Ikki dunyo – bir qadam

Keyingi yillarda oʻzbek nasrida faol ijod qilib kelayotganlardan biri – Normurod Norqobilovdir. Ijodkorning “Tepalik”, “Oriyat”, “Alp onadan”, “Quyosh tutilgan kun” hikoyalari; “Togʻ odami”, “Belbogʻ”, “Gʻanimlar”, “Togʻdagi yolgʻiz odam”, “Ovul oralagan boʻri”, “Qoyalar ham yigʻlaydi” qissalari; “Dashtu dalalarda” romani fikrimizning dalilidir. Normurod Norqobilov oʻzbek nasrida odam, tabiat, hayvoniy olamning oʻzaro murakkab munosabatlarini muqoyasalar asnosida aks ettirishga intilayotgan ijodkordir.

Yozuvchining “Qoyalar ham yigʻlaydi” qissasida qoya, buloq, tosh, archa, ayiq, it, inson aro uzviy, tabiiy bogʻliqlik tasvirlangan. Ernazar polvon borligʻi, oʻy-fikrlari bilan tabiat odami. U jamiyat tartibotini biladi, fan-texnika taraqqiyotini anglaydi, zamon va odamlar oʻzgarib borayotganini koʻradi. Lekin, baribir, tabiatning azaliy tartiboti asosida yashashni yoqtiradi. Ernazar polvon katta oilaning qoyaday mustahkam tayanchi, qishloqdoshlarining yetakchisi, Gʻaybulla merganday aqlli odamning doʻsti. U koʻrkoʻrona erkak zotini ulugʻlaydi. Zaifayu ojizalarni eʼzozlaydi, lekin ular bilan hisoblashishni xayoliga keltirmaydi. Uning qalb tuzuklari bor, ularga qatʼiy rioya qiladi. Er yigitning goʻzalligi qalbida. Ernazar polvonning ayoli oʻgʻillar sonini yana bittaga orttirganida, uning yuragidan quyosh chiqqanday boʻldi. Chaqaloqni koʻrdiyu uning kapalagi uchib ketdi. Yoʻq, bola taʼviya, nogiron emasdi. Aksincha, qosh-koʻzlari popukday, kipriklari toʻsday qop-qora, betlari, dahani kelishgan. Ota koʻnglidan zimda xayol kechdi: “Qizbet”. Shu beozorgina fikr ota va oʻgʻil ziddiyatiga, oilaviy fojiaga sabab boʻldi. Xushbichim chaqaloqqa Oʻsar nomini loyiq koʻrishdi. U aqlli, tadbirkor yigitcha boʻldi, tuman markazida vaqtini oʻtkazdi. Aka-ukalariday kurash tushmadi. Otasi har qancha gapirmasin davraga kirmadi. Tumanda allaqanday sport bilan shugʻullanarmish. Mototsiklda gʻir etib qishloqqa keladi, gʻir etib shaharga ketadi. Oʻsar beboshlik koʻchasiga kirdi, nasl-nasabining tayini yoʻq ayol bilan tanishdi. Harom-xarishni farqlamay qoʻydi. Ota erinmasdan markazga bordi. Oʻsha ayolni koʻrib qaytdi. Ernazar polvonning dardi-dunyosi zim-ziyo boʻldi.

Ernazar polvon nafaqat oʻgʻillari, nabiralarining pokdomon, jasur boʻlishini istardi. Uning itlari ham yovqurlik, jasurlik imtihonidan oʻtardi. Ernazar polvon atay yilda bir, shu yil tugʻilib, voyaga yetgan sara itlarini ayiqqa roʻparoʻ qiladi. Ayiqqa roʻparoʻ kelgan itlarning saragi sarakka, puchagi puchakka birdan ajraladi va tabiatan yovqur boʻlgan itgina ayiqqa hamla qila oladi. Jurʼatsiz itlar esa nari-berida akillab turaveradi. Va kuchlar teng boʻlmagan bu toʻqnashuvda, ayrim hollarda, tabiiy ravishda hujumkor it jarohat topadi. Ernazar polvon keyinchalik ayni shu itni asrab qoladi, qolganlarini esa jurʼatsiz itlar soni koʻpaymasligi uchun yoʻq qiladi. Ernazar polvon ushbu qadimiy odat boʻyicha itlarini sinovdan oʻtkazib keladi. Bunaqa paytda, ayiqqa daxl qilinmaydi, u sinovchi obʼyekt sifatida xizmat qiladi. Toʻqnashuvda jarohat topgan yovqur it esa alohida parvarishlanadi. Chunki u nasli toza, noyob it hisoblanadi. Bu xil sinov oʻtgan asrning oʻrtalarigacha boshqa xalqlarda ham qoʻllab kelingan. Balki hozirda ham bordir.

Oʻsar boʻlsa oilaning muqaddas tartibini buzmoqchi. Ota qishloqqa sigʻmadi, toqqa chiqib ketdi: kuydi, yondi, oʻrtandi. Uning holini koʻrib qoyalar yum-yum yosh toʻkdi. Yana bir safar ota nobakor oʻgʻlini toqqa olib chiqdi. Yuragini yordi. Gap-gapga toʻgʻri kelmadi. Ota oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. “Keyin tuyqusdan ich-ichidan qoʻzgʻalgan achchiq alamga chidayolmay, boya koʻz oldiga olib qoʻygan kalladay toshni changallab, bor kuchi bilan pastga uloqtirdi. Tosh pakana archa tanasiga borib urilib, qasir-qusurlaganicha quyiga yumalab ketdi”. Qissada qiziq holat roʻy bera – boshladi: tosh, daraxt, atrofdagi narsalarga jon bitdi. Ernazar polvon jon-jahdi bilan quyiga itqitgan kalladay tosh ramz-timsol darajasiga yetdi. Ota va oʻgʻil munosabatlari oʻta keskinlashdi. Tabiat ham oʻzini arang tutib turibdi. Oʻgʻil beixtiyor otaning quloqchakkasiga musht tushirdi. Ota karaxt boʻlib qoldi. Tabiat quturdi. Oʻgʻil borligʻini azobli, titroq junbishga keltirdi. U oʻzidanmi, jonu jahonini oʻrtayotgan holatdanmi, togʻ tomon qocha boshladi. Otaning: “Toʻxta, oqpadar!” degan naʼrasi yeru koʻkni titratdi, bunga yana vahimali shovqin-suron qoʻshilib, borliq silkinib ketdi. Birdan hushyor tortgan ota beixtiyor boshini koʻtardi. Shundoq tepada xoʻmrayib turgan baland qoya qoshidagi xarsang toshlar uyumi qoʻzgʻalib, yigitning ustiga bostirib kelmoqda edi. Ne hodisot roʻy berdi, yo qodir egam? Qattiq iztirob va qoʻrquvga tushgan ota bir lahza qotib qoldi-da, soʻng bor ovozda:

– Chapga oʻt, chapga!..

…Ernazar polvon eng oldinda misoli koptokday sakrab kelayotgan kalladay-kalladay toshlardan biri oʻgʻlini urib yiqitganini aniq koʻrdi. Undan keyingi chogʻroq xarsang boshidan bosib, yanchib oʻtayotganini ham ilgʻadi. Saldan soʻng Oʻsar toshlar oqimi orasida butunlay koʻzdan yoʻqoldi. Ota jonholatda boʻkirib yubordi: “Uli-im!”

Mening nazarimda, Oʻsarni urib yiqitgan tosh boya gʻazab alangasida qovrilib, yurak-bagʻri oʻrtanib turganida Ernazar polvon jon-jahdi bilan pastga uloqtirgan “kalladay tosh” boʻlib tuyulaveradi. Yozuvchi ruhi togʻu qoyaga, asrlar boʻyi qimir etmay yotgan toshga jon, yaʼni, harakat ato etganday boʻldi. “Qoyalar ham yigʻlaydi” qissasida jamodot xilqati va polvon kelbatli kishilarning oʻzaro munosabati ifoda topgan. Muhimi, Ernazar polvon, Koʻchar polvon, Turkman polvon singari qahramonlar tabiati toshlar, xarsanglar bilan uygʻunlikda ifoda etilgan. Ernazarning polvonlarga xos tushunchalari oddiy, sodda, taʼbir joiz boʻlsa, hatto eskirib ketganday. Aslida esa, tabiatning tuzilishi, ming-ming yillik hayoti oddiy, sodda, nihoyatda teran qonun-qoidalarga asoslangan. “Qoyalar ham yigʻlaydi” qissasida borliq insonlar feʼli-atvoriga mengzab koʻrsatilgan.

Ernazar polvon Oʻsardan ranjigan, uni yaxshi soʻz, pand-nasihat bilan haq yoʻlga tushirmoqchi boʻlgandi. Kutilmaganda, voqealar selday davom etdi. Vaziyat inson inon-ixtiyoridan ustun keldi. Qissadagi ushbu tasvirda ong oqimi ham, qudratli tashqi kuchning taʼsiri ham, sinergetika qonuniyati ham lahzada oʻzini namoyon qildi. Taʼbir joiz boʻlsa, chaqilgan chaqmoq Oʻsarni yoʻqlik dunyosiga olib ketdi, tabiatni algʻov-dalgʻov qilib tashladi, Ernazar polvon qalbida bitmas ruhiy jarohatni boshlab berdi. “Qoyalar ham yigʻlaydi” qissasining badiiy bahosi retrospektiv nazardan oʻtkazishda tiniq koʻrinadi.

Normurod Norqobilov togʻ bagʻri qishloqlarini rosa kezdi: ovchi, togʻchi, oʻqituvchi, qizu ayol, boʻri, it, ayiq, qoplon singarilar feʼlini xoʻ-oʻ-b oʻrgandi. Odam bozorini kezdi, imkoni qadar baholashga harakat qildi. Unda munosabatlar, chinu yolgʻon xatti-harakat, tuslanish, turlanishlar koʻz-koʻz qilinarkan. Yozuvchi hayvonu inson aro rango-rang duellarni koʻrdi, detektiv munosabatlarni tasvirladi. Qissadan qissaga oʻtib yurgan voqealar, qahramonlar har xil vaziyatda qoʻllaydigan bir xil fikrlar uchrab qoldi. Normurod Norqobilov yangi janr qopchasini ochishi, yangi dunyoga kirishi lozim edi. U ilk romanini bitdi.

Men uning ilk romani – “Dashtu dalalarda”ni asar mohiyatiga asoslangan holda “Dashtu dalalar romani” deb nomlagan boʻlardim. Asar bosh qahramoni Eshqul polvon oʻgʻli Toʻlanboyga hikmatli fikr aytadi: “Bularning (maxluqlarning) baxtiga yaxshiyam dala-dasht bor, togʻu tosh bor. Xudo bilib bari jonliqni oʻz rizqi va makoni bilan yaratgan… Dasht aslida yovvoyi jondorlarniki, emin-erkin yurishga bizning emas, ularning haqi bor. Sen esa bir boʻlak etni ulardan qizgʻanib oʻtiribsan”. (Normurod Norqobilov. Dashtu dalalarda. Roman. Toshkent. “Oʻzbekiston” NMIU. 2009 yil. 209-sahifa. Keyingi parchalar shu nashrdan olinadi.)

Yozuvchi qay makon, qay zamon haqida yozayotganini, qahramonlari kimlar ekanini yaxshi biladi. Romanda tasvirlangan dashtu dalalarni: Ilondara, Toshdara, Qoyalidara, Ingichkadara, Qoradara, Puchuqtepa, Oʻrtaqir, Choʻtirqir, Qiziltepa, Oqsiyna choʻqqisi, Ochkamar, Yuqorigaza, Tollijarlik, Suyaklisoy, Issiqjar degan makonlar belgilaydi. Asarda Eshqul polvon va Oybarchin momo, Toʻlanboy va Oygul kelin, Boʻzboʻri va Qoramanglay boʻri, Qoraquloq va Jaynoqkoʻz tulki, Boygʻozi va Zarbuvi juftligi, Oʻsarqul battol, Haydar, Sulaymon chavandoz, Farmonov, uning bodi oʻgʻli Saʼdullaning hayot yoʻli, taqdiri tasvirlangan. Biz hamisha badiiy xarakter ijtimoiy munosabatlar samarasi, deb kelganmiz. Vaholanki, qahramonlarni shakllantiradigan omillar moʻl ekan. Tabiiy muhit Eshqul polvon va Boʻzboʻri toʻdasini hamkorlikda yashashini taqazo etdi. Odam va maxluq aro yozilmagan, ammo izchil rioya qilinadigan shartnoma bor. Eshqul polvon Toʻlanboy, ularning qarindoshlari Boʻzboʻri va Qoramanglayni oʻz yaqinlari, deb biladilar. Ular hayotida roʻy beradigan har bir yangilikdan xabardorlar. Boʻzboʻri nafaqat oʻzi, Qoramanglayni, oʻzga toʻdalarni Eshqul polvon mollariga yaqin yoʻlatmaydi. Eshqul polvon sihatgohda davolanarkan, tushida ikki-uch bor Boʻzboʻrini koʻradi. Boʻri yostiqqa yonboshlab gurung berayotganmish. Toʻlanboyning tushida Haydar togʻasi Boʻzboʻrining qiziga uylanayotganmish. Oybarchin momo qachonki, Boʻzboʻridan gap ochilsa, Qoramanglayni yaqin kishisiday tilga oladi. Men ham, Qoramanglay ham sizlarni (Eshqul polvon va Boʻzboʻrini nazarda tutyapti – A. R.) farzandga yolchitmadik, deyaveradi. Oybarchin alpday polvon eriga ikkitagina farzand hadya etdi. Qoramanglay ham hamisha ikki boʻltiriqqa ona boʻladi. Ularni eplab-seplab voyaga yetkaza olmaydi.

Eshqul polvon bilan Boʻzboʻridan dashtning kattayu kichigi hayiqib yashaydi. Eshqul polvon fidoyiligi, elparvarligi bilan obroʻ, eʼtibor topgan. Boʻzboʻri necha bor oʻzga toʻdalar yetakchilari bilan hayot-mamot jangiga kirishgan. Hali yengilmagan, maydondan dumini qisib chiqib ketmagan. Aksincha, u sherday olishadi, jang maydonini toʻs-toʻpolonga aylantirib yuboradi. Uning vajohati atrofdagilarga qoʻrquv soladi. Shunday jonzot allaqanday hayvoniy instinktga koʻra, Eshqul polvonga “hurmat” bilan qaraydi. Uning mol-holiga koʻz olaytirishni xayoliga ham keltirmaydi.

Normurod Norqobilov romani oldida uning qissalari maydaroq, koʻlamsizroq ekanligi seziladi. Eshqul polvonda, Boʻzboʻrida, ular muhitida koʻlamlilik, ildizlilik bor. Yozuvchi ilk bor tushdan, xotirlashdan unumli foydalanadi. Roman ruhida teranlik, jiddiylik, oldindagi kurashlardan xabar berish ohangi seziladi.

Dashtu dalalarda Eshqul polvonu Boʻzboʻriday bagʻrikeng, chin erkaklargina yashamaydi. Bu yerning oddiy fuqarolari, jabr koʻrganlari ham talaygina. Nihoyatda chiroyli Qoraquloq, uning shoʻx Jaynoqkoʻz, toʻrt nafar tulkivachchasi, aslida, dashtning teng huquqli aʼzosi. Yumronqoziq ham bu makonda emin-erkin yashash uchun kurashadi. Ammo, yovvoyi tabiatning oʻz qoidasi bor: beayov kurashga chidagan yashaydi, yengilgan chetga chiqadi. Toʻlanboy odam toifasidan boʻlsa-da, dasht qoidalaridan unumli foydalanadi. U Qoraquloqni ermakka aylantirmoqchi: tiriklayin terisini shilib olib, qip-qizil goʻsht tarzida dashtga qoʻyib yubormoqchi, zavqlanmoqchi. Toʻlanboy choʻpon tayogʻini yer bagʻirlatib shunday otadiki, tuproq kovlash bilan band boʻlgan yumronqoziq oʻqday uchib kelgan tayoq zarbidan “shilq” etib qulaydi. Qiyin-qiyin mayda, kuchsiz hayvonlarga qiyin. Qoraquloq tutqunlikdan qutulgach, jufti, bolalari yoniga qaytdi. Olaxurjunni yana yelkasiga osdi. Uning uch oyoqlab ogʻir yukni koʻtarib borayotganini koʻrib qoldilar. Dashtda Oybarchin momo zotdor tovuqqa joʻja ochtirdi. Uchib borayotgan qirgʻiy yerga oʻqday otilib keldi, bir joʻjani ilib qochdi. Ona tovuq joʻjasini asrab qolish uchun ikki terak boʻyi yuqoriga koʻtarildi. Vaholanki, kechagina Toʻlanboy onasining iltimosi bilan tovuq qanotlarini qirqib qoʻygandi. Romanda hayvonlaru parrandalar aro kurashning turli usullari, turlari mohirona tasvirlangan.

Dashtu dalalar – kenglik, betakrorlik, sehrlilik, tirik vujudga nasiba ulashuvchi gʻaroyib dasturxon. “Kengga keng, torga tor dunyo”, degan naqlning haqligi dashtu dalalarda aniq koʻrinadi. Eshqul polvon – dasht odami. Uzunsoch rassom yigit dashtga singib ketdi goʻyo: tunu kun alvon rangli rasmlar chizdi. Toʻlanboyning xotini Oygul qalbidan goʻzallik daryosi oqadi: u odmi, oʻziga xos kashtalar tikadi, oʻtovi girdiga gullar ekadi, keng dalalarga boqib koʻzlari bilan kuylaydi. Dashtu dalalar goʻzal insonlarga borligʻini koʻz-koʻz qiladi, sinoatlar eshigini lang ochadi. Jonivorlar, parrandalar, hashoratu qurt-qumursqalar yelib-yuguradi, tinim bilmaydi, hayot abadiyligini isbotlaydi.

Eshqul polvon zavqqa toʻlganda qoʻliga doʻmbira oladi, quvyogʻochdan kuy taraladi. Goho Eshqul polvon hayvonlar, qushlar, kemiruvchilar hiylasini kuzatib, zavqlanib ketadi. Ayniqsa, tulkining nayrangi uni rom etadi. Boʻzboʻrining chapani yigitlarday mardligi, tavakkalchiligiga tan beradi.

Romandagi oʻziga xos timsollardan biri – Oʻsarqul battol. Uning otasi Umirqul ham na odamlarga yaxshilik qilgan, na dashtni obod qilishga hissa qoʻshgan. Bu avlod dashtdagi odam siyogʻidagi boʻrilar. Odam tilini bilsa, uning mantigʻini tushunsa, boʻrilar, ayniqsa, Boʻzboʻri toʻs-toʻpolon koʻtargan boʻlardi. Boʻri oʻz bolalari, yaqinlariga mehr koʻrsatadi, juftini yalab-yulqaydi, tantiqliklarini koʻtaradi. Oʻsarqul xasislar xasisi, xudbinlar xudbini. Ayniqsa, ayolni odam oʻrnida koʻrmaydi. Bir mahallar xotinini olib qochib kelgan. Lekin bechora xotin Oʻsarqul xonadonida oʻzini qafasdagiday his qildi, qizi baxtli boʻlishini xudodan soʻradi. Eshqul polvonning Oybarchinni olib qochganidan faqat ona xursand boʻldi: qizi qafasdan qutildi. Oʻsarqul tosh mehr, qoʻli qon, yuragi kir odam. Odatda, Oʻsarqulday qatʼiyatli kishilar mard, tanti keladi. Aksincha, Oʻsarqul qasoskor, “meniki”, degan tushunchaga tish-tirnogʻi bilan yopishib olgan. Bu dunyo qasosli-da: bir paytlar, Oʻsarqul birovning qizini olib qochgan edi. Bugun bu ishni Eshqul polvon qildi. Qasoskor Oʻsarqul oʻla-oʻlgunicha Eshqul polvonni kechirmadi, unga tishining oqini koʻrsatmadi. Oʻsarqul va Eshqul polvon bir necha bor toʻqnashdilar. Har safar Eshqul polvon oʻynab-oʻynab, yayrab-yayrab gʻolib boʻldi. Oʻsarqul har gal oʻzining tuban tomonlarini namoyon etaverdi.

Romanda gʻalati bir tushuncha bor: boʻrisifat Oʻsarqul, Haydar, Saʼdulla bodi boʻri saqlashni orzu qiladilar. Oʻsarqul boʻrini katakka tiqib, uni haqoratlab huzur-halovat koʻrmoqchi. Haydar oʻzi mansub toʻda boshligʻining orzusini yuzaga chiqarmoq uchun yelib-yuguradi, jiyani Toʻlanboyni hol-joniga qoʻymaydi. Saʼdulla boʻriga roʻpara boʻlishni, unga tik qarashni xayoliga keltirmagan. Ammo u odamlarni qoyil qoldirmoqchi, “boʻri boqadi” degan hayratni eshitmoqchi, xolos.

Roman oʻz muhiti, ob-havosi, baland-pastligi, betakror aurasiga ega janr. Yozuvchi faqat odamlarni, munosabatlarni bir xil ohangda, rangda, muhitga bogʻlanmagan holatda tasvirlasa, zinhor badiiy asar yaratilmaydi. Asar – olamaro olam. Oʻsarqul tasviri, uning muhiti, qafasmonand uy-joyi kishini ezib tashlaydi. Roman olamida qahqaha yangrashi, jala quyishi, aza-marosim boʻlishi, eng muhimi, odamlar aro baland-past munosabatlar tasvirlanishi zarur. Roman, misoli, daryolar tutashgan joy. Eshqul polvon nomli daryodan shifobaxsh, tanga huzur baxsh etuvchi suv oqib keladi. Toʻlanboy – yosh daryo: suvi boʻtana, tezoqar, girdoblari serob, yoshlarni ohanraboday jalb etadi. Toʻlanboyning qilmishlari zinhor qolipga sigʻmaydi. Mana, u oʻyin qilib Qoraquloq – tulkini tutib oldi. Tulkining terisini shilib olmoqchi, qip-qizil tirik etni yurgizib qoʻyib rohatlanmoqchi boʻldi. Azamat Toʻlanboy kuchi oshib-toshib ketganda novvos bilan olishadi: shoxlaridan burab uni yiqitadi. Roʻziqul melisa, Zunnun oʻr, Chori uvoq singarilar Toʻlanboyning teng-toʻshlari: yengiltak, maishatparast, shamolday goh u yoqqa, goh bu yoqqa esadigan, masʼuliyatsiz kishilar. Roʻziqul, masalan, ulfatchilik desa, oʻzini tomdan tashlashga tayyor. Toʻlanboy baʼzi-baʼzida dashtdan qishloqqa kelib qoladi. Shunday paytda, Roʻziqulning kuni tugʻadi: darhol dasturxon tuzaydi, xilma-xil yeguliklar tayyorlaydi, ichkilikning eng taʼriflilarini topib keladi. Ulfatchilik quvnoq, oʻyin-kulgi bilan boshlanadi. Har gal gʻalva, toʻs-toʻpolon bilan tugaydi. Roʻziqul melisa chalkashlikni boshlab qoʻyadi, Toʻlanboy uni davom ettiradi. Har safar Haydar Toʻlanboyni tutaqtirib yuboradigan “Pastux!” degan soʻzni qoʻllaydi. Haydar doʻstini “ahmoq”, “tentak”, “hoʻkiz” deydi, Toʻlanboyning parvoyi palak. “Pastux!” deyildimi, sodda Toʻlanboy ilon, chayon chaqqanday toʻlgʻanaveradi. Shunday holatlar roman jozibasini orttiradi, hayotbaxsh ruhini oshiradi.

“Dashtu dalalar” romanidagi holat, munosabat, ziddiyat, toʻqnashuvlar Eshqul polvon xotiralari sifatida tasvirlanadi. Eshqul polvon markazga, sihatgohga kelgan: oyogʻi ogʻriydi, davolanmoqchi. U jisman sihatgohda, ruhi, joni-jahoni dashtda, adoqsiz dalalarda. Saʼdulla bodi bilan tanishib qolmasa, ehtimol dashtni eslamas, xotiralarga berilmagan boʻlarmidi?..

Saʼdulla bodi – yigirmanchi asrning oltmishinchi yillarida qishloqdoshlarini zir qaqshatgan, qamchisidan qon tomgan, tuman firqa qoʻmitasining yoʻriqchisi boʻlgan Farmonovning oʻgʻli. Yoshi qirqni qoralagan, oq eshakqurtday semirib ketgan Saʼdulla bodi betayin, axloqan buzuq, gʻurursiz, gapdon odam. U oʻtmishni bilmaydi, kelajak bilan qiziqmaydi. Oʻz qadrini bilmagan bu kas hech kimni sariq chaqaga olmaydi. Uningcha, Eshqul polvon gʻirt qishloqi, yoshini yashab boʻlgan keraksiz odam. Koʻpni koʻraverib pishib ketgan Eshqul polvon bu tentakdan yiroqroq boʻlishga intiladi. Lekin sihatgoh kichkinagina joy. Qolaversa, Saʼdulla bodiga eshitadigan quloq kerak. Yigit aljirab-aljirab, hech narsa boʻlmaganday, ketaveradi. Eshqul polvon va Saʼdulla bodi munosabatlari portlash darajasiga yetdi: polvon kap-katta odamning yuzini yerga qaratib yotqizdi, yumshoq yeriga rosa urdi. Oʻldirish nimaligini ham bilmaydigan Saʼdulla bodi poʻpisa qildi:

“ – Otaxon, men sizni oʻldiraman, – dedi. Sal vaqt oʻtar-oʻtmas Saʼdulla bodi “vaʼda”sini unutdi”.

Eshqul polvon Saʼdulla bodi bilan gaplashadi-yu, yarim asrlik voqealar xayolidan koʻtarilmaydi. Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari boshlarida kommunistik firqa Markaziy qoʻmitasining oʻta oʻylovsizlik bilan qabul qilingan qarori, ayniqsa, qishloq kishilarining jon-jahonini oʻrtab yubordi. Qarorga binoan, har bir shaxsiy xoʻjalik qaramogʻidagi molini davlatga topshirishi shart. Oilaga faqat uch-toʻrtta mayda mol qoldirish mumkin. Dehqonning dehqonligi, chorvadorning chorvadorligidan qanday naf, manfaat borki, uning molxonasi, huvillab yotsa?! Qishloq kishisi besh-oʻnta mol qilay, omborim don-dunsiz qolmasin, deb erta-kech ter toʻkadi. Jamoa xoʻjaliklari tuzilayotgan pallada ham har bir dehqon don-dunini umumomboriga topshirsin, degan buyruq boʻlgan edi. Shu buyruq jamoa xoʻjaliklari tagiga ilk bor suv quygandi.

Romanda chorvadorlarning ushbu mashʼum qarorga munosabatlari xolisona tasvirlangan. Chorvador oyogʻiga tesha urgan bu hujjatga qarshi birinchilardan boʻlib Boygʻozi kal qarshi chiqdi. Avvaliga, oʻz molxonasini mol-poli bilan yoqib yubordi. Aqlli, adolatli Eshqul polvonni qishloqdoshlari molini olib, dashtga chiqib ketishga koʻndirishdi. U yigʻilgan podani haydab, dashtga ketdi. Tuman firqa qoʻmitasi yoʻriqchisi Farmonov jon-jahdi bilan xalq manfaatiga zid qarorni oʻrniga qoʻyib, ijro etishga kirishdi. Mayda, qora mollar xatlandi, maxsus idoralarga joʻnatildi. Oʻsarqul, Shavkat qirriq, Roʻziqul melisa singarilar Boygʻozi kal, Eshqul polvon qilmishi haqida maxsus mahkamalarga xabar yetkazib turdilar. Farmonov har kuni Eshqul polvon olib ketgan podani izlar, tinim bilmasdi. Vakil bilan Eshqul polvon Qiziltepada toʻqnashdilar. Ular orasida mana bunday suhbat – soʻz dueli boʻldi:

“ –… Qadamimni poylaguncha, shugina podani koʻrib koʻrmaslikka, bilib bilmaslikka olsang boʻladi-ku! Yo, hashsha topasan, deb, birov sening yoqangdan olyaptimi?!

– Men otamni aldashim mumkin! – Farmonovning ovozi oʻta rasmiy tus oldi. – Lekin partiyani hech qachon alday olmayman!

– Oʻv-v! – Eshqul polvon diliga tugib yurgan gaplarini aytmoqqa jazm etdi. – Biz seni hukumat va hukumatning odami deb bilamiz… Shu keng dashtda yashab turib, suruv-suruv mol qilmaslik gunohi azim emasmi, a?! Odamlarni buytib siqquncha, xaloyiq, chogʻing yetgancha mol qil, ham el toʻyadi, ham oʻzing, demaysanmi?! Bilasanki, eshigida toʻrtta moli yoʻq odam na oʻziga en boʻladi, na birovga!” (72-sahifa.)

Badiiy asar qimmati fikrlarning asosliligi, odamlar hayotining haqqoniy tasviriga mos kelishi bilan belgilanadi. Soxta yozilgan, sanʼatkor dilidan chiqmagan fikrlar darhol eskiradi. Darvoqe, asar qahramonlarining qadrini ular qilgan ishlar, aytgan gaplar belgilaydi. Farmonov va Eshqul polvon orasida boʻlib oʻtgan gap-soʻzlarga yarim asr boʻlyapti. Shu muddatda Eshqul polvon ezgu ishlari, aytgan haqqoniy gaplari bilan obroʻ-eʼtibor topdi. Farmonovni Boʻzrang boʻri jazoladi – qoʻlini gʻajib tashladi, yarim jon qilib qoʻydi. Uning oʻgʻli beburd, betayin odam boʻldi.

El boshiga ish tushganda Boygʻozi, Erali rais, Sulaymon chavandoz singarilar Eshqul polvonni qoʻllab-quvvatladilar. Ildizsiz, gʻayriinsoniy qaror inkor qilindi. Ammo, sinov kunlarida maydonda koʻkrak kerib tura bilganlar siymosi xalq qalbidan joy oldi. Normurod Norqobilov romanining konseptual asoslaridan biri shudir. Mashʼum kunlardayoq Boygʻozi Eshqul polvonga bunday degandi: “Aylanay, sendan! Seni tuqqan onangga balli! Sendaylar borligi uchungina bu qoʻtir dunyo joyida turibdi!” (77-sahifa.) Boygʻozi bobo soʻzlariga farishtalar omin degan ekan. Eshqul polvonning taqdir daftariga hech kim tahrir kiritmadi.

Adabiyotshunoslikda roman janriga berilgan taʼriflar koʻp. Lekin, hanuzgacha dabirlik sanʼati roman mohiyatini belgilash borasida kam toʻxtalgan. “Kontekst”, “podtekst” degan iboralarni bot-bot qoʻllaymiz, yengil-yelpi, yuzaki romanlarda dabir sanʼatkorligi yoʻq. Vaholanki, romanning murakkab janrligi maʼnolar serqatlamligida, asosiy matndagi mazmundan oʻzgacha, kutilmagan yangi gap, gʻoyalarning uch berib qolishida seziladi. Talqin – romandagi sanʼatkorlikni kashf etish. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari romanlarni qunt bilan oʻqisangiz, dabir sizga yangi gap, qahramonning yangicha koʻrinishini hadya etadi. Dabir, aslida, harbiy sohadagi kasb hisoblangan. U shunday matn tuzganki, uning zamirida muhim gap yashirin holda ifodalangan. Dabirlik sanʼati ham matn tuzilmasi – strukturasiga borib bogʻlanadi. Dabir sanʼatida maʼno teranligi va goʻzallik omuxtalashadi. Mohir romannavis – dabirlik sanʼatini egallagan isteʼdodli siymo. U matn ostida, matn ruhida goʻzallikka yoʻgʻrilgan maʼnolar qavatini paydo etadi. Normurod Norqobilovning “Dashtu dalalarda” romani Toʻlanboyni koʻrsatishdan boshlanib, asar xotimasi ham Toʻlanboy bilan bogʻliq:

“Dasht keng, juda keng edi.

Biroq yuragi adoqsiz qaygʻuga toʻlib-toshgan Toʻlanboy bu kenglikka sigʻmay borardi.

– Togʻam-a, kun koʻrmay ketgan togʻam-a!!!”

Roman markazida ikki qahramon – Eshqul polvon va Toʻlanboy turadi. Roʻziqul melisa, Zunun oʻr, Haydar, Sherqoʻzi, Shavkat qirriq, Yodgor soʻfi, Fattoh manqa singarilar Eshqul polvonga roʻpara boʻlmaydilar, yumushlarini Toʻlanboy bilan bitiradilar. Toʻlanboy otasi bilan faxrlanadi: uning Shavkat qirriqday betayinlar bilan janjallashib yurishini istamaydi. Eshqul polvon Toʻlanboyning oila shaʼni uchun kurashayotganidan huzur qiladi. Ayni vaqtda, Shavkat qirriq bilan bogʻliq hangoma vositasida dasht taqdiri, yovvoyi hayvonlar hayoti haqidagi falsafiy qarashlarini oʻgʻliga bayon qiladi. Boshqacha aytganda, Eshqul polvon gʻoʻr oʻgʻliga dasht, uning maxluqlari hayotiga oid falsafani ifoda etadi. Ahmad qora, Boygʻozi kal singari yuragida yoli bor insonlar, dashtni, bu yerdagi maxluqlarni himoya qilib oʻtdilar.

Shavkat qirriq bilan boʻlgan janjal mohiyatini Eshqul polvon oʻgʻliga oddiygina qilib tushuntiradi:

“ – Maydonda andishasiz bilan kurash tushib, uni magʻlub qildim. Tovogʻiga koʻl qoʻyilgan edi, men shu koʻlni yutib oldim.

– Ota, sizga odamning ustidan kulish boʻlsa!

– Men hech kimning ustidan qulayotganim yoʻq”. (218-sahifa.)

Oʻsha suhbat mobaynida, Toʻlanboy bir narsani, yaʼni, hech qachon otasidek boʻlolmasligini his qilgan.

Ota va bola doim kelisha olmay, gaplari gaplariga toʻgʻri kelmay yuradi. Lekin, eʼtibor berilsa, Toʻlanboy otasining izidan boryapti. U necha bor podani tashlab, adashib-uloqib ketdi. Lekin, hamisha yana podachilikka qaytadi. Toʻlanboy podachilikni oʻrniga qoʻyib uddalaydi. Bu fazilat otasidan oʻtgan. “Toʻlanboy podani yaxshi boqadi. Erta bahordan dashtga chiqib ketgan jonivorlar qish oldi qishloqqa semirib, yiltirab qaytadi”. (49-bet.) Toʻlanboy poda boqish tartibini otasidan oʻrgangan. Eshqul polvon podani uzoq yerlarga haydab ketardi. Podachining qora uyi atrofi hamisha oʻtli, pichanli boʻlardi. Shunday vaziyat boʻladiki, podani keng yoyish imkoni boʻlmaydi. Shunda mollar, “qora uy” atrofida ham toʻyib ovqatlanadi.

Toʻlanboy Qoraquloq tulkiga rosa azob berdi. Bechora jonivor oʻlimiga rozi boʻldi. Tili boʻlsa u bu tentak Toʻlanboyga Jaynoqkoʻz jufti, toʻrt bolasi haqida gapirib bergan boʻlardi. Eshqul polvon tulki ustidan kulish uyoqda tursin, bu aqlli jonivorlar hiylalaridan zavq oladi.

“Biri itni chalgʻitib, nariga olib ketdi, biri esa asta bu yoqdan kelib, etni olib qochdi.

– Siz barini koʻrib yotibmidingiz, ota? – Toʻlanboy hayron boʻladi.

– Ha, barini koʻrib, tomosha qip yotuvdim”.

Haydar Toʻlanboyni oʻziga yaqin oladi. Hamma gapni unga aytadi. Lekin, Haydar, oʻylab koʻrilsa, jiyanining doʻsti emas. Mana, ular orasida boʻlib oʻtgan bir suhbat:

“ – Pochcham ekan deb turmayman! – Haydarning koʻzlari olovlandi. – Tikka otaman!

– Unda sizni… men ham otaman-da, togʻa! – Toʻlanboyning nigohi bejo yolqinlandi.

– E, nima deganing bu?! – Haydarning quyuq qoshlari hayratdan tepaga sanchidi.

– Axir… togʻadan ota yaqin-da!

Bu haq gap oldida Haydar nima deyarini bilmay, chaynalib qoldi”. (162-sahifa.)

Mana shu dialogning oʻzi Toʻlanboy – ertaga Eshqul polvon boʻlishini aniq koʻrsatadi.

Toʻlanboy yangi avlod vakili sifatida otasining ayrim qilmishlari, xatti-harakatlarini qoʻllamaydi. U otasidan qoʻrqib turadi, kaltak yegandayam alamini ichiga yutib ketadi. Keyinchalik oʻylab koʻrsa, otasini nihoyatda sevar, koʻp masalalarda unga taqlid qilarkan. Toʻlanboy bolaligidayoq otasi Oybarchin onasini olib qochganini eshitan. Ular orasidagi muhabbatga toʻliq hayotga havas qilgan. Qarangki, Toʻlanboy ham Oygulni sevdi, koʻksini zaxga berib yotdi. Oygul har jihatdan yetukligini tezda namoyon etdi. Muhimi, unda goʻzallik tuygʻusi, oilaga sadoqat kuchli. Erining sal yengiltak, kamoʻylovli ekanligini bilsa-da, na otasiga, na qaynota-qaynonasiga shikoyat qiladi. Shu oʻrinda, Eshqul polvonning Toʻlanboyga aytgan gapi yodga keladi:

“ – Ulim, shu kelinning erkakligi bor-da! – degandi bir kuni Eshqul polvon, uzoqdagi oʻtovlar yonida ivirsib yurgan kelini tarafga emas, yotoqlagan podaga qarab. – Manglayi yarqiragan yigitsan, lekin!

– E, ayolning ham erkakligi boʻladimi?

– Boʻladi, ulim, boʻladi. Lekin ayolning erkagi zoʻr boʻladi”. (113-sahifa.)

Eshqul polvonda dashtga nisbatan oʻziga xos mehr, sodiqlik bor. Dashtu dalalardagi darayu jarliklar, turfa xil giyohlar, parrandalar, hashoratlardan tortib, yirik jondorlar unga qadrli. Eshqul polvon dashtga mehr qoʻygan odamlarni oʻziga yaqin oladi. Aksincha, dasht tabiatini yurakdan his etmagan odamlarni yoqtirmaydi. Toʻlanboyning qulogʻi ostida otasining hov birda taassuf-la aytgan bir gapi jarang berganday boʻladi:

“ – Ulim, ming qilsayam, sening dashtga oʻgayliging bor! Bor hadigim shundan!

Nahotki, shunday boʻlsa?!” (218-sahifa.)

Romanning tagmaʼnosida Toʻlanboy qalbida dashtu dalalarga mehrning paydo boʻlganligini koʻrsatish fikri yotadi. Dashtu dalalar inson qalbidagi chuqur, teran tuygʻularni yuzaga olib chiqadi: kuylash ishtiyoqini paydo qiladi, qoʻlga quvtayoq (doʻmbira) tutqazadi. Baxshilar hamisha ona yer saxovati, goʻzalligini kuylaganlar. Avvallari Eshqul polvon va Toʻlanboyning gapi gapiga qovushmas, ota-bola bir-birini anglamasdi. Dashtu dalalar hayoti, oʻtib borayotgan vaqt Toʻlanboyni Eshqul polvonga yaqinlashtira boshladi. Dashtu dalalar oʻsha-oʻsha. Ammo ularga mehr, sadoqat tuygʻusi har bir odamda betakror holda roʻy beradi. Bu, shubhasiz, Normurod Norqobilovning “Dashtu dalalarda” romanining ruhi va tagmaʼno tasvirida badiiy ifodasini topgan.

 

Abdugʻafur RASULOV,

professor

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ikki-dunyo-bir-qadam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x