Hikoyalarda hayot va xayol haqiqati

(2010 yil hikoyalariga bir nazar)

 

Badiiy adabiyotda har qaysi janr oʻz oʻrni, fayzi, ahamiyatiga ega. Lekin, hikoya janriga xos boʻlgan imkoniyatlar tufayli hamisha u nisbatan koʻp yaratiladi, koʻp eʼlon qilinadi, binobarin, har bir milliy adabiyotning oʻziga xos kundalik nafasi, qadam olishi, mavqei hikoyada koʻproq namoyon boʻladi.

Hikoya nisbatan ixcham va “tezpishar” janr hisoblansa-da, uning imkoniyatlari keng. Teatrning moʻjaz sahnasi yoxud gazeta-jurnalning kichkina sahifasi butun dunyoni oʻzida jo etish imkoniga ega boʻlganidek, hikoyada ham istalgan mavzuni istalgan qamrovda, istalgan murakkablikda tasvirlash mumkin. Faqat bu muallifning mahoratiga bogʻliq, yaʼni, u har bir hikoyaning oʻz makoni, oʻz zamoni, oʻz badiiy realligini yarata bildimi, mazkur reallikka mos tasvir uslubi, tili, ohangi, oʻziga xos obrazlar silsilasini topdimi yoxud?..

Rustam shaharda tugʻilgan, shu yerda voyaga yetgan. Tabiat va hayvonot dunyosini koʻpda farqlamaydi ham. U oʻz xonasida, koʻpdan buyon yigʻib yurgan bisotidan chiqqan plakat – suratni qirqib devorga ilib qoʻyadi. Xayolga toladi. “Oradan oz vaqt oʻtdimi, koʻpmi, bexosdan nazarida bir narsa yerga toʻp etib tushgandek boʻldi”. Rustam bosh koʻtarib qarasa, suratdagi yoʻlbars mushukka oʻxshab yerda yotibdi!

Omon Muxtorning “Suratdagi yoʻlbars” hikoyasidagi (“Yoshlik”, 8-son) bu tasvir oʻquvchini ajablantirmaydi, hatto suratdan tushgan yoʻlbarsning odamga oʻxshab tilga kirishi, hatto kun boʻyi shahar aylanib qaytgach, “lip” etib suratdagi joyiga chiqib olgani ham ishonarli. Chunki hikoyada ushbu gʻayritabiiy holatning badiiy asosi yaratilgan, shuning hisobiga noreal manzaralar oʻquvchining shuurida bamisoli real voqelik manzaralari singari davom etadi. Hikoya muallifining professional mahorati ham, birinchi navbatda, shunda koʻrinadi.

Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba” (“Sharq yulduzi”, 1-son), Isajon Sultonning “Qismat” (“Sharq yulduzi”, 2-son), Shomirza Turdimovning “Sirtlon” (“Sharq yulduzi”, 5-son) va Habibillo Haydarning “Qor elagan kun” (“Sharq yulduzi”, 4-son) hikoyalarida ham asar uchun ochilgan “qoʻriq” – zamon, makon hamda oʻsha maydonda tasvirlanayotgan reallik oʻzida hayotiy va xayoliy haqiqatlarni uygʻun bir holatda mujassam etgani bilan ajralib turadi. “Etakdagi kulba”da esa butun bir qishloq ahlini komiga yutgan ruhiy parokandalik va uning zidi boʻlmish mubham ruhiy sokinlik oʻquvchining koʻz oʻngida ajabtovur zalvorli manzarani gavdalantiradi. “Qismat” va “Sirtlon”da esa asosan yakka shaxs – qahramon ruhiyatidagi evrilishlar iztirobi tasvirlansa, “Qor elagan kun”da bir oila aʼzolarini muztar ahvolga solgan holat qalamga olinadi.

Nomlari tilga olingan hikoyalar oʻtgan 2010 yil hikoyanavisligimizda hajman xiyla moʻjaz, shunday esa-da, ruhiy holat tasviridagi kenglik, psixologik taranglik va maʼnodorlik, ayni chogʻda, oʻquvchini faol mutolaaga chorlovchi jozibadorlik oʻziga xos tendensiya tusini olganligidan dalolat beradi.

Hikoyaning mavzu, niyat, gʻoya, konflikt va hokazo badiiy unsurlar koʻtara olgan hajmda tugallanishi ham ijodiy mahorat belgilaridan hisoblanadi. Yaʼni, muallif hikoya hajmini his etganmi yoki yoʻqmi, darhol seziladi. Qisqa, lekin toʻmtoq va chala taassurot qoldiradigan hikoyalar boʻlganidek, sunʼiy ravishda choʻzilib ketgan, oʻz “jussasi”ni koʻtara olmaganlari ham uchraydi. Ammo-lekin batafsil tasvirga asoslangan, mumtoz musiqa ohanglari yangligʻ vazmin tasvir maromi saqlangan hikoyalarning taʼsiri baayni oʻquvchini sehrlovchi qudratga ega boʻladi. Ahmad Aʼzamning “Tugmachagul” (“Yoshlik”, 5-son), Asad Dilmurodning “Xayol choʻgʻlanishi” (“Yoshlik”, 10-son), Gʻulom Karimiyning “Koʻragon” (“Yoshlik”, 12-son) hikoyalari mana shunday asarlar sifatida hikoyachiligimizda alohida sahifa deyish mumkin.

Ramz, timsol, majoz har qanday badiiy asarning, umuman, badiiy tafakkurning koʻrki, bezagi, jilosi sifatida qadrlanadi. Mahorat bilan yaratilgan hikoyalarning aksariyatida bu kabi badiiylik unsurlarining turfa “qiyofa”larini koʻramiz. Yaxshi topilgan bitta ramz asosiga qurilgan hikoyalar ham bor. “Suratdagi yoʻlbars”da yoʻlbars, “Qor elagan kun”da darvozaning qayta-qayta sirli taqirlashi, Ulugʻbek Hamdamning “Musulmon”ida (“Yoshlik”, 9-son) qahramonlardan birining boshi uzra koʻrinib-koʻrinmayotgan qush hikoyaning maʼno-mazmun yukini koʻtargan.

Oʻtgan yilda yaratilgan bir qator hikoyalarda ayol siymosi oʻziga xos bokiralik, gʻurur, goʻzallik timsoli sifatida kuylangan desak yanglishmaymiz. Nabi Jaloliddinning bayon uslubiga vazminlik va batafsillik xos, bunday xoslik uning “Ayol”idagi (“Yoshlik”, 8-son) sadoqat va ayollik nafsoniyati timsolini sokin dramatizm orqali koʻrsatishda qoʻl kelgan. Zulfiya Qurolboy qizining “Ayol”ida esa (“OʻzAS”, 14 may) ayol kishi chuqur hamdardlik, munislik va bemisl matonat sohibasi maqomiga koʻtariladi. Hamid Elxonning “Ayol va ilon” hikoyasida (“Yoshlik”, 10-son) ayolning, aniqrogʻi, ayol vujudidagi pinhon qudratning favqulodda moʻjizalarga qodirligi oʻxshatib tasvirlangan. Ayni chogʻda, ayolga qilingan xiyonat, nokaslik Abdunabi Hamro “Qirq yillik qasos” hikoyasida (“Yoshlik”, 11-son) tasvirlangani kabi insonni umrining oxiriga qadar taʼqib etishi ham hech gap emas.

Adabiyotda tarixiy voqelikning badiiy talqinini yaratishda katta tajriba va anʼanalar mavjud. Tarixdan hikoya qilishga jazm etgan adib oldida bir qator shart – amallar koʻndalang boʻladi. Avvalo, tarixiy hiqiqatni buzmaslik, ikkinchidan esa, muhimi – oʻsha tarixiy voqelikni badiiy haqiqat darajasiga olib chiqish. Gʻulom Karimiyning “Koʻragon” hikoyasida Amir Temurning Saroymulkxonim bilan tanishuvi va unga uylanish voqealari qalamga olingan boʻlsa, Durbek Qoʻldoshevning “Shikor” hikoyasida (“Sharq yulduzi”, 6-son) Bobur Mirzoning 11-12 yoshlik chogʻidagi ov sarguzashtlari tasvirlanadi. Risolat Haydarovaning “Uchinchi bashorat” hikoyasining (“Sharq yulduzi”, 4-son) fabulasi Mirzo Ulugʻbekning chigal va fojiali qismati bashorat etilishi asosiga qurilgan. Taʼkidlash joizki, adiba topgan favqulodda hayajonli syujet zanjiri ishonarli badiiy toʻqima iplari bilan chatishib ketgan.

Ayrim hikoyalarda uchraydigan oʻxshatib topilgan bir ogʻiz jumla, tesha tegmagan detal yoki tasvir taʼbir joiz boʻlsa, bir jumla kayfiyati oʻquvchining diqqatini tortadi, uning xotirasiga muhrlanib qoladi, badiiy soʻzning qudrati, moʻjizasini namoyon etadi. Uygʻun Roʻziyevning professionallik nuqtai nazaridan bir qadar zaif chiqqan “Robiya” hikoyasining (“Yoshlik”, 7-son) qahramoni oʻn besh yil bir yostiqqa bosh qoʻygan turmush oʻrtogʻi bilan shu qadar sadoqatli hayot kechirganki, taqdir ularga farzand koʻrishni ravo koʻrmagan esa-da, biron marta eri, “ket” demadi, Robiya “ketaman” demadi. Jumlaning oʻzida bu oila aʼzolarining achchiq qismatlariga tengma-teng qudratga ega boʻlgan sadoqat, mehr-oqibat, muhabbat mujassam. Shunga oʻxshash holat Oʻktam Mirzayorning “Or” sarlavhali hikoyasida (“OʻzAS”, 16 aprel) uchraydi. Unda shahardan qishlogʻiga kelgan martabali mehmon qarovsiz qolgan qabristonga kirib, ishga kirishib ketadi – hammayoqni tartibga sola boshlaydi, tozalaydi. Odamlar hayron boʻlayotganini koʻrgan mehmonning, “Hamma qabrlar tozalanishi kerak, bu yerda begona qabr yoʻq”, degan soʻzlari xalqimiz tabiatidagi sof milliy gumanizm “surati”ni chizgandek taassurot qoldiradi.

Bahodir Qobulning “Oq kamar” hikoyasi (“OʻzAS”, 2 aprel) shamolning rubobiy tasviri bilan boshlanadi. Bamisoli shamol moddiylashadi, shabada koʻz oldingizdan suzib oʻtadi. Tasvirga monand ohang oʻquvchining kayfiyati, zehni va estetik didi torlarini chertadi, eʼzozlaydi. Xuddi shunga oʻxshash “bir jumla kayfiyati” Xoliyor Safarov (“Haydar bobo”. “Yoshlik”, 5-son), Muhabbat Toʻxtasheva (“Yechim”. “OʻzAS”, 5 mart) hikoyalarida ham uchraydi.

Luqmon Boʻrixonning “Tun qaʼridagi shuʼla” (“OʻzAS”, 1 oktyabr), Zulfiya Qurolboy qizining “Ayol” (“OʻzAS”, 14 mart) va “Koʻlanka” hikoyalarini (“Tafakkur”, 4-son) yil kashfiyotlari sifatida taʼkidlash mumkin. “Ayol va ilon” hamda “Shabnam soyasidagi muhabbat” (“OʻzAS”, 22 oktyabr) hikoyalarining mualliflari Abdunabi Hamro va Hamroxon Musulmonova ijodlariga nisbatan oʻquvchining qalbida iliq harorat va umid, ishonch tugʻiladi. Shu bilan bir vaqtda, Sherzod Komil Xalil, Shirin Soburova, Dilafroʻz Pirimqulova, Hasan Manzur, Muyassar Tilovova, Karimabegim, Salim Abdurahmon, Oʻzbektosh Qilichbek, Sevara Baxtiyor qizi, Keldiyor Toʻliyev, Muattar Barotova, Ilmira Jumaniyozova, Gulshod Aytboy qizi, Azamat Qorjovov, Baxtiyor Abdugʻafur singari oʻnlab yosh hikoyanavislarimiz havaskorlik darajasidan professionallik maqomiga koʻtarilish istagida qalam tebratayotganliklari hikoyachiligimiz ixlosmandlarini quvontiradi, albatta.

Bir soʻz bilan aytganda, hozirgi oʻzbek hikoyachiligimizning eng sara namunalari timsolida ramziylikka, mushohadakorlikka, falsafiy majozga, polifonik tasvirlashga moyillik tendensiya tusini olayotganini yaqqol kuzatish mumkin. Vazmin va batafsil tasvir uslubi koʻzga tashlanmoqda. Konflikt, ziddiyat zohirdan botinga koʻchmoqda. Muallifining badiiy mahorati darajasidan birmuncha past saviyada yaratilgan hikoyalar ham yoʻq emas. Ayni vaqtda, hali professionallikdan yiroq, badiiy soʻz qudrati va jozibasini his etmaslik, hayot haqiqati va badiiy haqiqat uygʻunligini farqlay bilmaslik, syujet qurilishida yasamaliklar, zoʻrakiliklar ham uchraydiki, bularning bari birgalikda hozirgi oʻzbek hikoyanavisligimiz manzaralarini tashkil etadi. Zero, shular singari yutuqlar, izlanishlar harakatdagi adabiy jarayon uchun tabiiy holat hisoblanadi.

 

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

 

“Sharq yulduzi”, 2011–4

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/hikoyalarda-hayot-va-xayol-haqiqati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x