Homiladorlikning so‘ngi davri

Ko‘pi o‘tib, ozi qoldi. Tez orada siz bo‘lajak ona maqomini ortda qoldirib, ONAga aylanasiz! Vujudingizda urib turgan jajji yurakcha ham siz bilan uchrashishni intiqlik bilan kutmoqda. Vaqti soati yetib, kichkintoyingizni, albatta, qo‘lingizga olasiz. Ungacha esa 12 haftani birgalikda bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Onalik baxti ostonasidasiz…

Homiladorlikning 28 haftasiga qadar yuragingiz ostida paydo bo‘lgan yangi hayotni “homila” deb atashgan bo‘lsa, endi u bola maqomini oladi. Bachadon hajmi kattalasha boshlaydi, bola ham tinim bilmay o‘sadi. Yotganingizda yoki o‘tirganingizda nafas qisishi kabi noqulayliklar tabiiy sanaladi. Bachadon kattalashgani hisobiga oshqozon hajmi kichraygani bois kam-kamdan tez-tez ovqatlaning. Bir sutka davomida bachadonda taxminan 10 martagacha qisqarishlar kuzatilishi mumkin, bu organizm tug‘ruq jarayoniga tayyorlanayotganidan darak beradi. Tug‘ruq kunidan ikki hafta ilgari bolaning boshi kichik tos qismiga joylashadi, shu sababli qorin ham pastga tushgandek ko‘rinadi. Bu esa o‘z navbatida, ayolning kichik hojatga chiqish ehtiyojini oshiradi.

Nazoratga oling!

Homiladorlikning so‘nggi uch oyligida bo‘lajak ona o‘z vaznini qat’iy nazoratga olishi darkor. Kun davomida homilador ayol 50 gr., haftasiga taxminan 300 gr. vazn yig‘ishi normal sanaladi. Sutkasiga 1,5 litrdan ko‘p suyuqlik ichmaslik (sho‘rva, choy, sut va mevalar ham shu hisobga kiradi) tavsiya etiladi. Sho‘r, dudlangan, qovurilgan mahsulotlarni butunlay cheklang. Shuningdek, ichgan suyuqligingiz miqdoriga teng ravishda peshob ajralayaptimi, yo‘qmi uni ham kuzatish yodingizdan chiqmasin. Peshobning miqdori kam bo‘lsa, albatta, shifokorga uchrashing.

Nimalar qilinadi?

Bo‘lajak ona ishlasa, oilaviy poliklinikasi tomonidan homiladorligining

30-haftasida tug‘ruqqacha ta’tilga yo‘llanma taqdim etiladi. Bu yo‘llanmaga asosan, homilador ayolga ishxonasidan ko‘zi yorigunga qadar 70 kalendar kuni hamda tug‘ruqdan so‘ng 56 kalendar kuni (tug‘ish jarayoni qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda 70 kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ruq ta’tillari beriladi. Shuningdek, ginekolog shifokor ayolga almashinuv varaqasini beradi, unga ayolning boshdan kechirgan xastaliklari, homiladorlik va uning qanday o‘tgani, tahlillar haqida ma’lumotlar kiritiladi.

Befarq bo‘lmang!

  • Oyoq, qo‘l, qorin va yuzdagi shishlar — tanada ortiqcha suyuqlik yig‘ilib qolganidan darak. Agar vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tilmasa, asoratlari og‘ir bo‘lishi mumkin. Natijada, peshobdan oqsil ajralishi, qon bosimining oshishi kabi noxush holatlar vujudga kelishi ehtimoli bor.
  • Qonli ajralmalar — yo‘ldoshning ko‘chganda yoki muddatidan avvalgi tug‘ruqda kuzatiladi. Bu holatda “Tez yordam” chaqiring.
  • Qorindagi og‘riq — qulay holatda yoting, tinchlaning. Agar og‘riq 2-3 daqiqadan so‘ng o‘tib ketsa, bu yolg‘on dard bo‘ladi. Aksincha, og‘riq zo‘raysa, shifokor huzuriga boring.
  • Bola qimirlamay qo‘ysa — ginekolog ko‘rigidan o‘ting, UTT qildiring.
  • Oyoq og‘risa, vena tomirlari shishsa — bu vena qon tomirlarining kengayishi hisobiga bo‘ladi. Ayni holatda kamroq yurish, yonboshlab yotish, kuniga ikki marta oyoqlarni tanadan yuqori qo‘yib yotish tavsiya etiladi.

Ekspert: Zumrad SOBIROVA, ginekolog.
Jurnalist: Dilnoza MIRTOLIPOVA.
Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x