Birinchi farzandimni dunyoga keltirish arafasidaman. Hozir homiladorligimning oxirgi oyi. Quvonchimning cheki yo‘q. Biroq meni bavosil kasalligi juda qiynamoqda. Hojatga chiqsam, bavosil tugunlari tashqariga chiqib qoladi va qonaydi. Menga maslahat bering.
Homiladorlik davrida ham bavosil kasalligiga shifo topsa bo‘ladi. Bavosil kasalligini davolashda e’tiborni bu kasallikning asoratlari – bavosil tugunlari trombozi, bavosil tugunlari yallig‘lanishining oldini olishga qaratish lozim. Kasallikni davolashda gigiyena qoidalariga e’tibor berish kerak. Bavosil tugunlarini jarohatlab qo‘ymaslik uchun qattiq, sifatsiz hojatxona qog‘ozidan foydalanmang. Har safar hojatga chiqqandan so‘ng orqa a’zoni sovuq suvda yuving (Juda sovuq bo‘lmasin!). Shuningdek, bavosil tugunlarining so‘rilishiga yordam beruvchi turli shamchalardan foydalansangiz ham bo‘ladi. Vannalar ham bavosil kasalligida yaxshi yordam beradi. Tug‘ruqdan so‘ng shifokor bilan maslahatlashgan holda davolanishga jiddiy kirishing.
Ekspert: Shaxlo Rustamova, shifokor.
Manba: “Darakchi” gazetasi.