Ijod va eʼtiqod

Dunyo adabiyoti sarhadlari tobora bir-biriga yaqinlashmoqda. Joriy yil may oyida amerikalik adiblar – Kristofer Merrill, Enn Hud, Stiven Kuusisto va Chinelo Okparanta yurtimizda mehmon boʻldi. Okean ortidan kelgan ijodkorlar ishtirokida Toshkent va Samarqandda uchrashuv hamda mushoiralar oʻtkazildi. Yozuvchi-elchilar yetakchisi Kristofer Merrill oʻtgan yili ham yurtimizga kelgandi. “Bir koʻrgan – tanish, ikki koʻrgan – bilish”, degan gap bor. Bu gal vaqtni gʻanimat bilib, jahongashta shoir bilan bafurja suhbatlashdik.

 

Suhbatdosh haqida

 

Kristofer Merrill – amerikalik atoqli shoir, yozuvchi, tarjimon va jamoat arbobi. 1957 yilda tugʻilgan. 1983 yili Vashington shtati universitetini tamomlagan. Uzoq yillar Amerika oliy oʻquv yurtlarida dars bergan. 2000 yildan Ayova universiteti professori va Xalqaro badiiy ijod dasturining rahbari. Qator sheʼriy va publitsistik toʻplamlari, tarjimalari chop etilgan. Oʻndan ortiq milliy va xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan. Asarlari yigirmadan ortiq tilga, jumladan, oʻzbekchaga ham oʻgirilgan. Sheʼrlari yurtimizdagi gazeta-jurnallarda va toʻplamlarda bosilgan.


 

Amerika adabiyotini moʻjaz parchalardan hosil boʻlgan yaxlit mozaikaga oʻxshatish mumkin. Ushbu qudratli adabiy maktabning shakllanishiga turli millat vakillari oʻz hissasini qoʻshgan. Dunyoning boshqa biror davlatida mamlakatingizdagi kabi koʻpmillatli ijodkorlar “armiya”sini topish qiyin. Amerikadagi bugungi ijodiy jarayondan koʻnglingiz toʻladimi?

Amerikada turli qitʼa vakillari bir havodan nafas olib yashaydi, demak, mamlakatning oʻzini ham mozaikaga mengzash oʻrinli boʻlur edi. Adabiyotimizda ham rang-barang qarashlar, xilma-xil eʼtiqodlar, etnik jamoalar anʼanalari va falsafiy taʼlimotlar mujassam. Amerikada har yili uch yuz mingdan ziyod kitob chop etiladi, sheʼriyat, nasr va publitsistika namunalari oʻquvchi qoʻliga yetib boradi. Bunga yana matbuotda eʼlon qilinayotgan turli saviyadagi sanoqsiz materiallarni qoʻshing. Asarlar shu qadar koʻp, qamrov shu qadar kengki, ijodiy jarayon haqida umumiy xulosa qilishga beixtiyor taraddudlanib qolasiz. Qalam ahliga moʻljallangan yuzlab dasturlar, adabiy nashrlar, anjuman-mushoiralarni kuzatib, – harqalay, ularning hisobiga yetish mumkin – biz adabiyot bogʻi chappar urib gullagan davrda yashayapmiz, bemalol ayta olaman. Bugungi adabiyotga hakamlikni esa koʻpni koʻrgan tarix hukmiga havola etgan maʼqul, shekilli.

Yaqinda amerikalik kinoijodkorlar suratga olgan “Soʻzlar” (The Words) badiiy filmini tomosha qildim. Kartinada plagiatorlik muammosi koʻtarilgan. Film qahramoni – yosh yozuvchi Rori Jensen boshqa bir adibning romanining qoʻlyozmasini topib oladi. Navqiron qalamkash vijdoniga qarshi borib, beli ogʻrimasdan shuhratga erishish yoʻlini tanlaydi: qoʻlyozmani oʻz nomidan eʼlon qiladi… Soʻz, fikr, gʻoya oʻgʻriligi bugungi kunda siyosatdan tortib adabiyotgacha keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bu oʻrinda soʻnggi yillarda Vengriya Prezidenti Pall Shmidt, Germaniya Mudofaa vaziri Karl-Teodor su Guttenberg aynan shunday ayblovdan keyin isteʼfoga chiqqanini eslab oʻtish kifoya. Plagiatorlik bugun adabiyotda qay darajada dolzarb muammo sanaladi? Oʻzingiz soʻz oʻgʻriligi bilan bogʻliq holatlarga guvoh boʻlganmisiz?

Afsuski, adabiyot oʻqituvchisi sifatida bunday noxush holatlarga duch kelib turaman. Besh qoʻl hech qachon barobar boʻlmas ekan-da… Talabaligimizda guvoh boʻlgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Taniqli shoir va tarjimon Mark Strendning qoʻlida tahsil olayotgan paytimiz. Guruhimizdagi oʻrtamiyona ijodkor qiz ijodiy mashgʻulotlardan birida Anna Axmatovaga bagʻishlangan sheʼrini oʻqib qoldi. Sheʼr muallifning avvalgi shigʻirlaridan butkul farq qilardi. Hammamiz uni tabriklashga oshiqdik. Qizgina ushbu sheʼri sharofatidan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi, davlat granti gʻolibi boʻldi. Oradan bir necha oy oʻtib, unga omad eshiklarini lang ochib bergan oʻsha sheʼr britaniyalik shoir va tarjimon Donald Maykl Tomas qalamiga mansub ekanligi maʼlum boʻlib qoldi… Ishbilgich kursdoshimning keyingi taqdiridan bexabarman, ammo baʼzida undan otashin shoira chiqmasa ham, binoyidek ertakchi boʻlishi mumkin edi, deb oʻylab qolaman (Kattagina adabiy izdihomni laqqa tushirganini ayting). Oʻz iqtidoriga ishonmagani uchungina boshqa muallif sheʼrini uyalmay-netmay meniki dedimi, yo soʻz oʻgʻriligi unga qoʻndoqda tekkan dardmidi? Hali-hanuz shu bezovta savolga javob topolmayman. Oʻzim esa ustozimiz Mark Stendning qizgʻin mashgʻulotlarda bergan oʻgitiga amal qilaman: ijodkor qulogʻiga kirayotgan har bir soʻzni qayta-qayta taftish etishi, bu kalimaga avval boshqa biror qalamkash some boʻlmaganiga ishonch hosil qilishi kerak. Ayni paytda, haddan ziyod ehtiyotkor boʻlishi, soʻzlarni behuda boy bermasligi lozim, negaki, ularni shoirning qulogʻiga chinakam ilhom parisi shivirlab aytib turgan boʻlishi mumkin-da.

Dunyo miqyosida oʻquvchilar nisbatan joʻn va sodda asarlarga ruju qoʻyayotir (buni “fikriy yalqovlik” desak toʻgʻri boʻlar). Tezkor axborot asrida yashayotgan avlod Uilyam Folkner yoki Jeyms Joysning murakkab syujetli asarlariga bosh ogʻritgisi kelmaydi, buning oʻrniga sarguzashtnamo, hazmi yengil kitoblarni afzal biladi. Yuksak adabiyot namunalarining “xoslar” (tor oʻquvchilar) doirasida oʻqilishi tabiiymi?

Adabiyotning umrboqiy durdonalari omma koʻngilxushligiga xizmat qiluvchi yengil-yelpi asarlar bilan raqobatlasha olmaydi. Hech qachon. Unda Shekspir nega yetti yoshdan yetmish yoshgacha – keng omma mehrini qozongan, deb soʻrashingiz mumkin. Albatta, barcha qoidalarda boʻlganidek, bu oʻrinda ham istisno mavjud. Shekspir – daho ijodkor. Favqulodda qobiliyatli ijodkor oʻz asarlarini xalq ogʻzaki ijodi namunalari kabi jamiyatning turli qatlamlariga birdek sevimli qila biladi. Bugungi davrning yozuvchi-shoiri bahaybat ajdarho qarshisida yaroqsiz qolgan yalangtoʻsh pahlavonga oʻxshaydi: u toʻkis dov-dastgoh va ulkan qudratga ega koʻngilochar sanoatga qarshi noteng kurashga chiqqan. Lekin bu bellashuvda soʻz ahlining muqarrar magʻlubiyati haqida gapirishga hali erta. Rayner Mariya Rilke 1922 yili “Duin elegiyalari” toʻplamini nihoyati 250 adadda chop etdi. Bugun esa bu elegiyalar butun dunyoda sheʼr ixlosmandlarining qoʻlidan va tilidan tushmaydi.

Polyak shoirasi, Nobel mukofoti sovrindori Vislava Shimborskaya uch banddan iborat “Kim xush koʻrar ashʼorni?” sheʼrida poeziyaning inson hayotidagi oʻrnini tadqiq etadi. Muallifning aytishicha, nazm muhiblari koʻp ham emas, oz ham emas. Shoira sheʼriyat inson uchun suv va havodek zarur, deb hisoblashi diqqatga molik:

 

Sheʼriyat –

darvoqe, nadir sheʼriyat?

Umr boʻyi ne-ne vallomat zotlar

izladilar uning maʼnosin.

Aqli qosir odam toʻla anglolmas,

ammo

bilganim shul, suv, havo kabi

Udir – tiriklikning asl maʼvosi.

 

Men najotni ana shu jonbaxsh maʼvodan istash tarafdoriman.

“Amazon” virtual tizimi maʼlumotiga koʻra, Amerikada elektron kitoblar yumshoq muqovali kitoblardan koʻproq sotilmoqda ekan. Oʻquvchilar asarlarni Kindle, iPad va boshqa rider-planshetlar orqali oʻqishga odatlanmoqda. “Bosma kitoblar yoʻqolib, oʻz oʻrnini butunlay elektron kitoblarga boʻshatib beradi”, degan farazga qanday qaraysiz?

Bosma kitob jonu dilim. Harflar, sahifalar bilan tillashgandek boʻlaman, kitobni qoʻlga olib, uning iliq taftini, qogʻozning yoqimli hidini tuyaman. Ayni chogʻda, safarlarga chiqqanda Kindlemni ham qoʻldan qoʻymayman – yoʻl-yoʻlakay oʻqib ketishga rosa qulay-da. Menimcha, bosma kitoblar tarix mulkiga aylanmaydi. Toʻgʻri, raqamli texnologiyalar inqilobi mutolaa koʻnikmalarimizni ham oʻzgartirib yubordi. Lekin baribir ilgʻor texnologiyalar insoniyat hayotidan bosma kitobni siqib chiqarolmasligiga ishongim keladi. Kitobat sanʼati – insoniyatning olis tarixiga nisbatan yangi voqelik. Qogʻoz ixtiro qilinishi, xattotlikning rivojlanishi, bosma dastgohning oʻylab topilishi, umuman, kitobxonlik paydo boʻlishidan ilgari ham sheʼr va hikoyalar yaratilgan, ogʻizdan ogʻizga, eldan elga koʻchib yurgan. Insonning badiiy soʻzga ehtiyoji mavjud ekan, sheʼr va hikoyalar yaratilaveradi, qay yoʻl bilan boʻlmasin, oʻz oʻquvchisiga yetib boradi.

Buyuk adib Onore de Balzak qalam ahlini moddiy qoʻllab-quvvatlash haqida ham kuyunchaklik bilan yozgan. Turmush qiyinchiliklari jon-jonidan oʻtib ketgan adib “Goʻzal asarlarning hammasi farovonlik mevasi!” deb xitob qiladi. Dunyo bir kamligi rostdirki, ancha-muncha salaflarga ham farovon hayot nasib etmagan. Yozish ortidan roʻzgʻor tebratish professional yozuvchilikning belgilaridan biri sanaladi. Bugungi Amerikada faqat yozuvchilik ortidan kun koʻrish mumkinmi?

Amerikada juda kam sonli yozuvchilar (shoirlar bundan mustasno!) oʻz hunari ortidan tirikchilik qiladi. Aksar ijodkorlar esa kun koʻrish uchun boshqa kasb-kor bilan shugʻullanadi, ilmiy dargohlarda faoliyat olib boradi. Qolaversa, adabiyot va sanʼatning hotamtoy homiylari ham qarab turmaydi.

Rus adibi Nikolay Gogol umri oxirlarida koʻplab asarlarini yoqib yuborish kayfiyatiga tushib qolgan ekan. Lotin Amerikasining atoqli ijodkori Xorxe Luis Borxes ham intervyularidan birida barmoq bilan sanarli asarlarini olib qolib, boshqalarining bahridan oʻtish istagini bildirgan. Xayriyatki, bungacha har ikki ijodkorning asarlari jamoatchilik mulkiga aylanib boʻlgandi. Yana bir taskin shuki, Mixail Bulgakov lutf qilganidek, “Qoʻlyozmalar yonmaydi”. Oʻzidan qoniqmaslik hissi barcha ijodkorlarga xos tuygʻu. Sizda ham shunday kayfiyat boʻladimi?

Shunday kayfiyat boʻlmagan kun ham bormi, deb soʻrang! Oʻzidan qoniqmaslik, yozganlaridan koʻngli toʻlmaslik – ijodiy jarayonning ajralmas qismi. Qalam ahli bu rindona kayfiyatdan qochib qutulolmasa kerak.

“Newsweek” jurnali 2009 yili jahon adabiyotining 100 ta eng yaxshi kitobining roʻyxatini eʼlon qildi. Roʻyxat munozarali tuyulishi mumkin. Dastlabki beshtalikdan quyidagi asarlar oʻrin olgan: “Urush va tinchlik” (Lev Tolstoy), “1984” (Jorj Oruell), “Uliss” (Jeyms Joys), “Lolita” (Vladimir Nabokov), “Shovqin va gʻazab” (Uilyam Folkner). Yuqori beshtalikda sheʼriy kitob yoʻqligi adolatsizlik boʻlib tuyulmayaptimi? Sizga qolsa, dastlabki beshtalikka qaysi asarlarni kiritgan boʻlardingiz?

Matbuot nashrlari vaqti-vaqti bilan eng yaxshi kitoblar roʻyxatini eʼlon qilib turadi. Bunday reytinglar unutilayotgan kitoblarga omma eʼtiborini jalb etishi bilan ahamiyatli. Istaysizmi-yoʻqmi, har bir gazeta-jurnal adabiyotni oʻz qarichi bilan oʻlchaydi-da. Aslida-ku, siz sanab oʻtgan asarlar “Newsweek” (darvoqe, mazkur jurnal endi bosma nashr sifatida mavjud emas, hozir faqat veb varianti qolgan) munaqqidlarining maqtoviga qarab qolgani yoʻq, busiz ham ushbu kitoblar barcha zamonlarning shedevri boʻlib qolaveradi. Roʻyxat beshligida sheʼriy kitoblar yoʻqligiga kelsak, Uisten Xyu Oden yozganidek, poeziya baribir “koʻngil vodiysida jon saqlab qolajak”. Sheʼriyat – hayot deb atalgan ummon tubidagi sirli oqim. Odam farzandlari tuzadigan qandaydir roʻyxatlarsiz ham asl sheʼriyat umrboqiy boʻlib qolaveradi. Avvaldan aytib qoʻyay, mening beshtaligim ham doimiy emas, u ham ruhiy holatimga koʻra oʻzgarib turadi. Bugun, deylik, Homerning “Odisseya”, Prustning “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib”, Robert Muzilning “Odamlik siyogʻidan mahrum kishi”, Servantesning “Don Kixot” asarlari va Shekspirning istalgan pyesasini roʻyxatga kiritishim mumkin. Eʼtibor bering, “kiritishim mumkin” deyapman. Bir soatdan keyin mutlaqo boshqa asarlarni sanab qolishim ham hech gap emas-da.

Intervyularingizda shoir Iosif Brodskiyga shogird boʻlganingizni mamnuniyat bilan qayd etgansiz. Rus va ingliz tillarida bab-baravar ijod qilgan mazkur zullisonayn soʻz sanʼatkori oʻz davrida koʻplab qalam sohiblariga kuchli taʼsir koʻrsatgan, shunday emasmi? Ijodiy kamolotingizda Brodskiyning turgan oʻrni qanday deb oʻylaysiz?

– Brodskiyni qanchalik hurmat qilsam, undan shunchalik hayiqib ham turardim. Yigirma uch yashar paytim – mashgʻulotlarida eng yosh talaba cifatida qatnashardim. Yaxshimi-yomonmi, ustozning oʻgitlari va saboqlarini boshqalardan koʻra koʻproq oldim. Sheʼriyat Brodskiy uchun eʼtiqod darajasidagi muqaddas tushuncha edi. Men ham ana shu sehrli olamga oshufta boʻldim. Ustozning aqlni muttasil peshlash, izchil izlanish hamda shakl va mazmun mushtarakligiga erishish yoʻlidagi harakatlari meni hamisha hayratga solgan. Har hafta 100 satrdan sheʼr yodlab, sinovdan oʻtardik, endi oʻylab qarasam, bu nainki quvvayi hofiza uchun, balki sheʼriy didni shakllantirishga ham katta yordam bergan ekan. Ustoz Kavafis, Milosh, Herbert, Hardi, Oden singari shoirlar haqida yoniq ishtiyoq va donishmandlik bilan maʼruzalar oʻqir, oʻzidagi koʻtarinki ruhni bizlarga ham yuqtirardi. uning asarlari, xususan, prozasi oʻz ijod yoʻlimni topishimda yoʻlchi yulduz vazifasini bajargan. Hozir ham qoʻlimga qalam olganimda, uning hikmatlari qulogʻim ostida jaranglab turgandek boʻladi.

“Kitobni yoqishdan ham ogʻirroq gunohlar bor. Ulardan biri – oʻqimaslik” deydi Iosif Brodskiy. Atoqli oʻzbek yozuvchisi Asqad Muxtorda ham shunga hamohang fikr bor: “Kitob – boylik, lekin sotib olingani emas, oʻqilgani”. Qalam ahli uchun kitobxon talabi va didiga moslashish zarur, deb hisoblaysizmi? Oʻzingiz nima uchun yozasiz: koʻngil halovati uchunmi yo oʻquvchi orttirish uchunmi?

Men turli kayfiyatda qoʻlimga qalam olaman. Dafʼatan qilingan soʻz kashfiyoti yoki yombidek quyma topilmalar koʻnglimni yorishtirib yuboradi, yetmish ikki tomirimda favqulodda halovat tuyaman. Boz ustiga, ijod meni kitobxonga yaqinlashtiradi, asarlar vositasida oʻquvchi bilan fikr almashaman, muloqot qilaman. Ijod sururi degani ham aslida shu.

“Gʻoyib boʻlgan maʼbudni izlab” (Things of the Hidden God) asaringizda eʼtiqod masalasini koʻtargansiz. Kurrai arzda qiblasini yoʻqotgan, imondan mosuvo kimsalar koʻpayib borayotgani fikr ahlining kuchli xavotiriga sabab boʻlmoqda. Sizningcha, Xudoni tanishda sheʼriyatning oʻrni qanday? Aynan sheʼriyat haqida soʻrayotganim bejiz emas. Zero, Pushkin shoirni paygʻambar deb ulugʻlagan. Qolaversa, sheʼrning imon qoʻnimgohi sanalmish qalbga kuchli taʼsir etishi ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan.

Toʻgʻri sezibsiz, men bu asarda sheʼriyat va ibodat oʻrtasida mushtaraklik bor, degan qarashni ilgari surganman. Sheʼriyat ham, ibodat ham insonning ichki sezimlari bilan chambarchas bogʻliq. Bu mening shaxsiy qarashim, Amerika ilmiy va adabiy doiralari ham shunday fikrda degan daʼvodan yiroqman.

Olimlarning hisob-kitobiga qaraganda, insoniyat tarixida 5000 yil davomida 14500 atrofida urush boʻlgan, muhorabalarda 3,5 milliard odam qirilib ketgan. Urush sizni hamisha bezovta qilgan ogʻriqli mavzulardan sanaladi. Dovyurak qalamkash sifatida tahlikali 1992–1996 yillarda “porox solingan bochka” – Yugoslaviyaga safar qilgansiz. Qirgʻinbarot tufayli Bolqon xalqlari boshiga tushgan musibatlar haqida yozgansiz. Paradoksni koʻringki, insoniyat tafakkuri va axloqiy qarashlari yuksalgani sari, qirgʻin qurollari ham tobora dahshatli kuchga ega boʻlib bormoqda. Koʻzdagi yoshdek qalqib turgan jahonda ziddiyatlar oldini olishda adabiyotning oʻrni qanday boʻlmogʻi lozim? Umuman, bugungi adabiyot urushlarga qarshi turishga qodirmi?

Insoniyat tarixini urushlar tarixi, desa ham boʻladi. Asarlarimda odamzod sogʻlom tafakkur qilmas ekan, bir-biriga qurol oʻqtalish uchun sabablar har doim topilishi haqida yozganman. Bolqondan Afgʻonistonga qadar, Livandan Iroqqa qadar – qirgʻin maydonlarida koʻrgan-kechirganlarimni qogʻozga tushirarkanman, urushlarga butkul barham beraman, degan xomxayolda emas edim. (Koshki, asarlarimni oʻqib ahli harb qoʻlidagi zormonda qurolini tashlasa!). Shoir Zbignev Herbert “Qamaldagi shahardan xabar” sheʼrida shunday yozadi:

 

Qirchillama askardek qurol

tutishga yoʻl bermadi keksalik –

Shafqat qilib, topshirdilar

menga solnoma bitmoqni.

Bilmam, bundan kimga ne naf, lek

yozishga kirishdim qamal tarixin.

Xato qilmoq mumkin emas, ammo

bilmasman urush ibtidosini –

Ikki asr avval dekabr yo sentyabrda

boshlandimi, yoxud kuni kecha, Vovaylokim, vaqt sezgisidan

mosuvo boʻldik butkul, butunlay.

 

Nafsilamrini aytganda, koʻzini hoyu havaslar koʻr qilgan insonlarga soʻzi va sozi bilan vaqt sezgisini qaytarish – ijodkor zimmasidagi burch. Qildek nozik qalam zildek ogʻir zambarakdan qudratliroq.

Dovruqli kurashchi Martin Lyuter King notiqlik sanʼatining nodir namunasi deb tan olingan “Mening shunday orzum bor” nutqida Amerika jamiyatini isloh etish borasidagi nekbin istaklarini izhor qiladi. Siz-chi, nimalarni orzu qilasiz? Amerika jamiyatini qaysi illatlardan tozalashni istaysiz?

Mustaqillik deklaratsiyasi, Konstitutsiya, Huquqlar haqidagi bill, Qullikni bekor qilish toʻgʻrisidagi farmon – bular nafaqat mamlakat qonunchiligi poydevori, balki hurlik yoʻlidagi mayoq ham sanaladi. Linkoln, Kennedi, King, Obamaning tarixiy nutqlari, Emerson, Toro, Uitmen, Dikinson, Melvill, Hotorn, Po, Tven, Jeyms, Xeminguey, Fitsjerald, Paund, Eliot, Stivens, Mur va boshqa zamondosh yozuvchi-shoirlar ijodi ham jamiyatni toʻkis koʻrish istagi bilan yoʻgʻrilgan. Biz nomukammal jamiyatda hayot kechirmoqdamiz, bu esa siyosiy jarayonlarga taranglik va qizgʻin kurash tusini beradi. Butun umr eʼtiqodiga sodiq qolgan Martin Lyuter King “Koinotning mehvari – adolat, agar u poymol boʻlsa, Yer ham oʻz oʻqidan chiqib ketadi” deya bong urgandi. Ijodim bilan oz boʻlsa-da, adolatga xizmat qilish orzusidaman.

Qalam ahli hayratga moyil keladi. Bu tuygʻudan mahrum odam ijodkor boʻlolmasa ham kerak. Yurtimizdagi qaysi holatlar sizni hayratga soldi? Safar asnosida Sizni ilhomlantirgan, qoʻlga qalam olib, qogʻoz qoralashga undagan vaziyatlar ham boʻldimi? Oʻzbek adabiyoti xususida qanday xulosalarga keldingiz?

Cayohatimizning har bir lahzasi hayratangez kechdi, desam, gapimni mehmon mulozimatiga yoʻymassiz. Oftobning moʻl-koʻl nuri, benazir tabiat manzaralari, milliy taomlar va kiyimlar – hamma narsa menga qiziqarli va jozibali koʻrindi. Hozircha Oʻzbekistonga safarimiz haqida “WhitmanWeb” hamda “Orion” elektron jurnallariga maqolalar yozdim, sheʼrlar qoraladim. Yondaftarimdagi qaydlar yana ul-bul qoralamalarga xamirturush boʻlar. Adabiy anʼanalaringiz bilan yaqindan tanishay, oʻrganay, keyin xulosa aytsam yarashadi.

Oʻzbekistonga ilk safar payti jurnalistlar bilan uchrashgandingiz. Oʻsha muloqotda oʻzbek adabiyoti – Amerika oʻquvchisi uchun terra incognita (nomaʼlum hudud) degandingiz. Xalqlarimiz oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirish, ikki adabiyot vakillarini bir-biriga tanitish, nomaʼlum hududni kashf etish uchun yana nimalar qilish kerak, deb oʻylaysiz?

Avvalo, Oʻzbekistonda ham, Amerikada ham badiiy tarjimani yanada jonlantirish lozim. Oʻzaro almashuv dasturlaridan samarali foydalanish kerak. Qalam ahli bir-birini yaqindan tanimogʻi uchun yuzma-yuz uchrashuvlarni koʻpaytirish, masofaviy muloqotni kuchaytirish maqsadga muvofiq, deb bilaman.

Siz rahbarlik qilayotgan Xalqaro badiiy ijod dasturi (International Writing Program) dunyo adiblariga oʻzaro tajriba va fikr almashish imkonini bermoqda. Bilishimcha, Nobel mukofoti sohiblari Oʻrxon Pamuq va Mo Yan ham dasturingiz mehmoni boʻlgan. Hozirgacha dasturga toʻrt nafar oʻzbekistonlik ijodkor ham taklif etildi. Kelgusida loyihada yurtimiz ijodkorlarining qatnashish imkoniyati qanday?

– Xalqaro badiiy ijod dasturi doirasida Ayova universiteti dunyoning turli davlatlaridan keladigan yozuvchi-shoirlarni oʻz bagʻriga oladi. 1967 yildan beri madaniyatlararo robitani kuchaytirishga xizmat qilayotgan ushbu dastur boʻyicha 140 dan ortiq mamlakatdan 1400 nafardan ziyod yozuvchi Ayovada yashab ijod qildi. AQSH Davlat departamenti qirq yildan buyon xalqaro dasturni moliyaviy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ijodiy loyiha uchun, shu bilan birga, hamkor mamlakatlar madaniyat vazirliklari, davlat va nodavlat tashkilotlari, xususiy jamgʻarmalar va donorlar tomonidan mablagʻ ajratiladi. Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlaridan koʻproq yozuvchilarni taklif etish maqsadida moliyaviy manbalar qidirmoqdamiz. Ijodiy hamkorlik borasidagi takliflarga muntazirmiz. Qalam ahli oʻrtasida muloqotni jonlantirish, doʻstlikni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz yangi bosqichga chiqishiga ishonaman.

 

Sobirjon YOQUBOV suhbatlashdi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/hayot/suhbat/ijod-va-etiqod/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x