Homiladorlik muammolarining tabiiy yechimi

Hozir nozik palladasiz, sizning holatingizda arzimagan og‘riqqa ham dori qutini kavlayverish yaramaydi. Axir bu bo‘lajak farzandingizga ham, o‘zingizga ham ziyon keltirishi mumkin. Kimyoviy dorilar o‘rniga qanday tabiiy mahsulotlardan foydalanish mumkin? Bu haqida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori o‘rinbosari Zulfiya NE’MATOVA “Darakchi” gazetasiga ma’lumot beradi. Quyida ushbu ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Homiladorlik muammolari

Birinchi uch oylikda

Homila rivojlanishining birinchi uch oyligida miya, umurtqa, yurak va qon aylanish tizimi shakllanadi. Shu sababdan asosiy urg‘uni oqsilga boy mahsulotlarga qaratish maqsadga muvofiqdir. Ayol tanasi og‘irligining har bir kilogrammi uchun kuniga 1,5 gramm oqsil iste’mol qilishi lozim. Bu davrda organizm talabiga ko‘ra achchiq va sho‘r taomlardan ham tanovvul qilish mumkin. Bo‘lajak ona yangi gormonal rejimga o‘rganish vaqtida aynan achchiq va sho‘r mahsulotlarga ehtiyoj sezadi.

Teri elastikligini oshirish uchun

Tobora vazni ortib borayotgan kichkintoyni “ko‘tarib yurish” uchun teri cho‘ziluvchanligini ta’minlash juda muhim. Demak, taomnomangizdan turli ko‘katlar va baliq mahsulotlariga ko‘proq joy ajratishingiz lozim. Sabzavotli salatlarga zaytun moyini, mevalilariga esa yog‘siz smetana yoki yogurt aralashtirib, yesangiz tarkibidagi darmondorilar tanaga tezroq singadi. Terida turli muammolar paydo bo‘lishini oldini olish maqsadida mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, maxsus kremlardan ham foydalanishingiz mumkin.

Toksikozdan cho‘chimang!

Toksikoz hazm jaryoni, moddalar almashinuvi, gormonlar metobolizmi va fermentlar tizimining buzilishga sabab bo‘lishi hech gap emas. Holatingizni nazorat qilib turish uchun oz-ozdan tez-tez tanovul qiling. Toksikozni boshidan kechirayotgan ayollarning ko‘pchiligi qatiq va tabiiy yogurtni muammosiz iste’mol qilishlari ko‘p bora kuzatiladi. Shuning uchun ichaklar mikroflorasini yaxshilash va hazm jarayonini normallashtirish uchun bu maxsulotlar, albatta, taomnomangizda bo‘lishi kerak. Vaqtinchalik bo‘lsada, yog‘li va xamirli taomlardan voz kechishga harakat qiling.

Ikkinchi uch oylikda

Homila kattalashgani sari onaning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib boradi. Endi oqsilni har bir kilogramm vaznga 2 grammdan yetkazish kerak. Kalsiy, fosfor, A va D darmondorilari bolaning suyaklari, terisi va ko‘zlari yaxshi rivojlanishi uchun zarur.

Vaznning ortishiga yo‘l qo‘ymang!

Jadallik bilan vazn to‘playapsizmi? Shifokorga ko‘rinib, buning xavotirli yeri yo‘qligiga yana bir bor amin bo‘ling. Agar homiladorlikdan avval vazningiz me’yordan ortiq bo‘lsa, yegulik tanovvulida biroz cheklanishga to‘g‘ri keladi. Ammo kuniga besh mahal oz-ozdan ovqatlanishni kanda qilmang. Foydali va yengil hazm bo‘ladigan taomlarni ratsioningizga kiriting.

Jig‘ildon qaynaganda…

Jig‘ildon qaynashining oldini olish uchun taomlarni yaxshilab chaynab iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uyquga ketishdan avval taomlanmang, ovqatdan keyin, albatta, sayrga chiqing. Shunda ham jig‘ildoningiz bezovta qilsa gazsiz ma’danli suv, qizil sabzili salat, bir piyola sut va banan joningizga oro bo‘ladi.

Uchinchi uch oylikda

Homiladorlikning oxirgi uch oyligida bo‘lajak ona o‘z organizmini farzandni dunyoga keltirishga tayyorlashi zarur. Buning uchun tarkibida ko‘p miqdorda xolesterin bo‘lgan tuxum va hayvon yog‘larini cheklagan ma’qul.

Qorin dam bo‘lsa…

Yodingizda saqlang: qorin dam bo‘lishining oldini olishda meva va sabzavotlar, to‘g‘rirog‘i ular tarkibidagi kletchatka katta yordam beradi. Shuningdek, qora non, sut mahsulotlari, qizil lavlagili salatlar, olxo‘ri mevasidan tez-tez tanavvul qilib turish qoringa gaz yig‘ilishini bartaraf etadi. Imkon qadar yengil jismoniy harakatlarni bajarib tursangiz, ichaklar faoliyati yaxshilanadi.

Shishlar bo‘lmasligi uchun…

Birinchi navbatda tuz iste’molini chegaralang. Chunki tanada suv yig‘ilishining asosiy sabablaridan biri ham aynan shu omildir. Shuningdek, turli shirin gazlangan suvlar shishlarni keltirib chiqargani tufayli ulardan ham voz kechish darkor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x