Taniqli shoir Odil HOTAMOV bilan suhbat
– Sizda adabiyotga havas qachon uygʻongan, matbuotdagi ilk chiqishlaringiz, soʻngra, birinchi kitobingiz oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan damlarni bir eslab oʻtsangiz.
– Bu savolingiz menga olis bolalik yillarimni yana bir marta eslatdi. Oʻtgan asrning elliginchi yillaridagi maktab darsliklari, badiiy kitoblar, ayniqsa, xalq ertaklari koʻz oldimga keldi. Oʻsha paytlardagi imlo qoidalariga binoan “oʻquvchi” soʻzi “oʻquchi”, “bilan” soʻzi “blan” tarzida yozilar edi.
Uy toʻridagi tokchalarni otam oʻqigan, endi oʻqiydigan kitoblar egallagan. Hali harf tanimagan toʻrt-besh yoshlarimda ularni menga Zulfiya opam (meni koʻtarib katta qilgan xolam Zohida Mamanazarovani hammamiz Zulfiya opa der edik) oʻqib berardilar. “Uch ogʻayni botirlar”, “Muqbil toshotar” va boshqa xalq ertaklari menga yod boʻlib ketgan.
Qahraton qishda haftalab, baʼzan oylab yerlarni shudgor qilishga ketgan otam kerosin, solyarka hidi oʻtirib qolgan kiyimlarini almashtirib, yuvinib, sandali (tancha)ga oʻtirar, choy ichib boʻlgach, biroz mizgʻib olardi. Keyin tokchadagi kitoblar sandali ustiga tushardi. Otam oʻzbek tilida, men hali tushunmaydigan rus tilidagi kitoblarni avval bir varaqlab, soʻng oʻqishga kirishardilar. Oʻqib-oʻqib uxlab qolardilar. Otamning ustiga koʻrpa yopib qoʻyardim.
Toʻgʻri, u paytlarda “adabiyot” soʻzining lugʻaviy maʼnosini tushunmaganman. Tengdoshlarim qatori men ham harf tanib, savod chiqardim. Maktabda ona tili, matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari qatori adabiyot ham oʻqitilardi.
Onam har ikki gaplarining biriga maqol, turli iboralarni qoʻshib ishlatardilar. Masalan, “Bunga soya ham kerak emas, hamsoya ham…” kabi.
Qachonki, adabiyot haqida oʻylasam, onam bilan Zulfiya opamning quyoshday chehralari koʻz oldimga keladi.
Demak, adabiyotga ilk havas bolaligimda uygʻongan. Maktabni shu qadar yaxshi koʻrar edimki, qaytishda kimdir meni sudrab uyga olib ketayotganday tuyulardi. Ikki koʻzim orqada: maktabda…
Birinchi sinfni bitirgach, yozgi uch oylik taʼtil men uchun it azobiga aylandi. Kunda-kunosha borib maktabimni, sinfimizni, oʻtiradigan birinchi partamni koʻrib kelaman. “Partangni hidlab keldingmi?” deb qoʻyardilar opam.
Oxiri, “Maktabimni sogʻindim” sarlavhali “sheʼr” yozib yubordim deng.
Zulfiya opam maktabda yoshlar yetakchisi edilar. Mening aji-buji yozgan “sheʼrim” maktab devoriy gazetasiga chiqib, ovoza boʻlib ketdi. Oʻsha yillari hamqishlogʻimiz, boʻlajak shoir Sulaymon Rahmon maktabimizning toʻrtinchi yoki beshinchi sinflarida oʻqirdilar.
– Shu “sheʼr”ni oʻzing yozdingmi yoki opang yordamlashdimi?
Sulaymon akaning savoliga javobim shu boʻldi:
– Oʻzim yozdim. Maktabimni sogʻindim-da!
– Yaxshi! Koʻproq sheʼr yodla!
Tuman gazetasida chop etilgan birinchi maqolam paxta yigʻim-terimida qatnashgan cholu kampirlar haqida edi. Ismi shariflari gazetada chiqqan bobolaru momolarning menga aytgan rahmatlari hamon qulogʻimda.
Xudoning bergan kuni tuman gazetasi tahririyati yoʻlini chuqur qilar edim. Yozib borgan uch-toʻrtta “maqolam”dan bittasi chiqsa ham men uchun bayram. Adabiyot fani oʻqituvchimiz Uzoq aka Hayitov meni qoʻllab-quvvatlab turadilar. U kishi tuman gazetasining qishlogʻimizdagi eng faol muxbiri. Mahmud Saʼdiy taʼbiri bilan aytganda, “sheʼr” deb atalgan “timtimak”larimning barchasi tahririyatga borgan xatlarning roʻyxatini oshirgan, xolos…
Toshkentda oʻqib yurgan yillarimda bekobodlik doʻstlarimdan biri ikki-uchta mashq sheʼrimni oqqa koʻchirib, Bekobod tumani gazetasiga olib borgan. Rauf Parfi koʻpincha “Bu voqea qachon sodir boʻldi?” deb qoʻyardi. Alqissa, men uchun bu “tarixiy” voqea 1970 yil 9 may kuni yuz berdi… Oʻshanda 20 yoshda edim.
Birinchi toʻplamim 1985 yili Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida (“Buloq koʻz ochdi” jamoa toʻplamida) “Kechki maysalar” nomi bilan chop etilgan. Oʻsha yillari sheʼr yozish masʼuliyati juda yuksak, toʻplam chiqarish esa oʻhhu-u!.
Fargʻona viloyatidagi bir necha maktab oʻquvchilari ushbu kamtarona toʻplamdagi sheʼrlarimga munosabat bildirishgan. Poytaxtimizdan, boshqa viloyatlardan boʻlgan hayajonli telefon qoʻngʻiroqlari… Oʻzimcha osmonu falakda uchib yurgan kunlarim… Adabiyotshunoslardan biri baʼzi kamchiliklarimni yozib, biroz tanobimni tortib qoʻygan. Tortinchoqligim tufayli tengdoshlarim orasida hayot neʼmatlariga keyinroq erishganman.
Xullas, yozaversam, gap koʻp.
– Qanday ustozlarning taʼlimini olgansiz? Ular turmush tarzingizga, ijodiy faoliyatingizga qanday taʼsir etgan?
– Avvalo, dunyodan oʻtgan ustozlarimning aziz ruhlarini Allohim oʻz rahmatiga olgan boʻlishini tilayman.
Otam, onam, Zulfiya opamni, adabiyot muallimlarimiz – Uzoq Hayitov va Norqul Ahmedovlar birinchi ustozlarimdir. Universitetda Begali Qosimov, Gʻaybulloh as-Salom, Botirxon Akramov, Talʼat Solihovlarning oʻy-xayollarimiz, orzularimizga qanot bogʻlagan uzundan-uzoq maʼruzalari… Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatovlarning donishmandona davra suhbatlari… Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva mushoiralari…
Kursdoshlarimizdan birining taʼbiri bilan aytganda, Talʼat Solihov domlamiz Mopassanning “Doʻndiq” hikoyasini mohir jarroh singari “operatsiya” qilib, hikoya qanday yozilishini koʻrsatib berganlar.
Ular mening hamdu sanolarimga, olqishlarimga, boring, ana, maqtovlarimga muhtoj emas.
Begali Qosimovning ilm-fan rivoji yoʻlidagi fidoyiligi tillarda doston.
Shogirdparvar Gʻaybulloh as-Salom domlamizdan olgan insoniylik saboqlarimiz bizga hozir ham asqotmoqda.
Botirxon Akramov esa (mustabid tuzum davrida) jonini garovga qoʻyib, Paygʻambarimiz hadislarining mazmun-mohiyatini ongu shuurimizga singdirganlar.
Talʼat Solihov, Gʻaybulloh as-Salom chet el adabiyotining zukko bilimdoni sifatida biz uchun hamon tirik.
Ozod Sharafiddinovning “sopini oʻzidan chiqaruvchi” yengil yumorga, kulgiga boy oʻgitlariyu suhbatlarini unutib boʻlar ekanmi…
Yoshlarning sevimli ustozi Umarali Normatovning yuragi, butun ilmiy va badiiy faoliyati mehr bulogʻiga qiyos…
Ustoz Erkin Vohidov adabiyotda ulkan maktab yaratib ketdi. Bu maktab xalqimizning kelajakda hayotga qadam qoʻyadigan millionlab farzandlari uchun yuksak insoniylik dorulfununi boʻlishi aniq.
Shak-shubhasiz, Abdulla Oripov sheʼriyati millatimiz qadri, shaʼni, oriyati uchun tiklangan haykal – badiiy obida.
Talabalik yillarimizda Rauf Parfi ijodidagi vatanparvarlikka, millatparvarlikka, majnunona fikrlash tarzidagi tafakkur salohiyatiga havasimiz yuz emas, ming chandon edi, hozir ham.
Menga qolsa, Halima Xudoyberdiyeva sheʼrni erkakchasiga yozadi. Hozirgi ayrim “timtimak”lardan Halima opaning bir misrasi avlo. Xudo xohlasa, hademay oʻzining yetmishinchi bahoriga qadam qoʻyadigan opaning asarlarida buyuk Toʻmaris mehri, Shiroq shiddati-shijoati mujassam…
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, rahmatli Qosim Hasanovdan kasbga, oilaga, doʻstlarga sadoqatni oʻrganganman. Tahririyatimiz darvozasi yonida ustoz Qosim akaning marmarga ishlangan surati bor.
Saydi aka Umirov domlamiz bilan hozir ham goho telefon orqali hol-ahvol soʻrashib turamiz, gohida esa vatanparvar fotograf Abdugʻani Juma ustaxonasida hozirgi adabiy jarayonlarning u boshidan kirib, bu boshidan chiqamiz.
Hayotimda ul-bul “nimarsalar” qoralashimda kamina uchun gʻoyat aziz boʻlgan bu insonlarning oʻrni va ahamiyati beqiyos.
Tugʻilajak farzandga ota-onani tanlash imkoniyati yoʻq. Shogirdda esa… Mabodo, Xudoning qudrati bilan qaytadan dunyoga keladigan boʻlsam, yana shu aziz ustozlarimning etagidan mahkam tutardim.
– Odil Hotamning ijodxonasi qanday olam? U asarlarini qanday yaratadi? Ijod jarayoningizdagi iztirob va sevinch haqida soʻzlab bersangiz…
– Toʻgʻrisi, bu savolingizga javob qaytarish men uchun biroz emas, juda noqulay.
Bir necha yil ilgari poytaxtdagi ijodkorlardan biri ogʻzini toʻldirib shunday deb qoldi:
– Ustozim uyimizga kelganida “Ijodxonangni koʻrsatasan?” deb turib oldi. Olib kirdim. Rang-quti uchib ketdi: “Mening ijod namunalarim – asarlarimni nega ish stolingga qoʻymading? Ular sen uchun adabiyot darsligi-ku! Mana bu burchakka Afrodita haykalini qoʻy! Uyga oʻtsang, dunyoga mashhur rassomlarning asarlari roʻyxatini beraman. Kamida oʻn-oʻn beshtasini tanla! Eng soʻnggi modadagi gilam ham keltir. Har kuni ikki dona atirgul boʻlsin! Kelinga ayt, kunda-kunosha erinmay ularni almashtirib tursin!” dedilar. Yer yorilmadi, yerga kirib ketmadim. Ustoz topshiriqlarini bajardim, faqat Afrodita haykali topilmadi. Bir shogirdimning otasiga zakaz berdim. Ikki-uch kunda tayyorlab yetkazadi. Ustozim aytganlariday – “bu haykalcha ilhom manbai”.
…Obbo!.. Ana, boʻlmasam… menda bunaqa muzey – ijodxona yoʻq, oʻzimga yarasha ijodiy olamim bor, xolos.
Kechirasizu “asarlarim” deyishga tilim bormayapti. Nimani qoyil qilib yozib qoʻydim, oʻzi… Toʻgʻri, bir necha toʻplamim chop etilgan.
Sheʼr qogʻozga qanday tushadi? Baʼzan bir misra yoki bittagina soʻz haqida yillab oʻylaysiz… Goho kutilmaganda…
Ijodiy olamning darvozasi ham, taʼbir joiz boʻlsa, poydevori ham, boring, ana, havosi ham SOʻZ… Yaqin doʻstingizga, qadrdoningizga aylangan kitoblar. Benazir ustozlarning oʻgitlari. Koʻp yillik tajriba… Men uchun buyuk tariximiz, bugungi ulugʻvor evrilishlar, atrofimizdagi odamlarning orzu-armonlari, biz yetishga ilhaq boʻlgan kelajak qogʻozga tushadigan bitiklar beshigidir.
Ijodiy jarayonning oʻziga xos iztiroblari, sevinchlari xilma-xil, unutilmas… Anton Chexov siyohdon haqida roman yozishi mumkinligini aytganidek, ular xususida yostiqday-yostiqday kitoblar yozsa boʻladi. Boringki, shunday kitoblar yozildi ham deng, ammo sanoqli kishilardan boshqa hech kimga ularning keragi yoʻq.
Har bir ijodkorning oʻz ijodiy olami bor, boʻlgan, boʻladi.
– Ayting-chi, shu paytgacha chop etilgan kitoblaringizning soni, umumiy adadi qanchaga yetdi? Ularning hammasidan koʻnglingiz toʻlganmi?
– Shu paytgacha mening nomim bilan beshta sheʼriy toʻplam, bitta hujjatli qissa chop etilgan. Oʻndan ortiq jamoa toʻplamlarini hisobga qoʻshmadim. “Onajon” toʻplami bir necha yil mobaynida uch marta nashr etildi.
Shu oʻrinda oʻtgan asrning 80-90-yillarida shoirning birinchi kitobi 10 ming nusxada, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqa mashhur shoirlarimizning toʻplamlari 35 ming nusxada, ulkan adiblarning romanlari 80 ming nusxada chop etilgani bor gap.
Necha yillar ilgari yozuvchi Ashurali Joʻrayev taniqli shoir Xurshid Davron asarlarining adadi bir million nusxadan ortgani haqida hazilnamo bir narsa yozgan edi.
Keyingi yillarda “Sharq” nashriyot – matbaa konsernida taniqli shoirlarning asarlari besh ming nusxada bosilmoqda. Umuman olganda, hozir xalq shoirlariyu xalq yozuvchilari ham kitobi adadi bilan maqtanolmaydi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkaziladigan “Isteʼdod maktabi” respublika yosh ijodkorlar seminarida nashrga tavsiya etilgan “Birinchi kitobim” ruknidagi toʻplamlar “Ijod” fondi tomonidan moliyalashtirilib, 20 ming nusxada chop etilishi yosh ijodkorlarimizga qanot boʻlayotgani shubhasiz.
Nashriyotlarda yildan-yilga kitobning narxi oshib borayapti.
Hozir internetdan dunyodagi taniqli adiblarning istagan asarini sanoqli daqiqalarda chiqarib olish imkoniyati bor.
Bir zamonlar poytaxtimizda bir yil Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kino ijodkorlari festivali boʻlib oʻtsa, keyingi yili xuddi shu qitʼalar yozuvchi va shoirlarining xalqaro anjumanlari, mushoiralari tashkil etilar edi. Kelgan yozuvchi va shoirlar kitoblarining adadi 200-300 nusxadan ortmasligini koʻrib, taajjubdan yoqa ushlar edik.
Soʻzlarimni ajoyib adib va adabiyotshunos Ahmad Aʼzamning “Til nomusi” (Toshkent “Akademnashr”, 2013) kitobidagi misol bilan davom ettirsam: “Sakson yettinchi yilmidi, yozuvchilar uyushmasiga Parijdan “Aksion poetik” degan jurnal vakillari keldi. Ular bilan tanishdik, suhbatlashdik. Gapdan gap chiqib, qaysimizdir bizda Erkin Vohidov, Abdulla Oripovning sheʼriy toʻplamlari sakson-yuz ming nusxada chop etilishini aytgan edi, fransuzlar angrayib qoldi. “Sizlarda qancha nusxada bosiladi?” – deb qiziqdim, e-e, bularni toza urib ketgan ekan-ku degan maʼnoda. Ulardan biri: “Yuz-ikki yuz nusxada. Buni ham shoirning oʻzi chop qildiradi, yoru doʻstlariga tarqatadi, oʻtsa, yana chiqaradi. Katta tiraj besh yuzga boradi-da”, – dedi. Men ajablanib: “Dunyoga mashhur shoirlaringiz ham shu ahvoldami?” – deb soʻradim. “Ha, men buyuklarni aytayapman”, – dedi. “Sheʼriyat bunday boʻlsa, prozaning ahvoli qanday? Masalan, Fransiyada yashayotgan Nobel mukofoti laureati Semyuel Bekket asarlari qanchadan bosiladi?” – deb soʻrasam, “Bekketni uni tushungan odamlargina oʻqiydi. Bular ham koʻp emas. Bekket teatri ham bor, unga ellik-oltmish xos muxlislargina tushadi”, – dedi. Men Chingiz Aytmatovni soʻradim, “Uning asarlari katta tirajlarda bosilar ekan-ku sizlarda ham?” degan savolimga: “Ha, Aytmatov katta tirajda bosiladi. Lekin u bestseller”, – deb gapni loʻnda qildi”( 81-82-betlar).
Oʻzimni jabrdiyda qilib koʻrsatmoqchi emasmanu keyingi yillarda oʻndan ortiq sheʼriy va nasriy toʻplamlarimni turli nashriyotlarga olib bordim. Narxi osmonda. Oradan yillar oʻtib, ularning deyarli barchasini qaytarib oldim. Farzandlarimni oʻqitdim, oila, roʻzgʻor tashvishlari, deganday. Ayrim katta-katta puldor tashkilotlar rahbarlariga sheʼr bagʻishlab kitob chiqarishga esa hech uquvim yoʻq. Bu bilan shunday qilayotganlarning ustidan kulmoqchi emasman. Adabiyot har qanday shaxsiy manfaatlardan ustun va xoli boʻlishi kerak-ku, axir…
“Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, “Sharq ziyosi” va boshqa gazetalarda muntazam qatnashib kelaman. Mashqlarni kanda qilganim yoʻq.
Shu paytgacha chiqqan kitoblarim haqida turli fikr-mulohazalar bildirildi. Ularni toʻgʻri qabul qildim. Har kimning oʻz qarichi bor, albatta.
Maqtanish yoki katta ketish emas-ku, rahmatli shoir doʻstim Nazar Shukur xotirasiga bagʻishlangan “Yuksakdagi daraxt” hujjatli qissa haqida Qashqadaryoda, Navoiyda, poytaxtimizda ancha-muncha samimiy munosabatlar bildirildi. Xatolarim oʻzimniki, agar bor boʻlsa, yutuqlarim, ozmi-koʻpmi, kitobxonlarniki. Bu toʻplamlarimdan koʻnglim toʻldi, degani emas.
– Xotiralarda oʻqiymiz: bir vaqtlar shoirlar varanglatib sheʼr oʻqishgan, tinglovchilar olqishlagan. Bugun bu hol yoʻq. Bunga baʼzilar hozir sheʼrni hamma oʻzicha – telefonda, kompyuterda oʻqiydi, eshitadi, deb izohlashi mumkin. Lekin boshqa holat ham bor: bugun davrada sheʼr oʻqishga koʻpchilik iymanadi. Shuni siz ham sezganmisiz? Buning sababi nimada?
– Ha, aytganingizdek, bir vaqtlari shoirlar varanglatib sheʼrlar oʻqishar edi. Oʻtgan asrning 70-yillarida bir mashhur shoir Toshkentga kelib, “Zalda besh ming kishi boʻlmasa sheʼr oʻqimayman” deb turib oladi.
Bilmadim, Toshkentda qanday, lekin joylarda mushoiralar, olqishlar hamon avjida. Masalan, Navoiy davlat pedagogika va konchilik institutlarida shunday. Bu oliy taʼlim dargohlari oʻqituvchilarining aksariyat qismi shoir. Ularning shoirlikka aslo daʼvosi yoʻq…
Aytganingiz toʻgʻri: hozir hamma telefonda, kompyuterda yozadi, oʻqiydi, tinglaydi.
Quyidagi misol joyiga tushadimi-yoʻqmi, bilmadim. Bir paytlari universitetdagi domlamiz – masalchi shoir Muxtor Xudoyqulov yangi masal yozib, bizga oʻqib bergani yodimda. Uning mazmuni shunday: “Bir kurka toʻqay toʻrida uchish nazariyasi boʻyicha burgut polaponlariga uzundan-uzoq leksiya oʻqiydi. Semestr yakunida imtihonlarni aʼlo va yaxshi baholarga topshirganlarning quvonchi cheksiz. Domlaning ham kayfiyati zoʻr. Nega aʼlo boʻlmasin, axir, shogirdlar havo sokin yoki turli darajada shamol turganda necha gradus burchak ostida qanot yozish kerakligini yaxshi oʻzlashtirib olishdi.
Kurka xursand holda soʻnggi savolini oʻrtaga tashladi:
– Kimda qanday savol bor?
Oxirgi qatordagi endigina tuxumdan chiqqan polapon oʻng qanotini koʻtaradi. Ustozdan ijozat boʻlgach, savol beradi:
– Domla, hammasi yaxshi boʻldiyu, shu…
– Xoʻsh?
– Bi-i-ir uchib koʻrsatmadingiz-da, ustoz!
Domlaning hamon shashti baland:
– Uchishni boshqa domladan oʻrganasizlar!
Shu bilan semestr yakunlanadi…”
Viloyatimizga bir shoir keldi. Tesha tegmagan savollar, kutilmagan javoblardan hamma hayratda.
Tadbir nihoyasida zal adogʻidan bir qiz shoirdan sheʼr oʻqib berishini iltimos qildi.
– Hammang mana bu kitobimdan sotib olgansan, toʻgʻrimi?
– Ha! – zalning turli joylaridan uzuq-yuluq tovushlar eshitildi.
– Uyga borib, yonboshlab bemalol oʻqiyverasanlar! Men aeroportga shoshayapman!
Har-har joyda shap-shup chapaklar… Shu bilan shoir birorta ham sheʼr oʻqimay kelgan joyiga joʻnavordi…
Agar zerikmagan boʻlsangiz yana boshqa bir misolni aytsam…
80-yillar oʻrtalarida bir toʻyga bordik. Toʻyni qaysi bir tumandan kelgan 35-40 yoshlardagi kishi olib bordi. Ishonasizmi, qariyb ikki-uch soat davom etadigan davra shiddatli sheʼrlar bilan boshlandi. Taklif etilgan sozandayu xonandalarning toqati toq. Tasavvur qiling: “otarchi”lar “qistir-qistir”dan qolishayapti. Raqqosalar alamidan achchiq-achchiq sharob ichmoqdalar. “Sostav” “kattasi” toʻy egasiga oʻdagʻaylaydi.
– Sizlarga kelishilgani boʻyicha toʻlayman! – deydi toʻy egasi. – Men bu yigitga havasim ketib olib kelganman. Qarang, Erkin Vohidovdan, Abdulla Oripovdan qanday zoʻr sheʼrlar oʻqiyapti!
– Biz qancha navaldan qolayapmiz! – jazavaga tushadi “katta”.
– Boʻlmasam… Hozir, shunisini tugatsin! Oʻzim aytaman!..
Shu orada chiroq oʻchsa boʻladimi… Davra raisi mikrofonsiz sheʼr oʻqiyverdi. Keyin tovushi chiqmay qoldi. Davraning erkaklar oʻtirgan tomonida “jangu jadal” avjida: shaqaru shuqur!!!
– Sheʼrni zoʻr oʻqir ekan-ey! – deydi birovi.
– Och qoringa sheʼr yoqadimi, ha, jigar…
Yana shaqara-shuqur…
Yarim soatlar oʻtdimi, chiroq yondi. Musiqa varanglab, “Laʼlixon” hammani davraga chorladi: “kishan-kishan” boshlandi. Qolganlar alanglaydi: haligi sheʼr oʻqigan davra raisi koʻrinmadi. Bitta-ikkitasi toʻy egasidan soʻradi, u yelka qisdi.
Raqqosalar davra aylanishga tushishdi. Pullar daryosi… Buning oti – “naval”…
Oradan ancha vaqt oʻtib, kimdir gap topib keldi. Haligi yigit huv naridagi “Jiguli” ichida mast boʻlib yotgan emish… Ertasiga maʼlum boʻldi: bu ishni “otarchi-sanʼatkorlar” uyushtirishibdi… Shu-shu oʻsha yigit qayta toʻyga chiqmaydigan boʻldi…
Menimcha, bugun koʻpchilikning sheʼr oʻqishga iymanishining sababi…
– Yozish qachon ehtiyojga aylanadi? Shoir uchun yozolmay qolish nima?
– Eshitgansiz… Iskandarning shoxi bor!.. Yozish ana shunday oʻjar ehtiyojga aylanishi kerak. Usmon Nosirning soʻnggi kunlarini xayolan koʻz oldingizga keltiring… Menimcha, yozolmay qolish shoir uchun Usmon Nosirning soʻnggi kunidir.
Shu paytgacha yozganlarim oltin suvi yugurtirilgan baytlar emasligi oʻzimga ayon.
Shoir yozolmay qolishidan Oʻzi asrasin.
– Adabiyotning, ijodning, ilhomning ilohiyligi haqida nima deysiz? Shoirga ilhom qanchalik zarur?
– Bunga Alisher Navoiydan, Lev Tolstoydan, jahonga mashhur boshqa ijodkorlardan istagancha misollar keltirish mumkin. “Xudo yuqtirmasa, mol bozoriga dallol ham boʻlolmaydi” degan mazmundagi gap bor. “Isteʼdodning 99 foizi mehnat” degan hikmatni eshitgansiz. Qolgan bir foizi yuqoridan.
Bani basharga suv bilan havo, olov bilan tuproq qanchalik zarur boʻlsa, shoir uchun ilhom ham xuddi shunday… Oʻtkir Hoshimovning “Asar ilhom bilan yaratilishi kerak” degan mazmundagi gapini yaxshi bilasiz. Menimcha, ilhom holati ijodkorning qaysidir maʼnoda Ollohga yaqinlashishidir. Mendan oshirib taʼriflaydiganlarning haloli boʻlsin.
– Bugungi kunda koʻpchilik ijodkorlar, ayniqsa, yoshlar ijodida madhiyabozlik kuchayib ketganday. Yosh qizchalar, deylik qoʻgʻirchogʻi mushugi, ha, ana, dugonasi, onasi haqida yozishi tabiiymasmi? Nainki, vatanparvarlik, unga jon fido qilishni qalamga olsa… Bu hol soxtalikni keltirib chiqarishga va alal-oqibattuygʻuni oʻtmaslashtirishga xizmat qilmaydimi?
– Boshqalarni bilmadimu, menbop savol. Buning hayotiy sababi bor, albatta.
Gap shundaki, qariyb qirq yildan buyon tahririyatimiz huzuridagi “Chashma” adabiy toʻgaragi mashgʻulotlarini oʻtkazib kelaman. Toʻgaragimizning sobiq aʼzolari tumanimiz, viloyatimiz, respublikamiz miqyosidagi turli matbuot nashrlarida, radio va televideniyeda, boshqa sohalarda qizgʻin faoliyat koʻrsatishmoqda. Koʻpchiligining necha-necha kitoblari, tarjima asarlari yorugʻlik yuzini koʻrgan. Ulardan bir necha nafari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Toʻgaragimiz aʼzolarining aksariyat qismini shoira, qizlar tashkil etadi. Agar vaqtingizni olmasam, jurnalxonni zeriktirmasam, ikkita misol keltirsam maylimi?
– Marhamat!
– Rahmat! Yigirma yilcha ilgari 2–yoki 3-sinfda oʻqiydigan bir qizaloqni otasi tahririyatimizga yetaklab keldi:
– Qizim Vatan haqida sheʼrlar yozgan. Oʻshalarning toʻrt-beshtasini Toshkentga yubormoqchiman!
– Hali shoshmay turing, vaqti bor! Qizimiz toʻgarakdagi akalariga, opalariga yetib olsin. Qoʻli kelgach, Siz aytmasangiz ham nafaqat Vatan haqidagi, balki boshqa sheʼriy mashqlarini ham oʻzim respublika gazeta va jurnallariga yuboraman! – Soʻng qizaloqqa yuzlandim:
– Uyingda olma daraxti bormi?
– Sizga nechchi kilo olma kerak! Hozir keltirib beraman! – dedi u.
Oradan ikki-uch kun oʻtib yana keldi:
– Sheʼr chiqaradigan joy bilan gaplashdim, “yuboring” deyishdi.
– Onasi, olma daraxti, qoʻgʻirchogʻi, tovugʻi, mushukchasi haqida yozsin, demoqchiman.
Ota bezovtalandi:
– Nima, Vatan haqida yozmasinmi? Nega unga qarshilik qilasiz?
– Qizimiz ulugʻ Vatan tuygʻusini hozircha siz yoki menchalik his qilmaydi-ku.
– Siz nimani ham tushunardingiz! – dedi otasi.
– Hali ham kech emas, yubormang! Qoʻli toʻgʻri boʻlsin! Shoshqaloqlik qilmang!
– E!..
Ertasiga u menga qoʻngʻiroq qildi:
– Yubordim!
– Obbo!..
Ikki-uch haftalar oʻtibmi, u suvga tushgan lattaday boʻlib keldi…
– Xoʻsh?
– “Sheʼrlaringizni oldik, yozavering!” degan javob xati keldi.
– Shu bilan qizingiz isteʼdodli boʻlib qoldimi?
– Sovgʻa-povgʻa yuborishadimi, deb oʻylagan edim.
U indamay chiqib ketdi… Qizi toʻgaragimizga qayta qadam bosmadi…
Ikkinchisi esa quyidagicha: maktablardan birining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari ikkita papkani stolimga qoʻydi:
– Yettinchi sinfda oʻqiydigan bir qizimiz zoʻr sheʼrlar yozib, toʻplam tayyorlagan. Mana bunisi lotinda, bunisi kirillda. Otasi nashriyot bilan gaplashgan. Soʻzboshi yozib berasiz. Kitob qilib chiqaramiz!
Papkalarni ochdimu…
– Domla, shoshmayapsizmi?
– Yoʻq, nimaydi?
– Men hozir…
Qoʻshni kabinetga oʻtib shoir, tarjimon Vafo Fayzullohning “Jon yoʻli” sheʼriy toʻplamini keltirdim-da, papkalar ustiga qoʻydim:
– Bunisi lotin imlosida, bunisi kirilldagisi!..
Muallima avvaliga hayron qoldi, soʻng kitoblarni varaqladi, papkalarni ochdi, solishtirib koʻrdi. Haligi qiz kitob muqovasidagi muallif oʻrniga oʻzining ismi sharifini qoʻygan, toʻplam nomi oʻzgargan. Qisqasi, kitobni nuqta-verguligacha koʻchirib olgan.
– Kechirasiz!..
Muallima koʻzda yosh bilan chiqib ketdi. Keyin eshitsam maktabga qizning ota-onasini chaqirtirib, muhokama qilibdi…
Afsuski, bunday misollar bitta-ikkita emas.
Shunday holda his-tuygʻular qanday oʻtkirlashsin? Har qanday sharoitda ham yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish bizning vazifamiz. Ulardan umidimiz katta.
– Adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrnini siz qanday tasavvur etasiz va adabiyotimizda qanday anʼanalar davom etishini, qanday illatlar barham topishini istar edingiz?
– Koʻngilga oʻtirishadigan savol, unga javob qaytarishim shart va zarur, albatta.
Ernest Xeminguey “Chol va dengiz” asari uchun olgan oʻsha Nobel mukofotini. Nega aynan shu qissa uchun? Negaki, bu moʻjaz asarda inson matonati ulugʻlanadi.
Adabiyot – adab, odob. Adabiyotsiz jamiyat bir qadam ham olgʻa siljimaydi. Menga qolsa, jamiyat ulkan mashina boʻlsa, adabiyot uni harakatga keltiruvchi kuch.
“Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Navoiy”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Yulduzli tunlar” asarlari milliy adabiyotimizning noyob durdonalari. Ularda anʼanalarimiz betakror yorqin boʻyoqlarda muhrlangan. Tabiat tasviri, qahramonlar portreti…
Keyingi yillarda yaratilayotgan ayrim nasriy asarlarda qahramonning asl qiyofasini ilgʻay olmaysiz.
Rahmatli Ahmad Aʼzam vafotidan bir haftami-oʻn kun ilgari qoʻngʻiroq qilib qoldi.
– Nimalar yozayapsiz? – soʻradim undan.
– Ha, shu, sogʻliq…
– Xabarim bor, lekin siz bekorchi emasligingizni yaxshi bilaman.
– Bir narsalar qoralayapman, joʻra. Asar dialoglardan iborat boʻladi. Tabiat manzaralari ham, qahramonlar portreti ham suhbat jarayonida ochilib boraveradi…
Ahmadning bu qoʻlyozmasi nihoyasiga yetganmi-yoʻqmi, bilmayman.
Toʻgʻrisi, hozir yaratilayotgan asarlarning ayrimlari jahon adabiyotining baʼzi namunalariga taqliddan boshqa narsa emas.
Nazar Eshonqul, Xurshid Doʻstmuhammad asarlari bundan mustasno. Haqiqiy milliy asargina oʻz eʼtibori, qadrini topadi, oʻsha mashhur masalda aytilganiday: “Tarixda misollar juda koʻp bunga…”
Darvoqe, illatlar haqida… Oʻrik, gilos, olmalar pishishi bilan oilamiz bekalari ulardan murabbo tayyorlab, qishga olib qoʻyishadi. Agar “banka” talab darajasida qaynatilmagan, meva-cheva yaxshi yuvilmagan boʻlsa, vaqti-soati bilan oʻsha “banka” qopqogʻi albatta “otiladi”. Mabodo, qopqoq otilmasdan avval kimdir uni isteʼmol qilsa, zaharlanishi, shubhasiz. Xoh kattami-kichikmi, bunday “asar” oʻquvchi qalbini zaharlashi tabiiy.
Mazmuni hamdu sanolardan iborat, yaltiroq muqovalarda chop etilgan ana shunday “kitob”larni koʻrganimda Abdulla Qahhorning “Bu asarni “doʻppimni hidlab-hidlab oʻqidim” deb yozgani yodimga tushadi. Jasoratli adabiyotshunos olim, hozirgi zamonaviy til bilan aytganda, bitta tahliliy maqola bilan ana shunday “kitob”larning “joyini koʻrsatadigan” Ozod Sharafiddinovni eslayman…
Qani Ozod akaday adabiyotshunoslar!
Biz ulkan taraqqiyot asri fuqarolarimiz. Ayni shu kunlarda Sahroi Kabirda ulfatlari bilan gap-gashtak, masalan, pivoxoʻrlik qilib oʻtirgan Majnunning (Xudo kechirsin!) Taklamakan choʻllarida sochini qirqtirib, qoshlarini terdirib, (Astagʻfurulloh!) dugonalari bilan “kola” ichib turgan Layliga SMS orqali sevgi izhor qilishini bir tasavvur etib koʻring… Bu aqlga sigʻadimi?..
Gapni koʻpaytirmay. Menimcha, illatlar haqida adabiyotshunoslar gapirgani maʼqulmikan… Chumchuq soʻysa ham…
– Bugungi oʻzbek adabiyotini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish zarur deb hisoblaysiz?
– Menga qolsa, ayrim yozuvchi, shoirlarimiz manmanlik, kibru havo, mahalliychilik osmonidan bir zamonlar ularni ulgʻaytirgan yerga qaytib tushsalar…
Oydami-yildami, ozib-yozib viloyatlardan poytaxtga bir borib qolgan, nashriyotlar eshigida sargʻayib turgan ijodkorlarga ham odamday muomala qilsalar, hech boʻlmasa, oʻzbekchiligimizni unutmay, odamday salomlashishga odatlansalar… Haddingiz sigʻib, bir zamonlar sizga tanish boʻlgan ijodkor huzuriga borasiz… U esa… “osmonni ushlab” turibdi. Agar u qoʻyvorsa bormi…
Davlatimiz tomonidan adabiyotimiz ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Shoir, yozuvchi, umuman, ijodkorlar xalqni ezgulikka boshlovchi kishilar ekanligi ayon haqiqat. Goho “Ijodkorlarning axloq kodeksini tuzish kerakmikan?” degan xayollarga borganimni bilmay qolaman.
Nima boʻlganda ham xudo har kimning oʻziga insof bersin! Har kim oʻz ajali bilan oʻladi. Har kim oʻz qoʻli bilan yozadi.
Qolgani – VAQTning oliy hukmida…
Hurmat qilib suhbatga chorlaganingiz uchun ming rahmat!..
Suhbatdosh – Gʻiyosiddin OʻNAROV
“Ijod olami”, 2017–2
https://saviya.uz/hayot/suhbat/iskandarning-shoxi-bor/