Soʻnggi suhbat

Ustoz Abdulla Oripov gurunglarining ayrimlarini yozib qoʻyardim. Uch-toʻrttasini oʻqib munday qarasam, risolacha boʻlguday avzoyi bor. Iqtidorli shoir va adib, oqibatli doʻst Muhammad Ismoilga berib, bir koʻz yugurtiring-chi, dedim. Muhammadjon ajoyib yigit-da, roppa-rosa toʻrt kun deganda qoʻlyozmani xuddi bosmaxonada bosilgandek muqovalab, chiroyli kitobcha koʻrinishida toʻrt nusxada opkepqoldi:

– Ustozga oʻqitish kerak. Rosa xursand boʻladi! Ketdik, yoʻl-yoʻlakay Abdugʻani Jumaniyam olvolamiz, Abdulla akaning hozirgi portretini yaratishim kerak, deb yuruvdi.

Uchovlon joʻnadik Abdulla akanikiga qarab, qaydasan, Doʻrmon, deb.

Oʻsha kunlari Abdulla aka Amerikada birinchi marta davolanib kelgan, salomatligi ancha yaxshi, kayfiyati ham binoyi paytlar edi.

Hanifaxon kelinoyimiz darrov dasturxon tuzadilar. Suhbatimiz Abdulla akaning amerikaliklar qanday davolaganidan boshlandi.

– Duxtur hammayogʻimni tekshirib boʻlganidan keyin, men sizga ketavuring, deyishim mumkin, dedi, – deya gap boshladi ustoz. – Sizam indamay ketavurishingiz mumkin. Lekin keyin mening vijdonim qiynaladi, men qiynalaman nimaga joʻnatvordim, deb. Sizni oxirigacha koʻrishim kerak. Men unga, e-e, qarindosh boʻmasangiz, yurtdosh boʻmasangiz, dindosh boʻmasangiz, begona mamlakatdagi bitta duxtur boʻlsangiz, bor, oʻzingni joyingdagi duxturlarga uchrash, deyishingiz mumkin-u, dedim. Oʻpkangizda katta jarohat bor, dedi haligi odam minnatdor soʻzlarimga parvo qilmay, avval ham tekshirishganmi? Tekshirishganmi, deganingiz nimasi, dedim jahlim qoʻzib. Ikki yarim yildan beri tekshir-tekshir qilishadi, hammasi joy-joyida, deyishadi. Lekin yoʻtalim toʻxtamaydi. Oʻzimni osishim qoldi. Men duxtur boʻlmasam, nima qilishim kerak? Badaningizni rengen qilmadimi, yana soʻradi u. Bir qiz tarjimonlik qilyapti. Qilishdi, bir emas, oʻn martalab, dedim men. Ana, bir chamadon dori yozib berishgan. Sizdagi bu holat pnevmaniyadan keyingi holat, oʻpkani hammayogʻi shram, oʻpkada infarkt boʻlgan, havo yurmaydi, dedi. Bir parchagina oʻpka – uyam suv, tushuntirdi u, miyada yoʻtal qoʻzgʻaydigan nuqtalar boʻladi, siz olayotgan dorilar shuni opiyumga oʻxshab toʻxtatib turadi, oʻpkaga hech qanday aloqasi yoʻq. U sizni aldaydi, aldab turib, bir oyda oʻldiradi. Juda xafa boʻldim bu gapni eshitib. Endi, dedi, biz sizga ingalatsiya tayinlaymiz. Ingalatsiyani bilasilar, chilimga oʻxshagan, – izohlagan boʻldi Abdulla aka. – Keyin ikki-uchta dori yozib berdi. Manavi dorilaringiz mutlaqo kerak emas, teskari reyaksiya beradi. Biz aytgan dorilarni sotib olasiz, yoʻtalingiz oʻn besh kunlarda toʻxtaydi, dedi.

Dorilarni sotib oldik. Aytilgan muddatida yoʻtal taqqa toʻxtadi.

Turkiyaga borganimda ham shunaqa boʻluvdi. Duxturlar yuragimni yozvolib, trevoga qivorishuvdi, oʻn kungina hayoting qopti, deb. Oʻn kun-a? Keyin koʻzimga koʻrsatishdi yurakning bitta tomirini ikkita joyida qon qotib qolgan, 92-98 foyiz qon oʻtmaydi. Ular hayron qolib, sizni anovi qilganmi, yurak yozvoladigan?

– Kardiogramma? – deb eslatdi Muhammad.

– Ha, oʻsha. Men, har kun qilardi, koʻrardi, oʻttiz yashar yigitnikiday derdi, desam, boshini changallashuvdi. U yoqda ular, bu yoqda – Amerikada bular boshini changallaydi. Oxiri, endi hech qaysisiga uchramang ham, bormang ham, dedi haligi amerikalik. Bir-birini tanimaydi-ku. Balki u Oʻzbekistonni eshitmagan ham. Bir duxtur haqida gapiryapman. Shunday qilib, aylanib keldim. Shukur-ku, hammasiga, lekin yarimjon boʻlib qolganidan keyin ozroq injiq boʻlib qolarkan odam. Endi umr oxiriga yetib boryapti, shekilli. Qolgan vaqtni yaxshi yumushlarga sarflash kerak. – Abdulla aka bir zum tin olib, nafas rostladi. Bizni dasturxonga undadi. – Baʼzi tirnoq ichidagi doʻstlarim boʻlsa, shu holimdayam tinch qoʻyishmaydi. Uxlamay, otib yotibdi palaxmonni.

– Umr oxiriga yetyapti, demang, – deb dalda bergan boʻldim oʻzimcha. – Bundan battarlariniyam koʻp koʻrgan siz-ku…

– Koʻrganman-koʻrganman, – darrov javob qaytardi ustoz. – Lekin avvallari Moskvaning qoʻli bor, oʻrislar qiladi, deb oʻylardim. Endi bilsam, hamma dard oʻzimizning ichimizda ekan. Shunday kimsalar borki, manfaat yoʻlida oʻz bolasini soʻyaman, deydi. Yeb turgan qoshiqni paytavasiga artadi. Shuyam odam boʻldi-yu… – Kimdir, shu yaqin orada ustozni qattiq ranjitgani bilindi. Jimgina soʻzining davomini kutdik. – Yosh boʻlsam ekanki, mansabini tortib olsam. Unvon talashsam. Bu, nima balo boʻlgan? – Amerikada bir-ikkita sheʼrlar yozuvdim, bir ukamiz shularni internet-gazetda eʼlon qilsa, bitta kattakon chaqirvolib, nima uchun Abdulla Oripovning sheʼrlarini chiqarding, unday qilma, oqibati yomon boʻladi, debdi. Men, bu gaping yangilik emas, dedim unga, menga yaqin yursang, oʻzingga qiyin boʻladi. Kecha Italiya elchixonasidan bir xabar keldi. Dantedan qilgan tarjima uchun menga Italiya hukumatining mukofotini berishibdi. Yaqinda shu mukofotni topshirish marosimi boʻladi, kelasiz, debdi elchi. Endi kim bilan borishni oʻylab oʻtiribman. Men bilan boradiganga albatta zararim tegishi mumkin-da. Men buni istamayman.

– Unaqamas, bunday unutilmas marosimda ishtirok etish va sizning qavatingizda turish har bir sheʼriyat ixlosmandi uchun baxt! – Bu gapim juda tantanali chiqqani oʻzimgayam sezildi.

– Juda koʻp oʻkinaman, – deb xoʻrsindi ustoz. – Juda oʻkinaman.

Oʻrtaga choʻkkan sukunatdan foydalanib, ustozga “Choʻqqidagi quyosh”ni koʻrsatdim. Abdulla aka shoshmay qoʻliga oldi, orqa-oldini aylantirib koʻrdi. Ochib, varaqladi. Keyin nimadandir koʻngli toʻlmagani yuzidan sezildi.

– Chiqqanmi bir-ikki dona? – deb soʻradi.

– Yoʻq, toʻrttagina chiqarganmiz, kompyuterda, sizga koʻrsatish uchun opkeluvdik, – mening oʻrnimga javob berdi Muhammadjon.

– Bu kitobning koʻrinishi menga yoqmadi, – deb oraga suqildi Abdugʻani. – Ofarmleniyasi gʻarib. Muqovasiyam… Qandaydir, publitsistikami-ye! Sheʼriyat sezilmaydi. Menimcha, muqovada sizning suratingiz boʻlishi kerak. Ichidayam turli xarakterdagi suratlaringizdan foylanish zarur. Menda ajoyib suratlaringiz bor.

– Lekin format, deymiz-u, qaddi-qomati shu, shundaymi? – soʻradi ustoz.

– Shunday-shunday…

– Kitob nomi…

Abdulla akaning xayollanib turgani “lop” etib ustozning “Men shoirman, istasangiz shu” degan misrasini esimga tushirib yubordi-yu:

– Kitobni: “Men shoirman, istasangiz shu”, deb ataymiz! – deb yubordim. Oʻzingizning sheʼringiz.

– Ana bu boshqa gap! – deb oʻrnidan turib ketishiga sal qoldi Abdugʻani Jumaning. – Bu haqiqiy sheʼriyat allomasi toʻgʻrisidagi kitobga mos. “Men shoirman” katta-katta harflarda, “Istasangiz shu” kichikroq harflarda yozilsa va shoirning hayqirib sheʼr oʻqiyotgan surati berilsa, benihoyat goʻzal boʻladi!

Fikrlar ustozgayam maʼqul tushganday boʻldi nazarimda.

– Ha, endi, bu – nisbiy. Aynan boshimizdan oʻtganiyam, qismatimizam shu. Ammo surat tanlashda ehtiyot boʻlish kerak. Yoshlik ham, keksaygan vaqt ham yomonmas-u, ammo, umumiy oʻrta yoshdagi holat boʻlsa tuzuk. Hozirgisiyam boʻladi-ku, endi, 75ga kirganda, men shoirman, deb tursa, uncha yarashimli chiqmaydi. Suratning munosibini tanlab, Abdusaidga koʻrsating-da, uka, bu kishiga maʼqulini qoʻying. Oʻrta yosh toʻgʻri kelyapti. Oʻrta yosh, mening nazarimda, shoirlikni belgilaydigan davr hisoblanadi.

– Ustoz, xoʻp desangiz bir suratga tushib qoʻyaylik, – fursatdan foydalanib taklif kiritdi Abdugʻani Juma. – Yana oʻn yillardan keyin qarab, e-e, shu suratdagi bizmi, deysiz.

– Keyingi gapingiz yaxshi boʻldi, – deb kulimsiradi Abdulla aka. – Surat deganiyam bir tarix. Vaqtida yoshlik qilib, eʼtibor bermaganmiz. Keyin qarasam, Qaysin Quliyev, David Qoʻgʻiltinov, Chingiz ogʻalar bilan tushgan suratlar borakan. Yirtilib, sargʻayib ketibdi. Ommalashtirmaganimning sababi, andisha qilganman, shularning otiga mingashib olibdi, deyishmasin, deb. Vaholanki, keyin oʻylasam, bunday qaraganda, ular insoniyatning faxri-ku! Chingiz aka bilan men keyingi davrda juda yaqin edik, yedinomishlennigimsan, derdi u kishi. Juda koʻp dardlashardik.

Bir kun Abdullajon, dedi. Ha, desam, qiziq-qiziq gaplar koʻp-qu. Bizding prezident, Akayev menga, bu oʻzbek deganing tinmay bayram qip jatir, Navoiyni bir bayram qiladi, Beruniyni bir bayram qiladi, Bobirni, Ulugʻbekni bir bayram qiladi. Senda bizgʻa birovini tovib ber, deydi. Joʻgʻini qaydin topaman, dedim. Keyin, siz Manasni koʻtaravuring. Manasday ulugʻ doston dunyoda kam. Shuni koʻtaravuring, dedim. Shulaymi, dedi. Shulay, dedim, deydi. Endi, dedim Chingiz ogʻaning bu gaplaridan taʼsirlanib, sizning oʻrningizda Xudoni karomati bilan men boʻlganimda, qiziq boʻlardi, dedim. Ne der eding, dedi. Men, Prezidentingizga Manas bilan Aytmatovni koʻtaravuring, degan boʻlardim, dedim. Kulvordi. Hali koʻrasiz, Manas bilan ikkovingizning haykalingiz Beshkekni qoq oʻrtasiga qoʻyiladi, dedim. Oʻtib ketdi dunyodan Chingiz akayam. Onda-sonda televizorni burab yonimizdagi davlatlarni koʻrib turaman. Bir kun munday qarasam, Beshkekni oʻrtasida ikkovining haykali turibdi. Bechora, oʻzi koʻrmadi-da…

– Bashorat qilgan ekansiz-da! – hayratini yashirolmadi Abdugʻani.

– Mantiq, – izohladi Abdulla aka. – Endi, oʻlib boʻlganidan keyin, hozir, dunyoning qayerida, qaysi qirgʻizni uchratsang, gadayiyam, boyiyam, sen qayerliksan, desang, Chingiz Aytmatovning yurtidanman, deydi. U millatning bayrogʻi boʻp qoldi.

Ustozning bu hikoyasi ham kulgili, ham achinarli edi.

– Shunaqa degandayin, – deb davom etdi Abdulla aka. – Chingiz ogʻa olamdan oʻtganda bizdan Anvar Joʻraboyev bordi janozasiga. Uyam oʻtib ketdi. Borsam deydi, oʻtovdan chiqarmay, qarab turishgan ekan Oʻzbekistondan keladi, deb, deydi rahmatlik Anvarjon. Men keldim, desam, xursand boʻlishdi, deydi.

– Boya italyanlar haqida gaplashdik, – dedi Abdulla aka. – Ana shu italyanlar millat. Meni sssr vaqti chaqirishdi. Samolyotdan tushgan zamon Dantening tarjimoni keldi, deb hamma oʻrab oldi, gullar otadi. Oʻzi italyanlar sayroqi boʻladi, koʻp gapiradi. Lekin ulugʻ millat. Insoniyat kamoli shulardan boshlangan. Rimdan. Keyin, yana samolyotga chiqqanimda, sizlarday toʻrtta yigit tarjimon bilan meni oʻrab oldi. Janob, deyishdi. Ha, dedim. Sizga rahmat, siz hozir bizni birlashtirdingiz, sizning qiyofangizda Dante birlashtirdi bizni. Bizga toʻrtta partiyaning raisimiz. Hammamizda bittadan pistalet turibdi. Hozir chiqib otishishimiz ham mumkin. Lekin Dante deganda birlashamiz. Millat deganda birlashamiz, siz keldingiz, hammamiz kelib, mana, birgalikda inoq boʻlib oʻtiribmiz. Dante uchun, Vatanimiz bayrogʻi uchun birlashdik. Chiqqandan keyin yana haligi gap, dedi. Ana shuni millat, deydi. Toʻrtta dushman partiya, bitta stolda oʻtiribdi. Dante uchun. Endi solishtirib koʻring?..

– Abdulla aka, Navoiy bobomizniyam oʻqiyapman. Navoiy bobodayam bu hasrat borakan.

– Navoiy bobongning dardi saroy bilan bogʻliq, – shu zahotiyoq javob berdi ustoz. – Saroyni aytolmagan, oʻzi ishlaydi, doʻsti poshsho. Shuning uchun saroy deb otini aytolmagan. Saroy fitna, igʻvoning koni boʻlgan. Ana shu gap hozirgacha bor. Ana shu sirni ochsang, bu gapni cherez-cherez qilib yetkazishadi, saroyni yomonlayapti, degan aybni boʻyningga boʻyintiriq qiladi. Navoiy hoziram zamonaviy, demoqchiman.

Hanifaxon yangamiz patnisda taom keltirdilar.

– Perviy tayyor boʻldimi? – hazillashdi ustoz kosalarni dasturxonga qoʻymoqchi boʻlib. Lekin Muhammad bilan fotograf baravariga intilib kosalarni ustozdan oldinroq ushladilar.

– Yanga, sizniyam charchatdik-da, – dedi xijolat bilan Muhammad.

– Undaymas, ustozlaringiz sizlarni koʻrganda yayraydilar, – dedi yangamiz.

– Olinglar, – dasturxonga manzarat qildi yangamiz chiqqanlaridan soʻng ustoz. – Shunday gaplar-da. Olinglar.

Suhbat bir nafas toʻxtadi. Gap-soʻz jarangi kumush qoshiqlarning chinni kosalarga tekkan tovushi bilan almashdi.

– Kennoyim mastavani boplabdilar, – dedi Abdugʻani.

– Maʼqulmi? Osh boʻlsin. Undogʻ boʻlsa, bundan keyin mastavaxoʻrlik qilamiz deb “Bochka”ga borib yurmay, toʻgʻri shuyaqqa kelaverasilar, – Abdulla aka shu soʻzlarni aytayotib kosadagi qoshiqni taqsimchaga qoʻydi, soʻngra kosani ikkala qoʻli orasida ushlab koʻtarib, asta-asta hoʻpladi. Hoʻplay turib: – Sizlarni bilmayman-u, men suyuq ovqatni koʻtarib ichmasam, ichganday boʻlmayman, deb kulimsiradi.

– Tovuqqa don berganday, – dedim va bir latifa esimga tushdi. Taomlanishni toʻxtatib, aytib berdim: – Parijnimi, Rimnimi dunyoga mashhur restoranlaridan birida necha yuz kishi ovqatlanayotgan ekan. Ikkita oʻzbek ham bor ekan ularning orasida. Eshmat, qara, huv toʻrdagi stolda ham bitta oʻzbek ovqatlanyapti, debdi bittasi. Ikkinchisi hayron boʻlib, qayoqdan bilding, desa, birinchisi, kosani koʻtarib ovqat ichishidan, dermish.

Latifa ustozga yoqdi. Yelkalarini silkitib-silkitib kuldi.

– Amerikani tomoshayam qilgandirsiz? Qanaqa ekan? – soʻradi bir zumlik sukunatdan keyin Abdugʻani.

– Yaxshi soʻradingiz. Oʻzim aytmoqchi boʻlib turuvdim. – Abdulla aka shunday deb oʻtirgan joyida bir qimirlab olib davom etdi: – Mamlakatga kirgan zahoti koʻzga yarqirab tashlanadigan birinchi narsa bu – demokratiya, erkinlik. Hamma narsa oʻz nomi bilan aytiladi. Misol uchun, bizda yolgʻonchilik odamning ensasini qotiradi. Lekin hamma shunga koʻnikib qoldi, birov “gʻing” demaydi. Hatto, ob-havo maʼlumotiyam notoʻgʻri aytiladi. Chunki u kimlargadir yoqishi kerak emish: havo ochiq, heshtima yogʻmaydi, dazdrastvuyte! Qarang, ob-havo bizning kayfiyatimizga qarab qovogʻini uyishi yoki uymasligi kerak ekan. Olishib oʻtiringlar-da, – gap orasida manziratniyam unutmadi Abdulla aka. – Texasda bir orol bor ekan, oti bir narsa edi, kuyovim, yuring, Atlantika suvida bir choʻmilib qaytasiz, dedi. Nevaralarim bilan birga bordik. Orol oʻzimizning Sirdaryoday joy ekan. Bir sutkaga borib villa zakaz qildik. Ikki qavatli uylardan biriga joylashdik. Hamma narsa tayyor turadi, osh-ovqatingizni pishirib, yeb-ichib qaytaverasiz. Orolga paromda oʻtilar ekan. Shu orol xalqining oʻz zakoni borakan. Kimki oroldagilarni avomsan, qoloqsan, madaniyating past, ikkinchi sortsan desa, nihoyatda katta jarimaga tortilar ekan. Keyin oʻsha gunohkorning familiyasi kompyuteriga yozilar va ikkinchi marta kiritilmas ekan. Shunday ahvol mabodo yana takrorlansa, qamatib yuborilar ekan sud qilinib. Hali aytganimday, Sirdaryoday joy, odamlar yuribdi lungida, yarimyalangʻoch. Ularga qarasam, haligi zakun esimga tushadi, koʻringanga hadeb salom beraman, yoki “hoʻ-oʻ”, deb qoʻyaman. Keyin bitta sheʼr yozdim. Texasda shunday orol bor, xalqini haqorat qilsang katta jarima toʻlaysan. Bu yogʻida oʻzimizning gaplar esga tushib, juda-a qattiq buradim, Toshkent koʻchasida yurgan olifta tirrancha, daladan kelgan bir moʻysafid boboyni, sensiraydi, haqorat qiladi “qishloqi”, deb. Seni ota-bobong, ustozlaring bir kun boʻlsayam shu orolda yotishi kerak, deb. Shu sheʼr anavida, internetda chiqdi. Bolalarim aytdi, qarang, birovi javob ham yozibdi, deb. Qarasam, baloday yozipti. Shoirning taklifi nihoyatda yaxshi, endi shu taklif asosida qonun qabul qilish kerak, debdi. Mishinga tegibdi sheʼr, dedim. Bu yogʻini aytadigan boʻlsak, faqat Amerika emas, yer yuzida hammaning huquqida bu. Oʻsha yerda birorta qora tanlini haligiday qilib koʻring, kallasini sapchaday uzib tashlaydi, meni nimaga kamsitasan, deb yoki boshqa. Mana bu tarbiya.

Gap-gap bilan kosalar boʻshagani bilinmay qoldi.

– Yangamiz sogʻ boʻlsinlar, ming rahmat! – birinchi boʻlib minnatdorchilik izhor qildi Abdugʻani.

– Ayollarimiz mehmondoʻstlikni, mazali taomlar tayyorlashni yangamizdan oʻrganishlari kerak. – davom etdi Muhammad.

– Endi bu hammasi, sadagʻang ketay, mehmonlarning sharofati bilan, – deb iltifot koʻrsatdi ustoz. – Mehmon kelavursa, taom tayyorlayvursa, odamning tajribasi oshadi. Shundan ovqat shirin boʻp boradi. Mehmon kelmay qoʻysa, ovqat yovvoyilashib ketadi.

Ustozning bu kamtarona lutfi ham juda joyida aytildi.

– Yangam ellik yoshga toʻlganida banket qilib beruvdingiz…

– Ha, Shirin kafesida, – Abdugʻanining soʻzi tugamay, uni tasdiqlab qoʻydi ustoz.

– Shunda koʻp rasmlar qip beruvdim. Negativlari menda bor. Lekin yangamda bormikan?

– Turipti-turipti, yangangiz chaqaloqni yoʻrgaklaganday qilib albomga belab qoʻyibdi.

Muhammad vo-xo-xolab qattiq kulib yubordi.

– Ana-mana deguncha 15-20 yil oʻtibdi-ya. Abdulla aka, bizning duomiz ham chakkimas – oʻtadi, iloyim, qoʻsha qarib yuringizlar. Yuraylik, bizar ham yonlaringizda havas qilib.

– Bir kuni bir maylisda oʻtiribmiz, unda silar yoʻq. Yashin aka bor, u kishi soyuzimiz raisi. Bir mahal, pastdan ovoz chiqdi: palonchi-palonchiyev ham prezidiumga saylansi-in! Yashin aka koʻzini pirpiratib oʻtiribdi. Oʻzi boʻyi past, kichkinagina, ustiga-ustak koʻzini qisib olgan, koʻrmadi. Men koʻrib oʻtiribman, haligi odam yana turdi: “Yashin aka, prezidiumga palonchiyam saylans-i-in!” Zalda bir yuz odam oʻtiribdi. Yashin aka shovqinni eshitib koʻzini ochib, qoʻlidagi qalam bilan oldidagi shishaning qorniga munday-munday qilib urib-urib qoʻydi, tinchlik saqlansin, deganday. Familiyasi nima aytgan odamingni, dedi keyin. Ha, faloncha. Chiqsin bu yoqqa, dedi. Chiqdi. Qarasak, prezidiumga nomzod oʻsha odamning oʻzi ekan. – Shunday hangomani eshitgandan keyin ham kulmaslik mumkinmi? Shodon qahqaha ancha davom etdi. – Yashin aka payqaganiyam yoʻq. Shundan foydalangan haligi. Unga soyuzdan xat kerak ekan oʻgʻlini armiyadan olib qolish uchun. Eng qizigʻi, oʻsha xatni tayyorlaganlar teskari, yaʼniki, armiyaga olinsin, deb yozishibdi. Oʻqimasdan qoʻl qoʻyavuradigan odati bor edi rahmatlik Yashin akani. Davr aylanib kelib, men ham soyuzga rahbar boʻlib qolganimdan keyin, shu kishining kreslosida oʻtiribman, bir hol-ahvol soʻrab kelay, deb bir kuni bir banka asal olib uyiga bordim. Borsam, balkonchasida oʻtirgan ekan. Kalta ishtonda, oldiga eskiroq adyolnamo bir narsa yopib olgan. Qoʻzgʻalganda adyol sirgʻalib tushib ketadi. Vagʻillab uchib-qoʻnib yurgan pashshalarni koʻrmaydi, koʻzini yumib oʻtiribdi, kulib. Darrov borib pashshalarni haydab, tizzasidagi adyolni toʻgʻrilab qoʻydim-da, Yashin aka, men keldim, palonchaman, dedim. E-e, keldingmi, dedi chiroyi ochilib. Ha, shunday, dedim. Bu qiziq ekan, dedi oʻtirgan joyida sekingina qimirlab, kresloda oʻtirganimda tinmay odam kelardi. Toʻqson foizini tanimasdim. Endi hech kim kelmaydi, dedi. Shunday boʻladi, Yashin aka, dedim. Uyagʻini qoʻyavuring, sizga togʻning toza asalini opkeldim, bir totib koʻring, dedim. Toza asal deganing nima, ajablanib soʻradi u kishi, asalning notozasiyam bormi? Sizlar hozir, 90 yil yashagan, chaqalaqligʻidan xalqning ichida boʻlgan odam nahotki shuni bilmaydi deb, oʻylashlaring mumkin. Lekin bilmasidi. Esini tanigandan boshlab tirikchiligi hukumat magazinida oʻtgan, yoʻqchilik esidan chiqib ketgan. Men shuni bilardim. Oqsoqolga shoshmay tushuntirdim: asalari degani bir qatra bol toʻplash uchun har kuni kamida oʻttiz chaqirimlar uchishi, har bir yantoqdan muncha-muncha boʻlsayam asal topib kelishi sizga maʼlum, dedim. Eshitganman, dedi. Asalarichilar shakarni qaynatib shinni qilib, tarelkachaga solib asalarining oldiga qoʻyadi. Ari buni koʻradi-yu, har kuni 30 kilometr uchib jinnimanmi, deb tayyor shakarni maza qilib tushiradi-da, asal qilib chiqaradi, desam, tizzasiga bir urdi. Voy qiztaloq odamzodlar-yey, asalariniyam buzgan ekan-da, deydi. Endi umrida uyida ovqat pishirmagan Halima opa keladi, xizmatkor ikkoviga dasturxonni tuzab kutib oladi. Halima opa uyidagi kuxniyaga umrida kirgan emas. Har kuni mehmonga chaqiriladi. Bir ellikta qizcha yuradi uyida. Birovi Halima opani shogirdi, birovi Yashin akani qarindoshi va hokazo. Yashin aka bilan Halima opa, Xudo rahmat qilsin, men ularning farzandiday boʻlib qolgandim. Uyida odamni jonidan boshqa hamma narsa bor edi. Lekin pishirish esdan chiqib ketgan. Keyin Bahodir degan oʻgʻli bor edi. Hozir bormi, yoʻqmi, bilmayman. Uzun boʻyli oʻris xotini boʻlardi. Bahodir men bilan soz edi, urardi araqni. Bir kuni Bahodir aka, dedim, biron joyda ishlaganmisiz? Yoʻq, dedi. Nimaga, desam, Halima Nosirova bilan Komil Yashinning oʻgʻli boʻp koʻring, shunda bilasiz, dedi. – Yana xonada kulgi koʻtarildi. – Tarbiya oʻrischa-da, yalpizlab oʻtirmaydi. Yuzi Halima opaga oʻxshab ketardi. Boʻyi Yashin akadan oʻn baravar baland edi. Yashin akaning oʻzi yaxshi odam edi, faqat davr shunaqa qilib qoʻygan.

Abdugʻani ustozga choy quyib uzatdi.

– Ukalar, sizlarni vaqtlaringni koʻp olmayapmanmi? – dedi choy hoʻplay turib Abdulla aka. – Men bekorchi, sizlar ishli odamsizlar.

Ustoznikida uzoq qolib ketganimizni ana shunda anglab qoldik.

– Olis Amerikada yurganda choyxona gurunglari koʻp esimga tushdi, – dedi xayrlashayotganimizda Abdulla aka. – Muhammadjon, oʻzingiz bosh boʻlib, shu savobli yumushni tashkil qilmaysizmi?

– Ertagayoq yest qilamiz!

– Ertaga emas-u, lekin bir yozilib oʻtirmasak boʻlmaydi. Sal oʻzimga kelvolay, vaqtini oʻzim aytaman.

Bu suhbat 2015 yil 16 noyabr kuni boʻlgan edi.

Oradan uch-toʻrt kun oʻtdi.

Kitob taqdirini oʻylab, har kuni allanimalarni intiq boʻlib kutaman. Axir, ustozning fikrlari men uchun nihoyatda muhim va qadrli edi-da.

Nihoyat, meni intizor qilgan xushxabar Muhammad Ismoil orqali yetib keldi.

– Aka! Doʻrmonga keluvdim. Hozirgina ustozning yonidan chiqdim! – degan jarangdor ovozi eshitildi telefonda uning. – Ustoz kitobingizni oʻqibdi…

– Nima dedilar? – savolga tutdim sabrim chidamay.

– Zoʻr! Nihoyatda samimiy yozibdi. Mening sheʼriyatim qancha yashasa, bu kitob ham ana shuncha yashaydi, dedilar! Qolgan gaplarni choyxonada oʻziga aytaman, dedilar. Tabriklayman!

Abdulla akaning bu bahosi men uchun eng oliy mukofot edi. Sevinchdan boshim osmonga yetdi.

– Choyxonani tezlashtiraylik unday boʻlsa! – qistadim Muhammadjonni.

– Avvalgi gap – vaqtini oʻzlari aytar ekanlar.

Afsuski, Abdulla Oripov bilan choyxonada gurunglashish peshonamizda yoʻq ekan. Ustoz davolanishni davom ettirish uchun yana Amerikaga ketdilar. Va… Boshqa yuzma-yuz oʻtirib suhbatlashish nasib etmadi…

 

Abdusaid KOʻChIMOV

 

“Ijod olami”, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/songgi-suhbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x