Ahli dillardan edi

Maktabda Muhammadamin Mahmudov degan adabiyot oʻqituvchisi boʻlardi. Vazmin, xayolchan, bilimdon kishi edi. Ayniqsa, klassik adabiyotimizni yaxshi bilardi. Har safar darsdan avval Navoiy, Mashrab yo Furqat kabi shoirlarning gʻazallarini oʻqib, keyin maʼruzasini boshlardi. Yuqori sinfda oʻqigan kezlarim edi. Bir kuni ustoz soʻrab qoldi:

– Kelajakda kim boʻlmoqchisan, oʻylab koʻrdingmi?

– Jurnalist boʻlsam deyman.

– Durust, – dedi domla, unda “Sharq yulduzi” jurnalining hamma sonlarini olib, oʻqib chiq. Keyin gaplashamiz.

Kutubxonada jurnalning 1955–56 yillardagi sonlari bor ekan. Ikki yillik taxlamni qoʻltiqlab, uyga joʻnadim. Yetib olib, oʻqidim.

Ikki oy ichida “Sharq yulduzi”ning ikki yillik sonlarini sinchiklab oʻqib chiqdim. Jurnalda mashhur yozuvchilarning badiiy asarlaridan tashqari, ularning ijodiga bagʻishlangan ilmiy-tanqidiy maqolalar, bahsu munozaralar ham bosilgan edi. Bunday maqolalarning aksariyatini Sunnatulla Anorboyev degan ijodkor yozgan edi. Keyin bilsam, Sunnatulla aka ham Odil Yoqubovga oʻxshab, asli bizning qishloqda tugʻilib, oʻsgan ekan. Sunnatulla aka bilan ana shunday gʻoyibona tanishganman.

1956 yili oʻrta maktabni bitirdim. Izzatulla Boboxonov degan sinfdoshim boʻlardi. Ikkovimiz Toshkentga oʻqishga boradigan boʻldik. Ikki qora jomadon sotib oldik. Unga bogʻimizdagi sara olmalarni, uydagilar yopib bergan sutli kulchalarni, darslik kitoblarni soldik. Azim shahar qaydasan, deb yoʻlga tushdik. Men ilgari bir-ikki marta Toshkentga borgan edim. Izzatulla hali koʻrmagan ekan.

– Qayga boramiz, Izzat? – dedim.

– Togʻamnikiga, – dedi u.

– Togʻang kim? Qayerda ishlaydi?

– Yozuvchi Sunnatulla Anarboyev.

– Tirik yozuvchini koʻradigan boʻldim, – deb quvonib ketdim.

Sunnatulla aka Parkent bozorining yaqinida uzun, obod bir koʻchada turar ekan. Surishtirib, kirib bordik. Bizni savlatli, sochlari qop-qora, ikki beti qip-qizil kishi kulib, kutib oldi. Men ixlos qoʻygan yozuvchi – shu mehmondoʻst inson ekan. Sunnatulla aka qishloqdagilarni soʻradi, oʻqishlarimizni surishtirdi, qayta-qayta iltifot koʻrsatdi. Yozuvchi deganda, men, oʻta jiddiy, sipo, kamgap, bizga oʻxshab endi hayotga qadam qoʻygan yoshlarga beparvoroq qaraydigan insonlarni koʻz oldimga keltirar edim. Sunnatulla aka bu tasavvurimni mutlaqo oʻzgartirib yubordi. U kishi soddadil, samimiy, ochiqkoʻngil kishi edi. Shu-shu, Sunnatulla akaning uyiga tortinmay kirib boradigan boʻldim.

Bir kuni kitob doʻkoniga kirsam, Sunnatulla akaning kitobi turibdi. Darrov oldim. Hozir nomi esimda yoʻq, lekin hikoyalar va ocherklar ekani aniq. Menga, ayniqsa, yozuvchining ocherklari yoqdi. Sunnatulla aka Oʻzbekistonning choʻl mintaqasida yashaydigan chorvadorlar haqida yozibdi. Kitobni oʻqiyapmanu koʻz oldimga oʻzimizning qishloqdagi yaydoq qirlar, yovshanzor adirlar, suruv-suruv qoʻy podalari, kishnasa sahroni ovozi tutib ketadigan argʻumoqlar keldi. Shunda, Sunnatulla akaning sinchkovligiga, choʻpon-choʻliqlar hayotini ikir-chikirigacha oʻrganganiga tan berdim. Umuman, Sunnatulla akaning koʻpgina asarlari saratonda sel kechib, qahratonda qor kechib yurgan sabr-bardoshli, zahmatkash, qanoatli chorva ahliga bagʻishlangan.

Bir-ikki yil oʻtib, yozuvchining “Oqsoy shalolalari” qissasi eʼlon qilindi. Keyin “Oqsoy” romani paydo boʻldi. Ikkala asar ham chorvadorlarning mashaqqatlari, fidoyi mehnatlari, turmush tarzi, orzu-armonlari xususida bahs yuritadi. Bu asarlar keng jamoatchilik tamonidan qayta-qayta nashr etildi. Adabiyotimizda chorvadorlar hayotini keng koʻlamda yoritib bergan salmoqli asarlarning hanuz noyob boʻlib qolayotganini eʼtiborga olsak, Sunnatulla akaning mazkur romani va qissalari hamon qadrini yoʻqotgani yoʻq. Buni eʼtirof etmaslik insofdan emas. Sunnatulla aka Ibrohim Rahim, Yoʻldosh Shamsharov, Anvar Eshanov, Dadaxon Nuriy singari yozuvchilarimiz qatorida, oʻzbek badiiy publitsistikasi rivojiga ham salmoqli hissa qoʻshdi. Uning “Goʻzallik istab” “Choʻl havosi” “Qarnob kengliklarida” kabi kitoblari fikrimizning dalilidir.

Ustoz Asqad Muxtor yarim hazil, yarim chin qabilada: “birovlarning yozib turganiga rahmat, birovlarning yozmay yurganiga rahmat”, deb qoʻyardilar. Shu maʼnoda, biz yoshlar Sunnatulla akaning qalamni mahkam tutib, astoydil mehnat qilganiga xursand edik. Natijada, muallifning “Yaxshilik urugʻi”, “Mehr”, “Sayli” singari qissalari va romani eʼlon qilindi. Ayniqsa, yozuvchining balalarga atalgan “Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari” nomli sarguzasht qissasi mashhur boʻlib ketdi. Bu asar koʻpgina chet tillariga ham oʻgirildi. Oʻzbeklarda “mezbonga yarasha mehmon”, degan gap bor. Sunnatulla aka mehmonnavoz edi. U kishining kattagina koʻrkam hovlisi koʻpgina ijodkor yoshlar, ustoz yozuvchilar ila obod boʻlar edi. Sunnatulla aka bizni chorbogʻidagi uzumdan oʻzlari tayyorlagan sharob bilan siylar, badanlari andek qizigach, shaxmat surishga oʻtirardik. U kishi ashaddiy shaxmat ishqibozi edi. Quyosh balandroq kelib qolsa, “Ahvolingiz chato-oq, azizim!” deb gurkiragan ovozda qoʻshiq aytib yuborar, “Hayt jonidan!” deb dona surardi.

Sunnatulla aka oʻz asarlari bilan, oʻzlari yozganidek, odamlar koʻngliga yaxshilik urugʻini ekib ketdilar. U kishi chin maʼnoda ahli dillardan edi. Iloyo, oxiratlari obod boʻlsin!

 

Saʼdulla SIYOYEV

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ahli-dillardan-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x