Afina, uning doʻstlari va smartfonlar haqida

Internetda oʻtgan yili eng koʻp oʻqilgan maqola “The Atlantis” nashrida eʼlon qilingan yosh avlodga smartfonlarning taʼsiriga bagʻishlangan maqola boʻldi. Amerikalik jurnalist materialni tayyorlash uchun oʻtkazgan tadqiqotlari, afsuski, koʻngilni xotirjam qilmaydi. Mobil telefonlar internet bilan birgalikda, darhaqiqat, yoshlarga keskin taʼsir koʻrsatdi. Quyida ana shu maqola bilan tanishasiz.


Yozning odatiy kunlaridan birida men Texas shtatiga – Xyustonga qoʻngʻiroq qildim. U yerda Afina yashaydi, yoshi 13 da. Qizaloq birinchi marta ayfonni 11 yoshida ishlatgan. U telefonni oldi, ovozidan xuddi hozirgina uyqudan turgandek edi. Biz uning sevimli qoʻshiqlari va teleshousi haqida suhbatlashdik, soʻngra men u va doʻstlari nima bilan shugʻullanishni yoqtirishlarini soʻradim.

Afina va uning doʻstlari aksariyat vaqtlarini oʻz telefonlarini qoʻldan qoʻymay oʻtkazishadi. Mening davrimdagi odatiy oqshomlarini turli-tuman mishmishlarni muhokama qilib oʻtkazadigan oʻsmirlardan farqli ravishda bular “Snapchat”da muloqot qilishadi. Bu mobil-ilovaga bir zumda gʻoyib boʻladigan surat va tasvirlarni joylashtirish mumkin. Afina va uning doʻstlari “Snep strayk” darajasini bir meʼyorda tutib turishga alohida eʼtibor berishadi, bu esa ularning qatorasiga necha kun oʻzaro “snapchat”lashgan-liklarini koʻrsatadi. Vaqti-vaqti bilan ular doʻstlarining eng beoʻxshov suratlarini telefonlariga yuklab oladilar. “Nayrang koʻrsatish uchun zoʻr imkoniyat”, deydi Afina (men uning chinakam ismini aytmayman, chunki u hali voyaga yetmagan). U menga yozda vaqtining talaygina qismini telefoni bilan oʻz xonasida, yolgʻizlikda oʻtkazganini soʻzlab berdi. Bu holat ular uchun meʼyoriy sanalarkan, aytishicha: “Ayfon va aypadlarsiz hayot qanday boʻlishini biz tasavvur qila olmaymiz. Men hatto oʻylaymanki, telefonlar bizga real odamlardan koʻra koʻproq yoqadi”.

Men 25 yil davomida avlodlar oʻrtasidagi farq mavzusini oʻrganib kelaman. Buni 22 yoshimda, psixologiya boʻyicha aspiranturada oʻqib yurgan chogʻimda boshlaganman. Odatda avlodga xos xususiyatlar asta-sekin namoyon boʻla boshlaydi. Avlodlar orasidagi eng katta farq ilgari ularning olamga qay tarzda nazar tashlashlarida namoyon boʻlardi. Bugungi oʻsmirlar ilgarigilaridan nafaqat olamga qarash nuqtai nazaridan, balki oʻzlarining boʻsh vaqtini qanday oʻtkazayotganligi bilan ham ajralib turadi. Ularning kundalik ishlari atigi bir necha yil oldingi avlodning mashgʻulotidan tubdan farq qiladi. Oʻsmirlar xulqiga doir oʻrganish natijalarini tahlil qilganim va Afina mansub avlod yoshlari bilan muloqotda boʻlganim sari menga farq tobora yaqqolroq koʻrina boshladi. Smartfon va ijtimoiy tarmoqlar Afina avlodi yoshlariga katta taʼsir oʻtkazdi. Men ularni “iAvlod” deb atayman. 1995 yildan 2012 yilgacha boʻlgan davrda tugʻilgan bu bolalar yoshligidan smartfonlarga va ijtimoiy tarmoqlarda oʻz akkauntiga ega. Ular internetsiz paytlar haqida hatto eslay olishmaydi. Bundan oldingi avlod ham internet taʼsiri ostida ulgʻaydi, ammo oʻsha paytlarda “oʻrgimchak toʻri” bu qadar ommalashmagandi.

“iAvlod”ning birmuncha kattaroq vakillari 2007 yilda ilk ayfon taqdim etilgan chogʻda endigina oʻsmirlik davriga oʻtgan edi. 2010 yilda, aypad chiqqan mahalda esa ular yuqori sinflarda tahsil olishardi. 2017 yilda 5 mingdan ziyod amerikalik oʻsmirlar orasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, ularning har toʻrttasidan uchtasi ayfon ishlatgan.

Smartfon va planshet paydo boʻlishi bilan gadjetlarning koʻrish qobiliyatiga salbiy taʼsiri borasida jamiyatda xavotir hissi ham uygʻondi. Lekin bu qurilmalarning nojoʻya taʼsiriga yetarlicha baho berilmagan. Smartfonlarning isteʼmolga kirib kelishi oʻsmirlar hayotining har bir aspektini tubdan oʻzgartirib yubordi. Ularning jamiyat bilan oʻzaro munosabatidan tortib, ruhiy sogʻligʻigacha taʼsir koʻrsatmoqda.

Bugungi oʻsmirlar bir vaqtlardagi tengdoshlariga qaraganda alkogol taʼsiriga kam beriluvchan, demakki, spirtli ichimlik isteʼmoli tufayli kelib chiqadigan kasalliklarga ham kamroq chalinadilar. Ammo psixologik nuqtai nazardan ular ilgarigi oʻsmirlarga qaraganda juda nozik. 2011 yildan beri oʻsmirlar oʻrtasida ruhiy tushkunlik va oʻz-oʻziga suiqasd koʻrsatkichlarida shiddat bilan oʻsish kuzatilgan. Hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, “iAvlod” oxirgi bir necha yil ichida psixik salomatlikda eng ogʻir daraja ostonasida turibdi.

2010-yillarning yuqori sinf oʻquvchilari uy vazifalarini bajarishga 1990-yillar avvalidagilarga qaraganda kam vaqt sarflashadi. Ular boʻsh vaqtlarida nima bilan mashgʻul? Xonada oʻz telefoni bilan andarmon boʻlib yolgʻiz oʻtiraveradi, ularning ruhiy holati esa meʼyorida emas. Qiziq jihat: “iAvlod” vakillari bir tom ostida ota-onalari bilan avvalgi tengqurlaridan koʻra koʻproq vaqt oʻtkazishadi, lekin oradagi munosabatni yaqin deb boʻlmaydi. “Doʻstlarim oʻz oilasi bilan qanday munosabatda ekanligini ayta olaman, ular deyarli bir-birlari bilan gaplashishmaydi”, deydi menga Afina. “Ular shunchaki “ha, tushunarli”, deyishadi va ayni paytda oʻz telefonlari bilan ovora. Ularni oʻz oilasi bilan munosabatlari u qadar ham tashvishga solmaydi”. Afina yozda koʻp vaqtini doʻstlari bilan muloqotda oʻtkazdi, faqat bu muloqotning katta qismi “snapchat” yoki mobil-xabarlar orqali kechdi. Bunda ham gʻayritabiiy hech narsa yoʻq. 2000 yildan boshlab, har kuni oʻz doʻstlari bilan shaxsan uchrashadigan oʻsmirlar soni 40 foizga tushib ketdi, bu ayniqsa, oxirgi yillarda yaqqol koʻrinadi.

“Monitoring the Future” tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalari eʼtiborni tortadi. 1975 yildan boshlab har yili maktabning bitiruvchi sinf oʻquvchilariga 1000 tacha savol berib koʻrildi, 1991 yildan boshlab bu guruhga 8-, 10-sinf oʻquvchilari ham kiritildi. Ularga hayotdan qoniqish darajasi, shaxsiy muloqot (yuzma-yuz)ga qancha vaqt sarflashi yoki sport bilan shugʻullanishga doir savollar berildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar, onlayn-muloqot va internet-serfingga qancha vaqtlari ketishi bilan ham qiziqib koʻrildi. Natijalar bir xil: hayotdan qoniqish darajasi va oʻz gadjetining ekraniga tikilib oʻtkazilgan vaqt bir-biriga teskari muvozanatda. Yaʼni oʻzini baxtsiz deb hisoblaydigan 8-sinf oʻquvchisining hayotdan qoniqish darajasi 55 foiz va u bir haftada ijtimoiy tarmoqda 10 soatdan koʻproq vaqt oʻtkazadi. Internetda bir haftada 6 soatdan 9 soatgacha vaqt oʻtkazadiganlarning oʻzlarini baxtsiz deb bilishlari 47 foizga teng.

“Facebook”da sahifasi boʻlgan kollej oʻquvchilariga ikki hafta davomida soʻrovda ishtirok etish taklif qilindi. Bir kunda 5 marta ular oʻz kayfiyatlari va ijtimoiy tarmoqdan qanchalik foydalanganliklari haqida axborot berib turishdi. Tahlil shuni koʻrsatdiki, ular ushbu saytdan qanchalik koʻp foydalansalar, oʻzlarini shunchalik baxtsiz his qilishar ekan.

“Siz doʻstni osongina topasiz”, deydi bizga ijtimoiy tarmoqlar. Biroq aslida olingan tahlil natijalariga asoslanib chizilgan “iAvlod”ning qiyofasi juda qaygʻuli. “iAvlod” – bu yolgʻiz, jamiyatdan uzilib qolgan odamlar. Har kuni ijtimoiy tarmoqni ziyorat qiladigan, doʻstlari bilan yuzma-yuz kam koʻrishadigan oʻsmirlardan “men oʻzimni tez-tez yolgʻiz his qilaman”, “men tez-tez oʻzimni oʻz oʻrnimda emasdek sezaman”, “koʻproq yaxshi doʻsting boʻlsa qaniydi, deb tez-tez oʻylayman” kabi taʼkidlarni koʻp eshitish mumkin. Oʻzini yolgʻiz his qiladigan oʻsmirlar soni 2013 yilda juda oshdi va hozirgacha shu darajada qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan 8-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tushkunlik xavfi sport bilan shugʻullanadigan, biror diniy xizmat bilan band yoki odatda shunchaki uy ishlari bilan mashgʻul tengqurlariga qaraganda 27 foizga yuqori…

Bir kunda 3 soat va undan ortiqroq vaqtini elektron gadjet bilan oʻtkazadigan oʻsmirlarda oʻz joniga qasd qilishga moyillik kuchayib boradi. Quyidagi dalil esa oʻsmirlar izolyasiyasining yaxshi-yomon darajasini birmuncha yaqqolroq ifodalay oladi: 2007 yildan boshlab, oʻsmirlar oʻrtasida qotillik kamaygan, ammo oʻz joniga qasd qilish darajasi oshgan. Bu esa shuni koʻrsatadiki, oʻsmirlar bir-birlari bilan kam vaqt oʻtkazganliklari uchun boshqa birovga emas, oʻz-oʻziga qasd qiladi. 2011 yilda keyingi 24 yilda birinchi marta oʻz joniga qasd qilish darajasi oʻzga joniga tajovuz qilishdan yuqorilab ketdi.

Hozirgi avlod boshidan kechirayotgan bu ruhiy parokandalik bilan smartfonlar oʻrtasida qanday bogʻliqlik bor? Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlar siz bilan aloqani kunduzi ham, kechasi ham tutib tura oladi, shuningdek, ular diqqat-eʼtibordan qolish qoʻrquvini ham keltirib chiqaradi. Zamonaviy oʻsmirlar oqshomlarga kam borishadi, yuzma-yuz muloqotda kam boʻlishadi, lekin agar bu hodisa roʻy bersa ham butun jarayon batafsil va eʼtibor bilan “Facebook”, “Snapchat” yoki “Instagram”da oʻz aksini topib boradi. Bu tadbirga taklif qilinmaganlar bundan sayt orqali xabar topadi va oʻzini taklif qilishmaganini oʻziga taʼkidlaydi. Oʻzini eʼtibordan qolgan kabi his qilish darajasi oʻsmirlar orasida oʻtgan davr yoshlarinikiga qaraganda juda yuqori koʻrsatkichda turibdi. Bu holat qizlar orasida koʻproq. Bunday qizlar soni 2015 yilda 2010 yildagiga qaraganda 48 foizga koʻpaygan. Aynan shu koʻrsatkich yigitlar oʻrtasida 27 foizga oʻsgan. Qizlar ijtimoiy tarmoqlardan koʻproq foydalanadi, demakki, ular oʻzlarisiz vaqt oʻtkazayotgan doʻst-yaqinlarining surat va izohlarini ham koʻproq oʻqiydi, koʻradi, soʻng oʻzini yakka-yolgʻiz va keraksizdek sezadi. Afinaning hikoya qilishicha, u “Instagram”ga suratini joylagach, boshqalar bu surat haqida nima deyishini oʻylab juda asabiylashadi: “baʼzida suratimga keraklicha “layk” yigʻa olmaganimdan iztirob chekaman”.

Depressiya simptomlari aniqlanayotgan qizlar soni oshib borayapti – 2012 yildan 2015 yilgacha boʻlgan davrda bu koʻrsatkich 50 foizga koʻtarilgan. Bu yigitlar orasida 21 foizni tashkil qiladi.

San-Diyego universitetidagi talabalardan ular telefonlarini uyqu vaqtida nima qilishlarini soʻradim. Javoblardan maʼlum boʻlishicha, deyarli hammalari telefon bilan birga uxlashadi, uni yostiq yo choyshab tagiga qoʻyishadi, xullas, qoʻl uzatsa yetadigan yerda boʻlishi shart. Ular ijtimoiy tarmoqlarni uyqu oldidan koʻzdan kechirishadi, ertalab ham birinchi bajariladigan ish shu. Ulardan ayrimlari odatda giyohvandlar ishlatadigan iboralarni qoʻllashadi: “bilaman, men bunday qilmasligim kerak edi, lekin hech oʻzimni tiya olmayman”. Boshqalari oʻz telefonini vujudining biror aʼzosi yoki mahbubiday koʻradi: “telefonim yonimda boʻlsa, uxlayotganimda oʻzimni xotirjam his qilaman”.

1991 yildagiga solishtirganda, 2015 yilda oʻsmirlar orasida uyquga toʻymaslik holati 57 foizga oshgan. Atigi 4 yilda – 2012 yildan 2015 yilgacha uyquga toʻymaslikdan aziyat chekadigan oʻsmirlar soni 22 foizga koʻtarilgan. Bu koʻrsatkich oʻsmirlarning aksariyati smartfonlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan paytga toʻgʻri kelgani shubhali.

 

Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/afina-uning-dostlari-va-smartfonlar-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x