hanuzgacha soddaligi qolmayotganiga hayratlandi.

Unga boshdan oyoq razm solgach, qoʻlidagi daftarini yogʻoch butogʻiga ilib, javob berdi.

– Nima, oʻxshamaydimi?

Shogird odatiga koʻra yelka qisdi.

– Saroydagi dabdaba qayda-yu, dashti Karbalodagi qumga choʻmilmoq qayda.

– Agar sen hukmdor boʻlganingda taxtdan yuz oʻgira olarmiding?

Xafif pataklanib ketgan qop-qora soqolini tutamlab oʻngʻaysizlandi.

– Men… Podsho… Hazillashmang, ustoz.

– Gapni aylantirmay javob ber!

– Qaydam! Boyligim bisyorligini bilib turib oʻzimni oʻtga urarmidim.

– Haq gapni tan olganing uchun rahmat. Chindan ham foniy dunyodan chiqish osonmas. Ayniqsa, u quchogʻini ochib, jilvalanib, noz-firoqdan tuzoq qoʻyib tursa. Bilki, Ibrohim bu mushkul vazifaning uddasidan chiqdi. Alloh uning dilini ochdi.

Xafif koʻrdiki, ustoz qum ustiga tiz choʻkdi. U ham piri yoniga joylashdi.

– Bu qanday roʻy beradi? Odam bir kunda yoki bir soniyada oʻzgarib qolishi mumkinmi?

– Oʻziga oson, bolam. Yerdagi bitta choʻp rabbimning irodasisiz joyidan qoʻzgʻalmagay. Ibrohimni alloh yorlaqadi.

– Qanday?

– U boya aytganim kabi Balx shahri podshohi edi…

Shu payt Ibrohim bin Adham azon aytib qoldi. Bu shomdan nishona edi. Hazrati Attor oʻrnidan turib, ibodatga mashgʻul boʻldi. Xafif ham uning ortidan qiblaga yuz tutdi. Namozdan soʻng u ustoz saboqlarini yoddan qaytarishga kirishdi. Chunki, bugungi suhbat shu taxlit adogʻiga yetgani, hazrat toki bomdodga qadar unga vaqt ajratmasligini yaxshi bilardi.

4

Dasht adogʻidan oʻtgan daryo nomi Bizons deb atalardi. (Keyinchalik, yaʼni hijriy 144 yili Ibrohim bin Adham shu daryoni ishgʻol qilish uchun boʻlgan jangda shahid boʻlgan). Uning sohillari aytarli xushmanzara, yam-yashil bogʻlarga burkangan emasdi. Ammo suv tafti bu goʻsha iqlimiga moʻtadillik bagʻishlab turardi. Shu bois Xafifni dangasaligi tutdi, sohilga chiqib, jimirlab oqayotgan daryoga tikilib yotdi. Qiziqki, osmondagi oydan koʻra uning suvdagi shuʼlasi goʻzalroq, yorqinroq koʻrinardi.

Xafif beixtiyor oʻzi haqida oʻyga choʻmdi. Uning zohidlik yoʻliga kirganiga ham yigirma yildan oʻtib qolibdi. Unga qadar ne-ne avliyolar etagini oʻpdi, ne-ne shayxlar xizmatiga bel bogʻladi. Ammo hozirgi piri nimasi bilandir uni oʻziga rom etdi. Endi uni yolgʻiz tashlab ketishga koʻzi qiymaydi. Aslida borar yerining oʻzi yoʻq. Qarindoshlari allaqachon unutib yuborishgan, ota-onasi bolaligidayoq oʻlib ketgan. Vaqtida turmush qurib, farzand koʻrdi, oilasini binoyidek tebratib yurdi. Biroq nimjongina xotini vaboga chalindi-yu, oʻzi bilan norasida goʻdagini olib, rixlatga chekindi.

Bechora erning bor-bisoti shular edi. Osmon ostida bir oʻzi qolganidan xoʻrligi kelib, tunu kun yigʻladi, boʻzladi, ammo shikasta qalbiga taskin topolmadi. Keyin darveshlik jandasini kiyib, qishloqdan bosh olib chiqib ketdi. Ilm oʻrganishga moyilligi bor edi. Lekin yoshi oʻtib, tili qotgan ekan, harf tanishi juda ogʻir kechdi. Shundan soʻng nishopurlik bir shayx xizmatiga kirdi. Oradan bir yil oʻtgach, boshqa pirga qoʻl berdi. Va nihoyat oddiy attorlik doʻkoni sohibidan chiqqan shayx dovrugʻini eshitib, hazrati Attorga oʻzi yukinib keldi. Oʻhhoʻ, shunga ham yigirma yildan ortiq vaqt oʻtibdi.

Ustozning feʼli muloyim, xushodob. Sira ovozini koʻtarmaydi, xatosini huda-behuda yuziga solmaydi, tanbehida ham oʻziga xos mehr ufurib, dilga ogʻir botmaydi. Topsa yeydi, topmasa sabr qiladi.

Xafif ham shu hayotga oʻrgandi. Uning uchun taom badanga, ilm aqlga kuch beradigan neʼmat ekanligi ayonlashdi. Toʻgʻri, gohida hammasiga chek qoʻyib, tinchgina yashashni xohlab qoladi! Ammo, mana shu xokisor, butun vujudi poklik ramziga aylangan murshidini yolgʻiz qoldirib ketgani koʻngli tinchimaydi. Shu bilan birga, bu xasta bosh ustoz bergan ilmning gʻalvirdan toʻkilganichalik qismini-da oʻzlashtirolmaydi. Nachora, ilm ham ilohiy hislat ekan-da. Sunganga botmonlab sunadi, boshqasiga gardchalik yuqmaydi. Goho qobiliyatsizligidan zorlanadi. Shunda piri shikasta diliga taskin beradi. “Ilm kishilari davrasida yurish – ilm sohibi boʻlish maqomidadir”, deb koʻnglini koʻtaradi. Qishning uzun kechalarida koʻpincha chuqur gʻorlarda uzoq qolib ketadilar. Ustoz sham yorugʻida ajoyib dostonlarini oʻqib beradi. Unga koʻproq “Mantiq ut-tayr” asari yoqadi. Bu dostonda oʻttizta qush sarguzashti orqali ishq iztiroblari kuylanadi. Avvaliga Xafif parrandalar ham xuddi odamga oʻxshab sevishar ekanlar-da, deya joʻn xulosaga kelgan edi. Bir kuni shu ishtibohini aytganida murshid dostonning asl mohiyati, qushlar shunchaki majoziy timsollar ekanligi, ularning ishqi ham dunyoviy emas, ilohiyligi toʻgʻrisida erinmay tushuntirib berdi. Ana shunda u allohga nisbatan eʼtiqod va sevgi maxluqqa qaratilgan har qanday tuygʻudan ming chandon kuchli va ehtirosli ekanligini tushundi. Biroq unda boshqa dostonlarga koʻra, aynan dunyoviy sevgi qirralari qalamga olingan. Shayx Sanʼon qissasi yoqardi. Qissaning bayoni juda qiziqarli, boshidan eshitguvchini oʻziga asir qilib oladi. Axir qirq yil Makkada imomlik vazifasini ado etgan, toʻrt yuz murid piri murshidi tushida koʻrgan rumlik qizga oshiqi beqaror boʻlib, aql-hushidan ayrilgani ajabtovur voqea emasmi? Bechora oshiq qiz dardida imomligidan voz kechadi, choʻchqa boqadi, may ichadi, hatto dinidan chiqadi. Xalifalardan biri: “Ey ustoz, nimalar qilyapsiz, axir doʻzax azobida qiynalasiz-ku”, deganida u behush holatda:

– Mening qalbimdan chiqqan ohga sening yetti doʻzaxing kuyadi, – deb javob qaytaradi.

Ehhe, bu sevgi qissasini tinglaganida koʻz yoshlari yuzini yuvadi, yuragini hayajon bosadi, beixtiyor koʻz oʻngida rang-roʻyi zaʼfaron marhum ahli ayoli koʻrinaveradi.

Yaxshiki, dostonning yakuni ikki sevishgan dilning qovushishi, aniqrogʻi, chin dunyoga saodat topib ketishi bilan tugaydi.

Xafifga yana Robiya Balxiy toʻgʻrisidagi mahzun, fojiali hikoya ham maʼqul tushgan. Ustozning aytishicha, bu shunchaki doston emas, tarixiy haqiqat emish. Essiz, u Robiyani bir marta koʻrib oʻlsa qalbida armoni qolmasdi. Oʻziyam ustoz bu qiz qiyofasini taʼriflaganida jannatdagi hur-gʻilmonlarni koʻz oʻngiga keltirib yozganmi… Bechora qiz… Bekorga nobud boʻldi-da. Shunday halim, yumshoq tabiatli odam kelib-kelib Robiya sanamni oʻldirib qoʻyadimi? Axir qalam oʻzining qoʻlida edi-ku. Mayli, boshiga ming jafolarni solsin, mayli, qiynoq azoblarida sinab koʻrsin, biroq hayotdan koʻz yumdirishi shartmidi?

Xafif dostonni tinglagach, bir hafta mobaynida goʻyo ogʻir xastalikdan turgan kishiday ezilib yurdi. Zoʻrgʻa oʻziga keldi.

– Ustoz, – dedi Xafif oʻsha taassurotlar taʼsiridan uzoqlasholmay yurgan kezlari, – bechora Robiyaga nega achinmadingiz? Nega ikki sevishgan dillarni muddaosiga yetkazib qoʻya qolmadingiz?

Hazrati Attorning koʻzlariga mung choʻkib, uyalganday boshini tizzalari orasiga yashirgani hamon yodida. Sezdiki, dostonning bunday tugallanishidan oʻzi ham qoniqmagan. Hatto bu qismat uchun oʻzini ayblayotganday tuyuldi. Dardli xijolat qalbini oʻrtayotgani ustiga bu kabi savollar…

– Xafif, bolam, – dedi nihoyat piri koʻzlarini unga tikib, – sen meni kim deb oʻylaydirsan? Nahotki men ham xuddi sen kabi ojiz bandaligimni unutib qoʻysang…

Shogird bu nido mohiyatini anglashdin yiroq edi.

– Axir charx qalami yaratganda boʻlgani bilan ijod jilovi oʻz ilkingizda emasmu?

– Shundoq! Ammo, ilhom parisi aqlu hushingni oʻgʻirlaganida quvvai hofizang chizgan chizigʻingda emas, taqdir yoʻrigʻida yurur. Baski, fojia yuz berguvchi joyda baxt-iqboldan soʻz ochmoq qalam ahlining izmidan tashqarida. Hammasi allohning irodasi. Men Robiya qizning saodatga erishmogʻini sendan-da bisyorroq xohlagan erdim. Afsus, yakun boshqacha chiqdi.

– Unda boshqa bir doston bitingki, oxiri baxayr tugasin.

Hazrat oʻrnidan turib, qizarib botayotgan quyoshga koʻz tutdi. Uning sersoqol yuzida shafaq yogʻdulanganday boʻldi. Tomirlari boʻrtib chiqqan qoʻllari bilan oppoq soqolini tutamlab sokin soʻz qotdi.

– Endi dostonlar oʻldi.

– Nechuk, ustoz?

– Bu koʻhna bosh dostondan-da ulugʻ yumushlar borligini endi angladi.

– Yo ajab, har bir soʻzi laʼl, har jumlasi javohirga teng hikmatlardan afzali bor ekanmu?

– Shundoq, bolam! Endi alloh bergan umrimning qolgan qismini allohning valiylari haqida maqomatlar bitishga sarflagaymen.

Xafif maqomat degan soʻzni ilk bora eshitgani bois hayrati ortdi.

– Maqomat nedur ustoz?

– Umi, u avliyolar qissasidir! Yaʼni “Tazkirat ul avliyo”. Ha, xuddi shunday…

– Bu dunyoi-dunda yigirma toʻrt ming anbiyo oʻtgan. Paygʻambarlar shunchalik koʻp ekan, valiylar osmondagi yulduzcha bordir.

– Balkim undan-da bisyor.

– Qiynalib qolmasmikansiz, ustoz?

– Bilim ranjining ozoridin oromi ziyoda. Bilim taskin, bilim lazzat, bilim imom Buxoriy aytganlaridek najot!

Xafif ustoziga yaqinlashib, qoq suyakka aylangan yelkasidan quchdi.

– Imom Buxoriy haqida ilgari eshitgandimu, lekin kimligini bilmasdim.

– Bu zot asli Movarounnahrda tavallud topgan ulugʻ muhaddis hisoblanur. Eng saxih hadislarni shu muhtaram ulamo toʻplagan.

– Qiziq, imom Buxoriy hadislar olimi, siz esa avliyolar…

Xafif bu yogʻiga fikrini qochirib, gapirolmay qoldi. Aslida u “avliyolar avliyosi” demoqchi edi-yu, bu gap hazratga yoqmasligini sezib, tilini tishladi.

– Men avliyolar qulimen, – deya uning gapini davom ettirdi ustoz. – Men oddiy qul emas, oʻz xojasini sevguvchi, ulardan ibrat olguvchi miskin bir yoʻl izlovchimen…

Saldan keyin hazrati Attor mavzuni oʻzgartirdi.

– Xafif, ertaga Ibrohim bin Adham ziyoratga chorlabdur, tayyorgarlik koʻrib qoʻy.

Xoʻp, hazrat!

Shogird tayyorgarlik nimadan iboratligini bilmasa-da, beixtiyor xoʻp deb yubordi.

Quyosh daryo ichiga dumaladi. Haroratning tili kesilib, kechki shabada qanot yozdi. Kuni bilan saraton otashida kuyib-yongan borliq erkin nafas oldi. Tahoratini yangilab, boshiga kuloh, oyogʻiga sarmuza (kavushning yengil turi) ilgan ustoz qaddini egib, sovmadan chiqib keldi.

– Qani ketdik, siddiqi zamon muntazir boʻlmasun.

Shogird qumga sanchilgan asoni piriga uzatdi. Ammo u qoʻllarini beliga bogʻlaganicha shaxdam yurib ketaverdi.

– Ustoz, aso yodingizdan koʻtarildimu? – ovoz berdi Xafif.

Qadam sekinlamasa-da, javob qaytarildi.

– Yoddan chiqibdimu, demak, anga hojat yoʻqdur. Ha, aytmoqchi, mehmonga bormoq tadorigini koʻrdingmu?

Qibla tarafdan esgan daydi shamol shogirdning koʻzini qumga toʻldirdi. Illo bu zahmat berilajak javob azobidan yengilroq tuyuldi. Ammo ustoz lutfini yelga uchiradiganlardan emasdi. Inchunun boyagi soʻroq yana takrorlandi. Yosh bilan barobar bodom qovoqlar orasidan sizib chiqqan gard va qumdan forigʻ boʻlgach, Xafifning koʻzi yarq etib ochildi. Shu asnoda andishasi tilidan toʻkildi.

– Rosti, tadorik mohiyatini anglamaganim bois, hozirlik koʻrolmadim.

Hazrat bir zum barxanlar gul yasagan qiyalikda tin oldi. Ibrohim bin Adham qoʻngan qarorgohga oz qolgandi. U ortga, yoshi ulgʻaysa-da, hamon tafakkuri yetilmayotgan, lekin yuragi begʻubor, soddadil hamrohiga nazar tashladi.

– Har holda borar maskanimizdin boxabardursen?

– Shunday, taqsir!

– Ziyorat qilinguvchini ham filhol unutmagansen?!

– Albatta!

– Unda nega alahsiraysen, aytilgan vazifani faromush aylagaysen.

– Uzr, ustoz.

– Biz toʻy yoki maʼrakaga emas, ilm sayliga borurmiz. Ilm sayliga ilmni yangilab, mavjlantirib, aqlni charxlab tashrif buyururlar. Sen esa xuddi toʻyga tuhfasiz kelgan kabi gʻarib va nochor qolibsen. Ha, mayli, muhimi ziyrak tur, ustozning savoliga maʼnili javob qaytar. Sening zakovating mening bahoimdir.

Mehmonlar sovmaga kirdilar. Ibrohim bin Adham toʻrda mudrab, koʻzlarini yumib pichirlardi. Hazrati Attor esa salom bermay uning qarshisidan joy olgach, u ham allaqachon qirov qoʻngan uzun-uzun kipriklarini qovushtirib oldi.

Xafif hayrat ummoniga shoʻngʻidi. “Bular qanaqa toifa oʻzi? Kalomsiz salom yoʻllar, dil-dilga bogʻlanib, tilga ehtiyoj qolmas”.

U zerikib, koʻz qiri bilan dasturxonga boqdi. Pastak taxta ustida yetti iqlim moʻjizasi muhayyo. Bugungi noz-neʼmatlar oldida kechagi dasturxon fayz-tarovati soʻnganday. Aslida kimsasiz sahroda bu rizq-nasiba qayerdan kelib, tamoqdan ortgani qayoqqa ketayapti. Oʻchoqsiz issiq luqmalar, bogʻ-rogʻsiz sarxil mevalar. U mana shu moʻjizani nigohidan yana bir karra oʻtkazarkan, yaratganning qudratiga tahsinlar oʻqidi.

Toʻsatdan Ibrohim bin Adham tilga kirdi. Xafif tushundiki, botiniy muloqot tugab, oshkora munozara, gurung boshlandi.

– Siz haqsiz, Farididdin, – dedi u hamon boshini tizzalari orasidan koʻtarmay. – Inson bir vaqtda ham allohga, ham olamga erisholmagay, xuddi bitta qalbga oxirat va dunyo muhabbati sigʻmagani kabi. Hazrati Ali roziyallohu anhu aytibdilarkim: “Dunyo va oxirat Magʻrib va Mashriqqa oʻxshaydi. Biriga yaqinlashsang, ikkinchisidan uzoqlashib boraverasan. Barcha yomonliklar kaliti dunyoga muhabbatdan boshlanur. Yomonlik asli gunoh. Gunoh qalb yarasi hisoblanur. Bu yara malhami allohdan qoʻrquv, unga itoat etmoqlik va taqvo bilan topilur.

Hazrati Attor Sulaymon Daroniyning lutfini esladi.

– Shuning uchun ham Sulaymon: “Qoʻrquvdan yiroq qalb xarob boʻladi”, degan ekan-da.

Ibrohim bin Adham ilk bora boshini tebratib, maʼqul ishorasini bildirdi.

– Siz Mansurning kalomini eslang. Esladingizmi?

Xafifning ustozi bir tebranib, nozik jussasini yanada ixcham holatga mosladi.

– Gunoh qilmoqqa qudrat topgan vaqtdagi xushvaqtlik gunohning oʻzidan yomonroq, degan gapini nazarda tutyapsizmi?

– Ha bale, Mansur Ammorda bunday goʻzal fikrlar bisyor.

Hazrati Attor negadir oʻzini mutlaqo xotirjam his qilmayotgandi. Bu bezovtalik mezbon eʼtiborini tortdi.

– Siz hali ham meni anglamabsiz chogʻi?

Ustozning nuroniy chehrasi andishadan lov-lov yondi.

Negadir izoh oʻrniga sukutni afzal bildi. Toʻgʻri tadbir qoʻllagan ekan. Chunki Ibrohim (r. a.) hali gapini tugatmagandi. U xiyol tabassum ila bir voqeani soʻyladi.

– Bir kuni shayxlar suhbatini istab, ularning huzuriga bordim. Biroq ulugʻlar meni safiga chorlashmadi. Qaytanga, eshikni koʻrsatib: “Chiq tezroq, sendin hanuz podsholik va hukmdorlik sassigʻi keladur” deyishdi. Qachonki, yonimdagi odam oʻzini bezovta sezsa ana shu tanbeh yodimga tushadir.

Hazrati Attor oʻzidagi bu holat mutlaqo boshqa vajdin, yaʼni ustoz ilmi haybatidan ekanligini zoʻrgʻa uqdirdi. Shu asnoda uning kamtar va halimligi toʻgʻrisida tarqalgan bir rivoyatni yodiga soldi.

– Suhayl bin Ibrohim aytib edi. Siz ul zot birlan safarga chiqibsiz. U yoʻlda xastalikka chalinibdi. Yoningizdagi bisotingizni uning muolajasiga sarflabsiz. Soʻnggida minib ketayotgan otingizni-da pullashga majbur boʻlibsiz. Hartugul Suhayl (r. a.) sogʻayibdi. Otingizni sotib yuborganingizga taassuf bildiribdi.

– Endi manzilga qadar nimaga minib ketamiz, – shitob birlan soʻrabdi u. – Shunda siz poyiga tiz choʻkib, “Mana men xizmatingizga tayyorman”, deya uch manzilgacha boʻyningizga mindirib boribsiz. Shunday moʻmin bandadan kibr-havo isi kelur deya aytilgan ishtibohda adolat ham, maʼno ham yoʻqdir.

– Gapingiz toʻgʻri. Bu yorugʻ olamda qancha tirik jon borki, feʼl-atvori, oʻy-fikri, tabiati osmondagi yulduz qadardir. Yaqinda bir kishi menga hamrohlik qilish niyatini izhor etdi. Shart qoʻydim. Birinchidan, hamma yumushni oʻzim bajaraman, ikkinchidan, namozga azonni oʻzim chaqiraman, uchinchidan, qanday nisor aziyat kelsa, oʻzim uddasidan chiqaman. Ul kishi eʼtirozini oshkor ayladi. “Asli mening bu ishlarga toqatim yoʻq!” Men uning rostgoʻyligiga tan berdim.

– Demak, toqatsiz kimsadan ham hikmat topishga toqatingiz yetibdi-da. Bunday hislatga oson erishmagandirsiz?

– Aksincha, judayam oson. Men doimo toʻrt ot saqlaydirman va ularning chavandoziman. Agar allohning neʼmatiga duch kelsam Shukur otiga minib, aning oldiga peshvoz chiqgayman. Agar ranj-alamga yuzlansam, Sabr va Ixlos otlarida kutib olarman. Va gunohga botayotganimni sezsam, Tavba otiga minib, maqsadimga yetarman.

Mana shu ishtibohlarga yoʻl qoʻymaslikning eng qisqa yoʻli – dunyo lazzatidan yuz oʻgirmoq, uning aldamchi, behayo jilvasiga sabr-toqat aylamoq va shaytonga boʻyin egmay yashamoqdir. Ochigʻi, bu oson erishilmaydigan saodat. Bir qavmga hukmron boʻlgandan koʻra, bir nafsga hokim boʻlmoqlik qiyinroqdir…

Ikki ulugʻ shayx suhbati faqat ibodat mahali uzilib turdi, qolgan payt qizgʻin bahs uzoq davom etdi. Mehmonlar qaytishayotganida Xafif ustoziga gʻalati savol bilan murojaat qildi.

– Hazrat, ikki kundan buyon yozilayotgan dasturxonni shu yoshgacha koʻrgan emasman. Allohning bundanda noyob moʻjizalari koʻp. Faqat bir masala dilimni oʻrtaydir.

Ustoz shogirdning qoʻlidan ushlab, ich-ichiga botgan koʻzlariga tikildi.

– Soʻyla?

– Andisha shuki, nega bugungi ziyofat dasturxoni kechagidan, yaʼni biznikidan bisyorroq tuzaldi.

Hazrati Attorning sersoqol yuzi yorishdi. Kichkina ogʻzi, oftob quruqshatgan lablarida kulgi uygʻondi.

– Eh Xafif, muncha gʻoʻrsan, bolam. Axir Ibrohim bin Adham podsholikdan, men esam oddiy attorlikdan zuhd yoʻlini tanladik. Dunyo molidan voz kechmoqlik qay birimiz uchun oson kechmaganligi yaratganga ayon. Endi koʻngling oʻrniga tushdimi?

Xafif yosh boladay boshini sarak-sarak qildi.

– Yoʻq, ustoz. Qachonki tariqatga kirishingiz boisini oʻz ogʻzingizdan eshitaman, keyin qalbim taskin topadi.

Hazrati Attor sovma ichidagi boʻyraga tiz choʻkdi. U doimo shu holatda joylashar, koʻp ibodati bois tizzalari tuya tuyogʻiday qavarib ketgan edi.

– Xoʻp, bugun kayfiyatim chogʻ, koʻnglimni yoza qolay…

 

5

Shodiyax Nishopurning eng gavjum va koʻrkam shaharlaridan biri. Bunday obodonchilikning ikki boisi bor edi. Dastlabkisi shuki, ushbu moʻjazgina kent fuqarolari hunarmandchilikda xoʻb benazir sanalardi. Shodiyaxliklar yasagan temirchilik, kulolchilik, misgarlik, zardzoʻlik buyumlari Shomu Iroqqa qadar yetib borgan, shu vajdan Nishopurga ziyorat va tijorat umidida qadam bosganlar albatta Shodiyaxga ham toʻxtab oʻtishardi.

Shaharning fayziyobligiga ikkinchi sabab shu yerlik Ibrohim Attorning nomi yetti iqlimga yoyilgan mushk-anbarlari, zanjabilu sunbul, sandalu kofurlari desak mubolagʻa boʻlmas. Peshtoqli ayvonlar ichiga qurilgan qator doʻkonlardan taralgan xushboʻy hid va mushk-anbar ifori butun koʻchani tutib ketardi. Koʻpincha ikki enlik qop-qora qoshidan boshqa yeri koʻrinmaydigan nozik badan fors va eroniy qiz-juvonlar ataylab shu serqatnov koʻchadan yurishar, baʼzan naqshband ustunli ayvonlar oldida toʻxtashib, qaysi doʻkonga kirishni bilolmay javdirab qolishardi.

Doʻkondor Ibrohim Attorni bilganlar undan ahli ayolini hargiz qizgʻonishmas, inchunun uning insof-diyonatli, xudojoʻy moʻminligini yaxshi bilishardi.

Bir kuni qoʻshni mahallada istiqomat qiluvchi mulla Qosim zargarning zavjasi Nigina oyim doʻkonga kirib keldi. Avvaliga avrat joylarini oʻrab-chirmab turgan juvon mushk-anbarlarga mahliyolikdanmu yoxud shayton yoʻldan ozdiribmi, har qalay boshidan sirgʻalib tushgan roʻmoliga beparvo qarab, yuzini yashirmoqqa shoshilmadi. Ayolning yuzlari goʻyo sutda chayilganday, katta-katta koʻzlari tun qarosiga mengzalganday, shokila sochlari nafis quloqlarini oʻpib toʻymayotganday holat zuhurlandi.

Ibrohim Attorning gunohkor koʻzlari shu manzaraga tushdi. Garchi koʻz pand bergani bilan qalbda orziqish sezilmasa-da, baribir dilida xavotir va gʻashlik uygʻondi. U boshini yerdan uzmay juvonning doʻkonni tark etishini kutdi. Biroq ul parivashning butun fikri-xayolini peshtaxta va raflarga terilgan billur idishlardagi anvoyi atriyotu dorivorlar mahliyo etgandi.

– Menga ajam ifori bilan rum upalari kerak edi, – nafis ovozda soʻyladi xonim.

Doʻkondor qilt etmadi. Illo, nomahram ayol ovozi-da uning taqvo qoʻrgʻoniga gul otayotganday, haq yoʻlidagi ranj ila riyozatlariga gard qoʻndirayotganday tuyuldi.

– Singlim, burchakdagi oynaga qarab olsangiz, – ohista soʻzladi doʻkondor.

Juvon sergaklandi.

– Biron nuqsonim koʻrindimi? – U shunday deb oʻzini oynaga soldi. Navnihol qaddi-basti, oyday chehrasi oʻzinida hayajonga tushirdi, filhol yuzini berkitmoqlikni xayoliga ham keltirmadi.

Attor ayol koʻnglidagi buzuqlikni tuydi. Buni shunchaki erkalik yoki beparvolikka yoʻyish qiyin edi. Demakki, ehtiyot chorasini koʻrmoq lozim.

– Bolam, siz aytgan ashyolarni oʻgʻlim Muhammadjon oqshomga qadar eltib bergay. Hozir meni maʼzur tutgaylar, vaqt peshinga yaqinlashib qolibdur.

Zargarning zavjasi majnuntolday egilib, noz-firoq ila chiqib ketdi. U koʻzdan gʻoyib boʻldi-yu, Ibrohim Attorning yelkasidagi yuk tushmadi, aksincha, togʻ kabi zil-zambilligicha qolaverdi. U tezda masjidga bordi. Hali namoz vaqtigacha vaqt moʻlroq edi. U gunohini kechirishini soʻrab, allohga dildan munojot oʻqidi.

Kechki taomdan soʻng duoga qoʻl ochdi. Farzandi Muhammadjon izn soʻrab, oʻrnidan turmoqqa chogʻlandi. Ammo oppoq soqoli koʻksini qoplagan padari buzrukvor shoshma deganday ishora qildi. Oradagi sukut choʻzildi. Hozir Ibrohim Attor dilida kechayotgan ilohiy iztirob iskanjasida oʻz yogʻiga oʻzi qovurilayotgani bois, vaqt oʻtib borayotganini aslo sezmasdi. Aslida yengil oʻylagan kimsa uchun bugungi voqeaning puch yongʻoqchalik ahamiyati yoʻq. Ammo, butun umrini alloh fikriyu zikrida oʻtkazayotgan doʻkondor uchun ayol nagʻmasi qandaydir koʻngilsizlik elchisiday ruhiyatini zaharlab, xayolini butunlay faromush etdi. Rost-da, ellik yil davomida non uvogʻichalik harom luqma tomogʻidan oʻtmagan, shubhali joyga oyoq bosmagan, ahli ayolidan oʻzganing nigohiga qaramagan, sagʻirning haqqidan qoʻrqqan bu zoti sharifni kelib-kelib shu yoshida ayol qiyofasidagi shayton yoʻldan chiqarmoqqa urinsa-ya?.. Bu shunchaki tasodif emas, bu nagʻmada, alloh saqlasin-u, bir gʻalva borga oʻxshaydur. Ehtimolki, bu doʻkon bilan andarmonlik bois toat-ibodatga vaqti kam qolayotganiga ishoratdur. Ehtimolki, bu oxirat tayyorgarligi ozligidan ogohlikdir. Ming qilsa ham yorugʻ dunyoda yomon yashamadi. Kimsan Ibrohim Attor sifatida nomi elga yoyildi. Mol-dunyo orttirdi, orttirganidan zakotu sadaqani kanda qilmadi. Aqlini taniganidan buyon besh vaqt namozu ibodati doimiy hamrohi. Shuning hosilasidurki, yaratgan egam unga xushaxloqu xushodob, aqlu farosati noyob, mehr-muhabbati oftob misol farzand berdi. U Attorning oʻgʻliman deya kerilmay, kibr-havoga berilmay, halim yigit boʻlib oʻsyapti. Yaqinda Nishopur madrasasini tamomladi, shunday zehnu ilmi ila otasiga qarashib turishga ham fursat ajratyapti. Hozirdanoq qaysi atir-upa qanday tayyorlanib, kimlarga ravo-yu, kimlarga noravoligini yaxshi biladi, muomala madaniyati havas qilguday, shirinsuxan va latifzabon yigit. Ne-ne qozikalonlar, mudarrislar, ayonlar bu yigitni havas qilib, kuyovlikka koʻzlashadi. Faqat Attorning qatʼiyatliligi, birgapliligi, islom arkonlariga mayli ziyodaligi bois, oʻzining ogʻzini poylab, quloqlari ding yurishibdi. Oʻgʻli ham xuddi otasi kabi ogʻir, sermulohaza, bardoshi toshday qattiq. Shu choqqacha uylanish mavzusida soʻz ochilsa yuzlari anor yangligʻ duv qizarib, peshonasidan reza-reza ter oqadi, boshini dasturxondan koʻtarolmay qoladi.

Hozir ham ota lafzidan qanday lutf chiqishini kutib, jimgina tiz choʻkib oʻtiribdi. Nihoyat Ibrohim Attor koʻrkam nigohini oʻgʻliga burdi.

– Muhammadjon, bolam, – dedi u quyuq soqolini ustma-ust silab. – Mana, oʻziga shukurki, kamolingni koʻrib boshim osmonga yetmoqda. Shu paytgacha sendan aslo ranjimadim, inshoolloh bu yogʻi ham xayrli kechsin. Maqsadim shuki, endi men qolgan umrimni toat-ibodatda oʻtkazsam. Doʻkon yumushlarini senga topshirsam. Oʻzingga maʼlum, bu ish ortida qancha odam rizqlanur, koʻpchiligi ayolvand, roʻzgʻori zalvarli. Endi shularning boshini silash sening zimmangga tushayotir. Fikri ojizimcha, misqollab yigʻilgan bu bisot yana koʻpayur, yana el-ulus koriga yarar. Buning uchun koʻp zahmat chekmoq, savdo karvonlarini koʻpaytirmoq, savdogarlar bilan aloqani mustahkamlamoq darkor. Bilginki, allohning irodasisiz bir choʻp joyidan jilmas. Xulosa, ertadan qozikalon huzuriga borurmiz, bor bisotimni sening ilkingga oʻtkazurmiz. Xoʻsh, sen ne deyursan?

Muhammadjon tamomila boshqa orzu-tilaklar ishqida sarmast edi. U oʻqishini davom ettirib, Sharqda nom qozongan ulugʻ olimlar suhbatiyu sabogʻiga arjumandlik istagida edi. Agar otasining talabini qondirsa, ilmi balogʻatga yetmagay, mabodo ahdini oshkor aylasa, ehtimolki ota raʼyiga qarshi chiqish barobarida baholangay. Yigit ikki oʻt orasida qolganligini tushundi. U bir ogʻiz fikr aytmoqqa tezda ogʻiz juftladi-yu, lekin tilini tiymoqni afzal bildi. Ziyrak ota farzand taraddudini sezdi.

– Men miskin bola tarbiyalagan emasmen, illo yurakda ishtiboh qolmasun. Har neki jumboq maslahatu mashvarat orqali yechilgay.

Muhammadjon tizzalarini silab tish yordi.

– Agar haddim sigʻsa, oʻquvni davom ettirmoq umidida erdim. Shu choqqacha olgan bilimimdan koʻnglim toʻlmaydur.

Bu joʻyali gap edi. Bilim najot, bilim oxirat, bilim haqni tanimoq ekanligini Attor yaxshi biladi. Ammo shunday katta xoʻjalik jilovini tutmoqqa boshqa qodir odam yoʻq-da. Ibrohimning na aka-ukasi va na qon-qarindoshi bor. Butun ishongani koʻzining oqu qorasi Muhammadjon.

Otasi sukut saqlaganini koʻrgan yigit uni ogʻir ahvolga solib qoʻyganidan xijolat chekdi.

– Kechiring ota, men oʻzimni oʻylabman chogʻi. Xudo xohlasa sizning aytganingiz boʻladi.

– Ilm olish ortga surilgaymu?

Yigit ilk bor boshini koʻtardi.

– Astoydil urinsam, biri ikkinchisiga halal bermas.

Bu javob otaga taskin bagʻishlamadi. U farzandining orzu-umidlari yoʻliga gʻov boʻlayotganday oʻzini noqulay his qilardi. Ikkinchi tomondan boshqa chorasi ham yoʻq. Doʻkonga sohib kerak, Ibrohimning attorlik davri oʻtdi endi. Zargarning xotini koʻrsatgan tomosha ilohiy ishora belgisi xolos. Shu mulohazalar bilan ota oʻrnidan turarkan, hamon tiz choʻkkan farzandining yelkasini silab qoʻydi.

Oradan koʻp oʻtmadi. Otaning hadigida jon bor ekan. U butun fikri-zikrini ibodatga bagʻishlab, kechasiyu kunduzi joynamozdan qoʻzgʻalmadi va asr namozini ado etayotib sajdaga bosh qoʻydi-yu, qaytib oʻrnidan turmadi. Muhammad dafn marosimidan soʻng onasining huzuriga kirdi. Xuddi yosh boladay volidasi bagʻrida oʻksib-oʻksib yigʻladi. Uning nazarida Ibrohim Attor sira rixlatga chekinmaydiganday, hamisha boshida soyabon boʻlib turadiganday tuyulardi. Ammo oʻlim farishtasi odamlarni dogʻda qoldirib oʻrgangan ekanki, bu safar ham xuddi shu hol takrorlandi. Oʻz oyogʻida yurib turgan tabarruk zot taqdir yozuviga koʻra “yogʻoch ot”ga minishga koʻndi.

Aslida bu mulohazalar ojizlik alomati edi. Axir inson es taniganidan boshlab oxirat gʻamini yeb, chin dunyo tadorigini koʻrmogʻi lozim. Foniy dunyo tashvish va quvonchlari shu qadar bisyorki, odam farzandini yorugʻ olamga ne maqsadda kelib, ne amallar qilmogʻi lozimligidan chalgʻitadi, toʻgʻri yoʻldan chetga chiqaradi, hayotga muhabbatini kuchaytiradi. Pirovard natijada “Oʻlim moʻmin uchun tuhfadir” degan muborak kalom unutilib, oʻlim fojiaga aylanib ketadi. Holbuki, kelmoqning avvalidayoq ketmoqlik peshonaga bitilgan emasmidi? Dunyoga koʻngil bogʻlamaki, safardan qaytishing azob-uqubatga aylanadi deyilmaganmidi? Omonat dunyo chin dunyo uchun hozirlik manzili ekanligini bilmasmidik?

Yosh yigit ona bagʻrida yigʻlab-yigʻlab uxlab qoldi. Ertalab doʻkonga chiqdi. Qarasa tevarak atrofida ne-ne gʻulomu qarollar, ne-ne xizmatchiyu kamarbastalar parvona. Shunda yuragidagi musibat tafti bir oz bosildi. Bitta-bitta bosib kelib, otasining oʻrniga oʻtirdi. Yoniga bolishlar qoʻyilishi hamon yonboshlab oldi. Birov choy, birov sharbat keltirdi, yoshgina xizmatkor yigit oyogʻini uqalashga tushdi.

Shu tariqa oradan yillar oʻtdi. Juda qiziq, ilgari madrasa tufrogʻini yalab tong ottirgan kezlari kunu tunda baraka bor edi. Tong otib, kun botguncha dunyoning yumushi sarhisob qilinardi. Endi esa qachon oqshom tushib, qachon tong boʻzarganini sanab adogʻiga yetish qiyin. Lekin har bir kun oʻziga yarasha xursandchilik, tijorat bobida omad keltirar, boylik ustiga boylik qoʻshilib boraverardi.

Oldi-sotdi ishlariga mukkasidan ketgan Muhammad ilm olish orzusini qalbidan oʻchirib, tijorat sarhadini kengaytirishga kirishdi. Endi otasi qurgan savdo rastalari yoniga yangilari qoʻshildi. Keyinchalik butun boshli koʻcha Attorning doʻkonlari bilan toʻldi. Savdo qiziq, mijozlar ortdi, mol-dunyo daryo boʻlib oqib kela boshladi.

Odatdagi kunlardan birida sohibi doʻkon yana sevimli joyini egallab, oʻz martabasidan huzurlanib, zavq-shavqqa toʻlib yonboshlab oʻtirganida roʻparasiga bir darvesh kelib toʻxtadi.

– Shayʼan lilloh! (Alloh yoʻlida sadaqa qil), – dedi u qoʻllarini oldinga choʻzib.

Bu iltijo oʻzicha samolarda suzib yurgan xojaning gʻashini keltirdi. Avvaliga xizmatkorlarini chaqirib, quvdirmoqchi edi. Biroq bolaligida olgan odob va muomala sabogʻi bunday qoʻpollikka yoʻl qoʻymadi. Darvesh esa hamon bitta gapni takrorlar, moʻltirab qarashini qoʻymasdi.

Muhammad allohning quliga jahl bilan qaradi. Uning sochlari gardaniga tushgan, soqoli patak misol qalin oʻsgan, burni katta, doʻng peshona edi. Faqat ich-ichiga botgan koʻzlari kishiga istehzoli boqardi. Bir paytlar oynaga nigoh tashlab, oʻzining koʻzlarida ham shunday sir-sinoatni koʻrgandi. Hozir esladiki, anchadan buyon bu odatini-da tark etibdi.

Negadir doʻkondorning yuragi tosh kabi qattiq turaverdi. Darveshning surbetligi battar tersligini qoʻzitdi.

– Bor, yoʻlingdan qolma! – dedi u qoʻpol ohangda.

Darvesh ketmadi.

– Alloh uchun biror narsang yoʻqmi? – oʻsha mahzun tovush sekin eshitildi.

– Allohga jonim fido, ammo senday tekintomoqlar uchun hech vaqo yoʻq, uqdingmi? Uqqan boʻlsang toʻrt tomoning qibla.

Bu safar tilanchi tilini tiydi. Tilini tiygan bilan butun fikri koʻzlariga quyildi. Bu koʻz emas, xuddi xizr chashmasi edi. Nigohlar toʻqnashdi-yu, sham kabi qotdi. Yigitning vujudi titrab ketdi. Qalbida shu paytga qadar his etmagan chuqur entikish zuhurlandi. Agar yana bir daqiqa shu holat davom etganda u oʻzini darvesh poyiga tashlashi aniq edi. Lekin, suhbatdoshi ters burilib, keta boshladi. Mana, u bir qadam, uch qadam, besh qadam yurdi. Birdan taqqa toʻxtadi, ortiga oʻgirildi. Yana boyagi sokin tovush taraldi. Bu oddiy ovoz emas, musiqaday shirali ohang edi.

– Hoy yigit, – dedi u koʻzlari bilan kulib, – ayt-chi, sen ne nav oʻladursen?

Doʻkondorning oriyati keldi. Bu qanaqasi, na uyi, na oilasi va na yegani taomi bor qalandar kimsan Nishopurning taniqli xojalaridan sanalgan doʻkondordan qanday oʻlishini soʻrayapti-ya. Yaxshiki atrofida hech kim yoʻq, aks holda rosa mulzam boʻlardi-da.

U chordana qurib olgach, shiddat bilan javob qaytardi.

– Nima, esingni yeganmisan, darvesh, axir, sen qanday jon taslim etsang men ham shunday oʻlaman-da.

Yo tavba, koʻzdagi kulgi endi sersoqol yuzga yoyildi. Shu kulgi darveshning qiyofasidagi fayziyoblikni yana oshirdi.

– Adashding, yigit, – dedi u, doʻkon sahniga chiqib jandasini tufroq uzra yozarkan, – sen menday oʻlolmaysan. Seni bu dunyoga bogʻlaguvchi rishtalar koʻp va hammasi mustahkam. Meni esa hech narsa omonat olamda tutib turolmaydi. Qara, men qanday jon beraman.

Darvesh shunday deb hirqasini boshiga qoʻyib, jandasi ustiga yotdi-yu… Yo razzoq, yo alloh… bir nafasda jonini haqqa topshirdi-qoʻydi.

Hozirgina bahslashib turgan sirli darveshning oʻlimi yigitga qattiq taʼsir qildi. U otasidan ayrilganida ham bunchalik titroqqa tushmagandi. Bir nafasda boyagi huzur-halovat, zavq-shavq, kayf-safo oʻrnini zulmat egalladi. Qalbini kalamushday kemirayotgan gʻashlikka chidashning iloji yoʻq edi. U ilk bora dil qorongʻiligi ofatini sezdi. Negadir oʻgirilib qator terilgan doʻkonlariga boqdi. Ularning ichidagi mushk-anbarlar, noyob dori-darmonlar koʻziga ilon va chayon kabi sovuq koʻrindi. Hatto oʻtirgan oʻrnidagi balchiqni sezdi va shuning barobarida butun vujudi terga botib, badani olovda yonayotganligini bildi. Boshi gir-gir aylanib, turgan joyida kesilgan daraxt kabi ogʻir quladi.

Bir hafta xushsiz yotgan yigit koʻzini ochganida tepasida zor-zor yigʻlab onaizori turardi.

– Senga nima boʻldi, jon bolam, koʻz tegdimi?

Qiziqki, Muhammad goʻyo kasal yotmaganday joyidan yengil qoʻzgʻaldi.

– Onajon, hech kimni koʻrmoqchi emasman, – dedi u otasining chillaxonasiga qadam qoʻyarkan. Shu zaylda qirq kun birovga yuz koʻrsatmadi, hech kim bilan suhbat qurmadi. Qirq birinchi kuni ozib-toʻzib uydan tashqariga chiqdi. Hesh-aqraboyu xizmatkorlarini hovli sahniga toʻpladi.

– Mahallamizdagi nochor kimsalarni ham yoʻqlang, – dedi u xizmatiga qoʻl qovushtirgan gʻulomlariga. Odamlar uning muddaosini bilolmay hayronu lol edilar.

Nihoyat jamoat jam boʻlgach, u ohista tomoq qirib, maʼruzasini boshladi. Aslida bu maʼruza ham emas, shunchaki mol-dunyo taqsimlash marosimi edi.

– Men zuhd yoʻlini tanladim, – dedi u hammaga birma-bir tikilib, – endi toʻplagan bisotim menga ortiqcha tashvish. Onajonimga shu hovlini qoldiraman, qolganini insof bilan oʻzinglar boʻlishib olinglar.

– Qizil oltinlar oʻzingizga, asqotib qolar, – dedi Ibrohim Attorning doʻsti Hishom bobo, nima gapligiga aqli yetib-yetmay.

Muhammad unga taʼzim qildi.

– Menga nima asqotishi-yu, nima asqotmasligiga endi aqlim yetdi. Oltinlarni sagʻirlarga, beva-bechoralarga tarqatinglar. Men esa sizlar bilan xayrlashaman.

– Qayoqqa, bolam? – joni ogʻrib hayqirdi onaizor.

– Haqqa onajon, haqqa! – javob qaytardi Muhammad Attor.

 

6

Jayhun qirgʻogʻidagi ochiq sayhonlikka koʻm-koʻk maysa-giyohlar toʻshalgan. Olis-olislarda shafaq yonib, uning shuʼlasi dashti biyobonlarga-da oʻt qoʻyganday. Hali yoz olisda-yu, uning qaynoq nafasi qulogʻingizni qizdiradi. Hattoki salobatli toʻshini yozgan daryo epkini ham harorat damini kesishga ojizlik qilayotganday.

Sohildagi oʻt-oʻlanlar ustiga oʻtirgan qalandaru darveshlar butun zehni ila oʻrtada ashʼor oʻqiyotgan murshid ovoziga quloq tutishgan. Baland boʻyli, yuzlari choʻzinchoq, qirra burun, qirgʻiy koʻzli murshid qaddi-bastiga yarasha chiroyli kiyingan. U garchi tariqat sulukining nomdor shayxlaridan esa-da, libos tanlash va kiyinish bobida aslzodalar avlodidan ekanligini unutmasdi. Shu topda u butun borligʻini unutib hali siyohi qurimagan sheʼrini oʻqir, uni tinglashayotgan muxlisu muridlari esa har bayt oxirida ohu figʻon chekishardi.

 

Shamʼye boʻlsa yuzing, koʻyida parvona oʻzim,

Dardingga qarindosh dilu, begona oʻzim.

Boʻyningda uzilgan oʻsha soch zanjirini,

Tashla meni(ng) gardanimga, devona oʻzim.

 

Sheʼr bitdi. Oʻnlab ixlosmandlar “bale, ofarin, goʻzal lutf muborak” deya xitob ila shayx etagidan navbatma-navbat oʻpa boshladilar. Biroq juldur kiyimlari yirtilgan, qop-qora sochlari oʻsgan, boʻydor darvesh taʼzim qilganicha joyidan jilmadi.

– Nazm ozugʻi aqlingni toʻydirmagan koʻrinadur, bolam, – dedi shayx Majiddin Bagʻdodiy imkoni boricha muloyim gapirishga urinib.

Murid yer chizib turaverdi.

Shayx bir tebranib oldi. Bu uning feʼli ayniy boshlaganidan dalolat edi. Yaxshiki, boshqa darveshlar ham churq etib ogʻiz ochishmay, boʻlajak suhbat intihosini kutishdi.

– Safimizga qoʻshilganingga yarim yildan ortdi, – dedi pir koʻzlarini yarim ochib. – Ammo hanuz diling qoʻshilmaydir. U holda bekorga vaqt oʻtkazmoqdin ne naf?

Murid yer ostidan murshidga koʻz tashladi.

– Izn bersangiz, ishtibohimni aytsam?

Shayx qoʻlidagi tasbehini havolantirdi.

– Soʻyla!

– Men siz yozgan baytlaringiz shaydosiman. Shaydo koʻngil ne ajabki choʻnglikka moyil boʻlarkan.

Bu eʼtirof shayxni quvontirmadi.

– Bolam, gapingda maʼni yoʻq. Hech qachon xushomad sarhadiga qadam bosmagʻil, xushomadga bagʻir ochgan murshidni murshid demagil. Haqiqat shuki, sen baytlarimni tushunmayapsan. Yoki uning mohiyati mazmunini idrok etishda talabni baland qoʻyursan.

Kutilmaganda murid xatosini tan oldi.

– Oʻylabmanki, koʻngil darichasi faqat allohga ochiq. Kechirgaysiz, valiylik karomatingizni unutibman. Illo, siz haqsiz, men ayrim baytlardagi oshiqlik sitamlari ojiz bandaga atalganmu degan qaygʻuda qoldim.

Tevarak-atrofdan gʻazabnok dashnomlar eshitila boshladi.

– Hay, esi past, bundoq mushohadaga qanday tiling bordi, kimning qoshida ekanligingni unutdingmu, nodon?

Shayx yana tasbehli qoʻlini yuqori koʻtarib, gʻala-gʻovurni bosdi.

– Shoshmanglar! Fikrni tinglamoqdan koʻra boʻgʻmoq osonroq. Ammo fikr tinglanib mulohaza qilinmogʻi kerak. Rabbim insonni nega azizu mukarram yaratdi. Aynan aql-zakovati, teran tafakkuri, es-hushi va zehni uchun. Muridim haq gapni aytdi. Bu baytlarni magʻzini chaqmoq osonmas. Keling, hozirgi misralarni tahlil qilaylik. Men dedimki, “Sening goʻzal yuzing shamdir, men parvonaman, koʻnglimda sening gʻamingu, begonaman. Sochlaring zanjiri sening gardaningdadir, ularni men devonaning gardaniga sol…” Xoʻsh, bu baytlarni kim qanday tushundi?

Dastavval ozgʻin, choʻqqi soqol, qoshlari oqarib, peshonasida koʻrinmay ketgan kishi oʻrtaga chiqdi.

– Siz yor vasliga yetmoq uchun ne-ne nadomatlar cheksangiz-da, sevgilingiz sizga beparvo, loqaydligidan ozurda ekanligingizni bayon etibsiz.

Keyingi bahs-munozaralar ham shu mazmunda kechdi. Boyagi murid yana tosh tishlab oʻtirardi. Murshid eʼtiborini unga qaratdi.

– Sen ne deysan?

Yigit oʻrnidan turdi, lekin saf oʻrtasiga kirmadi. Boshini bir oz koʻtarib, mulohazasini bayon etdi.

– Siz buyuk oshiqsiz, siz oʻziga parvonasiz. Uning “sochlari zanjiri”ni gardaningizda koʻrmoq istaysiz. Lekin bu eʼtibor, bu marhamatga loyiqlik haqida soʻz aytmaydursiz. Axir, u faqat pokiza, begʻubor qalbgagina nazar tashlamogʻi mumkinligini oʻzingiz uqdirmagan edingizmu?

Majididdin Bagʻdodiy beixtiyor oʻrnidan turib ketdi. Ohista qadam bosib, murid yoniga keldi, boshini siladi.

– Bolam, senga koʻpdan mehrim bor edi. Shukurki, adashmabman. Endi ismingni soʻrasam boʻlur. Qayerdansan, kimning farzandisan?

Murid ustozning qoʻllarini koʻzlariga surtdi.

– Men asli Eronning Nishopur shahridanman, Ibrohim Attorning oʻgʻli Muhammadjonman.

Pir shu ondayoq yigitning ogʻziga kaftini bosdi.

– Movarounnahrda Muhammad deb soʻylanmagay, bu ismi muborak betahorat tilga olinmagay va butun vujud ila Muhammadjon deya atalgay.

Murid yana taʼzim bajo ayladi.

– Shunday goʻzal ism tanlagan Ibrohim Attorga allohning rahmati yogʻilsin.

Yigitning qop-qora, tiniq koʻzlari porladi, qovoqlari orasidan bir-ikki tomchi yosh sizib chiqdi.

– Siz ul zotni tanir edingizmu?

Shayx koʻzlarini yumib oldi.

– Yoʻq, shu choqqacha bilmas erdim, endi tanib turibman.

Oraga jimlik qoʻndi. Murshid xuddi sarv daraxtiday qotib turar, na imo-ishora va na harakati sezilardi. Nihoyat u “oʻziga keldi”.

– Muhammadjon, bolam, bugundan eʼtiboran sening isming Farididdin boʻlur. Eslab qol – Farididdin.

Yigit seskanib tushdi. Hayrat-la ustoziga boqdi. Yana etagini oʻpmoqqa chogʻlandi.

– Nechuk, ustoz?

– Soʻrma! Faqat shu nomga loyiq ish tut. Bugun oqshom xonaqohga kel, gapim bor.

– Uqdim, pirim!

– Endi hammaga javob.

Qalandaru darveshlar shayx ixlosmandlari asta-sekin qirgʻoq boʻylab tarqaldilar. Hademay Jayhun yoqasida yolgʻiz uning oʻzi qoldi.

Shom namozini ado etgan Farididdin toʻgʻri ustozi huzuriga yoʻl oldi. Majididdin Bagʻdodiy oʻzi qurdirgan shinamgina xonaqohda kitob varaqlab oʻltirardi. Oyoq tovushlarini eshitib, ohista bosh koʻtardi. Muridini yoniga chorladi. Savol-javob ham qisqa boʻldi.

– Bolam Farididdin, ayt-chi, mendan diling ranjimadimi?

Yigit oʻngʻaysizlanib, ne deyarini bilmay peshonasini ushladi.

– Demak, koʻngil ravshan. U holda asosiy masalaga kirishsak boʻlaveradi.

Pir yonboshidagi tugunga qoʻl uzatdi. Uni shoshilmay yechdi. Yangi tikilgan xirqani olib uzatdi.

– Qani kiyib ol.

Farididdin ikkilandi, sarosimaga tushdi. Axir ne-ne tolibi ilm, sohibi ishq darveshlar yillar davomida ustoz qoʻlidan xirqa kiyib, oq fotihasini ololmay yurganida, bu mujda nega yuragini toʻlqinlantirmasin? Baʼzilarning soqoliga oq, peshonasiga ajin tushsa-da, bunday sharafga erisha olmaydi. Nahotki unga baxt kulib boqdi, nahotki ustoz oʻz shogirdi qalbidagi ilohiy oʻt taftini sezdi.

Farididdin xirqani egniga ilib, titrab-qaqshab piri qarshisida tiz choʻkdi. Murshid qoʻllarini duoga ochdi.

– Ilohim haqqa yetishgin, ikki dunyo saodatiga erishgin, ichgan suving ilm, taoming taqvo, nafasing imon boʻlsin, allohu akbar!

Farididdin koʻz yoshlarini tiyolmasdi.

– Ustoz, andisham shulki, hali qanotim mustahkam boʻlmay parvozga hozirlayapsiz. Ishqilib aro yoʻlda qolib ketmasmikanmen?

Majididdin odaticha chuqur oʻyga toldi. Qoʻlidagi tasbehni tez-tez oʻtkazayotganidan oʻzi ham bir oz hayajonlanayotganligi bilinib turardi. Ammo, umrida his-tuygʻusini oshkor etmagan bu magʻrur inson hozir ham qalbidagi ehtirosini sukut ila bosdi. Soʻng fikrini dalillashga kirishdi.

– Insonning qanoti uning ilmi. Yana bilginki, qanot temirdan bitganida ham ucholmasa puch yongʻoqchalik qadri yoʻq. Qanot uchganda sinaladi, qoqilganda yana kuch toʻplaydi, sayqallanadi, parvoz hadisini oʻrganadi. Shu bois ham men senga ishonch bildiryapman. Oʻylashimcha, mening “Risolai safar” kitobimni oʻqigansen.

– Shundoq, pirim, uning har bir satrini qalbimga naqsh etganmen.

– “Pandnoma” ham yodingdan chiqmagandir?

– Aslo, u bir umrlik hamrohimga aylangay.

Undan bir bayt eslay olurmisen?

– Bajonidil.

 

Ey oʻzini ishq ichra bilguvchi yakto,

Taʼna etma koʻrib tirikligingni zero,

Mavjudliging ishq tufayli jonni etdim,

Ul yorni mushohada qilay, deb paydo.

 

– Demak, menda borini olib ulguribsen! Barakallo! Ofarin!

Murid yuzi anorday qizardi.

– Uzr, hazrat, sizda bori faqat shu ermas…

– Ajab, yana ne daʼvoing bor?

– Men ilkingizda “Ijozati Roziddin Ali Lola” nomli maqomatingizni ham koʻrib erdim.

Shayx muridning sinchkovligiga yana bir karra tan berdi. Yonidagi tokchaga qoʻl uzatib, rangli muqovaga oʻralgan risolani oldi, uni ohista varaqlab yana yopib qoʻydi.

– Kel, shu asarimni bilmay qoʻyaqol.

– Nega, ustoz?

– Chunki, inson tafakkuri har davrda yashab turgan muhiti, suhbatdoshlari, ilmiy davrasiga qarab oʻzgarib turgay. Bundagi fikrlar hali anchayin bahstalab, yana birmuncha izohtalabligi ham bor. Sening toza qalbingga gard qoʻnmagani maʼqul.

– Nahotki sizday shayx-ul-mashoyix darajasiga erishgan, hazrat Abu Said Abulxayr fitratidan ilohiy qudrat topgan, oʻn besh yil haq yoʻlida riyozat chekib, Najmiddin Kubroday ulugʻ zot xalifasi boʻlgan inson tafakkuri sarchashmasidan koʻngil mulkiga ozor yetishi mumkin degan ishtibohingizga ishonur deb fikrlaysiz. Men sizning qoʻlingizdan hirqa kiyganimdan baxtiyorman. Hayotimdagi eng zavqli, eng laziz damlar shudir.

Shayx tasbehli qoʻlini koʻtarib, shogirdi ilhom bulogʻini bosdi.

– Bevafo dunyoda karomat va fasohatgada sigʻmaydurgan voqealar koʻp boʻlgay. Niyatimni oshkora anglamoqqa hojat yoʻq. Bilki, bugun bizning diyorlarda suv loyqalanur. Boshidan kirlangan daryo qachon tinib, qachon isteʼmolga yarashi faqat oʻziga ayon. Shul bois seni bagʻrimdan uchirmoqqa qasd etdim. Bu toʻxtamga kelmogʻim yuragimni sugʻurish barobarida ekanligini asti aytgim yoʻq edi. Yana oʻsha gap – gohida inson ojizligi dil qulfini ochib, ichkaridagi sirni ovoza qilur. Ha mayli, xayrlashuv chogʻida bu koʻngilxushlik, dardkashlik xayrli boʻlsin.

Ustoz shogirdini mahkam bagʻriga bosdi. Vo darigʻ, Majididdin Bagʻdodiydek alloma, Xorazmshohning avlodi toʻrt yuz murididan biri uchun koʻz yoshini tiyolmasa. Bu ne hol, nahotki u Farididdinga shunchalar mehrini bergan boʻlsa. Ehtimol shundaydir, lekin oʻtgan bir yil ichida bu tuygʻu til ostida saqlandi-ku, hatto nogoh nigoh orqali izhori dil bayoni sezdirilmadi-ku. Mana buni qudrat, mana buni gʻurur desa yarashadi.

Hozir bu ishtibohlar mavridi emasdi. Axir oʻsha mehr zuhurlanmaganida unga dinning yagonasi degan kunya berarmidi. Bu atama faqat sevimli kishilarga ilinsa arziydigan neʼmat edi.

Farididdin orqasi bilan yurib, ostonagacha keldi. U endi ortga burilayotganida ustozi toʻxtatdi.

– Bolam, ruhimga duo bagʻishlab turish yodingdan koʻtarilmasin.

Bu lutf emas, xuddi paykon oʻqi kabi muridning yuragiga sanchildi. U bir zum oʻyga botdi. Soʻng yugurib borib pir oyoqlari ostiga bosh egmoqchi edi, biroq koʻrdiki, u joynamoz ustida qomat rostlab nafl namoziga kirishibdi.

Farididdin xonaqohdan yurakda gʻashlik bilan tashqariga chiqdi. U endi ustozning ijoza xati orqali yana Nishopurga qaytib, shayx Rukniddin xizmatiga kirishi lozim edi.

 

7

Abdulmakorim Rukniddin Alovuddavla Farididdinni avvaldan bilar, hatto nazmga qoʻli kelishgan noziktaʼb shoir sifatida zimdan kuzatib yurardi. Bundan tashqari shodiyaxlik Ibrohim Attorning xonadonida – olimu fuzalo, ilmu irfon sohiblari davrasida koʻp bora ishtirok etib, chiroyli bazmu mashvaratlar neʼmatidan zavqlangandi. Lekin oʻz hamshaharini xushlamaygina qarshilagani Farididdin uchun mutlaqo kutilmagan hol edi. “Nahotki oʻtgan vaqt inson xotirasini shu qadar zaiflashtirsa, – oʻyga choʻmdi yigit. – Axir necha marta Farididdinni yoniga oʻtqazib, yangi yozgan sheʼrlaridan qayta-qayta oʻqitgan, Attorga yuzlanib, bu bolangiz kelajakda sultonul orifin maqomiga yetishgay, deya bashorat qilgan ham shu Rukniddin Alovuddavla emasmidi? Nahot bu lutfu kalomlar, bu goʻzal istaklar otasi uzlatga chekingani hamoni yoʻqlik qaʼriga singib ketdi. Nahot bu tashbehlar faqat koʻngil istagi uchun oshkor etilgan edi”.

Shayx Rukniddin shahar masjidi yonidagi vaqf yerda koʻkargan bogʻ tasarrufini ham olgandi. Shu bois muridlari asosan shu yerda toʻplanishib, ham odob tariqati, ham ilm riyozati bilan shugʻullanishar, boʻsh vaqt topildi deguncha bogʻ qaroviga kirishib ketishardi. Hozir Alovuddavla ochiq shiyponda – yetti qat toʻshak ustida qiygʻos gullagan anor guliga mahliyo oʻtirardi.

Farididdin salom berib, ustozi Majididdin dastxati ila yozilgan ijoza xatini taʼzim ila qoʻsh qoʻllab uzatdi. Shayx Rukniddin qogʻozni, bir sidra koʻz yugurtirib, yirtib tashladi. Soʻng boyadan buyon oʻziga ilhaq turgan hamrohiga qiyo boqdi.

– Sen mardikorlik istaysenmu yoki ilm oʻrganmoq?

Gap kesildi. Mezbon tanbehni qanchalar tez boshlagan boʻlsa, shunchalar kutilmaganda yarmini yutib yubordi. Farididdin koʻcha koʻrib qolgan, yuragi butun yigit edi. Endi u tariqat ahlining turfa feʼl-atvoriga moslashishga oʻrganib ulgurgandi. Shayxning dagʻal soʻzlaridan ranjimadi.

– Men avliyoullohning xizmatini bajo aylamoq niyatidamen.

– U holda ijoza xatiga ne hojat?

Farididdin bir nafas ikkilandi: ne desun, bu xat shunchaki vosita desinmu yoki doʻstingiz Majididdin Bagʻdodiy mehrining bir parchasi deb aytsinmu? Har nechuk ikkalovi ham valiytarosh Najmiddin Kubro hazratlarining suyukli shogirdlari. Toʻgʻri, xalifalik avvalroq Bagʻdodiyga nasib etdi, biroq shayxlik maqomiga Rukniddin ilgari erishdi-ku. Kubraviya tariqatining yirik namoyandasi hisoblangan Alovuddavla endilikda rukniya taʼlimotining asoschisi sifatida tasavvuf maydonida yangi yulduz boʻlib porlamayaptimi?

Murid har ikki ishtibohni-da soʻylashdan tiyilib, sukutni afzal bildi. Uning sukuti shayxga yoqdi. Endi sinov boshlandi.

– Majididdin avliyolar tasnifi xususinda ne deyur?

– Ul hazrat valiylar siyrati va holiga bir necha nisbat bergay.

– Jumladan?..

– Jumladan, maʼrifat ahli, muomilot ahli, muhabbat ahli, tavhid ahli, miskin faqirlar ahli…

– Yetar! Ustozni qaysi maqomda sanab oʻtgan ekan-a?

– Hazrat Bagʻdodiy piri murshidini hamisha ulugʻlab, akmalul-mukammal inson deb atardilar.

Birdan musohaba mavzusi oʻzgardi.

– Rahmatli Ibrohim Attor seni mashhur doʻkondor boʻlishingni orzulab edi, sen ersa tasavvuf ummoniga shoʻngʻishga qasd qilursen. Nahotki bir darvesh oʻlimi butun aqlu hushingni oʻgʻirlagani rost chiqar…

– Pirim, sahroga sepilgan urugʻ koʻkarmaydi, maʼrifatsiz qalbga ziyo kor etmas, nodon oʻlsa oʻlar, aslo ilmga boʻyin egmas… Shu taxlit oʻzingizga ayonki, asli bolalik ayyomidin oʻsha toifaga, yaʼnikim soʻfiylarga muhabbatim shu qadar baland va joʻshqin ediki, alarning chiroyli soʻzlari meni oʻziga tortar, dilimda quvonch joʻsh urar, bu soʻzlar qanchalik mahobatli, pardali tuyulmasin, mohiyatini anglab, shuurimga singdirib borar erdim. Darveshning vafoti shunchaki bir sababdur, haqiqat shulki, es taniganimdin manzilim aqlimga ravshan koʻringan erdi.

– Xoʻp mayli, nega Majididdin xizmatini tark etib, vatanga yuzlanding?

– Ustoz xohishi shu boʻlgach, muridda ne ixtiyor?

– Piring niyati seni qiziqtirmadimu?

– Agar qiziqtirsa, bu haqda mulohazaga borur edim. Ustoz buyrugʻi muhokamaga koʻnmas, koʻnsa pir soʻzi bahosizlanmasmu?

Shayx Rukniddin oyogʻini uzatdi. Farididdin yugurib kelib maxsisini tortdi. Soʻng oʻchoq boshidagi qumgʻonda qaynayotgan suvni chapishtirib, bir tup sada ostidagi koʻraga quydi. Oyoqlar yuvilib, quruq sochiq bilan yaxshilab artilgach, ustoz joyidan qoʻzgʻaldi. Murid muddaoni anglab, shiypon toʻrisiga ilingan joynamozni qiblaga qaratib yozdi.

Namoz tez tugadi. Shayx endi koʻzlarini yarim yumganicha xayol ummonida suzayotgani aniq edi. Nihoyat oʻziga kelib ortida oʻltirgan Attorga oʻgirildi.

– Onangni ziyorat qildingmu?

Murid taʼzim bajo ayladi.

– Shundoq, taqsir!

– Sihat-salomatligi qanday?

– Shukur, atrofida jiyanlarim parvona, topish-tutishlari yaxshi.

– Sen alardin izn oldingmu?

– Albatta, ona rozi, xudo rozi deydilar.

Shayx yana oʻyga toldi. Aftidan u nima haqidadir bir qarorga kelolmay ikkilanar edi. Bogʻ etagida odamlar koʻringach, tezda mulohazasini bayon etishga shoshildi.

– Tong saharlab yoʻlga otlanurmiz, sen ham safar tadorigini koʻrib qoʻy.

Farididdinning koʻngli yorishdi. Demak, shayx uni safiga qoʻshmoqda edi. Shu bois tilini tutolmay hazillashdi.

– Ustoz, muridning umri yoʻl ustida kechmagaymi?

– Oriy rost soʻzlading. Illo, yoʻl bu sinov, katta sinov. Xalq ichida yurmagan, el-ulus ahvolidin xabarsiz muridning safari tez qariydi. Qisqasi, bomdoddan soʻng yoʻlga chiqurmiz.

…Hali ziyoratchilarning son-sanogʻi yoʻq edi: Nishopurning gavjum goʻshasida qad rostlagan baland peshtoqli masjid sahniga odam sigʻmay ketdi. Tong gʻira-shirasida kim ziyoratchi-yu, kim kuzatuvchi ekanini ajratish mahol edi. Mezona ustidagi soʻfi baland ovozda yana bir bor azon aytdi.

– Allohu akbar, allohu akbar!

Muridlar ham shu muborak kalomni dili va tilida takrorlab, shayx orqasidan yoʻlga tushishdi. Darveshlar yoʻl yurishdi, yoʻl yurishsa ham moʻl yurishdi. Ularning oyoq izlari Shomu Iroqda, Dashti Karbaloda, ne-ne kentu qishloqda qoldi. Shayx Rukniddin qatʼiyatli inson edi. U oldiga qoʻygan maqsadiga erishmaguncha sira orom bilmas, etagidan tutgan shogirdlarini ham tinch qoʻymasdi.

Nihoyat Farididdin Attor hayotida bir umr unutilmas voqea roʻy berdi. U muborak haj amallarini sidqidildan ado etdi. Hojarul asvod sirtiga bosh qoʻyib, yurak-yurakdan yigʻlar ekan, yaratgan egamdan faqat bir tilak tiladi. Bu shunday tilak ediki, uning ajriga ikki dunyo saodati ochilar, jannat uning diydoriga yuz tutar, oxirati obod boʻlar edi.

– Ey xoliq, yorugʻ dunyoda yashagan valiylaringning bir soʻzini yod bilganni butun gunohlarini mahfirat etgaysan. Ilohim, menga shunday marhamat qilki, kuch-qudratim va quvvai hofizam yetgani qadar valiyullohlar nomini tabarruk sahifalarga zikr qilishga ulguray. Sabr-bardoshimni toshdan yasaginki, ularning ibrati va hikmatini asrlar osha avlodlarga qoldiray. Men bir xas kabi hech kimning nazariga tushmasam-da, ulugʻlarning nomi va zikri rasululloh (s. a. v.) ummatlari diliga koʻchsin, tilida yod aylansin.

Attorning munojoti qulogʻiga chalingan muridlardan biri ohista kelib uning yelkasidan tutdi.

– Xoʻp ajib qismat soʻraydirsan, birodar. Shunday tabarruk tufroq ustida muborak tosh qoshida u dunyoligingni soʻramoq lozim emasmu?

Ammo bu soʻzlar uning qulogʻiga kirmadi, zavq-shavqini soʻndirmadi, koʻz yoshlarini toʻxtata olmadi.

– Yo rab, bu borliq yolgʻiz oʻzingniki, istasang bordan yoʻq qilasan, xohlasang, yoʻqnida mavjudotga aylantirasan. Ana shu qudratingni bilguvchilar avliyoi allohlardir. Alloh qudratini bilguvchilarni unutmoq ularning lutf ila kalomlarini eʼtibordan qochirmoq gunohi azimning ibtidosidir. Menga izn ber, yoʻl ber, toki avliyolar qissasiga qoʻl uray, ularning xotirasini moʻmin insonlar qalbiga muhrlay.

Ziyoratchilar oqimi Farididdinni chetga surib yubordi. U qalbidagi his-tuygʻular hamon junbishga kelib, yuragi boʻshamaganligini, qancha yigʻlab, koʻzyoshi toʻksa, koʻngli shuncha toʻlib borayotganligini anglab yetdi. Ne tongki, yigʻlagani sari dilidagi huzurlanish tuygʻusi tobora ortib, goʻyo vujudidagi gardu gunohlar shu tomchilar orqali chiqib borayotganday, toʻkilgan bir dona marvarid tomchi barobarida borligʻi oʻn chandon, yuz chandon yengillashayotgan kabi tuyulardi.

U obizamzam suvidan qonib ichdi, sal nari jilib yuz-koʻzlarini yuvdi. Ana shunda oʻzini qush kabi yengil his qilib, goʻyo qoʻllarini yozsa samoga uchib ketguday holat zuhurlanayotganini tuydi. Shu hissiyot ogʻushida sarmast oʻy surayotganida boyagi badaviy yoniga kelib tiz choʻkdi.

– Shunday fursatni boy berding, axir oʻtganlardan ne foyda, oʻz taqdiringni, oʻz yozugʻingni oʻylamaysanmi?

Attor bildiki, yelkasiga qoʻl tashlagan bu odam ilm na riyozat ahlidan yiroq – shunchaki adashganlardan edi. Garchi oʻzaro gurung har ikkisiga hech vaqo bermasa-da, moʻmin-musulmonlik vajidan yangi suhbatdoshiga savol nazari bilan boqdi:

– Avliyolar olamidan voqifmisan?

Badaviy kulib, boshini qashladi.

– Sen mendan rabbing kim deb soʻra!

Farididdin hayrat-la toshdek qotdi.

– Nahotki bu soʻroq xojasi kimligidan bexabarsiz?

– Nega endi, bilurmen. Bilganim bois shu maʼnodin gashtak ochurmen. Men yolgʻiz allohni, uning rasulini tanigaymen, boshqasi birlan hisob-kitobim yoʻq.

Kutilmaganda Farididdin oʻzini yoʻqotib, ne deyarini bilolmay ikkilandi. Boisi, sirtdan qaralsa, badaviy haq. Ammo alloh va uning rasulini tanimoq uchun eng ishonchli yoʻl valiyullohlar taʼlimoti emasmi?

– Sen hazrat Hasan Basriyni bilurmisen?

Yoʻgʻon boʻyni va qop-qora peshonasida son-sanoqsiz mayda tomchilar yiltirab turgan badaviyning ikki koʻzi xuddi shu tomchilarning yirikrogʻiga oʻxshab ketdi.

– Aytdim-ku, kimga ixlosim borligini…

– Ixlos, eʼtiqod, bu nozik tuygʻu. Ongli maxluqot borki, albatta, oʻziga tavallo qilgay. Shu bilan birga allohning zikrini buyuk ibodat darajasiga koʻtarganlarni ham xotiradan uzoqlashtirmaslik kerak. Axir, paygʻambar avlodi sanalgan Ummu Salama onamiz qoʻlida tarbiyat topgan, rasulullohning “menga atalgan suvni ichibsen, shu ichganing ilm boʻlsin” degan duosiga loyiq topilgan zotni bilmaslik moʻmin kishiga xos emasdir. Hakim Termiziy dediki: “Solik (valiy) maʼrifat daraja-martabalarini egallay borib, ilohiyot olamiga yaqinlashadi va insonga muyassar boʻladigan bilimlarning eng yuksagi – ilohiy charogʻonlik bilan tenglasha oladigan maʼrifatga yetadi. Shu zaylda inson qalbida ilmi gʻayb, ilmi laduniy porlab, uning ruhi yaratgan qudratiga ulanadi.

Shu kalomlar lutfidan yogʻilar ekan, goʻyoki Farididdin avliyolar davrasi toʻridan joy olganday ilhomlanib, zavq-shavqqa toʻlib-toshardi.

– Avliyolarga mehr-muhabbatimiz ularning kamoli va jamoliga, ilmu amaliga hurmat-ehtiromimiz natijasidir. Ushbu sadoqat qalblarimizga alloh solgan muhabbat nuri kabi porlab, buyuk zotlarga taʼzimimizni yuzaga keltiradi. Alloh taoloning muborak nomlarini mudom tilidan qoʻymaydigan aziz-avliyolar maʼrifatidan bahramand boʻlgan, har qachon va har bir holatda alloh yodini unutmagan kishilar uchun avliyolar hayoti namunadir.

Endi rasuli akrom (s. a. v.)dan quyidagi naqlga quloq tut: kunlardan bir kuni undan sahobalar soʻrabdilar: “Agar biror kishi bu toifani (soʻfiylarni) doʻst tutsa-yu, ularning feʼl-atvorini uddalay olmasa, uning holi ne kechadi?” Ul zoti akrom javob beribdilar: “Kishi bu olamda qaysi toifani doʻst tutsa, qiyomat kuni ul toifa bilan birga tiriladi”.

Ziyoratchilar orasida shayx Rukniddinning adl qomati koʻzga tashlandi. Murid shayx istiqboliga hozirlanganini sezgan badaviy uning tizzasiga qoʻl uzatdi.

– Shoshma, birodar, hozirgi kalomingdan tanamga iliqlik yugurdi. Men moʻljalni kengroq olishim joizligini tushundim. Iltimos, yana bir-ikki soʻz ayt, toki ruhimda yengillik tuyay, tafakkurim yanada teranlashsin.

Hali zamon qobogʻidan qor yogʻilgan, ne deyari fahmiga bormagan inson qisqa fursatda oʻzgarib qolishi Farididdinda qiziqish uygʻotdi. Zero u oʻz idroki, zakovati samarasini ilk bora his etmoqda edi. Shu bois bu iltijoni eʼtiborsiz qoldirolmadi.

– Shayx Abubakr Shibmiy soʻzi: “Agar butun olamda valiylarning lutfi-kalomiga muvofiq biron-bir fikr aytadurgʻon odamni topsang, uning etagini oʻpgin va aslo qoʻldan chiqarmagin. Qarang, xoja Abdulloh Ansoriy degan zot oʻzigacha yashab oʻtgan barcha orifu soʻfiylar soʻzlarini yod bilishdan tashqari bu soʻzlarni yigʻib, sharhlab, maʼnolari magʻzini chaqib berganlar. Koshki men ham shu inson izidan borolsam, uning ishini davom ettirolsam degan maqsadim roʻyobga chiqsa…

Odamlar avliyolarga qarab allohni eslaydilar, oxiratni oʻylaydilar, yomonlikdan tiyilib, yaxshi ishlarga bosh qoʻshadilar. Valiylar imonning qayrogʻi, savob ishlar jarchisi, hidoyat nuridirlar. Ular paygʻambarimizning davomchilari ekan, demak, ularga ham ilohiy neʼmatlar nasib etilgan…

Shu soʻzlar bilan murid hamsuhbatidan uzr soʻrab, ketmoqqa shaylandi.

Badaviyning koʻkish koʻzlari namlangan, boshi tizzalari orasiga tushib ketgan edi. Shu topda u shirin mashvarat taʼsiridanmi yoki shunday bilim sohibidan ajralib qolayotganidanmi, nihoyatda, faromush holatga tushib, mahzunlik libosini kiyib olgandi. Soʻng oʻziga kelib, bir-ikki qadam tashlagan sohibi ilmga yuzlandi.

– Ey yaxshi odam, yana biron jumla aytginki, u joni-jahonimga arzisin?

Farididdin toʻxtab, ortiga oʻgirildi. Obizamzam suviga tikilib, ilohiy joziba taʼsirida bexud oʻtirgan badaviyga qarab dedi:

– Agar ajalingdan avval nafsingni oʻldirolsang olamni egallagaysen. Agar xudo yoʻliga loyiq boʻlsang, hoyu havas jilosiga tupur. Hoyu havas koʻzi koʻr boʻlgach, ilohiy koʻzing haq sari ochiladi. Shunda hayratning adogʻi koʻrinmaydi, sen hayrat dunyosida oʻzligingni topasan.

Bilki, agar gado yoki podsho boʻlsang ham ikki gaz boʻz va toʻqqizta gʻisht soʻnggi mulking – foniy dunyoda orttirgan matohing. Bu dunyo bamisoli Iskandar. Bu foniy dunyodan ketarda, Iskandarday qudratli shoh boʻlsang-da, agar kafan nasib etilsa, kamronsan. Jahon seni deb gʻam yemaydi-ku, nega sen uni deb anduh chekasan? Jahonning sen kabi kuyovlari koʻp, bayramu tomoshalari bisyor, lekin hech kimga vafo qilmas.

Men ham bir umr hamdam mahram topib rozlashayin deb talpinaman. Ammo birorta hamroz, muvofiq hamdam topolmayman.

Onadan tufroq uchun tugʻilding, bu tufroq tepa ustida qasru ayvon qurishing nima tagʻin?! Vujuding tufroqqa qorishib, uqalanib ketar ekan, ayvon peshtoqini falak toqiga yetkazishda maʼno bormi?

Toʻn bilan non qaygʻusi qachongacha? Nom qozonish, shuhrat orttirish uchun jon koyitish nimasi? Aslida ajoyib xilqating bor, behuda orzular bilan bu siyratni xarob etma, odamiylik va ilohiylik sifatlaridan uzoqlashma!

Birdan badaviy Farididdinni etagiga yopishib oʻpa boshladi.

– Sen meningdek gumrohning xaloskorisen, sen qalb koʻzimni ochding. Men alloh deb tilda aytib, dildan ne hoyu havaslarni oʻtkazgan nobakor banda ekanman.

Murid engashib xun-xun yigʻlayotgan arabiyning yelkasidan tutdi.

– Bu eʼtirofing durust, birodar, ammo diling ochilgani haqdin. Men ham sendek gunohkor va ojiz bandamen.

Ular tugʻishgan ogʻa-inilardek xayr-xoʻshlashdilar.

Paygʻambar (s. a. v.) masjidida uni shayx Rukniddin va shogirdlari kutib turishgan ekan. Toki bomdod namoziga qadar bedorlikda ibodat bilan mashgʻul boʻldilar. Bomdoddan soʻng muridlar masjidni tark etayotganlarida hazratning oʻktam ovozi yangradi.

– Farididdin, siz tashqarida meni kutib turing.

Oradan oʻn besh daqiqa chamasi vaqt oʻtgach, sallalarini yangidan oʻrab, kalta soqolini silliq taragan murshid sollanib chiqib keldi. Uning hamisha qaddini tik tutib yurishiga oʻrgangan shogirdlari bu holga eʼtiborsiz qarasalar-da, movarounnahrlik ulamolar undan kibr topdilar. Oʻzaro gurung chogʻi shayx bu ishtibohni quyidagicha izohladi.

– Kibr – dushmanga ham ravo koʻrilmaydigan illat. Mening bunday yurishim maʼnisi bitta: goʻyoki oʻz soyabonim himoyasida erkalanib, huzurlanib ibodat qilayotgandayman. Bu lazzatni kimki menday his qilolsa, marhamat, bemalol koʻkragini kerib yuraversin.

Rosti, Farididdin ustozining topqirligidan faxrlanib ketdi. Agar unga shunday daʼvo qilishganida, sir emaski, oʻzini yoʻqotib, aytar soʻzini-da tilidan tushirib yuborgay edi.

Shayx Rukniddin oʻziga muntazir koʻz tikkan shogirdini qiziy boshlagan tufroqqa oʻtirishga taklif etdi. Oʻzi ham uning roʻparasiga tiz bukdi.

– Xorazmlik hojilar kecha sovuq mujda keltirishdi.

– Nechuk xabar ekan? – sergak tortdi Farididdin va darhol qarib qolgan volidai muhtaramasini esladi. Lekin gap boshqa yoqda ekan.

– Oʻzingni bardam tut, oʻgʻlim, Muhammad Xorazmshoh Majididdin Bagʻdodiyni suvga choʻktirib yuboribdi.

– Yo rabb, – beixtiyor hayqirdi murid, – nahotki pirimizning duosi ijobat boʻlsa?!

Shayx tushunmadi.

– Sen ne dersan? Qaysi pir, qanday duo haqida soʻzlagaysen?

Farididdin voqeani bir boshdan tushuntirdi.

– Bir kuni koʻpchilik musohabalashib oʻltirgandik. Shayximizda bexudlik holati yuz berdi, darveshlarga qarab dedi: biz oʻrdak tuxumlari edik, shayximiz Najmiddin Kubro tovuq erdi, bizni ochdi. Biz daryoga qarab yoʻl oldik, u esa qirgʻoqda qoldi. Bu gapni ustozning qulogʻiga yetkazishibdi. Shunda Najmiddin Kubro dili ogʻrib: “Oʻrdak boʻlsang suvda gʻarq boʻl”, deb qargʻab yuboribdi. Nahotki shayximizni shu duoibad urgan boʻlsa?..

Rukniddin hazrat ikki qoʻli bilan tizzasiga urib oh chekdi.

– Afsus, pirning nazaridan qolgan ekan-da. Endi undan alloh rozi boʻlsin. Shayx Majididdin dini islomning yorqin targʻibotchilaridan edi. Mana meni aytdi dersan, Xorazmshoh ham uzoqqa bormas. Hazrat Najmiddin Kubro Majididdinni oʻz farzandiday koʻrar, shul vajdan ul zot ham bot-bot erkalanib turardi. Esiz, Majididdinsiz tasavvuf osmoni xira tortmogʻi tayin.

Shayx Rukniddin astoydil qaygʻurganidan koʻzlari ich-ichiga botib, keng peshonasini ajinlar qoplagandi. Ular ancha payt suhbatni davom ettirishdi. Oʻrindan turganlarida quyosh terak boʻyi koʻtarilib, kurrai zaminga sochgan nurlari badanga nayza kabi sanchilganday tuyulardi.

 

8

Yetti yillik darbadarlikdan soʻng Farididdin Attor yana Nishopurga qaytib keladi. Hali ota hovlisiga qadam bosmasdan ustozi uni oʻz huzuriga chorlaydi.

Bundan yetti yil ilgari yashnab turgan bogʻ yana ham goʻzallashibdi. Shiypon atrofidagi koʻchatlar koʻkka boʻy choʻzib, daraxt holiga kelibdi. Bogʻ oralab oʻtgan ariq toʻlib oqayapti. Gulzor aro chiqarilgan yoʻlaklarda turfa gullar ifori anqib, atrofni tutib ketgan. Aftidan shayxning sodiq mulozimlari sidqidildan mehnat qilishgan, yangi-yangi koʻchatlar oʻtqazishib, keksaygan daraxtlarni chiqarib, bogʻni yangilab turishgan koʻrinadi.

Shayx shiyponga solingan koʻrpachalar ustiga qadam bosar ekan, muridlaridan uch-toʻrttasini yoniga taklif qildi. Ular orasida Farididdin Attor ham bor edi.

Hammalari chor-atrofdan joy olishgach, hazrat Rukniddin jamoatga vaʼz aytdi.

– Mana nihoyat olis safarimiz ham ortda qoldi. Bu orada ayrim birodarlarimizdan ajraldik, baʼzilarini tufroqqa topshirdik. Allohga shukurlar boʻlsinkim, haq sinovidan oʻtganlar yana ona-yurt quchogʻiga kelib turibmiz. Bilaman, koʻpchiligingiz uyga shoshilyapsiz, boshqa birovlar hordiq chiqarish istagida. Biroq avval zimmamdagi bir burchni oʻtab qoʻymoqchiman. Qani Farididdin yonimga yaqinroq kel-chi.

Murid taʼzim ila ustoz qarshisiga tizzalab oʻtirdi.

– Ayt-chi, shu oʻtgan vaqt ichida Misr, Iroq, Shom va boshqa oʻnlab shaharlarni kezib chiqdik. Sening daftaringga nechta soʻfiy ismi-sharifi yozildi?

Farididdin xaltasidan daftarini olib, soʻnggi sahifasiga koʻz tashladi.

– Kechagisi bilan besh yuzdan ortibdur, ustoz.

Shayx Rukniddinning sersoqol yuzlari xiyol yorishdi. Hayotda jiddiy va talabchan ustoz kamdan-kam holatlarda labiga tabassum hadya etar, shunda ham tezda oʻzini qoʻlga olib, alloh zikriga tushardi.

– Alarga tasnif berib ulgurdingmu?

– Hozircha yoʻq, ustoz. Endi shu vazifani bajarmoq niyatidamen. Avval xojagonlar silsilasini tuzib, soʻng ulugʻlar haqindagi maqomatlarni yozsam degan oʻydamen.

– Oriy rost aytadursen. Ammo ne boʻlganda ham avliyolar qissasini Muhammad mustafo (s. a. v.)ning vorisi, orifu oshiq Abu Muhammad Imomi Jaʼfari Sodiq roziyallohu anhu hazratlaridan boshlagin.

– Bosh ustiga, ustoz, – Farididdin yana taʼzim ayladi.

Shunda qari shotut ostida oʻtirgan muridlardan biri savol berdi.

– Hazrat, Jaʼfari Sodiqning paygʻambar ahli baytidan ekanligini bilurmiz, ammo qaysi xislati evaziga bu qadar eʼzoz topganligidan bexabardurmiz.

Shayx savol nazari bilan Attorga qaradi. Murid ohista tomoq qirib, jamoatga yuzlandi.

– Agar uning jami karomatlarini zikr qilsam, tilim buning vasfiga qodir boʻlmas. Ilm va ishoratda, tariqat, haqiqat, maʼrifatda komil erdi. Barcha valiylarning ulugʻi va sarchashmasidir. Moʻminlar imomi va zavq ahlining peshrovi, ibodat ahlining muqaddami va zuhd ahlining mukarramidir. Haqiqat ilmida musannif va tafsir bobida mufassirdir.

Men ajablanurmen ul kishigakim, imon va islom daʼvosini etadi-yu, ahli bayt bilan ahli sunnat va jamoat orasida farq qiladi. Har kimki paygʻambar hazratlariga imon keltirsa-yu, ahli baytiga va avlodiga iqrori yoʻq esa, ul Muhammad mustafo (s. a. v.) hazratlaridin yiroqdir.

Shayx odaticha tasbehli oʻng qoʻlini koʻtardi. Vaʼz adogʻiga yetdi.

– Xoʻsh, yana kimda ishtiboh tugʻilur?

Qop-qora soqoli kulcha yuzini yopgan, koʻzlari katta, kishiga oʻychan boquvchi darvesh koʻrsatkich barmogʻini osmonga niqtadi.

– Soʻyla!

– Hamonki suhbat avliyolar bobida erkan, Hasan Basriydan bir kalima eshitsak, degan ilinjim bor.

Tevarak-atrofdan uni maʼqullagan tovushlar yangradi.

– Toʻgʻri!

– Eshitaylik.

Yana Attorga izn berildi. U qaddini rostlab, dilida Hasan Basriy roziyallohu anhu ruhiga salavot yoʻlladi.

– Ummu Salama rivoyati: Hasan yosh bola edi, hazrati paygʻambarimizning kosalaridagi suvni ichib qoʻydi. Ul zot soʻradilar:

– Mening kosamdagi suvni kim ichdi?

– Hasan ichdi, – dedik. Shunda risolatpanoh janobimiz:

– Hasan qancha suv ichgan boʻlsa, barchasi ilmga aylansin! – deb duo qildilar.

Darveshning “yo alloh!” – deya xitobi yangradi.

Attor soʻzida davom etdi:

– Hasan Basriy bir kuni Said ibn Jobirga dedi:

– Beklarning orasiga kirma, ayollar bilan suhbat qurma, hatto ul Robiyai Adaviya boʻlsa ham, qulogʻingni cholgʻularga berma. Shularsiz gar avliyolardan boʻlsang ham ofatlardan qutulmassen.

Hazrat aytur: Er kishiga nafli ilm kerak. Yana amal, ixlos, sabru qanoat kerak. Har nazarki, ibodatdan emasdir, sahvu zillatdir, soʻzi hikmat emasdir, ayni ofatdir. Har kim xalqdan uzlat etsa, salomat boʻlur; qanoat qilsa, aziz boʻlur. Xalqqa ehtiyoji qolmas. Hasadni tark etsa, tinglanib rohat olur.

Tasbehli qoʻl yana havolandi. Jamoat suv quygandek tinchidi.

– Endi suhbatga yakun yasamoq fursati kelgandir? – deya soʻradi shayx Rukniddin.

Shu mahal yonidagi muridi yonboshiga qarab, uzr soʻragan holda, dardini aytdi.

– Hasan Basriy hazratlari nomi zikr etilgan joyda Robiya onamizdan ham bir lutf aytilmasa majlis ahlining koʻngli toʻlarmikan?

Shayx bu taklifni maʼqulladi. Farididdin bir oz sukutga choʻmib, onaxon toʻgʻrisida bitgan tazkirasidan chiroyli lutfni yodga oldi.

– Bir kuni Robiyadan:

– Nechuk turmush qilmaysan, – deb soʻradilar.

– Sizlar uch savolimga javob beringlar, agar bilsalaringiz aytganingizni tutgayman, – dedi.

– Birinchisi, oʻlim vaqtida imonimni saqlay olamanmi?

– Bilmaymiz.

– Qiyomatda nomai amolimni qay tarafdan bergaylar?

– Fikrimiz ojiz.

– Ertaga xalq gunohkor va savobkorlarga toifalanganda men qaysi tarafda boʻlgaymen?

– Alloh bilur.

– Ul kishikim, kechayu kunduz bu qaygʻudan boʻshamagay, unga kelinlik qaygʻusi qandoq boʻlur?..

Darveshlarning ohu figʻoni olamni tutdi.

– Robiya onamizning joylari jannatda boʻlsin! – deya duogoʻylar koʻpaydi.

Nihoyat, avom tinchlangach, shayx Rukniddin salobat ila joyidan qoʻzgʻaldi.

– Yoronlar, – dedi u viqor ila. – Bugun men isteʼdodli muridim Farididdinga oq fotiha bergaymen. Ilohim uning bosgan qadami, lutfi kalomi, quvvai hofizasi dini islomga xizmat qilsin! Ilohim, yozgan asarlari asrlar osha yashab, avlodlar qalbiga nur, yorugʻlik olib kirsin! Ilohim, allohim uni oʻz panohida asrasin! Omin!

Darveshlar bir ovozdan “omin!” deya duoga qoʻl ochishdi.

…Hozirgina butun vujudini egallagan xursandlik ota hovlisiga kirib kelishi bilan qalbini tark etdi.

Hali oltmishga ham bormagan onaizor bamisoli saksovulday oriqlab, yuzlariga ajindan naqsh urilibdi. Ostonadagi poyandozni bosib, oʻzini volidasi quchogʻiga otdi. Har safar koʻzda yosh bilan kutib olguvchi bu mushtipar ona bu gal hissiyotini sirtiga chiqarmadi. Faqat anchagacha farzandini bagʻridan boʻshatmay turdi.

Sershox daraxtlar soya tashlagan hovliga qoʻni-qoʻshni, yor-birodarlar, Attorning muxlislariga toʻlib-toshdi. Quvonchi koʻksiga sigʻmagan qaysidir qarindoshi oyogʻi ostiga hisori qoʻy keltirib boʻgʻizladi. Farididdin bunday dabdabaning keragi yoʻq deyishga ham ulgurolmay qoldi. Diydorlashuv suhbatlari yarim tunga qadar davom etdi. Betobligini sezdirmagan kampir shu mahalgacha joyiga choʻzilmay oʻgʻlining boʻshashini kutdi.

Nihoyat, dasturxonlar yigʻishtirilib, hamma joy-joyiga tarqalganda onaizor oʻgʻli yotgan oʻrindiqqa yaqinlashib keldi.

– Hojilik muborak, bolam! – dedi u hazin ovozda.

Farididdin oʻrnidan ilkis turdi.

– Haliyam uxlamadingizmi, onajon?

Kampir oʻgʻlining yuz-koʻzlarini mehr bilan siladi.

– Yetti yil hijron azobini tortgan ona koʻzlariga orom qoʻngaymi, bolam?

– Ishqilib, jiyanlarim yaxshi qarashyaptimi, roʻzgʻorda noqislik yoʻqmi?

– Shukur, bolam. Menga qoldirgan doʻkonlar allohning inoyati ila yana kengaydi. Dori-darmonu atir-upalarimiz savdosi pesh. Faqat sening sogʻinching bagʻrimni oʻrtaydur. Koʻzim ochiqligida boshingni ikkita qilsam, odamlarday nevaralarimni quchogʻimda erkalasam deyman.

– Inshoolloh, onajon! – dedi Farididdin yerga qarab qizargancha.

Kampir oʻgʻlining gapidan koʻngli yorishmaganligini his qildi.

– Bolam, endi bu ishni ortga surishga hojat yoʻq. Yoshing qirqni qoralaydur. Sen tengilar oʻgʻil uylab, qiz chiqarmoqchi… Ota qoʻrgʻoni chirogʻini yoqish mavridi keldi.

Farididdin onasining qoq suyak yelkasidan avaylab quchdi.

– Xoʻp, onajon, sizning raʼyingiz shu boʻlgach, men nima ham derdim…

Biroq onaizor orzusi ushalmadi. Toʻy harakatlari boshlanib, munosib kelin qidirilayotgan kunlarda xuddi Ibrohim Attor kabi sajdaga bosh qoʻydi-yu, joynamozdan qaytib turmadi.

Ona koʻrolmagan kelin Farididdin uchun ham quvonch bagʻishlamasdi. Qalbida alloh ishqi ufurgan banda uchun dunyo hoyu havaslarining puch yongʻoqchalik qadri sezilmasdi. U oila qurish emas, dini islom xizmatiga bel bogʻlash orzusida andarmon edi. Shu bois yana rixlatga choʻkdi. Torgina hujrasini oʻz koriga yaraydigan darajada jihozlab olgach, butun vujudi ila ibodat va ijodga shoʻngʻib ketdi.

Attor namozdan charchoq sezganida xontaxta ustidagi qogʻoz-qalamini qoʻlga olar, yozishdan toliqqanida yana rabbim suhbatiga shoshilardi. Qani birov bu ishlariga halal bermasa, vaqtini oʻgʻirlamasa. Gohida haftalab tashqariga chiqmas, odamlarga koʻrinmas, qoʻlyozmalaridan koʻz uzmay, ishlagani-ishlagan edi.

U qanchalar avomdan qochsa unga ixlos qoʻyib, tavob etgani kelganlar oqimi tobora koʻpayib borar, bir ogʻiz suhbatini poylab, soatlab kutishardi.

Koʻrdiki, bir oʻzi koʻzlagan ishining uddasidan chiqolmaydi. Shu andisha ila shodiyaxlik va nishopurlik yosh mullavachchalardan yordamchi yollab, qoʻlyozmalarini husnixatda koʻchirtira boshladi. Bu tadbir oʻziga ham maʼqul tushdi. Biroq bir jihati sal oʻziga yoqmay, oʻyga toldirdi. Negaki hali xufiya sanalgan asarlari xalq orasida ovoza boʻla boshladi. “Mantiq-ut tayr” dostoni xalifa qoʻligacha yetib boribdi. Shundan soʻng “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Musibatnoma”, “Haydarnoma”, “Muxtornoma”, “Xusravnoma” dostonlari haqida chor tarafdan turli fikr-mulohazalar yogʻilib kela boshladi.

Mana shu dostonlar orasida “Musibatnoma” ancha shov-shuvga sabab boʻldi. U muqaddima va xotimadan tashqari qirq bobdan iborat edi. Soʻfiylikda pir va solih munosabatlari orqali inson hayotining ibtidosidan toki intihosigacha batafsil tasvirlangan bu doston ayniqsa ilm ahllari, ulamolarda turlicha fikr uygʻotdi. “Muxtornoma” va “Xusravnoma”da ham komil inson tarbiyasi bilan bogʻliq mushohadalar turli rivoyat, naql, masal va hikoyatlar orqali bayon etilgan edi.

Oʻsha kezlari Farididdin hayotining eng farahbaxsh mazmunli damlari edi. Chunki u foniy dunyo tashvishlaridan butunlay xoli oʻz ichki dunyosida yashab huzurlanardi. Yozgan asarlari oddiy odamlar qalbini rom etsa, olimu fuzalolarni mulohazaga chorlar, har qadamini oʻylab bosishga undar, oxirat amallarini bekamu koʻst bajarishga ragʻbat uygʻotardi.

 

9

Oradan yigirma yil oʻtdi. Nishopurga kuz yetib kelgan, daraxtlar yaproqlari sargʻaya boshlagan, ariqdagi suvlar tiniqlashib, havoda salqin shaboda epkini qanot yozgan pallada Attor hovlisiga basavlat bir nuroniy qadam ranjida qildi. Farididdin mulozimlardan koʻra ilgariroq mehmonga koʻzi tushib, hujrasidan yugurib chiqdi.

– Hazrat, qadamingizga hasanot. Tashrifingizdan boshim koʻkka yetdi.

Mehmon mezbon bilan uzoq koʻrishdi. Soʻng unga nigohini tikdi.

– Bilurmisen, bu yorugʻ dunyoda beshafqat bir kuch borligini?

Ular yetaklashib, daraxtlar soyasidagi chorpoyaga oʻtdilar. Hali joylashib ulgurmasidan avval qoʻlga suv keltirildi. Soʻng xontaxta usti noz-neʼmatlar, shirinliklar bilan bezatildi.

– Ustoz, – dedi mezbon poygakda turib tavoze ila choy uzatarkan, – dunyoda shafqatli unsurlar ham hozirmu desangiz javobim osonroq koʻcharmidi.

Oppoq soqoli koʻksini qoplagan shayx Rukniddin bodom qovoqlarini yumdi. Bu odat uni yigitlik chogʻlaridan tark etmay kelardi.

– Afsuski sen haqsen. Hozir omonat dunyoni abadiy sanab, sira oʻlmaydiganday umrguzaronlik qilayotganlar koʻpayib ketdi. Aslida bosgan qadamimiz ibrat, yurgan yoʻlimiz saboq, biroq oyogʻi ostiga qaramaydiganlar bisyor.

Shayx qarib, ancha injiqtabiat boʻlib qolganligini oʻzi ham sezar, biroq bu qusurni mahv etmoqqa ojizlik qilar, shu bois mutolaa va zikrdan boʻshagan kezlari tinimsiz ijod ila mashgʻul Farididdinni bir oz ishdan chalgʻitish, miyasiga dam berish maqsadida bu hovliga tashrif buyurardi.

– Qani taomga qarasinlar, – ovqatga taklif qildi shogird.

Ustoz tasbehini yoniga qoʻyib, dasturxonga yuz burdi.

– Qara, tiriklik dahshati shu taom ustida bilinadi. Nafs qurgʻur qancha noz-neʼmatni yutib yuboradi-yu, aslo toʻydim demaydi. Gohida oʻyga botaman. Qaniydi aql ham shu bedavo nafsdan oʻrnak olsa, sira toʻydim demasa…

Bu mulohazaga mezbon halimlik ila eʼtiroz bildirdi.

– Aqlning bezagi ham shu-da. Aql toʻyganini bilur, ammo nafs hech qachon. Nafs shaytonning ulfati, unda shiddat boru jilov yoʻq. Jilov oʻsha iblisning qoʻlida. Insoniyat yaratilibdiki, uch unsur unga ofat tashiydi. Biri shayton, ikkinchisi nafs, uchinchisi johillik. Aqlini tanigan zot shu uch illatdan uzoq yuradi. Oʻzini bilmagan ularning domiga ilinib, umrining oxirigacha yetovda yashaydi.

Shayx yoshi oltmishdan ortganiga qaramay butun vujudidan kuch-qudrat yogʻilayotgan Attorga mehr bilan tikildi.

– Bu andishalarimiz oʻzimiz uchun. Odamzot toki pushaymon otligʻ zardobga toʻymaguncha yoʻlidan qaytmaydi. Toʻgʻri yoʻl tovoniga botadi, egri yoʻl engagidan tortadi. Xuddi koʻrshapalak kabi nur koʻringan manzildan qochib, qorongʻidan baxt qidiradi.

Attor hech mahal shayxni bunday norozi kayfiyatda uchratmagandi. Aftidan umr poyonida ustoz ham tushkun kayfiyat qurshovida qolganga oʻxshardi. Shu bois suhbat oʻzanini boshqa tarafga burdi.

– Bu kech ajoyib hikoyat bitib edim. Agar ragʻbat bildirsangiz hukmingizga havola etsam.

Chindan ham taklif ustozni jonlantirdi. U bir tebranib, qulogʻini Attor oʻtirgan tarafga burdi.

– Bu ham “Ilohiynoma” turkumidanmi?

– Shundoq, taqsir! Xudo xohlasa bu kitobimni yil oxiriga qadar yakunlash niyatidaman. Soʻnggi doston “Shayx Sanʼon qissasi” boʻlgʻay.

– Shayx Sanʼon… Qayerdadir eshitganman yoki oʻzing soʻzlab berganmiding?

– Topdingiz. Lekin bunga ham oʻn yillar oʻtdi. Vaqtning ayovsiz yugurishini qarang.

Shayx Rukniddin Attorni bilagidan ushlab oʻziga qaratdi.

– Ha, barakalla, boya shafqatsiz kuch haqida soʻz ochganimda aynan shu vaqtni nazarda tutib edim. Axir kechagina navqiron yoshda edik, Shomdan Iroqqa qadar piyoda bosib, charchoq neligini bilmabmiz. Endi esa vaqt yuzimiz qolib, dilimizga-da muhr urib turibdi.

– Shukurki, vaqt ayovsizligiga qaramay bizga xiyonat qilmadi. Mana siz yuzdan ortiq muridga tarbiyat berdingiz, – dedi Farididdin ustozning qalbiga taskin bagʻishlash niyatida.

– Sen esa har biri ming murid savobini berguvchi oʻndan ortiq asarlar yaratding. Ha, aytmoqchi “Ushturnoma”ni ham boshlading shekilli?

– Shundoq, ammo “Ilohiynoma”dan keyin uning bitilishi qiyin kechadiganga oʻxshayapti. Aslida ikki-uch asarni birdan boshlab xatoga yoʻl qoʻyibman. Mana endi har biri komil ustoz kabi oʻziga chorlaydir. Birisiga qoʻl ursangiz, ikkinchisi aziyat chekkanday, yana uchinchisining nozu istigʻnosini aytmaysizmi?

– Bu shirin ozordur. Xudo xohlasa bir varakayiga uch qasr tiklagan meʼmor kabi qadding tik boʻlgʻay. Muhimi, muxlislaring koʻp. Hali siyohi qurimagan dostonlaringni odamlar lutfidan tinglab, hayratda yoqa ushlaganlar qancha. Ilohim yaratgan egam umringni ziyoda qilsin, sen Nishopurning yorugʻ yulduzisan, Farididdin. Rahmatli birodarim Majididdin Bagʻdodiy senga shu nomni bejiz qoʻymagan ekan: dinning yagonasi, ajoyib oʻxshatish. Hali tasavvuf olamida ham noming asrlarni boʻylagay. Endi murod hosil boʻlmogʻi uchun boyagi hikoyatni boshla, tinglab dilim bahra olsin.

Farididdin yonidagi qoʻlyozmani bitta-bittalab varaqlab, boshlanishini topdi. Soʻng ustoziga bir qarab olib, hikoyatni oʻqishga tutindi.

– Bir soʻfiy qishloq yoʻlidan oʻtayotgan edi, it tashlandi. Soʻfiy oʻzini himoya qilib, qoʻlidagi tayogʻi bilan itni urdi. Itning oyogʻi sindi. Bechora ogʻriq azobida ingrab, nola qila boshladi. Singan oyogʻini sudrab, shayx Abusaid Abulxayr oldiga bordi. Shayx itga termilib, rahmi keldi. Chunki u bu itni bilar, uning birovga ozor bermasligi, diyonatli odamlar eshigida posbon boʻlib, xiyonat qilmasligidan xabardor edi. It singan oyogʻini koʻrsatib, odamga oʻxshab tilga kirib, gapira boshladi:

– Ey shayx, falon soʻfiy mening oyogʻimni urib sindirdi. Chaqirib jazosini ber, men sendan soʻrayman, – deb iltimos qildi.

Shayx soʻfiyni oldiga chaqirib dedi:

– Bu tilsiz jonivorga nega ozor berding, qattiq jabr oʻtkazibsan. Bu adolatdan emas, sen xudo yoʻliga kirgan odamsan, rahmu shafqat, adolat yoʻli sening yoʻling emasmi?

Soʻfiy Abdulxayrga dedi:

– Ey piri murshid, bunda mening aybim yoʻq. U menga yopishib, yoʻlimni toʻsdi va toʻnimni benamoz qildi. Shu sabab tayoq bilan urdim.

Yerda yotib nola qilayotgan it esa shayxga termilardi. Shayx itga qarab dedi:

– Soʻfiy gunohkor, sen nohaq jabrlangansan. Oʻzing aytgin, soʻfiyga nima jazo berayin? Hukmini oʻzing ayt, toki jazo qiyomatga qolmasin. Agar istasang, men uni kaltaklatay, sening xushnud boʻlishing uchun nima chora boʻlsa qilurman.

Shunda it dedi:

– Ey shayxi zamona, buning egnidagi soʻfiylar toʻnini koʻrib, bu ahlumlohdan ekan, unga tegmayman, deb qaror qiluvdim. Chunki xudo yoʻlida yurgan odamlarga itlar ham ziyon yetkazmaydilar. Agar soʻfiyga ozor yetkazsam, butun vujudim oʻrtanar edi. Ammo sezdimki, uning toʻni soʻfiyona boʻlgani bilan, oʻzi riyo ahlidan ekan. Toʻni salomatlik-faqirlik nishonasi, lekin botini vayron uning. Agar jazo bermoqchi boʻlsang, hozir bergil, haqiqatan ham jazoni qiyomatga qoldirma: uning egnidagi darveshlar – mardlar toʻnini yechib ol. Shunda uning kasofati va zararidan odamlar qutiladi. Egnidan salomat ahli hirqasini yechib olsang, shu jazo unga qiyomatga qadar yetadi. Men ham shunda rozi boʻlarman.

Shayx Abdusaid Abdulxayr itning sadoqatiga qoyil qoldi va aytganini bajo etdi.

– Ey inson! Tufroq boʻl, bir hovuch tufroqdan yaralgansan. Nechun muncha lofu dagʻdagʻa, muncha yolgʻon va riyo, bir qorning uchun muncha aziyat va azob, kirli-fitnali amallar?! Nega buncha behudsan, bexabarsan? Eranlar oʻzlarini hokisor bilurlar, oltinni tufroqqa teng hisoblab, shu mardliklari tufayli jon bila tanni pok saqlayurlar!

Hikoyat shu qadar taʼsirli oʻqildiki, hatto muallifning koʻzidan ham shashqator yoshlar oqdi. Shayx Rukniddin esa anchadan buyon unsiz yigʻlardi. Nihoyat u oʻzini bosib, yurak-yurakdan:

– Ofarin, ofarin Farididdin, – deya xitob qildi. Soʻng shogird qoʻlidagi qoʻlyozmalarni avaylab silar ekan:

– Bu bitiklar soʻqir koʻzni-da ochib, tosh yurakni-da eritishga qodir! – dedi.

Mezbon hamon oʻzi oʻqigan hikoyat taʼsirida edi, shu bois bosh egib taʼzim qilmoqdan oʻzga soʻz aytishga majoli yetmadi.

– Oriy rost fikr shuki, “Ilohiynoma”ning har bir dostoni, har bir rivoyati islom qalʼasiga qoʻyilgan oltin gʻisht hisobida baholanur, – dedi murshid quvonchi va zavqini yashirolmay.

Dafʼatan oradagi sukut muddati choʻzilib ketganday tuyuldi. Ustozning yirik koʻzlari chorbogʻ adogʻida sharqirab oqayotgan ariq tarafga tikilgan va u shu holatda yana nimanidir oʻylanib oʻtirardi. Bu jimlik shu qadar sirli, shu qadar huzurbaxsh ediki, goʻyo bogʻdagi sayroqi qushlar ham sokinlik sabosiga quloq tutayotganday churq etib sayrashga botina olmayotganday edi.

“Bu sovuq mujdani aytmoqqa til ojiz, – oʻzicha xayolga berildi shayx Rukniddin, – umrida birovga na lutf, na xatti-harakat va na qoʻl bilan ozor yetkazgan allohning moʻmin-qobil bandasiga johillar turli tavqi-laʼnat libosini kiydirishmoqchi. Koshki Attor asarlari maʼnisini chaqishga qodir qozikalonu mullazodalar eʼtiroz bildirishsa… Yoʻq, ular hamisha safning pana-pastqamidan joy olishib, oldinga gʻofil va johil mutaassiblarni yoʻllashadi.

Tirnoq orasidan kir qidirishib, yorugʻ yonayotgan chiroqni oʻchirishga, hech boʻlmasa xiralashtirishga intilishadi. Axir, Attor asarlari yetti iqlimga yetib, oʻz shon-shuhrati-yu, yuksak maqomini belgilab olgan bir paytda ularga turli ayb-boʻhtonlar yogʻdirish adolatdanmi? Toʻgʻri, soʻnggi asarlaridan biri – “Mazharul ajoyib” (“Moʻjizalarning koʻrinishi”)da Attor toʻrtinchi xalifa Ali ibn Abu Tolibni madh etganligi rost. Lekin, u faqat hazrati Ali emas, boshqa chahoryorlar toʻgʻrisida ham qiziqarli naql va rivoyatlar keltirgan-ku. Uning biron asari yoʻqki, islom olami ustunlari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar keltirmagan boʻlsin. Hali hech kim bunchalik ramzu ishorat, haqoyiqu daqoyiq soʻzlarni jamlamagan. Hali hech kim tasavvuf olimlari hayoti va amallari toʻgʻrisida jon kuydirib dalillar toʻplamagan. Bugun esa ilm peshvosi boshiga sovuq suv quymoq istagida jazavaga tushayotgan chala qori, chala mullalar safi kengayib borayapti. Afsuski, necha yillar davomida ijod zahmati-yu, ibodat lazzatidan oʻzga tuygʻuga oshno tutinmagan xilvatnishin bu sohibi qalam oʻz tegrasida quyun misol toʻplanayotgan qora kuchlar muddaosidan butunlay bexabar. Ochigʻi, ustozning bu tashrifi boʻlajak xavf-xatardan uni ogoh etmoq edi. Lekin shunday shirin shakarguftorlikdan soʻng kayfiyatini buzgisi kelmay turibdi. Bordiyu aytsa ehtimolki yana qancha asarlar tugʻilishiga zomin boʻlib qolarmikin? Bordiyu tish yormasa mutaassib sunniylar kutilmaganda hujum uyushtirib, allomai zamonning hayotini soʻndirishlari ham hech gap emas. Xoʻp mayli, sir ochildi deylik. Shu yoshda u qayerga boradi, kimning kulbasiga sigʻadi. Mutaassiblar nazaridan qolayotgan ulamoni oʻz bagʻriga chorlovchilar topilarmikan? Juda qiyin. Hozir bila turib ari uyasiga choʻp suqmaydi, aziz boshini kundaga qoʻyishga jurʼat etolmaydi.

U holda oʻzi-chi? Nahotki suyukli shogirdini qanoti ostida yashirolmasa. Axir salkam toʻqson yoshni qoralagan inson uchun oʻz hayoti, oʻz tinchligini oʻylash oʻtaketgan bemaʼnilik-ku.

Farididdin Attor hayotini muhofaza qilishdan bosh tortishlik moziyning qora supasidan oʻziga joy hozirlamoqning oʻzi emasmi? Yoʻq, bu borib turgan qoʻrqoqlik, jurʼatsizlik. Anavi mushtday bolaning gapini Farididdin daftariga yozib olibdi. Qaysi gap edi? Ha, yodiga tushdi. Qarang, “Aytsang qoʻrqma, qoʻrqsang aytma!” Bu lutf shu topda xuddi shayxga qarata aytilgan kabi butun vujudi titrab ketdi. Beixtiyor suhbatdoshiga yonidan qaradi. Farididdin oqshom koʻngan chorbogʻ qiyofasiga mahliyo boʻlib, ochiq kayfiyatda oʻy surardi.

– Farididdin!

Mezbon yalt etib ustoziga oʻgirildi.

– Qulogʻim sizda, pirim.

Shayx bir oz tin olib, boshidagi sidirgʻa oq dostorini bostiribroq kiydi.

– Sizga bir ishtibohim bor ediki, aytsam dilim, aytmasam tilim kuyadir.

Attor jiddiy tortdi, biroq sergaklanganini sezdirmadi.

– Ustoz, Xorazmda bir isteʼdod paydo boʻlibdur. Oʻzini koʻrmaganmen, lekin taʼrifiga taraf yoʻq. Otasi Ibrohim Valad zamonasining taniqli ulamolaridan. Shu oʻspirin ilk baytni: aytsang qoʻrqma, qoʻrqsang aytma, deb bitibdur.

– Men ham daftaringiz hoshiyasida ushbu baytga koʻzim tushgandi. Shu topda izza tortib oʻltiribman.

– Qismat peshonaga bitilgan muhr, undan birov qochib qutilgan emas. Men kimmanki, bu yumushning uddasidan chiqolsam. Yaxshisi, tezroq oʻsha mujda haqida gapiring, birga muhokama etaylik, yomon xabar boʻlsa yaxshilikka yoʻyaylik.

– Haq gapni aytding. Boyadan buyon ich-etim tirnalib, oʻzimni qoʻygani joy topolmayotgan edim. Xullas, gap bunday. Sening “Mazxarul ajoyib” dostoning Nishopur amaldorlariga yoqmabdur. Qoʻrqadurmanki, ular senga biron ziyon-zahmat yetkazishmasa.

Kutilmagan xabarni Attor juda xotirjam qarshiladi.

– Ustoz, darveshning jandayu xirqasidin boʻlak bisoti yoʻq.

– Issiq joni-chi, bolam? – Bu lutf mutlaqo gʻayritabiiy chiqdiki, bundan shayx oʻzi ham ogʻrindi.

– Qulning joni egasiniki emasmi, ustoz?!

– Kechir, bolam, keksalik zakovatni faromush etmish. Lekin har nechuk sen bizning ravoqqa koʻchib oʻtgaysen. Bogʻ shundoq ham huvillab yotibdi. Umrimning oxirini sen bilan hamsuhbatlikda oʻtkazsam deyman.

Farididdin bu taklifning samimiyligiga ishonsa ham roʻyixushlik bermadi.

– Bir jon uchun ikki jonni nishonga tutib berish aqlli boshga yarashmas.

– E, asti unday dema. Men oshimni oshab, yoshimni yashab ulgurdim. Agar alloh yorlaqasa, shahidlik sharbatini ichurmen…

– Qoʻying, ustoz. Shundoq ham safimiz siyraklashib bormoqda. Bilib turib parvonaday oʻzni oʻtga urish nodonlar ishi.

– Modomiki shundoq ekan, u holda sen ham jon qaygʻusigʻa tush. Hali yozilajak qancha dostonlar tafakkuringni band etib turibdi. Demakki, esingning borida qochib qol, bolam.

– Eh ustoz, charx dastidan kim qutilibdiki, men panoh topsam. Baribir allohning aytgani boʻlur.

– Oriy rost. Lekin rabbim ham saqlaganni saqlaydi. Bu hikmatni aslo unutma.

Farididdin ustozning peshini oʻparkan, yana bir bor qulluq qildi.

Ushbu suhbatdan koʻngli toʻlmagan shayx Rukniddin tez orada yana kelishni koʻngliga tugib xayrlashdi.

 

10

Afsuslar boʻlsinkim, shayx Rukniddinga bu maʼrifat xonadoniga qaytib kelish nasib etmadi. Ana shu suhbatdan uch kun oʻtgach, jimgina tasbeh oʻgirib oʻtirgancha kulbai xosxonasida omonatini topshirdi. Bu mujda Attorning yuragiga urilgan xanjar tigʻiday sovuq va ozorli edi. Zotan u necha yillardan buyon avomga qoʻshilmay, ostona hatlab tashqariga chiqmay muttasil ijod ila mashgʻul boʻlsa-da, bot-bot ustozi suhbatiga arjumandlik kayfiyatini sezar, koʻngil pir diydoriga intilib qolardi. Shunday kezlarda shom namozidan soʻng oyogʻiga eski kavushini ilib, Nishopurning tor va pastqam koʻchalaridan yashirinib yurib, shayx qoʻrgʻoniga yetib olardi. Murshid ham doimo uni quchoq ochib qarshilar, izzat-ikromini joyiga qoʻyar, bir kosa gulob yoki echki ayroni bilan siylab, soʻng dil bayoniga tushib ketishardi.

Mana endi yolgʻiz suyanchi ham uni tark etdi. Oʻsha kuni negadir u qadar yozilib gaplasholmagandi. Ehtimol, yuragiga tugib qoʻygan pand-nasihatlari bordir, ehtimol, umr poyonidagi soʻnggi xulosalar, oʻgitlarni oʻzi bilan olib ketgandir. Shayx ajoyib inson edi. Tariqat maydoniga ot solib kirgan “chavandozlar” koʻp-u, biroq oʻz suluki, oʻz gʻoyasini ilgari surganlar barmoq bilan sanarli. Boyazid Bastomiy, Mansur Xalloj, Abulhasan Xarraqoniy, Abusaid Abulxayr kabi avliyolar jununtabiat, hamisha iloh ishqining sarxushlari hisoblanardilar. Junayd Bagʻdodiy, Zunnun Misriy, Abdulloh Ansoriy, Abuhomid Fazzoliy, Najmiddin Kubrolar esa “hushyor” valiylar toifasiga kirardilar. Shayx Rukniddin ham hayotga sogʻlom tafakkur ila boqib yashadi, ilmda ortiqchalikka berilmadi, tariqatda oʻziga munosib yoʻl topa bildi. U muridlariga nisbatan qattiqqoʻl, sinovlari ogʻir, mashaqqatli, ayni chogʻda botinan ochiqkoʻngil va mehribon edi. Talabni kuchaytirgani sayin mehrni ham koʻpaytirib borardi. Bir qoʻlida tarsaki tortsa, ikkinchi qoʻlida peshonangizni silardi.

Farididdin Majididdinning ijoza xatini shayxga berganida bu hol unga yoqmadi. Maktubni koʻz oʻngida burdalab tashladi. Koʻngil yomon, hamisha gʻayri fikr yonida yonib turadi. Yosh yigit bu voqeani ustozning oʻz salafiga nisbatan hasadidan deb angladi. Chunki Najmiddin Kubro Rukniddin qolib Majididdinni xalifalikka tanlab olgandi. Keyinchalik hamma sir-sinoat shatranj taxtasidagi donalar yurishi kabi oydinlashdi. Oʻshanda buzrukvor uning qalbidagi kibr-havoni soʻndirish uchun shu tadbirni qoʻllagan ekan. Yaxshiki shu voqea roʻy berdi. Bilʼaks, kimsan Xorazmshoh avlodi Najmiddin Kubroning suyukli shogirdi, shayx ul mashoyix, oʻn besh ming dinorni soʻfiylar mulki sifatida vaqf ettirgan zot “hovuchida suv ichib kelgan” Attor ehtimol shayx Rukniddinga “soʻz bermasligi” ham mumkin edi. Qolaversa, bu paytda Farididdin elga tanilgan shoir, koʻplab tazkira va maqomatlar muallifi edi.

Endi, oradan yillar oʻtib angladiki, shayx Rukniddin uni juda oson sinov ila zehnidan oʻtkazgan ekan. Aks holda sasigan suyak gʻajitishi (Rumiy shu imtihondan oʻtgan) yoki bozorda jigar sotishi (Bursa shahri hokimi Mahmud Xudoyi ham shu tariqa elakdan oʻtkazilgan) mumkin edi-ku. Ha, baribir hamshaharligi qoʻl kelgan boʻlsa ne ajab. Boz ustiga ustozi otasi tomonidan uyushtirilgan maʼnaviy suhbatlarda qatnashgan, oʻshanda davraga xizmat qilib yurgan yosh Farididdinni koʻrgandir.

Attor dafn marosimidan soʻng qabristonda uzoq qolib ketdi. U dunyo omonatligini bilsa-da, ota-onasi oʻtganida ham bu qadar yolgʻizligini his etmagan edi. Boshini koʻtarib, koʻz oʻngida doʻmpaygan qabrlar koʻringanida nazarida umri besamar kechayotgan kabi tuyuldi. Hazrati Azroil tashrifini yolgʻiz yaratgan biladi. Ehtimol, alloh unga uzoq umr berar, ehtimol, paymonasi toʻlib qolgandir. Qanday mavhumlik?! Lekin shu sinoat tufayli odamzot oxirat gʻamini koʻrmaydi, goʻyo dunyoga ustunlik daʼvosida yashaydi, oʻlimni yodiga olmaydi. Oʻlim esa qosh bilan qovoq orasida. Oʻlim haq!

“Ey banda! – xayolan odamzotga murojaat eta boshladi u, – sen jahonni ikki eshikli rabot deb bil – bu eshigidan kirib, unisidan chiqib ketasan. Sen gʻaflat uyqusidasan va hech narsadan xabaring yoʻq. Xohlasang-xohlamasang qismat qoʻlidasan. Agar gado yoki podsho boʻlsang ham, ikki gaz boʻz va toʻqqizta gʻishtdir oxirgi mulking – dunyodan orttirgan matoying. Sen toki falak ostidasan, ozod emassan. Baxt va baxtsizlik haqidagi tushunchalaring boʻsh va bemaʼni. Tashla bu havoyi xayollarni! Agar mulku boyliging yeru koʻkdan iborat boʻlsa ham, oqibat gadoysan. Alloh mehrining gadoyi! Foniy dunyo bamisoli Iskandar. Bu foniy dunyodan ketarda, Iskandarday qudratli shoh boʻlsang-da, agar kafan nasib etilsa, komronsan!”

Attor Iskandar va gado muloqotini esladi. Jahongir magʻribzamin yerlarini fath etadi. Oʻsha mamlakat podshosi jangda halok boʻladi. Folib shoh aholiga murojaat qilib: “Ey oqillar, orangizda nasl-nasabi toza, aqli oʻtkir, nafsi oʻlik zot topilsa, men uni sizlarga bosh qilishga tayyorman”, – deydi. Odamlar hamisha xilvatda yashirinib yuradigan, goʻristonlarda yotadigan donishmand gado toʻgʻrisida unga xabar beradilar.

Ayonlar oʻsha gadoni topib, shoh qoshiga keltiradilar. Gadoning usti yupun, eti ustixoniga yopishganligiga qaramay, koʻzlari chaqnoq, yuz ifodasi jasoratli, lutfida olam hikmati namoyon edi. Uning qoʻlida ikkita bosh suyagi bor edi.

– Qoʻlingdagi suyaklarni nega koʻtarib yuribsan? – deya soʻraydi Iskandar. Gado javob aytadi:

– Mozordan oʻtayotganimda ochiq goʻrlarda shu ikki suyakka koʻzim tushdi, ammo ularning qay biri shohniki-yu, qay biri gadoniki ekanligini ajratolmadim. Modomiki, oʻlganda bu ikki “mato” bir ekan, tirikligidagi nizolarga ne hojat, degan ishtiboh meni qiynaydi.

Bu kalomdan zavqlangan shoh uni oʻzi bosib olgan yurtga hukmdor etmoq niyatini oshkor qiladi. Biroq gado jahon fotihi oldiga toʻrt talab qoʻyadi va agar shu shartlarimni bajarishga qurbing yetsa, aytganingga koʻnaman deydi.

Iskandar kulimsirab, “Shartingni bilaylik-chi?” degan maʼnoda yoni-veriga qarab qoʻyadi. Gado deydi: Menga oʻlimi yoʻq hayot bergin; qariligi yoʻq abadiy yoshlik inʼom etgin; tuganmas boylik soʻrayman; gʻam-anduhsiz kechadigan umr vaʼda qil!

Iskandar bu talablarni yaratgandan oʻzga ado eta olmasligini uqtirganida, gado unga: “Qoʻlingdan shu arzimas yumush kelmas ekan-ku, menga podshohlik tojini kiydirmoqqa qanday hadding sigʻdi, asli kimligingni unutdingmi?” – deya mulzam oʻtida qovurib tashlaydi.

Shu rivoyat necha yildirki, Attorga tinchlik bermaydi. Nazarida butun dunyo sir-sinoati, mazmun-mohiyati kaftday hikmat sandigʻiga joylanganday. Toʻgʻrisi, “Ilohiynoma”ning yozilishiga ham shu rivoyat sabab. Hozir bu asar oxirlab qoldi. Uning sahifalari soʻz qudrati ila qancha nodir voqealar, naqllar, ibratli hikoyatlar ila ziynatlandi. Shunga qaramay, koʻngli toʻlmaydi, nazarida oʻsha shoh va gado muloqotida ifodalangan hayot va oʻlim xilqatini yetarlicha ochib berolmaganday. Shu bois, kitob avvalida ruhga murojaat qilib, qalbidagi isyonni, yoʻq isyon emas, tiyiqsiz olovni tiliga koʻchiradi. U shunday yozadi:

– Ruh odamning ichidadir, shuning uchun ham sen oʻz ichingga safar qilmogʻing kerak. Hizr kabi mardlar yoʻliga qadam qoʻygin, toki aylanuvchi charxi falak atrofingda girgitton boʻlsin. Ey Ruh, makoning Nuh kemasi, zamonang esa allohning kalomidir. Sulaymon qudrati senda, Yusuf jamoli ham senda. Shunga munosib boʻl, shunga yarasha amal koʻrsat. Ibrohim kabi sodiq va sobit boʻlgin. Isoday ishqda damsozu Musoday moʻjizakor boʻlgin. Semurgʻ kabi qanotlaringni yoz. Sehrgar ham, yaratuvchi sinoatkor ham oʻzingsan. Agar har ishga jahd etsang, mustafo boʻlur madadkor senga! Oʻz koʻzing bilan boq oʻzingga, soʻzga oʻralgin. Ikki olamning asosi soʻzdir.

– Ey kecha-kunduz gʻam chekuvchi, hirs qoʻlida nochor kishi, sen razzoqqa suyan, imon-eʼtiqodda mustahkam boʻlib ishongil. Unga sabr qilib tinchlan bir oz. Faqir yoʻlini tanla, chunki faqirlik rasuli akramdan meros: agar sen allohning faqir nuriga yoʻgʻrilsang, banda boʻlsang ham, Sulaymon qadar sharaf topasan. Rasululloh (s. a. v.) xokisorlik, tavozuʼ va kamtarlikda bemisl edilar. Oʻzlari uy supurar, oʻtin yorar, suv keltirardilar. Tuya ustida uxlab olardilar, hamma ishni qilardilar. Hech narsadan orlanmasdilar. Oysha onamiz bilan birga xushchaqchaq boʻlib yugurardilar, masjid qurilishida gʻisht tashib, loy uzatib berardilar. Kavushlarini oʻzlari tikardilar, gohi bolalar bilan qoʻshilib oʻynardilar ham. Joynamozdan qolmasdilar, kasal koʻrishni ulkan savob hisoblardilar. Halimlik va hayo koni edilar.

Bu bizga ibrat emasmi axir?

Ammo yolgʻonchi dunyo shundayki, ibrat izlaganga ibrat, illat izlaganga illat hamrohdir. Bugungi amaldor piyoda yurishni, kasal koʻrishni, jabrdiyda arzini tinglashni, avom bilan soʻzlashishni, hattoki el-ulusga koʻrinishni oʻziga or deb bilmoqdalarki, bu shak-shubhasiz qalbini rahmon emas, shayton egallaganidandir. Banda hazrat Ali gapiga quloq tutganida, olam ila oxirat, magʻrib ila mashriq qadarligini va biriga yaqinlashish ikkinchisidan uzoqlashish birla barobarligini anglab yetmasmidi.

Bandaning ojizligi ham shundaki, gʻam chekish arziydirgan tashvish qolib, gʻam keltiradigan tashvish – dunyo tashvishida andarmon yurgay. Bilmaydiki, dunyo tashvishi dunyoda borligini, oxirat tashvishi qiyomatga qadar yelkasida yuk ekanligini.

Bugun boy-badavlat kishilar faqirlar ahvoliga kulgay va bu kulgi jarangi oʻlim sharobini ichgunicha taralgay. Ertaga qiyomat qoʻpib, haq ila botil tarozuga qoʻyilganida faqir nigohiga ul badavlat dosh berolgaymikan?

Koshki bu soʻroq mohiyatini tirikligida anglaguvchi zotlar koʻpaysa?

Koshki foniy dunyoda odamdan odamning farqi yoʻqligini tan olguvchilar topilsa? Qiziqki, kechagina nosqovoqqa non bormi deya izillab yurgan va falak gardishi ila choʻntagiga qoʻr tushgan boyvachchalar oʻtgan kunini tezda yodidan chiqargaylar. Bugun amal supasiga chiqib, tanish-bilishlarga-da qoʻl choʻzib salomlashishni oʻzlariga or sanaganlarga ne deysiz. Nahotki, inson tafakkuri shunchalar moʻrt, shunchalar egiluvchan. Nahotki, bugungi omad umri atigi koʻz ochib yumgunchalik oniy fursat ekanligini tushunib, shunga loyiq munosabatni yoʻlga qoʻyish ogʻir kechsa?

Dunyo yaralgandan buyon ne-ne nabilar, qanchadan-qancha valiylar hayoti, yozib qoldirgan pand-nasihatlari bamisoli yoʻlchi yulduz misol insoniyatni nurli, charogʻon manzillarga chorlaydi. Biroq aks odam yorugʻlikdan zulmatni xush koʻradi, qadrini qorongʻilikdan qidiradi. Bu jumboq sirini ochishga qani imkon topilsa.

Farididdin qabr tufrogʻini qoʻllari bilan siladi. Goʻyo ustozining sersoqol yuzini erkalaganday ojizgina taskin tuyub, bemahalga qolmay degan andishada ohista uyi tomon yurdi. U qalin paxsa urilgan mozorboshidan katta yoʻlga chiqqanida gʻira-shirada bir toʻp odam koʻzga tashlandi. Avvaliga shayx muridlari meni kutib turishibdi shekilli, degan xayolga berildi. Ammo zum oʻtmay bu shunchaki xom xayolligi bilindi.

– Ana oʻzi, uringlar! – degan hayqiriq atrofni tutib ketdi.

Olomon bir toʻp olov kabi dumalab Farididdin oyogʻi ostiga qadar keldi-yu, haytovur hech kim unga tashlanishga jurʼat qilolmadi.

Shayx xotirjam edi. U aft-angori koʻrinmayotgan toʻpolonchilarga bosiqlik bilan murojaat etdi:

– Tinchlikmi, birodarlarim, biron nimarsa yoʻqotdinglarmi?

Qoʻliga behi tayogʻini ushlagan oʻrta boʻyli baqaloq, uzun moʻylovi chiroq piligiday osilgan odam ortiga qarab dadillangach, baland ovozda dagʻdagʻa qildi.

– Biz oromimizni yoʻqotdik.

Attor hech narsa anglamay yelka qisdi.

– Unda mendan ne istaysizlar?

Bu safar novcha, yuzlari ich-ichiga botgan, yaktagi ustida shalvirab, xuddi poliz qoʻriqchisiday turgan kishi gapga aralashdi.

– Siz kitobingizda anavi Abu Tolibni, oʻn ikki imomni maqtab, shialar tegirmoniga suv quyibsiz.

Gap nishobi qayoqqa oqayotganligini bilgach, Attor boshini adl koʻtarib jamoatga yuzlandi.

– Xoʻsh, aynan qaysi kitobimni nazarda tutayapsizlar?

Birdan olomon oʻrtasida gʻalati shivir-shivir boshlandi. Oydinlashdiki, nizo tarafdorlaridan hech kimning asar haqida tasavvuri yoʻq, hatto koʻzi bilan koʻrishmagan. Shunga qaramay boyagi baqaloq odam vaziyatni boy bergisi kelmay ulamoga qarab oʻshqirdi.

– E, qay birini aytaylik. Biz anchadan buyon sezib yuribmiz, siz shialar tarafidasiz.

Hazrati Attor ikki qoʻlini baland koʻtarib, odamlarni tinchlantirdi.

– Xaloyiq, buzgʻunchilarning aldoviga kirib adashmang. Men allohga shukur axlisunna val jamoa mazhabidaman. Yozgan kitoblarim faqat dini islomga xizmat qiladi. Maqsadim, odamlarga maʼrifat ulashish, xolos. Masalan, “Ushturnoma”ni olasizmi, “Musibatnoma”mi yoki “Ilohiynoma” – hamma-hammasida…

– Bas qiling, endi bizni chalgʻitolmaysiz, – orqa tarafdan norgʻul, boshi katta, koʻzlari xunuk kishi olomonni yorib, oʻrtaga chiqdi. – Mana bu risola siznikimi?

Attor hali xattotlar qoʻlida koʻpaytirilmagan “Mazhorul ajoyib” asari qay tarzda aqidaparast mutaassiblar qoʻliga tushib qolganidan hayratlandi.

– Sizlar kitobni oʻqidinglarmi oʻzi? – ustoz endi bir oz sarosimaga tushib soʻradi.

Bu savolga javob qaytarilmadi. Davangirday ikki yigit uning ikki qoʻltigʻidan sudrashib, xonadoniga olib kelishdi. Hazrati Attor uyidagi toʻs-toʻpolon, bosqinchilik, ur-yiqitni koʻrib, vaziyat oʻzi oʻylaganidan qaltis ekanligini tushundi. Essiz, oʻshanda ustozining maslahatiga amal qilib, Nishopurdan chiqib ketsa boʻlarkan. Hozir chalasavod mullalarga vaʼz aytish, oʻzini oqlashdan zarracha naf yoʻq edi.

– Mendan nima istaysizlar? – dedi u boyagi norgʻul kishiga yuzlanib. – Agar boshim kerak boʻlsa, ana yelkamda turibdi. Molim zarur boʻlsa, tortinmay olaveringlar, baribir menga ortiqcha dunyo kerakmas. Faqat tezroq maqsadga koʻchinglar.

Fitna boshligʻi yoqimsiz kuldi.

– Boshingiz oʻzingizga siylov. Biz otangiz Ibrohim Attor hurmati bir qoshiq qoningizdan kechdik. Faqat ertalab bomdodga qadar shaharni tark eting. Aks holda Mansuri Halloj qismati sizni ham boshingizga tushishi mumkin.

Birdan xonadon sohibi sergak tortdi. Voajabo, bu tovushni ilgari qayerda eshitgan. Nahotki tong kabi tiniq xotiralari kelib-kelib shu paytda pand bersa? Yoʻq, bu ovoz unga juda-juda yaqin. Bu gulduros tovush hamon quloqlari ostida jaranglab turibdi. Ha, xuddi shunday. Bu baqiroq odam Majididdin Bagʻdodiy qoʻlida saboq olgan, keyinchalik uning sinovlariga dosh berolmay, amal-taqal bilan saroy xizmatiga bel bogʻlagan Sharifbek edi. Uning otasi mulla Qosim zargar mayizday muloyim, beozor kishi sifatida butun Shodiyaxga tanilgandi. Ammo, onasi Nigina oyim chakki qadami uchun zargar xonadonidan quvilib, otasi Toʻxtash degrez uyiga qaytgach, koʻp oʻtmay Shomga safarga chiqqan karvonboshi bilan til topishib, dom-daraksiz yoʻqolgandi. Toʻxtash degrez nabirasi Sharifbekni Xorazmga – Xorazmshoh avlodidan sanalgan Majididdin Bagʻdodiy xizmatiga topshirib qaytgandi. Sharifbek bobosining aksi – odamovi edi. Doʻstlar suhbatini sira xushlamasdi. Tolibi ilmlar saboq olishayotganda u bir chekkaga borib, bosh-uchi yoʻq xayol daryosiga gʻarq boʻlib oʻtirardi. Kimdir uni suhbatga chorlasa jahli chiqib, xuddi dakan xoʻroz kabi kekirdagini choʻzib, janjal qoʻzgʻashdan toymasdi. Koʻpchilikka qoʻshilolmaganligi uchun ham ilmdan bezib, saroy xizmatiga kirdi. Bir hisobda oʻz tabiatini yaxshi tushungan ekan, zulmkorligi, qattiqqoʻlligi bois tezda yuqori lavozimlarga koʻtarilib, oxiri shayxulislomning xos ayonlari safidan joy oldi. U ilm kishisi xizmatida ilmga, ilm toliblariga qarshi ish olib borardi.

Goʻyo yaxshi oʻqimaganligi uchun oʻzlaridan ranjiganday kayfiyatda yurardi. U qachon Nishopurga qaytadi-yu, qachon navkarboshilik mavqeiga erishdi, bundan Farididdin Attorning mutlaqo xabari yoʻq edi. Charxning ayovsizligini qarangki, bir paytlar Jayhun boʻylarida dunyo va oxirat, yaxshi va yomon, haq va botil mavzularida bahslashib yurgan sobiq maktabdoshi oradan yillar oʻtib, soch-soqolga qirov qoʻnayotgan yetuklik manzilida turib, oʻz yurtdoshini tanimayapti. Tanimasa ham goʻrga, hozir vatanidan judo qilyapti.

– Sharifbek! – Hazrati Attor xuddi yigitlik davridagidek ochiqkoʻngillik bilan murojaat qildi. – Nahotki har narsaga ravshan quvvai hofizangiz bolalik doʻstingizni eslashga qolganda ojizlik qilur. Boshqalar mening tilagim ne, qay maqsadda qogʻoz qoralagaymen, ehtimolki bilishmas, ammo siz meni anglar edingiz-ku?

Navkarboshi quyuq qoshlarini chimirib, xuddi choʻldan chiqqan tuya kabi beoʻxshov, bepardoz pishqirdi.

– Haq gap, boshqalar sizni fahmlashmas, biroq men dilingizdagi qora gardni koʻpdan ilgʻab yurgaymen. Siz avomning soddaligidan foydalanib, alarni egri yoʻlga daʼvat qilursiz, Paygʻambar (s. a. v.) sunnatlaridan chalgʻitib, Alini yuksaklikka koʻtarursiz. Siz shialar tegirmoniga suv quyib, Nishopur sunniylari oyogʻiga bolta urursiz. Takror aytamenki, otangiz Ibrohim Attor panohida omon qolgaysiz. Yoʻqsa, bir imo-ishora ila shahidlik maqomida chin dunyoga ravona boʻlgaysiz. Mayli, eski doʻstligimiz hurmati, ertalab bomdodga qadar sizni holi qoʻyurmen. Ammo, bomdod namozidan keyin qorangizni koʻrsam, hatto joynamoz ustida ham joningiz omonlik topmas. Mendan shafqat tilamang.

Piri komil bitta-bitta bosib sobiq doʻsti qarshisiga kelib toʻxtadi. Uning tikanday qattiq qop-qora soqoli, tund aftiga uzoq tikildi. Sharifbek bu nigohga tob berolmay, yuzini teskari burdi. Ammo joyidan qoʻzgʻalmadi.

– Siz meni oʻlim birlan qoʻrqiturmisiz?!

Kutilmagan savol tahdidchini anchayin esankiratib qoʻydi.

– Nahotki siz oʻlim moʻmin uchun tuhfa degan hadisni yoddan chiqardingiz? Nahotki bevafo dunyodan ajralmoqni ogʻir fojia deb oʻylagaydursiz?

Navkarboshi istehzoli kuldi.

– Agar siz aytganicha fikrlansa bu dunyoda tirik zot qolmas erdi. Hayot insonga bir marta berilgay va hech kim dunyodan koʻzi ochiq ketishni istamagay.

Attor qarshisidagi bu odam yigitlik chogʻlari olgan bilimlarini-da yelga uchirganini, vujudini allaqachon johillik va zulmkorlik tuygʻusi band etganini tushundi. Zotan, nodon bilan mubohasalashmoq tushni suvga aytmoqdan ham maʼnisizroq edi. Shunga qaramay u dilidagi fikrini tiliga koʻchirdi.

– Siz haqsiz, hech kim nogahoniy oʻlim sharobini totmoqlikni havas qilmas. Illo, oʻlimga tayyor moʻmingina uning tashrifidan choʻchimaydir. Afsuski, aksariyat kishilar oʻlim haqligini faqat Azroil alayhissalom sharpasini sezgandagina anglab yeturlar. Holbuki tugʻilmoq, ibtido ersa, chin dunyoga rixlat umr intihosidir. Ibtido mavjud ekanmu, demak, intiho ham aniqdur.

Badbaxt Sharifbek hozir bunday suhbatga orzumand emasdi. Uning maqsadi bitta – shahar qozisi amrini vojib etib, sunniylar orasida norozilik kayfiyatini uygʻotgan mana shu insonni yurtidan badargʻa qilish, hovlisini, mol-mulkini tortib olish, shu xizmati evaziga hukmdorlar eʼtiborini qozonib, yanada yuqori martabaga erishish edi. Shu bois u gapni choʻzib oʻtirmadi.

– Tong yaqinlashmoqda, vaqtingiz ziq. Qoʻrqamanki, bu tonggingiz shomga, dilingiz xuftonga aylanmasun! Esni borida etagingizni yopib, oʻzingizni maxfiyaga torting. Aks holda mendan ilgari boshqalar goʻshtingizni xomtalash qilib yuborishgay.

Navkarboshi favqulodda taʼsirli nutq irod qilganidan magʻrurlanib, hovli sahnidagi oʻrik shoxiga bogʻlangan tulporiga sakrab mindi-yu, sagʻrisiga qamchi bosdi. Chunki uning bir parcha goʻshtdan iborat yuragida tundan-da qora niyatlar uya qurib olgan edi.

Vaziyatni tushunib yetgan Attor bor bisoti – eng zarur kitoblarini xurjunning ikki lunjiga joylab, yelkasiga ildi-da, ortiga ham oʻgirilmay kindik qoni toʻkilgan vatanidan bosh olib chiqib ketdi.

 

11

Alloh insonni azizu mukarram yaratdi. Yorugʻ dunyodagi na tirik va na jonsiz unsur bu kabi ehtirom taxtiga oʻltirmagan. Ne tongki, hech bir mavjudot erishmagan yuksak martaba sohiblari bot-bot oʻzining kimligini unutib qoʻysa. Rabbim yorlaqagan maxluqni boshqa bir maxluq xorlasa. Oʻsha xorlashi barobarida oʻz yaratguvchisiga isyon koʻtarayotganini sezmasa. Aql tanimoq qanchalar uzoq davom etguvchi riyozat, qanchalar mashaqqat. Ammo tirnoqlab toʻplangan tafakkurdan ajralish shunchalar joʻnmi, osonmi? Inson kissasidagi sariq chaqadan judolikka bardosh berishi nechogʻliq ogʻriqli, azobli, bilʼaks aqlni oʻgʻirlatmoq xuddi yongʻoq poʻchogʻidan ajralmoq kabi yengil koʻchsa-ya. Agar qoziyu imomlar, mutaassib domlalar es-hushini badargʻa qilishmaganida oltmish yildan buyon ilm izlagan insonga bu qadar bepisandlik, bu qadar hurmatsizlik koʻrsatishmasmidi?

“Mazharul ajoyib” (“Moʻjizalarning koʻrinishi”) aslida toʻrtinchi halifa Ali ibn Abutolibni madhi emas, bu asar inson ruhiyatidagi ulugʻ oʻzgarishlar, shiddatu ziddiyatlar haqidagi ichki kechinmalardan iborat, xolos. Lekin birov gul iforini sezarkan, boshqasi faqat tikaniga ahamiyat berarkan. Bu tikan oʻzgaga ozor uchun emas, balki oʻsha gulgʻuncha muhofazasi uchun zarurligini hamma ham birday bilavermaydi, shekilli. Bilmasligi nuqson sanalmas, biroq bilmaganidan uyalmay bilguvchiga kafan bichishlari chinakam fojia. Bu shunday fojiaki, unda jaholat maʼrifat yoʻlini toʻsur, ilm xorlanur, nur soʻndirilur.

Rosti, oqshomgi mojaro Attorning jismoniy ranjiga sabab boʻlsa-da, ruhan choʻkdirmadi. Boisi u yuragining tub-tubida baribir shunday hol yuz berishini kutib yashardi. U allohning sinovini bilib-bilmay yoʻl qoʻygan xatolari uchun kaforat deb tushundi, botinida ajib bir huzur lazzatini his qildi.

U Nishopurni necha bor tark etgan boʻlsa, baribir alloh aytgan kun yana qadam ranjida qilishiga umid ila xotirjam yoʻlga tushardi. Boz ustiga u hech qachon aniq manzilni koʻzlamasdi, izn oyoqlarida, fikr esa oʻziga yetishmoq orzusi ila band edi. Nazarida uzoq muddat ijod quchogʻidan boʻshamagani bois, yaratgan egam uni goʻyo olam bilan tanishtirmoq, hayotni yaqindan kuzatmoq sayriga chorlaganday. Uyda oyogʻiga ish qolmay, tafakkurga zoʻr bergan edi. Endi aql-idrok bir oz tin olib, oyoq paylari choʻzilur damlar keldi.

Yoʻl tekis, tevaragi koʻm-koʻk maysa giyohlar bilan qoplangan edi. Olis-olislarda viqorli togʻlar toʻshini quyoshga toblab, kuch-qudratiga oʻzi mahliyo boʻlib, yastanib yotganday. U bilmaydiki, bu qudratda na maʼno, na mazmun va na orzu-umid bor. Turgan-bitgani shu yalang savlati, xolos. U ming gʻururga toʻlmasin, ming bora kerilmasin, Attor kabi oddiy yalangoyoq ham depsab ketishi mumkin. Negaki, insonda ong va alloh ato etgan jon bor. Togʻlarda qaddi-qomati, tik qoyalardan boʻlak hech vaqo yoʻq. Togʻ asrlar osha mudrab, koʻz ochgani erinib oʻtadi. Inson zehni, aql-idroki bilan toshni yoradi. Shu bois ham olam odam bilan goʻzal. Bu borada maʼnaviy pirlari Boyazid Bastomiy, Mansur Xallojlar ajoyib fikrlar qoldirishgan.

Hazrati Attor tufrogʻi koʻpchigan poda yoʻl adogʻidagi qiyalikda bir oz tin olmoqqa ehtiyoj sezdi. U horigani uchun emas, shunchaki Qubays togʻi etagidan turib, bulutlarga sanchilgan choʻqqilar viqorini yana bir karra dildan tuymoq umidida toʻxtagan edi. Yelkasini ezgan ogʻir xurjun zalvari endi bilindi. U kitoblarni tufroqli yerga qoʻygisi kelmay, yoni-veriga koʻz tikdi. Agar yana ozgina qadam bosilsa, yakkam-dukkam archa daraxtlariga yetib olishi mumkin ekan. Piri komil shunday qildi, dastlab duch kelgan bahaybat archaning qurigan shoxiga xurjunini ilib, oʻzi siyrakkina oʻt-oʻlanlar qoplagan sayhonlikka oʻtirdi. Negadir boya xayolida yarq etgan Mansur Xalloj siyrati diliga oʻrnashib qoldi. Erinmay joyidan qoʻzgʻalib, xurjunini titkiladi. Tuya terisi qoplangan moviy muqovali daftarni ochib, kerakli sahifasiga koʻz yugurtirdi.

“Mansur Xalloj! Tengi yoʻq olim, buyuk ishq sohibi erdi. Oʻn sakkiz yoshida Abdulloh Tustariy xizmatiga kirdi. Tustardan Basraga keldi. Abu Amr Oʻsmon Makkiy bilan sakkiz yil suhbat tutdi. Yaʼqub Oqto kabi zamonasining ulugʻ allomasi qizini unga ravo koʻrdi. Biroq injitmadi. Bagʻdodga bordi. Junayd bilan tanishdi. Feʼl-atvori ancha tersroq edi. Junayddan qattiq masala soʻradi. Junayd bundan ogʻrindi, sukutni afzal bildi. Ammo dilidan oʻtganini keyinroq oshkor etdi:

– Yaqin orada seni dorga osgaylar va goʻshtingni parcha-parcha qilgaylar.

Mansur ham chekinmadi:

– Meni dorga osishgan kuni sen suratingni oʻzgartirib, boshqa kiyimlar kiygaysan. Mening qatlimga fatvo bergaysen.

Vaqtiki kelib har ikkala avliyoning bashorati haqiqatga aylandi.

Oʻshanda Junayd hazratlari qattiq iztirobda qolib, oʻz xatti-harakatini shundoq izohlagan ekan. Yaʼnikim, “Biz uning zohirini hukm qilurmizkim, qatl qilinuvchidir. Botinini alloh bilur”.

Mansur Xalloj taʼlimotini shayx Abdulloh Xafif, Abul Qosim, Abu Said, Abul Xayr, Abu Ali Farmadiy va Abu Yusuf Hamadoniy davom ettirganlar.

Hazrati Attor besh, balki undan-da ziyod avliyoullohlar zikrini qogʻozga qoraladi, amalini oʻrgandi, ammo Mansur Xallojdayin mardi-maydonni bilmadi.

Asli valiylik mardlik sanalur, illo Mansur mardlarning mardi erdi.

Undan soʻradilar:

– Allohga yoʻl qandaydir?

Dedi:

– Ikki qadamdir: bir qadam dunyodan oʻtkazgaysan, bir qadam oxiratdan oʻtkazgaysan, toki allohga yetishgaysan.

Yana dedi:

– Dunyoni tark aylamoq nafs zuhdidir. Oxiratni tark aylamoq koʻngil zuhdidir. Oʻzini tark aylamoq jon zuhdidir.

Mansurni tushunish oson emasdi. Oʻzi esa meni faqat alloh bilsa boʻldi, rabbimni qoʻyib, haqqa yuzlanmayman, deb turib oldi. Shu bois uni ellikta shahardan quvib soldilar. Alalxusus, dorga osildi.

U qatl etilgan kecha shayxlardan biri namozdan forigʻ boʻlgach, hotifdan bir ovoz eshitdi:

– Biz Xallojga asrorimizdan bir tomchi oshkor etdik. U bu sirni fosh ayladi. Har kim sultonlar sirini fosh etsa, jazosi budir!

Shayx Shibliy tushida uni koʻrdi.

– Senga shunchalar azobu sitamni ravo koʻrgan xalqni haq nima qildi?

Xalloj javob berdi:

– Har ikki toifani ham rahmati bilan siyladi. Alardan bir guruhi holimni bilib shafqat etgani bois rahmat qilindi. Boshqa guruh ersa holimni bilmay, haqning amri vojib boʻlsin deb azob bergandi. Shuning uchun ular ham haq rahmatiga sazovor boʻldi”.

Hazrati Attor yozganlarini oʻqir ekan, dilini shu qadar mahzunlik egalladiki, hatto uyidan quvilganida ham bu kabi zabunlikka tushmagan edi. Shu vajdan darrov raftorni yopib, ustoz ruhiga atab ikki raakat nafl namozini ado etdi. Shunda uning dilidagi gʻashlik va xavotir tarqalib, vujudini ruhiy sokinlik qopladi.

U peshin namozini ham archa soyasida ado etib yana tepalikka qarab oʻrladi. Garchi badargʻa qilinganida oldida aniq maqsadi yoʻq ersa-da, endi fikrlari tiniqlashib, borar manzili oydinlashayotgandi. U ota hovlisidan chiqib, bot-bot shu kimsasiz togʻ soʻqmoqlarida haftalab behudlik holatida yurgan, oʻzinida unutib, faqat alloh diydoriga yetishmoq orzusida xilvatga chekingan paytlari boʻlardi. Keng uyga sigʻmagan mushtday yurak togʻ yonbagʻirlarida, bir-biriga chirmashib yotgan toʻqayzoru chakalakzorlarda, tovonini teshadigan mayda tosh zarralari ustida adadsiz taskin topardi. Ana oʻsha kezlari u bir buyuk haqiqat yuzini ochdi: jon qancha azob cheksa, ruh shu qadar halovat topadi. Vujud qiynogʻi dil xotirjamligiga kalit. Inson tanasi bamisoli bir libos, u allohning omonati saqlanadigan jasad. Jon esa oʻsha jasadga nur bagʻishlaydi, unga chiroy beradi, asl maqsad sari chorlaydi.

Hazrat shu oʻylar ogʻushida yana ancha yurdi. Endi togʻ yoʻli tasma kabi kichrayib borar, olgʻa bosish ham shunga yarasha qiyinlashardi. U duch kelgan archa tanasiga suyanib, yana ozgina nafas rostladi. Boshini koʻtarib, viqor-la qad kergan togʻlarga tikildi. Hali Qoplondaragacha ozroq yoʻl bosishi zarur. Agar bir oz shoshmasa shom qorongʻisiga qolib ketadi. Aslida tik yoʻl boʻlsa-ku tirmashib ham chiqib olardi. Afsuski, oynaday silliq xarsanglarga oyoq bosish xavfli, sal sirgʻaldingmi, qushday qanot yozmay tubsiz jarlikka qulab ketish hech gap emas. Yaxshisi, togʻ yonbagʻriga chirmashgan sinashta yoʻldan adashmay yurgani maʼqul. Qosh qoraymay Qoplondaraga koʻtarilib olsa, u yogʻi bir chaqirimlik masofa ham keng sayhonlik. Bilmagan odam bulutlarga burun sanchgan togʻ yelkasida bunday keng va xushmanzara chamanzor borligini yetti uxlab tushida ham koʻrmaydi. Hazrat esa bu yerdagi har tup daraxt, har bir giyohni besh panjasiday biladi. Chunki, bolaligida otasi Ibrohim Attor bilan dorivor oʻt-oʻlanlar, tomirlar qidirib oyogʻi yetmagan joy qolmagan. Gohida Qoplondaradagi Kasrat gʻorida haftalab qolib ketishardi. Hattoki, oziq-ovqati bor-yoʻqligiga ham ahamiyat berishmasdi. Chunki yoz va kuz faslida dara atrofidagi yovvoyi mevalar, yongʻoq va sitrus oʻsimliklari gʻarq pishib yotardi. Kamdan-kam odam chiqadigan bu goʻshani tabiatning hali gard qoʻnmagan, shaffof jannatiga qiyoslash mumkin edi.

Mevali dov-daraxtlardan tashqari turli shifobaxsh, dorivor oʻtlar, darmondori ildizlar tanga shifo, dardga davo ekanligini tajribali hakim Ibrohim Attor juda yaxshi bilardi.

Farididdin Attor bir amallab daraga koʻtarilganida bu yerdagi turfa xil gullar, yam-yashil oʻt-oʻlan, maysa-giyohlarni koʻrib koʻzi yashnadi. Ayniqsa bu yerning havosi boʻlakcha, xuddi oʻpkaga oʻzi quyilayotganday. Hazrat tabiat jozibasiga zavqlanib anchagacha qilt etmadi. Soʻng yolgʻiz oyoq yoʻldan sayhonlikdagi gulzor oralab Kasrat gʻori tomon qadam tashladi.

For unchalar chuqur emasdi. Ammo yomgʻirli kunlarda, saraton oftobi olov purkagan kezlarda bahosi yoʻq boshpana edi. Qiziqki, gʻor hamisha pokiza, tabiiy holatda saqlanardi. Toʻgʻri, shahar gʻala-gʻovuridan zerikkan yosh-yalanglar, tabiatga oshfta kishilar bot-bot bu manzilga kelib turishardi. Shunga qaramay, hech kim bu oshyon tozaligiga gard qoʻndirmas, oʻzlaridan axlat yoki ovqat qoldiqlari qoldirmasdi. Buning sabablaridan biri gʻorda farishtalar yashaydi, agar u ifloslansa farishtalar qochib ketadi, degan rivoyatning tarqalganligida edi.

Hozir ham xuddi kelinchak tushgan xonadonday fayzli koʻringan Kasrot gʻori hazratning goʻyo qadrdon xonadoniday tuyuldi. U tosh supa ustiga xurjunini tashlab, yumshoqqina oʻtloq uzra choʻzildi. Ana shunda ilk bora vujudida charchoq alomati paydo boʻlganligini tuydi. Yosh oʻz hukmini oʻtkazayotgan ekan, demakki, moʻljaldagi ishlarga ulgurmoq, avliyolar kitobotiga tartib bermoq, toʻplagan manbalarini tezroq qoralamoq lozim. Ammo, bu masalaning bir jihati, xolos. Hali oldinda qanchadan-qancha nomi unutilayozgan, el-ulusning xotirasidan koʻtarilayozgan shayxlar, sultonul orifinlar, avliyolar bor. Chashma koʻzi endi ochilmoqda. Bu ilm va tafakkur bulogʻidan ming-minglab qalblar bahra olishlari, fikr javohirlaridan bahramand boʻlishlari kerak. Faqat umr yetsa bas, faqat jon tanni tark etmay tursa bas.

U yonboshiga oʻgirilib, boʻlajak “xosxonasi”ga koʻz yugurtirdi-yu, kutilmaganda butun vujudida titroq uygʻonganligini, qalbi junbishga kelib, his-tuygʻular ummoniga koʻmilayotganini tuydi. Faqat bir fikr tufayli u shu farahbaxsh onlarni boshidan kechirayotganday edi. Shu topda u paygʻambar (s. a. v.) ham, alloh tomonidan vahiy nozil boʻla boshlagan kezlari Xiro gʻoriga kelib, insoniyatni saodatga chorlaguvchi oyatlarni diliga muhrlagan tengsiz damlarini xayolida jonlantirgandi. U oʻz hayotini rasululloh (s. a. v.) hayotidagi voqealarga monand yaratgan allohga hamd-sanolar aytib, koʻzlaridan oqayotgan shashqator yoshlarini tiya olmasdi.

Koʻzdagi yosh tindi. Bu zumrad tomchilar qalb oynasini chinniday tozartirib, gardini yuvganday edi. Vujudi ukpar parchasidek yengil tortgandi. Ajib hol; xuddi togʻlar uning ostida hayrat ila boqayotganday, qanotini sezmaydi-yu, bulutlar orasida sokin suzayotganday. U ilgari ham behudlik lazzatini totgandi. Ammo bu safargisi oʻzgacha kechdi. Goʻyo ikki dunyo halovati qandayligini tuydi. Va bu hol allohning qudrati qanchalar ulugʻ, qanchalar cheksizligidan dalolat kabi uzoq davom etdi. Fikrlari chashma suvi kabi shaffoflashdi, til jilovlandi, dil junbishga keldi. Yuragining qat-qatidan “Ilohiynoma” avvalida aytilishi zarur boʻlgan hamdi behad ufurib, goʻyoki osmoni falakni tutganday edi. Shunda u yana bir bor alloh tilsimiga tasanno aytdi, shukur sharbatini dimogʻida tuydi.

Bu holatni taʼriflashga soʻzdagi sehr, sheʼrdagi hikmat kamlik qiladi, inson tafakkuri togʻ oldidagi munchoq kabi kichrayib koʻrinar, qalbdagi quvonch, shodlik va huzurbaxshlik darajotini oʻlchaguvchi mezon topilmasdi. Shunda u yana bir bor Qurʼoni karimdagi “Men dengizlar, oʻrmonlar, togʻu sahrolar, falakka, arshu kursiga sigʻmayman, ammo moʻmin odam qalbiga sigʻaman” degan oyatni esladi. Esladi-yu, moʻminlik baxti har qanday boy-badavlatlikdan, siymu zardan, podshohligu amaldorlikdan behad yuksak ekanligini koʻnglidan oʻtkazdi. Oʻsha pokiza koʻngil qat-qatidan ushbu nido yangradi:

“Tangri taolo nomi-la boshladim. “Ilohiynoma”ni, barcha nomalar maʼnosi uning nomi-la bezanur. U shunday ulugʻ zotki, mulki zavol bilmas. U haqda soʻzlaguvchining aqli xiralanib, tili lol boʻlur. Uning nomi nomlarni sharaflab, dillarga shodlik bagʻishlar, devonlar mundarijasining boshi ham shu nom. Bu nomdan jonlarning ogʻzi sharbatga toʻlur. Uni yodga oluvchining tili duru gavhar sochar. Uning nomisiz biror narsa yoʻq. Barcha moʻjizalar, xushboʻy hidlar, rangin manzaralar, qudrat va sifatlar, shonu sharaf, oru nomus shu nomdandir.

…Uning zoti bilan mavjud olam shunday mustahkam vobastalik, bogʻliqlikka egaki, suvdagi baliqdan falakdagi oygacha jami mavjudot bir-biri bilan uzviy aloqador. Lekin koʻrinib turgan bu dunyo uning cheksiz olami oldida qilning qora rangiday moʻjaz va kichik bir narsa.

Uning marhamati shunday ulugʻki, agar iblis undan bir qatra bahra olganida, barcha nobakorliklari uchun tizzasidan yerga kirib uyalardi. U shunday haybatki, soyasi quyoshni soʻndirar.

U shunday ulugʻ dargohki, xizmatiga oshiqqanlar huzuriga yoʻl topolmas. U shunday bezavol mulk-saltanatki, abadul-abad yoʻqolmas, eskirmas, vayron boʻlmas, yemirilmas, kamaymas, aslo tugamas.

Butun olamda undan oʻzga yor yoʻq. Shu oliy haqiqat magʻzini anglamoq uchun azizu mukarramlik yetmasmu, aql-zakovat mashʼomi xiralik qilurmu? Nega chin dunyo qolib oʻzi yordamga muhtoj bandadan madad soʻraysan? Agar yuzta oshno-doʻsting boʻlsa ham, mard darveshligingga imon keltirib, barini begona hisobla. Chunki chin doʻst uning oʻzidir. Agar senda togʻning sabri-yu, dengizning safo va sofligi boʻlsa, doʻstga yetishish yoʻlidagi anduh-gʻamlar osongina barham topajak. Agar ajaldan oldin nafsingni oʻldirolsang – olam seniki. Bilki, u senga yaqin, sen undan uzoqdasan. Agar xudo yoʻliga loyiqlikka sabring yetishiga ishonsang hoyu havas koʻshkini tark et. Dunyoga havas koʻzi yumilgan chogʻdan, ilohiy nigohing haq sari boshlaydi.

Agar gado yoki podsho boʻlsang ham ikki gaz boʻz va toʻqqizta gʻishtdir oxirgi mulking, dunyodan yelib-yugurib orttirgan matohing. Endi aytchi, shu arzimas bisot uchun imonni sotmoq, riyoga burkanmoq, ishratga aldanmoq, zulmga erk bermoq, alalxusus haqdan chalgʻimoq insofdanmi? Bu nafaqat insonlik siyrati-yu sifati, ayni chogʻda alloh bergan aql-idrokka ham xiyonat sanalmasmu? Oʻyla, dunyo hech qachon seni deb gʻam yemaydi-ku, nega sen uning yolgʻon jamoliga koʻngil qoʻyib, nadomat chekasan. Jahonning senday nodon oshiqlari bisyor, uning kayf-safosidan sarxush kimsalarning adogʻi yoʻq, lekin u hech biriga vafo qilmagan, qilmaydi ham.

Ey kecha-kunduz gʻam chekuvchi, hirs qoʻlida tutqun kimsa, sen aqling butunligida razzoqqa suyan, imon-eʼtiqodda mustahkam boʻlib ishongil unga. Faqir yoʻlini tanla, chunki faqirlik rasuli akromdan meros: agar sen allohning faqir nuriga yoʻgʻrilsang, gar bandasan, Sulaymon qadar sharaf topgaysan. Paygʻambar (s. a. v.) hokisorlik, tavoze va kamtarinlikda bemisl edilar. Oʻzlari oʻtin yorar, suv keltirar, uy supurar edilar. Bolalar bilan qoʻshilib oʻynardilar, kavushlarini oʻzlari tikardilar. Janozadan qolmasdilar, kasal koʻrishni katta savob hisoblardilar. Halimlik va hayo koni edilar.

Bu bizga ibrat emasmi, axir?!”

Hazrati Attor qachon qoʻliga qalam olib, qachon bunchalar ilhom va zavq-shavq ila qogʻoz qoralayotganiga oʻzi ham hayron qoldi. Yozganlarini yana bir sidra oʻqigach, “Ilohiynoma” asli shu nido bilan boshlanmogʻi, busiz undagi 282 hikoyatning mazmun-mohiyati xira tortmogʻi, asl muddao magʻzi chaqilmay qolmogʻi mumkinligini angladi. Ana shu kemtiklikni fazlu karomati ila toʻldirishga chorlagan yaratganga yana bir bor hamd-sano aytdi.

Hazrat gʻordagi hayoti davomida oʻzini uyidagidan-da hur va erkin his etar, kimsasiz togʻ bagʻrida yakkayu yolgʻizligiga shukronalar keltirar, zero mana shu sukunat ogʻushida butun vujudi ila haq taologa arz-hol toʻkayotganidan behad shodlanar edi. U avvaliga kunlarni sanab, vaqtni hisoblab yurdi. Keyin bu ham oʻtkinchi dunyoning arzimas yumushlaridan biri ekanligini tushundi. Axir omonat narsaning mustahkam hisob-kitobi boʻlarmidi.

Fordagi kunlarning samarasi ikki hissa ortiqroq edi. Chunki, bu yerga uni yoʻqlab keluvchilar yoʻq. Asosiy mashgʻuloti ibodat va riyozat, yozuv va mushohada bilan oʻtardi. Albatta, issiq jon, tan sihatligini tutib turmoq vajidan tamaddi zaruriyati ham bor edi. Lekin sayhonlik adogʻidagi behisob daraxtzor, oʻrmonzorda istagancha yovvoyi meva, har xil urugʻlar, qoqi va boshqa yeguliklar toʻlib-toshib yotardi. Qolaversa, nafsiga hokim inson uchun uni tinchlantirmoq u qadar mushkul vazifa sanalmasdi.

Valilulloh “Ilohiynoma”ni qaytadan oqqa koʻchirib chiqdi. Undagi voqea asosini olti shahzodaning shoh otasi bilan savol-javobi tashkil etardi. Har bir savolga berilgan javoblar asnosida dunyoni tutib turuvchi ezguliklar – mehr-oqibat, xushxulqlik, odob-axloq, adolatpeshalik gʻoyalari ilgari surilgandi. Har bir oʻgʻil majoziy timsol qiyofasida tasvirlanganligi bois dostonda ular nafs, shayton, aql, ilm, faqir va tavhid maʼnolarini bildirardi.

Shu bilan birga Faxriddin Gurgoniy, Maxoyati Xoʻjandiy, Robiya Balxiy haqidagi hikoyatu rivoyatlar tarixiy shaxslar hayoti asosida bitilganligi bilan dostonning ahamiyatini yanada oshirardi. Chunki, Robiya Balxiy kabi dilbar va zukko ayol haqidagi fojiali qissa xalq orasida tildan tilga koʻchib, qalblarga muhrlanib ulgurganiga qaramay, bu mavzuga boshqa biron shoir qoʻl urmagandi.

Allohning irodasi ila kitobotiga hamdi behad bitilganligi ulugʻ inoyatligini his etgan shoir endi pirovardida xotimatul fikr ham zarurligini angladi. Shu vajdan “Ilohiynoma”ning soʻnggi varagʻiga koʻz tikdi. Bu sahifadan “Shayx Shibliy va novvoy hikoyati” oʻrin olgandi. Beixtiyor oʻz qalamidan tomgan misralarga nigohi qadaldi.

“Bir shaharda bir novvoy yashar ekan. U Abubakr Shibliyning shuhratini eshitib, oʻzini koʻrmay unga koʻngil bogʻlabdi. U kechasiyu kunduzi buzrukvorni bir koʻrsam, qoʻllaridan oʻpib, tavob etsam, oyogʻi bosgan tufroqni koʻzlarimga surtsam, deya allohga munojaat aytib yigʻlar ekan.

Kunlarning birida novvoy doʻkoni yonidan bir keksa darvesh oʻtib qoladi. U nihoyatda och-nahor, holi zabun, eti ustixoniga yopishgan, vujudi mayib-majruhday bir alfozda edi. Notanish odam non isini dimogʻida tuyib, peshtaxtaga yaqinlashib dedi:

– Alloh yoʻlida bir burda non ber, shoyad til uqmas nafsim meni tinch qoʻysa?

Novvoy hali savdoni boshlamagan edi.

– Qani, yoʻlingdan qolma, sen kabi bekorchilarga beradigan non yoʻq, – dedi u gʻazabini sochib.

Darvesh noumid boʻlib nari ketdi. Shunda sohibi xonadonning ilmli shogirdlaridan biri ustozning yoniga yugurib keldi.

– Meni afv eting, hozir siz haydagan zot doimo yaratgandan suhbatini tilaganingiz janobi Shibliy edilar!

Novvoyning rangi oʻchdi, koʻzlari ola-kula boʻlib hazratning ortidan chopdi. Yetib olgach, uzr soʻradi, sadoqati, muhabbati va ixlosidan soʻz ochib, mehmonga taklif etdi.

– Yaxshi, – dedi shayx oʻyga tolib, – u holda yaxshigina ziyofat majlisini hozirla, men borganim boʻlsin.

Ziyofatga shaharning kazo-kazolari, boy-badavlat, martabali kishilari chorlandi. Qoʻyilgan noz-neʼmatlar dasturxonning belini sindirgunday toʻlib-toshib ketgandi.

Suhbat rosa avjiga chiqqanida azizlardan biri Shibliyga murojaat qilib soʻradi:

– Ey shayxi murshid, ayting-chi, doʻzaxiy kim va jannatiy kim?

Shibliy javobda dedi:

– Agar doʻzaxiyni koʻrmoqchi boʻlsang, shu ziyofat sohibiga nazar sol. Shuhrat uchun shuncha pul sarflab, bizni chaqirdi. Ammo xudo yoʻliga bir burda nonni darveshga bermadi. Agar u muhtoj darveshga saxovat – himmat koʻrsatib non berganida jannatiylar qatoridan joy topardi…

Shunday ekan, xudoparast boʻlsang, ixlos-eʼtiqod bilan yasha. Xudoni avvalo ixlos bilan sevmoq kerak. Ixlos – xalos, yaʼni xudoga ixlos qoʻygan kishi qolgan barcha tamaʼ, shuhrat, gʻarazlardan xalosdir. Riyo esa xudoparastlik emas, balki itparastlikdir. It uchun hoziru nozir boʻlsangu haq uchun tayyor boʻlmasang, shubhasiz, kofirsan.

Soʻz aytdim, tamsil keltirdim, maʼnosin uqib ol, dono inson. Hirs nima, nafs nima, bilib ol. Haqni sevgan kishilarning imoni senga yor boʻlsin! Haq taolo ham imonlilarni yoqtiradi. Bu rabbul olamin bilan bandasi oʻrtasidagi ulugʻ ahddir”.

…Ushbu ipakka terilgan duru javohir kabi soʻzlarni oʻqish asnosida soʻfiyning qalbi titradi. Shunday zabon, shunday fikr, shunday tariqot va tavhid ato etgan rabbimga shukronalar keltirdi va oʻsha joziba taʼsirida “Xotimatul kitob” iboralarini bita boshladi.

“Attor soʻzini tingla, Attor sheʼrini oʻqi. Mening sheʼrimning dengizi qirgʻoqlarga urilib, toshib chiqdi, undan chashmalar otilib chiqdi. Bu chashmalardan nur bazmi yaralmishdir, bu ishq va maʼrifat nuri boʻlib, qiyomatgacha oqib turadi. Attor “Ilohiynoma”sini koʻkda malaklar, jannatda ruhlar oʻqiydi. Chunki mening sheʼrim barchasi pok tavhiddir. Shuning uchun u koʻproq ahli tavhidga oʻz jamoli-yu, siyratini koʻrsatishidan aslo ajablanma.

Ey Attor, soʻzing odamlar qalbiga gʻulgʻula solsin, gʻofillarni ogoh etsin, mudroqlarni bedor qilsin, sharaflilarga sharaf bagʻishlasin!..”

Allohning valiysi kitob muqovasini qiyinlik ila yopdi. Voajabki, shu topda gʻoʻla kabi yoʻnilgan xarsang ustidagi shamchiroq oʻchib, gʻor ogʻzidan subh sabosi qanotida quyoshning zarrin nurlarini olib kira boshlagandi. U vujudidagi tetiklik, ilohiy joziba kuchini sezdi. Oʻrnidan turib tashqariga chiqdi. Togʻ choʻqqilariga ilingan quyosh butun olamni – qir-adirlar, oʻrmonlar, oʻtloqlar, pastda yiltirab oqayotgan daryolar, irmoqlar, chumoliday oʻrmalayotgan odamlar, butun boshli shahar va qishloqlarni munavvar aylayotgandi. Yo rab, koʻngliga kelgan tashbehdan qalbi yorishdi-yu, borligʻini yana titroq bosdi. Tilidan shukronalik va hamdni qoʻymagani holda oʻzini bosishga, tinchlanishga urindi. Ammo xayoliga kelgan fikr zalvari yurakni yorguday qudrat va tilsimga ega edi. U shu paytda qalbining xazinasi – “Ilohiynoma”sini mana shu dunyoni yoritayotgan quyoshga mengzagandi.

 

12

Daraxtlar bargi sargʻayib kuzdan darak berayotgan kunlarda gʻor ogʻzida telbanamo bir yigit koʻrindi. U yiqilgan zarang tanasiga joylashib olib, oyogʻidagi sarmuza yirtigʻini yamay boshladi. Soch-soqoli tikan misol oʻsgan, koʻzlari burgutnikiday oʻtkir, qirraburun, ogʻzi katta bu kimsa qay tariqa xilvatnishinga chiqib qolganiga oʻzi ham hayron edi. Ammo tabiatning “qoʻl tegmagan” bu goʻshasida ajib bir sokinlik, ruhiy halovat zohirligi bois, har qanday serzarda, johil va besabrlar ham oʻzlarini xushhol, osoyishta sezishardi.

Dagʻal yuzli yigit alanglab osmonga tikildi, butoqlari boshiga tegib turgan naʼmatak mevasini koʻrib, unga qoʻl choʻzdi. Shoxlar bandidagi ingichka tikanlarni pisand etmay sidirgʻilab kaftiga meva toʻplab, tezda ogʻziga soldi. Naʼmatak nordon edi, shunday boʻlsa-da, achchiq shirasini soʻrib, tuppasini tuflab tashladi. Goʻyoki shu bilan charchoq qoʻngan kipriklari nayzaday rostlanib, badaniga tetiklik yugurdi.

U kimsasiz sayhonlikda tanho oʻzimman, tirik jon yoʻq, degan fikrda edi. Birdan xiyol egilib chiqib kelayotgan odamga koʻzi tushdi-yu, butun vujudi saksovulday dong qotdi, sersoqol yuzida sarosimalik va qoʻrquv zuhurlandi.

– Yo alloh, oʻzing saqla! – beixtiyor xitob qildi u.

Hazrat yigitning ahvolini fahmladi. Shu bois yuziga tabassum yoyilib, salom berdi. Biroq notanish yigit hamon karaxtlikdan chiqolmas, yuragini egallagan vahima titrogʻi bosilmas edi.

Hazrat bitta-bitta bosa kelib mehmonning boshini siladi. Moʻjizakor qoʻl tafti es-hushini yoʻqotgan vujudga bir oz taskin bagʻishladi. Lekin hamon til kalimaga kelmas, tana qaltirogʻi bosilmas edi.

– Yoʻl boʻlsin, bolam? – soʻradi hazrat yigit yoniga oʻrnashib.

Mehmon olazarak boʻlib yoniga oʻgirildi. Togʻlar xoqoniday tuyulgan oppoq soqolli nuroniyga sergaklanib boqdi. Uning yuz ifodasi, kichik koʻzlaridagi samimiyatdan koʻngli oʻrniga tushdi. Shoshib daraxtdan tushib, mezbonning etagini peshonasiga surtdi.

– Meni kechiring, ustoz… Adashmasam siz oʻzimizning nishopurlik Farididdin Attor boʻlasiz, shundaymi?

– Shunday, boʻtam, – dedi hazrat oʻychan ohangda, – men siz aytgan nishopurlik Attor va allohning quliman.

Mehmon yana bir bor tavob uchun engashgan edi, shayx uning norgʻul yelkasidan tutdi.

– Bolam, bandaning bandaga sajda qilishida maʼno yoʻq, ammo gunohi azim bor. Yaxshisi xotirjam gaplashaylik. Garchi sening tashrifing mening xayolim va vaqtimni oʻgʻirlasa-da, baribir yolgʻizlik faqat oʻziga xos, oʻziga yarashiqli ekan.

Yigit nigohini yerdan uzmagan koʻyi soʻradi:

– Oddiy xalq sizni yoʻqotib, koʻp ranju aziyat chekishyapti. Asarlaringiz qoʻlma-qoʻl oʻqilyapti. Siz badargʻa qilingʻoningizdan soʻng ahli ilm, tolibi ilm orasida mashhurligingiz oʻn chandon ortdi. Sunniy amaldorlar taʼqibiga qaramay koʻp muxlislaringiz pana-panada dostonlaringizni mutolaa qilishyapti, shirin suhbatlar qurishyapti.

Bu mujda hazrat diliga taskin bagʻishladi. Demak, necha yillik zahmatlari bekor ketmabdi. Demak, tanlagan yoʻli xato emas.

– Isming nima, oʻgʻlim? – Hazrat xayollar ogʻushida shu savol tiliga koʻchganiga oʻzi ham lol qoldi. Biroq inson borki uning qulogʻiga azon aytib chaqirilgan ismi bor. Moʻmin moʻminni koʻrganida ismini bilmay suhbat qurishlik odobdan emas. Ehtimolki, tanish chiqar.

– Ismim Xafif, asli nasl-nasabim Sherozdan.

– Bu togʻu toshlarda adashib yurishing boisi nedur?

– Hazrat, men yoʻldan emas, qismatdan adashgan kimsamen. Es taniganimdan ilm oʻrganish ishtiyoqida yonamen, ammo hadigim zoʻrki, ilmni xor qilmasaydim.

Attor yigitdagi soddadillikni begʻubor yoshligiga qiyosladi. Asli inson bolasi aqli charxlangunicha musichaday beozor, qoʻyday yuvosh, it kabi sadoqatli boʻladi. Keyinchalik charx gʻildiragi uni ne-ne sinovlar, ne-ne mashaqqatlar, ne-ne gʻofil bandalarga duch keltirmaydi deysiz. Odam umr soʻqmoqlaridan yuqorilagani sayin yaxshi fazilatlar bilan birga insonga xos qusurlarni ham oʻrganib, oʻziga singdirib boraveradi. Vaqtiki kelib, aqli bilan xudoni tanigach siyratidagi gardlardan tozalanish uchun oʻzida kuch-qudrat topa oladi, shayton izmiga kirgan nodon kimsa esa hasad, gʻaraz, johillik, dunyoga hirs qoʻyish kabi illatlar botqogʻiga botib, bu dunyoligi gʻam-tashvishda, u dunyoligi azob-uqubatda qoladi. Xulosa shuki, yaxshi odam bolaligidan begʻuborligi va pokdomonligini yoʻqotmay, ehtiyot qilib asray olsa, shuning oʻzi komillikka kifoya. Biroq samimiy tuygʻularni jaholat va razolat toʻfonidan asrab-avaylab saqlash faqat ilmli, mard insonlarning qoʻlidan keladi, xolos.

Bundan tashqari kamolot choʻqqisiga koʻtarilmoq, yaʼni chin insoniy fazilatlarni oʻzida mujassam aylamoq asli naslining tozaligiga ham bogʻliq. Palagi toza xomak shirin qovun boʻlib yetishadi. Arpa sepilgan yerdan hech kim bugʻdoy ololmaydi. Johil ota hukmronlik qilgan oilada tarbiyalangan oʻgʻillar mehr-muhabbat tushunchalarini bagʻriga joylab ololmaydi.

Nega shunday? Nega Odam alayhissalom bilan Momo Havo onamiz zurriyotlari bir xil emas. Xuddi ekin urugʻi aynigani kabi nahotki nasl ham aynisa, zalolatga yuz bursa. Aynigani shuki, Mansur Xallojni asl niyati, mushohadasi maʼnosini tushunmay dorga osdilar. Piri murshid Majididdin Bagʻdodiyning aybi ne ediki, suvga choʻktirdilar. Eng alamlisi, donolar donosi sifatida tan olingan Yahyo bin Muozni oʻz suyukli farzandi boshiga tosh bilan urib oʻldirdi. Nega oqillar johillarga nishon boʻlib qolaveradi. Axir oriflar olamni ilm nuri-la nurafshon etmoqchi, insoniyatga maʼrifat ulashmoqchi, ogohlikka daʼvat etmoqchi-yu, gʻaddor kimsalar hamisha yaxshilik yoʻliga toʻgʻanoq, ezgulik ildiziga bolta urguvchi, saxovat va muruvvat dasturxoniga burun artguvchi boʻlib chiqaverishadi. Hali insoniyat tarixida bironta oqil inson johil banda tagiga suv quymagan, oʻch olmoq qasdida uni qiynamagan. Va shuning evaziga oʻzi nohaq qurbon boʻlib ketavergan. Bu achchiq jumboq yechimini kim topar ekan? Bu ogʻriqli savollarga joʻyali javob aytguvchi bormi? Bu qismat sir-asrorining oxiriga kim yetadi?..

Attor sezdiki, yigit javobga ilhaq. Jilovsiz xayollarini jamlab, unga jilmayib boqdi.

– Ilmni xor qilishdan qoʻrqgaysen, shundaymi? – savolni takrorladi ustoz. Soʻng ohista gap boshladi.

– Unda mana bu rivoyatni eshit: sen kabi navqiron yigit sahobalardan Abu Zarr Fiforiy huzuriga kelib: “Men ilmga oshuftamen, ammo ikki holatdan qoʻrqamen”, debdi.

– Ayt, ilm olishning qaysi holati sen uchun dushvor? – soʻroqlabdi sahoba.

Yigit debdi:

– Birinchidan, ilmga amal qilmaslik, ikkinchidan, uni xor etishdan hadigim bor.

Abu Zarr oʻylanib, shu javobni aytibdi:

– Baribir bu boshni jaholat bilan emas, maʼrifat bilan toʻldirgan foydali.

Yigit javobdan qoniqmay, eng zakovatli va suyukli sahoba Abu Dardoga yoʻliqib, oʻsha savolni oʻrtaga tashlabdi. Abu Dardo uzoq fikrlab, ushbu gapni dilidan tiliga koʻchiribdi:

– Bilginki, inson qay holatda oʻlgan boʻlsa, oxiratda shunday tiriladi. Demak, sen johil boʻlib oʻlgan boʻlsang, johil boʻlib tirilasan. Agar oqil boʻlib oʻlgan boʻlsang, oqil boʻlib koʻz ochasan.

Tolibi ilm endi Abu Xurayra raziyallohu anhuga uchrabdi. U savolini aytib-aytmay turib, sahoba gapni kesib qoʻyibdi:

– Ilm olmasligingning oʻzi ilmni xor etganingdir!

Bu rivoyat Xafifga juda taʼsir qildi. U boshini koʻtarmay uzoq sukutga choʻmdi. Soʻng bir qarorga kelib, hazratga yuzlandi.

– Ey allohning suyukli valiysi, meni oʻz tarbiyatingizga oling, umrbod xizmatingizni qilay. Shoyad qalb koʻzim ochilib, haqni tanisam.

Attor ohista bosh chayqadi:

– Bolam, hargiz meni allohning suyukli valiysi, deb atamagin. Men bor-yoʻgʻi bir qulman. Ishtibohim shuki, qul ikkinchi bir qulga ilm-tarbiya bera olarmikan?

Xafif, ilk bora nigohini nuroniy siymoga tikdi. Shunda vujudida kuchli hayajon, huzurbaxsh, lazzatbaxsh titroq uygʻondi. Oʻzini tutolmay engashib, hazrat jandasi etagini oʻpmoqqa hozirlandi. Biroq avliyo yana uni bu manzamatdan qaytardi.

– Kamtarligingizni yaratgan bilib turibdi. Koshki men sizning qalamingizdan uchgan bir harf boʻlolsam, koshki riyozatingiz yukini yengillatishga ozgina hissa qoʻsholsam. Iltijoim yerda qolmasin, taqsir, busiz boʻynida argʻamchisi yoʻq buzoq kabi butun “oʻtloq”ni payhon eturmen. Oʻz holim va feʼlim oʻzimga ayon. Yoʻq deb bilib-bilmay gunohga botmang.

– Xafif, bolam, asti gunohdan soʻz ochma. Yelkamizda qancha savobu qancha gunoh borligini koshki bilolsak. Aslida shuncha qilmishlarimizga qaramay tik yurganimizning oʻzi moʻjiza…

Endi iltimosingga kelsak. Toʻgʻrisi men murid tutish ilmidan bexabarman. Qoʻrqamanki, oʻz manzilini bilmagan odam sherigini ham toʻgʻri yoʻldan chalgʻitmasmu deb. Shundoq ekan, ilmdan ilgari odob oʻrganmogʻing va bu masalada mendan peshroq ulugʻlar huzuriga bormogʻing durust koʻrinadir.

Shu yerda Xafif qiziqqonlik qildi.

– Ustoz, asli ilm peshmi yoki odob. Qay birining foydasi koʻproq? – Hazrat odaticha koʻzlarini yumib, sukutga choʻmdi. Bu sukutdan maqsad fikrni bir joyga qoʻymoqdan ham koʻra odobning avvali shoshilmaslik ekanligini anglatmoq edi.

– Arablarda Abdurahmon Qosim degan bir donishmand oʻtgan. U aytibdi: “Men yigirma yil imomi Molik xizmatida yurdim. Shundan oʻn sakkiz yilida odob oʻrgandim, ikki yil ilm oldim. Endi taassufdamanki, oʻsha ikki yilda ham odob oʻrganmogʻim afzal ekan”. Uqdingmi, bolam, odobsiz ilm poʻsti yoʻq daraxt, libossiz tanadir. Ilmning avvali odob. Shunga aytadilar-da, olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin deb.

Hazrat shunday deya oʻrnidan turib, yigitning keng peshonasiga lab bosdi.

– Men seni murid deb atashga hayo qilurmen, ammo bugundan eʼtiboran doʻstimsan. Bilki, doʻstlik zahmati muridnikidan kam emas. Ibn Xaddod demishki, doʻstlikdan maqsad foydalanish va foydalantirishdir. Afsus, ayrim doʻstlar bu iboraning keyingi fikrini yoddan chiqarib qoʻyurlar.

Xafif ustoz yonida qoldi. Bu yelkadoshlik pirga ham maʼqul tushdi. Endi uning tahoratiga suv keltiradigan, obiyovgʻon tayyorlaydigan, qoralamalarini jon-dili bilan tinglaydigan sherik topilgandi. Biroq bu doʻstlik ortidan ozgina besaranjomlik ham yuzaga kelganligi keyin oydinlashdi. Gap shundaki, Xafif yumush ila pastga tushganida hazratning qarorgohini ayrim muxlislariga gullab qoʻyibdi. Shu bilan yoz ichi tinchlik-osoyishtalik hukm surgan sayhonlikka endi bitta-ikkitadan ziyoratchilarning qadami yetib keldi. “Nodon doʻstdan aqlli dushman afzal” deganlari shu-da”, ichida oʻyladi hazrat. Ammo bu iddaosini tiliga chiqarmadi. Ikkinchi tarafdan baribir qilichini yalangʻochlab qish yaqinlashayotgandi. Xohlasa-xohlamasa pastlikka tushishi muqarrar. Tez orada shunday boʻldi ham. Birinchi qor choʻqqilarga ingan kunning ertasi Shodiyax yaqinidagi chekka qishloqda qurilgan yangi xonaqoga koʻchib oʻtdilar. Bu safar Xafif ustozi haqida birovga churq etib ogʻiz ochmasligi toʻgʻrisida jiddiy ogohlantirildi…

 

 

13

…Hazrati Attor savma ichidagi boʻyraga tiz choʻkdi. U doimo shu holatda joylashar, koʻp ibodati bois tizzalari tuya tuyogʻiday qavarib ketgandi.

– Xoʻp, bugun kayfiyatim chogʻ, koʻnglimni yoza qolay…

…Ustozning hikoyasi shogirdga qattiq taʼsir qildi. U suhbat davomida goh yigʻladi, goh chehrasiga tabassum qoʻndi, goh chuqur oʻy-xayollar ummoniga gʻarq boʻldi.

– Mana, bu yogʻi oʻzingga ayon, oʻsha togʻdagi uchrashuvimizdan buyon oradan oʻttiz yil oʻtibdi. Oʻshanda men paygʻambar yoshida, sen esa yigirmadan oʻtib-oʻtmagan boʻz yigit eding. Bugun toʻqsonni qoralab oʻtiribman, sen ham yarim asr zahmatini chekibsan. Qara, oʻttiz yilki, bir nafaschalik salmogʻi yoʻq. Shuni aytadilar-da, umr oqar daryo deb.

Xafif qumga koʻmilgan meshdan muzday suv quyib piriga tutdi.

– Ustoz, soʻnggi mushohadangizga shubham bor.

Hazrat qoʻlidagi kosani boʻyraga omonat qoʻyib, muridiga qattiq tikildi.

– Anglamadim, ochiq soʻyla!

– Siz oʻttiz yil salmogʻi bir nafasga teng emas dedingiz. Fikri ojizimcha, sizning “bir nafaslik” ijodingiz oʻttiz yil salmogʻiga sigʻmas, hayotingiz yoʻl va yozuv bilan oʻtmoqda, ammo hech oʻzingizga rohat-farogʻat tilamaysiz, shiddatingiz nashʼasi soʻnishiga imkon bermaysiz, tanni orziqtirib, jonni qiynaysiz.

– Bolam, bunchalar yengil oʻylama. Qachonki tan azoblanur, shunda ruh rohat olur. Yodingda tut, inson to oʻzligini va oʻz ilohini tanimasa, u chin inson emas. Oʻzligini tanimagan kishi qurt-qumursqa, parrandayu darrandaday gap: tugʻiladi, yeydi, koʻpayadi va oʻladi. Inson esa bu dunyo qudugʻidan qutulib, olamni quchishi darkor. Bunga ilohiy maʼrifatni egallash, hikmat va bilim orqali erishiladi.

Ilohiy maʼrifat koʻngil jomida toʻlib, kishini mast etadi va qanoatlantiradi. Koʻzingni kattaroq ochib qara, dunyo xuddi qaynab turgan qozonday joʻshib-toshib turibdi, sen ham shu qozon ichida qaynayapsan. Asosiy maqsad shu qozonda pishib yetilish va “jonni janonga qoʻshish”dir. Shunda quduqdan qutulib, ilohiy saodatda oʻzligingni qayta ayon etasan.

Ustoz oʻz fikrlari taʼsirida beixtiyor xayol daryosiga gʻarq boʻldi. Shunday shirin nasihat taʼmi koʻnglidan koʻtarilmagan murid uni “uygʻotmoq” umidida gap qoʻshdi.

– Siz menga “Javharuz zot” mohiyatini anglatyapsiz. Ammo necha bor mutolaa qilishimga qaramay undagi majoziy timsollar mohiyatini anglamoqqa quvvai hofizam yetmaydir.

– Sen haqsan. Bu kitob tilsimi bor.

– Nahotki shunday? U holda oʻsha tilsimni nega mendan yashirursiz?

– Bu yashirilmaydigan, qalb koʻzi ochiqlar darhol topadigan siru asrordir. Yaʼni, “Javharuz zot”ni bilmaklik ibtidosi Mansur Xalloj asarlarini oʻrganmoqdan boshlanur. Men maʼnaviy pirim aytgan fikrlarni aql tarozusiga solib, mutaassiblar gʻazabini junbishga keltirmaydigan tarzda yoritdim, xolos. Shunda ham haqiqatni anglatmoq qanchalar ogʻir va mashaqqat ila kechayotganligi oʻzingga ayon.

– Pirim, oʻsha misralar sizning lutfingizdan oʻzgacha jaranglashiga necha bor guvohmen. Andisham shundaki, magʻzi toʻla yongʻoqning magʻzini bilolmay hasrat oʻtida qovurilamen. Yongʻoq qoʻlimda, ammo mazasini totiy olmasam bu neʼmatdan menga ne naf tegur?

Ustoz odaticha bu munojotni jimgina tingladi. Soʻng savma peshtoqiga qistirilgan tanish daftarga qoʻl uzatdi. Kerakli sahifasini ochib, yana boyagi joyiga kelib oʻtirdi.

– Quloq sol, nahotki oʻz tilingda bitilgan ashʼor qalbingga kirib borsa-yu, lek uni yoritmasa: “Analhaq” – “men haqman” degan boshini kesdi, endi bu doston ogʻizlarda yuribdi. Ey doʻstim, “analhaq” degan odam haq boʻldi, chunki kulliyatni istab, yagonalik koʻrsatib, haq doʻsti boʻldi. “Analhaq” dedi va buni oshkora qildi, natijada oʻzini-oʻzi pora-pora qildi. “Analhaq” deb birlik-vahdatdan soʻz ochdi, darhaqiqat u haq edi va hech shubhaga bormay haq dedi: “Analhaq” deya dunyodan oʻtdi, bunda uning nomi abadiy qoldi”. Nahotki shu soʻzlar maʼnosini chaqish senga ogʻirlik qiladur?

Xafif yosh yigitlarday ne deyarini bilmay oyogʻi ostidagi qumga tikildi. Shu topda u tafakkur doirasi qanchalar cheklanganligidan afsusda edi. Biroq ojiz banda bu idrok zaifligida allaqanday tashqi kuch taʼsiri, yana ham aniqrogʻi, shayton qutqusi bor degan ishtibohdan iztirob chekardi. Oʻylab-oʻylab diliga kelgan fikrni tiliga koʻchira qoldi.

– Taqsir, agar Mansur Xalloj haqidagi ichki kechinmalaringizni, uning taʼlimoti toʻgʻrisidagi qarashlaringizni majoziy timsollar orqali emas, soddagina ifodalaganingizda ehtimolki bizday chalamuridlar ham ulugʻ ustozning ilm oftobidan bahramand boʻla olarmidi?

Hazrati Attor yillar mobaynidagi suhbatdoshlik, yoʻldoshlik asnosida shogirdining xom-xatala savollariga oʻrganib qolgandi. Bunday paytlarda u imkoni boricha masala mohiyatini keng va atroflicha uqdirishga kirishar, qorongʻi boshini ilm nuri ila charogʻon etishga bel bogʻlardi. Buning boisi shuki, shayxlar oʻz atroflarida toʻplangan muridlariga tariqot maqomi va hol manzillari, nuzuliyat siru asrorini kashf etishning fazilati va mushkuloti xususida vaʼz-nasihatlar qilayotib, maʼrifatni tushuntirar ekan, ora-orada sheʼriy parchalar yoki ixcham hikoyatlarni misolga keltirib oʻtar, tinglovchilar esa bundan ruhlanib, pirning tafakkuri sarchashmalarini chuqurroq anglar edilar.

Ammo Xafifga ana shu iqtidor, taʼsirchanlik va zakovat noqisligi pand berardi.

– Bolam, – deya yuzini shogirdiga burdi hazrat. – Paygʻambar alayhissalom bekorga sheʼrda hikmat bor, deb marhamat qilmaganlar. Ashʼor yurakning munojoti, kuyi. Bu kuyni anglagan odam zavq-shavqqa toʻladi, haq ila botilni tezroq ajratadi. Bir men emas, silsilayu sharifda nomi zikr etilganlar, tasavvuf osmonida yulduzday porlagan shayxlar ham shu usuldan foydalanishgan.

Shogird uchun tarki odat-amri mahol edi, yana shoshib gapni boʻldi.

– Hatto, Mansur Xalloj hammi?

Yaxshiki bu shakkoklik oʻz xayoloti ummonida suzib yurgan pir dilini ranjitmadi. Yoshi ulgʻaygani sayin bandai moʻmin tabiatidagi zararli illatlar – jizzakilik, jahldorlik, araz, koʻngil ogʻrishi kabi qusurlardan mosuvo boʻladi shekilli. Hozir hazrat ham xuddi onadan yangi tugʻilgan chaqaloq kabi begʻubor, dunyo tashvishlaridan xoli, aniqrogʻi, rasuli akram fazilatlarini oʻziga singdirgan beozor va bexarxasha nuroniyga aylangandi.

– Mansur Xalloj shu anʼanani qoʻllab-quvvatlagan zotlardan. Nazdimda bu ibrat Hasan Basriy va Robiya Adoviya onamizdan boshlanur.

Keyinchalik Boyazid Bistomiy, Abusaid Abulxayr, Abdulloh Ansoriy, Abulhasan Haraqoniy, Najmiddin Kubro kabi buyuk zotlar goʻzal bir tarzda davom ettirishgan.

– U holda nega zimmamga oz vazifa yuklagansiz, nega ulugʻlarning asarlarini oʻqishga, oʻrganishga buyurmagaysiz?

– Xafif, bolam, ilohiyotda avval amal, soʻng ilm deyilgan. Aqlli odam narvonga bitta-bitta bosib chiqqay, aks holda uning soʻnggi zinasiga yetolmagay. Men yuqorida muborak nomlarini zikr etgan ustozlar ilmi irfon quyoshi, samoʼ majlislarining shirin zaboni, amal otining chavandozi sanalurlar. Men oʻzim boʻylamagan samoga qay yuz ila seni chorlagaymen.

– Taqsirim, shu yoʻlga otlanganimga oʻttiz yil boʻlibdi, sizniki undan ham ortiq. Haqni qidiramizu manzili koʻrinmaydi, loaqal sharpasi sezilmaydi. Bu holat umidni soʻndirmagaymi?

– Aslo, inson oʻz oldiga qoʻygan pok niyati uchun umr boʻyi intilgay. Sen ilohiy sharpa haqida soʻz ochgaysan. Qiziqki, bitta yongʻoq magʻziga tishi oʻtmagan ojiz banda allohning asroriga nazari yeturmi? Bu ishtibohingda shubha bisyor, bolam.

– Odam bolasining idrok etish qobiliyati asl maqsad – alloh haqiqatini anglashdan ojiz ekan, nega unda u boshqa hayvonlardan afzal atalur?

– Ajab, dunyo yaratilmishki, shu soʻroq koʻp bora, turli odamlar tomonidan qayta va qayta takrorlanur. Bilsang, Iskandarday sohibqiron ham bu savol bilan oʻz ustozi Arastu hakimning aqlu hushini oʻgʻirlagan.

– Demak, mening savolimga oʻsha davrdayoq javob topilgan ekan-da?

– Shunday. Arastu hakimning fikriga koʻra, “Inson hamma narsani idrok etishga qodir. Hayvonlarda esa bu xususiyat yoʻq. Shuning oʻzi uni hayvondan farqlash uchun yetarli emasmi?”

– Siz ham shu javobni oqlaydursizmi?

– Albatta, isbot talab etilmas haqiqatni isbotlashga urinish oʻsha haqiqatga shubha uygʻotadi.

– Shundayku-ya, oʻzi bilishi zarur boʻlgan xilqatga tishi oʻtmasa, bunday ong-tafakkurning pista poʻchogʻidan ortiq qadri bormikan?

– Yana adashyapsan, bolam. Xoʻp mayli, quloq sol. Odam chindan ham oʻzida yashiringan xazinani bilishdan ojiz, chunki bu tilsim uning aql-zakovatidan yuqori, baland turadi. Ammo bilmasligini bilib, bu maqsadga idroki yetmasligini anglashning oʻzi buyuk fazilat. Bilmasligini bilish ham bilim, yaʼni yuksak tafakkur, zehn, aql-idrok hosilasi emasmi?

– Bu tushunarli. Lekin bilim va bilmaslik chegarasi qaysi mezon bilan oʻlchanadi. Inson bir xil mavjudot. Lekin men oʻz tushunchamni sizning darajangizda deb bilishim borib turgan nodonlik boʻlur edi. Modomiki shunday ekan, nega yaratgan egam barcha yaratilguvchilarni bir xil aql-idrok, bir xil zehn-farosat ila siylamadi?

– Bolam, nega shakkoklik qilasan? Nega aqling anglagan haqiqatni qalbing tan olmaydi? Axir beshikda yotgan ikki goʻdak zakovatida farq bormi? Aslo! Endi mushohada qil. Qabrdagi ikki kalla suyagiga boqib, kim sultonu, kimi gado ekanligini ajratishga qodirmisan? Yoʻq! Chunki alloh barchamizni bab-baravar, teng yaratgan va roʻzi mahsharda ham shu mezon buzilmagay. Barcha buzgʻunchilik, chalkashlik shu omonat dunyo xiyla-nayrangi, odamzotning tutgan tutumi. Kimdir aql taniganidan quvonib, uni toʻygʻazadi. Kimdir aql taniganidan foydalanib, nafsini semirtiradi. Nafs semirib toʻlishgach, oʻz xaloskori hisoblangan aqlni boʻgʻib oʻldiradi yoki hibsga olib, koʻz ochishiga imkon bermaydi. Buning uchun azizu mukarram inson xudodan gina qilishi kerakmi yoki oʻzidan? Aqli sogʻlom zot yaxshilikni ham, yomonlikni ham taqdiri azal hukmi deb biladi. Yomon odam esa, yogʻ ichganida sevinib, qon kechganida zamonni, qismatni laʼnatlaydi…

Hazrati Attor shu iboralarni dona-dona qilib taʼkidlar ekan, joyidan ogʻir qoʻzgʻaldi.

– Ana koʻrdingmi, ikki kun oyoqqa dam beruvdik, bugun yurishga unamay turibdi. Aql ham shunday, boʻsh qoʻysang sira ishlagisi kelmaydi, aqlni doimo charxlash lozim. Boltaning beti qaytsa oʻtkirlash oson, aql oʻtmaslashsa inson holiga voy, bolam. Qani endi yoʻlga otlanaylik, ilohim bosgan qadamimiz bizlarni oʻziga yaqinlashtirsin…

 

14

Sahro chekindi.

Oʻlik yuziday rangsiz adirlar, qiru oʻrlar ortda qoldi. Tabiat chiroy ochgan kelinchak misol jonlana boshladi. Olisdan billur tasma kabi jimirlab oqayotgan soy koʻrindi.

– Hazrat, necha yilki sarson-sargardonlikda kun kechirdik, muborak Kaʼbatullohni ziyorat qildik, shukurki bugun vatan sarhadi koʻrinur, – dedi Xafif.

Farididdin Attor bu paytda yuzdan oshgan, soch-soqoli qirovday oppoq, koʻzlari kichkina ixchamgina nuroniyga aylangan edi. Ammo vujudini hali ham kuch-quvvat, miyasini aql-idrok, qalbini joʻshqin tuygʻular tark etmagandi.

Ular yana bir kecha yurishdi. Shahar ostonasidagi oʻsha tanish togʻ, togʻ yonbagʻridagi qalin daraxtzor oʻrmon, qushlarning turfa ovozdagi nolayu figʻoni hamon boyagiday edi. Ne ajabki, vaqt butun bir yoshlik-navqironlik, butun bir umrni yutmoqqa qodir boʻla turib, tabiat chehrasiga sovuq nafas urolmabdi. Alloh asraganda xavf-xatar chikora.

Ular daraxtlar soyasidagi yumshoq giyohlar ustiga oʻtirib nafas rostladilar. Endi Xafif avvalgiday kuchli, chaqqon emasdi. U ham suvi qochgan chol qiyofasiga kirib ulgurgandi. Ehtimolki, bu har ikkala moʻysafidning soʻnggi safari boʻlib qolar.

– Ustod, – dedi u koʻzlarini yumganicha muroqabaga (qalban allohni oʻylamoq) yuzlangan hazrati Attorga oʻgirilib qarab, – xurjunlarimiz yozuv-chizuvlarga toʻldi, ne-ne valiylar hayoti qogʻozga tushdi, endi nafas rostlab, dam olmoq fursati ham yetgandir.

Piri murshid bu savolni javobsiz qoldirdi. Zotan u mudroq bir holatdan chiqolmayotgan kabi sokin oʻtirardi. Xafif bemavrid savol berganidan xijolat chekdi. U gaplarim ustoz qulogʻiga kirmagandir, degan ishtibohga ham bordi. Ammo bu xato fikr edi. Haqqa tavajjuh qilayotgan zotning butun vujudi sergak turishini u xayoldan qochirgandi. Nihoyat murshid oʻziga kelib, angishvonaday mitti koʻzlarini ochdi.

– Xafif, koʻp nuqsonli savollar berursan, – dedi xiyol norozi ohangda, – tirik jon bu dunyoga dam olmoq uchun emas, riyozat gʻamida kelganligini hanuz anglab yetmading. Sen oʻylaysanki, bizning ibodat va taqvoimiz alloh diydorini koʻrmoq uchun kifoya deb. Bunday shubhali oʻydan oʻzi asrasin.

Shogird oppoq soqolini tarashlab, oʻz fikrini oydinlashtirmoqqa chogʻlandi.

– Axir yoshingiz ham bir joyga borib qoldi…

– Ibodat va tavakkulga yoshning qanday aloqasi bor? Shukurki, qoʻl-oyogʻimiz soppa-sogʻ, aql-idrokimiz tiniq. Bilsang, bu neʼmatlar faqat oxirat ziroati uchun atalganki, bir nafas fursatni boy berishlik qiyomatga qadar pushmon otligʻ libosni kiyib yurishlikka sabab boʻlmogʻi mumkin… Ha, aytmoqchi, men senga adashing Abu Abdulloh Xafif haqida soʻylab edimmi?

Xafif joyidan sudralib, ustozga yaqinlashdi.

– Yoʻq hazrat, rosti, xotiram zaifligidan sira eslay olmayapman.

– Hazrati Abu Abdulloh Xafif (qodasillohu sirrahul aziz) shayxlar shayxi edi. Mashoyix ilmida kitob tasnif etibdir. Oʻzi bekzoda edi. Hazrati Abu Muhammad Ruʼyam ibni Ato va hazrati Junaydni koʻribdir. Ul zoti sharif bilsang, bomdod namozidan soʻng keyingi kechaga qadar ikki ming rakaat namoz oʻqir edilar. Vafotiga qadar qirq bor chilla oʻltirgan. Aslida har toʻrt yilda bir marta chilla oʻltirishlikni ixtiyor etgandilar. Soʻnggi chillasida dunyodan koʻz yumdi.

Bu muhtaram zotni eslamoqdin maʼni shuldirkim, shayxning bir oʻgiti sening savolingga malham kabi javob boʻlur.

– Butun ixtiyorim izmingizda, pirim.

– Unda quloq sol, – dedi hazrat hamon nozik gavdasini qimirlatmay, – Abu Abdulloh aytar:

– Bir kuni: “Misrda muroqaba va tavakkul bila oʻltirgan bir pir va bir yigit bor”, deb xabar berdilar. Ularni ziyorat qilmoqni dilimga tugib, yoʻlga otlandim. Koʻrdim. Qiblaga koʻz tikib oʻltirishardi. Salom berdim. Zikrdan boʻshamadilarki, salomimga javob bersalar.

– Oʻshal topinganimiz alloh haqi! Men tomonga bir boqing, muborak chehrangizni koʻray, – dedim. Ul yigit koʻz qiri ila menga qaradi:

– Ey Abdulloh! Bu dunyo bir soatlikdir. Shu bir soatni ham besamar oʻtkazmaylikmi? Ozgina fursat ichida koʻproq nasiba olmoqqa intilmaylikmi?

Oʻsha payt och va charchoq holatda erdim. Ularni koʻrib bu ranjlar dil va vujudimdan aridi, jonim tinchlandi… Sen esang meni nuqul hordiqqa chorlaysan, maqsaddan chalgʻitasan.

– Maʼzur tutgaysiz, hazrat, men oyogʻim ostidan narini koʻrolmay hasratdaman.

Xafif yoshligidagi kabi bir muddat koʻzlarini yerga tikib, uyalganini bildirmaslik tadorigini koʻrdi. Soʻng, birdan xayoliga kelgan fikr miyasida chaqmoqday yorishdi-yu, xijolatpazlikni ham unutib, ustoziga nigoh burdi.

– Kechirgaysiz, Abu Abdullohni Muhammad Ruʼyam, Ibni Ato va Junayd hazratlari suhbatiga ergashganidan boshi koʻkka yetgan ekan, oʻshal allohning valiylari kimlar edi?

Hazrati Attor qoʻl ishorati ila daraxt shoxiga ilib qoʻyilgan xurjunni koʻrsatdi. Murid uni Murshidiga keltirib berdi. Xurjundan moviy rangli daftar olgan hazrat uni uzoq varaqladi. Soʻng kerakli sahifasini ochib, oʻqimoqqa tutindi. Avval koʻzlarini yummay oʻziga tikilgan hamsafariga bir qarab qoʻydi.

– Eshit, Bagʻdodda Junaydni “haqiqat ahlining sultoni” deb atardilar. Oʻzi oriflar orifi Sirra Soqotiyning muridi va jiyani edi. Muborak haj ziyoratiga ham shu togʻasi olib borgan.

Oʻshanda yetti yoshli bola edi. Keyinchalik katta martabalarga erishdi. Togʻasi doimo “Junayd mening muridim, ammo muomala bobida mendan ortiq” deya eʼtirof etgan. Qirq yil xufton tahorati bilan bomdod namozini oʻqidi. Doimo roʻza tutar edi. Lutflarida maʼno va mantiq kuchli edi. Qara, ustoz nima debdilar?

– Insonni yoʻldan uruvchilar koʻp, eng qoʻrqinchlisi: makr, qahr va xushomad sanalur.

Yana aytdiki:

– Orifning yetmish maqomi bor. Bittasi – hargiz bu jahon murodini tilamaslik; oqil uldirkim – yolgʻizlikni sevar. Uzlat ikki qismdir: bittasi – xalqdan, ikkinchisi esa – nafs istaklaridan mosuvolik.

– Sodiq uldirki, oʻziga ziyon yetadigan joyda ham toʻgʻri soʻzlagay…

Shu soʻzlardan soʻng hazrat qoʻllarini duoga ochib, Junayd Bagʻdodiy haqiga ikki dunyo saodatini tiladi.

Bu vaqtda Xafifning maʼnaviy chanqogʻi oʻn chandon ortib, yana ustoz lutfiga ilhaq koʻz tutardi. Bu ilhaqlikni orif sezdi:

– Abu Muhammad Rumʼyam chindan ham Junaydning yoronlaridan edi. U fiqh, tafsir va Qurʼon ilmida yagona hisoblangani bois Junayd uning huzuriga oshiqar, suhbatiga mushtoqlik sezardi. Ul zot haqida shunday rivoyat eshitibman: “Andoqki, Rumʼyam hazratlari joni chiqayotgan onda kular edi. Jonini taslim etdi. Oʻsha qiyofasi oʻzgarmadi. Tabib uni tirik deb oʻyladi. Qoʻlini nafasiga tutdi. Ul hazrat esa allaqachon haqqa yetishgan edi”. Yodingda tut, allohning sevikli bandalari uchun oʻlim oliy bir tuhfa sanalur.

Uning bir lutfini eslaturmen. Debdi: “Ixlos – oʻqigan namozing va boshqa toatlaring uchun ikki jahonda ham evazini tilamaslikdir”. Ajabki, bul zamon kishilari namozda dunyo tamasini qoʻymaslar, soʻrarda boylik, mol-mulk neʼmatini tilidan tushirmaslar, ibodati evaziga goʻyoki allohni qarzdor qilganday manzarat kutgaylar. Oʻylab oʻyimga yetolmasmen, bu tirik maxluqot nega koʻpi qolib, ozini soʻrayotganiga aqli yetmas…

Xafifning koʻzlarida hayrat zuhurlandi. Ne tongki, u tez taʼsirlangani barobarida zavq-shavqi ham tez bosilar, xuddi qaynayotgan qozonga suv quyilgan kabi parishonlik butun vujudini egallab olardi. Ana shu ilm tanballigi komillik maqomiga koʻtarilishiga toʻsqinlik qilib, quvvai hofizasi teranlashishi, qalbiga nur inishiga monelik koʻrsatardi. Baʼzan har bir hikmat va rivoyatni jon-qulogʻi ila tinglab, hadsiz qiziqishini toʻxtatolmas, gohida eshitganlarinida tezda yodidan chiqarib, bu yoʻqotish zalvarini sezmay yana xotirjam yuraverardi. Muhimi u kuni oʻtayotganligidan, shunday halim va sabrli zot xizmatiga yarayotganligidan boshi osmonga yetib quvonar, oʻzgacha hayotni tasavvuriga sigʻdirolmasdi. Chunki ularni nainki kunlar va oylar, balki uzoq yillar silsilasi bir-birlariga poʻlat zanjir kabi oʻrab-chirmab tashlagan edi.

– Pirim, bilamen, siz toliqdingiz. Ammo ibn Ato haqida ikki ogʻiz tashbeh eshitmagunimcha koʻnglim toʻlmas. Alloh umringizni-da, ilmingizni-da ziyoda etsin, ne-ne avliyolar lutf kalomini, tariqatini avlodlar ilkiga tutmoqdasiz.

Hazrat bir tebranib, muridiga gʻalati qaradi.

– Yana hamd-sano! Bu illatdan tiriklik chogʻi qutulmoq umiding bormi?

Hafifning mehri oftob yangligʻ ufurib, tilining jilovi yechildi.

– Tarki odat-amri mahol. Boz ustiga kimgadir illat tuyulgan bu odat menga ziynat. Axir es taniganimdan buyon etagingizdan mahkam ushlab kelmoqdamen. Bilganim yolgʻiz allohu, uning valiysi hazrati Attor. Shunday boʻlgach, yana kimga maqtov yogʻdiray, mehrimni kimga sochay. Mana shu qarshingizdagi togʻlar guvohligida sizga qoʻl berganim yodimda. Aylanib, oʻrgilib yana shu joyga qaytibmiz. Illo, armonim shul edi, tanimni ona tufrogʻim bagʻriga olsa, degan niyat menga osoyish bermasdi. Shukurki, shahrimiz ostonasida turibmiz, buyogʻi yana oʻziga havola. Ammo soʻnggi nafasimga qadar xizmatingizdan chekinmayman.

Ustoz muridining gaplaridan taʼsirlanganini sezdirmaslik ilinjida boshini qalin muqovali kitobidan koʻtarmay uzoq oʻyga toldi. Soʻngra xayol ummoniga shoʻngʻigan shogirdiga yuzlandi.

– Koʻnglingdagi tilaklaring roʻyobga chiqishiga robbim yengillik bersin. Endi eshit, ibn Ato ne debdur: “Botin – haq nazirgohi, u faqat poklikka loyiq. Har kimning koʻnglida oxirat andishasi boʻlmasa, shubhasiz, shayton uni oʻlgunicha dunyo andishalari bilan mashgʻul etar. Har kimki, adabdan mahrum qoldi, barcha yaxshiliklardan ajraldi…

Bir kuni ibni Ato hazratlari yoronlaridan soʻradi:

– Odam yuksak martabaga qay tariqa erishgay?

– Kimi toat bilan, kimi mushohada bilan, kimi riyozat bilan, kimi sadaqa va ehson bilan… dedilar. Oʻzlari esa:

– Yaxshi feʼl-atvor bilan erishgay, – deya lutf etdilar.

Mana bu rivoyat ham ibrat sandigʻiga oʻxshaydi.

– Shayx ibni Ato hazratlarining oʻn oʻgʻli bor edi. Azim va koʻrkam koʻrinishli, jamoli xush, feʼli ochiq yigitlar sifatida tanilgandilar.

Bir kuni otalari bilan kelishayotganda sahro ichida qaroqchilar qoʻliga tushdilar. Betavfiqlar toʻqqiz oʻgʻilning boshini kesdilar. Har gal ibn Ato muborak yuzini koʻkka tutib, “shukur, sendan kelgan qazoga shukur”, der va kular edi. Qolgan bittasini ham tutib, koʻzini bogʻlashdi. U:

– Sen otamizsan, bizni koʻz oʻngingda bitta-bittadan soʻyishdi, bir ogʻiz soʻz aytmading! Yana kulib, shodlik koʻrsatyapsan! – dedi.

Shunda ibn Ato hazratlari:

– Ey oʻgʻlim! Bu ishni qilgan ul podshohga (tangri taologa) soʻz aytmoq yaramaydir! Zero, u holimizni koʻrar va eshitar. Kuchi yetgay ediki, sizlarni saqlashga. Men bunda ojiz bandaman. Uning ishiga ne soʻz aytaman? – dedi. Qaroqchilar sardori bu soʻzlardan qattiq taʼsirlanib, oʻgʻlini qoʻyib yubordi.

– Ey pir! Agar shu munojotni boshida aytsang eding, bironta oʻgʻling oʻlmasdi, – dedi.

Ibn Ato hazratlari:

– Bu shundoq yozilmish edi. Qismatga daʼvo yoʻq! – deya javob qaytardi.

– Qismatga daʼvo yoʻq, – negadir xomush takrorladi Xafif. – Agarchi shundoq boʻlmaganida ehtimolki hayotimiz oʻzgacha kecharmidi, biz ham boshqalar kabi bola-chaqa orttirarmidik.

Hazrati Attorga bu tavallo yoqmadi. Lekin shogirdning bot-bot fikrdan adashib qolish odatini bilgani bois bu zorlanishiga ortiqcha urgʻu bermadi. Shuning barobarida oʻz davrida xalifalikka unamagan muhtaram zot Sufyoni Savriyning eʼtirofini xotirladi. Va shu zahoti bu xotirot xayolidan koʻtarilmay daftariga muhrlandi. Rivoyat mazmuni qogʻozga shunday tushdi.

“Sufyonning yoshlik chogʻida beli bukilgan edi”.

– Bu nedandir? Tugʻishganlaring barchasi tik, adl qomatli, bunday nuqson boisi nedur? – deya soʻrashdi undan. Sufyon javob berdi:

– Foyat olim bir ustozim bor edi. Undan ilm oʻrganardim. Bu zotga mavti (oʻlim) holati yaqinlashdi. Men boshini ushlab oʻltirardim. Nogah koʻzini ochib aytdiki:

– Ey Sufyon! Koʻryapsanmi, meni nima qilurlar? Ellik yilki odamlarga dars beraman, xalqni toʻgʻri yoʻlga boshlayman. Endi bu zamon meni kerak emassan deydilar… Har qancha imon talqin etmayin, unamadi. Bir gina tufayli dunyodan beimon ketdi. Endi buni koʻrgan kishining beli bukilmay nima qilsin?! – dedi u.

Xafifning ozorida ham shunga oʻxshash gina zohir. Ishqilib alloh uni imondan ayirmasin.

Piri komil beixtiyor munkillagan shogirdiga koʻz tashladi. Voajab, u keksa archa ostiga joynamoz yozib, nafl namozi oʻqimoqqa tutingandi. Odatda u hech qachon ustozidan avval, ibodatga mashgʻul boʻlmasdi. Hozirgi xatti-harakati anchayin eʼtiborli va qaysidir maʼnoda tushunuksiz edi.

Shayx unga halal bermaslik uchun yana bitiklariga koʻz yugurtirdi. Shu paytga qadar mingga yaqin aziz-avliyo haqida maʼlumotlar toʻplabdi, ayrimlarini daftariga tushirib ulgurdi. Biroq hali qiladigan yumushi koʻp. Oʻziga qolsa yurtga qaytmay yana Shomu Iroq oraligʻida dunyo kezmoqqa ragʻbati bisyor edi. Ikkinchi tarafdan shu toʻplagan rivoyatu naqllarini jamlab, ularga tartib bermoq zahmati ham ancha vaqt olmogʻi tayin. Umr esa oʻz intihosi sari jadallayapti. Ana shu mulohaza uni navbatdagi haj safarini ortga surib, Nishopurga yoʻl solishga undagani aniq edi. Maqsadi ota qoʻrgʻonini tiklab, xonadon chirogʻini yoqib, umrining oxirgi damlarini oʻzi uchun azizu mukarram sanalgan Shodiyax qishlogʻida umrguzaronlik qilish edi.

Zohiran oʻylansa Xafifning boyagi andishasida adolat ruxsori koʻringanday tuyulur. Aslida-chi? Aslida bu riyodan oʻzga narsa emas. Yurt kezinmoq, musofirlik ranj-alamini totmoq asnosida dunyo neʼmatiga yetishmoq muddaosi zuhurlansa, bilingki, bu eng oziga daʼvogarlikka rozilik alomatidir. Iskandar kabi kurrai zaminni kaftiga joylashtirgan kimsa ham alalxusus yorugʻ dunyoda juda kam boylikka koʻnganligini oʻlimidan keyin anglaydi. Omonat olam huzur-halovatidan kechgan oqimning niyatida buyuk maqsad yotadi. Yaʼnikim, bu maqsad oxiratda haqqa yetishmoq saodatidir.

Afsus, niyat ila qismat mezoni farqiga bormay, mansab, amal, dunyo uchun imonidan yuz oʻgiradiganlar qancha? Nafs gapiga kirib, odamiylik qiyofasini yoʻqotishdan qoʻrqmaydiganlar davrning quli, yana ham aniqrogʻi, nuqsidirlar. Qozikalonlar, amaldorlar, amirlar va shu kabi omonat dunyo tuzogʻini toju taxt deb bilganlar omonat narsa uchun chin dunyosini alishtirgan nodonlar hisoblanadi. Aks holda Sufyoni Savriy: “Harom mol topmoq qiyomat hisobiga ishonmaslikdir, kimki qiyomat hisobiga ishonmasa, kofir boʻlur”, deya ogohlantirmas edi.

Millatning chirogʻi – imomi jahon nomini olgan Abu Hanifai Kufiy hazratlari hech orasini uzmay oʻttiz yil roʻza tutgan edi. Butun ramazoni sharifda oltmish martadan ortiq, umri mobaynida yetti ming marta Qurʼon xatm qilgandi. Ellik besh bora Kaʼbatullohga borgan va oʻttiz jildli “Mabsut” asarini yozib, oltmish toʻrt mingdan ortiq fatvo bergan buyuk zot, qozilik martabasidan koʻra, oʻlimni afzal bilganida qanday hikmat zohirligini anglamagan insonlardan yana nima kutmoq joiz.

Toʻgʻrisi ham shu: bu dunyoda koʻngil tusab, qoʻlga ilinguday nima borki, aqlli odamning unga mayli ortsa… Bu dunyoning sirti goʻzal, xolos, botini esa aldamchi, chirkin va jaholatga botib ketgan.

Shul vajdin Abu Turob Naxshabiyning muridi Hamduni Qassor aytmish:

– Har kim oʻzini ustun qoʻysa, firʼavndan battar boʻlur. Har kimki dunyo talabi bilan boʻlsa, oxirati xor boʻlur. Har kimki dunyoni xor tutsa, dunyo ahli uning koʻziga ulugʻ koʻrinmas. Har kimki musibatga koʻnib sabrni unutsa, alloh bilan jang qilgan boʻlur…

Shu topda hazrati Attor boshini quyoshdan yashirgan daraxt soyasi qisqarib, oftob zabtiga ola boshladi. Ana shundagina ustoz oʻz “xazina”siga andarmonlikda vaqt nafasini sezmay qolganligini angladi. Nahotki asr namozi xayolidan faromush boʻlmish. Nega Xafif bunchalar jim, nega ustozini ogohlantirmadi?

Piri murshid daftarlarini ehtiyotlab xurjunga joylagach, shogirdi ibodat qilayotgan tomonga yuz burdi. Xafif sajdaga bosh qoʻyganicha miq etmay turardi. Hazratning vujudini ajib xavotir egalladi. “Ishqilib, uxlamagan boʻlsin-da!” U shu mulohaza bilan qalin oʻt-oʻlanlarni bitta-bitta bosib, tanasi tilim-tilim bahaybat archa daraxti tomon yurdi. Qoʻli bilan Xafifni uygʻotmoqqa chogʻlandi. Ozgʻin panjalari yuragiga yaqin shogirdining chakkasiga tekkanida yuragi shuv etdi.

– Xafif, tur oʻrningdan!

Shogirddan sado chiqmadi.

Shunda u, namoz odobiga xilof boʻlsa-da, ibodat sohibining peshonasidan ushladi. Shunday issiqda ham peshona muzday edi.

Hazrati Attorning diliga choʻgʻ tushdi. Ne baxtki, necha yillik dardkashi, hamsuhbati, doʻsti va birodari Xafif oʻz yurti ostonasida joynamoz ustida huzuri muborakka ravona boʻlgandi. Ne baxtki, unga aynan shunday oʻlim nasib etibdi. Demak, u allohning suyukli bandalari qatoridan joy olgan ekan-da. U bunday sharafga pok qalbi va samimiyati tufayli erishgan boʻlsa ajabmas. Qaniydi, oʻzi ham shunday saodat neʼmatiga loyiq topilsa, qaniydi alloh huzuriga shahidlik maqomida ketsa…

Hazrati Attor toshlar orasini ochib, shomga qadar qabr qazidi. Necha yillar yonida yurib xizmatini oʻtagan sodiq shogirdini oʻz qoʻli bilan joyiga qoʻyib, janozasini oʻqidi. Yana yangi tong otgunicha qabr yonida oʻltirib, Qurʼoni karim oyatlaridan oʻqib, uning ruhiga bagʻishladi. Ertalab quyosh togʻlar ortidan ming istihola ila moʻralayotganida u necha yillik hijratdan soʻng yana gavjum Nishopur shahri ostonasini hatlayotgan edi.

 

15

Oradan yana oʻn besh yil oʻtdi. Yoshi bir yuz oʻn toʻrtga yetgan hazratning harakatlari hamon tetik, qaddi bir oz bukchayganligiga qaramay, oʻz xizmatiga bemalol yaraydigan darajada.

U otasidan qolgan eski hujralarda, xalqdan butunlay ajralib, faqat yozuv-chizuvlari ila andarmonlikda uzlatda hayot kechirardi. Dastavval u yurtga qaytgan hamono hukamolar suhbatiga arjumandlik bildirishib, tez-tez yoʻqlab turdilar. Ammo dunyo ishlariyu boyligi, fisqu fasod, taʼnayu malomat, zulm va hasadgoʻylikdan iborat bunday mashvaratlar allaqachon pirning badiga urgan edi. Faqat padari buzrukvori Ibrohim Attor qonidagi mehmondoʻstlik, tavoze va xushodoblik vajidan bosh-uchi koʻrinmaydigan ziyoratchilar xurujiga dosh berar, bilʼaks, sira suhbatga roʻyixushlik bermas, behuda kalomga ogʻiz ochmas, muloqotga qoʻr qalamas edi. Ammo kunlarning birida bu ogʻir yumushning uddasidan chiqishga sabru bardoshi zaiflik qilib qoldi.

Oʻshanda saraton tafti bosilib, fayziyob kuz oʻz koʻrkini namoyon etishga chogʻlangan edi. Garchi hovli sahnidagi anjir, anor, xuroson nashvatisiyu, shom poʻrtaxoli pishmagan esa-da, boshqa noz-neʼmatlar dasturxonni bezab, zamin saxovatini koʻz-koʻzlayotganday. Suhbatga shahar qozikaloni Muxosibiy, imomi aʼlo Abdul Rahmon va yana bir necha din peshvolari tashrif buyurishgandi. Mashvarat bundan necha zamonlar muqaddam ustozlar ustozi shayx Rukniddin bilan soʻnggi bor uchrashgan oʻsha keng va kungurador chorpoyada oʻtayotgandi. Mehmonlarning maqsadi ayon – yaʼnikim Farididdin Attorni shahar muxtasibligiga daʼvat etmoq edi. Ammo turli diniy qarama-qarshiliklar, kelishmovchiliklar, toʻs-toʻpolonlardan bezgan, qolaversa, dunyo ishlaridanda muhim maqsad sari umrini bagʻishlayotgan zot uchun bu taklif yerdagi xas kabi arzimas va qadrsiz edi. Lekin aʼyonlar uchun bu lavozim yuksak martaba, qiyosi yoʻq shon-shuhrat, hadsiz ishonch sanalardi.

– Aʼlo hazrat, yaʼnikim Nishopur voliysi sizning asarlaringizdin behad mutaassirlanib, oʻz axkomlari yonidan joy olishingizni istaydir, – dedi yoʻgʻon ovozda muxosibiy, moshguruch, qalin soqolini silab. – Illo sizdayin allomai davronlarning saroyga yaqinlashuvi maʼrifat ziyosi tagʻinda porlashiga yoʻl ochgay.

Mezbonning qiyofasida zarracha oʻzgarish sezmagan Abdul Rahmon qozikalonga yaltoqlanib, fikrini maʼqulladi.

– Adolat shamshiri, haqiqatzabon qozikalonimiz ori rost soʻzlaydir. Axir necha yillik ilm qudratini el-ulus ravnaqi, avom farogʻati uchun sarflamaslik gunohi azim emasmu. Ilm amal bilan ziynatlanur.

Chindan ham mezbon oʻz oʻy-xayoli ichra asiri lutf edi. Uning qochqin fikrlari shu topda ota-ona xonadonidan quvilgan kunlarga qanot yozib turardi. Chunki, Attorni shialar tarafdori deb yozgʻirganlar ham, asarlarini olovga otganlar ham, oʻziga laʼnat tamgʻasini bosganlar ham shular edi. Qiziqki, endi bu iddaolar oʻrnini tamomila boshqasi egallabdi. Goʻyo orada hech qanday gap-soʻz oʻtmaganday, goʻyoki mazxablar oʻrtasidagi maʼnisiz, maqsadsiz kurashlar barham topganday, goʻyoki chirkin va qora niyatlarga hojat qolmaganday.

– Men hamisha moʻmin-musulmonlarning tinch va osoyishta, hamjihatlikda hayot kechirishlarini istagaymen, – deya oʻz mulohazasini oʻrtaga tashladi hazrati Attor. – Aslida oʻz diniy qarashlardagi ayirmachilik dinimizni yaxshi bilmaganimizdan, uning mohiyatini anglamaganimizdan. Axir, oʻylab koʻraylik, Jaloliddin Rumiy soʻnggi kitobotida dinimizni yetmish uch firqaga boʻlinishini aytib, har bir qavm alal-oqibat bir manzilda uchrashajagini bayon etibdilar. Axir, niyat va maslak mushtarak boʻlgach, kim qaysi tarafdan borishi shunchalar gʻalayonga arzirmikan?

Mehmonlar qoʻllarini taomdan tortishdi. Qozikalonning gʻilay koʻzlari sovuq yondi, goʻyoki soqoli tuklari taranglashdi. Poygakdan joy olgan qorni qappaygan, kallasi katta, burun kataklaridan tuk chiqib, moʻyloviga qoʻshilib ketgan mirshablar boshligʻi toʻrdagi qozikalonga xavotirlanib qarab qoʻydi. Albatta, hozir voliyning buyrugʻi bor, aks holda shu bir ogʻiz kalima olimning boshiga ne gʻavgʻolar solishi hech gap emasdi. Vaziyat qaltis tus oldi. Barchaning nigohi yuksak martaba sohibiga qadaldi. Muxosibiy (otasi qodariy masʼhabidan boʻlgan, zamonasining shayx ul-mashoyix nomi ila mashhur avliyo Harisi Muxosibiyning avlodi) bunday holatlardan xamirdan qil sugʻurganday oson chiqib ketish qobiliyatini koʻrsatdi.

– Ustoz, sizday piri murshid necha yillar ilgari yoʻl qoʻyilgan xato uchun ginaxonlik qilib yurishi bizni koʻp xijolatga solmoqda. Ochigʻini aytsam, bugungi yurishimiz sababi avvalo sizday muhtaram zotdan uzr soʻramoq va keyin ana shu andisha jarohatiga malham sifatida qadr-qimmatingizni aziz tutmoq edi.

Mezbon noqulay ahvolga tushdi. U qozikalondan bunday mulozamat va azmoyish kutmagandi. Shu bois soddadillik bilan oʻzini oqlamoqqa kirishdi.

– Men fikrimni aniq tushuntirolmadim chogʻi. Aytmoqchimanki, musulmon kishilar hech qachon soxta muxolifotga berilmay, Kalomulloh, paygʻambar (s. a. v.) hadislari va avliyolar lutflariga ishonib, amal qilib yashamoqlari joiz. Axir islomning magʻzi ahillik, birodarlik, mehr-oqibat emasmi? Bu dunyoi dunga barchamiz bir kechalik mehmonmiz. Nadomatlarkim, mehmonligimizni unutib, oʻzimizni mezbonday sezamiz, arzimas tashvishlarni olamning fojiasi sifatida baholaymiz, bemavrid va besamar janjal koʻtarib charchamaymiz. Riyozat, qanoat bobida mashhur shayxlardan Abu Sulaymon Doroniy aytibdurkim: “Har kimki dunyoni tark etdi, koʻngli munavvar boʻldi”. Biz ojiz bandalar uchun dunyodan voz kechmoqlik qiyin tuyulur, boisi aning vujudimizga yopishgan illat ekanligini idrok etolmasmiz. Axir, illat ham najosat kabi oʻzidan badboʻy taratur, insonni hidoyat yoʻlidan chalgʻitib, zalolat makoniga tortadur.

Ustoz negadir berilib soʻzlamoqda edi. Ammo u suvni singmaydigan joyga sepayotganini ham sezib turardi. Filhol, yomgʻir harsangni yuvolmas, ammo muttasil oqqan tomchi toshnida teshar.

Birdan qozikalon Abdullo ibn Muborak hayotiga oid rivoyatni eslab, Farididdin Attorni mulzam etmoqchi boʻldi.

– Hazrat, bilursizkim, Abdulloh ibn Muborak ayol zotiga befarq emasdilar. Beayb parvardigor, deganlari shu vajhdan ermasmikan?

Mezbon quloqlari ding mehmonlarga birma-bir nigoh tashladi. Muxosibiyning topqirligidan zavqlangan ahli davra bir tebranib, Attor ogʻzini poyladi. Bu qaltis savol zamirida alohning valiylari obroʻ-martabasini oyoq osti qilish, toptash huzuri yotgani aniq edi.

– Xotirangiz bundanda ziyoda boʻlsin, taqsir, – dedi pir dasturxondan boshini koʻtarmay, – Andoqkim xoʻp ajib voqealar dilingizga muhrlanur. Odam farzandi u shundoq turur – nimani sevsa oʻshanday xotirotlar koʻngliga naqsh kabi chizilur…

Hech kim Attorday siniq, halim va ehtiyotkor donishmanddan bunday jurʼatni kutmagan edi. Javob oʻqi nafaqat dimogʻdor qozini, shuning barobarida ayonlarni-da ogʻziga nos purkalgan ilon kabi toʻlgʻontirib yubordi. Biroq hech kim qilichini qayrashga botinolmadi. Sababi oʻrtada voliy topshirigʻi turardi.

– Ibn Muborak atigi bir dafʼa koʻz zinosiga erk berdi. Shunisi ham borki, uning maʼshuqasi oddiy ayol emas, farishta edi. Agar farishta boʻlmasa shunday javob ayturmidi?

Abdurahmon domla ingichka ovozini avj pardasida soʻroqqa tutdi.

– Ajab, ul juvon nima degandi?

Hazrat ham ataylab shu oʻrtanishni kutgandi, ohista lutf ayladi:

– Ey Muborak oʻgʻli! – deya xitob qilgandi parivash. – Uyalmaysanmiki, tongga qadar nafsing uchun oyoqda tik turding, meni poylading. Agar imomga ergashsang, imom ibodatda Qurʼonni sal choʻzsa, senga malol kelar edi…

Shu lutf bois Abdulloh ibn Muborak zuhd yoʻlini tanladi, shohanshohi ulamo darajasiga koʻtarildi. Ilm va shijoat, hunar va saxovatda naziri yoʻq erdi.

Gurung qiyomiga yetganida ayonlardan biri endi Husayn Roziy rahmatillohi alayhi shaʼniga nomunosib soʻz aytdi. Bu daʼvo hazratni kayfiyatiga qattiq taʼsir etdi. Bois u kechagina shayx Yusuf bin Husayn Roziy haqidagi tasnifini nihoyalab, ul zot haqiga uzundan uzoq duo oʻqigan edi.

– Siz hazrati Yusufni bilurmisiz? – nafis lablari qaltirab soʻradi Murshid.

Mehmon dum-dumaloq koʻzlarini umidvorlik ila qozikalonga yoʻnaltirdi. Bu paytda holva shimiyotgan Muhosibiy gap paynovini ilgʻamay qolgandi.

Suhbatga bemavrid oʻt qalaganini fahm etgan ayon oʻzini goʻllikka solishdan oʻzga najot topolmadi.

– Siz Yusuf paygʻambarni nazarda tutyapsizmi?

– Maʼzur tuting, mehmon, men aynan siz tilga olgan Husayn Roziy haqida izoh bermoqchiman.

“Bir kuni u arab qabilasi oʻrnashgan manzilga bordi. Arab bekining qizi uni koʻrib oshiq boʻldi. Qiz gʻoyat sohibjamol va latofatli, goʻyoki bir qoshiq suv ila yutguday suluv edi. Yigit ishqida aqlu hushidan mosuvo sanam oxiri sevgilisini qidirib keldi. Uchrashgan joylari daryo qirgʻogʻidagi daraxt va gullarga burkangan chamanzor edi. Qiz darhol oʻzini yigitga taklif etdi. Ammo Yusuf gunohga qoʻl urmadi – allohdan qoʻrqdi. Nafsini tiyib, pok holida iziga qaytdi.

Oʻsha kecha tush koʻrdi. Tushida koʻkalamzor, chor-atrofi gullarga burkangan bogʻdagi baland taxtni koʻrdi. Taxtda yuziga oʻn qavat parda tortilgan podshoh oʻltiribdi, atrofida yashil libosli yigit-qizlar xizmat qilib yurishibdi. Yusuf ulardan soʻradi:

– Sizlar kimsizlar?

– Bu taxt sohibi Yusuf paygʻambar, atrofidagilar esa farishtalardir.

– Qayon borursizlar?

– Biz shu manzilda yashaydurgan Yusuf bin Roziy ziyoratiga chiqib edik.

– Yo alloh, axir men kimmanki ziyoratga loyiq inson boʻlsam, – deb hayronligini bildiribdi u.

Shu vaqt taxtdan Yusuf paygʻambar tushib kelibdi, uni quchoqlab bagʻriga bosibdi, qoʻlidan ushlab oʻz taxtidan joy beribdi.

– Arab bekining qizi oʻzini senga bagʻishladi. Sen alloh qoʻrquvidan uni tark etding… Haq taolo hazratlari seni ulugʻ valiylar silsilasiga qoʻshganligini aytmoq uchun meni joʻnatdi…

Rabbim yorlaqagan zot boshiga malomat yogʻdirmoq moʻminlik belgisi sanalmas…”

Aslida nodonga javob sukut edi. Lekin hazrat hargiz birovni nodonlikda ayblamasdi. Biroq nodon shuning uchun nodonki, manzaratni xushomadday, hurmatni majburiyatday tushunadi. Aqli noqis kimsa hozir izza tortganini tan olmay yana mavzuni davom ettirmoqqa urindi.

– Xoʻp yaxshi, – dedi chiyildoq tovushda. – Yusuf Roziy shafoatga munosib erkan, gunohi yelkasidan toʻkilibdi. U holda Utbat ul-Fulom toʻgʻrisinda ne deyursiz?

– Utbat chindan ham zinokor kimsa edi. Navbatdagi ayolga kishi qoʻydi. Ayol mening qayerimga oshiq boʻlibdi, deb soʻradi. Javob keldiki, qaro koʻzlari yuragini oʻynatib yuboribdi. Parda ichidagi ayol sira ikkilanmay koʻzini oʻyib, toboqqa qoʻyibdi.

– Koʻzimni sevgan boʻlsa, olsin! – debdi.

Bu holdan qattiq taʼsirlangan Fulom chin dildan tavbaga yuz burdi, Hasan Basriy xizmatiga kirdi.

Vaqtiki kelib, sayrda bir hur qizga koʻzi tushdi.

– Yo Utbat! Men senga oshiqman, hech qachon meni qoʻyib boshqa ayolni istama, toki men senga qaram boʻlmayin… – dedi oʻsha hur. Utbat javob berdi:

– Men dunyoni uch taloq qoʻydim! Kishi uch taloq qoʻygani bilan qandoq yashagay?

Avliyolik naslidan oʻtadigani martaba emas, unga faqat ixlos, tavba va zuhd orqali erishiladi. Odam borki, bir tasodifiy gunoh orqali shafoatga erishadi, odam borki, bir gunohini keyingilariga ulab umrguzaronlikda davom etaveradi. Bu ham bir sir-sinoatki, uning mohiyatiga yetish mahol.

Oraga jimlik qoʻndi. Boyadan buyon ibratli lutfi kalomlarni bir qulogʻi ila tinglab, ikkinchisidan chiqarib yuborgan Muhosibiy qalin, goʻshtdor lablarini hafsala bilan sochiqqa artib, maqsadga koʻchdi.

– Xoʻsh, biz Xalifaning ham doʻsti-shoni oliy voliy hazratlariga sizning ishonchingiz boisinda ne xabar aytmogʻimiz lozim koʻrilur?

Farididdin Attor shuncha gapdan soʻng yana shu masala koʻtarilganiga hayron qoldi. Nihoyat, bir ogʻiz gap bilan muammoga nuqta qoʻydi.

– Janobingizga yetkazingki, menga saroydan koʻra oxirat yaqinroq turibdi. Keksa odam manzilining qisqarogʻini tanlab qolarkan.

Mehmonlar bu gal miq etib ogʻiz ochishmadi. Tezda duoga qoʻl koʻtarishib, Attor hovlisini tark etishdi. Bu paytda zamon qalqib, butun kurrai zaminni Chingizxon dahshati qamrab kelayotgan edi…

 

16

Derazadan tushgan oy nuri pastakkina hujrani xira yoritardi. Hazratning keksa qalbi ham shu taxlit nim qorongʻi. Vo ajab, necha yilki, uydan ostona hatlab koʻchagada chiqishga vaqtini qizgʻangan, hayotining mazmunini ibodatu riyozat deb bilgan, dunyo lazzatlari haqida oʻylaganida koʻngli behuzurlik sezib, shu birgina xayoloti uchun hayo, andisha oʻtida qovuriladigan zotning bugun qoʻli yozuv-chizuvga bormay turibdi. Bu ne hol? Bu tanning ruhga qarshi isyonimi? Necha yillar davomida sarkashlik neligini bilmagan idrok nechun bugun dashtdan chiqqan ot kabi taysallab qoldi? Nega aql shamchirogʻi xuddi bulutlar orasiga berkinayotgan oydan andoza olur? Bu odatiy va oniy charchoq xarxashasimi yoki dil bezovtaligi ibtidosi? Qiziq, yoshini yashab, oshini oshab, bir inson yelkasi koʻtarguday yumushlarni-da ado etib, foniy dunyo zaxmatlariga chidash barobarida, boqiy dunyo tadorigini koʻrib ulgurgan keksa odamga dil gʻalayoni qaydin yopishdi? Axir, u bunday tuygʻular taʼsiridan qutilmaganmidi? Yigitlik chogʻi oʻsha darvesh kimsa birlan muloqoti-yu, sohibi karomatning omonatini osongina egasiga topshirganidan soʻng insoniy istak va havaslaridan mosuvo boʻlgandi-ku?! Nega koʻngli gʻash, nega qalbi bunchalar bezovta, nega ichini it tirnayotganday?! Bu jafo asrori yaxshilikdanmu yoki yomonlikdan? Umr narvonining eng yuksak pogʻonasida odam uchun oʻlim dahshati u qadar qoʻrqinchli emas. Bor bisotidan ayrilishi ham soqolining bir moʻyi toʻkilishiday arzimas hol. Unda insonni sarosima va hadik qaʼriga yetaklaguvchi yana qanday xavf bor ekan?!

Hazrat ilkidagi kitobni yopib, anchagacha derazadan tashqariga tikilib, xayol ummoniga shoʻngʻidi. Otasi Ibrohim Attorning barvasta, doimo zalvarli qadam tashlaguvchi koʻrkam qiyofasi koʻz oʻngiga keldi. Goʻyoki, derazadan tashqarida turib, oʻgʻlining holatini kuzatayotganday tuyuldi. Otaning yuz-koʻzlarida avvalgi begʻuborlik, samimiyat va mehr ufurayotganday. Hazrat ham sezmagan holda padari istiqboliga peshvoz chiqmoqqa peshlandi. Biroq dunyo yoʻllarini rosa changitgan oyoqlar koʻngil amriga boʻysunmadi. U chorasizligini anglab, xijolat chekdi. Endi tomirlari qalamday boʻrtgan qoʻllari bilan deraza raxiga yopishdi. Biroq bu xatti-harakati oʻzini-da ovuntirmadi. Boz ustiga oʻgʻliga maʼyus boqqancha Ibrohim Attor sekin-asta undan uzoqlashib borardi.

– Ota! – uning ovozi zaif eshitildi. Shu zaif sas ham goʻyo olamni tutganday yangradi.

– Ketmang, ota! Nega keldingizu nega bir ogʻiz soʻz aytmay qaytmoqdasiz? Yoki mendan ranjiganmidingiz?

Yo qudratingdan! Deraza ortidagi oppoq sharpa koʻz koʻradigan oraliqda muallaq toʻxtadi. Oppoq sallali bosh ortga oʻgirildi. Oʻsha sersoqol, muloyim lablar harakatga keldi.

– Bolam, alloh rozi boʻlgan farzanddan ota rozi boʻlmaydimi?

Bu lutfni quloqlar eshitmadi, lekin, qalbga nur kabi quyilib kirib, aqlni behad charogʻon etdi. “Xudo rozi boʻlgan farzanddan ota rozi boʻlmaydimi?” Bu oʻngimi yoki shirin tush?! Agar uxlayotgan ersa, shu holatda koshki uygʻonmasa. Agar oʻngida koʻrayotgan boʻlsa, unda nega sogʻintirgan zot ichkariga qadam bosmay qaytayotir?!

– Muhammad, bolam! Allohning vahdoniyati va ilmi irfoni ila bitgan asarlaring nomini oʻzingdan eshitmoq umidida yoningga kelgan edim.

Attor oʻz ruhiyatida ilgari sira tuymagan xotirjamlikni his qildi. Tafakkur sarchashmalari hayoti mobaynida yozgan kitoblari sari uchdi.

– Eh, otajon, ularning qay birini aytay, qaysi dostonimdan sizga soʻz ochay?

Qalbda nido koʻtarildi.

– Barcha, barchasini ayt, bolam. Bugun farzandning otaga hisobi kuni. Ha, shunday deb atasam, adashmasmiz.

– Yaqinda “Ilohiynoma”ga nuqta qoʻyib erdim. Sal barvaqtroq “Asrornoma”, “Musibatnoma”, “Haydarnoma”, “Muxtornoma”, “Xusravnoma”, “Bulbulnoma”, “Ushturnoma” kabi kitoblarga tartib bergandim.

– Yana esla! Nazarimda, eng asosiysi xayolingdan koʻtarilgan koʻrinadir.

– Oriy rost, ota! Bu asarimni hanuz tilga olgani tortinamen.

– Sabab?

– Boisini bilursiz…

– Bilsam, seni qistamas erdim. Bugun yuragingda non uvogʻiday sir qolmasin, koʻnglingni boʻshatib ol, bolam.

Hazrat derazadan boqmoqlikka oʻzida kuch topa bilmadi. Goʻyoki u ayni balogʻat yoshida-yu, oʻz kechmish daftarini ming istihola ila padariga bayon etayotganday.

– Nega sukut saqlaydirsen, axir, andishaga yoʻl qoldirgan joying yoʻq-ku?

– Shunday, biroq, “Javharuz zot” tufayli sunniylar bilan shialar oʻrtasidagi nifoq oʻti andak alanga olgan edi.

– Kuyinma, bu oʻrinda senda qusur ham, nuqs ham yoʻq. Sening asaring mutaassiblar uchun bir bahona, xolos. Agar “Javharuz zot” ermasa, boshqa bir bahonai sabab topilur erdi. Qani, davom et!

– “Mantiq-ut tayr”ga oʻzimning-da ixlosim baland.

– Sendan alloh rozi boʻlsin!

– Jami sheʼriy asarlarim ikki yuz ellik ming baytdan ziyod.

– Nazarimda soʻnggi bitiklaringni sir saqlamoqchiga oʻxshaydirsen…

– Aslo! Hayotim davomida intilganlarim va izlab-izlab topganlarim haqinda sevinch ila soʻz aytmasam koʻnglim oʻrniga tushmas…

– Sen “Tazkirot ul avliyo”ni nazarda tutmoqdasen, shundaymi?

Hazrati Attor hayrat ila boshini koʻtardi. Otasi hamon unga jilmayib boqib turar, koʻzlarida ajib bir mehrga yoʻgʻrilgan quvonch, shodlik zuhurlanardi.

– Siz buni qaydin bilursiz?

– Buni bilmasligim ham bormi? Agar haqiqatni eshitmoq istagida yonsang, quloq sol. Sening mana shu xizmatlaring evaziga yaratgan egam bizlarni ham yorlaqadi. Sen yorugʻ dunyodagi eng baxtli farzandsan, biz esa boqiy dunyodagi eng baxtiyor ota-onamiz. Bilib qoʻyki, sendan keyingi avlodlar ham qoldirayotgan bebaho hikmatlaringdan bahramand boʻlib, hidoyat yoʻlini adashmay topishgay. Sen tufayli ne-ne adashgan kimsalar haqiqat va tariqat etagidan tutgay, yomonlikdan qochib, ezgulik tarafiga oʻtgay. Ming-minglab musulmonlar duosi ikki dunyoingni obod etgay, boshingdan rahmat va magʻfirat yomgʻirlari yogʻilgay.

– Nahotki shu eshitganlarim haq soʻzdir?

– Bolam, ruhlar riyodan xolidirlar.

– Allohga shukur. Axir rabbimdan u yolgʻiz umidim ham shul erur. “Tazkirot ul avliyo” avvalidagi iltijolarim yuragimga muhrlangan. Yozibmankim, “Har kim bu kitobni safo va sidq bilan oʻqisa, unga avliyolar asroridan boshqa boʻlgʻay va men zaifni bir fotiha ila yod qilgaylar, toki ul fotiha barokoti ila menga tufroq ichida rahmat eshiklari ochilsun”.

Hazrat shu yerda toʻxtadi. Davomini eslamadi. Yoʻq, eslamasligi mumkin emasdi, esladi. Faqat dilida aylangan fikrlarni tilida ifoda etmoqdan tiyildi. Ammo otasi bu andishani toʻldirdi. Uning hayratini yanada oshirib, oʻylaganlarini oʻzi oshkor eta qoldi.

– Mana bu pandi-nasihatlaring ham ibrat qoʻrgʻoni kabi pishiq va mustahkamdir. Yozibsan: “Nechukkim, Yahyo bin Muoz rahmatullohi alayh dunyodan oʻtganidan keyin uni tushda koʻrdilar va soʻradilar:

– Alloh taolo senga ne qildi?

Aytdiki, “yo Yahyo! Mening sen bilan qattiq jazolov ishlarim bor edi, ammo bir kun majlisda meni soʻzlar erding va soʻzlab-eslab taʼzim bajo etarding. Mening valiylarimdan birovi ul yerdan oʻtar ekan, sening taʼzim ila madh-sanoingni tinglab, vaqti xush boʻldi va seni duo qildi. Oʻshal valiyning duosi barokoti ila doʻstlarim qatoriga qoʻshib, senga rahmat ayladim.

Farzand oʻz quloqlariga ishonmay dong qotdi.

– Nahotki bu rivoyatni yod bilursiz?

– Yaxshisi davomini tingla. Ali Abu Daqqoq qaddasallohu sirrahul aziz hazratlaridan soʻradilarki, “Eranlar soʻzini eshitmoqdan foyda bormiki, eshitgay-u bu soʻz bilan amal qilmagay?” Ul zoti sharif buyurdiki, “Eranlar soʻzini eshitmoqdan ikki foyda bor: biri uldirki, agar tolib boʻlsa, ul soʻz uni qavm himmat etgay va istaganini topib, murodiga noil boʻlgay, ikkinchi foyda ulki, eshitganning koʻngli ravshan tortgay, shayton vasvasasini va dunyo hirsini, mosuvo sevgisini uning qalbidan chiqargay. Agar basir boʻlmasa sodiqni va yolgʻonchini farq etgay…”

Hazrat oʻz shuuridan qaynab-toshgan hikmatlar jarangini padari lutfidan eshitib, yurak-bagʻri sel boʻlib oqdi. Necha yilki namlanmagan kipriklari aro tomchilar tizildi. Bu xushhollik tufayli boyagi dil iztirobi arib, endi uning oʻrnida toqatni tuyub yuborar darajadagi sogʻinch hissi bosh koʻtardi. Afsuski, deraza ortida qop-qora zulmat gʻujgʻon oʻynar, koʻzga yilt etib tashlanuvchi nur yoxud mavjudot koʻrinmasdi.

Shayx angladiki, bu haqiqat va xayolot oraligʻidagi bir xilqat ruxsori edi. Bu voqea zamiridagi vojibot asrorini uqmoq uchun ortiqcha idrok talab etilmasdi.

– Otajon, shoshmang, etagingiz peshini koʻzlarimga surtay, muborak ilkingizdan toʻyib oʻpay, ketmang…

Yoʻqlik qaʼridan yurakni oʻrtaguvchi keskin sas eshitildi.

– Tinchlan oʻgʻlim, xudo xohlasa diydor yaqin…

Yana birpasda borliqni sukunat egalladi. Bu shirindan-shirin va sanoqli daqiqalarda sodir boʻlgan mujda uning yuragiga qoʻrquv, dahshat emas, aksincha, ruhiy osoyishtalik bagʻishladi. Beixtiyor u nabiyi akramning “Oʻlim – moʻmin uchun tuhfa” degan kalomini yana bir bor yodga oldi. Oʻrnidan ilkis qoʻzgʻalib, bu buyuk safar tadorigini koʻra boshladi. Hujrasidagi barcha kitob va yozuvlarini taxlab, doʻkondorligida orttirgan sandiqqa joyladi. Soʻng hovliga chiqib, butun umriga guvoh boʻlgan dov-daraxtlar, ariqda sokin oqayotgan suv, pastak-pastak uylar, sahndagi shinamgina gulzor, xullas, hamma-hammasi bilan vidolashdi.

Hovli etagidagi hammomda poklanib chiqib, nafl namozini oʻqib, bomdodga hozirlanayotganida darvoza sekin chertildi. U joynamoz ustidan turmay, ovoz kelgan tarafga quloq tutdi. Xayriyat, xizmatidagi oʻspirin bola uygʻonib, eshik zulfini tushirdi.

– Hazratni uygʻotdingmu?

Shayx bu oʻktam ovoz sohibini tanidi. U ustozi shayx Rukniddinning nabirasi mulla Qosim edi. Mulla Qosim yoshi ellikdan ortganiga qaramay qomati adl, nigohi bobosi kabi oʻtkir, oʻta jiddiy kishi edi. Garchi u bu xonadon ostonasini tez-tez bosib kelsa-da, lekin hech vaqt bemahalda yoʻqlamasdi. Demak, shu bezovtalikka arzigulik kor-hol boʻlgandirki, tong saharlab eshik qoqmoqda.

Shayx joynamoz etagini bukib, tomoq qirdi. Bu kirishga ijozat bergani edi.

Mulla Qosim hujraga bosh suqib, tezda shayxning etagini oʻpdi. Soʻng shoshib maqsadga koʻchdi.

– Pirim, falokat bosdi. Laʼnati moʻgʻullar shahar ostonasiga yaqinlashib qoldi. Voliy dushmanning poyiga poyandoz solmoqchi. Boy-badavlat kishilar sichqonning ini ming tanga deb juftakni rostlashyapti. Xullas, biz ham bu yerni tark etmasak holimiz xarob. Bosqinchilardan yaxshilik kelmaydi. Eshitishimcha yogʻiy moʻgʻullar din peshvolari, olim va oriflarni xushlamas emish.

Hazrat oʻzi uchun oʻgʻliday boʻlib qolgan qora soqolli kishining mehribonligidan anchayin taʼsirlandi. Beixtiyor kechasi, tun yarmidan oqqanda roʻy bergan manzara koʻz oʻngida gavdalandi. Ana shu xayolot ichida Mulla Qosimning yelkasini siladi.

– Bolam, men dushmandan qochib qutilishim mumkin, ammo oʻlimdan, hazrati Azroilning ilkidan qayerga ham yashirina olardim.

– Hazrat, nimalar deyapsiz, bu sahroyilar Azroildan yomon. Hozir munozara fursati emas. Men ot-ulovlarni tayyorlab qoʻydim. Ayting, nimalarni yuklaylik. Har bir daqiqa gʻanimat.

Ustoz bu ogʻir-vazmin kishiniki shunchalar bezovtalik egallabdimi, alalxusus vaziyat chindan-da qaltis ekanligini fahmladi. Shu bois butun bor bisoti – dub daraxtidan ishlangan, nam oʻtkazmaydigan sandiqni shogirdiga koʻrsatdi.

– Mana, bolam, shu mening 114 yillik boyligim. Faqat iltimos, uni koʻz qorachigʻiday asra. Bilki, shu kitoblardan qay biri yoʻqolsa, men qaytadan oʻlgan boʻlaman.

Mulla Qosim pirining gaplariga darhol eʼtiroz bildirdi. U ogʻir sandiqni dast koʻtarib eshikka yuzlanarkan, xonadon sohibini shoshtirdi.

– Qani tezroq chiqing, biz koʻpchilikmiz.

Chindan ham pir darrov ostonada koʻrindi. Biroq u uy kiyimida edi. Mulla Qosimning oʻgʻli Abdul Rahim nuroniyning qoʻltigʻidan ushlab, otga mindirmoqqa chogʻlandi. Biroq oqsoqol qoʻli bilan uni toʻxtatdi.

– Mendan xavotirlanmanglar, sizlarni allohim oʻz panohida asrasin!

Bu paytda karvon boshida kuymalanib yurgan mulla Qosim duoni eshitib, yugurgilab piri poyiga yetib keldi.

– Biz sizni tashlab ketolmaymiz. Qani, otga mining, ustoz!

Hazrat qatʼiy bosh irgʻadi.

– Bolam, men bunday qilolmayman. Shu muazzam tufroq ota-onamni, sening bobongni bagʻriga olgan. Men ulardan uzoqlashishni istamayman.

– U holda biz ham siz bilan qolamiz.

Hazrati Attor mulla Qosimning goʻshtdor, qalin kaftiga kaftini bosdi.

– Oʻjarlik qilma. Sizlarning yoʻrigʻingiz boshqa. Bilki, Nishopurda tanim qolgʻay, joni-jahonim sening ilkingdadir. Meni desang, ashyolarimni olib, tezda toqqa chiqib ket, yurt tinchiguncha oʻsha joylarda jon saqla, kitoblarimni xalqqa yetkaz, ilojini topib koʻpaytir. Ilohim sendan alloh rozi boʻlsin. Omin!

Mulla Qosim uchun eʼtirozga oʻrin qolmagan edi. U oyogʻini arang sudrab karvon oldiga oʻta boshladi.

Karvon yoʻlga tushdi. Pir esa ancha mahalgacha oʻzi uchun jon qadar aziz boʻlib qolgan odamlar ortidan qarab, koʻzlariga yosh oldi.

Istilochilar uzoq kuttirishmadi… Ular garchi voliy bilan sulh tuzgan esalar-da, oddiy xalqni balo-qazoday taladilar, moʻrumalax kabi butun Eron, Movarounnahr hududiga yopirilib kirib, shahar va qishloqlarni ayovsiz yondirdilar. Eng avvalo bosqinchilardan rasadxonalar, masjid va madrasalar, ziyoxonalar talafot koʻrdilar. Mahalliy xalqning milliy qadriyatlariga aloqador barcha osori-atiqalar yer bilan yakson qilindi, ulamolar soʻyildi, kitoblar gulxanga uloqtirildi, ayollarning nomusi toptaldi, begunoh goʻdaklar ham zolimlar dastidan omon qolmadi. Goʻyoki qiyomat-qoyim boʻlayotganday edi.

Bu manzaralarga xotirjam qarab turishga er kishining gʻururi yoʻl qoʻymasdi. Hazrati Attor ozodlik harakatini boshlagan oddiy hunarmandlar, dehqonlar, oʻrta hol kishilar safida bosqinchi moʻgʻullarga qarshi kurashga otlandi. Biroq kuchlar muvozanati mutlaqo teng emasdi. Moʻgʻulistondan toki Movarounnahrgacha qon kechib, jangu jadallarda diydasi qotgan qattol dushmanga bas kelish igna bilan quduq qazishday gap edi. Lekin bu isyonda oliyshon bir maqsad yotardi: tiz choʻkib yashamoqdan tik turib oʻlmoq shiori mujassam edi.

Qattiq janglardan birida vatan himoyachilaridan aksariyati qirib tashlandi. Yuzlab oʻliklar orasiga qora quzgʻunday yopirilgan moʻgʻul askarlari oʻlja qidirib yurib, xarobazor yerda uzala tushib yotgan nuroniyni uchratib qoladilar. Qariyaning oppoq soqoliga qon sachragan, qoʻlida uzun nayza, koʻzlari yumuq, chalajon edi.

– Bir oyogʻi goʻrda-yu, yana urushga kirganiga nima deysan, – dedi uni topib olgan suvsar qalpoqli, qisiq koʻz moʻgʻul.

– Qani oldimga tush!

Hazrati Attor kuni bitganini tushundi. Indamay turib borib daraxtlar ostida toʻplangan asirlar safiga qoʻshildi. Quyosh tikkaga kelgan mahal ularni sazoyi qilib shahar koʻchalari boʻylab haydab ketishdi. Yosh juvon va qizlar yoʻl-yoʻlakay sotilib ketdi. Nishopurning tor koʻchasiga kirishganida mahalliy boylardan biri moʻgʻul askariga murojaat qildi.

– Jon birodar, mana shu qoʻli bogʻlangan oqsoqolni menga sot!

Bosqinchining kichik koʻzlariga gʻazab quyildi.

– Hoy, forsiy zabon, oʻzing ham bandilar orasiga kirmoqchimisan? Shu isqirt cholni sotib olaman deb ustimdan kulayapsanmi?

Badavlat nishopurlik jiddiy boqib, askarning qoʻliga ming dinor tutqazdi.

– Mana shunga rozimisan endi?

Moʻgʻulning esxonasi oʻynab, hazratning nozik qotma gavdasiga koʻz tikdi.

– Aqlingni yigʻ, kelgindi, u meni yaxshi taniydi, shuning uchun suv tekinga xarid qilmoqchi. Aslida narxim baland.

Bosqinchi bu iddaoga ishondi. Birinchi duch kelgan odam surishtirmay ming dinor taklif qilganida boshqasi koʻproq berishi aniq. U xaridorga oʻdagʻayladi.

– Bor, toshingni ter, bu cholning bahosi yoʻq.

Moʻgʻul aslida ixtiyorsiz aytdi bu soʻzni. Lekin oʻsha ixtiyorsiz gapda haqiqat zohirligini oʻzi anglashga ojiz edi.

Yoʻlda davom etishdi. Shahar chekkasida dehqonlar bugʻdoy yanchish bilan ovora edilar. Dushmanga qarshi kurashga bel bogʻlagan hamyurtlarining ahvoliga qarab achingan dehqonlardan biri yugurib keldi.

– Mana shu moʻysafidni menga bergin, – dedi moʻgʻul askariga yolvorib.

– Xoʻp, yaxshi, – darrov rozi boʻldi u, – qancha berasan?

Dehqonning hech vaqosi yoʻq edi. Hayron boʻlib yelka qisdi. Soʻng ortiga oʻgirildi, gʻaram-gʻaram somonga koʻzi tushdi.

– Senga bir qop somon beraman, – dedi u ilojsizlikdan.

Askarning figʻoni falakka koʻtarildi, nigohini nafrat bilan hazratga burdi.

Avliyo mutlaqo xotirjam edi.

– Nahotki senga shunday narx qoʻyishsa? – dedi u butun vujudi qaltirab.

Hazrati Attor bitta-bitta bosib, bosqinchiga yaqinlashib:

– U haq, chindan ham bundan ortigʻiga arzimayman, – dedi.

Moʻgʻul askar taajjublandi. “Sal avval unga ming dinor vaʼda qilayotgan edilar. Oradan koʻp oʻtmay esa bir qop somonga baholayaptilar. Bir qop somon? Undan koʻra…” Qoni qaynab turgan moʻgʻul askari qilichini qinidan chiqarib baland koʻtardi va… Birdan u qoʻlidagi qilichi egilib-bukilib erib ketganligini, koʻkda koʻzni koʻr, quloqni kar qiladigan darajada momaqaldiroq guldiraganini eshitib, yuragi qafasidan otilib chiqqunday darajada urayotganini sezdi. Zum oʻtmay moʻgʻul askarining jonsiz tanasi otdan qulab tushdi. Xuddi shu damda hazrati Attorning muborak vujudi uzra yorqin va oppoq nur taralib turardi. Koʻz ochib yumguncha sodir boʻlgan bu sinoatni koʻrgan xaloyiq ham, bosqinchilar ham hayratlanib qotib qoldilar. Yogʻiylar yuragiga cheksiz bir qoʻrquv gʻulu solgan edi. Dunyoni ilohiy soʻz bilan toʻldirgan, maʼnolar koshifi ulugʻ shayx Farididdin Attor ana shu tariqa kofir qoʻlida shahidlik maqomiga erishib, oʻzi intilgan parvardigor huzuriga yoʻl oldi.

 

* * *

Oradan yillar oʻtib, buyuk bobomiz Alisher Navoiy uning bir asrdan ziyod hayoti va ijodini bir jumlai jahon ila shunday ifodaladi:

“Hazrati Attor oʻt ichida tugʻilib, ilohiy ishqni yonib kuylash shavqidan olov chiqarib, atrofga alanga taratadigan va oʻzi ham shu choʻgʻga qoʻshilib yonib ketadigan afsonaviy qaqnus qushiga monand umrguzaronlik qildi…”

Ulugʻ shayxning jasadi Nishopur shahriga dafn etildi. Hazrat Navoiy XV asrga kelib bu yerda yangi sagʻana ziyoratgoh barpo etdi. Bu ziyoratgoh hozir ham minglab pokdomon qalblarni hidoyat nuri ila munavvar aylab, komillik manziliga chorlab turibdi. Zero, tafakkur hamma zamonda ham insonni azizu mukarram qiluvchi neʼmat boʻlib qolgan. Hayot charxpalagi aylanaveradi. Zamonlar, tuzumlar oʻzgarishi mumkin, lekin insoniyatni hidoyatga chorlovchi tafakkur mangu yashab qoladi. Insoniyat goʻzal jamiyat, ikki dunyo saodatiga faqatgina tafakkur tufayligina erishadi.

 

Abdumutal ABDULLAYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/hazrati-attor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x