Homila tushishi belgilari, sabablari, bartaraf qilish va oldini olish choralari

Bu mavzu yuzasidan suhbat qurishni ko‘pchilik ayollar yoqtirmaydi, uning o‘rniga jimgina yostiqqa bosh qo‘yib yig‘lash afzalroqdek. Unutmang, homila nobud bo‘ldi degani hayot tugagani bilan barobar emas… To‘g‘ri, gapirish osondir, biroq kelgusi safar hammasi yaxshi bo‘lishiga ishoning! Bu sizni yupatish uchun taskin so‘zlari emas, balki statistika!

Tabiiy tanlanish

Ba’zan tabiatning o‘zi tug‘ma nuqson va rivojlanishdan ortda qolayotgan homilani yashab ketishga qodir emasligini bilgan holda organizmdan itarib tashlashga urinadi.

Hayotiy voqea

homila tushishi sabablari

Yaqin tanishlarimdan biri 8 haftalik homiladorlik davrida bolasidan ayrilib qolgandi. O‘sha vaqtda u endigina 26 yoshda edi. Shifokorlar ko‘rigidan o‘tganida homila tushishiga gormonal fonning o‘zgarishi sabab bo‘lgan deya tashxis qo‘yildi. Yillar davomida bor umidi va topgan-tutganini sarflab, faqat davolandi. Ammo doim asabiy va ruhiy tushkun holatda yurardi. Hayriyatki, 15 yil o‘tib, 41 yoshida pahlavondek (chaqaloqning vazni 4,1 kilogramm edi) o‘g‘illi bo‘ldi. Bu vaqt orasida eri bilan qilmagan chorasi qolmagandi.

Gormonal fon qachon tiklanadi?

Homila nobud bo‘lgach, ikkinchi marta yana bu baxtni tuyish uchun uzoq vaqt kutish shart emas! Chunki homiladorlik muddatiga yetmay tugagach ayol organizmidagi gormonal o‘zgarishlarni ko‘pi bilan bir yil ichida to‘g‘irlash imkoni borligini istalgan shifokor ginekolog tasdiqlay oladi. Gormonlar ishlab chiqarilishi miya bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun har qancha dori ichilsa ham, ayolning ruhiyatida qo‘rquv va havotir bo‘lsa, hech bir davo ijobiy ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Homilador bo‘lishga shoshilmang!

homila tushishi haqida, xomila tushishi

Homila tushishi kuzatilgan ayollarning ayrimlari esa tezroq yana homilador bo‘lish uchun shoshadi. Ba’zan esa homilador bo‘lishning uddasidan chiqishsa ham, ko‘p hollarda uni saqlab qolish qo‘llaridan kelmaydi. Chunki nihoyaga yetmagan homiladorlik gormonal fonning buzilishiga sabab bo‘ladi. Organizm o‘zini tiklashga ulgurmasdan turib, yana onalikka da’vogarlik qila olmaydi. Ayolning holatiga ko‘ra shifokor homiladorlikdan saqlovchi gormonal tabletkalar buyurishi mumkin. Ular homiladorlikdan saqlash bilan birga, gormonal o‘zgarishlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yarim yil davomida homiladorlikdan saqlanish shart! Kontratsepsiya vositasi yoki usulini ginekolog shifokor tavsiyasiga ko‘ra tanlagan ma’qul.

Homila tushishiga sabablar

Bola tushishi homiladorlikning qaysi davrida yuz berganiga qarab sabablar bir-biridan farq qiladi, ba’zan o‘xshash holatlar ham kuzatiladi. Asosiysi, sizda bu holat nima tufayli yuz berganini aniqlashdir.

Homiladorlikning 6 haftasigacha homila tushishi

Bu davrda homila tushishi sabablari noma’lum bo‘lishi mumkin. Chunki ayolda hech qanday kasalliklar aniqlanmaydi. Homiladorlik yuz bergan davrda ayol dori qabul qilgan, xastalangan yoki erkak spirtli ichimlik iste’mol qilgan, tamaki chekkan bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi homilaga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta.

Homiladorlikning erta davrida nobud bo‘lgan embrionlarning 70 foiziga genetik buzilishlar sabab bo‘ladi. Genetik o‘zgarishlar odatda ota-onadan, yoki ularning genlari yaxshi birikmaganidan yuzaga keladi. Xromosomalarida nuqsonlar kuzatilgan homila keyinchalik nogiron yoki irsiy kasalliklar bilan tug‘ilish ehtimoli bo‘ladi. Bunda o‘ziga xos tabiiy tanlov yuz berib, tabiat nuqsonli go‘dak dunyoga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Homiladorlikning 6 – 12 haftasi ichida homila tushishi

Endokrin buzilishlar — ayol organizmida erkaklarga xos jinsiy gormonlarning haddan oshiqligi, ayollar jinsiy gormonining yetishmasligi, qalqonsimon bez faoliyatidagi o‘zgarishlar sanaladi. Odatda sanab o‘tilganlarning barchasi homiladorlik yuz berishiga to‘sqinlik qiladi, lekin mo‘jiza yuz berib, homiladorlik kuzatilsa, embrion kerakli darajada bachadon ichida o‘rnashib ololmasligi mumkin. Bundan tashqari, bachadon ichi tonusi oshib, homilani tashqariga itarilishi holati ham yuz berishi ehtimoldan holi emas.

Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar ham homilaning tushishiga sabab bo‘ladi.

homila tushishi

Homiladorlik davridagi turli kasalliklar — oddiygina shamollashdan tortib salmonellezgacha homilaning nuqsonli bo‘lishiga olib kelish ehtimoli borligi uchun tabiatning o‘zi bu ishni hal etadi.

  • Bachadon yallig‘lanishi — grippangina kabi kasalliklarning asorati, ginekologik xastaliklar va abortlar ham homila rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
  • Immun tizimi — odatda qoni manfiy rezus omilli bo‘lgan ayollarda homiladorlik davrida qon tarkibida embrionga qarshi antitanachalar paydo bo‘lib, bolani organizmdan chiqarib tashlashga intiladi. Biroq bu holatni oldindan bilish mumkinligi sabab, rezus omili manfiy ayollarga homiladorlik davrida qo‘llab-quvvatlaydigan dori-darmonlardan yordamida farzandni eson-omon dunyoga keltirish imkoniyati mavjud.
  • Anotomik nuqsonlar — bachadon rivojlanishdan ortda qolishi yoki tug‘ma nuqsonlar homilador bo‘lishga imkon bermaydi, bu baxt yuz bersada, saqlab qolishda katta to‘sqinlikni yuzaga keltirishi mumkin.

Homiladorlikning 12 – 22 haftasi ichida homila tushishi

Homilaning bu davrda nobud bo‘lishining sabablari erta davrnikidan deyarli farq qilmaydi. Biroq bu haftalarda ko‘pincha bachadon bo‘yni zaifligi tufayli rivojlanayotgan, kattalashgan homilani ushlab qololmay, tushirib qo‘yadi. Homiladorlik davomida muntazam shifokor ko‘rigidan o‘tib yurgan ayolda bu kabi holat yuz bersa, jarrohlik amaliyoti yordamida tug‘ish vaqtiga qadar bachadon bo‘ynini “yopib” qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Bu esa homilani saqlab qolish demakdir.

Homiladorlikning 22 haftasidan so‘ng homila tushishi

Bu vaqtga kelib, shifokorlar homila nobud bo‘lishi haqida emas, balki erta tug‘ruq jarayoni borasida bosh qotira boshlashadi. Odatda, 28 haftadan o‘tib tug‘ilgan go‘daklarning yashab ketish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Hushyor bo‘ling!

Shifokorga murojaat qiling:

  • Ko‘krak bezlari kattalashishidan to‘xtasa;
  • qonli ajralmalar kela boshlasa;
  • homila qimirlashi kuzatilmasa;
  • ayol ko‘ngil aynish va uyqusirashni sezmasa.

Aniq tashhis homilador ayol vaginal hamda ultra tovush tekshiruvidan o‘tkazilganidan keyin qo‘yiladi.

Endi nima bo‘ladi?

Ba’zan organizm rivojlanishdan to‘xtagan homilani chiqarib tashlaydi, ya’ni bola tushishi sodir bo‘ladi. Bu qanchalik mantiqqa to‘g‘ri kelmasin, lekin ayol uchun bu ijobiy yakun hisoblanadi. Homila bachadonda qolganida esa tibbiy yordamga zarurat tug‘iladi.

Shifokor bachadon qisqarishini keltirib chiqaruvchi maxsus preparatlarni tayinlashi va homilaning sun’iy tug‘ilishini ta’minlaydi. Bunda tibbiy yordam qanchalik tez ko‘rsatilsa, shunchalik yaxshi. Agar halok bo‘lgan homila bachadonda 6-7 hafta qolib ketsa, bu tomir ichida disseminirlangan qon quyulishi rivojlanadi. Ya’ni qon o‘zining quyulish xususiyatini yo‘qotib, qon ketish xavfini oshiradi.

Hozirda shifokorlar bachadon qisqarishini yuzaga keltiruvchi dori-darmonlar qabul qilish bilan homilani sun’iy tug‘dirib olishni eng samarali usullardan deb hisoblashadi. Ba’zan tezda chora ko‘rish talab etiladigan vaziyatlarda bachadonni jarrohlik yo‘li bilan tozalash mumkin. Bachadon ichki a’zo hisoblangani uchun shifokor jarrohlik amaliyotini o‘z sezgisiga tayangan holda amalga oshiradi. Nobud bo‘lgan homilaning to‘qimalari gistologik va sitogenetik tekshiruvga yuboriladi.

Xavotir

Jarrohlik amaliyoti asoratsiz o‘tishi uchun muolaja davomida yoki undan so‘ng UTTda ayolning bachadoni ko‘riladi. Bu amaliyotlardan so‘ng ayolga yotoq tartibiga amal qilish hamda vitaminlar, antibiotiklar va gormonal dorilar bilan davolanish buyuriladi. 2 haftadan so‘ng qayta UTT o‘tkazilib, bachadonning qisqarish jarayoni kuzatiladi.

Insondan inson yaralishi MO‘JIZA. Umid va ishonch bilan siz uchun atalgan hayotning ulkan tuhfasini kutishdan charchamang!

Homiladorlikda kuzatilib, homilaga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillar haqida MANA BU YERDAN ma’lumot olishingiz mumkin.

Muallif: Muyassar NAZIROVA, tibbiyot fanlari nomzodi, akusher-ginekolog.

Jurnalist: Dilnoza MIRTOLIPOVA.

Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x