Ilmning asari boqiy qolajakdir

Maʼlumki, islom olamiga hech bir davrda tashqi, xorijiy kuchlardan talafot yetmagan, ammo oʻzining ichidan, islom nomidan ish koʻrgan har xil soxta oqimlar yoki botil aqida sohiblaridan turli darajada zarar koʻrgan. Bundaylar har bir davrda uchraydi. Ular qachon paydo boʻlsa, ahli sunna val jamoaning zabardast ulamolari bu botil aqidalarga qarshi kurashib, ularga oʻz vaqtida raddiya berib kelganlar. Ulardan biri Abul Moʻiyn an-Nasafiydir.

Xayruddin Zarkaliyning “Al-aʼlom” kitobida aytilishicha, Abul Moʻiyn an-Nasafiy hazratlari hijriy 418 yilda tavallud topgan. Bu milodiy 1027-sanaga toʻgʻri keladi. Umar Rizo Qahhola ham “Moʻjamul-muallifin” asarida shu fikrni aytgan, ammo Ibn Qutlugʻbugʻo “Tojut-tarojim” kitobida Abul Moʻiyn an-Nasafiy hijriy 508 yilda (milodiy 1114 yilda) zulhijja oyining 25-sanasida, 70 yoshida vafot etgan” deb yozgan. Bu gapga koʻra, u zotning tavalludlari hijriy 438 yilga toʻgʻri kelmoqda. Biz uchun muhimi shuki, ulugʻ alloma tavalludiga salkam 1000 yil boʻlibdi.

Nasafiy hazratlari Abu Mansur Moturidiy aqidaviy mazhabi rivojiga eng koʻp hissa qoʻshgan zot boʻladilar. Ashʼariya taʼlimotida imom Gʻazzoliy, imom Faxr Roziy qanday oʻrin tutsa, moturidiya taʼlimotida Abul Moʻiyn an-Nasafiy ana shunday oʻrin tutadi. Ashʼariya taʼlimotida imom Shahristoniy kitoblari qanday mavqega ega boʻlsa, moturidiya taʼlimotida Imom Moʻiyn Nasafiyning “Tabsiratul adilla” deb nomlangan mashhur kitobi yuqori ahamiyatga ega.

Imom Moʻiyn Nasafiy haqida Abdulqodir Quroyshiy “Javohirul muziyya fiy tabaqotul hanafiyya”, Abdulhay Laknaviy rohimahulloh “Favoidul bahiyya fiy tarojibil hanafiyya”, Ibn Qutlugʻbugʻo “Tojut-tarojim”, Kafaviy “Katoibu aʼlomul ahyor min fuqahoyi mazhabun Noʻmonul muhtor”, Hoji Xalifa “Kashfuz-zunun” asarlarida zikr qilib oʻtganlar.

Abul Moʻiyn an-Nasafiyning birinchi ustozi otasi boʻlgan. U zot ham oʻz davrining yetuk ulamolaridan sanalib, Abu Sahl Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axborul Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda keltirilgan. Demak, Abul Moʻiyn an-Nasafiy ahli ilmlar sulolasidan boʻlgan.

Abul Moʻiyn an-Nasafiy shogirdlari safida ham hanafiy mazhabining koʻzga koʻringan ulamolari bor, ulardan eng mashhurlari “Badoyiʼus-sanoyeʼ” asari muallifi Abu Bakr Alovuddin as-Samarqandiy, Ahmad ibn Muhammad Abu Yusr Hazraviy, Abu Bakr Masʼud Koshoniy, Najmiddin Umar an-Nasafiy, Abul Hasan Balxiy hamda Mahmud Sogʻurchi kabi buyuk olimlardir. Mahmud Sogʻurchining hanafiy mazhabi borasidagi fiqh kitoblari juda mashhur. Najmiddin Umar an-Nasafiy ham aqoid ilmida tanilgan.

Abul Moʻiyn an-Nasafiy 15 ga yaqin ilmiy asarlar taʼlif etgan boʻlib, ular orasida eng mashhurlari “Tabsiratul adilla”, shuningdek, “At-tamhid li qavoidi-t-tavhid” va “Bahrul kalom” asarlaridir. Alloma nihoyatda parhezkor olim, faqih, muhaddis va mutakallim boʻlgan. Moturidiy mazhabining batafsil sharhlari keng yoyilishiga katta hissa qoʻshgan, oʻsha vaqtda chiqqan moʻtaziliya, jahmiya, karromiya, botiliyya kabi oqimlarning nosogʻlom fikrlariga qarshi kurashgan, ularga ishonchli hujjatlar bilan keskin raddiyalar bergan. Abul Moʻiyn an-Nasafiyning islom dini sofligini saqlash yoʻlidagi xizmatlari ana shu yerda yaqqol namoyon boʻladi.

Buning ahamiyatini bilish uchun Paygʻambarimiz hadislariga murojaat etish kifoya. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim ilm talabida yoʻl yursa, Alloh taolo uning yoʻlini jannat yoʻliga yoʻnaltirib qoʻyadi. Farishtalar tolibi ilmning roziligi uchun qanotlarini poyondoz qilib toʻshaydilar. Osmonlaru yerdagi jonzotlarning hammasi, hatto suvdagi baliq ham olimning haqqiga istigʻfor aytadi. Olimning obiddan ortiqligi oydin tundagi oyning boshqa yulduzlardan ortiqligidekdir. Olimlar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Paygʻambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim uni olsa, toʻkis nasiba olibdi”.

Bu hadisi sharifni sharhlashga hech qanday hojat yoʻq. Unda ilmning, olimning fazli ochiq-oydin bayon qilinayapti.

Imom Bayhaqiyning “Sunanul kubro” kitobida Hasan Basriydan bir soʻz rivoyat qilingan ekan: “Avvalo olim boʻl. Olim boʻlmasang, ilm oluvchi boʻl, yoki olimni sevuvchi, yoki hurmat qiluvchi boʻl, yoki ularga ergashguvchi boʻl, ammo beshinchisi boʻlmagin, aks holda halok boʻlursan”.

Ilmdan uzoq odam, ilm neʼmatidan xorij odam albatta halok boʻladi, chunki hayotini behudaga oʻtkazadi. Demak, moʻmin-musulmon banda albatta ilm doirasida, ilm davrasida boʻlishi kerak ekan. Ilm davrasining qaysi tarafida boʻlsa ham mayli, xoh ustoz, xoh shogird, yoki ularga xizmat qiluvchi, yoki eshituvchi, hech boʻlmaganda ularga muhabbati bor odam boʻlish kerak, lekin zinhor undan tashqari boʻlmaslik kerak.

Shuning uchun xalqimizda “Olimlarga xizmat qilgan muxlis odamlarning zurriyotidan albatta olim chiqadi”, degan gap yuradi. Bu bejiz aytilmagan, balki tajribalar ustiga qurilgan fikr.

Bu soʻzimizning yorqin misoli uchun uzoqqa bormaylik. Mana, Abul Moʻiyn an-Nasafiy rohimahullohni necha asrlardan keyin eslayapmiz, qadrlayapmiz. Alloh Prezidentimizning koʻngliga solib, ulugʻ zot abadiy qoʻnim topgan manzilni obod qilish boʻyicha koʻlamli ishlar bajarilayapti, olim asarlari tarjima qilinib, xalqqa yetkazilmoqda. Maqbara yonida muhtasham bino qurilib, u yerda aqoid ilmi maktabi ochilmoqda. Bu xayrli ishlarning barchasi “Ilmning asari boqiy qolajakdir”, degan hikmatning isbotidir.

Abul Moʻiyn an-Nasafiyning ibratli hayoti bilan tanishar ekanmiz, bundan tegishli xulosa chiqarib, oʻrnak oladigan jihatimiz shuki, ilm insonning darajasini nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham baland qiladi. Ilmning asari boqiy qoladi, abadiy davom etadi, u yoʻqolmaydi. Ilm bilan inson dunyoni koʻkartiradi, oʻzi saodat topadi, oxiratda ham shu ilmning sharofati bilan najot topadi. Faqat bu ilm toʻgʻri yoʻnaltirilgan boʻlsa, Alloh subhanahu va taoloni rozi qiladigan, dunyoyu oxiratda insoniyatga manfaat beradigan ilm boʻlsa boʻldi.

 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ilmning-asari-boqiy-qolajakdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x